Qo’chqor (Ko’zlarida yosh o’ynab). Yol-g’o-on!... Men hyech qachon yig’lamaganman!...
Alomat. Yig’lagansiz. Faqat ko’zingizning narigi tomoni bilan yig’lagansiz. Ko’z yoshlaringiz tashqariga emas, ichingizga oqqan. Mana, mening ichim to’la temir-tersak, sizning vujudingiz esa faqat va faqat ko’z yoshidan iborat. Lim-lim yosh...
Qo’chqor (Baralla yig’lab yuboradi, sapchib turib oyog’i ostidagi qutini zarb bilan tepadi). E, padariga la’nat hammasining!!!” 1
Dramaturg Sharof Boshbekovning “Temir xotin” tragikomediya asaridan keltirilgan ushbu parchada ham yuqoridagi nazariy mulohazalar isbotlangan: Alomat va Qo’chqorning dialoglari – “halqasimon” - biri-biridan kelib chiqadi; jo’shqin – qishloq haqiqati ochiq oshkor qilinayapti; qishloq kishilarining qalbidagi fojia samimiy tarzda yengil kulguga “o’rab” uzatilayapti...
Dramatik tur rivoji davomida juda ko’plab janrlarning tug’ilishiga sabab bo’lgan. Uning janrlarini o’rta va kichik shakllarga bo’lib o’rganish rasmi hamon saqlanib kelmoqda. O’rta shakl-tragediya, komediya, tragikome-diya, drama, melodrama. Kichik shakl – intermediya, vodevil, bir pardali pyesa, kichik inssenirovka, monodrama, dialog va sh.k.
Ushbu janrlardan bittasiga-dramatik turning “Butun mohiyatini o’z ichiga oladigan, uning hamma elementlarini qamraydigan”-tragediyaga to’xtalamiz. Tragediya janrining xususiyatlari ham V.Belinskiy tomonidan yetarli asoslangandir. Ular quyidagichadir:
1. “Tragediyaning mohiyati... qalbning tabiiy jarayoni, maylning axloqiy burch yoki daf qilinmas bir to’siqlik bilan to’qnashuvidir... tragediya – qayg’uli tamosha! Agarda qon, o’liklar, xanjar, zahar tragediyaning odatdagi sifatlari bo’lmasa ham, lekin uning oqibati harvaqt qalbning eng qimmatli umidlarining yemirilishi, butun bir hayot saodatining yo’qolivudir. Uning qora ulug’vorligi, uning buyuk azamatligi shundan kelib chiqadi: unda taqdir kuchi hukm suradi, uning mohiyati, asosi taqdir kuchidir”.
2. Tragediya “asosida buyuk haqiqat, yuksak donolik yotadi. Kurashda o’lgan yoki g’alabada halok bo’lgan qahramonga biz chuqur qayg’uramiz. Lekin bu kurashsiz, bu halokatsiz u qahramon bo’lmasligini, o’z shaxsiyati bilan abadiy substansial kuchlarni, jahonni va o’zgarmas borliq qonunlarni amalga oshira olmasligini bilamiz”.
3. “Buyuk axloqiy vazifalarni hal qilish uchun taqdir eng asl ruhlarni, kishilik dunyosi boshida turgan yuksak ruhli shaxslarni, axloqiy dunyoning tiragi bo’lgan substansial kuchlarni o’zida gavdalantirgan qahramonlarni tanlaydi. Faqat oliy tabiatli odam tragediyaning qahramoni yoki qurboni bo’la oladi; voqyelikning o’zida ahvol shunday”.
4. “Har qanday tragediyadan mash’um halokatni yo’qoting, siz bu bilan uni buyuklikdan, butun ma’nodan mahrum qilasiz, buyuk asardan oddiy bir narsa yasaysiz, u birinchi galdayoq o’zining butun nafis kuchini yo’qotadi”.
5. “Tragediya ko’proq sun’iy asardir”. “Mana shuning uchun tarixiy shaxslarni buzib ko’rsatishga oz yo’l qo’yilsa ham; tragediyaning go’yo qat’iy huquqidir, bu uning mohiyatidan kelib chiqadi. Tragediyachi o’z qahramonini ma’lum tarixiy vaziyatda ko’rsatishni istaydi: tarix unga vaziyat beradi, agar bu vaziyatdagi tarixiy qahramon tragediyasining ideyasiga muvofiq kelmasa, uni o’zicha o’zgartirishga u to’la huquqlidir”.
O’zbek adabiyotida yaratilgan “Muqanna” (H.Olimjon), “Mirzo Ulug’bek” (Shayxzoda) tragediyalari ham V.Belinskiy fikrlarini to’liq isbotlaydi... Janrlarning tabiati va xarakterini chuqur bilish, uning adabiy qonunlariga amal qilish - yetuk badiiy asarning yuzaga kelishi uchun asosli yo’ldir.
Do'stlaringiz bilan baham: |