1.3. Kursning mazmuni va vazifalari
Menejment kursining mazmunini iqtisodiyotni boshqarish tizimlari va uni tuzishning tashkiliy shakllari, xo‘jalik mexanizmi hamda boshqaruv uslublari, boshqaruv texnika va texnologiyasining nazariy hamda metodologik asoslarini o‘rganish tashkil etadi. Menejment boshqaruv faoliyatining umumiy qonuniyatlari va tamoyillari, boshqaruv tizimiga ta’sir usullarini shakllantiradi, boshqaruv apparatining aniq vaziyatlardagi harakatlari va o‘zini tutish hollarini umumlashtiradi. Iqtisodiyot boshqarishning nazariy va amaliy tomonlarini o‘rganadi. Boshqaruv nazariyasi boshqaruv faoliyatining qirralarini butun bir majmua ko‘rinishida, nazariy tahlil va mantiqiy uslub asosida boshqarishning asosiy qonuniyatlari va usullarini ajratib o‘rganadi.
Menejmentning amaliy tomonlari quyidagi aniq vazifalarni hal etishga, iqtisodiyotni bozor munosabatlariga o‘tishiga, foyda olishga, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga, aholi ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga, kishilarning ma’naviy darajalarini o‘stirish va boshqalarga qaratilgandir.
Menejmentning bu amaliy qismi boshqaruv tamoyillarining o‘zinigina emas, balki ularni boshqaruv amaliyotida qo‘llash qobiliyati, ya’ni ularning aniq ko‘rinishlaridan aniq vaziyatda foydalana olish qobiliyatini o‘rganadi. Uning boshqarish nazariyasidan farqi u iqtisodiyotning boshqarish amaliyotida qonuniyatlar, tamoyillari va uslublaridan foydalanish namunalarini ishlab chiqarishdan iborat.
Menejmentning asosiy vazifasi jamiyat rivojlanishining obyektiv qonunlari talablarini hisobga olgan holda va iqtisodiyotning boshqarish amaliyotini umumlashtirish asosida iqtisodiyotni samarali boshqarish uchun zarur bir maqsadga yo‘naltirilgan harakatlar tamoyillarini ishlab chiqishdan iborat.
Тayanch iboralar
Menejment, menejer, biznes, konsepsiya, tashkilot, tadbirkor, rahbar, ishbilarmon, bozor munosabatlari.
Nazorat savollari
1. Menejmentga qanday bilimlar zarur?
2. Menejment nima?
3. Menejer va tadbirkor qanday xususiyatlari bilan farqlanadi?
4. Menejmentning asosiy vazifalari nimalardan iborat?
5. Menejmentning amaliy qismi nimani o‘rganadi?
6. Boshqaruv munosabatlari deganda nima tushuniladi?
7. Menejmentning qanday usullarini bilasiz?
2 bob. DAVLAТ BOSHQARUVI
2.1. O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyatining tuzilishi.
2.2. Oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat.
2.3. Prezident va ijroiya hokimiyati.
2.4. Sud hokimiyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |