F. Zamyatkin matrix metod sizga xorijiy tilni o‘rgatib bo‘lmaydi! Toshkent "Universitet" 2009


Download 83.68 Kb.
bet10/14
Sana26.02.2023
Hajmi83.68 Kb.
#1232160
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
Sizga ingliz tilini o\'rgatib bo\'lmaydi

Yana bir maslahat: asarda ilgari surilgan g‘oyani to‘liq anglashga harakat qiling. Shu bilan birga o‘z falsafangizni yarating. O‘qilgan asar haqidagi taassurot va xulosalaringizni yozib qo‘ying. Asarni ikkinchi marta o‘qing va shundan keyingi xulosalaringizni ham yozing. Ularni birinchi o‘qishdan keyingi xulosalaringiz bilan solishtiring. O‘rtadagi farq sizga ko‘p narsani tushunishga yordam beradi.
Dunyoda yana bir haqiqat bor. Hamma tillarda go‘yoki aynan o‘sha tilni o‘rgatish uchun yaratilganday yozilgan adabiyot va o‘z asarlari bilan til o‘rgatuvchi adiblar bo‘ladi. Masalan, ingliz tili uchun Agata Kristi asarlari, frantsuz tili uchun Gi de Mopassan, nemis tili uchun Erix Mariya Remark, italьyan tili uchun Alьberto Moravia asarlari. Chet tillarni o‘qitish bo‘yicha tajribali kafedralarda buni biladilar va ko‘p yillardan buyon shu usuldan foydalanadilar.
Inson miyasi to‘xtovsiz tahlil qilish va filьtrlash xususiyatiga ega. Qandaydir ikkinchi yoki uchinchi darajali so‘zlarga yigirma-o‘ttiz marta duch kelganingizdan so‘ng, hech qanday lug‘atlar yordamisiz ham uning asl ma'nosini tushunaveradigan bo‘lasiz. Chunki miyadagi tahlil jarayoni hech qachon to‘xtamaydi va hatto uxlayotganingizda - sizning ishtirokingizsiz ham davom etaveradi. Agar tushingizda o‘zingiz o‘rganayotgan tilda so‘zlay boshlasangiz yoki shu tilda tush ko‘rsangiz, bilingki, miyangiz sizga yon bosibdi.
Shu o‘rinda mavzuga daxldor bo‘lmagan bir voqeani so‘zlamoqchiman. Institutga endigina qabul qilingan kunlarimizning birida kafedra mudiri bo‘lmish chiroyli o‘qituvchi ayol dars xonamizga kirib keldi va shunday dedi: «Orangizda ko‘pchilik hammasini noldan boshlayotgani aniq. Agar shundaylar bo‘lsa, omadli ekansizlar. Sizlarga hammasini o‘rganish juda oson kechadi. Orangizda maktabda shu til bo‘yicha muvaf-faqiyatlarga erishgan a'lochilar borligi ham ayon va ular tilni qandaydir darajada biladilar. Bundaylar biroz omadsiz ekan. Sizlarning birinchi qiladigan ishingiz maktabda o‘rganganlaringizning hammasini miyadan o‘chirib tashlash. O‘sha bema'nigarchiliklarning barchasini xotirangizdan bir umrga o‘chirib tashlang». Bu voqea xuddi kechagiday esimda. Ha-a, oltin davrlar edi... .
Yaxshisi, mavzuga qaytaylik.
Til o‘rganish jarayonida yosh sezilarli ahamiyatga ega. Afsuski, 18-20 yoshdan keyin bu sohada tezkor muvaffaqiyatga erishishimiz qiyin bo‘lib qoladi. Men mumkin bo‘lmay qoladi, demayapman. Tilni 50 yoshda ham o‘rganish mumkin. Faqat 20 yoshdan keyin miyamizdagi «beton» qota boshlaydi.
Bizda tilni bolalar kattalarga qaraganda tezroq va muvaffaqiyat-liroq o‘rganadilar degan tushuncha bor. Bu fikrga qaysidir ma'noda qo‘shilaman. Ammo til ummoniga bolalar o‘z xohishlari bilang sakramaydilar, ularni itarib yuboradilar va endi bolalar uchun bu ummonda suzib ketishdan boshqa chora yo‘q. Bolalar hech qaysi tilni o‘z ichki istaklari asosida o‘rganishga jazm qilmaydilar. Ular tilni ham non yeyish va suv ichishni o‘rganganday o‘rganadilar. Biz kattalarda esa tanlash imkoniyati bor. Biz hammasini o‘z istagimizga ko‘ra, aql bilan bajaramiz. Bizda majburiylik yo‘q. Endigina yerga qadagan urug‘imiz erta-indin yoki bir oydan keyin emas, kuzda hosil berishini yaxshi bilamiz va ekinimizni sabr bilan har kuni parvarishlaymiz. Qaysi bola shunday qilganini ko‘rgansiz?
Xullas, bolalarning til o‘rganish salohiyatiga havas qilishning va o‘tgan yillar uchun afsuslanishning hech hojati yo‘q. Siz omadlarga erishadigan ayni yoshdasiz. Axir sizda erk bor, tanlash imkoniyati, kuch-quvvat, rejalar tuzish salohiyati, oldindan ko‘ra bilish qobiliyati, aql, mustaqil fikrlash, ishchanlik, falsafa va hayotiy tajribalar bor. Bularning hammasi til o‘rganish jarayonida omadga yetaklovchi omil hisoblanadi. Ehtimol, men imkoniyatlarimizning hammasini sanamagandirman. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, do‘stim, bizning yana juda ko‘p ajo-yib qirralarimiz bor.
Xullas, mening qadrdonlarim, biz siz bilan ancha-muncha haqiqatlar borasida miriqib suhbatlashdik.
Qaysi soha kishisi bo‘lishingizdan qat'i nazar aslo unutmangki, hech bir soha bo‘yicha mukammal qo‘llanmalar bo‘lmagan, hozir ham yo‘q, bundan keyin ham bo‘lmaydi. Buni bir daqiqa ham yodingizdan chiqarmang!
Bizning sohada ham shunday. Qandaydir «mutaxassislar», aytaylik, ispan tilida (aynan ispan tilida) so‘zlashuvchilarga ingliz tilini o‘rgatish uchun mo‘ljallangan qo‘llanmalarni boshqa tillarga (masalan, rus yoki nemis tillariga) tarjima qiladilar va ingliz tilini o‘rganish uchun noyob qo‘llanma sifatida tarqatadilar. Kechirasiz-u, bu g‘irromlarning no xolis biznesi xolos. Harqalay, ispan, rus, nemis tillari o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor va bu xalq vakillariga ingliz tilini bir xil qoida va talablar asosida o‘rgatib bo‘lmaydi.
Xo‘-o‘sh, endi bir necha ogiz so‘z yondosh matnlar xususida.
Bema'ni qo‘llanmalar hamisha bor bo‘lganiday, yondosh matnlar, ya'ni, aytaylik ingliz tilidagi matn va uning ona tilingizdagi yonma-yon tarjimasi berilgan risolalar ham hamisha mavjud bo‘lishi tayin. Ulardan ham ehtiyot bo‘lishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki ular bu jarayonda biz uchun juda xavfli. Yonginasida o‘z tilingizdagi tarjimasi turgan matn ustida hech kachon astoydil ishlamaysiz. Uni mustaqil tarjima qilishga urinishingiz mumkindir, ammo bu ham aldoqchi vaziyat. Bajarib qo‘yilgan ishni ko‘rgan miyaning yalqovligi tutib qoladi. Siz ishlayotganday ko‘rinasiz, ammo ko‘zlaringiz satrlar ustida shunchaki yugurib yuradi xolos. O‘zingizga kuchingiz yetmay qoladi. Bu narsa go‘yo kichkina bolakayning oldiga bir quti shokoladni qo‘yib, bolakaydan unga qaramaslikni talab qilishday bir gap. Bola hech qachon bu talabni bajarmaydi. Buni bajarish MUMKIN EMAS! Sizning hozirgi ahvolingizda ham shunday. Tayyor matn tomon sirpanib ketayotgan ko‘zlaringizga kuchingiz yetmasligi tabiiy. Bu ahvolda miyani ishlashga majbur qilolmaysiz.
Shuni bilib qo‘yingki, hech qanday tarjima to‘liq, aniq va yagona ishonchli tarjima hisoblanmaydi. Bitta matnning ona tilingizdagi bir nechta tarjimasi bo‘lishi mumkin va bu variantlarning har biri qaysidir jihatlari bilan to‘g‘ri hisoblanadi. Har bir tarjimonning so‘z tanlash borasida o‘z uslubi bor.
Sizga tayyor ovqatni yeyish yoqayotgan bo‘lsa, bu sohada uzoqqa borolmaysiz. Subtitr tarjimasi bo‘lgan filьmlarni ko‘rishdan ham tiyilganingiz ma'qul. Chunki filьm yaratish jarayonida na rejissyor va na operatorlar subtitr tarjima borasida umuman kayg‘urmaydilar. Shunday filьmlarga ko‘zim tushganida juda ensam qotadi. Bular shu qadar ustomon tilbuzar «tarjimon»larni qayerdan topadilar-a?! Menga shu sohalarda ham kimlarningdir manfaatlari yotganday tuyuladi... .
Tarjima borasidagi fikrlarim hamma mamlakatlar va hamma tillar uchun taalluqlidir. Bu mavzuda uzoq bahslashish mumkin. Ammo biz bilishimiz kerak bo‘lgan bitta haqiqat bor: tarjimalar orqali biror-bir tilni o‘rganib bo‘lmaydi!
Men o‘zimni tutib tura olmayapman va sizga o‘zim guvohi bo‘lgan va juda asabimni buzgan holatlarni misol tariqasida aytib bergim kelyapti.
Rus tiliga tarjima qilingan inglizcha filьmlarning birida sherigini qaltis vaziyatlarda yo‘qotib qo‘ygan harbiy qahramon radiouzatgich orqali shunday deydi: «Jon, bu yoqqa kel! Qayerdasan, Jon? Kel, kelaqolsangchi!» Hatto ingliz tili va harbiy qoidalardan umuman bexabar odam ham radiouzatgichda aloqaga chaqirish uchun «Qabul!», «Javob bering!», «Qanday eshityapsiz?» qabilidagi so‘zlar ishlatilishini yaxshi biladi. Aynan o‘sha yerda inglizcha «kiring» so‘zi ishlatilgan. Britaniyalik va amerikaliklar bu so‘zni eshik taqillashiga javob tariqasida qo‘llaydilar, ammo harbiylar orasidagi radioaloqalarda bu so‘z «javob bering» degan ma'noni bildiradi.
Holbuki, tarjimalar tekinga qilinmaydi. Modomiki shunday ekan, tilni rasvo qilish hisobiga boyishlariga ham chidab bo‘lmaydi. Yoki ular bizning ustimizdan kulyaptilarmi?
Bir necha kun oldin oynai jahonda beriladigan yangiliklar ko‘rsatuvi orqali g‘alati gap, to‘g‘rirog‘i g‘aliz bir tarjimani eshitib qoldim. Nima emish, Amerikaning sobiq vitse-prezidenti Alьbert Gor Xitoy bilan savdo aloqalari chempioni emish. Bu qanaqa savodsizlik bo‘ldi axir! Ha, hech shubhasiz, bu Amerika telekanallaridan olingan lavhaning rus tiliga so‘zma-so‘z tarjima qilingan sharhi edi. Ingliz tilida «chempion» so‘zi bir necha ma'nolarni bildiradi. Shulardan biri «butun kuch-quvvatini ma'lum bir maqsadga yo‘naltirgan odam» deganidir. Mana, aslida gap qayerda ekan.
Dilimni ranjitadigan yana bir narsa bor. Men risolam orqali barcha kinematografiya, televideniye va boshqa soha tarjimonlariga ham bir iltimos bilan murojaat qilmoqchi edim. Sizlardan o‘tinib so‘rayman, muhtaram hamkasblar, barcha xorij politsiyachilarini «politsiya ofitserlari» deya atashni bas qilsangiz. Ehtimol hozirgacha bu atama va uning ma'nosi ustida bosh qotirishga hech biringizning vaqtingiz bo‘lmagandir. Sizlarni ishontirib aytamanki, Amerika, Britaniya, umuman chet el politsiyachilarining hammasi ham ofitser emas. Ularning orasida serjantlari ham va umuman hech qanday unvonga ega bo‘lmaganlari ham bor. Nega ularning hammasini ofitser deb ataysizlar? Barcha tillar va qabul qilingan qoidalarda «ofitser» so‘zi alohida ma'no va tushuncha bildiruvchi so‘z hisoblanadi. Pogoni bor maxsus kiyim kiyganlarning hammasi ofitser bo‘lavermaydiku. Rossiyada kichik leytenantlarning unvoni oshirilgachgina ofitser hisoblanishini bilsangiz kerak. Amerika va Britaniyada ham xuddi shunday. U yoklarda politsiya ofitserlari operativ ishlarda umuman qatnashmaydilar, qonun bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ular hatto o‘z ish kabinetlaridan ham juda kam chiqadilar. Sizlar bo‘lsangiz, kinolarda jinoyatchini quvib yurgan formali har bir odamni «politsiya ofitseri» deb ataysizlar. Ingliz tilida «ofitser» so‘zining bir nechta ma'nosi bor. Ofitser aslida «yuqori toifali shaxs» degani bo‘lib, uning «xizmat qiluvchi» degan boshqa ma'nosi ham bor. Aynan shu ma'nosiga ko‘ra bu atama xususiy kompaniyalarning bosh hisobchilariga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Televideniye va kino sanoati tarjimonlariga bitta tavsiyam bor. Dunyoda shunday kitoblar borki, ularda bir ustunda chet tilidagi so‘zlar, yondosh ustunda esa ularning ona tilingizdagi tarjimasi berilgan. Fanda bu kitoblarni «lug‘atlar» deb ataydilar. Lug‘atlarning sotuvga chiqarilganiga ancha yillar bo‘lgan. Iltimos, ozgina vaqt ajratib, «ofitser» so‘zining lug‘atlarda berilgan ma'nosiga bir ko‘z yugurtirib olsangiz.
Mening qadrdon suhbatdoshim, nima uchun tarjima qilingan filьmlarni ko‘rmang, deganimni tushunayotgandirsiz va keskin fikrlarim uchun meni kechirgandirsiz. Bunday misollarni o‘nlab keltirishim mumkin.
Biz «As» ya'ni usta va mohir tarjimonlarga juda-juda muhtojmiz, aziz do‘stim, judayam... .
Bu sohada mening erishgan muvaffakiyatlarim oz emas. Men qilgan ishlarni, shubhasiz, siz ham qila olasiz. Bir kunda chet tilidagi asarning yuz sahifasini o‘qir edim. Demak, bu sizning ham qo‘lingizdan keladi.
O‘qishdan zerikkaningizda filьm ko‘ring yoki matn tinglang, keyin yana o‘qing. Oldin o‘qiganlaringizni ham vaqti-vakti bilan qaytarib turing. Maqsad bitta: o‘rganilayotgan til bilan aloqani aslo uzmaslik. Miyaga shu hakda muntazam uqtirib turing, kerak bo‘lsa bosim o‘tkazing. Bu jarayonda har bir narsa sizga yo ijobiy yoki salbiy ta'sir o‘tkaza oladi. Hatto kiyim-kechaklar ham. Ishonmaysizmi? Unda nima uchun sportchilar yoki rohiblar maxsus kiyim kiyadilar? Jinsi shim kiygan rohibning ibodat qilayotganini yoki kostyum-shim kiyib olib ringda kurash tushayotgan bokschini tasavvur qila olasizmi? Ular maxsus kiyimlar kiygandan so‘ng o‘zlarini sport yoki Budda ta'limotlari olamida ekanliklarini chukurroq his kiladilar. Tashqi olamdan tezroq uziladilar.
Siz ham o‘z ona tilingizdagi har kanday aloqadan qoching: ona tilingizda o‘qimang, ko‘rmang, eshitmang! Unda atrofda bo‘layotgan vokea-hodisalardan bexabar qolamanku, demoqchisiz-a? Kechirasiz-u, hozirgacha hamma narsadan xabardor bo‘lganingizga shubham bor. Televideniyeda berilayotgan, gazetalarda yozilayotgan voqea-hodisalarning hammasi o‘zingiz uchun muhimligiga ishonasizmi? Menimcha, juda unchalik emas.
Bizning ishimizda shoshmashosharlik yaramaydi. Bu yerda tezkor hujum uyushtirishlar, qaxramonliklar ketmaydi. Sabr va qat'iylikkina sizni omadga yetaklaydi. Hamisha qat'iy reja asosida, o‘ylab ish qiling. Butun diqqat-e'tiborni jamlab til ummoniga sho‘ng‘ish, sho‘ng‘iganda ham eng chuqur va qorong‘u joylargacha yetib borish kerak. Bu joylarda sizni boyitib yuboradigan asl marvaridlar istagancha topiladi.
Orangizda musika yoki sport bilan shug‘ullanganlar bo‘lsa, yaxshi biladilarki, mashg‘ulotlar bilan uzoq vakt shug‘ullanilmasa, hammasi esdan chiqib ketishi mumkin. Afsuski, bu holat til bilan shug‘llanish borasida ham yuz beradi. Men «til bilan» deyapman, «chet tili bilan» deyayotganim yo‘q. Negaki, bu ona tili bilan ham bog‘liq muammodir.
Ona tili dunyoda mashaqqat bilan o‘rganiladigan va biz yaxshi biladigan tillarning bittasi. Hech kim onasidan ona tilini o‘rgangan holda tug‘ilmaydi. Shunday ekan bu tilni ham doimo takomillashtirib, o‘rganib borish va zinhor unutib yubormaslik kerak. Siz xorijga borganingizda u yerda yashayotgan hamyurtlaringiz bilan o‘z tilingizda so‘z-lashib ko‘rsangiz, nega bunday deyayotganimni tushunasiz. O‘zim ham Ame-rika yoki Britaniyada rus tilida inglizcha aktsent bilan gapirayotgan hamyurtlarimni ko‘rganimda juda xafa bo‘lganman. Vaholanki, ular hayotlarining katta qismini Rossiyada o‘tkazganlar. Bundaylarning «sa'y-harakatlari» tufayli rus va ingliz tillari qorishmasidan iborat ola-quroq til paydo bo‘lgan. Ular «Ana mening chidtsrenyatlarim stritda o‘ynayaptilar» yoki «Men bugun jop-klubdagi velferga borishim kerak», «Suv ays bilan bo‘lsinmi, ayssizmi?», - der edilar. Gogolь, Tolstoy, Tyutchevlar tilini braytonlik kolbasachilar tiliga almashtirib yuborish shu qadar oson bo‘ldimi? Ammo bu holat xorijda bir necha yil yashab qolayotgan barcha kishilar bilan, hatto bu johillikka qarshi bo‘lgan kishilar bilan ham, dunyodagi barcha tillar bilan ham sodir bo‘lmoqda.
«Menga paund chiz bersangiz», - dedi Moskvadagi do‘konlarning birida Amerikadan kelgan rus kishisi sotuvchiga. Ketidan «shshs» deyishni ham unutmadi.
Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, hatto ona tili unutilar ekan, o‘zga til haqida nima deyish mumkin? Lekin cho‘chishning keragi yo‘q. Urganilgan hech bir narsa miyadan butunlay o‘chib ketmaydi. Miyaning qorong‘u bir burchagida uni hayotga qaytarishingizni kutib o‘tiradi va uni faollashtirish uncha qiyin bo‘lmaydi.
Volgabo‘yi o‘lkasidagi nemislar tilining taqdiri juda ayanchli. Ularning tili yo rivojlanishdan to‘xtab qolgan yoki butunlay boshqa yo‘nalishdan ketgan. O‘zagidan ajrab qolgani uchun o‘lik tilga aylanib bormoqda. Volgabo‘yilik bir nemis o‘qituvchi qizil maydonda bir guruh germaniyalik nemislarni uchratib qoladi va ular bilan so‘zlashmoqchi bo‘ladi. Uning mahalliy nemis tilini germaniyaliklar mutlaqo tushun-maganlar. O‘qituvchi ham ularni tushunmagan.
Mening bir tanishim g‘alati voqeani aytib bergandi. U qandaydir delegatsiya bilan Angliyaga borgan kunlarning birida yoshgina, yoqimtoy bir juvon delegatsiyadagilarning ruslar ekanini eshitib, so‘zlashgani keladi va rus tilida kuchli inglizcha aktsent bilan, juda qiynalib gaplashadi. Delegatsiya a'zolari bu ayol Angliyadagi rus muxojirlarining yurtdan olisda tug‘ilgan farzandi ekan, degan qarorga keladilar va ota-bobolarining tilini unutmagan qizdan o‘z ko‘ngillarida juda minnatdor bo‘ladilar. Ertasi kuni xonim yana tashrif buyuradi. Undan «Ajdodlaringizning Vatani bo‘lmish Rossiyada hech bo‘lganmisiz?», -deb so‘raydilar. Ayol ajablanadi va Rossiyada tug‘ilib o‘sganini, Angliyada yashay boshlaganiga esa yetti yil bo‘lganini aytadi... .
Xo‘p mayli, keling o‘z ishimizga qaytaqolaylik, mening qanoatli o‘quvchim.
Til o‘rganish jarayoni chegaralanmagan, istalgancha vaqt sarf qilish mumkin bo‘lgan mashg‘ulot emas. Uning ham o‘ziga xos qoidalari bor. Dastlabki uch-to‘rt oy mobaynida siz qandaydir yutuqlarga erishishingiz darkor. Bu narsa kurashni davom ettirishda sizga ruhiy madad bo‘ladi. Til o‘rganish sohasida tajribasi bo‘lmagan kishining o‘ziga ishonchi kam bo‘ladi. U tutgan yo‘lining to‘g‘riligiga ishonishni istaydi.
Men bu sohada anchayin tajriba orttirgan, mazkur jarayonning past-balandini yaxshi biladigan shaxs sifatida dastlabki mashg‘ulotlar uchun yetti-sakkiz oy, boringki, bir yilni hech ikkilanmay sarf qilishim va sabr bilan mehnat qilishim mumkindir. Lekin bu sohada yangi odamning bunday qilishga toqati yetmaydi. U qisqa fursatlarda mehnatining natijasini ko‘rishni istaydi.
Tasavvur qiling, men uy qurmoqchiman. Sizda ham shunday istak bor. Uy qurish uchun yerimiz ham bor. Men o‘z ishining bo‘lajak ustasiday qurilish ashyolari uchun buyurtma beraman. Tasavvurimdagi uyning qayeriga gilam ilishdan tortib, qaysi deraza tokchasiga qanday gultuvakda qaysi turdagi gulni qo‘yishimgacha xayolan pishitib qo‘yaman. Buyurtma qilingan ashyolarning keltirilish vaqtidan tortib, har bir ishga qancha vaqt ketishini va qanday tezlikda ishlashni aniq hisob-kitob qilgan holda, hech shoshilmay harakat qilaman.
Siz bu paytda shoshqalokligingiz sabab talvasaga tushib qolasiz. Qurilish ishi bo‘yicha umuman tajribangiz yo‘kligi aniq. Lekin shunga qaramay, o‘z qo‘llaringiz bilan uy qurishga ahd qilgansiz. Poydevor bitgach, g‘isht urilsa, tomni yopib, pol va shiftlarni bitkazilsa, eshik, deraza o‘rnatilsa - tamom deb o‘ylaysiz. Ammo bu yerda joy-joyiga qoqilishi kerak bo‘lgan mixlar, o‘rnatilishi lozim bo‘lgan xalqalar, gaykalar, shuruplar, ilgaklar bor...eh-he... Sizga juda qiyin. Ish davomida hammayog‘ingiz tilingan, ko‘kargan, boshdan-oyoq loyga belanib, oyoqda zo‘rg‘a turibsiz. Ammo qurayotganingiz hecham uyga o‘xshamayapti. To‘g‘risi, qo‘shni itning uychasi ham bundan chiroyli edi. Siz endi qurilish maydonida kamroq ko‘rina boshlaysiz va bora-bora kelmay ham qo‘yasiz. Tamom. Nemischa aytganda «kaput».
Yo‘q, keling davom ettiraylik. Biz siz bilan qo‘shnilarmiz va turgan gapki, mening chiroyli uyim havasingizni keltiryapti. Axir men bu uyni sizning ko‘z oldingizda o‘z qo‘llarim bilan qurdimda. Siz mendan uy qurishni o‘rgatishimni so‘raysiz. Men jon deb sizga bu borada ma'ruzalar o‘qiyman. Qurilish ashyolarini qanday tayyorlash va ishlatishni o‘rgataman. Siz ham saboqlarimga bajonidil qatnay boshlaysiz. Men sizga qurilish uchun kerak bo‘ladigan mayda-chuyda asboblarning uzundan-uzun ro‘yxatini beraman va ularning nomini, nimaga ishlatilishini yodlab qolishni va ularni olib kelishni talab qilaman. Siz ichki ishonchsizlik bilan bu ishga kirishasiz. Chunki bu yuzlab narsalarning o‘zini ko‘rish tugul nomini ham endi eshitib turibsizda. Shuncha xarakat qildingiz, ammo qarshingizda na poydevorni, na devorni va na tomni ko‘ryapsiz. Atrofingizda faqat qop-qop sement, bo‘yoq idishlari, rulonlar, allaqanday shuruplar, temir-tersaklar qalashib ketdi. Ularning yoqimsiz hidlari dimog‘ingizni yoray deyapti. Ular bilan qanday qilib chiroyli va shinam uyni bunyod etish mumkinligiga sira tushunmayapsiz.
Shu holingizda endi men umringizda birinchi bor ko‘rib turgan asboblarni kanday ishlatishni o‘rgata boshlayman. Siz ham har qancha qiyin bo‘lmasin meni tushunishga harakat qilib astoydil tinglaysiz, ammo uy qurishga bo‘lgan istagingiz qaynoq gaz pechidagi muz bo‘lagiday eriy boshlaydi va yo‘qolib ham ketadi. Siz bu sonsiz saboklar ichida hech qanday amaliyotni ko‘rmadingiz va nazaringizda mening uyim ham tayyor holida osmonday tushganday yoki Garri Potterning sehrli tayoqchasi yordamida bir zumda paydo bo‘lganday, tuyula boshladi. Siz allaqanday vintchalar va shpuntchalar, allambalo uskunalardan zerikdingiz. Uzundan-uzoq saboqlarimdan boshingiz g‘ovlab ketdi. Siz hatto mening qurilish ishlarini tushunishimga ham shubhalana boshladingiz. Ishlarni to‘xtatishga qaror qildingiz.
Essizgina, axir biz endigina poydevor qurishni boshlamoqchi edik. Hamma narsa tayyor bo‘lgan edi. Yana ikki haftagina sabr qilsangiz bo‘lardiku! Natijaga yarim qadam qolgan edi-ya!
Xullas, siz tamom dedingizmi, demak, tamom!
Endi bu ikki holatni tahlil qilib ko‘raylik. Birinchi holatda sizda ishtiyoq ham, mehnatsevarlik ham bor edi. Ammo tajriba yetishmadi. U holni tavsiflab o‘tirish shart ham bo‘lmasa kerak. Hammasi kunday ravshan.
Ikkinchi ko‘rinishdachi? Bunda ham siz katta havas va qiziqish bilan ish boshladingiz. Faqat eng katta ayb menda bo‘ldi. Chunki o‘rgatuvchi har bir ishda insondagi ojiz tomonlarni albatta hisobga olishi shart edi. Ishni shunday tashkillashtirish kerak ediki, toki qisqa vaqtlar ichida o‘rganuvchi boshlagan ishining kichik bo‘lsa ham natijasini ko‘rib, quvona olsin.
Dastlabki saboqlardan so‘ng sizga poydevor qurdirishim va ustiga bir qator bo‘lsa ham g‘isht terdirishim lozim edi. Shunda siz mehnatingiz natijasidan quvongan, o‘z kuchingizga ishongan bo‘lardingiz. Istaklaringiz bu qadar tez so‘nmasdi. Birinchi g‘alabaning ta'mini totib ko‘rgach, kuchingizga kuch qo‘shilardi. Ishonch va matonat bilan, yaxshi kayfiyatda ishni davom ettirgan bo‘lardingiz. Afsus, bunday bo‘lmadi.
Hamma ayb - o‘qituvchida. Unda donishmandlik yetishmadi. Quruq safsatalar bilan o‘quvchilar ishonchini qozonib bo‘lmaydi.
Xullas, mening tajribasiz «quruvchim», ishingizning dastlabki ik-kinchi, uchinchi oylarida kichkinagina bo‘lsa ham natija va muvaffaqiyatlarni ko‘rish sizga albatta kerak. Bo‘lmasa qurayotgan uyingiz chala qolishi mumkin. O‘qituvchingiz ham oqil bo‘lmog‘i lozim. O‘qituvchilik diplomi bo‘lgan har bir odam ham o‘qituvchi sanalavermaydi. Mabodo ustozlik qilaman degan odamingiz yuz yillik eski usullarga sodiq bo‘lsa, siz o‘qituvchi emas, istaklaringizni so‘ndiruvchi xavfli dushmanga duch kelibsiz.
Ha-ya, eski usullar... . Axir chet tili fakulьtetlarida o‘sha eski usullar bilan ham muvaffaqiyatlarga erishyaptilarku, to‘g‘rimasmi?
To‘g‘ri, deyishga biroz shoshmay turing. Muvaffaqiyatga erishishda bilimdan tashqari omadning ham ahamiyati katta. Men hayotim davomida erishgan muvaffaqiyatlariga o‘zini loyiq hisoblamay, vijdoni qiynalgan odamlarni ham ko‘rganman. Har doim haqiqatning ko‘ziga tik boqish darkor.
Biz hamisha o‘quv tizimini emas, o‘zimizni aybdor qilishga o‘rganganmiz. Tizimga qarshi turishni ma'qul ko‘rmaymiz. Hatto shu narsa ham aslida, o‘sha o‘qitish tizimining ta'siridir. Axir bizni kichkinaligimizdanoq har narsaga - xo‘p, deydigan yaxshi bola bo‘lishga o‘rgatishganda. Bolaligimizdanoq shovqin solmay jim o‘tirishga, kattalarga so‘zsiz quloq solishga, tartib-qoidalarni buzmaslikka o‘rgatilganmiz. Mana, darslarda ham jim o‘tirdik, uyga berilgan topshirikdarni to‘liq ba-jardik, doimo o‘qituvchining aytganini qildik. Necha yillik qoidalarni o‘qituvchiga qo‘shilib to‘tiday takrorladik, ular tavsiya qilgan kitoblarga bema'no tikilib o‘tirdik, butun mamlakat yillab bajargan mashklarni biz ham bajardik, xullas o‘kuv tizimi yaratgan barcha narsaning tilsiz ijrochisi bo‘ldik va alaloqibat allakimlar erishgan yutuklarga nechadir minginchi bo‘lib biz ham takror erishdik. Ko‘pchilik buni juda yaxshi biladi va bu muvaffaqiyatlarni meniki deyishdan or qiladi.
«Biz» deganimda men sizni nazarda tutganim yo‘q, qadrdon suhbatdoshim. Sizni kuchsiz va landovur deb, aslo o‘ylamayman. Men sizga ishonaman! Agar aksi bo‘lganda, sizga dardimni dasturxon qilmagan va qimmatli vaqtimni sarf etmagan bo‘lardim. Men sizning yolg‘onlar va chalahaqiqatlardan chin haqiqatni ajrata olishingizga, mustaqilligingizni boy bermasligingizga, har qanday aldoqchi ta'sirlarga berilmasligingizga ishonaman. Ilmning jannatmakon olamiga yorug‘ yuz bilan kirib bori-shingizga imonim komil.
Hozirgacha men quruq safsata sotganim va mashaqqatlarni xaspo‘shlab ko‘rsatganim yo‘q. Shunday ekan, yana bir haqiqatni tan olaylik. Bu jarayonda duch kelishingiz aniq bo‘lgan to‘siklardan yana bittasi - yaqin kishilaringizning qarshiligidir. Ha, har qancha ko‘ngilsiz bo‘lmasin, bu haqiqat! Ehtimol ularning qarshiligi ochiq-oydin bo‘lmas va shuning uchun ham siz hozirgina ko‘nglingizdan «yo‘g‘-e, bunaqa bo‘lishi mumkinmas»,-degan o‘yni o‘tkazdingiz.
Nadomatlar bo‘lsinkim, inson tabiati azaldan shunday. Yaqin kishilarimizning qozongan zafarlarida hech bir ulushimiz bo‘lmasligi mumkin, ammo ularning hayotidagi katta-kichik ko‘ngilsizliklarda aniq hissamiz bor. Yaqinlarimizning balchiqqa yuztuban yiqilishlariga sovuqqonlik bilan qarab turamiz va ayni paytda egnimizga loy sachramasligi uchun chetroqqa chiqib olamiz.
Oddiygina bir misol: ichishni tashlagan odamga yaqinlari allaqanday marosimlarni pesh qilib yoki kimlarningdir ko‘ngli uchun bir ryumkagina aroqni «oppoq qilib olish»ni astoydil talab qiladilar. Buning hech qanday zarari yo‘qligiga ishontirib ham ko‘yadilar.
Mana ko‘rasiz, sizga ham albatta, dam olishni, biroz tanaffus qilishni, miyaga orom berishni taklif qiladilar. Dangasa miyaning qo‘li baland kelib turgan daqiqalarda bu «mehribonchilik»lar sizga moydek yoqadi. Ular sizga achingandek qaraydilar, lekin nima uchun?
Mening soddagina qadrdonim, bu yo‘lda hech kimdan sizni qo‘llashlarini kutmay ko‘yavering, chunki bu maydonda yakka holda kurashiladi. Sizning birgina hamkoringiz bor, u ham bo‘lsa - o‘zingiz. Aynan shu sababli ham, doimo o‘z-o‘zingizni mukofotlab boring. Hech qachon boshqalardan maqtov yoki rag‘bat kutmang.
Hech qanday kamchilik yoki uquvsizliklar, vaqtinchalik tushunmovchi-liklar uchun o‘zingizni koyimang va ayblamang.
O‘zingizga hammadan kuchli ekanligingizni uqtirishdan uyalmang. Eng yaxshi va to‘g‘ri baho - o‘zingizga bergan bahongizdir. Va hech qachon «bir kun kelib chet elliklar ularning tilini yaxshi o‘rganganim uchun menga qoyil qoladilar va mahoratimga tahsinlar aytadilar», - degan xomxayol bilan boshingizni aylantirmang. Bu behuda gap. Negaki, ular uchun sizning til bilish, bilmasligingiz sirayam qiziq emas. Tilda Vikont de Brajelon darajasida mukammal so‘zlasha olasizmi yoki tilni buzib, qo‘pol aktsent bilan gapirasizmi - ularga baribir. Ular sizning xatolaringizni ko‘rsatib bermaganlariday, yutuqlaringizni ham taqdirlamaydilar. Xorijliklar uchun siz ularning katta va hamisha gavjum ko‘chalaridan o‘tib ketayotgan o‘tkinchilardan birisiz xolos. Dunyo o‘zi shunaqa. Shunday ekan, intilishlaringiz va yutuqlaringiz uchun shu topdayoq o‘zingizni mukofotlang, quvoning. Boshqa hech kim bunday qilmasligini va sizni taqdirlash-taqdirlamaslik boshqalarning o‘ta shaxsiy ishi ekanligini unutmang.
Hayotda har bitta muvaffaqiyatsizlikdan tushkunlikka tushaverish kishini ko‘ngilsizliklar ummoniga cho‘ktirib yuboradi. Meni hammasiga osongina erishgan deb o‘ylaysizmi? Bu yo‘lda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Shunday odamlarga duch kelasizki... . Boshimdan o‘tgan bir voqeani aytib beraymi?
Takdir meni bir zodagon boyga til o‘rgatish uchun yollanma o‘qituvchi sifatida duchor qilgan kunlarning biri edi. Aytishim kerakki, men o‘z ishimni qimmat narxlarda baholamagan va zodagonlar hayotiga yaqinlashishga urinmagan insonman. Uquvchim bo‘lmish muhtaram janob ancha kirishimli, harakatchan va hatto mehribon ham edi. Saboqlarimiz kun sayin yaxshi natijalar berib borar, janoblari ham yoshlik davrlari o‘tib qolganiga qaramay, astoydil harakat qilardilar. Ammo ich-ichimdan baribir hammasi oxirigacha shunday silliq kechmasligini, musaffo osmonimizni bulut qoplashi mumkinligini his qilardim. Xato qilmagan ekanman. Tinch oqadigan suvning tubi loyqa bo‘ladi, degan gap juda topib aytilganda.
Navbatdagi saboqni o‘tish uchun o‘quvchimning yozgi saroyiga tashrif buyurar ekanman, hashamatli darvozadagi juda ustalik bilan yashirilgan kuzatuv kameralari meni har qachongidan ko‘ra uzoqroq kuzatayotganday, hatto fikrlarimni ham o‘qiyotganday tuyuldi. Ichkariga kirgach, biroz dovdirab qoldim. Mening madaniyatli ritsarim hali nonushtasini tugatmagan, nonushta uchun ataylab Tinch okeanidan yangigina tutib keltirilgan baliqni shoshilmay tanovul qilgancha, bemalol gazega o‘qirdi. Alam qiladigani, u menga qarab ham qo‘ymadi. Saboq haqida umuman unutganday ko‘rinardi. Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Janobi oliylari qorinlari to‘yganiga ishonch hosil qildilar shekilli, yog‘li qo‘llarini shoshilmay tozalab, mashhur xushta'm pivo bilan nafsilarini siylagachgina, men sho‘rlikka o‘girildilar. Uning ko‘z qarashidan badanimda minglab chumoli o‘rmalaganday bo‘ldi.
- Sizga bir savolim bor! - sokin, deyarli mayin ovozda so‘z boshladi zoti oliylari, uzoq jimlikdan so‘ng.
Eshitaman, - deya oldim zo‘rg‘a. Ovozim ham o‘zimga begonadek tuyuddi.
Men kecha kitob do‘koniga kirgan edim.
Xo‘sh?
U yerda ancha qimmat turadigan yangi qo‘llanmalar bor ekan.
Xo‘sh?
- Unda biz nima uchun mana bu bo‘yicha shug‘ullanyapmiz? - u barmog‘ini niqtab, ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha chiqarilgan qo‘llanmalarning ichida eng ma'quli deya hisoblaganim va mashg‘ulotlarda qo‘llayotganim arzongina risolani ko‘rsatdi.
Men g‘alati ahvolga tushib qoldim. O‘sha kuni mashg‘ulotimiz qanday o‘tganini bilmayman. Faqatgina oliynasab zotning shaxsiy hayvonot bog‘idagi Tanzaniyadan keltirilgan noyob xo‘rozlar ayyuhannos solib tongdan xabar bermagunicha bosinqirab chiqkanim esimda. Odamlarning bu qadar kaltafahmlarcha fikrlash tarzi hamisha g‘azabimni keltiradi.
O‘sha tongda saboqxonamizga shaxdam qadamlar bilan kirib bordim. Zoti oliylari menga «haliyam shu yerdamisan?», - deganday norozi nazar tashladi.
Siz otda chopishni bilasizmi? - so‘radim kibor o‘quvchimdan.
Ha, bilar edim... - ajablandi u.
Aytingchi, men ming dollarga yaxshi bir ot sotib ololamanmi?
Sotib olishning hech keragi yo‘q. Yaqin bir do‘stimning ot fermasi bor. Borib bemalol o‘rganishingiz mumkin.
Agar ming dollarga ot sotib olsam, unda chopishni o‘rganishimga qancha vaqt ketadi? - so‘radim men uning taklifiga parvo ham qilmay. Zodagon mening uncha baquvvat bo‘lmagan jussamga biroz tikilib turdida, ishonchsiz bir ohangda
- Yarim yilda o‘rganib olsangiz kerak, - dedi.
Agar men o‘n ming dollarlik ot sotib olsamchi? - qat'iy ohangda davom etdim men.
Bu ot bilan chopishni ming dollarlik otga qaraganda o‘n barobar tezroq va yaxshiroq o‘rganamanmi?
Janob menga bir muddat tikilib qoldi. U gap nimadaligini fahmlagan edi. Oraga chuqur jimlik cho‘kdi. Bu jimlikni oligarxning buyurtmasi bilan Shvetsariyadan keltirilgan noyob devor soatining chiqillashi-yu, shaxsiy hayvonot bog‘idagi Sumatra timsohining sekin irillashigina buzib turardi. Oranjereyadagi Polineziya kakadusi esa kulgili qiliqlari bilan diqqatni o‘ziga tortmoqchi bo‘lardi.
Va nihoyat janobi oliylari o‘ychan nigohlarini mendan uzdi. Qo‘liga darslikni oldi:
- Kecha qayerda to‘xtagan edik?..
Men ko‘ksimni to‘ldirib nafas oldim va hayotning juda ajoyib, go‘zal ekanligi haqidagi fikrlar bilan ko‘nglimni ko‘tardim. Ana shunaqa!
Keling, yana o‘sha chet elliklar mavzusiga qaytaylik.
Chet elliklar chet tilini biladilarmi? Bu qanaqa savol bo‘ldi, deyapsizmi? Javobingiz bormi? O‘ylanib qoldingiz-a? Mana, aziz do‘stim, suhbatlarimizning ta'siri! Siz o‘ylab o‘tirmay javob berishdan tiyila boshladingiz.
Oldingizga sizning tilingizni o‘rganayotgan xitoy kishisi kelib, o‘zini qiynayotgan savollar bilan, aytaylik, so‘z o‘zgartiruvchi qo‘shimchalarga oid savollar bilan murojaat qilsa, uni qoniqtiradigan darajada (men professional darajada demayapman) javob bera olasizmi?
Bularni nega gapiryapman? Gap shundaki, har bir til o‘rganuvchi, masalan ingliz tilini o‘rganuvchilar ingliz tilida gapiruvchilarning hammasi shu til haqidagi barcha narsani biladi, deb o‘ylaydilar. Shuni yaxshi bilingki, aziz o‘quvchim, xorijliklar ham siz bilan men kabi oddiy odamlar. Ularning ham xuddi biz kabi ojiz tomonlari, kamchiliklari bor. Ular ham eski tizimlarga asoslangan maktablarda o‘qiganlar va grammatikani o‘rganish ishtiyoqida yonayotganlari yo‘q. Ularni savollar bilan qiynamang. Oddiy haqiqatlardan ko‘z yumishga o‘rganmang. Baribir, savollaringizga to‘liq javob ololmaysiz. Ajnabiy suhbatdoshingiz yo ishi ko‘pligini, yo vaqti yo‘qligini bahona qilib qochib qoladi yoki sizni g‘azabnok nigohlari bilan «siylaydi».
Albatta, bu ajnabiylar bilan suhbatlashish sizga foyda bermaydi, degani emas. Ular bilan istalgan mavzularda suhbatlar quring. Suh-batdoshingizni diqqat bilan tinglang, leksik, grammatik, fonetik tahlillar qiling. So‘z qo‘llash uslublarini aniqlang. Savollaringizga javoblarni esa yaxshisi maxsus adabiyotlardan izlang. Til egalaridan ko‘p narsani o‘rganib bo‘lmaydi. Mabodo suhbatdoshingiz shaloq so‘zlardan uyalmaydigan nusxa bo‘lsa bormi!
Bir paytlar men quyoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmish ochiq tabiatli, mehnatsevar va sodda odam ekanligi yuzidan shundoqqina ko‘rinib turgan o‘zbek kishisi bilan rus tilida so‘zlashib qolgan edim. Suhbat jarayonidan bildimki, bu odam rus tilini Rossiyada qandaydir qurilishlarda yoki qora ishlarda o‘rgangan. Uning og‘zidan chiqayotgan so‘zlar ichidan faqat «ona» so‘zinigina sizga aytishga uyalmayman xolos. Men suhbatni ko‘p cho‘zib o‘tirmadim va uyda dushdan oqayotgan issiq suvda cho‘milgachgina o‘zimga keldim. Men u odamni yomon deyish fikridan mutlaqo yiroqman. Aminmanki, bu samimiy inson o‘z ona tilida hech qachon bunday ohangda va ma'noda (ayniqsa notanish odamga) gapirmaydi. Bu xalqning nechog‘lik andishali ekanligini bilganim uchun xam shunday deyapman.
Gap shundaki, bu o‘zbek, yurtimizdagi sayoqlar va axlat titarlar singari odamsimon hayvonlarning doirasida ko‘p o‘ralashib qolgan va ularning tilini aynan rus tili sifatida qabul qilgan. Tuzukroq eьtibor berilsa, hayotda bu kabi aybsiz aybdorlar soni oz emas.
«Oddiylik - o‘g‘rilikdan yomon» degan hikmatni anoyi odam aytmagani aniq. Siz ham, mening soddagina birodarim, oddiy ko‘cha so‘zlari atrofida o‘ralashmang.
Mening amerikalik harbiy o‘quvchilarimdan birining rus tili bo‘yicha ilk ustozi boltiqbo‘yilik shaxs ekan. O‘sha kursant rus tilida yengil boltiqbo‘yi aktsentida gapirar edi.
Ha, aytganday, ishonchli xizmat vakillari bo‘lmish do‘stlarimning xabar qilishlaricha, mening o‘zbek tanishim rus tilida binoyiday so‘zlashni o‘rganib olganmish. Shahar bozorlaridan birida farrosh bo‘lib ishlayotgan bu azamatning so‘zlashuv uslubi zodagonlarnikidan qolishmasmish. Joni og‘rib turgan bir ahvolda «Meni avf etasiz, muhtaram janob, sizga shuni ma'lum qilishga majburmanki, kuvaldani oyoqlarimga urib oldingiz», - degan emish. Uning bu safargi til o‘rgatuvchisi rus mumtoz adabiyotining muxlisi ekanligi aniq.
Ha, modomiki, biz yo‘lda ekanmiz, hamisha ehtiyot bo‘lishga to‘g‘ri keladi.
Men sizga nimani o‘qish kerakligi borasida tavsiyalar berdim. Ko‘radigan, tinglaydiganlaringizni ham ajratib olgan bo‘lsangiz kerak. Io‘q, shu yerda biroz to‘xtab o‘taylik. Siz tajribasizlik qilib, o‘rganayotgan tilingizda aytilgan har qanday ko‘shiq so‘zlarini tarjima qilishga urinishingiz mumkin. Ko‘pincha hech baloga tushunmaysiz. Hozir dunyoda shunday guruhlar urchib ketganki, ularning tilini tuqqan onalari ham tushunmasalar kerak. Siz bunday aljiraganlar bilan alahsib o‘tirmang.
Televideniye orqali beriladigan yangiliklar va tahliliy ko‘rsatuvlarni ko‘rish foydadan xoli bo‘lmaydi. Tabiiyki, men unda aytilgan har bir narsaga ishoning, deyayotganim yo‘q. Yaxshi tomoni televideniyeda ko‘rgan yangiliklar matnini internetdan topishingiz mumkin.
Til o‘rganishda hayvonot va nabotot olami, tabiat sirlari, jug‘rofiy kashfiyotlarni aks ettiruvchi filьmlarning foydali ta'siri katta. Bunday filьmlarning tili juda boy bo‘ladi.
Yana bir gap. Professional suxandonlar, hech shubhasiz, matnlarni standart tilda o‘qiydilar. Talaffuzlar, ohanglar adabiy bo‘ladi. Shu joyda ham hushyorroq bo‘lasiz. Misol uchun, suxandonlar tomonidan rus tilida o‘qilgan matnni eshitib ko‘ring. Bu tilda hamisha shunday gapirish kerak deb o‘ylaysizmi? Aslo yo‘q. Bu xuddi baliq oviga smoking kiyib borishday yoki avtobus bekatiga soldatcha qadam tashlab, har bir qadam tashlaganda oyoklarning asfalьtga 30 sm yuqoridan tushishini nazorat qilib borishday gap. Bu holatlar kulgili tuyulishidan tashqari, hayotda standart tilda so‘zlash ba'zi anglashilmovchiliklarni, eng yomoni sun'iylikni keltirib chiqaradi.
Hech bir soha kishisi o‘z soxasi bo‘yicha hamma narsani bilmaydi. Hamma o‘z imkoniyati darajasidagina biladi. Til o‘rganayotganda ham imkoningiz yetmaydigan narsalarni o‘zingizdan talab qilmang. Hammasiga baravar urinmang. Qaysidir o‘rinda hafsalangiz pir bo‘lib qolsa, boshlagan ishingiz o‘lda-jo‘lda qolib ketishi mumkin.
Mening aziz tinglovchim! Saboklarimiz deyarli oxirlab bormoqda. Men risolamning oxirgi qismida o‘tgan saboqlarimizni umumlashtirgan holda ayrim savollaringizga javob bermoqchiman.
Demak, sizning savollaringizga mening javoblarim:

Download 83.68 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling