Buxoro davlat universiteti kurbonova firuza azamatjonovnaning komil sindarov va skot turovning ijodi


O’zbek adabiyotida detektiv janri taraqqiyoti


Download 89.77 Kb.
bet9/13
Sana21.04.2023
Hajmi89.77 Kb.
#1375178
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
Bog'liq
08.04.2023

1.2 O’zbek adabiyotida detektiv janri taraqqiyoti

Adabiyot – qutlugʻ maskan. Bu muqaddas dargohga qadam bosgan har bir kishi koʻngil mayliga quloq tutadi, inson deb atalmish koʻhna mavjudotning ruhiy olamini oʻrganishga, o`z fikrlarini badiiy ifodalashga harakat qiladi. Oʻzbеk adabiy nasrining ХХ asrdagi taraqqiyot bosqichlarida rеal hayot bilan rеalistik tasvir munosabati baʼzan bir-biriga mushtarak, goho nomutanosib tarzda kеchganligi kuzatilgan. Murakkab bu tarixiy jarayonda ayrim tеmatik yoʻnalishlarning, xususan, oʻzbеk dеtеktivining katta–kichik tajribalari, muammolari mavjudki, ular oʻzbеk adabiyotshunosligida dеyarli tahlilga tortilmagan va ilmiy tadqiq etilmagan. Oʻzbеk dеtеktiv adabiyotining rivojlanish jarayonida uzoq yillar davom etgan ijodiy sustlik sobiq totolitar tuzumning siyosati, shaxsiy mafkurasi tamoyillariga bogʻliq tarzda sodir etilganligi bor haqiqat ekanligi hech kimga sir emas. Ayni davrda bu boradagi sеzilarli muvaffaqiyatlarning jamiyatdagi, adabiy tafakkurdagi va rеal hayotdagi yangilanishlar bilan, mustaqillik va istiqlol nеʼmatlari bilan uygʻun kеchayotganligi ham haqiqat.


Shoʼro davrida detektiv adabiyotning rivojlanishiga maʼlum maʼnoda ruxsat berilmagan boʼlsa-da, bu janrning jahon adabiyotidagi yetuk namunalari turli tilltga, avvalo rus tiliga, undan boshqa tillarga tarjima qilinib, nashr etilgan. Bundan koʼzda tutilgan asosiy maqsad shu bo`lganki, detektiv adabiyot rivojiga turtki berish emas, aksincha, ularda tasvirlangan jinoyat olami illatlari oʼgʼrilik, , talonchilik, razolatning faqat kapitalistik tuzumga, burjua mamlakatlari hayotiga xosligini koʼrsatish va sosialistik davlatda bunday illatlar butunlay ildizi bilan yoʼqotib yuborilganligini taʼkidlash edi, xolos. Hatto, oʼsha davrlarda chop etilgan yirik lugʼatlarda ham “detektiv adabiyot” atamasiga “burjua adabiyotiga xos tur” deya izoh berilgan8. Keyinchalik yozuvchilarning deyarli bir yerda “depsinib turgan” oʼzbek detektiv adabiyoti rivojiga maʼsulligi aniq-tiniq koʼzga tashlana bordi. Shuningdek, kitobxonlarning bu turkumdagi asarlar mutolaasiga boʼlgan qiziqishi ham kundan kunga kuchayib borardi. Shunday ekan, kundalik hayotdagi turli jinoyatu illatlarning fosh qilinishi, shuningdek, ularni bartaraf etish borasidagi toʼsiqlardan mosuvo boʼlishning oʼziga xos jihatlarini badiiy talqin etuvchi asarlarga boʼlgan intilish kuchayib bordi. Afsuski, oʼzbek detektiv janrining shakllanishi, taraqqiyot xususiyatlari, oʼziga xos adabiynazariy muammolari adabiyotshunoslik ilmida alohida va maxsus oʼrganilmadi. Turli yillarda yaratilgan detektiv adabiyotga mansub boʼlgan asarlar koʼproq boshqa jihatlariga koʼra tahlilga tortilib, oʼzbek detektiv adabiyotining rivojlanishi, istiqlol davridagi oʼzgarishlari va izlanishlar samarasi sifatida keng qamrovli epik asarlar, shuningdek, bu sohadagi muayyan ijod yuzasidan yaxlit, fundamental tadqiqotlar deyarli yaratilmadi. Holbuki, bunday yoʼnalishdagi ilmiy ishlarga jiddiy asoslar, salmoqli manbalar va ehtiyojlar azaldan mavjud edi.
Taʼbir joiz boʼlsa, bundan qariyib yigirma yillar muqaddam adabiyotshunosligimizda detektivga nisbatan jadal rivojlanish jarayoni sodir boʼldi. Chunonchi, 2001 yili “Hozirgi oʼzbek detektiv adabiyotining taraqqiyot xususiyatlari” (T. Irisboev)9, 2002 yilda esa “Oʼzbek detektiv nasri: genezisi va tabiati” (Sh. Sulaymonov)10 mavzularida nomzodlik dissertasiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi. Bir qator adabiyotshunos olimlar: U.Normatov, A.Ulugʼov, H.Karimov, T.Shermurodov, K.Turdieva, I.Mirzaev, M.Mansurlarning ilmiy maqolalari, taqriz va fikrmulohazalari eʼlon qilindi11.
Detektiv adabiyotni baʼzi adabiyotshunoslar faqat oldi-qochdi harakatlardan iborat yoʻnalish deb aytadilar. Ammo bu fikr xato ekanligini isbotlovchi bir nechta asarlar yaratilganki , ular detektiv janr namunasi boʻlish bilan birga, chuqur falsafiy gʻoyalarni ham targʻib qiladi. Chunonchi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Omon Muxtor: “Sarguzasht, detektiv tushunchasi bilan “yengil asarlar” degan bahoni yonma-yon qoʻyish ham oʻrinsiz. O`zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning birqator asarlari, Tohir Malikning “Shaytanat” yoki Said Ravshanning “Qironcha” asarini qiziqib oʻqiysan. “Ularni umri qisqa, tezda unutilib ketadi” deyolmaysan, ayrimlari oʻn yil, yigirma yil, ayrimlari yarim asrdan buyon yashayapti. Oʻquvchiga bahramandlikdan tashqari, maʼnaviy-ruhiy oziq ham berayapti” deya qayd etgan.12
“Yozuvchi va tarjimon Ulug`bek Hamdam bilan “Adabiyot – muqaddas dargoh…” nomli suhbatda adabiyotshunos olim “detektiv adabiyotning ilk unsurlari xalq ogʻzaki ijodida” ekanligini taʼkidlab, “keyingi bosqichda o`zbek romanchilik asoschisi Abdulla Qodiriy folklordagi detektiv unsurlarini yozma adabiyotga olib kirdi va mashhur “Oʻtkan kunlar” asarini yaratgan” ligini eʼtirof etadi”13.Demak, detektiv adabiyot kecha yoki bugun namoyon bo`lib, shuhrat qozongan hodisa emasligiga ishonch hosil qildik. Gʻarb adabiyotidan kam boʻlmagan tafakkur darajasiga ega ajdodlarimiz yaratgan badiiy asarlarda, yaʼni baʼzi doston va ertaklarda aybdorlarni qidirish, jazolash jarayonlari bilan bogʻliq oʻzlarining ilk g`oyalarini bayon qilganlar.Xalq og`zaki ijodimizdagi “Alpomish”, “Kuntugʻmish”,”Ravshan” dostonlari, “Uch ogʻa-ini botirlar”dek bir qancha ertaklarda qahramonlarning yovuz illatlarga, yomonliklarga qarshi kurashlari tasvirlanadi. Quyidagi havola orqali “Alpomish” dostonidagi detektiv unsurlari mavjud boʻlgan parchalarni tahliliga nazar solsak: “Alpomish Qalmoq eli shohining zindonidan qutilib kelgach, Qultoy bilan topishgandan soʻng “Qani, bobo, elda qanday gap bor?” – deydi. Qultoy aytadi: “Ultontoz toʻy berib, xotiningni olmoqchin boʻlib, yotir. Endi borib oʻldira berasan-da…” Shunda Alpomish: “Bobo, siz men boʻlib boring, men siz boʻlib borayin, kim doʻst, kim dushman oʻz koʻzim bilan koʻrayin, birovning chorigʻiga birov toyib, oʻlib ketmasin” deydi. Bu suhbatdan soʻng ikkalasi bir-birining liboslarini kiyishib, birovning hayoliga kelmaydigan holatda, toʻyga kirib borishadi.Hakimbekning niyati esa detektiv asarlardan ma`lum bo`lgan izquvarlar rejasini esga soladi. Izquvar timsoli detektivning asosiy obrazi ekanligi va rejasi amalga oshguncha u jinoyatchiga koʻrinishi mumkin emasligiga asoslanib, mazkur dostonda detektiv unsurlari mavjudligiga amin boʻldik. Chunonchi , bu parchada detektivning asosiy mazmuni haqiqatni qidirish, degan qarashlarga mos jumlalarni ham uchratamiz. Yaʼni “birovning chorigʻiga birov toyib, oʻlib ketmasligi” va adolat oʻrnatilishi uchun Alpomish birovga oʻzini tanitmasdan, yashirin tarzda harakat qiladi. Uyiga Qultoy qiyofasida qaytgach, yuz bergan nohaqliklar, parokanda boʻlgan oilasini koʻrib, tushkunlikka tushadi. Bir so`z bilan aytganda, dalada biya boqayotgan singlisini, ariq boʻyida tuyoq tozalab oʻtirgan onasini, meshda suv tashiyotgan otasini, zolimlarning qoʻlida xoʻrlanayotgan yolgʻiz farzandi Yodgorni va noilojlikdan Ultontozga turmushga chiqayotgan sevikli yori Barchinoyni koʻrgach, tezda ularni bagʻriga bosgisi, yordam bergisi keladi. Lekin shu kabi vaziyatlarda ham u oʻzidagi izquvarlarga xos jihatlardan biri qatʼiyat va vazminlikni koʻrsatadi. Haqiqatni yuzaga chiqarish uchun maxfiy ish qilishi kerakligini eslaydi.
Demak bundan ko`rinib turibtiki, ming yillar avval ham izquvar obrazi va detektiv elementlari mavjud boʻlgan. Izlanishlarimiz davomida detektiv unsurlari hattoki mumtoz adabiyotimiz namunalarida ham uchratdik.Jumladan, Alisher Navoiy “Xamsa”si tarkibidagi dostonlarda ham detektiv unsurlari uchrar ekan.. “Xamsa” asarining toʻrtinchi dostoni boʻlmish “Sabʼai sayyor”da ana shu unsurlardan ham foydalanilgani ham hech kimga sir emas. Beshinchi iqlim yoʻlidan keltirilgan musofirning “Jobir, Suhayl va Mehr haqidagi dostoni”da Jobir jinoyatchi, Mehr jabrlanuvchi, Suhayl esa izquvar timsolida gavdalantiriladi. Jobir turlinayranglar ishlatib odamlarni asir etadi, ismi ham “jabrlovchi, zolim” degan maʼnolarni anglatadi.Holbuki, Alisher Navoiy detektiv asar yaratishni oʻylamagan. Aksincha ,Dunyoda hech bir jinoyat jazosiz qolmasligini aytmoqchi boʻlgan.
Detektiv asarlarda ham koʻplab badiiy asarlardagi kabi uchlik boʻladi. Lekin bu uchlik muhabbat uchburchagi emas, balki jinoyatchi – jabrlanuvchi – izquvar, baʼzi hollarda esa, jabrlanuvchi umuman ishtirok etmaydi va izquvar – jinoyatchi – politsiya xodimlari tarzida harakat olib boriladi. Jobir – Mehr – Suhayl uchligi ham birinchi turdagi harakatga misol boʻla oladi. Chunki voqealar Mehrning yashirincha asir olinganidan boshlanadi. Demak, Mehr jabrlanuvchiga aylandi. Suhayl esa taqdir taqozosi bilan adolat oʻrnatuvchi xaloskorga, izquvarga aylandi.
Odatda, izquvar sifatida har xil insonlar: huquqni himoya qilish idoralarida ishlovchilar, yollangan detektivlar, qarindoshlar, doʻstlar, jabrlanuvchining tanishlari, baʼzan esa mutlaqo notanish odamlar olinishi mumkin. Mana shuning uchun ham, Navoiy oʻta ziyraklik bilan Suhaylni tanlagan . Chunki, u ham qarindosh, ham jabrlanuvchining tanishi, ham doʻsti sifatida koʻrsata oldi. Demak, xalq ogʻzaki ijodi bilan bir qatorda, mumtoz asarlarimiz ham oʻzbek milliy detektivining shakllanishida muhim omil boʻlib xizmat qilgan.
Darhaqiqat, bu dunyoda insoniyat yaralibdiki, yaxshilik va ezgulik bilan mushtarak holda yovuzlik, jinoyatchilik kabi illatlar ham yonma-yon bo`lgan, lekin keyingi davrlardagiday taraqqiy etmagan. Keyingi bosqichda ogʻzaki ijoddagi detektiv unsurlarini yozuvchi Abdulla Qodiriy mahorat bilan yozma ijodga olib kirdi, natijada esa haligacha olimlarni lol qoldirayotgan ulkan adabiy yodgorlik – “Oʻtkan kunlar” paydo boʻldi. Asarda Homidning jinoyatlarini fosh qilish uchun Otabekning nihoyatda puxtalik bilan harakat qilishi jahon detektiv adabiyotidagi izquvarlarni yodga soladi.Aynan mana shu asar bilan keyingi detektiv asar yaratilgunga qadar oradan bir necha oʻn yillar oʻtdi.
A. Qodiriydan keyin qariyb 60-yillargacha bu yoʻnalishda asar yaratilmadi. Ammo 60-yillar boshida adabiyotshunoslikda detektiv janrida vulqon portladi, yaʼni detektivnavis Iskandar Qalandarovning “Shohidamas, bargida…” qissasini ommaga taqdim etdi.. Bu asarning yangi janrdagi birinchi urinishlardanligi diqqatga sazovor edi. Muallif oʻz koʻrgan-kechirganlarini, bilgan-eshitganlarini qiziqarli hikoya qiladi, kitobxonlarni militsiya xodimlarining jasorati, oʻz ishiga sadoqatiyu o`grilik, qalloblik va yana bir qancha murakkab og`ir jinoyatlarni ochishda qay tarzda ish olib borishlari bilan tanishtiradi. Asar jamiyatning “tovlamachilari” qilmishlarini keskin fosh etishga qaratilgan boʼlib, unda oʼgʼrilik, zoʼravonlik, qotillik, qallobliklar badiiy talqin etiladi.Biroq asar oʼsha davr mafkurasining jiddiy eʼtiroziga sabab boʼldi va keskin tanqidga uchradi. Yozuvchi sovet voqeligiga yot narsalarni tasvirlashda, mayda va onda-sonda boʼladigan hodisalarni tipiklashtirib talqin etishda ayblandi. Masalan , adabiyotshunos Sobir Mirvaliev yozuvchini “shoʼro voqeligiga yot asar” yozganligi, “hayotimiz uchun tipik boʼlmagan narsalarni umumlashtirish ketidan quvgan”ligi, milisiya xodimlari va sovet kishilarini shunday jinoyatlar sodir boʼlishiga yoʼl qoʼyib bergan “merov, lapashang” kishilar sifatida tasvirlaganligi uchun qattiq tanqid ostida qoldi. Haqiqatdan ham, mazkur qissani nuqsonu kamchiliklardan butunlay holi asar sifatida aytish ham u qadar to`g`ri emas. Uning syujetida gʼoyaviy-badiiy maqsadga toʼliq xizmat qila olmagan voqea-epizodlar, ichki tarkibida esa mavhum boʼshliq mavjud. Ruhiyatiga chuqur kirib borsak, bor fojiasi bilan tasvirlanishi kutilgan qahramonlarning maʼnaviy dunyosiga yozuvchi yetarli eʼtibor qarata olmaydi. Badiiy mahoratning tarqoqligi uslubda ham, asar tilida ham sezilib turadi. Shunday bo`lsa hamki, keyingi yillarda ham detektiv asar namunalarini yaratishga intilishlar kuzatildi.
70-yillarga kelib, bu janr haqida chuqurroq his qilgan yozuvchi adiblardan biri Oʻlmas Umarbekovning detektiv ruhdagi asarlari detektiv janr taraqqiyotiga huda katta hissa qo`shdi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik eʼtirof etganday, “Oʻlmas Umarbekovni zamonaviy oʻzbek detektiv adabiyotining asoschilaridan biri deb atash ham oʻrinli. Oʻlmas akaning Qoʻqon teatri sahnasida qoʻyilgan birinchi sahna asarlari – “Sud”, “Yoz yomgʻiri” qissalari zamonaviy detektiv tarzida yozilgan dastlabki asarlardan biri edi”14. Haqiqatdan ham, Oʻ. Umarbekovning bu kabi asarlari oʻzbek adabiyotida detektiv janrining shakllanishida juda kata rol o`ynadi. Adibning “Fotima va Zuhra” romanida ham ushbu janr unsurlari yetakchilik qilgan. Adib jahon detektiv adabiyoti namunalari qatoriga oʻzbek detektiv janriga izquvar ayoli obrazini olib kirdi. Chunki oʻsha vaqtda jahon detektiv adabiyotida izquvarlar asosan erkak olib borgan. Izquvarlik, ishni ochish detektiv asarning birinchi xususiyati ekanligini hisobga olsak, Zuhra hatto ichki ishlar xodimlari ochishga qiynalayotgan jinoyatlarni fosh etib, bir nechtasini hatto jazolashga ham muvaffaq bo`ldi. Demak, u – izquvar obrazida. Izquvar ayol obrazini adabiy qolipga qo`yishda yozuvchi milliy xosligimiz chegarasidan chiqmagan holda ulkan yangilikni amalga oshirgan. Keyinchalik bu janr haqidayana bir yozuvchi – Tohir Malikning “Shaytanat” asari chinakam oʻzbekona milliy detektiv janr mevasi yaratilganidan xabar berdi. O`sha davrda keng qamrovli ijodiy jarayonlarning mevasi sifatida ushbu asar oʼzbek detektiv nasrining yetakchi namunasi sifatida paydo boʼldi. Syujet rishtasining tarangligi, voqealar koʼlamining keng va chuqur, murakkab va ziddiyatliligi, badiiy salmogʼi, qahramonlarining koʼp va rang-barangligi, voqea, mazmun va gʼoyasining serqatlamliligi, muhimi, milliyligi va sharqona maʼrifiy-didaktik yoʼnalishi bilan “Shaytanat” oʼzigacha yaratilgan detektiv asarlardan ajralib turadi. U oʼzbek adabiyotida bu boradagi bor tajribalarni umumlashtirgan asar sifatida kirib keldi va tez fursatda katta muvoffaqiyat qozondi. Demak, “Shaytanat” bitilgan davrda bu asardek keng oʼquvchilar diqqat eʼtiborini oʼziga tortgan boshqa bir asar hamda Tohir Malikdek shuhrat choʼqqisiga koʼtarilgan boshqa bir adib boʼlmagan. Ijodkor yozuvchi Togʼay Murod ana shu jihatlarga xolisona munosabat bildirib: “bugungi kunda uloq Tohir Malikda ketdi” deya aytgan edi. Eng muhimi, adabiy va ilmiy jamoatchilik, keng oʼquvchilar ommasi asarni katta qiziqish bilan kutib oldi. “Shaytanat” asari adib ijodininggina emas, oʼzbek adabiyotining yangi davrdagi, yangicha yoʼnalishdagi muvaffaqiyati deya eʼtirof etildi. Mazkur hajmli, koʼp kitobli qissaga sifatida yaratilgan oʼzbek detektiv asarlarida jinoyatchilikning tasviri asosan maʼlum bir jinoyat yohud qotillik va uning fosh etilishi asosida amalga oshirilar edi. Tohir Malik badiiy mahoratining oʼziga xosligi shundaki, u asar markaziga jinoyatchi toʼdalar tasvirini tasvirlagan. Turmush voqeligini mohirona tarzda aks ettirdi. Asarda turli maslakdagi qahramonlar barobar harakat qiladi. Yozuvchi har guruhdagi muhim qahramonlarning xatti–harakatlarini badiiy tahlil etadi. Detektiv asar voqeliklarinigina emas, ichki kechinmalarini ham nazardan qochirmaydi. Buning uchun qahramonlarning xarakterlarini yanada reallashtirib, jozibadorligini taʼminlaydi.Asosan, Asadbek, Zohid, Elchin, Zaynab, Anvar, Zelixon, Sobitxon qori, Ismoilbey singari obrazlarning aynan shu jihatlari eʼtiborga loyiq desak mubolag`a bo`lmaydi. “Shaytanat” da yorqin joziba uygʼotuvchi qirralardan biri uning oʼziga xos ifoda uslubidir. Bunda oʼzbek nasri taraqqiyotidagi goʼzal anʼanalar tajassumining yangicha ohanglari his etiladi. Muallif inson ta`rifini, jamiyatda sodir boʼlayotgan voqealarning falsafiy, islomiy va dunyoviy nuqtai nazardan badiiy talqin etadi. Asar bayoniga oʼz falsafiy-estetik qarashlarini mohirona singdirib boradi.Bu asarda detektiv adabiyotga xos xususiyatlarni toʻlaroq koʻrishimiz mumkin, yaʼni asar bosh qahramoni Asadbekning hayoti va uning jinoyat olamidagi turli faoliyati har xil ikir-chikirlarigacha yoritib berilgan. Yozuvchi jinoyat olami va unda sodir etilgan qallobliklarni ochish yoʻlidagi mashaqqatlarni ham mohirona tasvirlaydi. Bosh qahramon obrazidagi Asadbek timsolida muallif, yomonlikning asl basharasini koʻrsatish bilan birga, ana shu qabih illatning paydo boʻlishi insonning xohishidan tashqari atayin ham roʻy berishi mumkinligini, bu yovuzlikning chuqur ijtimoiy-axloqiy ildizlari mavjudligini yoritib bergan. Asadbek hayot yoʻlidagi jinoyatlarning fosh etilishi jarayonida uning bu yoʻlga kirish sabablari ham ochib berilgan.
Bu yoʻnalishda keyinchalik Omon Muxtor, X. Doʻstmuhammad kabi adiblar ham yaxshi asarlar yaratdilar. Ammo bora-bora filologiya fanlar doktori, yoshlar murabbiysi Yo`ldoshxo`ja Solijonov taʼkidlaganidek: “… sarguzasht, detektiv degan nom ostida chiqayotgan “asarlar” juda koʻpayib ketdi. Biroq uchidan ikkitasi bu janr talablariga javob bera olmaydi. Masʼuliyatli yozuvchilar oylar, yillar davomida bir asarni bekamu koʻst yaratsa, “usta” yozuvchilar bunday asarlarni potirlatib yozib tashlamoqdalar”15. Oxirgi paytdlarda, paydo boʻlayotgan detektivnavislar avval mazkur janr talablarini oʻrganib keyin yozmoqdalar,shuning uchun muammolarga duch kelishmayapti....
Asar hayotning mazmun-mohiyati, tiriklik qadri, umr qiymati kabi masalalarda kitobxonni munozaraga chorlaydi. Asarning gʼoyaviy badiiy qiymatini taʼminlashda bu ifoda ma`nosining nechogʼlik ahamiyatli boʼlganini anglash qiyin emas.Yuqorida aytib o`tilganidek, kitobxon yozuvchi Abdulla Qodiriy ijod maktabidan qanchalik chuqur va teran bahra olganligi kitob mutolaasi mobaynida his etib turiladi. Xususan, asardagi Zaynab obrazi yozuvchining bu boradagi noyob topilmase desak maqsadga muvofiq bo`ladi. Shu kabi adabiy izlanishlar oʼzbek nasridagi bugungi yangicha yondoshuvni har jihatdan eʼtirof etmoqda. Ayni damda, oʼzbek detektiv adabiyoti degan tushunchaga aynan hozirgi adabiy jarayonning mahsuli deb qarash ham oʼrinli emasligi taʼkidlanadi. Negaki, detektiv tasvir, detektiv adabiyotga talluqli elementlar, oʼziga xos namunalar oʼzbek adabiyotining turli yozuvchilari ijodida ham uchrab kelganini ko`rmoqdamiz. Ular orasida anchayin muvaffaqiyatli qozonganlari ham, gazetalardagi lavhalar bayoniga oʼxshashlari ham mavjud. Shu bois ham, oʼzbek detektivi xususida, uning taraqqiyot bosqichlari, koʼlamdorligi, gʼoyaviy-badiiy mavqei haqida koʼtarinki ruhda fikr yuritmoq, filologik ilmiy-tadqiqotlar yaratmoq ehtiyoji tug`ilib boraveradi. Milliy adabiyotimizning barcha sohalarida boʼlganidek detektiv yoʼnalishda ham oʼziga xos yangilanishlar roʼy beryapti. Adabiyotshunoslikning bu boradagi muhim yoʼnalishlarini belgilab olish va roʼyobga chiqarish olimlarimiz oldida turgan dolzarb masalalardandir. Shu oʼrinda ayrim maqsad-vazifalarga eʼtibor qaratish lozim koʼrinadi. Jumladan,
1. Oʼzbek detektiv adabiyoti taraqqiyotidagi eʼtiborga loyiq xususiyatlar, shakllanish omillari, undagi hayot haqiqati va realistik tasvir mutanosibligi hamda detektiv tasvirning tabiiy taqozodorligini ilmiy-nazariy aspektlarda oʼrganish.
2. Detektiv adabiyotda xilma-xil qahramonlar, xarakterlar yaratish jihatlarini, unda ham realistik tasvirning qonuniyligini, badiiy talqinda muallif konsepsiyasining original tabiatini, ijodkor nuqtai nazarining maʼlum ijtimoiy-siyosiy muhit va qarashlarga dahldorlik maromini milliy detektiv namunalari asosida tadqiq etish.
3. Detektiv asarlar realistik tasvirida sarguzashtlilikning maxsus talab ekanligini, hayot haqiqatidan kelib chiqadigan tabiiy jarayonligini, asarlar syujetida sarguzasht hikoyaning mavqe va mohiyat kasb etishini ilmiy jihatdan kuzatish va asoslash.
4. Detektiv asar poetikasi masalalarini keng tadbiq qilish. Kompozitsiya, kolliziya, konflikt, dramatizm, badiiy psixoanaliz kabi masalalarni chuqur yoritish. Ularni boshqa mavzularda yaratilgan g`oyaviy-badiiy darajasi ustun nasriy asarlarga muqoyasa etish va solishtirish.
5. O`zbek nasriga anʼanalar davomiyligi va sayqal topish omillari, jahon detektiv adabiyoti taʼsirlaridan bahramand jarayon sifatida qarab, o`zbek milliy detektivining alohida-alohida ijodlarini yohud ayrim epik namunalarini atroflicha o`rganib chiqish va h/k. Taʼkidlash joizki, mavjud masalalarni ilmiy tadqiq etish uchun o`zbek detektiv adabiyotida munosib namunalar mavjud. Xususan, Fayzulla Qilichev, Isroil To`xtaev, Said Ravshan, Omon Muxtor, Botir Nosirovlarning bir qator asarlariga badiiy manbalar sifatida qaralishi mumkin. Maʼlumki, badiiy adabiyot so`z sanʼati sifatida, ijtimoiy voqelikning badiiy inʼikosi tarzida dunyoga keladi. Demak, badiiy asarni, jumladan, detektiv janr namunalarini zamon va makon nuqtai nazaridan atroflicha o`rganishga zaruriyat bor. Taʼkidlash joizki, ko`p hollarda adabiy-nazariy manbalarning yetarli emasligi tasavvurlarni yuzakilashtirib, turli chalkashliklarga sabab bo`lmoqda.
Xulosa qilib aytganda, detektiv janr rivoji uning muqarrar omillari doirasida kechadi. Shubhasiz, uning muvoffaqiyati ham ana shu omillarning badiiy inʼikosi tufaylidir. Bu mulohazalar pirovardida jahon va o`zbek detektivi namunalarining jamiyat ijtimoiy-maʼnaviy hayotida o`ziga xos o`rni mavjudligini qayd etishga asos bo`ladi. Oʻzbek adabiyotida detektiv unsurlari qadimdan mavjud, ayniqsa, XX asrda detektivnamo asarlar yaratilishida ijtimoiy-siyosiy tuzum taqiqlari tufayli uning janr tariqasida shakllanishiga jiddiy toʻsiqlar qoʻyilganligiga qaramasdan, ilk tajriba sifatida diqqatga sazovor asarlar paydo boʻldi va oʻzbek detektiv adabiyotida ham badiiy salmogʻi baland, shu bilan birga, bu yoʻnalishdagi talablarga javob beruvchi asarlar yaratish mumkinligi oʻz isbotini topdi. Detektiv asarlarni muhim manba sifatida tadqiq etishning beqiyos imkoniyatlari borligini eʼtirof etishga undaydi va shunga yarasha hozirjavoblik bilan munosabatda bo`lishga chorlaydi.

Download 89.77 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling