Dullo quronov galaktikada bir
Download 1.03 Mb. Pdf ko'rish
|
Galaktikada bir kun PDF Lotin
ISAAK NYUTON
*** Salmirliklar qidirayotgan N 2 G kristalli oʻtmishda yashagan yerlik olimlar uchun ham begona emas. Sarguzasht ertaklarni yoqtiradigan bolalar falsafa toshi haqida koʻp eshitgan boʻlishlari kerak. Ertaklarda falsafa toshi har qanday moddani oltinga aylantira olishi haqida aytiladi. Xullas, bizning qissamizdagi N 2 G kristalli va afsonaviy falsafa toshi ayni bir narsa. Tarixda hatto olimlar ham bunday toshning borligiga ishonishgan. Juda boy boʻlishni xohlagan podsholar esa olimlarga afsonaviy toshni topishni buyurganlar. Bunday olimlarni alkimyogar deb atashgan. 30 Alkimyogarlar tarixiy laboratoriyada tuxum sarigʻiga toshbaqa kosasining kukunini yoki quritilgan qurbaqa koʻziga qalampir va kumush kukunini aralashtirib nomaʼlum moddani, yaʼni falsafa toshini tayyorlashga urinishgan. Afsuski, ular qanchalik harakat qilishmasin, bu toshni yarata olishmagan. Biroq bu ixtirochi olimlar oʻzlari bilmagan holda ajib kashfiyotlarga sababchi boʻlishgan. Tajribalar mobaynida turli shifobaxsh dorilar va kimyoviy moddalar yaratilgan. Masalan, 1602-yilda bolonyalik Kassiarolo ismli kosib va alkimyogar togʻdan hajmiga nisbatan juda ogʻir, koʻrinishi gʻalati bir toshni topib oladi. Albatta, kimyogar buni falsafa toshini topish uchun ajoyib imkoniyat deb oʻylaydi. Kassiarolo toshni oltinga aylantirish maqsadida uni koʻmir bilan eritadi va suyuq metallga turli narsalarni qoʻshib koʻradi. Lekin metall oltinga aylanmaydi. Lekin alkimyogar umrida duch kelmagan, gʻaroyib metallni kashf etganini bilardi. Bu metall hozir sanoatda koʻp ishlatiladigan bariy edi. Mishyak, fosfor, rux, surma, vismut kabi kimyoviy elementlar ham falsafa toshini qidirayotgan alkimyogarlar tomonidan kutilmaganda kashf qilingan. Maʼlumotlarga qaraganda, hatto buyuk olim Isaak Nyuton ham falsafa toshini qidirib alkimyo bilan shugʻullangan ekan. XVIII asrga kelib alkimyogarlar falsafa toshini emas, odamlar uchun foydali moddalarni qidira boshladilar. Bu izlanishlar esa zamonaviy kimyo fani paydo boʻlishiga sabab boʻldi. Salmirliklar buyuk fizik Isaak Nyuton umrining oxirida alkimyo bilan shugʻullanib, falsafa toshini qidirganidan xabar topishadi. Aytishlaricha, Nyuton toshni kashf etishga juda-juda yaqin kelgan. Ammo u oxirgi tajribalarni oʻtkaza olmay hayotdan koʻz yumadi. 31 Nyuton yashagan davrga qaytib, u amalga oshirgan tajribalarni oʻrganish hamda olimdan N 2 G haqida soʻrab olish salmirlik fazogirlar rejasida avvaldan bor edi. Margol Ahmadni uchratguniga qadar oʻzicha turli yoʻllar bilan N 2 G ni Yerdan ham qidiradi. U hatto vaqt tuynugidan oʻtib 1727- yil, soʻng 1662-yilga borib kelishga ham ulguradi. Dastlab, 1727-yilga borgan Margol 84 yoshli Nyuton hayotining soʻnggi kunlarini oʻtkazayotgan Kensington 1 shaharchasiga yoʻl oladi. Olim juda ham hashamatli, baland uyda yashardi. Margol uy eshigini taqillatganida uni xizmatkor ayol qarshi oldi. – Xayrli kun, ser, – dedi xushmuomala xizmatkor. – Xayrli kun, xonim, – dedi bunaqa iltifotni birinchi marta koʻrayotgan Margol. – Men janob Nyutonning oldiga muhim ish bilan kelgandim. – Janobimiz hozir betoblar, ammo bugun kayfiyati chogʻ. Omadingiz bor ekan, sizni quvib solmasligi mumkin. Xizmatkor shunday deb Margolni ichkariga taklif qildi. Ular dahlizdan yurib bir xonaga kirishdi, keyin xona ichidagi eshikdan yana bir xonaga oʻtib uning ichidagi eshikni ochishdi. Ular bu eshikdan kirib zina boʻylab 2 qavat pastga tushishdi. Oʻzga sayyoralik boʻlishiga qaramay, Margol tim qorongʻi yoʻlaklardan borarkan, biroz qoʻrqdi. Axiyri xizmatkor ayol kichkinagina bir eshikning oldida toʻxtab dedi: – Bu janob Nyutonning tajribaxonasi. Qoʻrqmay kiravering, tishlab olmaydi, – dedi ayol kulib. – Yoqib qolsangiz sizni eshitadi, yoqmasangiz shu zahoti haydab yuboradi. Xizmatkor shunday deb ortiga qaytib ketdi. Margol esa 1 London yaqinidagi kichik shaharcha. 32 biroz taraddudlanib soʻng eshikni taqillatdi. Ichkaridan “kiring” degan ovoz eshitilganidan keyin eshikni ochdi. Kichikroq xonada oʻnlab shamlar yoqilgan. Devorga turli anjomlar ilingan. Toʻgʻridagi katta stol ustidan turli kitoblar, har xil kimyoviy moddalar solingan idishlar va qadimiy laboratoriya anjomlari joy olgandi. Bu joyda qari bir chol turli moddalarni bir-biriga qoʻshib tajribalar oʻtkazayotgan ekan. – Xayrli kun, janob Nyuton, – dedi Margol imkon qadar yerliklarga oʻxshashga harakat qilib. – Nima, tashqarida hozir kunmi? – ortiga oʻgirilmay soʻradi nuroniy. – Sizning xonangizgacha uzoq yurib keldik. Balki, bu orada qorongʻi tushib qolgandir, – hazil qildi Margol. Shundan soʻng Nyuton ortiga oʻgirilib Margolga bosh- oyoq tikilib razm soldi. Keyin soʻradi: – Xoʻsh, qari Nyuton senga nega kerak boʻlib qoldi? Margol ham gapni choʻzib oʻtirmay muddaoga oʻtib qoʻya qoldi: – Falsafa toshini kashf qildingizmi? – Nima? Men toshni izlayotganimni qayoqdan bilding? Axir, bu haqda hech kimga aytmaganman-ku! Bu gapdan keyin Margol biroz dovdirab qoldi. – Yoʻq, shunchaki, stolingiz ustidagi moddalardan men ham foydalanyapman... Aytganday, men ham oʻsha toshni anchadan buyon qidiraman. – Tushunarli, – dedi olim yana ortiga oʻgirilarkan. – Men esa uni qidirishni yaqinda boshladim. Ilgari faqat fizika va astronomiya bilan shugʻullanganman. Falsafa toshini esa choʻpchak deb oʻylaganman. Endi boʻlsa bu tosh butun fikr-u zikrimni egallab oldi. Yoʻq, men oʻzim uni yaqinda topaman... senga yoʻl boʻlsin... – gʻudrandi Nyuton. – Uni topishingizga oz qoldimi? – qiziqib soʻradi Margol. 33 – Qaydam, har tajribadan soʻng mana endi uni kashf qildim deyman oʻzimga. Ammo har safar xato oʻylagan boʻlib chiqaman. Lekin juda oz qolganini sezib turibman. Eh, qaniydi shu ishni oʻn yillar oldin boshlaganimda! Shundan soʻng Margol Nyuton bilan yana birpas suhbat qurdi. Olimga bu pakana “odam” maʼqul keldi, shekilli, boshqa kunlari ham kelib turishiga ruxsat berdi. Margol Nyutonning tajribaxonasiga yana 3 kun – to olim tunda uxlayotgan vaqtida vafot etmagunicha qatnab, u bilan ajoyib suhbatlar qurdi. Nyutonning oʻlimidan soʻng Margol uning tajribaxonasiga yashirincha kirib, olimning kundaliklari, oʻqigan kitoblari bilan tanishdi. Qoʻlidan kelganicha Nyuton boshlab qoʻygan tajribalarni oʻrganib chiqqan Margol olimning yana biroz muddat yashamaganidan afsuslandi. Chunki Nyutonning toshni kashf qilishiga juda oz qolgan ekan. Shundan keyin Margol 1662-yilga – Nyutonning yoshlik davrlariga borishga qaror qildi. U Nyutonni fizikaga emas, balki alkimyoga koʻproq qiziqtirishni xohlar edi. «Axir, uning oʻzi bu ishni oʻn yillar oldin boshlamaganidan afsuslandi-ku! Men uni qanday boʻlmasin kimyo sohasiga qiziqtirib qoʻyaman. Soʻng u alkimyo bilan shugʻullanib N 2 G ni kashf qiladi», – deb oʻyladi Margol. 1662-yilning yoz oylari. Kembrij universitetining 20 yoshli aʼlochi talabasi Isaak Nyuton taʼtilni oʻtkazish uchun Vulstorp qishlogʻidagi uyiga qaytgan. Taʼtil boʻlishiga qaramay, Isaak uydan tashqariga chiqmas, koʻp vaqtini oʻz xonasida turli tajribalar qilib oʻtkazar, baʼzan esa tajribalardan zerikib mutolaaga berilardi. Ammo bu yigitning eng yoqtirgan mashgʻuloti hovlidagi olma daraxti tagiga yotib olib oʻy surish edi. Mana, hozir ham Isaak oʻz uyidan chiqib toʻgʻri olma daraxti tomon yoʻl oldi. Buni koʻrgan Margol xursand 34 boʻlib ketdi. Chunki u yigitning tashqariga chiqishini kun boʻyi kutgandi. Koʻzga koʻrinmaydigan qilib qoʻyadigan libos kiyib olgan Margol bemalol uy ichiga kirib, ikkinchi qavatdagi Nyutonning xonasiga koʻtarildi. U xonaga kirganida stol ustida sochilib yotgan shisha boʻlaklarini koʻrdi. Hoynahoy, bu yigit yorugʻlik nurini oʻrganayotgan boʻlsa kerak deb oʻyladi Margol. Margol agar Nyuton kimyo sohasida kutilmagan kashfiyot qilsa, bu sohaga qiziqib qoladi deb oʻyladi. Shu sababli Isaak oʻz xonasiga qaytgunicha deraza oynasiga Mendeleevning davriy jadvalini chizib qoʻydi. Lekin olma daraxti ostida xayollarga berilib ketgan yigit hadeganda xonasiga qaytmadi. Shunda Margol ham hovliga chiqdi. Shu tobda yigitning nima bilan shugʻullanayotgani uni qiziqtirdi. Margol bildirmay borib daraxt ustiga chiqdi va Isaakni kuzata boshladi. Yigit esa oʻzi-oʻzi bilan gaplashar, nimalarnidir hisoblab chiqardi. Ammo Margolga Isaakning soʻzlari unchalik eshitilmadi. Shunda u daraxt shoxiga osilib, pastroqqa egilmoqchi boʻldi. Qaltisroq harakat qilib yubordimi, daraxt shoxi silkinib ketdi. Bir olma uzilib toʻgʻri Issakning boshiga tushdi. “Ay-y, kelib-kelib mening boshimga tushasanmi?” – deya qoʻli bilan boshini silay boshladi yigit. U yana bir nimalarni bidirladi, soʻng birdan oʻrnidan sakrab turdi. Yerdagi olmani olib tepaga otdi, olma yerga qaytib tushdi. Soʻng yigit yana olmani qoʻliga olib osmonga termilgancha xayolga berildi. Birozdan keyin chopib uyga kirib ketdi. Koʻp oʻtmay Margol ham yigitning ortidan uning xonasiga kirib bordi. Bu vaqtda Isaak kundaligiga shunday deb yozayotgandi: “Olma nima uchun aynan mening boshimga quladi? Nega osmonga yoki yon tarafga uchib ketmadi? Demak, qandaydir kuch jismlarni yerga tortib turadi!” Bularni oʻqigan Margolning hafsalasi pir 35 boʻldi. U Isaakni kimyo sohasiga qiziqtiraman deb qaytaga fizikaga boʻlgan muhabbatini yanada oshirib yuborgandi. Endi Nyuton butun olam tortishish kuchini kashf qiladi deb oʻyladi Margol... Margol Ahmadga bu voqeani soʻzlab berarkan, bola qotib-qotib kuldi. – Demak, siz ekan-da oʻsha mashhur olmani Nyutonning boshiga uloqtirgan? – soʻradi oʻzini haligacha kulgidan toʻxtata olmayotgan Ahmad. – Nima, sen olma voqeasini bilarmiding? – Albatta, axir bu voqeani hamma biladi-ku!.. Download 1.03 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling