Faol ijtimoiy siyosatga qaramay, O‘zbekistonda daromadlar tengsizligi sezilarli o‘smoqda. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev shu mavzudagi maqolasining birinchi qismida hududlararo daromadlar tengsizligining sabablarini tushuntiradi. Uning fikricha, bunday keskinlashuvga hukumat ham bevosita hissa qo‘shyapti. Кириллчада2 dekabr 2022, 19:29 Kolumnistlar Iqtisodiyot Jamiyat XXI asrning so‘nggi o‘n yilligiga kelib butun dunyoda daromadlar tengsizligi masalasi yana kun tartibiga qaytdi. Bu asosan rivojlangan mamlakatlarda tengsizlikning favqulodda yuqori darajaga yetganligi va o‘sishda davom etayotganligi bilan izohlanadi. Masalan, 1980 yillarda AQShda eng yuqori daromadga ega 1 foiz aholi jami daromadning qariyb 22 foiziga egalik qilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bu ko‘rsatkich 35 foiz atrofida shakllanmoqda. Xo‘sh, daromadlar taqsimoti va tengsizligi borasida O‘zbekistonda qanday tendensiya kuzatilmoqda? Tengsizlikning hozirgi darajasi va o‘sish sur’ati aholining turmush farovonligiga qay darajada xavf solishi mumkin? Mazkur savollarga javob topishdan oldin tengsizlikni o‘lchash usullari va ko‘rsatkichlariga qisqacha to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. Daromadlar tengsizligi darajasi bir nechta usullar vositasida o‘lchanadi va, mos ravishda, turli ko‘rsatkichlar bilan ifodalanadi. Ular orasida eng keng tarqalgan hamda eng ko‘p qo‘llanuvchi ko‘rsatkich (yoki koeyeffitsiyent) — jini (Gini) koeffitsiyenti hisoblanadi. Ma’lumot o‘rnida, jini koeffitsiyenti (Gini index, Gini coefficient) aholi orasida daromadlar taqsimotini o‘lchash uchun qo‘llaniladi va 0 (mutlaq tenglik)dan 1 (mutlaq tengsizlik)gacha oraliqdagi son bilan ifodalanadi. Rasmiy statistikaga nazar tashlansa, O‘zbekistonda daromadlar tengsizligi darajasi bo‘yicha jini koeffitsiyenti faqatgina so‘nggi bir necha yil uchun hisoblab chiqilgan va e’lon qilingan. Qolaversa, mazkur ma’lumotlar mamlakatda tengsizlik darajasining joriy tendensiyasi, ya’ni o‘sayotganligi yoki pasayib borayotganligi xususida aniq bir to‘xtamga kelish imkonini bermaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |