Dilmurod Quronov adabiyot nazariyasi asoslari


Download 7.7 Mb.
Pdf ko'rish
bet141/149
Sana28.10.2023
Hajmi7.7 Mb.
#1731056
1   ...   137   138   139   140   141   142   143   144   ...   149
Bog'liq
Adabiyot nazariyasi asoslari D.Quronov

adabiy yo'nalish
sifatida qaralgani to'g'riroq bo'ladi.
Adabiy yo'nalish tushunchasi biz yuqorida to'xtalgan ha­
yotni badiiy aks ettirish prinsiplari, metod va uslub tushun- 
chalari bilan bevosita bog'liqdir. Zero, adabiy yo'nalish shu 
uchala tushuncha kesishgan nuqtada yuzaga keladi. Gap 
shundaki, muayyan davrda yashagan bir qator ijodkorlar 
yaratgan ko'plab asarlarda tipologik umumiylik, mushtarak 
jihatlar mavjud. Mazkur umumiylik voqelikni realistik yo 
norealistik aks ettirish, hayot materialini tanlash, uni ba­
diiy idrok qilish va baholash prinsiplarida, asarlarning ba­
diiy shaki xususiyatlari, uslubiy jihatlarida o'zini namoyon 
etadi. Uzluksiz kechib turgan adabiy jarayonning muayyan 
bosqichlarida kuzatiluvchi badiiy ijodning g'oyaviy-estetik 
tamoyillaridagi bunday umumiylik 
adabiy yo'nalish
haqida 
gapirish imkonini beradi.
Adabiy yo'nalish tushunchasi adabiy jarayonning, badi­
iy tafakkur taraqqiyotining muayyan bir bosqichini nazariy 
jihatdan umumlashtirish orqali uning mohiyatini anglashga
451


yordam beradi. Adabiyot taraqqiyoti, badiiy tafakkurning 
rivojlanish tamoyillari adabiy yo‘nalishlarning almashinu- 
vi, ular orasidagi kurashda ochiq namoyon bo'ladiki, shu 
jihatdan adabiy yo'nalish adabiy jarayonni o‘rganishdagi 
muhim adabiy-estetik kategoriya sanaladi. Masalan, Yev­
ropa adabiyotida 
klassitsizm
yo'nalishining g'oyaviy-este- 
tik prinsiplari bilan ziddiyat, bir tomondan, 
barokko,
ikkinchi 
tomondan, 
m a’rifatparvarlik realizmim
maydonga chiqardi, 
o‘z navbatida, keyinchalik xuddi shunday ziddiyatlar asosi­
da 
romantizm
va 
tanqidiy realizm
yo‘nalishlari yuzaga kel- 
di. Adabiyot taraqqiyotidagi 
vorisiylik
qonuniyatiga ko‘ra, 
yangi adabiy yo'nalishning kurtaklari avvalgilari bag'ri- 
da mavjud bo'ladi, ularning zaminida yetiladi. Jumladan, 
klassitsizm bag'rida ham ma’rifatparvarlik realizmiga, 
ham sentimentalizmga xos unsurlar mavjud edi. Keyingi 
yo'nalishlarga mansub ijodkorlar ularning ma’qulini olib, 
ma’qul kelmaganini inkor qilgan holda o'z g'oyaviy-estetik 
prinsiplarini qaror toptirishga intildilarki, bu badiiy tafakkur 
rivojiga (undagi siljish, o'zgarishga) asos bo'ldi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, tipologik umumiylik de- 
ganimiz bir yo'nalishga mansub ijodkorlarning ham g'o­
yaviy, ham estetik jihatdan o'ziga xos bo'lib qolaverishi 
mumkinligini aslo inkor qilmaydi. Ya’ni bir yo'nalish doirasi- 
dagi asarlarda turlicha ideallar, dunyoqarashlarning aks 
etishi, badiiy-estetik prinsiplarda muayyan farqlar kuzatili- 
shi tabiiy holdir. Masalan, romantizm yo‘nalishiga mansub 
bo'lmish Bayron bilan Gyote asarlarida aynan birxillikni 
izlash xato, ulardagi yaqinlik badiiyatning chuqur sathlari- 
da, shunda ham katta o'lchamlarda olib qaralganidagina 
namoyon bo'ladi. Mazkur hoi adabiy yo'nalish doirasida 
turli 
adabiy
og/'mlarni farqlash, ya’ni bir yo'nalish ichida 
alohida guruhni tashkil etayotgan ijodkorlarga xos tipologik 
umumiylik haqida gapirish imkonini beradi. Aytilganlardan 
adabiy oqim adabiy yo'nalishning bir ko'rinishi, o'ziga xos 
varianti sifatida bo'y ko'rsatishi ma’lum bo'ladi. Masalan,
452


mutaxassislar 
barokko
adabiy yo‘nalishining variantlari 
sifatida ispan adabiyotidagi 
gongorizm,
italyan adabiyo­
tidagi 
marinizm
yoki fransuzlarning 
pretsioz adabiyotini 
ko'rsatishadi. Ko'rinib turganidek, mazkur variantlar - ada­
biy oqimlar hududiy-milliy asosda namoyon bo‘layotir. Bu, 
avvalo, konkret hudud adabiyotining g‘oyaviy-badiiy o'zi­
ga xosligini belgilovchi omillarga bog'liq. Masalan, 
gongo­
rizm
o'zining g'oyaviy-estetik prinsiplari (Uyg'onish davri 
ideallariga zidiik, uslub jimjimadorligi, obrazlarning meta- 
forikligi) jihatidan barokkoga mansub etiladi, ayni chog'da, 
arab she’riyati ta’sirida bu xususiyatlar (majoziylikning 
o‘ta kuchayishi, uslubning murakkablashuvi, fikrni yashi­
rin ifodalash, zakiyona ifodaga intilish va b.) o'ziga xos 
tarzda namoyon bo'ladi. Sababi, 
gongorizm
bir zamonlar 
arab madaniyati gullab-yashnagan va hanuz uning izlari 
saqlangan Andalus zaminida vujudga kelgan. Yoki zo- 
dagonlar tanda qo'ygan salonlarning ruhi va estetik didi, 
ma’naviy-axloqiy prinsiplarini o'zida aks ettirgan 
pretsioz 
adabiyot
ham aynan XVII asrning birinchi yarmida Fransi- 
yada, o'zlarini jahon tamadduni peshqadami bilgan fran- 
suz aristokratlari muhitidagina shakllanishi mumkin edi.
Adabiy yo'nalish va oqimdan farq qilaroq, 
adabiy mak­
tab
deganda nazariy jihatdan anglangan ijodiy dasturiga 
ega bo'lgan, tashkiliy tuzilma sifatida shakllangan ijodkor- 
lar guruhi tushuniladi. Odatda, shoir-u adiblar hamisha 
ijodiy muloqot ehtiyojini o'tkir his qilib yashaydilar. Shu 
bois ham qalam ahli qadimdan turli tashkiliy shakllarda -
saroy. badavlat homiy xonadoni, jurnal tahririyati, ijodiy uy- 
ushma, o'quv muassasasi singari tuzilmalar qoshida, goh 
mushoira, goh to'garak, goh gap-gashtak kabi turfa ko'rin- 
ishlarda yig'ilib, fikr almashib turadi. Adabiy maktab ham 
asosan shu tarzda, ba’zi hollarda esa biron-bir yirik ijodkor 
tevaragida shakllanadi. Faqat bitta muhim farqlovchi jihati 
bor: adabiy maktab muayyan g'oyaviy-estetik qarashlar, 
ijodiy prinsiplarni dasturiy tarzda qabul qiladi, ijodiy faoli-
453


yatida shunga amal qiladi. Masalan, fransuz adabiyotidagi 
«Parnas» guruhi shunday ijodkorlarni birlashtirgan bo'lib, 
ularning g‘oyaviy-estetik qarashlari, ijod namunalari «Yan­
gi Parnas» nomi bilan chop etilgan to'plamlarda o'z aksini 
topgan. XIX asr oxiri - XX asr boshlarida rus adabiyotida 
maydonga chiqqan 
modemistikyo'nalish
ichida simvolizm, 
akmeizm, futurizm kabi 
adabiy oqim\ar,
futurizm oqimi 
ichida esa kubofuturizm deb yuritiluvchi 
adabiy maktab 
bo'lgan. V.XIebnikov, V.Mayakovskiy singari iste’dodlarni 
birlashtirgan kubofuturistlarning «Gileya» guruhi o'z ad- 
abiy-estetik qarashlari, ijodiy prinsiplarini «Jamiyat didiga 
tarsaki» nomli manifestda e’lon qilgan.
Adabiyotshunoslikda adabiy yo'nalishlarni ajratishda 
turlichalik bor. Jumladan, ayrim adabiyotshunoslar adabiy 
yo'nalish deganda anglangan g'oyaviy-estetik tamoyil- 
larga, turli darajada amal qilinuvchi ijodiy dasturga ega 
bo'lishlikni shart qilib qo'yadilar. Biroq bu xil yondashuv 
chalkashliklar keltirib chiqarishi, mohiyatan bir xil adabiy 
hodisalarni turli atamalar bilan nomlashga olib kelishi 
mumkin. Masalan, bu holda klassitsizmni adabiy yo'na­
lish, romantizmni esa adabiyot taraqqiyotidagi bosqich 
deb atashga to'g'ri keladiki, bu unchalik maqbul emas. 
Fikrimizcha, bu masalada rus adabiyotshunosi Y.Borev 
qarashlariga ko'p jihatdan qo'shilish mumkin. Olimning 
tasnifiga ko'ra, o'tmish adabiyotida 
mifologik realizm, o'rta 
asrlar simvolizmi, uyg'onish davri realizmi, barokko, klas­
sitsizm, m a’rifatparvarlik realizmi, sentimentalizm, roman­
tizm, tanqidiy realizm
yo'nalishlari, XX asr adabiyotida esa 
realizm, sotsialistik realizm, syurrealizm, ekzistensializm 
yo'nalishlari
ajratiladi. Faqat bunga ayrim aniqliklar kiritish 
maqsadga muvofiq. Xususan, agar modernizmni adabiy 
yo'nalish va metod deb qarar ekanmiz, u holda Y.Borev 
tasnifidagi 
syurrealizm
bilan 
ekzistensializmn\
(boshqa 
yana bir qator «izm»lar bilan birga) uning oqimlari deb tu­
shunish to'g'ri bo'ladi.
454


hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari, badiiy tafakkur tipi, realis­
tik prinsip, norealistik prinsip, hayot materialini tanlash, badiiy 
idrok etish va baholash prinsiplari, uslub, individual uslub, davr 
uslubi, adabiy yo'nalish uslubi, metod, adabiy yo'nalish, adabiy 
oqim, adabiy maktab, klassitsizm, barokko, romantizm, realizm, 
modernizm, postmodernizm, gongorizm, marinizm, pretsioz ada­
biyot, simvolizm, akmeizm, futurizm, kubofuturizm, syurrealizm, 
ekzistensializm, impressionizm, ekspressionizm.

Download 7.7 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   137   138   139   140   141   142   143   144   ...   149




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling