4) Falsafa va xozirgi zamon.
Vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin milliy falsafani shakllantirish uchun imkoniyatlar ochildi. Bugun ulug’ ajdodlarimiz tamal toshini qo’ygan o’zbek milliy falsafasini rivojlantirishning ob’ektiv va sub’ektiv shart-sharoitlari mavjud. Bu borada, avvalo, Prezident Islom Karimov asarlarida o’zbek falsafasining taraqqiyot qonuniyatlari ochib berilayotganini alohida ta’kidlash lozim. Prezidentimiz falsafa oldidagi bugungi muammolarning mohiyati, ularni hal qilish yo’llariga alohida e’tibor bermoqda.
Shu bilan birga, bugungi o’zbek falsafasining rivojini ta’minlashda quyidagi jihatlar alohida o’rin tutadi:
- xalqimizning o’z milliy an’analariga sodiqligi;
- mamlakatimizning buyuk kelajagiga ishonchi;
- muqaddas qadriyatlarimizga ishonch-e’tiqodi;
- mehnatsevarligi, intellektual salohiyati va boshqalar.
O’zbek falsafasini yanada taraqqiy ettirish vazifalarini amalga oshirish quyidagi muammolarning yechimini topishga bog’liq:
- birinchidan, mustamlakachilik sharoitida soxtalashtirilgan tariximizni haqqoniy yoritish falsafiy g’oyalar, qarashlar tarixini ham xolis ko’rsatib berishni taqozo qiladi. O’z davrida qimmatli tarixiy manbalarning yo’q qilingani yoki ayovsiz talon-taroj etilgani bu ishni qiyinlashtirmoqda;
- ikkinchidan, mavjud manbalar arab yoki fors tillarida ekanligi, ularni biladigan faylasuf olimlarning, malakali tarjimonlarning kamligi umuminsoniy ma’naviy merosdan bahramand bo’lish va ulardan ijodiy foydalanishga to’siq bo’lmoqda;
- uchinchidan, odamlar ongidan mustabid tuzumning soxta g’oyalarini, ular qoldirgan asoratlarni siqib chiqarish, mafkuraviy bo’shliqni yangi g’oyalar bilan to’ldirish, istiqlol mafkurasini shakllantirish muayyan vaqtni taqozo qiladi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish bugungi falsafa masalalari bilan shug’ullanuvchi olim va tadqiqotchilar zimmasiga nihoyatda katta mas’uliyat yuklaydi. Bunda, eng avvalo, mazkur sohaga aloqador har bir yurtdoshimiz dunyoqarashining milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan o’zgarishi nihoyatda muhimdir. Mamlakatimizda huquqiy demokratik jamiyat barpo etilayotgan hozirgi davrda bu jarayonning qanday borishi yangi falsafiy ongning shakllanishiga muayyan darajada ta’sir ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |