Namunalardan foydalanish tamoyili. O’qituvchi o’quv materialining mazmunini tushuntirish uchun har doim yaxshi namunalarni tanlashga harakat qilishi kerak. Yaxshi nusxa (model), amaliyotdan namunaviy misollar, yaxshi hamda yomon mahsulotlar ham kutilgan darajadagi natijaning sifati qanday bo’lishi yoki bo’lmasligini aniq ko’rsatadi.
Didaktik reduktsiya tamoyili. O’quvchi bilimlarni yuqori darajada o’zlashtirishi uchun o’quv materiali kerakli miqdorgacha qisqartirilishi lozim. Umumiy (kompleks) va murakkab topshiriqlar doimo didaktik ravishda osonlashtirilishi lozim. O’quv materialini iloji boricha oddiyroq tushuntirishga va nihoyatda ko’p va keng o’quv materiali bilan o’quvchilarni qiynamaslikka harakat qilish darkor.
Ilmiylik tamoyili. O’quvchilarga o’rganish uchun ilmiy jihatdan asoslangan, amalda sinab ko’rilgan ma’lumotlar berilishini talab etadi. Ularni tanlab olishda fan va texnikaning eng yangi yutuqlari va kashfiyotlardan foydalanish kerak.
O’qitishning tarbiyalovchi xarakteri. O’qitish va tarbiyalash jarayonlari bir-biriga uzviy bog’liq. Ta’lim o’quvchilarga juda katta tarbiyaviy ta’sir ham ko’rsatadi. U o’quvchilarning bilish imkoniyatlarini va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga, ularning o’quv va mehnat faoliyatidagi faolligi va mustaqilligini, bilimga qiziqishini oshirishga yordam beradi.
O’quv mashg’ulotlarining to’g’ri tashkil etilishi va ularni o’tkazish uslubiyoti o’quvchilarga juda katta tarbiyaviy ta’sir ko’rsatadi. Ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish maqsadida tarbiyaviy yo’nalishning ustuvorligini ta’minlash asosiy mezon hisoblanadi.
Tarbiya orqaligina inson o’z shaxsini anglab etadi. O’zini-o’zi anglagan kishigina o’z qobiliyatlari va imkoniyatini bilgan holda ehtiyojini shakllantirish zarurligini tushunadi.
O’qitishda muntazamlilik va izchilik tamoyili. Muntazamlilik va izchillik tamoyili o’quv jarayonining hamma bo’g’inlarida amalga oshiriladi. Uning talablari darsliklar va dasturlarni tuzishda o’z aksini topadi. Ulardagi material didaktik talablar hamda fanning mantig’i bo’yicha joylashtiriladi. O’quv dasturida nazariy va amaliy mashg’ulotlarning bir-biriga uzviy bog’lanishi saqlanishi kerak. Har bir darsda o’quv maqsadini aniq belgilash va belgilangan maqsadga muvofiq keluvchi mazmunini tarkib toptirish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |