1.Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash muddatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini qo’llash.
O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 59-moddasiga muvofiq, soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash bo’yicha bajarilmagan majburiyatlari bo’lgan soliq to’lovchi o’zining bank hisobvarag’ida pul mablag’lari mavjud bo’lishidan qat’i nazar, soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni Soliq kodeksida belgilangan to’lash muddatidan kechiktirmay ularni xizmat ko’rsatayotgan bankka to’lash uchun to’lov topshiriqnomasini taqdim etishi shart.
O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 175-moddasi uchinchi qismiga muvofiq, to’lov intizomini buzish, shu jumladan korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag’lar bo’lgan holda to’lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzish, mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o’n baravaridan o’n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lash muddatlarini buzish bilan bog’liq soliqqa oid huquqbuzarlikni aniqlash va ularga barham berish davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq nazoratining budjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga tushumlarni hisobga olish shaklida amalga oshiriladi.
Tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalarining “Soliq va majburiy to’lovlar tushumini hisobga olish, tahlil qilish, ma’lumotlar bazasiga xizmat ko’rsatish” bo’limi mansabdor shaxslari:
korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag’lar bo’lgan holda soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni Soliq kodeksida belgilangan to’lash muddatida ularni xizmat ko’rsatayotgan bankka to’lash uchun to’lov topshiriqnomasi taqdim etilmaganda;
korxonalarning soliq qarzini undirish davlat soliq xizmati organining inkasso topshiriqnomasi orqali amalga oshirilganda ularning rahbarlari va bosh hisobchilariga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risida bayonnoma tuzadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |