Ijtimoiy hayot sohasi. Bu ko‘rsatgich bo‘yicha yuqori balga ega bo‘lgan kishilar jamiyat hayotiga doir muammolarga katta ahamiyat berishlari bilan ajralib turadilar. Odatda, bunday kishilar ijtimoiy-siyosiy hayotga tezda kirishib ketadilar va o‘zlarining ijtimoiy-siyosiy qarashlarini insoniyat uchun juda muhim deb hisoblaydilar.
Qiziqishlar olami. Bu ko‘rsatgich bo‘yicha yuqori balga ega bo‘lgan kishilar hayotida ularning shaxsiy qiziqishlari asosiy o‘rinni egallaydi. Odatda bunday kishilar bo‘sh vaqtlarini to‘laligicha muayyan qiziqish sohalari uchun sarflaydilar va bo‘sh vaqtlarda biror bir soha bilan mashg‘ul bo‘lishni havas qilmagan kishilar hayotini zerikarli, ko‘p jihatdan mazmunsiz deb hisoblaydilar.
III. HAYOTIY SOHALAR DOIRASIDA MAQSADLI QADRIYATLARNING TALQINI
Kasbiy faoliyat:Oliy nufuzga ega bo‘lish. Bu qadriyat odamning jamiyat tomonidan yuqori baholanadigan kasb sohasini tanlashga intilishlarida o‘z aksini topadi. Bu yo‘nalishdan yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lgan kishilar odatda o‘zlari tanlagan kasb-korga nisbatan odamlarda qanday fikrda ekanligini bilishga qiziqadilar va obro‘liroq biror kasbga ega bo‘lish orqali obro‘-e’tibor qozonishga intiladilar.
Yuqori moddiy ta’minlanganlik. Bu yo‘nalish bo‘yicha yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lgan kishilar yuqori maoshni yoki boshqa moddiy ta’minotni kafolatlaydigan kasb-korni tanlashga moyil bo‘ladilar. Agar tanlangan kasb sohalari o‘zlari kutgan darajada moddiy rag‘batlantirishni ta’min etmasa, ular o‘z mutaxassisliklarini o‘zgartirishlari ham hech gap emas.
Ijodkorlik. Kishining o‘z kasbiy faoliyatiga ijodiylik namunalarini kiritishga intilishlarida o‘z aksini topadi. Bu ko‘rsatgich bo‘yicha yuqori balga ega bo‘lgan kishilar mehnat faoliyatini odatdagi tarzda yuritishdan, har kun bir xil usulda ish qilishdan, tezda zerikib qoladilar. Shuning uchun doimiy ravishda o‘z kasbiy faoliyatiga turli yangiliklar, o‘zgarishlar kirtishga bo‘lgan intilish ularga xos xislatlardandir.
Faol ijtimoiy munosabatlar. Kishining o‘z kasbdoshlari bilan iliq, do‘stona muomalada bo‘lishga intilishlarida o‘z aksini topadi. Bu yo‘nalishdan yuqori balga ega bo‘lgan kishilar uchun kasbdoshlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitining hukmronligi muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |