Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


Download 0.93 Mb.
bet21/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

Birinchidan, “marhum” kutilmaganda, ishxonada paydo bo‘lishi har kimni ham ajablantiruvchi hol. Zotan, ko‘ngilga: bu arvoh emasmikin?- degan hadik oralaydi.
Ikkinchidan, astoydil tayyorlangan shuncha odamni qabristonga borishdan mahrum qilishi mumkinligi istiholasida N.ning xijolat chekishi ham asosli. Zotan, Rahbar bosh qo‘shgan ushbu dafn marosimi vazirlik bilan kelishilishi, Vazirning o‘zi qatnashuvi kutilayotgani va o‘ta jiddiy tayyorgarliklar hatto, o‘ligingga bo‘lsa-da, yuksak e’tibor belgisi emasmi? Ishxona bo‘lsa, shunchalik ehtiromli bo‘ladi-da. Shunday ekan, N.ning tashkiliy ishlarni qattiqqo‘llik
bilan boshqarayotgan Rahbarga mehri tovlanmasligi, ko‘rsatilayotgan alohida izzat-hurmat, ardoqlanayotgan qadr-qimmatidan g‘urur tuymasligi mumkinmi?
Uchinchidan, o‘zingning dafn marosimingda ishtirok etayotganingni aytmaganda, aksariyat xodimlar takalluf qilish orqali mehr-muhabbatini izhor etishi, muayyan ma’noda, insonga e’tibor belgisi.
To‘rtinchidan, Vazirning o‘zi sening xudkushlik qilganingga ishonmasa. Sodir bo‘lgan “jinoyat”ni butun idora va hatto vazirlikka nisbat bersa. Azbaroyi, qabring xor bo‘lmasligi tashvishida unga marmartosh o‘rnatishga qaror qilinsa. Ulgurolmagan ishlaringni davom ettirish, nomingni unutmaslikka qasam ichishsa. Ayniqsa, sen haqingda: “hammamiz uchun qadrli do‘st”, “g‘oyat xushmuomala, odobli, g‘ayratli va kelajagi porloq”, “favqulodda madaniyatli yigit edi48,- deb to‘lqinlanib gapirishsa.
Beshinchidan, Rahbar seni bag‘oyat sevsa, kelajaging porloq ekaniga ishonsa. Hatto, mutlaqo tanimaydigan kimsalar ham, bu fojia yuraklarini pora-pora qilganini qayta-qayta ta’kidlashsa. Bunchalar yuksak “e’tibor”ga ayrimlar hasad qilsa. Jo‘n bir xodim hatto tushiga kirishi mahol bo‘lgan izzat-hurmatdan ta’sirlanmasligi, ko‘ngli vayron bo‘lmasligi mumkinmi?
Biroq, chuqurroq o‘ylasak, zohiran samimiydek tuyulgan o‘sha gaplarning endilikda N.ga mutlaqo daxli yo‘qligini anglaymiz. Chunki Vazir ham, Rahbar ham barcha balandparvoz xitob- ta’kidlarini o‘z “men”i emas, balki “biz” ko‘pchilik nomidan izhor etishmoqda. Zotan, ular uchun ayni fojia alohida bir odam baxtsizligi emas. Shuning uchun ham, uni dillariga yaqin olishmaydi. Aksincha, ularni shu ko‘ngilsizlik sabab vazirlik va idora sha’niga dog‘ tushib qolishi ehtimoli ko‘proq xavotirga soladi. Chunki, el nazarida e’tiborsiz va loqaydlikda ayblanish yoxud issiqqini o‘rnini boy berishdan cho‘chishadi. Binobarin, ularning paytavasiga qurt tushgan. N. ga hayotning biror so‘qmog‘ida suyanchiq bo‘lmagan kimsalarning birdaniga “yor- do‘st”ga evrilishi besabab va beillat emas. Chunki, ular – kattalarga yoqish, ulug‘lar nazariga tushish ilinjida yolg‘onni yamlamay yutadigan buqalamunlar. O. Muxtorning “Ming bir qiyofa” romanida ham mahkamaning shu tipdagi adashishi va xodimlarning turfa evrilishlari ko‘rsatilgan edi.
Umuman, N.ning o‘limi va dafn marosimi anglashilmovchilik va ro‘yo emas. Bu ikki kunlik ulkan sahna. Sahnaki, ming bir tusda evrilayotganlar qiyofasizligi namoyish etilmoqda. Chunki, qabristonda go‘rga tiqilgan kimsaning asli bilan ikki pullik ishi yo‘q bu kaltabin maxluqlar zarracha pinak buzmay, kiprik qoqmay, bir insonning pokiza nomini tiriklar safidan butkul o‘chirib, obro‘-e’tibor, sha’n-shukuh talashadi. Ha, chindan-da, N.ning nomi endi tiriklayin go‘rga tiqilgan. U na o‘liklar, na tiriklar safida yo‘q. Demak, hamma allaqachon o‘ldiga chiqarib bo‘lgan, hech kim tirikligini tan olmayotgan N.ni bemalol “go‘r o‘g‘li” deyish ham mumkin. N.Eshonqul N.ning plastik obrazini yaratar ekan unga ijodkor shaxsi, ya’ni g‘ayriinsoniy jamiyat haqidagi estetik hukmlarini singdirib yuborgan.

Odamdan qog‘oz mukarram bo‘lgan jamiyatda kechayotgan voqea-hodisalar oldida ojiz va betadbir qolgan N. nima qilsin? Hayotida kechgan va uni og‘ir xayollar girdobiga tashlagan hodisalar mag‘zini anglash, ularga jo‘yali yechim topish mumkinmi? Yoki endi bari behudamikin?! Umuman, borar manzili, bosh urar makoni noaniq bo‘lgan kezlarda kundalik hayot maromini buzishga odatlanmagan kishi ruhiyatida mislsiz tushkunlik boshlanmasmikin?! N. bu “anglashilmovchilik”ka aniqlik kiritishga kuch va qurb topib, o‘limi haqidagi xabar – nekrolog bosilgan “Hayot” gazetasi tahririyatiga yo‘l oladi. Tandasi arqog‘iga mos deganlaridek, dim va badbo‘y bu maskanda ham hujjat odamdan moʻtabar. Mansab-martaba talashuvchi, savodsiz, hasadgo‘y va ta’magir kimsalar in qurgan. Shuning uchun ham, muallif ishoraviy ohangda: “Ular turli yoshda, turli qiyofada bo‘lsa-da, negadir sochi to‘kilgan boshlari bir-biriga o‘xshab ketardi”49,- deb yozadi.
48 Nazar Eshonqul. Go‘ro‘g‘li. Roman // Sharq yulduzi. 2012. – № 2. – B. 28
49 Nazar Eshonqul. Go‘ro‘g‘li. Roman // Sharq yulduzi. 2012. – № 2. – B. 33
Nima uchun mas’ul ekanini anglab yetmagan bu mutasaddilar ko‘nikmaga aylangan turmush tarzini o‘zgartirishni xayoliga ham keltirishmaydi. Bosh muharrir izmidan tashqari biror ish qilish huquqidan mahrum xodimlarga oyday ko‘rinib turgan haqiqatni anglatish, xususan N.ning tirikligini isbotlash amri mahol. Zotan, bu turqi sovuq surbetlar hujjat bilan tasdiqlanmagan harqanday da’voni ishonchli asosga ega bo‘lmagan bo‘hton maqomida qabul qilishadi. Qolaversa, kimningdir o‘lgani haqida yolg‘on xabar bosgan gazeta, endi o‘z xabarini rad etish orqali obro‘siga putur yetkazishni istarmidi? Axir, unda kimdir jazolanmog‘i muqarrar emasmi?
Binobarin, odamiylik tuyg‘usidan begona, yolg‘onu rostni ajratish mahol bu maskan N.ning o‘liklar safida qolishidan manfaatdor. Aks holda, qarshisida turgan odamga: “Siz rasman o‘lgansiz”,50- deyish mumkinmi? Kitobxon romanni mutolaa qilarkan , bunday o‘lik muhit – qabriston, uning barcha xodimlari – go‘r o‘g‘li emasmikin, -degan xayolga boradi. Biroq N. barcha tullaklar o‘z xatolarini muqarrar tan olishiga ishonadi. Shu sabab, tahririyatdan arzimas o‘ch olarkan, o‘zini g‘olib sezadi.
E’tirof etish joizki, bu romanni o‘qish va uqish ancha qiyin. U bir o‘qishdayoq kitobxon shuuriga to‘la jo bo‘lmaydi. Chunki gap nima haqda borayotganini ilg‘ashga qiynalib, kalavaning uchini yo‘qotib, qayta o‘qishga ehtiyoj seziladi. Bu hol asarning jumla tuzilishi, gap qurilmasi, fikrni ifoda etish uslubida kuzatiluvchi ezmalikka moyillik bilan izohlanadi. Muallif badiiy tafakkuridan boshlanib, poetik tasvir va obrazlar tabiatiga ko‘chuvchi o‘sha g‘ayritabiiylik sekin-asta kitobxonni o‘ziga jalb eta boshlaydi. Diqqat qilinsa, romanning ilk sahifalari tirik odam mavjudligi tan olinmasligi haqidagi noan’anaviy, hatto birqadar g‘ayrimantiqiy tasvir bilan boshlanadi. Biroq, aynan o‘sha atayinlik o‘quvchini o‘ziga ergashtiradi. Mantiqiy xulosa chiqarishga intilish istagi asarning davomini o‘qishga undaydi. Sodir bo‘layotgan ishlarda tayinli mantiqdan darak yo‘qligi, aksincha bu g‘ayritabiiylik tobora chuqurlashishi kishini mushohadaga, istehzolar mohiyatini anglashga chorlaydi. Bu hol kitobxondan bir qadar bilim, malaka va ko‘nikma talab qiladi.
Qizig‘i shundaki, N. qisman anglab yetgan haqiqatlari yuzasidan ochiq-oydin mushohada yurita boshlaydi. U o‘zini ayamaydi. Ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan voqelikni insof yuzasidan tahlil qiladi. O‘ziga aza ochib o‘tirmay, iztirobli va qaltis holatlarga kirib boradi. Taqdiriga o‘qilgan mash’um hukm qanchalar “adolatli” ekanini tahlil qilarkan, odamlarni ayblamaydi, ularni tushunishga urinadi. Aybdorni topish va unga adashganini anglatishdan umidvor bo‘ladi. Shu tariqa, roman ma’no qatlamlari chuqurlasha boradi. N. xato va adashish oqibatidan asranish uchun, o‘z taqdiriga o‘qilgan mash’um hukmdan uning raddiyasiga qarab boradi. Yetarli argumentlar topish va haqiqatni oydinlashtirishga harakat qiladi. Bir odamning o‘limi haqidagi tushuncha ko‘pchilik tomonidan ma’qullanishiga qaramasdan, real emasligi haqidagi mulohazalar uni o‘zi kutgan yakuniy xulosa sari harakatga, kurashga yetaklaydi. Biroq barcha umidlar ro‘yoga aylana boradi. N.ning kuzatish va tajriba asosida yetib kelgan induktiv xulosasiga ko‘ra, mahkama kotiba va rahbarga daxldor deb hisoblangan adashish, juz’iy xato bo‘lmay, butun jamiyatga tegishli nuqson ekan. Kundalik kuzatuvlarni umumlashtirishdek tuyulgan bu xulosa sababiy aloqadorlikka qurilgani, ijtimoiy munosabatlar amaliyotini uning nazariy negizi bilan bog‘lashi jihatidan muhim ahamiyat kasb etadi.
Romanning advokatura xizmati, advokatlar nomai a’moli, sud jarayoni haqidagi tasvirlari achchiq kinoya, piching-pisanda va istehzo ohangi jihatidan F.Kafkaning “Jarayon” romaniga juda yaqinlashadi. Xuddi Yozef K. kabi N. ham qonun himoyachilaridan biror ro‘shnolik chiqmasligini yorqinroq anglay boradi. “Jarayon”da fabrikant va rassom yigit bajargan vazifa “Go‘ro‘g‘li”da olim odam zimmasiga yuklatilgan. U durbinda “kattalashtirib” ko‘rsatgan jaholat va nodonlik dahshati N.ning ko‘zini ochadi. Durbin ob’yektivi linzasi orqali kattalashtirilgan
50 Nazar Eshonqul. O‘sha joyda. – B. 34
hayot N. uchun nisbatan uzoq bo‘lgan mohiyatni yaqindan kuzatish imkonini beradi. Chunki yozuvchi o‘z poetik tafakkur prizmasi orqali masofadan ko‘rish maydoni burchagini kattalashtiradi. Shu ma’noda, bu o‘rinda “durbin” detali ramziy mohiyat kasb etib, qahramonning haqiqatni anglash vaqtini tezlashtiradi. Natijada, N. o‘z kuchi bilan oqlanishiga ishonmay qo‘yadi. Bu yorug‘ olamda himoyasiz va yolg‘iz qolgan qahramon uchun o‘z mavjudligini tasdiqlatishdan ko‘ra, bir lahza bo‘lsa-da tin olish, azoblangan jismi, toliqqan ruhiga dam berish xohishi tobora so‘nggi ilinjga aylana boradi.
Yechimi noaniq jumboqlar girdobida qolgan N. fikr odami sifatida namoyon bo‘la boshlaydi. Biroq, bilishga bo‘lgan intilish, mulohazakorlik – “aqllilik balosi” uni yangi balolarga giriftor qiladi. “Jarayon” romanidagi singari “Go‘ro‘g‘li”da ham fikr-mulohaza kishisi jamiyat uchun xavfli, degan fikr yetakchilik qiladi. Lekin, adolat istamaslik, o‘z mavjudligingni isbotlashga intilmaslik mumkinmi? Tayinli asosga ega bo‘lmay turib, bir odamni tiriklar ro‘yxatidan butkul o‘chirish, sevimli mashg‘uloti, g‘aribona boshpanasidan mosuvo qilib, sarsonlik oqibatida hayotdan bezdirish, hatto o‘z go‘rini o‘ziga qazdirishgacha borish qaysi mantiq, qaysi huquq yoxud qadriyat me’yorlariga sig‘adi? Odam bolasi faktlar haqiqatiga tayanib o‘z mavjudligini tasdiqlash, rasional fikrlash huquqidan ham mahrummi? Ko‘rinadiki, muallif poetik tahlil markaziga huquq va adolat, huquq va qonun, huquq va kuch- qudrat nomutanosibligi masalasini olib chiqqan. Inson huquqining ijtimoiy qadriyatlar iyerarxiyasidagi o‘rnini aniqlashga intilgan. Adolatsiz ijtimoiy hayot manzaralarini fosh qilgan.
Darhaqiqat, romanda istehzo chorasizlikka topilgan chora, ma’naviy isyonning o‘ziga xos belgisiga aylanib, kitobxonni ogohlikka da’vat etadi. N. o‘zi hukm qilingan go‘rga shunchaki ketmaydi. U so‘nggi umidlari poymol bo‘lib, jismoniy va ruhiy jihatdan holdan toygunicha kurashadi. Uni go‘rga tiqqan jamiyatning asl basharasini ko‘z-ko‘z qilishga erishadi.
“Go‘ro‘g‘li” – hazmi og‘ir, modern roman. Shuning uchun kitobxonda uni tushunadigan kayfiyat tug‘ilishini, hech bo‘lmaganda, roman badiiy vaqti qamrab olgan davr mohiyatini anglab yetgach, bu asar mutolaasiga kirishishni talab etadi. Chunki, badiiy voqelik yaqin o‘tmish hayotiga daxldor reallik ekaniga ishonilmas ekan, roman o‘z sinoati va botiniy chiroyini ochmaydi. Hayotiy jarayondan uzilib qolgan bo‘lsada, N. harakat va fikrdan birdaniga to‘xtamaydi. Biroq, u bora-bora insoniy ro‘shnolikdan darak bo‘lmagan bu diqqinafas, tussiz va fayzsiz hayotdan bezadi. Tirik odamni go‘rga tiqqan jamiyatga qasdma-qasd yashashda biror ma’no ko‘rmaydi. Asl istehzo va tragiklik aslida, o‘sha mahdudlikka qaratilgan. Fikran go‘rga tiqilgan, his- tuyg‘ulari bilan hech kim hisoblashmay qo‘ygan odam tuban muhitda jisman yashashida biror tayinli mantiq ko‘rinmaydi.
N.Eshonqul xuddi N.V.Gogolning “O‘lik jonlar” romanidagi kabi ijtimoiy davr hayotiga umumiy tavsif beradi. Obrazli qilib aytganda, u ma’naviy inqirozga uchragan mahdud jamiyat va uning qonun himoyachilarini “go‘rga tiqadi”. Romanni o‘qish jarayonida chinakam “go‘r o‘g‘li” kimligi masalasini aniqlash hissi asta-sekin kitobxon qalb va shuuriga ko‘chadi. Asar nomining mohiyati, romaniy falsafasi, uning tagzaminiga yashirilgan quvvat ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. Haqiqatan, chinakam “go‘r o‘g‘li” o‘z mavjudligini asoslashga, fuqarosi taqdirini qonun ustuvorligi negizida adolatli hal qilishga noqobil jamiyatdir.
Adib jamiyat hayotida shakllangan munosabatlarni tubdan o‘zgartirish tarafdori bo‘lgan o‘rinlarda syurreal qarashlarga xos ayrim belgilar ko‘zga tashlanadi. Ayni paytda, romanda o‘tkir ijtimoiy-tanqidiy pafos ustuvor. Bu pafos ijtimoiy adolatsizlik, shaxs erki toptalishi, uni yolg‘izlatib qo‘yish kabi ijtimoiy-ma’naviy inqirozlar ifodasida namoyon bo‘ladi. Yozuvchi kitobxonga o‘zining dunyoni o‘zgartirish haqidagi qalb chorlovini yetkazishni ko‘zlaydi. Romanda ustuvor mavqeda turuvchi muallif “men”i ob’yektiv voqelik haqida fikr yuritayotganday tasavvur uyg‘onadi. Asardagi aksariyat qahramonlar umumlashma obrazlar. Ular
orqali hukmron g‘oyaga ko‘r-ko‘rona itoat yoki aksincha, isyonkorona munosabat aks etadi. Hatto roman badiiy konsepsiyasini tashuvchi N. ham konkret insondan ko‘ra, ko‘proq davr Odami. Xullas, eng quyi pog‘onadagi xizmatchidan tortib, S mahkamasi rahbariyu sud raisigacha noinsoniy jamiyat yaratgan tiplardir.
N.Eshonqul roman badiiy voqeligi markaziga N.ning beshafqat dunyo ziddiyatlaridan o‘rtangan qalbini olib chiqadi. Voqelik badiiy reallikka evrilishi asnosida, plastik deformasiya sodir bo‘ladi. Ya’ni roman yorug‘lik yuzini ko‘rganida yozuvchi yaqin o‘tmishda guvohi bo‘lgan voqelik tugagan edi. Mustaqillik g‘alaba qilganiga yigirma yildan oshgandi. Shunga qaramasdan, voqelikning adib ruhiyatidagi chandiqlari hanuz bitmagandi. Mustaqillik davri yozuvchi qalbidagi o‘sha haroratni poetik ifodaga chiqarish imkonini berdi. Ijodkor insonning erkinligi ortishi N.Eshonqul temperamentini faollashtirdi, tassurotlariga qanot baxsh etdi. “Go‘ro‘g‘li” romani tuyg‘u-kechinmalarga boy bo‘lishini ta’minladi.
Asarda ekspressionizmga xos kayfiyat, uning usul va vositalarini ijodiy o‘zlashtirishga intilish kuzatiladi. N.Eshonqul roman badiiy realligida yaqin o‘tmish hayoti va qadr topmagan inson umrini absurd sifatida talqin qilishga intilgan. Sodir bo‘layotgan voqea-hodisa – inson taqdiri haqida jamiyat chiqargan noto‘g‘ri va yasama xulosa ichki ziddiyatlarga to‘la, real hayot mantig‘i, oqilona qarashlarga zid ekanida absurd vaziyat namoyon bo‘ladi. Shu bois, voqealar tartibidagi sabab-oqibat munosabatlari qisman buziladi. Ijtimoiy munosabatlarga xos ma’nisizlik roman ritmida jaranglab turuvchi chorasiz odamning talpinishlari, hazin nidolari orqali ko‘rsatiladi.
Darhaqiqat, inson dardini tinglashni istamaydigan qattol kuch mavjud ekan, N.ning ma’nisiz taqdiri har bir kimsada takrorlanish ehtimoli ham yo‘qolmaydi. N. mushkulini oson qilishga chog‘langan odamlar: muxbir, muharrirning jiyani, sud kotibi, go‘rkov uning joniga oro kirmaydi. Chunki ularning hech biri buning uddasidan chiqishga qodir emas. Inson – o‘z qismati oldida behad yolg‘iz. N. o‘z hayot yo‘lida kashf etgan hayotiy aqida kitobxonni yuqoridagi kabi achchiq, lekin haqqoniy xulosa sari yetaklaydi. Kitobxon ongini charxlab, o‘z qalbiga ma’naviy safar qilishga chog‘laydi. “Men”ligini topishiga ko‘maklashadi. Mendan “men”likka tomon solingan so‘qmoqdan boshlangan bu safar o‘zlikni kashf etish, uni qayta idroki qilish manziliga eltadi.
Har bir inson, xususan, adabiy qahramon uchun ham, o‘z “men”idan boshqa go‘zalroq dunyo yo‘q. Zotan, qahramon dunyoni faqat o‘z “men”i orqali ko‘rib, barcha mushkulotlarni “men”ligi manfaatiga bo‘ysundirsa, nafaqat dunyo, balki inson haqidagi tushuncha va bilimlarini ham boyitadi. Real voqelikdan o‘z izlaganini topmagan N. mislsiz iztiroblar so‘nggida bundan ulug‘roq, oliyroq voqealik sari intiladi. Shaxsiyati, sha’n-g‘ururi toptalmasligi, qadri poymol etilmasligi uchun so‘nggi imkonni qo‘llashga haqli ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi.

Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling