Al-faqih abu lays as-samarqandiy tanbehul–G‘ofiliyn


Download 1.37 Mb.
Pdf ko'rish
bet56/56
Sana27.04.2020
Hajmi1.37 Mb.
#101649
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   56
Bog'liq
Abu Lays Samarqandiy. Tanbehul g'ofiliyn


www.ziyouz.com kutubxonasi 
382
qoladilar. Uch kun miqdoricha ushbu holatdan omonda bo‘lmaydilar. Insonlarning qolgan 
yarmisi esa, aqlidan ozadilar. Yirtqichni ko‘rganda, qo‘y qanday qo‘rqsa, ular xuddi 
shunday holatda dahshat ichida tik turib qoladilar. Shu paytda yer va osmon o‘rtasida 
kuchli chaqmoq tovushidek, qo‘rqinchli shovqin ko‘tariladi. Yer yuzida birorta ham tirik 
odam, jin, shayton, hayvon qolmaydi. Mana shu Alloh taolo Iblisga bergan ma’lum 
muhlatdir. So‘ng Alloh taolo o‘lim farishtasiga buyurib: “Men senga avvalgilaru oxirgilar 
adadicha yordamchilarni yaratdim. Va senga osmon va yer ahlining quvvatini ato etdim. 
Bugun senga g‘azab, qahr libosining hammasini kiydiraman. Mening qahru g‘azabim, 
la’natlaganim, toshbo‘ron qilganim - hammasini iblisga olib tush. Unga o‘limni totdir. 
Unga avvalgilaru oxirgi jin va ins adadicha ko‘paytirib, o‘limni yukla. Sen bilan birga 
yetmish ming zaboniya farishtalari birga bo‘lsin. Ular g‘azab va dag‘allik bilan limmo-
limdirlar. Har bir zaboniya bilan birga jahannam zanjirlaridan bir zanjir bo‘lsin. 
Jahannam maxluqlaridan yetmish mingtasi bilan birga iblisning xabis ruhini chiqarib ol. 
Va Molikka nido qilki, u jahannam eshiklarini ochsin”, deydi. 
 
O‘lim farishtasi shunday bir suratda tushadiki, agar unga yetmish osmon va yetmish yer 
ahli qarasalar, xunukligidan hammalarining yuraklari yorilgan bo‘lur edi. Iblisga yetib 
borganida, bir qattiq siquvga oladi, u karaxt bo‘lib qoladi va bir qattiq tovush chiqaradi, 
agar uni mashriqu mag‘rib eshitganida, o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishgan bo‘lardi. O‘lim 
farishtasi aytadi: “Ey xabis, to‘xta! Bugun senga o‘zing yo‘ldan adashtirganlar 
miqdoricha o‘limni tottiraman. Qancha-qancha umrlarning boshiga yetding. Qancha-
qancha avlodlarni adashtirding. Bu Alloh taolo senga bergan ma’lum muhlatdir. Bas, 
qaerga qochasan?” Shunda shayton mashriqqa qochadi va o‘lim farishtasining 
ro‘parasidan chiqadi. Dengizga tushadi, o‘lim farishtasi uni u yerda ham tutib oladi. 
Shayton yer yuzida qochishga joy topolmay qoladi. 
So‘ng dunyoning o‘rtasida, Odamning (a.s.) qabrlari yonida turadi va: “Sening 
sababingdan mal’un, razilga aylandim, koshki edi, sen yaratilmagan bo‘lsang”, deydi. 
Keyin o‘lim farishtasiga aytadi: “Qaysi azob bilan ruhimni olasan?” “Jahannam ahlining 
azobi bilan”, deydi o‘lim farishtasi. Iblis yana bir marta o‘zini tuproqqa otadi va 
qichqiradi. Mag‘ribu mashriq o‘rtasida u yoqdan bu yoqqa qochadi. Oxiri o‘sha birinchi 
marta la’natga uchragan mavze’ga kelganida, jahannam zaboniyalari, maxluqlari - 
hammasi unga tashlanadilar. Mana shu azobda Alloh xohlagan muddatgacha qoladi. 
Odam va Havvoga aytiladi: “Bugun sizlar dushmaningizga qarab, uning qanday o‘lim 
azobini tortayotganini ko‘ringlar”, Vaqtiki, ular iblisga qaraganlarida, uning qiynalishini 
ko‘rib: “Rabbimiz, bizga batahqiq ne’matingni mukammal qilding”, deydilar”, dedilar. 
 
HIKOYAT 
 
962. Faqih Abu Lays Samarqandiy rivoyat qiladilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Agar rohib 
Jurayj faqih bo‘lganida, onasining chaqirig‘i nafl ibodatidan afzal ekanini bilardi”, dedilar. 
 
Faqih Jurayj qissasini shunday boshlaydilar: Bani isroillik Jurayj kulbasida ibodat qilardi. 
Bir kuni u namoz o‘qiyotganida, onasi uni chaqirdi. Lekin u javob bermadi. Shunda 
onasi: “Alloh seni buzuqlar balosiga solsin”, deb duoibad qildi. 
 
O‘sha shaharda bir ayol yashardi. Ish bilan ko‘chaga chiqib, bir podachi bilan uchrashdi. 
So‘ng undan homilador bo‘ldi. Shahar ahli zinoni ulug‘ gunoh sanar edi. Ayol tuqqanidan 
keyin, podshoh uni chaqirib, bolani kimdan orttirganini so‘radi. Ayol: “Rohib Jurayj meni 
zo‘rladi”, dedi. Podshoh ayonlarini uning oldiga yubordi. Jurayj ibodatda edi, shuning 

Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
383
uchun ularning chaqirig‘iga javob bermadi. So‘ng ular Jarayjni olib kelishdi. Podshoh 
unga: “Sen o‘zingni xudojo‘y ko‘rsatib, odamlarning nomusini toptaysan, halol 
bo‘lmagan ishni qilasan”, dedi. Obid: “Nima ish qilibman?” deb ajablandi. Podshoh: “Sen 
falon ayol bilan zino qilibsan-ku”, dedi. Jurayj qilmadim, desa ham, qasam ichsa ham, 
ishonishmadi. 
 
So‘ng: “Meni onamning oldiga olib boringlar”, dedi. Uni onasining oldiga olib borishdi. 
“Ey ona, - dedi u, - sening Allohga qilgan duoing ijobat bo‘ldi. Endi yana Allohga duo qil, 
mendan bu musibatni ko‘tarsin”, Shunda onasi: “Allohim, agar Jurayjni mening duoim 
bilan jazolagan bo‘lsang, endi undan musibatni ko‘targin”, deb duo qildi. Jurayj podshoh 
huzuriga qaytib, ayol bilan bolasini so‘radi. 
 
So‘ng ayol bilan bolasini keltirishdi. Ayol: “Men bilan zino qilgan shu kishi”, dedi. Shunda 
Jurayj bolaning boshiga qo‘lini qo‘yib: “Seni yaratgan Zot haqqi, otang kim ekanini ayt”, 
dedi. Allohning izni bilan bola tilga kirib: “Otam falon podachi”, dedi. Ayol buni eshitib, 
gunohini e’tirof etdi va: “Men yolg‘on aytdim. Falonchi podachi bilan zino qilgan edim”, 
dedi. Podshoh rohib Jurayjdan uzr so‘rab, buzilgan qulbasini tillodan qurib berishini 
aytdi. Jurayj rad javobini berib, oldingi binosini qurib berishini so‘radi. 
 
Ibrohim Muhojir ibn Mujohiddan rivoyat qilib aytdilar: “Hech bir yosh bola kichkinaligida 
gapirmadi, magar to‘rttasi – Iso Ibn Maryam (a.s.), Uxdudning sohiblari, rohib 
Jurayjning sohiblari va Yusufning (a.s.) sohiblari gapirdilar”. Bu haqda Alloh taoloning 
so‘zi bor: 
 
“(Shu payt Zulayhoning) urug‘laridan biri guvohlik berib (dedi)”.  
Allohning tavfiqi va karami ila kitob nihoyasiga yetdi. 
 
________________ 
Hikoyatlar bobi hadislari 
 
959-hadis. Zaif. 
960-hadis. Muttafaqun alayh. 
961-hadis. Isnodi noma’lum. 
962-hadis. Zaif. Abu Na’im “Hulya”da rivoyat qilgan. 
963-hadis. Mavzu’. “Za’ifa”ga qarang. 
 
 
 
 
G‘aflatdan uyg‘otgan asar 
So‘ngso‘z o‘rnida 
 
Bismillahir rohmanir rohiym 
 
Osmonlaru Yerni yaratgan, maxluqotlari orasida insonni tanlab, uni aziz va mukarram 
etgan, huzuridagi ilmi ilohiyidan bandalariga xohlaganicha bildirgan, so‘ng kitobat 
ne’matini berib, u ilmlarni boqiy saqlash imkonini taqdim etgan rabbimiz Alloh taologa 
hamdu sanolar bo‘lsin. U zotning payg‘ambari, olamlarga rahmat qilib yuborgan elchisi 
Muhammadga, ashobi kiromlariga va ahli baytlariga salavot va salomlar yog‘ilsin. 
 
Mana, aziz o‘quvchi, Parvardigorimizning xohish-irodasi ila “Tanbehul-g‘ofiliyn” asarining 
oxirgi qismi ham tarjima etilib, nashrdan chiqdi... va Siz bilan so‘ngso‘z ustida ozgina 
suhbat qurish imkoniyati tug‘ildi. 

Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
384
 
Avvalo, bu xayrli ishga bizni sababchi qilgan Alloh taologa shukrlar qilamiz, asarning 
nashrdan chiqib tarqalishida xizmatlari singan birodarlarimizga minnatdorlik bildiramiz
undan nafslariga manfaat olgan, ilmlarini ziyoda etgan barcha o‘quvchilarimizga Alloh 
taolodan ofiyat va dunyoyu oxirat yaxshiligini tilaymiz. 
 
Biz musulmonlar ajdodlarimiz merosidan uzoq vaqt mahrum yashadik. Dinimizga qarshi 
qilich qayragan kunlarda xalqimizning qo‘lidagi barcha kitoblar tortib olindi, 
kutubxonalardan chiqarib tashlandi. Dunyoning hikmatini jamlagan asarlar, hatto tilga 
olinmaydigan darajada unutildi, unuttirildi... 
 
Alhamdulillahki, bugun yana ulug‘ merosimizni tiklash, unga egalik qilish imkoniyatimiz 
bor. Shu imkoniyat orasida Qur’oni karim ma’nolarining tarjimalari amalga oshirildi, 
Imom Buxoriyning hadislar to‘plami ona tilimizga o‘girildi, mazhabimiz fiqhiga oid bir 
qancha asarlar tarjimasi qo‘limizda turibdi. Yana qancha katta-kichik ishlar amalga 
oshirilmoqda. Ushbu “Tanbehul-g‘ofiliyn” kitobining tarjima etilib, nashr qilinishi ham 
ma’naviy merosimizni xalqimizga qaytarish yo‘lidagi bir harakatdir. Ammo hali 
bajariladigan ishlar, tajima qilib, xalqimiz qo‘liga taqdim etilishi zarur bo‘lgan asarlar 
juda ko‘p. Ajdodlarimiz qoldirgan mashhur, lekin biz bilmagan, tanimagan durdonalar 
bor: masa lan, “Ihyou ulumiddin”ning hikmatlaridan hamon bebahramiz, ulug‘ 
ulamolarimiz tomonidan Qur’oni karimga bitilgan tafsirlarni, Imom Buxoriyning 
hadislariga yozilgan sharhlarni o‘qigimiz keladi, “Sahih Muslim”, uning sharhlari, Ibn 
Kasirning tafsiriyu tarixlari tarjiymonlarini kutib yotibdi. Termiziy, Abu Dovud, Nasoiy, 
Zamaxshariy, Kurtubiy, Ibn Muborak, Nadaviy kabi allomalarning asarlari ham Islom 
olamining qimmatli manbalari sanaladi. Ularni xalqqa yetkazadigan qo‘l kerak, himmat 
kerak. Alloh nasib etsa, bu durdona asarlar ham o‘zbek tilida milyonlab o‘quvchilarini 
topajak. 
 
“Tanbehul g‘ofiliyn” asarining birinchi kitobi chiqqaniga ham uch yilcha vaqt o‘tdi. Shu 
davr mobaynida u xalqimiz tomonidan sevib, qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qildi. Hikoyatlaridan, 
pand-nasihatlaridan ta’sirlanganlar ko‘p bo‘ldi. Asarning bunday muvaffaqiyati, tabiiyki, 
muallifning xizmatlari bilan baholanadi. 
 
Faqih Abu Lays Samarqandiy hazratlari bu kitobni g‘ofillarga tanbeh berish uchun, ularni 
g‘aflat uyqusidan uyg‘otish, hayot, deb atalmish bu qisqagina muddatning orqa-oldi 
borligini eslatish, undan narida insonni nimalar kutayotganidan ogoh etish uchun 
yozganlari sarlavhaning o‘zidanoq ko‘rinib turibdi. Muallif o‘quvchini asta-sekinlik bilan, 
tadrijiy ravishda jiddiylik sari yetaklaydi. Dastlab ixlosni tushuntiradi, so‘ngra o‘limdan, 
qiyomatning inson boshiga tushajak hodisalaridan ogoh etadi, gunohlardan qaytishga – 
tavbaga chaqiradi, yolg‘on, g‘iybat, xamr ichish, chaqimchilik, kibr, hasad kabi illat-
nuqsonlardan xoli bo‘lishga chorlaydi. Yomon xislatlar bayon etilganidan keyin ibodat 
haqida so‘z ketadi. Tahorat, namoz, ro‘za, zakot, hajning fazilatlari tushuntiriladi, sabr, 
taqvo, jasurlik, xayr-ehson kabi insonga ziynat xislatlar bayon etiladi. Xullas, muallif 
g‘aflatda yotgan dilni tergab-tergab, turtib-turtib, musulmonchilikka o‘rgatadi. 
 
Oyat-hadis, hikmatli so‘zlar va pand-nasihatlarning mavzular bo‘yicha bob-bob qilib 
ajratilgani, asarni o‘qishli va ta’sirchan qilgan. Shuning uchun ham bu kitob arab 
davlatlarida xaligacha qayta-qayta nashr etilib kelinmoqda. Hatto, Misrda uni bir 
vaqtning o‘zida bir nechta nashriyot bir necha xil muqovalarda chop etganiga guvoh 

Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
385
bo‘ldik. 
 
“Tanbehul g‘ofiliyn” tarjimasining birinchi kitobi bosmadan chiqqanidan keyinoq (biz 
uchga bo‘lib, nashr etgan bu asar aslida katta bir mujalladdan iboratdir), u haqda iliq-
ijobiy fikrlar bildirila boshladi, shu bilan birga tanqidiy mulohazalar ham yo‘q emas edi. 
Va bu holning bo‘lishi tabiiy, albatta. Biz o‘quvchilarimizning har qanday fikrlarini hurmat 
qilgan holda ba’zi jihatlarga javob berish o‘tishni lozim ko‘rdik. 
 
Tarjima va muharrirlik ishlaridagi kamchiliklarga bo‘lgan e’tirozlar kitobning keyingi 
qismlari nashrida ularni bartaraf etishimizga yordam berdi, buning uchun 
o‘quvchilarimizga faqat rahmat aytamiz. 
 
Yana bir e’tiroz bevosita asarning o‘ziga tegishli bo‘lib, unda mavzu’ hadislarning berilishi 
haqida edi. Bu borada bahs-munozaraga kirishmoqchi emasmiz. Balki ba’zi fikrlarni 
bildirib o‘tmoqchimiz. 
 
Alloma Hofiz ibn Kasirning “Ba’isul hadis” asari sharhida Ahmad Muhammad Shokir 
mavzu’ hadis haqida quyidagilarni yozadi: “To‘qilgan xabarlar mavzu’, deyiladi. Ularni 
yolg‘onchilar Rasulullohga (s.a.v.) nisbat berishgan. Rivoyatlarning eng yoomndir ular. 
Mavzu’ hadisning mavzu’ligini bilgan kishi uni Nabiyga (s.a.v.) mansub eta turib, rivoyat 
qilish halol emas, ammo mavzu’ ekanini bayon etgan holatdagina joizdir” (113-114-
betlar). Yana aytiladi: “Rasulullohdan (s.a.v.), deb to‘qilgan hadisni rivoyat qilish 
haromdir, lekin uning holatini bayon etsa, zarari yo‘qdir” (114-bet). 
 
Shu fikrlardan kelib chiqib, muallifning haqqiga hiyonat qilinmagan holda tarjimada 
mavzu’ hadislar ham berildi, faqat yuqorida aytilgan shart bilan. Barcha hadislar qatori 
botil va mavzu’ hadislarning ham izohi kitobning oxirida ko‘rsatib o‘tildi. Hadislarning 
darajasi, ularning qay biriga amal qilinadi, qaysisi tark etiladi, bu haqda ham har uchala 
kitobning so‘ngida qayta-qayta berildi. Qolversa, “Tanbehul g‘ofiliyn” asari hamon 
muhim pandnoma asarlardan sanaladi. Boshqa musulmon mamlakatlarida takror-takror 
nashr etilayotgani unga ehtiyoj borligiga dalolat qilib turibdi. Bizdagi ehtiyoj esa, 
boshqalardagidan-da qattaroq ekani hammamizga ma’lum. Chunki biz ayni mana 
shunday sodda uslubda yozilgan, ommaviy kitoblarni o‘qiydigan bosqichdamiz. Asta-
sekin bu pog‘ona bosib o‘tiladi va jiddiy ilmiy-diniy asarlar ham tarjima etiladi, 
inshaalloh... 
 
Muhtaram o‘quvchi, yaxshi-yomon xizmatimizga rozi bo‘ling, beayb Parvardigor, 
bandachilik ila yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarimiz uchun Rabbimizga istig‘for aytamiz, 
Uning fazl- marhamatidan umid etamiz. 
 
So‘zimiz oxirida asar muallifi Abu Lays Samarqandiy hazratlari hamda marhum padari 
buzrukvor va volidai muhtaramiz haqqilariga duoi xayr qilishlaringizni so‘rab qolamiz. 
 
Barcha mo‘minlarning va bizning ham oxirgi duoyimiz: Olamlar rabbi Allohga hamdu 
sanolar bo‘lsin! 
 
Tarjimon (Dilmurod Qo’shoqov) 
 
 

Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
386
MUALLIF XUSUSIDA SO‘Z 
 
Ism va nasablari 
 
Yurtdoshimiz ulug‘ faqih, imom, mutasavvif olim, muhaddis, zohid Hazrati Abu Lays 
as-Samarqandiyning to‘liq ismlari Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohimdir. 
 
Al-Faqih, Imomul-huda, Shayxul Islom unvonlari bilan ham mashhurdirlar. 
 
“Al-Faqih” unvonlarini fiqh, ya’ni Islom huquqshunosligi ilmida yuksak martabaga 
erishganlari uchun olganlar. Bu sohada o‘z zamonasida u kishiga teng keladigan olim 
yo‘q edi. Bu ismni o‘zlari ko‘p yaxshi ko‘rganlar. (“Faqih” unvonlariga “al” 
qo‘shimchasining qo‘shilishi u zotning fiqhda benazir ekanliklariga ishoradir. Ammo biz 
bundan keyin o‘zbek tili xususiyatlaridan kelib chiqib, “al-faqih”ni “faqih”, “as-
Samarqandiy”ni “Samarqandiy”, deb oldik.) 
 
Rivoyatlarda kelishicha, “Tanbehul-g‘ofiliyn” kitobini yozgan mahallarida bir kecha 
Hazrati Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) u kishining tushlariga kirib, yozgan 
kitoblarini tutqazib: “Yo Faqih! Kitobingni olgin!” deydilar. Uyg‘onganlarida kitobda 
Payg‘ambarimiz muborak qo‘llarining izlarini ko‘radilar. Shundan keyin “Faqih”, degan 
nomni sevadilar va u tufayli ko‘p barakotlarga noil bo‘ladilar. 
 
Ikkinchi unvonlari – “Imomul-huda” haq yo‘l imomi ma’nosidadir. Bu unvonda 
Hazrati Imom Abu Mansur Motrudiy bilan barobardirlar. 
 
“Abu Lays” u zotning ko‘nyalaridir. Bu so‘z “Laysning otasi”, deganidir. “Lays” 
lug‘atda she’r, arslon ma’nosini beradi. Ul zotning Lays degan farzandlari bo‘lganmi yoki 
“Abu Turob” singari majoziy laqabli, noma’lum. Harholda, kunya ekani aniq. 
 
U zot Samarqand shayxul islomi bo‘lganlari uchun “Shayxul islom”, degan nom bilan 
ham chaqirilganlar. “Samarqandiy” nomini tug‘ilib o‘sgan vatanlariga nisbatan 
olganlar. 
 
Abu Lays Samarqandiyning tavalludi va vafoti yillari borasida turlicha ma’lumotlar bor. 
Vafotlariga qiyosan, hijriy 301-310 yillarda tug‘ilganlar, deyiladi. 
 
Vafotlari ham turlicha -- hijriy 375, 393, 396 yillar deb ko‘rsatilgan. 396 (milodiy 
1003) yil haqiqatga yaqinroq. 
 
Ustozlari 
 
Olimlar payg‘ambarlarning vorislaridir. Olimning borligi olamni borligi, olimning o‘lgani 
olamning o‘lgani. Islom olami avvalu oxirda ilm bilan tirikdir. Ilm merosi ustoz-shogirdlik 
vositasida avloddan avlodga o‘tadi. 
 
Aytmoqchi bo‘lganimiz, Abu Lays Samarqandiyning ustozlari ushbu zotlardir: 
1. U kishiga avvalo otalari Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Tusiy ta’lim berdilar. 
Faqih o‘z kitoblarida: “Otamning aytishlaricha”, “Otam menga aytganlar”, deb ko‘p zikr 
qiladilar. Zero, otalari olim, faqih, muttaqiy bir zot edilar. 

Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
387
2. Abu Ja’far Hindavoniy Balxiy huzurida ham ilm va ta’lim olganlar. 
3. Xalil ibn Ahmad qoziy Sijziy yetuk hanafiy olimlardan bo‘lib, o‘z davrida fiqh va 
hadis ilmida peshqadam bo‘lganlar. Hazrati Abu Lays Samarqandiy u kishidan shu 
ilmlarni o‘rganganlar. 
4. Muhammad ibn Fazl Balxiy huzurida tafsir ilmini o‘rgandilar. 
Ko‘rinib turibdiki, zamonning turli olimlaridan turli ilmlarni o‘rganganlar. Zero, 
e’tiqodning asosi ilmdir. 
 
Shogirdlari 
 
 Alloh taolo O‘zi xohlagan bandalariga O‘zi xohlagan miqdorda ilm ato etadi. Ammo 
ilm olimga omonatdir, u olgan ilmini boshqalarga yetkazmog‘i shart. Bu xususda amin 
zotlardan bo‘lgan Hazrati Abu Lays Samarqandiy ikki yo‘l bilan ilmni yoydilar: ta’lim 
berib, shogirdlar yetishtirdilar; kitoblar yozib, ilmlarini olis avlodlariga meros qoldirdilar. 
Faqihning mashhur shogirdlari: 
1. Luqmon ibn Hakim Farg‘oniy. 
2. Na’im Xatib Abu Molik. 
3. Muhammad ibn Abdurahmon Zubayriy. 
4. Ahmad ibn Muhammad Abu Sahl. 
5. Tohir ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Nasr Abu Abdulloh Haddodiy va boshqalar. 
Hammalarini Alloh rahmat qilsin. 
 
Asarlari 
 
Abu Lays Samarqandiydan barakali ilmiy meros qoldi. Ilm-fan, adab borasida ko‘plab 
kitoblar tasnif etdilar. Fiqh, usuli din, tib va falsafa ilmlarida shuhrat va martaba 
qozondilar. 
 
1. “Bahrul-ulum” (Ilm ummoni) Qur’oni karim tafsiri bo‘lib, “Tafsirul-Qur’on”, ham 
deyiladi. 
2. “Xizonatul-fiqh” (Huquqshunoslik xazinasi) Islom fiqh ilmi sohasiga oid bo‘lib, bu 
boradagi ko‘plab asarlarning eng mashhuridir. Asar tadqiq etilib, jahon miqyosida nashr 
qilingan. 
3. “Bo‘stonul-orifiyn” (Oriflar bo‘stoni) ma’rifat, ilohiyot, zuhd, taqvo va faqr bobida 
bo‘lib, shu sohadagi asarlarning mashhurlaridandir. 
4. “Tanbehul-g‘ofiliyn” -- eng ta’sirchan, mo‘’tabar asarlaridan bo‘lib, oxirat 
saodatining yo‘li, taqvo darsligidir. 
5. “Qirrotul-’uyun va mufrihu qalbul-mahzun” (Ko‘zlar quvonchi va mahzun qalb 
farahi). 
6. “‘uyunul-masoil” (Masalalar bulog‘i). Hindistonda nashr etilgan.  
7. “Muqoddimatu Abu Lays fis-solat”. Misradagi “Dorul-kutub” matbaasida saqlanadi. 
8. “Fatovoi Abu Lays”. Fatvo kitoblaridan. 
9. “An-navozilu fil-fatovo”. Fatvo kitoblaridan, Misrda “Dorul-kutub”da saqlanadi. 
10. “Al-mabsut”. 
11. “Sharhu jomi’us-sag‘iyr”. 
12. “Umdatul aqoid”. Aqidaga doir kitoblardan. 
13. “Usulud-din”. Din ilmi asarlaridan. 
14. “Bayonu aqidatil usul”. Usuli din va e’tiqod kitobi. 
15. “Asrorul-vahy”. 

Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
388
16. “Risolatu fil-mag‘firati val-iyman”. 
17. “Risolatu fil-hukm”. 
18. “Shir’atul-Islom”. 
 
Yana boshqa kitoblari bo‘lib, ba’zilari ikki-uch xil nom bilan ataladi. 
Faqihning “Tanbehul-g‘ofiliyn” kitobini tadqiq etib, Misrda nashr qildirgan allomaSaid 
Arabiy u zotning ismi, nasabi va kitob yozishdagi komil uslubini ta’riflab, bunday deydi: 
“Musannif har bobda so‘zni Qur’ondan bir necha oyatlar keltirib, mubhamlarini 
tushuntirish bilan boshlaydi. Keyin uni payg‘ambar hadislari va salaflarning so‘zlari bilan 
quvvatlaydi. Bularning hammasiga munosib ta’liqlar keltiradi”. 
 
Turli davr insonlari hamisha dalil va hujjatga muhtoj bo‘ladi. Bu jihatdan faqihning 
uslubi eng mumtoz uslubdir. 
 
Kitobning o‘ta ta’sirchanlik xususiyatini qayd etdik. Darhaqiqat, bu kitob g‘ofillarni, 
ya’ni e’tiborsizlarni, bexabarlarni, uyqudagilarni uyg‘otuvchi, oxirat manzaralaridan ogoh 
etuvchi, aqlga xitoblar qilguvchi mav’izalar kitobidir. 
 
Hazrati Payg‘ambarimiz bir hadisi shariflarida: “Insonlar uyqudadirlar, o‘lganda 
uyg‘ongaylar”, desalar, yana bir hadisda: “O‘lmasdan oldin o‘ling!” deb buyurganlar. 
O‘lmasdan oldin o‘lmoq, o‘lmasdan oldin uyg‘onmoq deganidir! Ilohiy haqiqatlarni, oxirat 
hayotini o‘lmay turib bilmoq deganidir. Bu ish robitai mavt – o‘limni tafakkur qilish, 
qalbning uyg‘oqligi va tirikligi esa, zikr etish bilan bo‘lgaydir. Xullas, bu kitob tafakkurga 
da’vat va xitob kitobidir! 
 
Toshkent Islom oliy ma’hadi talabasi sifatida Qohirada o‘qib yurgan kezlarimda asarga 
muhabbatim tushgan va buyuk vatandoshimizning buyuk asarini o‘zbek tiliga o‘girib, 
xalqimizni bahramand etish istagi tug‘ilgan edi. Bu ishni amalga oshirishda qo‘llab-
quvvatlagan barcha ustoz va birodarlarga rahmatlar aytaman. Shuningdek, kitobning 
nashr etilishiga katta yordam ko‘rsatgan «Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati» 
assambleyasi «Mutarjim» sho‘’ba korxonasiga minnatdorlik bildiraman.  
 
Nashrning izoh va ta’liqlari tarjimada saqlanib, kitob oxiriga ilova etildi. Kitobning 
qolgan qismlarini nashrga tayyorlash ishlari davom etmoqda. 
 
O‘qiganlarning qalblari nurlangay, o‘rganganlariga amal qilib, imonlarining nuri ziyoda 
bo‘lgay! Biz faqirlarni ham duoda yo‘qlagaylar!.. 
 
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuh 
 
Tarjimon 
 
 
 
Onlineda o’qish: 
http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=258.0
 
Internet uchun tayyorlaganlar: Laylo, Muslimaxon, Munira xonim. 
 
www.ziyouz.com
 
2007 

Download 1.37 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   56




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling