Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti
NAZAR ESHONQUL VA O‘ZBEK MODERNIZM ADABIYOTI
Download 0.93 Mb.
|
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН
NAZAR ESHONQUL VA O‘ZBEK MODERNIZM ADABIYOTIMarhabo QO‘CHQOROVA, filologiya fanlari doktori, O‘zR FA O‘TAFI yetakchi ilmiy xodimi Men Nazar Eshonqulni ilk bor “Momoqo‘shiq” qissasi orqali taniganman. Ba’zi adabiyotshunoslarimiz mazkur qissani yozuvchi Chingiz Aytmatovdan ta’sirlanib yaratganini yozishgan. Balki, shundaydir... “Momoqo‘shiq”dagi shirali ovoz sohibasi, go‘zal Muazzam esimda qolib ketgan obrazlardan biri. Ayniqsa, Muazzamning qo‘shiq kuylab, oppoq paxtazor ichida paxta terishi, ayolning oppoq paxta dalasi ichida suzib ketayotgan qizil yelkanli kemaga o‘xshatilishi negadir menga bir tomondan erish, ikkinchi tomondan shu kungacha o‘qigan asarlarimdagi noan’anaviy tasvir sifatida xotiramda qolgan. Qissadagi Muazzam, uning turmush o‘rtog‘i, Shamsi Saloh kabi qator obrazlar nihoyatda tiniq chizilgan. Oila va oilaviy baxt uchun o‘zining shaxsiy orzularidan ham voz kecha olgan o‘zbek ayoli timsolini Nazar Eshonqul juda mahorat bilan aks ettirgan. Yana bundan tashqari, badiiy matndagi bir, bir yarim betlik uzundan-uzun jumlalar ham meni hayratlantirgan. Chunki, men shu paytgacha, bunaqa uslubda yozadigan muallifni o‘qimagan edim. So‘ngra, aspirantlik yillarimda Nazar Eshonqulning hikoyalariga qiziqa boshladim. Chunki, shu paytlarda adabiy jarayonda muallifning “Maymun yetaklagan odam”, “Tobut”, “Muolaja”, “Ajr”, “Og‘riq lazzati”, “Bevaqt chalingan bong”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” kabi o‘nlab hikoyalari tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilib, dissertasion ishlarda tahlil etilayotgan edi. Nazar Eshonqulning noan’anaviy uslubda yozilgan hikoyalari, qissalari yirik adabiyotshunoslar va yosh tadqiqotchilar N.Vladimirova, U.Normatov, Y.Solijonov, G.Sattorovalarning ilmiy izlanishlarida adibning o‘zbek nasriga modern uslub an’analarini olib kirgani, yozuvchi qahramonlari ruhiyatiga xos absurd kayfiyat masalalari tahlil etildi. Bugun o‘zbek adabiyotshunosligida Nazar Eshonqulning tadqiqotchilari va muxlislari ikki guruhga bo‘lingan. Birlari muallifni “Gʻarb adabiyotga mahliyobozlik”da ayblasa, ikkinchilari “Gʻarb adabiyoti an’analarini o‘zbek nasrida mahorat bilan sintez qila olgan ilg‘or yozuvchi” sifatida baholashadi. Ammo muallif bunday tortishuvlarga zarracha ham parvo qilmadi. U ijoddan to‘xtamadi. Yozishdan, yangilik qilishdan charchamadi. Ijod qilishni o‘zining missiyasi sifatida qabul qilib, astoydil badiiy ijod bilan shug‘ullanib kelmoqda. Sirasini aytganda, Nazar Eshonqul asarlarini o‘qib, hazm etish, uning tagqatlamlarini anglab yetish oson emas. Haqiqatan ham N.Eshonqul ijodi Gʻarb adabiyotidan suv ichadi. Uning ustozlari Gʻarb adabiyotida Absurd va ekzistensial adabiyotning asoschilari Alber Kamyu, Frans Kafka, Jeyms Joys, Robet Muzil, Xuan Karlos Onetti kabilardir. Uning hikoyalari, qissalari va romanida sinovdan o‘tgan individual ijodiy uslub o‘zbek an’anaviy realistik adabiyotining birorta vakili ijodiga o‘xshamaydi. Hech bir yozuvchinikiga o‘xshamagan badiiy uslub samarasi o‘laroq yaratilgan qahramonlar ruhiyatidagi hissiyotlar, isyonkor fikrlar, dahshatli tasvirlar, o‘xshatishlar va metaforalar, ramziy-majoziy, falsafiy talqinlar, yolg‘iz insonning qalb dramatizmi va “O‘z ichiga berkinib olgan odam” obrazi kitobxonni hayratlantiradi. Ta’bir joiz bo‘lsa, zamonaviy o‘zbek prozasining yirik asoschilari A.Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, A.Qahhor, Gʻ.Gʻulom, Oybek, A.Muxtor, Sh.Xolmirzayev kabi ijodkorlar daryoning bu qirg‘og‘ida turgan bo‘lsa, N.Eshonqul esa ularga teskari ravishda go‘yo daryoning bu qirg‘og‘ida turgandek. Adibning “Tun panjaralari” qissasi qahramoni bo‘lgan yozuvchi muharrir tushunib yetmagan almayi-jalmoyi hikoyalari haqida shunday deydi: “To‘g‘ri, bu hikoyalar har jihatdan tarqoq, asoslanmagan, qurilmasi ham sun’iy. Lekin o‘sha paytlari aniq fe’llaru, aniq voqealar sho‘r suvday me’damga tekkan edi. Men “hayotiy voqealar”ni shunchalik yomon ko‘rib qolgan edimki, bu hikoyalarni ham ana shu o‘ta darajadagi aniqlikka qarshi o‘zim uchun yozgandim. Bilmadim, hikoya o‘zini oqladimi, yo‘qmi? Bu bilan zarracha qiziqqanim yo‘q. Men yozgan voqea sal g‘ayritabiiy, bolalarning cho‘pchagiga o‘xshash sal g‘alati bo‘lsa, bo‘ldi edi”65. Aslida, bu iqrorni yozuvchining shaxsiy iqrorlari sifatida qabul qilish mumkin. Uning me’dasiga tekkan metod bu – sosialistik ijodiy metod edi. Qissa qahramoni xuddi N.Eshonqul singari bir xil qolipga solingan sosialistik adabiyotdan bezib ketadi. N.Eshonqulning qaysi bir asarini olmaylik, unda g‘ayritabiiy voqealar, alamzada, baxtsiz, omadsiz, jamiyat itqitib tashlagan xaroba va chirkin kulbalarda yashovchi yolg‘iz qahramonlarni ko‘ramiz. Lekin N.Eshonqulning bunday “O‘z ichiga berkingan qahramon”laridan cho‘chimaslik kerak. “Tun panjaralari” qissasi qahramoni yozuvchi tunda Shayton bilan do‘stlashib, kunlardan bir kuni Shaytonlarning qarorgohiga boradi. “Qora kitob” qissasi qahramoni esa o‘z qizini bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yib, tong azonda namozdan qaytib kelayotgan hamrohiga o‘zining jinoyati va oilaviy fojiasini hikoya qilib beradi. Demak, N.Eshonqulning qahramonini dahriy, kofir deb qaray olmaymiz. U besh vaqt namoz o‘qiydi, masjidga boradi. Asarda qahramonning diniy e’tiqodi va o‘ziga xos dunyoqarashi aniq yozilgan. “Qora kitob” Shaytonlar tarixi bitilgan kitob edi. Qissa qahramoni bu kitobni xaroba bir uydan topib oladi. Shu tariqa u o‘z qalbini, hayotini Shaytonga (Cho‘qqisoqolga) sotadi. Shayton uning qiyofasiga kirib, yotog‘iga kirib, uning rafiqasi bilan aloqada bo‘ladi. Uning farzandlari iblisdan tug‘iladi. Katta o‘g‘li rassom bo‘lib yetishadi. U otasining portretini chizishga ming bora urinsa ham, oilasining do‘stiga aylangan Cho‘qqisoqolni chizib qo‘yaveradi. (Chunki uning asl otasi – iblis.) Kichik o‘g‘il musiqashunos bo‘lib yetishadi. U yaratgan musiqalarda odam tovushlari emas, hayvonlarning uvillashlari (masalan itning uvillashi), odamlarning oh-vohlari, dahshatli ingroqlar aks-sado beradi. O‘n olti yashar qizi iblisdan (ya’ni o‘z otasidan) homila orttiradi. Ota esa butun umr oliygohda ma’ruzalar o‘qiydi. Uning qalbini shuhratparastlik, mansab, o‘zini ko‘rsatish, sahnaning markazida turish kabi hoyu- havaslar egallaydi. U jamiyat a’zolarini ikki guruhga bo‘ladi. Kuchlilar va ojizlar. Aslida bu nazariya Dostoyevskiyning qahramoni Raskolnikovning hayotiy falsafasini eslatadi. U o‘z farzandlarini ham shogirdlarini ham shu nazariyaga asosan tarbiyalaydi. Ya’ni kuchli bo‘lishga o‘rgatadi. Domla o‘tgan umrini, oilaviy munosabatlarni tahlil etib ko‘rar ekan, Cho‘qqisoqol yillar davomida uni boshqarayotganini, uning hayotini, nafaqat shaxsiy hayotini, butun boshli oilasini fojiaviy yo‘lga boshlab kelganini anglab yetadi. U Iblisni (Cho‘qqisoqol) o‘z oilasi hayotidan quvib chiqarishga qaror qabul qilganida, juda kech bo‘lgan edi. Iblis uning ikki o‘g‘lini qurbon qiladi. Ota esa iblisning zurriyodi dunyoga kelmasligi uchun qizini bo‘g‘ib o‘ldiradi. Bu asar ham metaforalar asosiga qurilgan. Biz bu qissani ikki xil talqin qilamiz. Birinchisi: yozuvchi olam va odamning yaratilishi haqidagi qadim mifga ramziy ishora beradi. Odam Ota bilan Momo Havvo haqidagi mif va rivoyatlarni eslaymiz. Uni to‘liq bayon qilishni lozim topmadik. Shayton Odam Ota bilan Momo Havvoni yo‘ldan ozdiradi. Ular taqiqlangan mevani yeyishadi, shundan beri Inson Shaytonga aldanadi. N.Eshonqul “Qora kitob” qissasida ana shu azaliy falsafiy g‘oyaga ramziy yondoshadi. Ikkinchisi: Inson hayoti doimiy ravishda kimlarningdir (Shayton – ehtimol bu mavjud ijtimoiy-siyosiy ramzlarga ishoradir) yoki qandaydir g‘oyalar va tushunchalar, siyosiy o‘yinlarning qurboniga aylanadi. Ya’ni inson o‘zi yashayotgan jamiyat tuzumdan va siyosiy-mafkuraviy g‘oyalardan tashqariga otilib chiqib keta olmaydi. Bizningcha, Shayton – o‘sha mafkuraviy tushuncha va g‘oyalarning, siyosiy maqsadlarning ramziy timsolli obrazi. Bunday dahshatli voqealarni, tasvirlarni hozirgi o‘zbek prozasida N.Eshonqulgina mahorat bilan aks ettirdi. Shaytonga imonini sotgan qahramonlar taqdiri jahon adabiyotining ko‘plab vakillari ijodida uchraydi. Lekin N.Eshonqul ulardan farqli ravishda, boshqalarni takrorlamagan holda ekzistensial va absurd falsafa bilan boyitdi. Uning qahramonlari 65 Eshonqul N. Tun panjaralari // Yalpiz hidi. – Toshkent: Sharq, 2008. – B. 175. xuddi Kamyu qahramonlari singari ma’nisizlik ichida ham fikrlay oladi. Ya’ni, yozuvchi (“Tun panjaralari”), domla (“Qora kitob”), N. (“Go‘r o‘g‘li yoxud hayot suvi), Muxbir (“Bahouddinning iti”), rassom chol (“Maymun yetaklagan odam”), qorovul (“Bevaqt chalingan bong”), kelinchak (“Ochilmagan eshik”) va h.zo. qahramonlarni eslashimiz mumkin. Binobarin, Nazar Eshonqul “Olamlar birlashgan makon” essesida yozadi: “Fikr – botiniy qiyofa, odamning, shaxsning ichki qiyofasini ko‘rsatib turuvchi ko‘zgu. Fikri yo‘q odamning qiyofasi ham bo‘lmaydi. Fikr odamning o‘zligini, o‘ziga xosligini bildirib, mavjudligini bildirib, mavjudligini ko‘rsatib, talab qilib turadi. Fikr, aslida, “men mavjudman” degani. Fikr yo‘q joyda olomonchilik va johillik qo‘pchiydi. Mening fikrim – bu mening qiyofam. Boshqanikiga o‘xshamasligi, birovga yoqmasligi mumkin, ammo u mening qiyofam. Agar u fikr deyishga arzisa, albatta. Fikr odamning barmoq izlari kabi o‘ta xususiy, o‘ta shaxsiy bo‘ladi”66. Demak, muallifning badiiy publisistikasi orqali uning ijodiga kirish qiladigan bo‘lsak, ba’zi tadqiqotchilarimiz o‘rganganidek, N.Eshonqul qahramonlari “qiyofasiz qahramon” emas ekan. Aksincha, botiniy qiyofasiga ega bo‘lgan fikrchan, odamlar ekan. Umuman, N. Eshonqul qahramonlari xoh hikoyasi, xoh qissasi, xoh romani bo‘lsin, ularda tasvirlangan bosh qahramonlar o‘zlarining mavjudligini isbotlashga harakat qiladi. Nazar Eshonqul o‘zbek adabiyoti maydoniga 80-yillar oxirida kirib kelgan bo‘lsa, qariyib 35 yildan beri tinim bilmay ijod qilyapti. Nazar Eshonqul deyilishi hamono “O‘zbek modernizm adabiyoti” degan istiloh xayolimizga keladi. Darhaqiqat, muallif o‘zbek modernizm adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Uning “Maymun yetaklagan odam”, “Ajr”, “Ochilmagan eshik”, “Muolaja”, “Tobut”, “Og‘riq lazzati”, “Qo‘l”, “Bahouddinning iti”, “Qultoy”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” kabi o‘nlab hikoyalari, “Tun panjaralari”, “Qora kitob” qissalari, “Go‘r o‘g‘li yoxud hayot suvi” romani o‘zbek modernistik adabiyotining go‘zal namunalaridir. N.Eshonqul yangi o‘zbek nasriga XX asr Gʻarb adabiyotining ilg‘or va yirik vakillari H.Hesse, Akutagava, T.Mann, F.Kafka, S.Bekket, Borxes, F.G.Lorka, U.Folkner, J.Joys, M.Prust, A.Kamyu, X.Kortasar, G.G.Markes, J.Oruell, J.P.Sartr, Ya.Kavabata, Onetti, X.Rulfo, T.Eliot, E.Ionesko, Gyote, R.Bredberi, A.S.Ekzyuperi, Knut Gamsun, F.Dyurrenmatt, P.Ellyuar, R.Muzil, E.Xeminguey, Mario Vargas Losa, G.Flober, R.Kiplinglarning ijodiy mahoratini jiddiy o‘rganib, o‘z ijodida unumli foydalandi. Hatto, ularning har biri haqida esselar yozdi. Bu esselar N.Eshonqulning “Men”dan mengacha” hamda “Ijod falsafasi. “Men”dan mengacha - 2” to‘plamlariga kirgan. Xususan, muallif yangi o‘zbek nasriga absurd adabiyotga xos badiiy shartlilik tasvirlarini, intellektual nasr elementlari va yangicha psixologik tasvir vositalari (“O‘zi ichiga berkingan odam”, “Qiyofasiz odam” ruhiy tahlili)ni olib kirdi. N.Eshonqul har bir o‘qib-o‘rgangan adibidan nimadir, qandaydir yangilikni o‘zlashtirib, sun’iy ravishda emas, tabiiy, hayotiy tarzda yangi o‘zbek milliy nasriga mahorat bilan tadbiq etdi. Bundan ancha yillar oldin Nazar Eshonqul prozasini tahlil etgan N.Vladimirova shunday yozgan edi: “Eshonqulov ijodi avvalambor shunisi bilan qiziqki, yozuvchi toptalgan yo‘llardan voz kechdi. Uning izlanishlari mahsuldor bo‘lishi mumkin, bizga ular tushunarsiz, boshi berk ko‘chaga yetaklaydigandek tuyulishi mumkin. Shu bilan birga, bu yozuvchi janrni yangilashga bo‘lgan intilishi bilan e’tiborimizni tortadi”67.Olima juda to‘g‘ri ta’kidlaganidek, N.Eshonqul nafaqat hikoya janrini yangiladi, balki, umuman, hozirgi o‘zbek nasriga yangi tasvir va yangi obrazlar olib kirdi. Iste’dodli adibning shu kunga qadar chop etilgan “Yalpiz hidi”, “Shaftoli guli”, “Go‘r o‘g‘li yoxud hayot suvi”, “Mendan men”gacha”, “Ijod falsafasi. “Men”dan mengacha – 2” kabi badiiy va publisistik to‘plamlari qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilib kelinmoqda. Muallif kinossenarist sifatida seriallarning ham muallifi. U yozgan ssenariy asosida ishlangan ko‘p seriyali filmlar millionlab xalqimiz tomonidan qiziqib tamosha qilindi. 66 Eshonqul N. Olamlar birlashgan makon / Mendan “Men”gacha – Toshkent: Akademnashr, 2014. – B. 14. 67 Vladimirova N. Razvitiye uzbekskoy prozы XX veka i voprosы xudojestvennogo perevoda. – Tashkent: Fan, – S. 167. Yaqinda O‘zbekiston jurnalistika ommaviy axborot kommunikasiyalar universitetida yozuvchi bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazdik. Talabalarimiz orasida “nazarparastlar” bor. Nazar Eshonquldek yozishni, fikrlashni, ijodkor bo‘lishni istovchi talabalar bor. Ikki soatdan oshiq kechgan uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni adibga berishdi, javob olishdi. Shaxsan men bu adabiy kechada chekkada o‘tirib, yozuvchini kuzatib, uning gaplarini diqqat bilan eshitib, kuzatdim. Men doktorlik dissertasiyamda Nazar Eshonqul asarlari tadqiqiga 50 sahifa ajratgan bo‘lsam ham, yozuvchining badiiy asarlari hali hamon men uchun ochilmagan qo‘riqdek gap. O‘rganayotgan yozuvchilarimning juda ko‘pchiligi bilan yaqin do‘stona munosabatdaman. Erkin A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Shoyim Bo‘tayev, Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam, Luqmon Bo‘rixon, Bahodir Qobil, Qo‘chqor Norqobil, Nabi Jaloliddin, Ashurali Jo‘rayev kabi o‘nlab ijodkorlar bilan telefon suhbatlar qilaman. Ba’zan yuzma-yuz uchrashib, uzoq suhbatlashaman. Ammo Nazar Eshonqul bilan biron marta yuzma-yuz o‘tirib suhbat qilmadim. Yozuvchilarim ichida eng odamovisi Nazar aka bo‘lsa kerak. Xuddi o‘zining odamovi qahramonlaridek... Shuning uchunmi, jurnalistika universitetida o‘tkazilgan adabiy uchrashuvda men yozuvchini zimdan kuzatdim. Uning o‘zini tutishi, gapirishi, asabiy tarzda oyoqlarini qimirlatishi, ko‘z-qoshlarini tinimsiz qisib qo‘yishi mening nazarimdan chetda qolmadi. Uning adabiyot, badiiy ijod, ilhom, jahon adabiyoti, o‘zbek adabiyoti xususidagi gaplari menga juda ma’qul keldi. Adibning ulkan tafakkurini yana bir bor ko‘z o‘ngimda og‘zaki suhbatlari orqali tasdiqlatib oldim. Nazar aka badiiy tafakkuri, intellektual darajasi nihoyatda yuqori ijodkor. Shuning uchun Nazar Eshonqulning har bir yozgan asari men uchun qiziq. Ularni o‘qib, tahlil etsam, fikrlasam o‘zimda ichki qanoat hosil qilaman. Sevimli yozuvchimiz mana yaqinda muborak 60 yoshini qarshilamoqda! Nazar aka, 60 yillik davonga zalvorli badiiy asarlari bilan eson-omon yetib keldi! Tani-joningiz omon bo‘lsin, Nazar aka! Asarlaringiz dunyo turguncha tursin! Download 0.93 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling