Djurabayeva Z. A. Ona tili


Download 1.49 Mb.
Pdf ko'rish
bet131/214
Sana05.01.2022
Hajmi1.49 Mb.
#225945
1   ...   127   128   129   130   131   132   133   134   ...   214
Bog'liq
66onatilipdf

Tayanch iboralar:  leksema, so‘z, ma’no, leksik ma’no, grammmatik ma’no, 
erkin  ma’no,  ko‘chma  ma’no,  bog‘liq  ma’no,  kontekstual  ma’no,  sema,  semema, 
birlashtuvchi sema, farqlovchi sema.  
 
Topshiriq. Gapni ko‘chirib yozing, ko‘chma ma’noda qo‘llagan so‘zni topib, 
izohlang.  
 
Bilimsiz kishi nima gapirsa, nodonligi sababli so‘zlaydi, shuning uchun uning 
tili o‘z boshini yeydi. (Ahmad Yugnakiy) 
 
So‘zlar  til  va  nutqning  eng  muhim  birligi  sanaladi.  Tilning  lug‘at  tarkibiga 
kirgan  har  bir  birlik  so‘z  sanaladi.  Kitob,  shitob,  sof,  insof,  fazilat,  illat,  g‘aflat, 
suv,  xom,  tom,  shom  –  bularning  barchasi  tildagi  birliklar,  ya’ni  so‘zlar  sanaladi. 


Keltirilgan  so‘zlarning har biri o‘zining  leksik  mazmuniga  ega.  Aynan  mana  shu 
xususiyati  bilan  yonidagi  boshqa  so‘zlardan  farqlanadi.  Shu  bilan  birgalikda 
mazkur so‘zlarni bir yerga jamlab, yig‘ib turgan yana bir belgi, ularning grammatik 
mazmunga  egadorligi  ham  ko‘zga  tashlanadi.  Shunga  ko‘ra  so‘z  leksikologiyada 
ham, grammatikada ham o‘rganiladi 
Ma’lum  bir  ma’no  bilan  bog‘langan  va  grammatik  jihatdan  shakllangan 
tovush yoki tovushlar yig‘indisiga so‘z deyiladi.  
So‘zlarda  ularni  bir  yerga  jamlab,  yig‘ishtirib  va  ayni  paytda  ularni  farqlab 
turuvchi xos belgilar bo‘ladi. So‘zlarni  bir-biri bilan birlashtirib turadigan va ayni 
paytda  ularning  bir-birlaridan  farqini  ko‘rsatish  uchun  xizmat  qiladigan 
ma’nolarning  jami  ularning  atash  yoki  leksik  ma’nosi  deyiladi.  Masalan,    uzum 
ho‘l  meva,  yegulik  ma’nosini  bildiradi.  U  olma,  o‘rik,  shaftoli,  nok  kabi  meva 
nomini bildiruvchi so‘zlar bilan birgalikda meva nomlari guruhini tashkil etadi. Bir 
paytning  o‘zida  shakl-shamoyili,  rangi,  o‘sish  holati,  mevasi  bilan  boshqa 
so‘zlardan farqlanadi. 
Uzum  so‘zi  atash  ma’nosidan  tashqari  predmetlik,  bosh  kelishik,  birlik 
ma’nolarini  ham  anglatadi.  Bu  uning  grammatik  ma’nosi  sanaladi.  Olma,  o‘rik, 
shaftoli, nok so‘zlari ham xuddi shunday grammatik ma’noga ega. Demak, so‘z til 
elementi  sifatida  ma’lum  ma’no  anglatuvchi  nutq  tovushi  yoki  tovushlar 
yig‘indisidan iborat bo‘ladi va nutq elementi sifatida u so‘z birikmasi yoki gapning 
ma’lum  ma’no  va  grammatik  xususiyatga  ega  bo‘lgan  eng  kichik  qismi 
hisoblanadi.  Leksik  ma’no  alohidalash,  grammatik  ma’no  umumlashtirish  uchun 
xizmat qiladi. 
So‘zlar  tashqi  qobiqqa  ega.  Har  bir  so‘z  ma’lum  bir  tovushlardan  tashkil 
topgan bo‘ladi. Masalan, tosh, mosh, qosh, bosh, fosh; tol, tom, toj, ton; to‘n, ta’m, 
tim  so‘zlari  birgina  tovush  yordamida  bir-biridan  farqlanadi.  So‘zlarning  ma’lum 
bir tovushlardan tashkil topishi ularning bu  –ularning ifoda plani sanaladi. So‘zlar 
ifoda  planida  leksema  deyiladi.  Leksemaning  tovush  tomoni,  nomi  nomema 
atamasi bilan yuritiladi. 
Leksemalar  tub  (qalam,  siyoh,  bola,  oq,  qora,  katta),  yasama  (qalamdon, 
siyohdon,  sayilgoh,  olmazor,  qoray,  oqar,  bolalik),  qo‘shma  (qo‘ziqorin, 
balandparvoz, oshqovoq,  moychechak, sheryurak), juft  (katta-kichik, baland-past, 
ota-ona,  bola-chaqa),  takroriy  (tez-tez,  katta-katta,  tog‘-tog‘)    ko‘rinishlarda 
bo‘ladi.    
So‘zning ma’no tomoni (yoki semantikasi) uning narsalar, hodisalar, belgilar 
va  shu  kabilar  bilan  bog‘lanishidan  kelib  chiqadi.  Bu  jarayon  to‘g‘ridan-to‘g‘ri, 
bevosita kuzatishda  bo‘lmay,  balki insonning olamni bilishi va ongida aks ettishi 
bilan  bog‘liq  holda  kechadi.  Aslida,  borliqni  bilish  narsalar  va  hodisalar  haqida 
tushunchaga  ega  bo‘lish  demakdir.  Bunda  narsa  va  hodisalarning  alohida  va 
umumiy belgilari hisobga olinadi. Masalan, yomg‘ir yog‘in turi sanaladi, qor, do‘l, 
qirov,  buldurug‘,  shudring  ham  shunday,  ammo  ular  ko‘rinishi,  yog‘ish  holati, 
davri,  yerga  tushishi,  davriyligi  bilan  bir-biridan  keskin  farqlanadi.  Aynan  mana 
shu belgilar ularning ayricha so‘zlar ekanligini ta’minlaydi. Tilshunoslikda bu kabi 
belgilar sema atamasi bilan yuritiladi.  
So‘z  ma’nosi  o‘ta  murakkab  va  ko‘p  qirrali  hodisa  sanaladi.  So‘z  mazmun 
planida semema deyiladi. Sememaning nomlash, atash bilan bog‘liq belgilari atash 


semasi,  uning  uslubiy  ma’no  kasb  etadigan  belgilari  ifoda  semasi,    matn  ichida 
muayyan vazifa bajarishiga xoslangan belgilari vazifa semasi deyiladi. 
So‘zlarning belgilari (semalari) birlashtiruvchi (integral) belgilar (semalar) va 
farqlovchi  (differensial)  belgilar  (semalar)ga  ajratiladi.  Qor,  yomg‘ir,  do‘l,  qirov, 
buldurug‘,  shudring  so‘zlarini  birlashtiruvchi  belgi  yog‘in  semasidir.  Unga  zid 
ravishda  qor  va  yomg‘irning  yuzlab  farqlovchi  belgilarini  topish  mumkin.  Rang, 
shakl,  qattiqlik,  harakat,  bulut,  fasl,    kiyim  semalariga  ko‘ra  ular  bir-biriga 
zidlanadi.  Bunday zidlash, taqqoslashga semik yoki qismlab tahlil qilish deyiladi.  
Shuningdek,  yurmoq,  odimlamoq, imillamoq, qadam  tashlamoq, g‘izillamoq, 
uchmoq so‘zlari bitta harakatni ifodalagani bilan ular o‘rtasida darajalanish, farqli 
holatlar, ma’no tarmoqlanishlari ko‘zga tashlanadi. Shunga ko‘ra ularning har biri 
alohida  so‘z  hisoblanadi.  Bu  ularning  mazmun  plani  (semalari)  bilan  bog‘liq 
hodisa sanaladi.  
 So‘zlar narsa va  hodisalarni ifodalashidan tashqari so‘zlovchilarning ularga 
nisbatan  bo‘lgan  salbiy  yoki  ijobiy  munosabatini  ham  ifodalashi  mumkin. 
Masalan,  bosh  so‘zi  odam  a’zolaridan  biri  haqidagi  tushunchani  anglatadi.  Xuddi 
shu tushunchani ifodalaydigan kalla, oshqovoq, kompyuter so‘zlari so‘zlovchining 
boshga  nisbatan  bo‘lgan  salbiy  (kinoyaviy,  kesatiq  bilan  aytilgan)  yoki  ijobiy 
qarashini ham bildiradi. Qo‘shimcha ma’no ottenkalari (semalar) insonlarning his-
tuyg‘ulari,  ichki  kechirmalari  bilan  bog‘liq  holda  yuzaga  chiqanligi  uchun  ular 
nutqning ta’sirchanligini, jozibadorligini ta’minlash uchun xizmat qiladi. 
 

Download 1.49 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   127   128   129   130   131   132   133   134   ...   214




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling