Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti
O‘ZLIKNI ANGLASH IZTIROBI YOXUD YOZUVCHIDAN MILLATPARVARGACHA
Download 0.93 Mb.
|
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН
O‘ZLIKNI ANGLASH IZTIROBI YOXUD YOZUVCHIDAN MILLATPARVARGACHA...Sanobar TO‘LAGANOVA, filologiya fanlari doktori Bo‘limda doktorantlardan malakaviy imtihon bo‘layotgan edi. Ulardan biriga N.Eshonqulning ijodi bilan bog‘liq savol tushibdi. Doktorant bilganicha javob berdi. Shunda hamkasblarimzdan biri “yozuvchi ijodining yutuq va kamchiliklari xususida nima deya olasiz, bu borada shaxsiy fikringiz qanday”, deb so‘radi. Tadqiqotchi dabdurustdan “yutug‘i uning milliyligida” deydiyu, u yog‘iga o‘zi aytgan javobini izohlab bera olmadi. Uni tinglab turganlardan biri “balki kamchiligi haqida gapirayotgandirsiz, asarlarida g‘arb ohangi kuchli- ku” deb qoldi. Bu e’tiroz bahona yozuvchi ijodi haqida munozara, to‘g‘rirog‘i, fikr almashinuv bo‘lib o‘tdi. Imtihon ishtirokchilaridan biri “yozuvchi asarlarida milliy ruh masalasi ikkinchi planda, u adabiyotga universal odam obrazini olib kirdi, uning ideali millat va din masalasidan yuqoriga ko‘tarila olgan umumbashariy g‘oyalar tashuvchisidir”, degan jo‘yali mulohazani qo‘shdi. O‘ylashimcha, bu ham bahsli fikr. Hamma o‘z so‘zini aytdi, kimdir qarshi, yana kimdir oqlovchi, xullas, qarashlar turlicha... O‘rtaga tashlangan savolni o‘zimcha tahlil qildim. N.Eshonqul haqidagi qarashlarimni qaytadan taftish qila boshladim. Tasavvurimda yozuvchining ijodiy qiyofasi bilan bog‘liq bir qancha mulohazalar bor edi. Ko‘z oldimda g‘arb adabiyotiga ixlos qo‘ygan moderinst, hayotiy voqelikni boricha haqqoniy yo‘lda tasvirlovchi realist, jahon adabiyotining zukko bilimdoni, badiiy-falsafiy mulohazalari ila aqlni hayratga solib fikrlashga undovchi mahoratli esseist, dunyo madaniyatining ulkan bilimdoni, xalq og‘zaki ijodini yaxshi biluvchi ziyoli, kino madaniyatidan yaxshigina xabardor mutaxassis kabi qiyofalari namoyon bo‘ldi. Bu turli qiyofalar birgina N.Eshonqul siyratida jam bo‘ladi. Yozuvchi siyratida faylasuf Olim va moderinst ijodkor “men”i o‘zaro uyg‘un tarzda namoyon bo‘ladi. Asar ortida turgan muallifning teran tafakkurini, keng qamrovdagi fikrlashini, poetik tafakkur tarzini anglash mushkul emas. Hali bular biz anglaganmiz, anglamaganimiz ko‘proqdir balki... Qiyofalar o‘z yo‘liga ammo yozuvchi ijodida milliylik masalasi mulohazali savol edi. O‘zimcha tanigan va idrokim yetganicha anglaganim N.Eshonqul ijodida milliylik kategoriyasi qay darajada akslanadi? Zamonaviy o‘zbek nasrida Nazar Eshonqul ijodi o‘ziga xos salmoqli o‘rin egallaydi. Yozuvchi uslubi, voqelikka yondashuvi, tasvir va talqindagi o‘zgachaligi bilan zamondoshlaridan farqlanib turadi. Muallif asarlarida o‘zligini anglash yo‘lida o‘z-o‘zi bilan kurashayotgan Shaxs qiyofasi, uning anglamlari, hissiy kechinmalari butunlay yangi rakurslarda ko‘rsatilishi e’tiborga loyiqdir. N.Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam”, “Ajr”, “Ochilmagan eshik”, “Muolaja”, “Tobut”, “Og‘riq lazzati”, “Qo‘l”, “Bahouddinning iti”, “Qultoy”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” kabi o‘nlab hikoyalari, “Tun panjaralari”, “Qora kitob” qissalari, “Go‘r o‘g‘li yoxud hayot suvi” romani o‘zbek zamonaviy nasrini go‘zal namunalar bilan boyitdi. O‘zbek badiiy tafakkurida N.Eshonqulning o‘ziga xos o‘rni va xizmati borligini inkor etib bo‘lmaydi. Uning o‘zbek falsafiy esseistikasini shakllantirish yo‘lida ko‘rsatgan ma’rifiy xizmatlari tahsinga loyiq. N.Eshonqul haqida adabiyotshunoslikda turlicha qarashlar mavjudligi sir emas. Bu adibning shaxsiyati va o‘ziga xos tabiati bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Uning tabiatida maddohlik va yaltoqlik, shuhratga o‘chlik, amalga intilish kabi nafsga bog‘liqlik sezilmaydi. Muallif realizmda va moderinizmda ham kuchini sinab ko‘rdi, ikkalasida ham o‘quvchi ishonchini oqladi, nazarimda. Har ikki yo‘lda ijod qilgan yozuvchi shaxsiyatidagi sovuqqonlik deb o‘ylaganim, aslida bag‘rikenglik, manmanlik esa kamtarlik, kibr xokisorlik ekanligini keyinchalik angladim. Yozuvchi asarlari biz ko‘nikib odatlangan adabiy qoliplarni butunlay parchaladi. Hali ham biz bunga “rozi” bo‘lganimiz yo‘q. Shuning uchun bilib bilmay, o‘qib o‘qimay ularni qoralaymiz, o‘zimiz uchun qulay yo‘lini topganmiz. Har qanday yangilikning qabul qilinishi oson bo‘lmaydi. Binobarin, yozuvchining ijodidan hayajon, zavqni to‘yish, ta’sirlanish unchalik ham havas qilgudek emas Loqayd sovuqqon ohang, badbin kayfiyat, jamiyat hayotidan qadr topmagan alamzada, ijtimoiy muammolar girdobidagi qahramonning falsafaga to‘yingan uy xayollari odamni iztirobga soladi. Badiiy asarning badiiy estetik qiymati nima bilan o‘lchanadi? Hayotning faqat qorong‘i tomonlarini ko‘rsatish insonni umiddan uzoqlashtirib qo‘ymaydimi. Nahot shunday katta iste’dod egasining shunchaki adabiy “oliftagarchilik” qilishi, murakkab tasvir usuli, fikr ifodasidagi tasvirning buyoqdorligi metaforalarga boy talqin atayin tanlangan usulmi degan so‘rovlar fikrga turtki beradi. Muallifning qotib ulgurgan adabiy ana’nalardan voz kechib yangi ijodiy qirg‘oqlarni kashf etishdan boshqa xizmati ham bormi degan savollar odamni ikkilantirardi. Bu savollarga yozuvchining publisistik maqolalarini o‘qiganimdan so‘ng javob topganday bo‘ldim. Kitobning “Mendan mengacha” nomlanishi, ichki tartib, kompozision yaxlitlik barchasi muallif ijodida shakliy jihatdan yangilanishining o‘ziga xos namunasi deyish mumkin. Kitob bilan tanishgan odam butunlay kutilmagan rakursdagi yondashuv usuli, jahon adabiyoti durdonalari bilan birga ulkan yozuvchilar hayoti, ularning ijodi bilan bog‘liq chuqur tahliliy maqolalar bilan tanishadi. Yozuvchining mazkur maqolalarini o‘qigan o‘zbek kitobxoni o‘zining qadrli ma’rifatparvar fidoiy olimini topganday bo‘ladi. N.Eshonqul “Mendan mengacha”ni e’lon qilishi bilan kitobxonlar davrasiga bir qadar yaqinlashdi, nazarimda ularning “o‘zinikiga” aylandi. Kitob o‘zbek o‘quvchisi uchun juda kerakli va zarur ma’rifiy qo‘llanma vazifasini bajaradi. Mazkur asar kitob muallifining bizga hali anglab yetilmagan qirralarini namoyish qildi. Yozuvchining intelektual salohiyati va o‘zbek adabiyotini jahon adabiyotining bir bo‘lagi sifatida ko‘rishi dunyo e’tiboridagi ijodkorlar hayotini asarlari bilan parallel ravishda o‘rganishi kabi jihatlari bilan estetik qiymat kasb etadi. Birinchi navbatda kitobning nomlanishiga to‘xtalib o‘tish joiz. “Mendan mengacha...” juda qiziq va e’tiborni tortadi. Mendan mengacha demak, “men” o‘zini ayovsiz taftish qiladi, koinot qadar parvoz qiladi va yana o‘ziga qaytadi. Bu juda og‘ir ruhiy jarayon. “Dan” va “gacha” oralig‘idagi voqelik inson qismatini hal qiladigan lahza, voqelik, aslida. Kitobni o‘qigan kitobxon ko‘z o‘ngida millat adabiy didi va ma’rifati yo‘lida ma’sullikni zimmasiga olgan o‘zbekning Ziyolisini jonlanadi. Men o‘zim uchun hali anglamagan adibning yangi qiyofasini kashf etgan edim. Inson o‘zini, o‘zligini anglashi... uni bilish, tushunish, ko‘ndirish.. bu tartibni uzoq davom ettirish mumkin. Insonning makro va mikro olamdagi o‘rni, tiriklik mohiyati, koinot va hatto cheksiz koinotdan ham keng bo‘lgan inson qalbi suratlari, ziddiyatli hayotiy manzaralar, jamiyat hayotidan qoniqmaslik hissi barcha barchasi kitobda o‘z aksini topgan, desam mubolag‘a bo‘lmas. Mazkur sarlavhada insonning o‘z “men”iniga quloq tutish, uning iztiroblarini va armonlarini tushunmoq va tushuntirmoq aks etgan. Odamzot o‘z “men”ini ko‘pam anglayvermaydi, yoxud istamaydi yoki o‘zini olib qochadi. Muallif biz qochgan anglash azobiga yaqinroq keladi, yuzma-yuz qarshisida turadi, mohiyatning ildizlariga nazar soladi. N.Eshonqul yozuvchi sifatida ijodida yangi yo‘l, o‘ziga xos tutimlar, ohorli tashbeh, intilektual falsafiy metafora, yangilangan timsol va ramzlar istifodasi kabi poetik usullardan samarali foydalandi. Kitob o‘quvchi uchun kuzatilmagan yangi qirg‘oqlar haqida so‘zlaydi, yangi mulohazalar sari yo‘l boshlaydi. To‘g‘ri, undagi ijodkorning hamma fikrlarni birday qabul qilib bo‘lmasligi yoki bahslashish ham mumkin. Ayniqsa, g‘arb va sharq faylasuflari o‘zaro muqoyasa qilishda bir oz zo‘rakilik ham seziladi. Eng muhimi kitob o‘quvchini o‘ylashga, fikrlashga, tahlilga chorlaydi, yangi mushohadalarga yo‘l ochadi. Kitob sahifalari ortida turgan muallifning teran nigohini sezish qiyin emas. Asarda katta olim, faylasuf, folklorshunos, adabiyotshunos kuchli munaqqidning o‘zga xos tashbehlari, serqatlam mushohadalari, sizni ko‘nikilmagan orol sari boshlaydi. Yozuvchi uchun asar syujeti va voqelik yuz beradigan adabiy makon bu Inson qalbi. Butun nigoh va tafakkur inson ko‘ngli tomon yuzlanadi. Uning qahramoni kechinma va iztirob. Shu bois yozuvchi suhbatlarning birida shunday yozadi; “Adabiyot, avvalo, bizning ichkarimizga boqishiga o‘z qalbingiz, xayolingiz, erkingiz egasi bo‘lishga o‘rgatadi: ichkaringizda hali o‘zingizniki bo‘lmagan juda ko‘p narsa bor. Kitob o‘qilgan sayin ichkaringiz koinotdan ham kengroq va bepoyonroq ekaniga amin bo‘lasiz. Siz, avvalo, ichkaringizdagi jaholatni o‘ldirmay turib, tashqi jaholatni o‘ldira olmaysiz”. Uning uchun ijod mana shu ruh erkinligi va so‘z mustaqilligi demakdir. Yozuvchining “Go‘ro‘g‘li” romanini to‘g‘risi o‘qishga ancha qiynaldim. Hazmi unchalik yengil emas, timsol va ramzlarga yashiringan mohiyat, ma’ni qidirish, anglashi qiyin kechgan metaforik talqin tasvirdagi murakkabliklar sizda berk ko‘chaga kirib qolganday tassurot uyg‘otadi. Aslida, yozuvchi asarlari zamirida iqror va tavbalar, o‘z “men”iga sirtdan qarash, o‘ziga nisbatan nihoyat darajada talabchanlik, hatto o‘z “men”ining tobeligi ustidan kulishgacha bo‘lgan zo‘riqish o‘quvchiga ham ruhiy bosim o‘tkazadi. Roviyning doimiy tanqidiy nigohi o‘quvchiga ham o‘z “men”i bilan o‘zaro muloqotga kirishishiga yo‘l ochadi. Qahramon kechinmalari odamni ezib tashlaydi, hikoya qilishdagi bir xil uslub, biz o‘rgangan syujet yo‘qligi kitobxon diqqatini hikoyachining bir xil ohangda so‘zlashi, ishqilib, avvaldan ko‘nikkanmiz singari voqelar ortidan ergashib ketish qiyin masala. Qahramon iztiroblari sizga ta’sirini o‘tkaza boshlaydi, o‘zingizning jamiyat hayotida tutgan o‘ringizni o‘ylab ko‘rishingizga undaydi. Umidsizlikdan najot, ma’nisizlikdan mazmun qidiriladi. Xullas, romanni bir tekisda o‘qib chiqish sabrni talab etadi. Qolaversa, asarni o‘qish uchun maxsus bir tayyorgarlik kerak ekanligini bilsamda, ammo buning tub sababini tushunmasdim. Nima uchun badiiy asarni o‘qish uchun maxsus tayyorgarlik kerakligini qabul qila olmasdim. Badiiy asarni o‘qish uchun “maxsus” tayyorgarlik yo‘q, adabiy did haminqadar bo‘lganligi uchunmi romanni tushunishga baribir “tishim o‘tmadi” “xos” bo‘la olmadim. Ammo ko‘nglimda qandaydir ishonch bor ediki, XXI asr romanini N.Eshonqul yozsa kerak... Oradan vaqt o‘tib bir kun ustoz olim I.Haqqulning romanni mutoala qilib o‘tirganiga ko‘zim tushdi. Domladan kitob haqida so‘radim. Avval to‘liq o‘qiy olmagan edim, endi ikkinchi marta o‘qishga chog‘langanini aytdilar. “Avval ham o‘qiganman, ammo bir oz malol kelgan edi. Endi jiddiyroq talab bilan o‘qisam asarning kuchi unga yuklatilgan ijtimoiy yuki, zalvori bilan belgilangan ekan. Mustaqillik arafasida tarixiy vaziyat juda ko‘plab ziyolilarni sinovdan o‘tkazdi, ko‘pchilik osongina taslim bo‘ldi. Oramizda ikkilanganlar ham yo‘q emasdi. Ammo Nazar Eshonqul yagona ishonsa bo‘ladigan Shaxs ekanligiga o‘sha yillari guvoh bo‘lganman. Men asarni o‘qish jarayonida o‘tgan asrning 90-yil voqealarini qaytadan boshdan kechirdim, Vatan va millat qayg‘usidagi harakatlar, eshik ostonasida sarg‘ayib o‘tirishlar, qachon seni chaqirishlarini hadik bilan kutishlar, o‘zingning odam ekanligini isbotlay olmay dovdirashlar barchasi yana ko‘z oldimda qaytadan jonlanganday bo‘ldi. O‘sha og‘ir kunlarning ruhini va alamlarni yangiladi. Dahshat, sizlar ham bir o‘qinglar bir o‘tirib gaplashamiz.” dedilar. Nima uchundir domla aytgan ruh menga begona edi... Demak, voqealikni ko‘rgan, bilgan, boshdan kechirgan odamga asarning ta’siri o‘zgacha bo‘lishi ham bir badiiy qonuniyat. Asarning resepsiya jarayoni, tarixiy voqelikning badiiy fonda berilishi kabi poetik unsurlarni ham e’tiborda saqlash lozim ekan. Lekin afsuski, asarni o‘qigan hamma o‘quvchi ham voqelikning guvohi bo‘lavermaydi... xullas qovushmagan o‘y xayollar bilan karantin oradagi uzilishlar bo‘lib asar xususida gaplashish imkoni bo‘lmadi. Mavzudan chalg‘iganday bo‘ldik, ammo bular adib ijodi mohiyatini, siyratidagi muallif “men”ini anglash istagidagi o‘quvchining mulohazalaridir. Romanga yoki kichik bir hikoyaga yuklangan ijtimoiy dard, uning zalvori, qadr qiymati poymol etilgan inson qismati, qadriyatlaridan yiroqlashgan qahramon xayolotning cheksiz sarhadlarida parvoz qila olishi yozuvchi uslubidagi orginallikni ko‘rsatadi. Birgina “Maymun yetklagan odam” hikoyasida butun millat fojiasining xronologik tartibi badiiy ramzlar orqali ochib beriladi. Nazar Eshonqul “Maymun yetaklagan odam” hikoyasida o‘zbek millati tarixidagi yuz bergan milliy fojialarni bir qator ipga tizadi. Har bir rasm ostiga raqamlar qo‘yiladi. Butun romanga arzigulik voqelikni yozuvchi kichik bir hikoyaga sig‘diradi ramzlar orqali fikrini ifodalaydi. Muallif “Ijod ilohiyotga daxldorlikdir” maqolasida hikoyaning tarixi haqida shunday yozadi: ”Menga “Odam o‘z umrining rassomi, har kim qanday yashasa, shunday surat chizadi, kunlarni umrni, umrning fasllarini chizadi” degan fikr kelib qolgan”. “1957”, “1947”, “1937”, “1928” “1926”, “1921”yillar sanasi Turkiston tarixidagi qizg‘aldoq rangiga bo‘yalgan sanalar. Millat tarixining alamli kunlarini qisqa va lo‘nda tarzda ayta olish, tasvir va talqindagi o‘ziga xoslik yozuvchining mahoratidan xabar beradi. Har bir surat va raqam ostidagi yozuvda muallif qalbidagi alamli yaralarning izi akslangan deyish mumkin. Bu kabi xususiyatlar millat chinakam fidoyisi, ma’rifatli ziyolisining ijodiy qiyofasini ko‘rsatadi. Muallif estetik ideali ma’rifat yo‘lida kurashga chog‘langan millatparvar Shaxs ekanligini badiiy asarlariga nisbatan uning publisistik maqolalarida, esselarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shaxsiy butunlik, shaxsiyat va adabiy vijdon masalasi yozuvchi ijodiy pozisiyasida birlamchi ahamiyat kasb etadi. Uning qahramoni ozodlik uchun ochiq tashviqot yurgizmaydi, kurashga chorlamaydi, aksincha fikriy uyg‘oqlikka chaqiradi. Ruhiy hurriyat, fikriy mustaqillik yozuvchining ijodiy shiori deyish mumkin, Uning asarlarida qandaydir bir erkinlikning o‘ziga xos epkinlari bor. Muallif asarlarida jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topa olmagan, to‘g‘rirog‘i topishdan mahrum qilingan Inson qiyofasi aks eadi. Jamiyat tomonidan tahqirlangan, o‘zligini unutishga mahkum etilgan, qadriyatlari poymol etilgan, erki kamsitilgan Shaxsning fojiasi ko‘rsatilgan. Qahramon va muallif hayotini parallel ravishda kuzatsak, mana jamiyat hayotida o‘rini topa olmaslik va qadrsizlik masalasi muallifning o‘ziga ham begona emasday ... Yozuvchi asarlarini tadrijiy ravishda kuzatilsa, unda yoritilgan asosiy voqelik o‘tgan asrning 90-yillariga to‘g‘ri keladi. Millatning istiqlolga yetish yo‘lida olib borilgan harakati, undagi ziyolilarning faolligi, ona tili uchun kurashdagi fidoyiliklari yozuvchi asarlari uchun zamin bo‘lib xizmat qilgan. Muallif har bir asarida inson ko‘nglini shunchaki tasvirlab qo‘ymaydi, balki uning kechinmalarini tadqiq etadi, tadqiqni talqin qiladi. Shu bois uning uchun “Adabiyot inson qalbi haqidagi eng ulkan bilim, eng ulkan tadqiqot” hisoblanadi. Muallif asarlarida inson qalbini keng qamovli faylasufning nigohi bilan chuqur tadqiq etadi, uning holatlarini bamaylixotir hikoya qiladi. Aynan mana shunday “bamaylixotir” bo‘lish uchun katta qalb, bag‘rikenglik kerak. Bu esa aql darajasi juda yuqori bo‘lgan faylasuf nigohini anglatadi, menimcha. N.Eshonqul badiiy falsafiy tafakkurning eng yuqori pog‘nalarida so‘zlaydi, yuksak pardalarda fikrlaydi, dunyoviyko‘lamdaxulosalaydi. Muallif Inson zotining iztiroblaridan, azoblaridan hikoya qiladi. Buning tagzamirida yozuvchi insonni e’zozlashi va qadr topishini istaydi. Yozuvchi elni, millatni ma’rifatga chaqiradi, jaholatni qoralaydi. Millatparvarlik nimadan boshlanadi, jaholatga qarshi kurashgan va nafsi ustidan g‘alaba qozongan Shaxsning o‘zga millat vakillarini kamsitmasdan, o‘z milliy qadriyatlarini avaylab, milliy g‘urur va milliy birlik tuyg‘usini namoyon etishidir. Yozuvchi ijodida millatparvarlik tushunchasi uning ijodiy konsepsiyasining asl mag‘zini tashkil qiladi. Download 0.93 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling