Buxoro davlat universiteti tarix va madaniy meros fakulteti sharq allomalarining ilmiy merosi
Download 23.22 Kb.
|
Ab Muin an-Nasafiy...
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O'RTA MAXSUS TA'LIM VAZIRLIGI BUXORO DAVLAT UNIVERSITETI TARIX VA MADANIY MEROS FAKULTETI SHARQ ALLOMALARINING ILMIY MEROSI fanidan "Abu Muin an-Nasafiy islom ilohiyotchisi’’mavzusida REFERAT Bajardi: Isoqulov Jahongir Buxoro-2020 Abu Muin an-Nasafiy islom ilohiyotchisi Reja: 1) Abu Muin an-Nasafiy hayot yo’li. 2) Abu Muin an-Nasafiy faoliyati. 3) Abu Muin an-Nasafiyning boy merosiga bo'lgan ehtirom. 1. Azaldan jonajon yurtimiz dunyoga ko’plab sohalarda buyuk olimlarni yetishtirib bergan. Bu ulamolar o’z yo’nalishlarida ulkan yutuqlarga erishgan. Shu qatorida kalom ilmi ham ravnaq topdi. Bu ilmda juda ko’plab olimlar ijod qilgan. Ushbu yo’lda hizmat qilgan yetuk allomalardan biri ulug‘ olim, ahli sunna val jamoa peshvosi, Abu Mansur Moturidiy maktabining atoqli namoyondasi, mutakallimlar tili va boshqa unvonlar sohibi Abul Muin Nasafiydir. Uning asl ismi Abul Mu’in Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mo‘tamad ibn Muhammad ibn Makhul ibn Fazl Nasafiy Makhuliydir. Milodiy 1027- yili yoki 1038-yili( hijriy 418- yoki 438- yili) Nasafda tug‘ilgan. Abdulkarim Sam’oniy Abul Muin ismiga “Ibsoniy”ni ham qo‘shib aytadi. Ibson qishlog‘i Qarshi shahrida joylashganini ta’kidlaydi. Abul Muin Nasafiy shu qishloqda tug‘ilgan. U kishiga Makhuliy deb nisbati berilishi katta bobolari sabablidir. Katta bobosi Makhul Nasafiy (vafoti 930 y.) Imom Moturidiyning shogirdlaridan biri edi. Bobosi Mo‘tamid ibn Makhul Nasafiy esa hanafiy olimlari orasida mashhur edi. Imom Nasafiy ilmga qiziqtirgan inson uning otasi Muhammad ibn Mo’tamad bo’lgan. U o’z shahrining peshvo ulomolaridan edi. Hatto Imom Nasafiy ba’zi sanadlarni rivoyat qilganda otasini ismini ham qo’shib aytar edi. Muhammad ibn Mo’tamad bir qancha kitob ta’lif etgan. “Lu’lu’yot fil mavo’iz”, “Lubob”, “Roddu a’la ahli bida’i val ahvai” (bid’atchi va hayolparastlarga raddiya) shular jumlasidan hisoblanadi. Boshlang‘ich bilimlarni bobosi so’ngra otasidan oladi. Keyinchalik Abul Yusr Pazdaviyning shogirdi bo‘ladi. Imom Nasafiy kalom ilmida yetuk olim sifatida salaf va xalaf o’rtasida ko’prik vazifasini bajargan va Moturidiyya yo’nalishini rivoj topishida ulkan xizmatlar qilgan.Imom Nasafiy Abbosiylar xalifaligi davrida Buxoro va Samarqandda yashab, ijod qilgan. Bu davrda ilm – fanning barcha sohalariga e’tibor berilgan. Natijada jamiyatda hur fikrlilik rivojlanib, turli xil oqimlar va aqidalar paydo bo’la boshlagan edi. Shu sababli imom Nasafiy turli noto’g’ri mazhablarga raddiya sifatida ko’plab kitoblarni ta’snif etgan. Ulardan bizga yetib kelganlari: “Tabsirtul adilla fi usuliddin”, bu kitob Motuturidiyya mazhabi bo’yicha Imom Moturidiyning “Tavhid” kitobodan keyingi o’rinda e’tirof etiladi. “Bahrul kalom fi ilmil kalom”, bu kitob kalom ilmi bo’yicha Moturidiyya maktabining asasiylaridan biridir. Ushbu asar Abu Mansur Moturidiy asos solgan islomiy aqidaning bosh manbalaridan hisoblanadi. Ayniqsa, islom dinida turli tuman oqimlar va ta’limotlar yaratilayotgan hozirgi davrda bu asarning ilmiy amaliy ahamyati beqiyosdir. “At-Tamhid li qovaidit tavhid fi ilmil kalom”, “al-Olim val mutaallim”, “al-Umda fi usuli fiqh” “izohul ma hajati likavnilaql hujjatan” , “Sharhul jomi’ul kabir lishshaybinuy fi furu’”, “Manohijul aimmati fi furu’”, “Mo’taqidot”. Uning shogirdlari orasidan Ahmad al-Bazdaviy, Ahmad ibn Muhammad Abul Fath Xulamiy 470 yili tug’ilgan. Buxoro shaxrida yashab juda kop ilm sohibi bo’lgan. Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Ahmad Abu Bakr Alouddin Samarqandiydir, u hanafiy olimlar orasida “Tuhfatul fuqiho” nomli kitobi ila mashhurdir. Melodiy 1180 yil vafot etgan. Ibrohim Saffor Buxoriy, Najmiddin Umar Nasafiy, Abu Bakr Koshoniy, Abul Muzaffar Toliqoniy kabi olimlar yetishib chiqqan. Abul Muin Nasafiy asarlarining ko‘pi kalom ilmining turli masalalariga bag‘ishlangan. Olimning “Bahrul kalom fi ilmil kalom” asari moturidiya maktabining kalom bo‘yicha asosiy manbalaridan biridir. U o‘rta asrlarda katta shuhrat qozongan. Olimning ushbu asari uchta katta asari orasida (“Tabsiratul adilla”, “At-tamhid li qova’idit tavhid”, “Bahrul kalom”) birinchi bo‘lib nashr etilgan.Abul Muin Nasafiyning mashhur asarlaridan yana biri “Tabsiratul adilla fi usulid din ala toriqil imom Abu Mansur Moturidiy” (“Din asoslarini imom Abu Mansur Moturidiy tariqatiga binoan dalillar bilan sharhlash”)dir. Nomidan ham ma’lum, asarda moturidiya ta’limoti dalillar bilan sharhlanadi.Allomaning kalom ilmiga oid yana bir mo‘‘jaz kitobi “Kitobut tamhid li qova’idit tavhid” asaridir. Jahon kutubxonalarida kitobning ko‘plab nusxalari saqlanadi. Yaqinda Turkiyada bu asar Istambul kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalari asosida qayta nashr etildi. Alloma mol-dunyoga qiziqmadi, parhezkor, faqih, muhaddis, mutakallim bo‘lib, qat’iy dalillar bilan salaflarning fikrlarini mustahkamladi, mo‘tazila, jahmiya, rofiziya, xorijiya kabi muxolif firqalarga qarshi turib, ularning aqidasi botilligini aniq, ishonchli dalillar bilan isbotlab, odamlar orasida ilmu ma’rifat ziyosini sochdi. Abul Muin Nasafiy milodiy 1114 yili (hijriy 508 yil) vafot etgan. Qabri Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida. 2. Movarounnahrda kalom ilmining rivojlanishida, buyuk mutakallim Abu Mansur Moturidiyning o‘rni nihoyatda katta bo‘lgan. U yashagan davrga kelib islom dinida paydo bo‘la boshlagan turli guruh va firqalarning soni ko‘payib ketgan edi. Mana shunday murakkab sharoitda ulug‘ alloma, mutakallim Abu Mansur Moturidiy faoliyat olib borgan va vujudga kelgan muammoli vaziyatni ilmiy asosda bartaraf etishda o‘zining katta hissasini qo‘shdi. Lekin Moturidiy vafotidan keyin Movarounnahrda mazkur maktabning mavqei ma’lum darajada susaya boshladi. Shuning uchun Moturidiydan keyin Movarounnahrda uning ta’limotini to‘g‘ri talqin qilib keng targ‘ib qiladigan hamda asossiz fikr va tanqidlardan uni himoya qila oladigan bir olim zarurati sezila boshlagan edi. Mana shunday sharoitda uning ta’limoti bilan batafsil tanishib, bu ta’limotning mazmun-mohiyatini teran anglagan izdoshi, nasafiylar sulolasidan yetishib chiqqan yirik mutakallim Abu Muin Nasafiy moturidiya ta’limotini davom ettirib uni yanada rivojlantirdi . Shuning uchun allomaning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosi biz yoshlarga ilm va ibrat maktabi vazifasini o‘taydi. Avvalo Abu Muin Nasafiyning hayoti bugungi kunda barcha yoshlar va ilm istovchilarga yuksak namuna bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, u kishining o‘rnak bo‘ladigan jihatlaridan biri dastlabki ilmlarini o‘zining otasi va bobolaridan, so‘ng mustahkam ilmni Buxoro va Samarqanddagi o‘z davrining zabardast hanafiy ulamolaridan tahsil olganligidir. Shuni ta’kidlashimiz kerakki, Nasafiylardek zabardast olimlar ham dastlab ilmlarni o‘z davrining buyuk va el e’tirof etgan ulamolaridan olganligi ustoz tanlashga juda katta e’tibor berganligini bildiradi. Buning natijasida esa u kishi sof islomiy ta’limni hosil qilgan va adashgan firqalarning sirtmog‘iga ilashib qolishdan saqlangan. Zero, dinimizni o‘rganishda o‘tgan solih musulmon ajdodlar izidan borishimiz va dinni ko‘ringandan olavermay balki, ma’lum sifatlarga ega bo‘lgan ulamo zotlardan olishimiz zarur. Shuningdek, u kishining olgan ilmlarini o‘z yurti va xalqining ilmu ma’rifati, hidoyati va manfaati uchun hamda e’tiqodining mustahkamligi yo‘lida sarflagani ham biz yoshlarga katta o‘rnak bo‘ladi.Abu Muin Nasafiy asarlari ming yillardan buyon o‘zining ta’sirini yo‘qotmagan holda eskirmay kelmoqda. Nasafiy asarlari o‘z davrining o‘ziga xos vaziyatlarida ahli sunna val jamoa e’tiqodini himoya qilib, xalqni turli adashgan firqalardan saqlashda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan. Buyuk vatandoishmizning qimmatli asarlari o‘z davrida qanchalik muhim ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, bugungi kunda ham ular o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Abu Muin Nasafiy yozgan asarlari shariat ilmlarining turli sohalarini qamrab olgan. Lekin, u zotning aqida bobida yozgan asarlari alohida tahsinga sazovardir. Xususan, allomaning kalom ilmi borasida yozgan “At-tamhid li qova’idi-t-tavhid” asari ham muhim manbalardan hisoblanadi. Bugungi kunda dunyo miqyosida o‘zaro fikrlar va g‘oyalar jangi bo‘lmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, aqida haqidagi ilmlar musulmonlar uchun har bir zamonda dolzarb mavzu bo‘lib kelgan. Shu bois diyorimizda azaldan joriy bo‘lib kelayotgan Ahli sunna va jamoat e’tiqodining moturidiya ta’limotiga zid bo‘lgan oqimlarga ushbu asar raddiya vazifasini o‘taydi. Abu Muin Nasafiyning asarlardan biri “Tabsiratul adilla” kitobidir. Uning shoh asari bo‘lmish ushbu kitob moturidiya e’tiqodiy qarashlari bilan cheklanib qolmay, balki, ash’ariya, mo‘’taziliy, jahmiya, qadariya, xavorij va karromiya ta’limotlarini batafsil keltirgan. Shuning uchun ushbu kitobni aqida borasida buyuk asar desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Eng qizig‘i, bu asarda har bir raqib tarafga o‘z tili va qarashi bilan hamda o‘zining so‘zini o‘ziga qarshi dalil qilib keltirilgan. Nasafiy har bir raqib tomonni chuqur o‘rganib, so‘ngra batafsil raddiyalar bergan. Abu Muin Nasafiy asarlarini o‘qib o‘rganar ekanmiz, uning islom aqidasi borasida nechog‘liq ilm va iqtidor sohibi bo‘lganligini anglab yetamiz. Xulosa qilib aytganda yoshlarni turli diniy-siyosiy oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalaridan asrash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirishda Abu Muin Nasafiyning ilmiy-ma’naviy merosi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Abu Muin Nasafiy asarlari aqidaviy masalalar chuqur ilmiy tahlili va hanafiy mazhabidagi moturidiya ta’limotiga xos yechimi bilan yurtimizdagi barqaror tinchlik, shu bilan birga chetdan kirib kelayotgan turli “g‘oya”larga raddiyalar berishda alohida o‘rin egallaydi.
Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohida Xitoy ipak qogʻoziga bitilgan Qurʼoni karim qoʻlyozmasi mavjud. Bu muqaddas kitobning boʻyi 60, eni 41 santimetrni tashkil qiladi. Mazkur Qurʼon uchun usta Zarif degan kishi tomonidan balandligi 1 metru 60 santimetrlik lavh yasalgan. Lavhda hijriy yil hisobi bilan 1266 (milodiy yil boʻyicha 1851) sanasi yozib qoldirilgan. 12 qatordan iborat forsiy sheʼr lavhga oʻyib bitilgan. Sheʼrning mazmuni quyidagicha: “Ey bandani yaxshi koʻruvchi va bandaning doʻsti, unutishdan qochib, senga umid qoʻlini choʻzaman. Bu jahonda magʻizdan poʻstgacha sen oʻzingsan. Bundan boshqasini sendan soʻrashga xohish-istagim yoʻq. Sening koʻmaging menga rahnamo boʻlsin. Mening joyim har doim senda boʻlsin. Ey uzr istab kelganlarning uzrini qabul qiluvchi, sening magʻfirating koʻp gunohkorlar uchun shafoatdir. Sening noming zikri bilan mening jonim chiqsin. Bu yoʻlni koʻrsatuvchi mendan pinhondir…”Ziyoratgoh atrofida katta qabriston bor. Ziyoratgoh bilan qabristonni qoʻshib hisoblaganda, hudud 50 gektardan koʻproq maydonni egallaydi. Qabristonda 100 dan ortiq har xil marmar toshlarga bitilgan yodgorliklar bor. Yodgorliklarga qaraganda, qadimiy Ibsan qishlogʻidan chiqqan olimlar ham shu yerda dafn qilingan. VIII-XII asrda yashagan olimlar haqida maʼlumot bergan as-Samʼoniy (1113-1167) oʻzining “Al-Ansob” (Nasabnoma) asarida: “Ibsan – Nasafdan bir farsax uzoqlikdagi qishloq. Abu Yaʼqub Yusuf ibn Abu Bakr al-Ibsaniy shu qishloqdan. Bu kishi shayx, qori, chiroyli siyratli va koʻp ibodat qiluvchilardan edilar. Abu Bakr Muhammad al-Baladiydan taʼlim olganlar. Nasafda boʻlganimda Al-Azraqiyning “Axboru Makka” kitobini shu kishidan oʻqiganman. Hijriy 478 (milodiy 1086) yilning safar oyida tugʻilib, hijriy 552 (milodiy 1158) yilning safar oyida vafot etganlar”, deb yozadi.Millatga quvvat bo‘lgulik ulkan meros qoldirgan buyuk ajdodlarimizdan biri Abul Muin an-Nasafiy “Tabsirat-ul adilla”, “At-tamhiyd li qavoid at-tavhiyd”, “Qasiydul qavoid fi ilmil aqoid”, “Al-Ifsod li had' al-ilhod”, “Manohij al-aimmati fil furu'”, “Bahrul kalom” singari o‘nlab asarlar muallifidir. Bu asarlarda din masalasida adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilgan. Aqida masalalari chuqur ilmiy tahlil etilib, moturidiya ta'limotining mohiyati ochib berilgan. Islom tarixi bo‘yicha atoqli olim Ubaydulla Uvatovning yozishicha, “Tabsiratul adilla”da Nasafiy yashagan davrda ham qisman mavjud bo‘lgan mu'tazila oqimining xato qarashlariga dalillar bilan isbotlangan raddiyalar keltiriladi. Shuningdek, asarda o‘sha paytda tarqalgan turli-tuman firqalar va toifalar hamda g‘ayriislomiy guruhlarga ham asosli javoblar beriladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, bugun yoshlarni turli diniy oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalaridan asrash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirishda Abul Muin an-Nasafiyning ilmiy-ma'naviy merosi muhim ahamiyat kasb etadi.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ulug‘ alloma Abul Muin an-Nasafiy abadiy qo‘nim topgan maskanni obod qilish, u zotning ilmiy merosini chuqur tadqiq etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun Qarshi tumanidagi Qovchin qishlog‘ida joylashgan ziyoratgohni tom ma'noda aqida ilmi maktabiga aylantirish bo‘yicha qizg‘in ishlar davom etmoqda. Loyihada ziyoratchilarga barcha qulayliklarni yaratishga alohida e'tibor qaratilgan. Shu maqsadda ziyoratgohga kiraverishda avtoturargoh, choyxona, novvoyxona, qassobxona, do‘konlar barpo etiladi. Majmuada tahoratxona, to‘rtta supali ayvon, ikkita ayvon va yana ko‘plab yordamchi binolar quriladi. Hozirda mavjud bo‘lgan 8x8 metr o‘lchamdagi masjid yonida 24x15 metr o‘lchamli yana bir masjid qad rostlaydi.Loyihaga ko‘ra, Abul Muin an-Nasafiy ziyoratgohida 8x8 metr o‘lchamda kutubxona barpo etilishi mo‘ljallanmoqda. Barpo etilajak bu kutubxona aqllarni o‘tkirlaydigan, zehnlarni charxlaydigan, tafakkurni yuksaltiradigan, ulug‘ allomalarning yangidan-yangi avlodlarini yetishtirishga xizmat qiladigan ma'rifat maskani bo‘lishi shubhasiz. Bu ziyoratgohda buyuk allomaning maqbarasi joylashgani, Xitoy ipak qog‘oziga bitilgan Qur'oni karim qo‘lyozmasi mavjudligi, mazkur majmuada duxtarxona, ya'ni xotin-qizlar madrasasi bo‘lgani kabi dalillar qadamjoni mazmunan boyitadi va ziyorat istovchilar sonining oshishiga xizmat qiladi. Ziyoratgohda qurilish va restavratsiya ishlari olib borilishi natijasida uni fusunkor va betakror go‘shaga aylantirish ko‘zda tutilmoqda. U o‘zligimizga, ajdodlarimiz aql-idrokiga dalolat bo‘ladi. Ma'lumki, X-XII asrlarda nafaqat Movarounnahrda, balki butun Sharqda “Nasafiy” nisbasi ancha mashhur bo‘lgan. Bu davrda fiqh, hadis, tafsir va aqoid ilmi rivojlangan. XV asrda Nasafiy allomalar turkiy tilda islom dini ahkomlari va boshqa ijtimoiy sohalarga oid asarlar yoza boshlagan. Amir Temur va temuriylar davrida Nasafda ilm-fan, madaniyat va san'at yanada rivojlangan. Umuman, bu yerda o‘z sohasining yuzlab zukko bilimdonlari kamol topgan. Ziyoratgohda Nasafiy allomalar muzeyini bunyod etish ko‘zda tutilmoqdaki, bu muzey ularning boy madaniy merosini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi yana koʻplab maʼlumotlar hali oʻrganishga, tadqiq qilishga arziydigan va shuni kutib yotgan manbalar, oʻtmish sirlari bisyorligidan darak beradi. Ayniqsa, mazkur ziyoratgoh hududi oʻzida katta bir tarixni asrab turibdi. Shukurki, vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin yurtimizdagi shunday ziyoratgoh va qadamjolarga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgarib, ular koʻrkam va obod joylarga aylantirildi. Endi Prezidentimiz koʻrsatmasiga binoan Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohi yangidan chiroy ochishi ajdodlarga boʻlgan yuksak ehtiromni bildirsa, bu yerda tashkil qilinadigan kutubxona esa ular qoldirgan boy maʼnaviy merosni ixlos bilan oʻqib-oʻrganish istagida boʻlgan yurtdoshlarimiz uchun katta bir tuhfa boʻlishi shubhasiz. Download 23.22 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling