Buxoro davlat pedagogika instituti n. A. Baxriyeva umumiy psixologiya
Download 2.5 Mb. Pdf ko'rish
|
Umumiy psixologiya
predmetligi obyektivlash deb atalgan vaqtda, ya’ni tashqi olamdan
olingan ma’lumotlarni shu olamning o‘ziga qaratishda ifodalanadi. Idrokning predmetliligi tug‘ma sifat hisoblanmaydi. Subyektga olamning predmetligini ochib berishni ta’minlaydigan ma’lum 81 harakatlar sistemasi mavjuddir. Pedmetlilik idrokning sifati tarzida ish-harakatlarni boshqarishda alohida rol o‘ynaydi. Tashqi olamdan olingan ma’lumotlarni ana shu olamning o‘ziga solishtirib ko‘rish idrok obrazining real predmetlarga adekvat (mos) ekanligini nazorat qilishni ta’minlaydi. Idrokning yana boshqa xususiyati uning yaxlitligidir. Idrok sezgi a’zolariga ta’sir qiluvchi narsalarning ayrim xususiyatlarini aks ettiruvchi sezgilardan farq qilib, narsalarning yaxlit obrazidir. O‘z- o‘zidan ravshanki, bu yaxlit obraz har xil modeldagi sezgilar orqali olingan narsalarning ayrim xususiyat va sifatlari haqidagi bilimlarni umumlashtirish asosida vujudga keladi. Idrokning yaxlitligi uning ma’lum tartibda tuzilganligi bilan bog‘liqdir. Idrokning yaxlitligi va ma’lum tartibda tuzilganligining manbai, bir tomondan, odamning narsalar bilan amalga oshiradigan faoliyatidir. I.M.Sechenov idrokning yaxlitligi va ma’lum tartibda tuzilganligi analizatorlar reflektor faoliyatining natijasidir deb ta’kidlagan edi. Idrokning yana bir xususiyati konstantligidir. Idrokning konstantligi deganda biz idrok qilish natijasida ongimizda hosil bo‘lgan obrazning real voqelikdagi bizga ta’sir etib turgan narsaning tabiiy holatiga har jihatdan mos, ya’ni teng bo‘lishini ta’minlaydi. Idrokning yana bir xususiyati kuzatuvchanlik bo‘lib, biz idrokning ixtiyoriy turi bilan bog‘liq bo‘lgan maxsus kuzata bilish qobiliyatini tushunamiz. Kuzatuvchanlik qobiliyati deb, oldindan belgilangan aniq maqsad asosida sistemali tarzda kuzatishga aytiladi. Illyuziya shu lahzalarda shaxsning sezgi a’zolariga ta’sir etib turgan biror narsani yanglish, noto‘g‘ri idrok qilish jarayoni bo‘lsa, gallyutsinatsiya yo‘q, mavjud emas narsalarni «tashqi taassurotsiz» idrok qilinishidir. Masalan, yo‘q narsalarning ko‘zga bordek ko‘rinishi, yo‘q ovozlarning quloqqa eshitilishi, yo‘q hidlarning dimoqqa urilishi va hokazolar gallyutsinatsiyaning mahsuli bo‘lib hisoblanadi. Gallyutsinatsiya shaxsning biror narsa va holatni ko‘rgandek, eshitgandek, ushlagandek, hid bilgandek kabi tasavvurlarning aks etishidir, xolos. Gallyutsinatsiya hodisasi ko‘pincha kasallikdan (isitma, alahlashdan) darak beruvchi alomatdir, u nerv sistemasini buzadigan kasalliklar oqibatida ro‘y berishi mumkin. 82 Gallyutsinatsiya - yo‘q narsalarni tashqi ta’sirotsiz idrok qilishdir. Yo‘q narsaning ko‘zga bor bo‘lib ko‘rinishi, yo‘q ovozning quloqqa eshitilishi gallyutsinatsiyadir. Idrokni sezgilarga nisbatan yana bir murakkab tomoni shundaki, har bir predmet, voqea va hodisa moddiy borliq formasi bo‘lgan makon va zamon bilan bog‘liq holda qabul qilinadi. Chunonchi, moddiy borliqda mavjud bo‘lib, odam tomonidan idrok qilinayotgan narsa va hodisalar hamda vaqt makon va zamon jihatidan bir-biri bilan bog‘liq bo‘ladi. Demak, odam har bir predmetni idrok qilganda, uning fazodagi formasini (kub, uchburchak, doira), katta-kichikligini (katta, kichik, mayda), munosabatlarini (boshqa predmetlarga va idrok qiluvchiga nisbatan) hisobga oladi. Ikkinchidan, har bir predmet idrok qilinganda uning paydo bo‘lish va o‘zgarib borish jarayonlariga e’tibor beriladi. Attraksiya insonni (o‘zi bilan o‘zga o‘rtasidagi munosabatda namoyon bo‘lib) o‘ziga mahliyo qilish, qalbni «jiz» ettirishdan iborat, ongsizlikka taalluqli insonni inson tomonidan idrok qilish hodisasidir. Bu hodisa bir qancha manbalar, qo‘zg‘atuvchilar, motivlar ta’sirida vujudga keladi, jumladan: 1) dastlabki tashqi ko‘rinish, istarasining issiqligi; 2) subyektga nisbatan rishtasiz bog‘lanib qolishlik, ongsizlik darajasidagi anglashilmagan ichki noaniq moyillik; 3) shaxslarning xarakteridagi o‘xshashlikning mavjudligi; 4) sheriklarning muomala maromidagi yaqinlik va boshqalar. Psixologiya fanida juda kam tadqiq qilingan idrok fenomenlaridan bittasi — bu yaqqol ko‘rinish deb atalib, voqelik, holat, hodisa va tasodifni yaqqol oldindan ko‘rish, yaqqol g‘oyiblardan xabar kelish (olish) singari parapsixologik muammodir. Faqat ayrim hollardagi yaqqol ko‘rinishning aniq ilmiy hisoblashlarga asoslangan mahsuli namoyon bo‘lishi mumkin, xolos. Aksariyat vaziyatlarda yaqqol ko‘rishlik bilish subyektining shaxsiy xayoloti, o‘zgalarning diqqatini tortishiga, jalb qilishga aloqador hissiy kechinmalardan boshqa narsa bo‘lmasdan, uning yaqqollilik ehtimoli darajasi juda pastdir. Biroq shu narsani rad etmaslik kerakki, ayrim allomalarning bashoratlari, yaqqol oldindan ko‘rish imkonning yuksakligi, aniqligi kishini hanuzgacha hayajonga soladi. 83 Idrokning muhim tomonlaridan biri uning xususiyatlarini turli jabhalar, vaziyatlar va sharoitlarda namoyon bo‘lishidir. Idrokiing muhim xususiyatlaridan biri — bu faol ravishda bevosita aks ettirish imkoniyatining mavjudligidir. Odatda, insonning idrok qilish faoliyati uning o‘zlashtirilgan bilimlari, to‘plangan tajribalari, shuningdek, murakkab analitik, sintetik harakatlar tizimi zamirida yuzaga keladi. Bu holat idrok qilinishi zarur bo‘lgan o‘quv fani mohiyatiga bog‘liq ilmiy faraz yaratish, uni amalga oshirish borasida qaror qabul qilish yaqqol voqelik bilan tasavvur qilinayotgan ishning o‘zaro mosligini aniqlash singari bosqichma-bosqich o‘zaro bir-birini taqozo etuvchi tarkibiy qismlardan iboratdir. Idrokning yana bir muhim xususiyati uning umumlashgan holda narsa va hodisalarning aks ettirishidir. Ma’lumki, inson psixikasiga kirib borayotgan ko‘pqirrali ko‘pyoqlama alomatlardan idrok qilish bilan cheklanib, chegaralanib qolmasdan, balki o‘sha majmua aniq jism yoki hodisa sifatida baholanadi. Jismlarning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilash bilan qanoat hosil qilmasdan, balki mazkur narsalarni ma’lum ma’noviy qismlarga ajratadi. Jumladan, «soat», «bino», «hayvonot» va hokazo. Idrokning navbatdagi xususiyati uning harakatchanligi va boshqaruvchanligidir. Masalan, toshko‘mir yorug‘likda yog‘du sochadi, oq qog‘ozdan ko‘proq nur balqiydi. Lekin inson bu narsalarni «qora» va «oq» deb idrok qiladi, vujudga kelgan bevosita subyektiv taassurotlarga nisbatan o‘zgartishlar, tuzatishlar kiritadi. Chunki idrok jarayoni inson oldida turgan maqsadga, maqsad qo‘ya olishga, unga berilgan ustanovkaga (ongli, ixtiyoriy ko‘rsatmaga) uzviy bog‘liq holda irodaviy boshqarilish xususiyatiga egadir. Shuning uchun insonni idrok qilish (perseptiv) faoliyatida ongli boshqariluv imkoniyati mavjud bo‘lib, analitik, sintetik, harakatlar negizida verbal orqali amalga oshiriladi. Yuqoridagi xususiyatlarning barchasi insonning yosh xususiyatlariga, aqliy kamolotiga, tajribasiga, bilim saviyasiga bog‘liqdir. Lekin to‘g‘ri (adekvat) idrok qilish uchun ma’lum shart- sharoitlar muhayyo bo‘lmog‘i lozim: 1) subyektning aks ettirilishi zarur bo‘lgan narsalar yuzasidan avvalgi uquvi, tasavvurlarining ko‘lami, ularning kengligi, chuqurligi; 2) mazkur jism voqelik, muammo o‘rganilishi bilan bog‘liq bo‘lgan maqsad qo‘ya olish; 3) 84 perseptiv faoliyatning faolligi, izchilligi va tanqidiy xususiyati; 4) idrok qilish faoliyati tarkibiga kiruvchi faol hatti-harakatlarning saqlanishi, ularning o‘zaro uyg‘unligi. Muayyan sharoitda shaxs tomonidan idrok qilinadigan narsa yoki jism idrokning obyekti deb ataladi. Idrok qilinadigan narsa uni o‘rab turgan boshqa narsa jism yoki hodisalarga nisbatan obyekt hisoblanib, obyektning atrofdagilari esa fon deyiladi. Idrokning sifati obyektning fondan tez to‘liq va aniq ajratib olish bilan belgilanadi. Idrok qo‘zg‘atuvchilarining ayrim xususiyatlarini aks ettiruvchi sezgilardan farq qilib, narsani butunligicha, yaxlitligicha uning hamma xususiyatlari bilan birga aks ettiradi. Shuning uchun idrok ayrim sezgilarning oddiy yig‘indisidan iboratdir, degan xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Idrok o‘ziga xos tuzilishga ega bo‘lgan hissiy bilishning sifat jihatdan yangi yuksakroq bosqichidir. Idrok jarayonlarining faolliligimizga, obyektga munosabatimizga bevosita bog‘liqligini ko‘rsatib turibdi. Ikkinchidan, idrok bizning kayfiyatimizga ham bog‘liq. Yuqoridagilardan kelib chiqib, shaxs idrok qilish jarayonlariga xos bo‘lgan bir nechta qonuniyatlarini belgilaymiz. A) figura va fonning ilgarigi harakatga bog‘liqligi qonuni. Bu qonunning ma’nosi: odam ilgarigi tajribasida bo‘lgan, bevosita to‘qnash kelgan narsalarini idrok qilishga moyil bo‘ladi. Agar biror predmetni u ilgari figura sifatida idrok qilgan bo‘lsa, demak, keyingi safar ham uni aynan figuraday idrok qiladi, agar fon bo‘lgan bo‘lsa, tabiiy, fon kabi qabul qiladi. Bu qonunning hayotdagi o‘rni chet davlatlarga borgan turistlar tajribasiga tayanib tushuntirilishi mumkin. O‘zbekistonliklar yer kurrasining qaysi burchagida bo‘lmasin o‘zbek do‘ppisi yoki atlas ko‘ylakni juda tez ilg‘ab oladilar va suyunib ketadilar ham. Yonidagi sheriklari o‘zbek bo‘lsa ham, aynan do‘ppili o‘zbekni ko‘rib, ko‘zlari yashnab ketadi. Boshqa millat vakillari, masalan, nigeriyalik ham milliy ko‘ylagida turgan bo‘lishi mumkin, lekin o‘zbek turist uchun bu kiyim fon edi, fonligicha qoladi ham. B) Idrokning konstantligida, ularni o‘zimiz «to‘g‘rilab» alohida predmetlar sifatida idrok qilaveramiz. Demak, idrokimizning konstantligi, ya’ni ilgarigi tajriba asosida narsalarning xossa va xususiyatlarini o‘zgartirmay, turgun holda yaxlit 85 tarzda idrok qilish xususiyati bizga tashqi muhitda to‘g‘ri moslashuvimiz, narsalar dunyosida adashmasligimizni ta’minlaydi. Konstantlik – «konstanta» so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zgarmas, doimiy degan ma’noni bildiradi. V) Kutishlar va taxminlarning idrokka ta’siri. Ko‘pincha bizning idrokimiz ayni paytda biz nimalarni kutayotganimizga bog‘liq bo‘lib qoladi. Biz ozimiz kutganda ham ko‘p paytlarda o‘zimiz ko‘rgimiz kelgan narsalarni ko‘ramiz, eshitgimiz kelgan narsani eshitamiz. Masalan, sonlar qatorida paydo bo‘lgan V harfi uzoqdan albatta 13 soni kabi idrok qilinadi, yoki aksincha, harflar orasidagi 13 «v» ga o‘xshaydi. Kechasi yolg‘iz qolib kimnidir kutayotgan bo‘lsangiz, har qanday juda sekin sharpa ham oyoq tovushlariga o‘xshayveradi. Sog‘ingan do‘stingizga biror jihati bilan o‘xshash bo‘lgan odamni ko‘rsangiz-chi. Shunday qilib, inson idroki shaxsiy ma’no va ahamiyat kasb etgan ma’lumot vositasida ongdagi bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qiladi. Birovning orqadan chaqirishini kutayotgan bo‘lsangiz, negadir, albatta, bosh harfi to‘g‘ri kelgan ismni aytsa ham tezgina o‘sha tomonga o‘girilib qaraymiz. Aynan shunday hodisalar ba’zan idrokdagi xatoliklarning kelib chiqishiga olib keladi. G) O‘zgarmas ma’lumotning idrok qilinmasligi qonuni. Bu qonunning mohiyati shundaki, muntazam ta’sir etuvchi ma’lumot ongda uzoq ushlab turilmaydi. Masalan, o‘tirganningizda soatning chiqillashini eshitganmisiz, tovush eshitiladi, lekin ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng go‘yoki u yo‘q bo‘lib qolganday – eshitilmaydi. Yoki eksperiment sharoitida yolg‘iz bitta nuqtadagi yorug‘lik manbai ko‘ziga ta’sir etilib, ko‘z ham shu nuqta bilan bir vaqtda harakatga keltirib turilganda, 1-3 sekunddan so‘ng odam yorug‘lik manbaini ko‘rmay qo‘ygandek. Shunga o‘xshash eksperimentlar barcha idrok turlarida ham sinalgan. Past ohangli kuy ham ma’lum vaqtdan keyin eshitmagandek hisni keltirib chiqarishini sinab ko‘rishingiz mumkin. D) Anglanganlik qonuni. Idrok qilayotgan shaxs uchun figuraning anglanganligi, uning zarurati va ma’nosi katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Agar biz kuzatayotgan predmet, eshitayotgan nutq yoki his qilayotgan narsamiz ma’nosiz, tushunarsiz, noaniq bo‘lsa, biz juda tez charchaymiz va toliqamiz. Masalan, xitoy tilini bilmaydigan odam shu tilda so‘zlashuvchilar orasiga tushib qolsa, psixologik jihatdan juda qiynaladi. Ya’ni, bizga barcha narsalarda biror ma’no va mazmun 86 kerak. Odam, odatda, tushunadigan narsasinigina idrok qiladi. Hattoki, ma’ruzachining butun tushuntirayotgan ma’ruzasidagi faktlar sizning tushunchalariningiz va bilim doirangizdan uzoq bo‘lsa, professorga qarab o‘tirgan bo‘lsangiz ham uning gaplari qulog‘ingizga kirmaydi. Y) Taxminlarni tekshirish jarayonida idrok qilish. Biz idrok jarayonida ilgarigi tajribaga tayanganimiz bilan ko‘pincha adashamiz, ba’zan esa o‘zimiz uni yangiliklar ochib, tajribani yanada boyitamiz. Ilgarigi tajriba va kelajakni bashorat qilish insonga xos xususiyat bo‘lib, bizning sezgi a’zolarimiz orqali keladigan ma’lumotlarning ko‘lami va imkoniyatlarini yanada oshiradi. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, idrok tashqi muhit to‘g‘risidagi taxminlarimizni isbot qilishga qaratilgan faol jarayondir. Download 2.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling