Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti
NAZAR ESHONQUL FIKRATLARI: QADIM OHANGLAR SADOSI
Download 0.93 Mb.
|
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН
NAZAR ESHONQUL FIKRATLARI: QADIM OHANGLAR SADOSIZebo QOBILOVA, filologiya fanlari doktori, Qo‘qon DPI Nazar Eshonqul... Bu nom mustaqillik davri o‘zbek nasrining, publisistikasining, dramaturgiyasining yorqin namoyandasi sifatida bugun barchaga yaxshi ma’lum. Adib ijodi haqida bugungacha bir qator tadqiqotlar, izlanishlar olib borildi va borilmoqda. Ijod namunalari hozirgi adabiy jarayonning eng sara asarlari sifatida oliy ta’limning filologiya fakultetlarida o‘rganilmoqda. Men yozuvchini u haqdagi talqin va tahlillar – adabiyotshunoslar Ibrohim Haqqul, X.Do‘stmuhammad, Sh.Doniyorova, B.Karimov maqolalari orqali taniganman. Filologiya fanlari nomzodi Gulnoz Sattorovaning “Milliy xarakter va badiiy talqin” deb nomlangan risolasidagi yozuvchi qalamiga mansub “Istilo”, “Tobut”, “Maymun yetaklagan odam” kabi hikoyalari talqini menda N.Eshonqul asarlarini topib o‘qish istagini paydo qilgan edi (3). O‘sha kezlarda adabiy tanqid va umuman, adabiyotshunoslikni yozuvchi va kitobxon o‘rtasidagi ko‘prik ekanligiga yana bir bor amin bo‘lgan edim. Talqinlardan kecha o‘qib odatlanganimiz hikoyalarga o‘xshamaydigan: g‘alati, ismsiz qahramonlar, norealistik unsurlar, noodatiy syujetlar aks etgan, sirli, bir qarashda qadim asotirlar, ertaklarni esga soluvchi asarlarni tezda topib, o‘qish ishtiyoqi tug‘ildi. Mening shu paytgacha qiziqishlarimni mumtoz adabiyot masalalari, xususan, Qo‘qon adabiy muhiti tashkil qilar edi-da! “Sharq” kitob do‘konidan yozuvchining “Yalpiz hidi” deb nomlangan qissa va hikoyalar to‘plamini sotib oldim. Kitobdan o‘rin olgan “Urush odamlari”, “Momoqo‘shiq”, “Qora kitob”, “Tun panjaralari” qissalari, “Maymun yetaklagan odam”, “Bevaqt chalingan bong”, “Xaroba shahar surati”, “Yalpiz hidi” kabi o‘nlab hikoyalar menda juda katta taasurot qoldirdi. Keyingi safar Toshkentga borganimda “Yalpiz hidi” kitobidan yuzdan ortiq olib keldim va talabalarimga tarqatdim. Talaba yoshlar ham juda katta qiziqish bilan kutib oldilar. Darslarda, to‘garak mashg‘ulotlarida, xatto, fakultet foyesida ham Nazar Eshonqul asarlari ustida tortishuvlar, bahslar, taassurotlar gapirilar edi. Hech esimdan chiqmaydi. 2009 yili “Hozirgi adabiy jarayon” fanidan hozirgi o‘zbek hikoyachiligi mavzusida ochiq dars o‘tadigan bo‘ldim (ustozim, ulug‘ navoiyshunos olim Ibrohim Haqqul: “Mumtoz adabiyot bilan shug‘ullangan odamni hozirgi adabiyot, hozirgi adabiyot bilan shug‘ullanganlarni mumtoz adabiyot o‘ziga tortib turadi”, deb ko‘p aytar edilar. Menda ham Nazar Eshonqul asarlari orqali hozirgi adabiyotga qiziqish ortib bordi). Kafedradan bir guruh o‘qituvchilar kuzatishga kirishgan. Talabalar nazariy masalalar haqidagi fikrlardan keyin o‘zlari yaxshi ko‘rib o‘qigan hikoyalaridan qisqa sahna ko‘rinishlari ham tayyorlashgan ekan. Navbat N.Eshonqulning “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasidan olingan Bayna momoning tegirmonga un ko‘tarib kelgan sahnasi namoyishiga berildi (esingizda bo‘lsa hikoyaning shu joyida tegirmonchi yigitning: “biron erkakdanberib yuborsangiz, tortib, o‘zim uyingizga olib borib tashlayman”, degan gapiga javoban kampirning o‘z qishloqdoshlarga – eri va o‘g‘lining o‘limiga qora pardalar ortiga berkinib, jimgina qarab turgan, yaxshilarini asrab qololmaydigan, tuzlug‘ini unutgan, qo‘rqoq, qultabiat eldoshlariga nafrati “bu qishloqda erkak yo‘q!” degan alamli javobida aks etgan edi) ( 1. 6). Keyingi sahnada Bayna momoning o‘limi oldidagi holati namoyish qilina boshlandi. Bir payt kampirning asrab kelayotgan buyumlari orasidan Zamon oqsoqolning qirqib olingan o‘nta barmog‘i yerga yumlab tushdi, dars kuzatishga kirgan o‘qituvchilar ham, talabalar ham bir sakrab tushgan edilar, paxtadan yasalib, rang berilgan “barmoqlar” juda ishonarli chiqqan edi. Talabalarimiz orasida rassomlikka qiziqqanlari ham bor edi (xuddi yozuvchining o‘zi kabi). Ular “Maymun yetaklagan odam” hikoyasidagi rassom chol chizgan suratlarni, “Yalpiz hidi” hikoyasidagi bog‘ tasvirini, “Xaroba shahar surati”dagi Tursoriyani, “Urush odamlari” qissasidagi Normat va Anziratlar hovlisidagi o‘choq boshida “baxt, baxt, baxt” deya qo‘ng‘iroq chalib, hayotning davom etishiga ishora qilayotgan lolaqizg‘aldoqlarni shunday mahorat bilan chizgan edilarki, men ularni hamon saqlab kelaman. Talabalarimning xulosalari ham meni juda xursand qilgan edi: “Ko‘ngil ham bir bog‘. Qarovsiz qoldirsang, chakalakzorga aylandi” (“Yalpiz hidi”). “O‘z vaqtida yaxshilarning qadriga yetmasang, haqiqiy elparvarlaringni asramasang, kuning Zamon otboqarlarga qoladi” (“Shamolni tutib bo‘lmaydi”), “Xalqingning momoqo‘shiqlarini hech qachon unutma!” (“Momoqo‘shiq”). “Ildizlaringni qirqishlariga aslo yo‘l qo‘yma, yiqilgan daraxt gullashi mumkin, lekin hech qachon meva tugmaydi!” (“Tun panjaralari”). 2011 yilda yozuvchining yana bir moʻjaz “Shaftoli guli” deb nomlangan asarlar to‘plami nashrdan chiqdi ( 2). Kitob tez orada qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Kitobdan yozuvchining bir qator hikoyalari bilan birga “San’at – 1”, “Ko‘ngil manzaralari” (San’at -2”) deb nomlangan fikratlar va fitratlari ham bor bo‘lib, har ikki asarning uslubi meni o‘ziga tortdi. Har ikki asar ham xalq ertaklari kabi boshlangan: “Qadim zamonda mamlakat podshosining oldiga bir kishi keldi” [ 2. 69] . “Bir mamlakatda kambag‘al rassom yashardi [2. 70]. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “N.Eshonqul tasvirlarida tasodifiylik, noaniqlik, nokerak tashbehlar uchramaydi” [ 4. 109 ]. Yozuvchi asarlarida ko‘chib yuruvchi bir obraz bor – rassom obrazi. Har ikki hikoyada ham rassom obrazi o‘quvchining diqqat markazida, hikoyalarning g‘oya va mazmunini ochib berishda kalit vazifasini o‘tayotgandek. “San’at-1” hikoyasida bir rassom mamlakat podshosi oldiga kelib, umri davomida ko‘p qiyinchilik ko‘rganini, ochlikdan qo‘rqishini lekin rasmlari juda jozibador va sehrli ekanini aytadi. Istagan suratini chizib berishi mumkinligini bildiradi. Podsho esa qarib qolgan, mamlakatda g‘alayonlar avj olar, xalq narx-navoni oshganidan, soliqlarni ortib borayotganidan uzluksiz ravishda norozilik bildirib turishar, saroy ahli esa bundan tashvishda edi. Tobora xalqning podshoga ishonchi susayib bormoqda edi. Shuning uchun ham podsho rassomga osoyishtalikni rasmini chizib berishini so‘raydi, toki odamlar g‘alayon ko‘tarmasin, shohning izmidan chiqmasin. Rassom darhol ishga kirishadi, uning qo‘li jodugarlarnikidek harakat qilar, surat chizilgan sayin podsholikdagi odamlar ham o‘zgara borar, noroziliklar barham topar, odamlar itoatda mehnat qilishar, boriga qanoat qilishar, sayrga chiqishar, qo‘shiq kuylab, raqs tushishar edi. Mamlakatda tinchlik, osoyishtalik hukm surardi. Xalq shoh bilan bir qozondan ovqat yeyishi ham mumkin edi. Xatto eng qashshoq paytlarida ham xursandchilikda kun kechirishar edi. Shoh mamnun bo‘ldi va suratni to‘riga osib qo‘ydi. Rassomni esa istaganidek taqdirladi. Rassom shu tarzda turli insonlarga xizmat qiladi. Undan xiyonatning, g‘azabning, urushning, kishanning, boylikning, ochlikning, qullikning rasmini chizib berishlarini so‘rashadi-yu, lekin hech kim undan baxtning suratini chizib berishni so‘ramaydi. Hikoya yakunlanar ekan, o‘quvchi bexos entikadi. Qator savollarga javob izlaydi: Baxt nima o‘zi? ( ehtimol, hikoya qahramonining o‘zi ham baxt nimalagini anglamay o‘tgandir, balki baxtni rostan ham tasvirlab bo‘lmas.) Rassom kim? Shunday osoyishta mamlakatni real olamdan ham topsa bo‘ladimi? Men rassomdan nimaning suratini chizib berishni so‘rar edim? Nazar Eshonqul Xolli Norboy bilan bir suhbatida “Odam o‘z umrining rassomi, har kim qanday yashasa, shunday surat chizadi, kunlarni, umrni, umrning fasllarini chizadi” degan edi. “San’at-2” hikoyasini ham xuddi ertak o‘qigandek o‘qiysiz. Hikoyada ertakdagi kabi kambag‘al oshiq va takabbur malika obrazlari aks etgan. Kambag‘al rassom yigit mamlakat malikasiga oshiq. Unga yetishmoq uchun malika istagan shartni bajarmoqchi. Shart esa malikaning surati chizish, chizganda ham xuddi jonlidek aks ettirish! Rassom ishga kirishdi. Suratni uzoq yillar bor iste’dodi, butun borlig‘i bilan chizdi. Bir burda nonga zor kezlarida, charchaganida, umidsizlik g‘olib kela boshlaganida yana malikaning go‘zal chehrasini ko‘z oldiga keltirib, kuch oldi, ranglarga o‘z qonidan qo‘shib yangi ranglar topdi, ko‘z qorachiqlariga esa ko‘zlarining nurini bag‘ishladi. Malika rassomning ustidan kulgani keldi. “U rassomni ko‘rib yanada hayratda qoldi – rassom juda ham yasharib ketgan, ko‘zlarida baxt va muhabbatning olovi yonar, yuzida ulug‘vorlik aks etar, yonida esa xuddi malikaga o‘xshash, go‘yo malikaning egizagiday, malikaning ko‘zga tashlanar va tashlanmas nuqsonlari taroshlabchiqilganday malikadanda latofatliroq, endigina ochilgan guldek so‘lim va nazokatli qiz ham turardi...U rassom qalbi va muhabbatining timsoli edi” (2. 71). Hayratdagi malikaga javoban rassom: “Suratni chizib bo‘lgach tushundim, men sizni emas, aslida sizning qiyofangizda bo‘lgan bu siymoni sevgan ekanman. Men izlaganimni topdim” deya javob beradi. Bu beixtiyor Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy”sidagi “Suv izlagan” baliqlar hikoyasini eslatadi. Tabiiyki, ular ham suvni ichida yashab suv izlaganlarini anglashlari uchun ma’lum bosqichlarini bosib o‘tdilar. Shu jumladan, rassom ham. Insonni dunyoga kelishidan muddao o‘zlikni anglash, “men”ni izlab topish. Hikoyani yakunlar ekansiz, mohiyatni izlash kayfiyatini ilg‘aysiz. “Biz aslida sevganimiz timsolidagi boshqa qiyofani sevamiz. Buni anglash uchun rassom kabi xo‘rlikni boshdan kechirishimiz kerak (2. 72). Hikoya xulosasiga munosib fikrni yana yozuvchining o‘zidan topamiz: “Biz har bir narsadan o‘zimizni o‘rab turgan borliqdan tortib, bizga, hayotimizga daxldor bo‘lgan barcha narsadan nenidir izlaymiz. Bu «ne»dir asli o‘zimizdan o‘zga narsa emas”. Download 0.93 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling