O’zbekistonning ma’muriy-hududiy tuzilishi
Har qanday mamlakat, jumladan, O’zbekiston ham ma’lum geografik joyda belgilangan chegaralar doirasida joylashgan. Bu mamlakatning hududi hisoblanadi. Aniq chegaralangan hududga ega bo’lish davlatning davlat sifatida ko’rsatuvchi asosiy shartlaridandir. Ma’lum hududsiz davlat bo’lishi mumkin emas. Davlat aniq bir hududda faoliyat ko’rsatadi va davlat faoliyati shu hududda amal qiladi.
Hudud – davlatga tegishli maydon. Hudud yer, suv, osmon chegaralaridan iborat bo’ladi.
Har bir mamlakatning hududi katta-kichikligiga, aholisini soniga karab, tegishli bo’lakchalarga bo’lib idora etiladi. Bu bo’lakchalar bir necha pog’onadan iborat bo’lib, ularning har biri o’z hududiga (chegarasiga) ega. Mamlakat hududi bo’lakchalarga bo’linishi, davlat boshqaruvini mukammal tashkil etish bilan bog’liq bo’lganligi uchun u juda muhim davlat – huquqiy instituti bo’lib, konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanadi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida to’rtinchi bo’limi va uning ikki bobi (XVI, XVII - boblar) ma’muriy-hududiy va davlat tuzilishi masalalariga bag’ishlangan. Uning alohida-alohida moddalarida ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari huquqiy tartibga solingan.
SHuning uchun O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 68-moddasida “O’zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoroqolpog’iston Respublikasidan iborat” – deb belgilangan. Bu birinchidan O’zbekiston hududi nimalardan iborat bo’lishini, ikkinchidan O’zbekiston hududini qanday ma’muriy birliklardan tashkil topganini ko’rsatadi.
Bu hududiy birliklar huquqiy maqomi, hududiy holati, aholisining soni, moddiy ne’matlar ishlab chiqishi yoki aholi mashg’ulotiga qarab bir-biridan farq qiladi.
O’zbekiston ma’muriy-hududiy birliklarining huquqiy maqomi darajasiga qarab uchga bo’lish mumkin.
Birinchisi yuqori pog’ana bunga Qoraqolpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri. Ikkinchisiga tuman va shaharlar. Uchinchisiga shaharchalar, qishloqlar va ovullar kiradi.
Tuman va shahar bir maqomdagi ma’muriy-hududiy birlik bo’lsada, ular ijtimoiy hayot, kishilarning asosiy mashg’ulotlari, ishlab chiqarishdagi ishtirokiga qarab bir-biridan farq qiladi. Tumanlar asosan qishloq ho’jaligi bilan, shaharlar sanoat ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. Bundan tashqari tumanga bo’ysunuvchi shahar va shahar maqomidagi tumanlar ham mavjud, ularning faoliyat doirasidan maqomi belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |