Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


JAMIYATNING BADIIY TASVIRIDA RAMZIY OBRAZLAR


Download 0.93 Mb.
bet24/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

JAMIYATNING BADIIY TASVIRIDA RAMZIY OBRAZLAR




A.QOSIMOV,
FarDU professori, filologiya fanlari doktori


XX asrning 80-yillari oxiriga kelib o‘zbek nasriga kirib kelgan Nazar Eshonqul, Shodiqul Hamroyev, Shoyim Bo‘tayev, To‘xtamurod Rustamov singari yangi avlodni, ular turli yo‘nalishda ijod qilishlaridan qat’i nazar, bir jihat – eskicha shakl va dunyoqarashdan qoniqmaslik birlashtirib turadi.
Adabiyotshunos Sh.Normatova o‘z davrida ushbu avlodga ta’rif berib, “ular inson ruhiyati tahlili vositasida voqelikni tadqiq etmoqdalar”57, degan fikrni aytganda haq edi. Chindan ham mazkur ijodkorlar insonni o‘ziga xos tarzda kashf etishga, o‘rganishga va tahlil etishga intiladilar.
Bu jihatdan hozirgi o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rni va ovoziga ega bo‘lgan Nazar Eshonqul ijodi diqqatga sazovor. Uning ijodida ramzlar muhim o‘rin tutadi. Yozuvchi ijtimoiy hayotning ba’zi jihatlarini bo‘rttirib tasvirlash vositasida jamiyat hayoti haqida fikr yuritishni yoqtiradi. Bu jihatdan uning ijodidagi dastlabki hikoyalari xarakterlidir.
N.Eshonqulning 1989 yilda chop etilgan “Muolaja” hikoyasini sho‘rolar tuzumiga nisbatan parodiya deb qabul qilish mumkin. Unda erkin fikrdan mahrum, itoatkor, mute kishilar yashaydigan jamiyat tasvirga olinadi. Hikoya muxbir yigitning ismsiz professor bilan suhbati asosiga qurilgan.
Professor obrazi o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Agar bemorxonani jamiyat deb olsak, professor mana shu jamiyatning mafkuraviy yetakchisi sifatida namoyon bo‘ladi. Suqrotona qiyofali, miqti jussali bu kishi insonlarni o‘ziga jalb etishni, ularning mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lishning uddasidan chiqar edi. Chunki odamga doimo iliq va sinovchan tikilib turadigan ko‘zlari uni yana ham ulug‘vorroq ko‘rsatar edi. Hikoya so‘ngida muxbir yigitda ham professorga nisbatan hurmat hissi paydo bo‘ladi.
Professor o‘zining absurd g‘oya va rejalari bilan muolaja jarayonini takomillashtirishni o‘ylaydi:
“ — Mana, bu binoni, — dedi professor biz endi qurila boshlagan ulkan inshootning oldiga kelgach, — bizning muolajamiz va muvaffaqiyatimiz avlodlarni ham doim hayratga solib, bizning xolis va ulug‘ niyatimizni aks ettirib turish uchun bosh miya shaklida qurmoqchimiz. Bu ruhiy holat bo‘limi bo‘ladi. Kasalni uning qarshisiga olib kelib, tomosha qildiramiz, so‘ng xuddi kasalning miyasidagi kabi nozarur qismning chirog‘ini o‘chirib, qolgan qismini ravshanlashtiramiz. Bu tajriba taxminan bir haftagacha davom etadi, balkim ko‘proqdir, natijasi bino qurilib bo‘lgach aniq bo‘ladi. Mana shu holat kasalni muolajaga tayyorlaydi, u ham beixtiyor miyaning qolgan qismi bilan aloqani susaytiradi, u bilvosita binoga taqlid qila boshlaydi. Binoning shukuhi va salobati uni rom qilib qo‘yadi, shu taqlid ta’sirida hech bir tashqi kuchsiz kasal o‘zini muolajaga tayyorlaydi. Bu muolajani osonlashtiradi.
Biz binoning ulkanligi, bahaybatligiga qarab hayratlanib turar, professor esa uning har bir qavatida joylashgan uskunalarning vazifasini tushuntirar, uning butun vujudi hozir nurli istiqbol bilan chulg‘angan, go‘yo o‘sha olis quyoshning yog‘dulari halitdan uning chehrasiga tushayotgandek edi.

  • O‘ylaymanki, bu yerdan qutlug‘ niyatlar bilan chiqib ketmoqdasizlar, — dedi professor, bizni shifoxonaning torgina panjarali darvozasiga kuzatib chiqqach.

  • Ishni endi boshladik, katta muvaffaqiyatlar arafasida turibmiz. Bizning shifoxona


57 Normatova Sh. Erkin adabiyot darakchilari //Yoshlik, 1991. -№ 4. -B.43.
davrimizning eng nodir va shavkatli voqeasi bo‘lib qoladi, bashariyat hali bizlardan ko‘p minnatdor bo‘ladi”58.
Hikoyada stalincha zo‘ravonlik siyosatining erkin fikrli kishilar boshiga solgan azob- uqubatlariga, barchani bir xil fikrlaydigan, bir qolipdagi kishilarga aylantirishni maqsad qilib olgan tuzumga nisbatan ishora seziladi. Asarda ozod dunyo orzusi bilan yashovchi bemorlarni savalash bilan davolash usullari batafsil bayon qilinadi.
Nazar Eshonqulning “Tobut” hikoyasi esa problematikasi, bayon uslubi bilan Kamyuning “Vabo” romanini yodga soladi. Bu haqda zamonaviy o‘zbek hikoyachiligi xususiyatlarini o‘rgangan G.Sattorova ham fikr bildirgan edi59. Asar noma’lum sabablarga ko‘ra o‘lim ko‘paygan olis shaharga ketayotgan tekshiruv guruhiga a’zo bo‘lib kirgan (nega aynan uni guruhga qo‘shishganini bilmayotgan) yosh me’mor yigit tilidan hikoya qilinadi.
Shahar boshlig‘i yovvoyi sahro o‘rnida barpo etilgan shaharda odamlar to‘q va farovon yashaganini, hamma balo besh oycha burun boshlanganini guruh a’zolariga so‘zlab beradi:
“Odamlar ishlab turgan yoki uxlab yotgan joylarida, ba’zan suhbatlashib turib to‘satdan jon taslim qilishyapti. Avvaliga biz bular hammasi shunchaki tasodifiy deb o‘ylagandik. Biroq o‘lim tobora ko‘payavergach, tashvishga tushib qoldik. Maxsus emlash o‘tkazdik, voqeaning tagiga yetish uchun barcha kasalxonalarimizni nazorat ostiga oldik, bir necha marta uylarni yoppasiga ko‘rikdan o‘tkazdik, ammo natija bo‘lmadi - o‘lim to‘xtamadi.
O‘zimizning vrachlar hech qanday xulosaga kelishgani yo‘q, ular yuqumli kasallikdan darak beradigan biron alomat topishmadi. Butun umid hozircha sizlardan...
— Bunday hodisa faranglarda ham bir paytlar bo‘lgan, — dedi guruh rahbari qilib jo‘natilgan professor shahar boshlig‘ining tushuntirishidan ensasi qotgandek, — hamma balo tibbiyotimizni savodsiz, qobiliyatsiz kishilar bosib ketganida. Boshqa sabab yo‘q”60.
Ko‘rinib turibdiki, asar voqealari rivojidagi sirli va yashirin holat Oran shahridagi o‘lat manzarasini yodga soladi:
“Hatto shahar markazida ham zina dolonchalari, hovlilarda gala-gala o‘lib yotgan kemiruvchilarni uchratish mumkin edi. Ayrim nusxalari hatto hukumat binolari kiraverishlariga, maktab hovlilariga, goho qahvaxonalarga sudralib chiqib jon berardi... Tongda shahar o‘laksadan tozalanar, ammo kunduzi yana kalamush o‘ligi to‘planib, borgan sari ko‘payib boraverar edi...
Shu paytgacha tinchgina yashab kelayotgan shahrimizning qanday esankirab qolganini, bu kunlar uni qanday dovdiratib qo‘yganini tasavvur qiling; shu paytgacha tomirlarida tinchgina oqayotgan qoni birdan junbushga kelgan odam shunaqa ahvolga tushadi”61.

Ikkinchi jahon urushidan keyin (1947) paydo bo‘lgan romanda o‘lat orqali fashizmning majoziy obrazi yaratilgan, degan fikr adabiyotshunoslikda muhrlanib qolgan. Adabiyotshunos Dilmurod Quronov Cho‘lpon nasri poetikasini tadqiq etar ekan, badiiy asar muayyan davr mahsuli bo‘lgani holda ularni faqat davr bilan bog‘labgina tushunish xato ekanligi haqida yozadi. Zero, “... chinakam san’atkor ijod onlarida voqelikdan uziladi, bu ilohiy damlarda uning uchun vaqt chegaralari mavjud emas — u o‘tmish, hozir va kelajakni birlashtirgan katta VAQT hukmida yashaydi”62. Shunga ko‘ra, Kamyu “Vabo”da nafaqat fashizmning majoziy obrazini, balki hech qachon to‘la chekinmaydigan, vaqti_vaqti bilan bo‘y ko‘rsatib insonlarni esankiratib qo‘yadigan sirli kuchni tasvirlaganligiga amin bo‘lamiz. Bunday ofat loqaydlik, befarqlik avj olgan har qanday jamiyatda ro‘y berishi mumkin, degan xulosa kelib chiqadi.
58 Eshonqul N. Maymun yetaklagan odam. – T.: Yangi asr avlodi. 2004. – B. 210-211.
59 Sattorova G.Yu. 90-yillar o‘zbek hikoyachiligida milliy xarakter muammosi.
Fil.fan.nomz.diss...avtoref. — T., 2002. — B 18.
60 Eshonqul N. Maymun yetaklagan odam. –T.: Yangi asr avlodi. 2004. –B. 107.
61 Kamyu A. Vabo. – T.: Yozuvchi, 1995. –B. 94.
62 Quronov D. Cho‘lpon nasri poetikasi. –T.: Sharq, 2004. –B. 283.
N.Eshonqul ham o‘z asarida ramziy tagma’noga asoslangan timsolga murojaat qilganligini anglash mumkin. Barcha uchun jumboq bo‘layotgan o‘lat sababi hikoya oxirida ma’lum bo‘ladi: telba me’mordan olingan loyihadan bilinishicha, shahar tobut shaklida qurilgan ekan. Shaharning kelajagi inqiroz va zavol ekanligini oldindan bashorat qilish mumkin edi. Chunki tobutdan hech kim chiqib keta olmaydi.
Hikoya bilan tanishgach, N.Eshonqul tobut shaklida qurilgan makon timsolida Sho‘rolar tuzumi, shahar bo‘ylab kezib yuruvchi badbo‘y hid orqali sho‘rolar mafkurasi ramzini yaratgan, degan xulosaga kelishimiz mumkin.
Me’mor yigit tomonidan hikoya qilingan voqealar o‘zining sirli va tahlikali tarzda sodir bo‘layotgani bilan e’tiborni tortadi. Asardagi bayon uslubiga e’tibor qaratar ekansiz, unda ikki turdagi — Kamyuga xos bo‘lgan nolinchi darajadagi bayonga hamda chuqur psixologik tasvirga duch kelasiz. Fikrimizning isboti sifatida hikoya matniga murojaat qilamiz:
“Professor dam olmay o‘likxonaga ketdi, unga kimyogar ham ergashdi. Tushdan keyin men nazorat boshlig‘i hamrohligida (shahar boshlig‘i uni mening adashib ketmasligim uchun qo‘shib qo‘ygandi), garchi o‘latni kasbimga aloqasi yo‘q hisoblasam ham, o‘lim og‘ushiga olgan, to‘zib yotgan binolarni shunchaki nomiga ko‘rib qo‘yish uchun aylanishga chiqdik:

  • Sizga hech bir yordam berolmaymiz, dedi shahar boshlig‘i uzrxohlik bilan yelkasini qisar ekan. — Shahrimizning bosh me’mori kasal bo‘lib qolgan, o‘rniga biron tuzuk odam chiqmayapti. Endi faqat ko‘z bilan kuzatishga majbursiz”63.

Ikkinchi misolda telba arxitektor portreti chiziladi. Bunda muallif go‘yoki jonlanib ketganday telba kishini tasvirlay boshlaydi. Psixologik tasvirga xos unsurlardan ancha unumli foydalangan yozuvchi qahramon holatini badiiy aks ettirish uchun uning qo‘llari, ko‘zi hamda nigohini “harir tug‘ kabi”, “quyoshning shafag‘iday”, “burdalangan sher kabi” singari o‘xshatishlar orqali tasvirlay ketadi. N.Eshonqul telbaning portretini bir nafasda, hech qanday tanaffussiz chizib berish maqsadida bitta gapda yuzdan ortiq so‘zdan foydalanadi:
“Nazoratchi “kasbdoshingiz” degandan so‘ng telbaga tuzukroq razm soldim: deyarli adoyi tamom bo‘lgan, kam uxlaganidan qovoqlari osilib qolgan, na kiyinishida, na chehrasida, na gap-so‘zlarida avvalgi kasbidan darak beruvchi biron alomat qolmagan, faqat olis-olislardan eshitilayotgan musiqa yoxud vayron qilingan shahar o‘rtasida xarobaga shukuh va shavkat bag‘ishlab hilpirab turgan harir tug‘ kabi shuncha junbush va xayol to‘zonidan so‘ng ham nozikligicha qolgan qo‘llarigina o‘sha xushvaqt va dorilamon davrlarni eslatib turar, ko‘zlari botib bo‘lgan quyoshning shafag‘iday qizarib ketgan, chuqur lahmga o‘xshash qorachiqlarida yillar davomida zanglagan qilich kabi bir telba istehzo qotib qolgan, nigohida olis o‘tmishning ko‘lankalari burdalangan sher kabi parcha-parcha bo‘lib yotardi: o‘tmish zulmatini yoritolmagan bir muddatlik alanga yanglig‘ bu yuzni, bu vujudni yoritishga qurbi yetmay sassiz-sadosiz so‘ngan edilar”64.
“Tobut” hikoyasi singari N.Eshonqulning 90-yillarda yaratilgan boshqa bir qator asarlarda mavhum bir jamiyat, tuzum, mafkuraning ramziy tasviriga duch kelamiz. Ulardagi qahramonlar ko‘pincha notabiiy sharoitlarda, mavhum, sirli muhitda tasvirlanadilar. Mana shu absurd olamni aks ettirish ortida, asosan, sobiq Ittifoq yoxud kommunistik tizim davridagi insonlar va ularning ruhiy, ma’naviy olami nazarda tutilayotganini ilg‘ab olish qiyin emas.





63 Eshonqul N. Maymun yetaklagan odam. –T.: Yangi asr avlodi. 2004. –B. 109-110.
64 Eshonqul N. Maymun yetaklagan odam. –T.: Yangi asr avlodi. 2004. –B. 113-114.

Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling