Ferma 4-fasl


Download 409.05 Kb.
Pdf ko'rish
bet1/8
Sana16.04.2020
Hajmi409.05 Kb.
#99705
  1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
FERMA 4


FERMA 
4-FASL 
 
Ushbu fasl Emma, Mayk, Rey va boshqa bolalar haqidagi 
qissaning eng so'ngi fasli bo'lib, aynan shu qismda bolalar 
qolgan do'stlarini qutqara olish yoki olmasligi, Piter va William 
Minervalar, Elizabet va Emma hamda odamlar qurayotgan 
"Yangi Sivilizatsiya Markazi" haqida bilib olasiz. Aynan shu 
qismda bolalarning taqdiri hal bo'ladi. Ular barini 
uddalashadimi yoki o'lib ketishadimi? Bu haqida hikoya 
davomida bilasiz... 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
1-QISM 
YANGI SIVILIZATSIYA MARKAZI 

 
Emma va bolalar nihoyat ular eng ko'p qidirgan William Minerva ismli 
shaxs bilan tanishishdi. William hech narsa demay, bolalarni "Yangi 
Sivilizatsiya Markazi"(YSM) ning shtab kvartirasiga olib keldi. Keyin 
xizmatkorlarga bolalarni yuvintirib, qorinlarini to'ydirib, yangi kiyimlar 
olib berishni buyurdi-da, o'zi binoning tepa qavatiga qarab chiqib ketdi. 
Emma hatto tushida ham ko'rmaydigan darajadagi ulkan, hashamatli va 
zamonaviy shahar uning boshini aylantirib, hattoki biroz qo'rqitib ham 
turgandi. 
–Bu yer bamisoli jannat! Manabu divanning yumshoqligini qarang!-Don 
quvonganidan o'zini jigarrang teridan tikilgan yumshoq divanga otdi. 
–"B32" ga borganimizda ham shunday degandik,-qo'shib qo'ydi Rey 
kulimsirab. 
–Rey, iltimos faqat William Minervadan ham shubhalanyapman 
demagin. Qolaversa, bu yerda millionlab odam yashaydi,-Emma jahl 
aralash tanbeh berdi. 
–Reyning gapida jon bor,-qo'shildi Mayk,-Agar William biz tarafda 
ekan, shuningdek avval shtabda ham Piter Minerva bilan birga yashagan 
ekan, nega u bu yerdagi odamlarga vampirlar fermasi haqida aytib 
bermadi? Nega darvoza yonidagi soqchilar vampir gullari haqida hech 
narsa bilishmasdi? 
–Bu hukumat siri bo'lishi ham mumkin-ku,-inkor etdi Emma,-Xalqni 
qo'rqitmaslik va vahimaga solmaslik uchun saqlanadigan sir. 
–Lekin buning oxiri ham bo'lishi kerak,-dedi Rey,-Shahar hududi 
chegaralangan. Odamlar esa tobora ko'payib boraverishadi. Shuningdek, 
Satella bizga odamlardagi nurlanish va egiz farzandlar haqida ham aytib 
bergandi. Nimmerlandda odam qancha kam bo'lsa, hukumat uchun 
shuncha yaxshi. 
–Aytmoqchisan-ki... 
–Ular chaqaloqlarni o'z ixtiyori bilan vampirlarga topshirib yuboradi deb 
o'ylayman. 

–Nega? Axir shahardagi radiatsiya vampirlarni o'tkazmaydiku?-so'radi 
Don,-Ular nimadan qo'rqishadi?! 
–Gap faqat qo'rquvda emas. Shaharda odam qancha kam bo'lsa, joy ham, 
oziq-ovqat ham shuncha ko'pga yetadi. Ishonchim komil, bu yerda 
arzimagan o'g'irlik uchun ham o'lim jazosi belgilangan. 
–Rey! Sen doim shunday sovuq gaplaring bilan bizni qo'rqitasan!-
baqirib yubordi Luna. 
–Men shunchaki ogohlantirdim. Juda ham ehtiyot bo'lishimiz kerak. 
Xuddi fermadagi singari bu yerda ham arzimagan xato ham o'limimizga 
sabab bo'lishi mumkin... 
 
 
Oradan 2 soat o'tdi. 
Eshik ochilib, ichkariga qora kostyum va qora shim kiyib olib, chiroyli 
bo'yinboq taqib olgan xizmatkor kirib keldi. Uning yuzidagi xol uni 
biroz qo'rqinchli qilib ko'rsatib turgandi. 
–Janob Minerva eng katta bolalarni huzuriga chaqiryapti. Qolganlar esa 
shu yerda qolishadi. 
–Lekin...lekin biz bolalarni tashlab ketolmaymiz! 
–Bas qil Emma,-Mayk Emmaning gapini bo'lib qo'ydi,-Xavotir olishga 
hojat yo'q. Axir biz o'rmonda emasmiz-ku. 
–Lekin men... 
–Sen shunchaki o'rganib qolgansan. Rey, Don, Luna va Roza, sizlar ham 
birga borasiz. O'sha William Minerva bilan anchadan beri gaplashib 
olmoqchi bo'lib yurgandim... 
 
 
Xizmatkor bolalarni binoning yana 4 ta qavat tepasiga olib chiqdi. 
Yaxshiyam-ki, bu qavatda deyarli odam yo'q. Qip-qizil gilam to'shalgan 
yo'lak bo'ylab yurib ketayotgan bolalar faqatgina devorga osib qo'yilgan 

katta soatning ovozini eshitib turishardi, xolos. Xuddi tashqaridagi 
gavjum va shovqinli olam birdaniga yo'q bo'lib qolganday tuyildi. 
Emma yo'lak oxiriga yetib kelay degan payt devorning tepasidagi 
burchakka o'rnatib qo'yilgan oq rangli narsaga ko'zi tushdi. 
–Anavi nima? Nahotki bu kuzatuv kamerasi bo'lsa? 
–To'g'ri. Sizlar aytgan fermada bunaqasi bormidi? 
–Yo'q,-Rey o'ylanib javob berdi,-Lekin nega o'rnatishmagan ekan? Axir 
bu bilan bizni kuzatish oson bo'lardi-ku? 
 
Xizmatkor qarag'ay daraxtidan yasalgan eshikni itarib ochib, bolalarni 
ichkariga kirgazdi. O'zi esa indamay g'oyib bo'ldi. Ichkarida qo'liga ko'k 
rangli katta kitob ushlab olgan William Minerva yaltiroq jigarrang 
kreslosidan turib, bolalarni o'tirishga taklif qildi. 
Ular stulga o'tirishi bilan Emma darrov gap boshladi: 
–Biz ferma kutubxonasidagi kitoblarning sirini bilib oldik. Ya'ni siz 
ishlatgan morze alifbosini. 
 
William bolalarga hayrat to'la nigoh bilan qarab, jilmayib qo'ydi: 
–Ochig'ini aytaman, bundan umidimni uzgandim. Lekin ishonchim 
komil-ki, sizlar yetimxona sirini kitoblarimdan bilib olmagansiz. 
–To'g'ri. Agar ruxsat bersangiz, sizga boshimizdan o'tgan barcha 
narsalarni birin-ketin, ipidan ignasigacha aytib beramiz. 
–Bemalol. Ammo ismingizni bilsam bo'ladimi? 
–Mening ismim Emma. Qolganlarning ismini esa hikoya davomida bilib 
olasiz... 
 
 
 

Xuddi Anabella bilan bo'lgan suhbat kabi bu safar ham Emma naq 2 soat 
gapirdi. Fermadan qochib ketganini har bir detallarigacha so'zlab berdi, 
vampirlar shtabi, Piter Minerva, "B32" da ularni o'ldirmoqchi 
bo'lishgani, 10 ta shtab va qolgan barcha narsalar haqida gapirib berdi. 
 
William bolalardan barcha gapni eshitib bo'lgach, siqilib ketganidan 
bo'ynidagi bo'yinbog'ini bo'shatib, stol ustida turgan sovib qolgan 
qahvasini oxirigacha ichib qo'ydi. 
–Qaniydi...qaniydi sizlarga o'xshagan bolalar bundan 45 yil avval 
tug'ilishganida...sizlar haqiqiy farishtalarsiz! Qasam ichaman, hech 
qachon sizlarday bo'la olmagan bo'lardim. 
–Janob, ukangiz haqida nima deyolasiz?-so'radi Mayk. 
–O'zing nima deyolasan? Axir u bilan 2 oy birga yashabsan-ku? Men 
undan voz kechganman. U ortiq mening ukam emas. 
–Men Piter Minerva haqida aniq gap gapira olmayman. Lekin menga 
yomonligi tegmagan. Uning miyasini aynitishgan, xolos. Xuddi onalarga 
o'xshab. 
–Demak "B32" ham oxir-oqibat vampirlarga o'tib ketibdi-da?-William 
chuqur xo'rsindi,-Essiz, naq 15 yil umrim ketgandi-ya... 
–Hammasiga o'sha telba Robert aybdor! Mumkin bo'lsa, endi siz ham 
bizga o'z o'tmishingiz haqida gapirib bering. 
–O'tmishimni gapirib bersam, zerikib qolmaysizmi? U sizlarnikichalik 
qiziq emas, menimcha. 
–Ahamiyati yo'q. Asosiysi bilib olsak bo'lgani. Iltimos, aytib bering. 
 
William sovib qolgan qahvasining so'nggi ho'plamini ichib, ko'zoynagini 
yechib qo'ydi. Keyin tomog'ini ohista qirib, 1-fermadagi hayoti, Piter 
bilan aka-uka tutingani va keyinchalik Piter uni sotgani, shtabga 
Minervalar oilasiga qabul qilingani, Robert bilan tanishuvi, "B32" bazasi 
hamda "YSM" ga qanday kelib qolganini boricha aytib berdi. 

–Bu yerga kelgach, shahar aholisiga vampirlar fermasi va u yerda 
boqilayotgan bolalar haqida aytib berdim. Ular menga ishonishi mumkin 
edi...-William chuqur xo'rsindi,-Ammo "Yangi Sivilizatsiya Markazi" 
Prezidenti janob Rozvald hammasini barbod qildi. 
–Janob Rozvald?-qaytardi Emma,-Kim u? Bu yerning rahbarimi? 
–Ha. U menga haqiqatni odamlardan yashirishga hamda ferma haqida 
qaytib umuman og'iz ochmaslikka undadi. Evaziga esa mana shu 
lavozimimni taklif qildi. 
–Shoshmang...-o'rnidan turdi Rey,-Siz hali mana shu bo'lmag'ur va 
ahmoqona lavozimni deb barchasidan voz kechdingizmi? Shtab va 
fermalarni unutib yubordingizmi?! 
–Shunday,-William bilinar-bilinmas tabassum bilan javob berdi. 
–Nega?!-Emma ham jahl bilan o'rnidan turdi,-Barchasidan shunchaki 
voz kechib ketish shunchalik oson bo'ldimi? Qanday xato qilib 
qo'yganingizni aqlingizga sig'dira olyapsizmi, o'zi?! 
–Nima qilishim kerak edi?!-William bor ovozi bilan baqirib yubordi,-
O'ttiz yil...o'ttiz yil mana shu la'nati shtab va fermalarni yo'q qilish 
uchun reja tuzdim! O'ttiz yil umrimni mana shu la'nati urush uchun 
sarfladim! Qo'limdan kelgancha harakat qildim! Lekin sheriklarim nima 
qilishdi? O'z ukam nima qildi? Hammasidan voz kechishdi! Chunki ular 
uchun ham o'z hayotlari muhimroq. O'zining hayoti, yashash tarzi 
muhim! Piter shtabdagi mavqei sabab ketishni xohlamadi. Robert esa 
antizlarning oltiniga uchib menga xiyonat qildi. Hammasi yaxshiroq 
yashash uchun. Nega endi men, o'ttiz yil vampirlarga qarshi kurashgan 
odam o'zimni o'ylamasligim kerak? Nega endi shunday imkon turganida 
yana o'sha la'nati va xavfga to'la dunyoga qarshi kurashishim kerak? 
Men qaror qildim: Boshqa hech qachon vampirlarga ham, antizlarga 
ham, "YSM" dan tashqaridagi olamga ham qarshi kurashmayman. Endi 
faqat o'zimni o'ylayman. O'zim uchun yashayman. Maslahatim siz ham 
shunday qiling. Hudo sizga boshqalarga hech qachon berilmaydigan 
imkoniyatni taqdim etdi. Vampirlar shtabidan va o'sha dahshatli 
olamdan to bu yergacha yetib kelish oson emas. Bu imkoniyatdan to'g'ri 
foydalanasiz degan umiddaman... 

–Demak...demak biz shuncha umid qilib qidirib kelgan odamlar shahri 
hamda fermadan qochish uchun jangovar ruh ulashgan William 
Minervadan aslida umuman foyda yo'qmi?-Emma ma'yus shivirladi,-
Nahotki shunchalar xudbinlashib ketgan bo'lsangiz? 
–Bu xudbinlik emas, Emma. Men harakat qildim. Qo'limdan kelgan 
barcha ishni qilib ko'rdim. Sen ham hozir shunday qilyapsan. Men aslida 
ojiz ekanligimni 30 yilda tushunib yetdim, balki sen ham tushunib 
qolarsan. Agar xohlasangiz, sen va boshqa bolalarning barchasini 
va'siyligimga olaman. Men bilan birga... 
–Bizni o'sha janob Rozvaldning yoniga olib boring!-Emma Williamning 
gapini eshitib o'tirmay o'rnidan turdi. 
–Afsuski bunday qila olmayman. Rozvaldga gapirishdan foyda yo'q. 
Men ham buni uddalay olmaganman. Shunday ekan... 
 
William gapini tugatgunicha uning laklangan yaltiroq to'q jigarrang 
stoliga Reyning qo'lida turgan kitob gursillab urildi: 
–O'zingiz bilan bizni taqqoslamang, janob Minerva. Siz ko'ndira 
olmagan bo'lsangiz, biz ko'ndiramiz! 
–Rey, sen u kishini yaxshi bilmaysan. Bu yerda uning so'zi qonun. 
Uning ruxsatisiz hattoki daraxtning uchi ham qimirlamaydi. Janob 
Rozvaldning asabiga tekkan, uning buyrug'ini e'tiborsiz qoldirgan, unga 
ta'na toshlari otgan yoki uning siyosatini yomonlagan har qanday inson 
o'limga hukm qilinadi. Shunday ekan, ortiqcha bahslashmang va sizga 
berilgan imkoniyatdan to'g'ri foydalaning. Yashab qoling. 
 
Rey Williamdan eshitgan so'zlaridan dahshatga tushib, oyog'i ostidagi 
stulga qoqilib ketdi. Keyin o'zini o'nglashga harakat qilib, boshidan oqib 
ketayotgan terlarni yengi bilan artib oldi. 
–Siz hozir aytayotgan gaplar...ular shaxsga sig'inish! Bu Rozvald kim 
bo'libdi-ki, birovning hayotiga nuqta qo'yish huquqiga ega bo'lsa? Biz 
har bir oila a'zolarimizni o'zimizni yaxshi ko'rganday yaxshi ko'rib, shu 
yergacha yetib keldik. Men ko'pdan ko'p yaqinlarimning o'limini 

ko'raverib, qochish vaqtida ularni tashlab ketmoqchi bo'ldim. Chunki 
o'limga butunlay ko'nikib qolgandim! Sizlarda ham hozir xuddi shu 
holat ro'y beryapti. Sizlar bu adolatsizlikka ko'nikib qolgansizlar. O'sha 
Rozvald deganlari o'zidan boshqasini o'ylamaydigan g'irt xudbin odam 
bo'lsa kerak! 
–O'chir...-William o'rnidan turib, kafti bilan Reyning og'zini berkitdi,-
Axir hozirgina uning shaxsiga yomon gaplar aytish ta'qiqlanadi 
demadimmi? Aks holda o'lib ketishing mumkin. 
–Biz o'lmaymiz,-qo'shildi Mayk,-Biz bu yerga ming mashaqqat bilan 
yetib kelganmiz. Shuncha azob-uqubat evaziga osongina qandaydir 
haqorat sababli o'lib ketishimizga ishonmayman. Iltimos, janob Minerva
bizni "YSM" prezidentining yoniga olib boring. 
–Prezident bilan uchrashish siz o'ylaganchalik oson ish emas, bolalar. 
Kuniga yuzlab, minglab odamlar u bilan uchrashadi. Unga barcha 
shikoyatlarini aytadi. Menimcha u sizlarni eshitib o'tirmasa ham kerak... 
–Siz bizni aldayapsiz,-dedi Rey,-Buni ikkita sabab orqali bemalol 
payqab olish mumkin. Birinchidan, siz "YSM" bosh vazirisiz. Ya'ni, 
prezident yordamchisi. U sizni hech qanday navbatsiz qabul qilishi 
kerak. Ikkinchidan esa, siz yana vampirlar shtabi va fermalar haqida so'z 
ochilib, mavqeingiz va Rozvaldning oldidagi ishonchingizdan ayrilib 
qolishdan qo'rqyapsiz. Topdimmi? 
 
William chuqur xo'rsinib, ko'zlarini ishqadi. Keyin sovib qolgan qahvasi 
qoldimi yo'qmi yana bir marta tekshirib qo'yib, ko'chadagi quyosh nuri 
tushib turgan deraza yoniga bordi. 
–Sizlarning kattalardan farqingiz yo'q. Fikrlash doirangiz juda ham 
yuqori. Jon deb sizlarga yordam bergan bo'lardim, ammo men bu 
hayotni qabul qilib bo'lganman. Sizlar tushunishingiz kerak, bu 
foydasiz! 
–Tushunarli,-dedi Emma g'azab bilan eshik tomonga qadam tashlab,-
Sizdan umidimizni uzamiz. Aslida Robert sizni o'ldi deb aytganida 
yanglishmagan ekan. William Minerva o'libdi. Qarshimizda turgan 
odam esa shunchaki uning qo'rqoq va xudbin soyasi, xolos. 

–Qayerga chiqib ketyapsan? O'lganimi? Nahotki o'limni shunchalik 
yaxshi ko'rsang? Agar o'limni yaxshi ko'rar ekansan, fermadan qochib 
nimaga erishding? 
–Bu yerdagi tirik murdalar orasida yashagandan ko'ra, haqiqiy murdaga 
aylanganim yaxshi. Men Anabella xonimdan yordam so'rayman. 
–Ajoyib fikr!-Mayk quvonch aralash baqirib yubordi. 
–Sen vampirlarga ishonib bo'ladi deb o'ylaysanmi?-William Emma 
tomonga achinish to'la nigoh bilan o'girildi,-Sen kimga ishonmagin, 
baribir bir kunmas bir kun yuzingga oyoq qo'yib ketadi. Hattoki kuyib-
pishib jon kuydirayotgan oilang ham. 
 
Williamning bu gapidan so'ng Emma ham, Rey ham, Mayk ham unga 
g'azab va nafrat bilan tikilib qolishdi. Emma esa eshikdan qo'lini uzib, 
William tomonga asta qadam tashlab yaqinlasha boshladi. 
–Siz biz bilan katta bo'lganmisiz? Albatta yo'q. Siz biz olgan tarbiyani 
olganmisiz? Albatta yo'q. Siz biz bilan birga fermadan qochish uchun 
reja tuzganmisiz? Albatta yo'q. Siz biz bilan birga fermadan qochib, 
ulkan va bepoyon o'rmonda sang'ib yurganmisiz? Albatta yo'q. Siz biz 
bilan birga qayta va qayta dushmanlar qo'liga tushib qolganmisiz? Biz 
ko'rgan qiyinchiliklarni ko'rganmisiz? Albatta yo'q! Siz bizning 
oilamizga o'zimizning ko'zimiz bilan qaray olasizmi? Albatta yo'q! 
Shunday ekan, boshqa hech qachon og'zingizdan oilam haqida bunday 
jirkanch gap chiqmasin. Bu mening oilam! Mening oilamni qayerdagi 
qo'rqoq va sotqin Piter Minerva yoki boylik ilinjida aqldan ozgan 
Robertga qiyoslashga haqqingiz yo'q. Bu mening oilam! Mening 
oilamga yordam bermas ekansiz, demak sizdan foyda ham, umid ham 
yo'q. Yozgan kitoblaringizga ham, to'plagan ma'lumotlar, xaritalar-u, siz 
qurgan bazalarning bariga tupirdim! Biz ortiq bu shaharda qola 
olmaymiz!... 
 
 
Anabellaning shtabi 

Zarracha ham yorug'lik tushmayotgan, sovuq va zax bo'lgan, atrofdan 
qon hidi anqib turgan ulkan va keng xonada Mikael Satellaning oppoq 
qo'llaridan ushlab, unga yalinib yolvoryapti: 
–Satella, axir sen ham men ham bilib turibmiz-ku. Anabella aqldan 
ozgan. U bolalarni shunchaki qo'yib yuborgani bunga isbot bo'la oladi. 
Iltimos sendan, menga o'sha bola chizib bergan xaritani ber. Yoki hech 
bo'lmasa ana shu xarita yordamida Lord Lyuvisning shtabiga hujumga 
o'tishga Anabellani ko'ndir! 
–Ko'ndirganimdan nima foyda?-so'radi Satella sovuq ohangda. 
–Agar biz o'sha shtabni ham egallab olsak, ixtiyorimizda naq 10 ta ferma 
bo'ladi! 10 ta ferma, ikkita olim hamda ikkita onalar birlashmasi. Buni 
tasavvur qilyapsanmi? Bunday qudrat bilan boshqa shtablarga ham 
hujum qilib, bemalol egallab olishimiz mumkin. O'z hokimiyatimizni 
o'rnatamiz. Keyin barcha vampirlar hamda Nimmerlanddagi odam 
josuslarimizni to'plab, odamlarni ham yo'q qilamiz! Butunlay vampirlar 
hukmronligi o'rnatiladi. Ushbu mamlakatga esa sen va men boshchilik 
qilamiz. Abadul-abad... 
–Juda uzoqqa ketib qolding, Mikael. Sen aytgan gaplarni amalga 
oshirish oson ish emas. Senga hech qachon yordam bermayman. 
Qolaversa, bu ming yillik va'daga zid. 
–Satella! Aqlingni yig'! Bu bilan uzoqqa bora olmaymiz! Anabellani 
yo'q qilish vaqti keldi! Ming yillik va'dani esa unut! 
–Meni kechir, Mikael. Lekin xoinlikdan nafratlanaman. Men sevgan 
Mikael bunday so'zlarni aytmasdi. O'zgarib, aqldan ozgan aslida 
Anabella emas, sensan. 
–Satella... 
–Mendan uzoqroq yur, Mikael. Aks holda o'zingga yomon bo'ladi,-
Satella hech narsa demay, eshik tomonga yo'l oldi. Mikael esa jahl bilan 
shamol tezligida eshik yonida paydo bo'ldi. 
–Mendan shunchaki voz kechib ketolmaysan, Satella! Bunga yo'l 
qo'ymayman! 

–Yo'l qo'yib bo'lding. Ammo senda hali ham imkon bor. Adashganingni 
tan ol hamda yana eski hayotimizga qayt. Shundagina seni kechirishim 
mumkin... 
 
Satella temirdan yasalgan ulkan zanglab ketgan eshikni ochib, 
tashqariga chiqib ketdi. Ichkarida qip-qizil ko'zlari zulmatda yaltiran 
turgan Mikael esa qo'llarini qattiq musht qilib tugdi: 
–Yo'q, Satella...boshqa hech qachon avvalgiday bo'lmaydi. Mana 
ko'rasan, hali o'zing oyog'im ostiga yalinib kelasan. Ammo o'sha payt 
sen emas, men sendan voz kechgan bo'laman... 
 
 
2-QISM 
PREZIDENT ROZVALD 
 
Emmaning gaplari va qat'iyatini ko'rgan William Minerva uni nima qilib 
bo'lsa ham shaharda olib qolishga hamda "YSM" prezidenti janob 
Rozvald bilan uchrashtirishga qaror qildi. Ammo hamma bolalarni emas, 
faqatgina Emma, Rey, Mayk, Don, Luna va Rozani, xolos. Qolgan 
bolalar esa vaqtincha "YSM" shtab kvartirasida qolishiga to'g'ri keldi. 
Ulkan binodan yana sershovqin va qo'rqinchli, odamlarga to'la bo'lgan 
gavjum ko'chalarga chiqib qolgan bolalar o'zlarini yomon his qilib, biroz 
vahimaga tushib qolishdi. Ular hech qachon bunchalik ko'p odamlarni 
ham, bir-biridan g'aroyib qurilgan ko'p qavatli binolarni ham 
ko'rishmagan. 
–Vampirlar hujumi sivilizatsiyaga juda qattiq ta'sir ko'rsatdi,-tushuntira 
boshladi William,-Ular sabab haligacha 2000-2100-yillardagi 
texnologiyalar va qurilish uslublaridan foydalanishga majburmiz. 
To'g'ri, ba'zi narsalar juda ham zamonaviy, ammo ba'zilari esa hattoki 
XX asrni ham eslatishi mumkin. Qurol yaratishga yetarli imkoniyat va 
sharoit yo'q. Zo'rg'a oddiygina miltiq yarata olganmiz. Ammo bu 
vampirlarni o'ldira olmaydi... 

–O'ldira oladi,-Rey Williamning gapini bo'ldi,-Agar qurolga 
ishlatiladigan porox tarkibiga kuygan sarimsoq kuli qo'shilsa, u 
vampirlarni yo'q qila olishi mumkin. 
–Bu haqida shtabda yashagan paytim bilib bo'lganman. Ammo 
sarimsoqlar butunlay yo'q qilingan. Ularni qayta ekish va ko'paytirish 
haqida juda ko'p bosh qotirilgan, ammo boshlang'ich urug'lik 
topilmagan. 
–Yovvoyi sarimsoq-chi?-so'radi Roza. 
–Yovvoyi sarimsoq? Bunaqasini eslolmayapman...agar undan biror naf 
bo'lganida, "YSM" olimlari allaqachon ommaga e'lon qilgan bo'lardi. 
–Kara oyi bizga bekorga aynan yovvoyi sarimsoq berib yubormagan. Bu 
nafaqat hid qochirish, balki vampirlarni o'ldira oladigan qurol bo'lishi 
ham mumkin! 
–Emma, bunday maxfiy ma'lumotlar shtab buvisiga oshkor qilinmaydi. 
Bunday xavfli ma'lumotlar butunlay yo'q qilinib, qayta eslanmasligi 
kerak. Kara sizlarga yovvoyi sarimsoqni shunchaki vampirlar is 
olmasligi uchun bergan. 
–Ammo sinab ko'rish mumkin-ku?-so'radi Mayk,-Kimdir chiqib yovvoyi 
sarimsoqdan terib kelsin. Xohlasangiz biz ham birga chiqib, ularning 
qayerda o'sishini ko'rsatamiz. 
–Bu haqida keyinroq gaplashamiz. Metroga tushishimiz kerak. 
Qo'llaringizni mahkam ushlab oling,-William bolalarni qorong'i va 
sershovqin  yer ostiga olib tushib ketdi. Uzun zinapoyalar bo'ylab pastga 
tushgan bolalar yer ostiga yotqizilgan ko'pgina temir yo'llari, ularning 
ikki tarafidagi uzun va oxiri ko'rinmaydigan tunnellar hamda navbatini 
kutib turgan yuzlab odamlarni ko'rishdi. 
–Tanishib qo'ying, bu "YSM" ning yagona transport manbai — yer osti 
transporti! Yoki boshqacha qilib aytganda, metro. 
 
Shu payt uzoqdan qo'rqinchli va baland ovoz eshitilib, Emmaning 
qarshisida turgan tunneldan yorug'lik tarala boshladi. Birozdan so'ng 

ularning qarshisida juda ham uzun, oppoq, bir so'z bilan aytganda 
chiroyli va hashamdor transport paydo bo'ldi. 
–Men bu haqida fizika kitobida o'qigandim,-dedi Rey,-Ammo ular yer 
ostida emas, yer ustida yurishardi. 
–Sen aytayotganing poyezd. Bu esa metro. Poyezddan farqli o'laroq, 
metro juda ham tez yuradi hamda relslari elektrlashtirilgan. Bo'ldi, 
ortimdan yuring. Qo'llaringizni mahkam ushlab oling. 
 
William bolalarni olomon orasidan olib o'tib, metro eshigi yonida turgan 
soqchiga qandaydir karta ko'rsatdi. Soqchi shu zahoti William va 
bolalarni o'tkazib yuborib, metro ichiga kirgazdi. Yorug', biroz sovuq va 
shinam metro ichiga kirgan bolalar asta yumshoq o'rindiqlarga o'tirib 
olib, atrofdagi odamlarga razm solishdi. 
–Janob, siz axir bosh vazirsiz-ku?-so'radi Mayk,-Bosh Vazir odamlar 
orasida bemalol yurishi biroz xavfli emasmi? 
–Hech ham xavfli emas. Shaharda hech kim jinoyat qilmaydi. "YSM" 
qonunlariga ko'ra, oddiygina o'g'irlik uchun ham o'lim jazosi 
belgilangan. Bu yerda aholi juda ko'p, shunday ekan o'lim jazosi 
qo'llanishi mumkin. 
–Bunday kichkina hudud uchun aholi ko'p bo'lishi mumkin,-dedi 
Emma,-Lekin dunyo katta. Juda ham. O'z dunyoyimizni vampirlarga 
topshirib qo'yib, bu yerda bir-birimizni o'ldirib o'tirishimiz ahmoqlikdan 
boshqa narsa emas. 
–Kel Emma, senga oxirgi marta aytib qo'yay,-William ko'zlarini 
Emmaning ko'zlariga yaqin olib keldi,-Bu yerning qonun-qoidalarini 
muhokama qilish sengamas. Sen qachon kelding o'zi? Bugun! 
Bugungina kelib olgan odam xohlagancha ahmoqona so'zlar ayta olishi 
mumkin. Bugungina kelib olib, "YSM" siyosatini muhokama qilishga 
haqqing yo'q. 
–Janob Minerva... 
–Bas! Yashashni xohlaysanmi, Emma? Albatta xohlaysan. Aks holda bu 
yergacha qochib kelmasding. Agar yana yashashda davom etishni 

istasang, ortiq hech qachon bu yerning qonunlarini muhokama qila 
ko'rma. Hozir sen "YSM" prezidenti janob Rozvaldning yoniga 
ketyapsan. U bunday gaplarni kechirib o'tirmaydi. U uchun qayerdan 
kelganingni farqi yo'q... 
–Shuning uchun ham tinchgina shaharni tark etishimizga ruxsat bering,-
dedi Mayk. 
–Bu mening qo'limda emas. Siz shahar ichini ko'rdingiz, shtab 
kvartirasini, metroni, shahar tuzilishini, binolarini... 
–Bu bilan nima demoqchisiz? 
–Qayerdan bilaman, balki sizlar vampirlar tomonidan yuborilgan 
josusdirsizlar? Axir bo'lishi mumkin-ku, to'g'rimi? 
–Janob Minerva!-Emma baqirib, o'rnidan turdi. 
–Joyingga o'tir, Emma. Hozir metro yurishni boshlaydi. Yana yiqilib 
tushmagin. Ha aytgancha, boyagi gapimni davom ettirsam: Balki sizlarni 
vampirlarga qon olish uchun topshirmasliklari evaziga ularga josuslik 
qilayotgandirsiz? Buni bilib bo'ladimi? 
–Aqldan ozganmisiz?! Qanaqasiga yosh bolalardan josus chiqishi 
mumkin? Sizningcha quloqlarimizni ataylab kesib yubordikmi? 
–Bu yerda faqat sen va Reyning qulog'i kesilgan. Keyin, nazarimda 
oddiy bolaning qo'lidan chipni o'chiradigan moslama yasash kelmagan 
bo'lardi. Agar shunchalik aqlli bo'lsangiz, o'sha moslama qani? 
–U "B32" bazasidagi qochish paytida yo'qoldi,-javob berdi Mayk,-
Ammo shunchalik ishonmayotgan bo'lsangiz, Rey sizga qaytadan yasab 
berishi mumkin. 
–Yaxshi, sizlarga ishondim deb turamiz. Ammo hozir prezident 
Rozvaldning yoniga borgach, unga nima demoqchisiz? 
 
Bu savolga hech kim javob berolmay qoldi. Emma esa metro yura 
boshlagach, yo'l bo'yi aynan mana shu savolga javob izlab ketdi. Hattoki 
metrodan tushib, juda ham baland va ko'p qavatli bo'lgan "YSM" 
hokimiyati binosiga yetib borgach ham hech narsa demadi. Ular 

binoning tepa qavatlaridan biriga chiqib, soqchilar tomonidan 
tekshiruvdan o'tkazilgach, yo'lakning oxiridagi xona eshigini 
taqillatishdi. Ichkaridan ayol kishining "kiring" degani eshitilgach, 
William bolalar bilan ichkariga kirdi. 
–Janob Rozvald xonasidami? Juda ham muhim ishim bor edi. 
–Bu bolalar kim?-so'radi ish stoli yonida o'tirgan uzun bo'yli, sariq 
sochli o'rta yoshli ayol. 
–Buni faqat janob Rozvaldga ayta olishim mumkin. 
–U holda faqat o'zingiz kirishingiz mumkin. Bolalarni esa janob 
Rozvalddan ruxsat olgach kirgazamiz. 
–Shu yerda qoling,-William bolalarni qora charmdan yasalgan yumshoq 
o'rindiqqa o'tkazib, o'zi ichkariga kirib ketdi. 
 
Oradan 5 daqiqa o'tar o'tmas, William eshikni ochib, bolalarni ichkariga 
taklif qildi. Ular o'rinlaridan turib, o'sha mashhur prezident Rozvald 
deganlarini ko'rish uchun ichkariga kirishdi. Ichkaridagi xona butunlay 
yam-yashil bo'lib, har xil portretlar-u, bir-biridan g'aroyib tuvakka 
ekilgan o'simliklar bilan bezatilib chiqilgandi. Bolalarning qarshisidagi 
stolda o'tirgan yashil kiyim va yashil shlyapali, uzun mo'ylov qo'yib 
olgan va bir ko'ziga zanjirli linza qistirib olgan qariroq kishi o'rnidan 
turib, tirjayib qo'ydi. 
–"YSM" ga xush kelibsiz, bolalar. O'ylayman-ki, shahrimiz sizlarga 
yoqdi. Menimcha o'zimni tanishtirishim shart emas, shundaymi? 
–Ha, janob Rozvald,-Emma oldinga chiqib gap boshladi. Bu uning 
metrodagi savoldan beri ilk marta gapirishi edi,-Agar ruxsat bersangiz, 
sizga ham boshimizdan o'tgan voqealarni birma-bir aytib bersam. 
–Mayli, bemalol. Mening vaqtim serob. Qani, boshlang. 
 
Emma Rozvaldga ham yetimxona sirini bilib qolgani, u yerdan 
qochgani, vampirlar shtabi, "B32" bazasi, Lord Lyuvisning aldovi, 
Karaning o'limi, "B14" va Anabellaning shtabi haqida aytib berdi. 

Barcha haqiqatni eshitib bo'lgan Rozvaldning hatto pinagi ham 
buzilmadi. Avval qanday tirjayib o'tirgan bo'lsa, hozir ham xuddi 
shunday o'tirgan bo'lardi. 
–Gaplarim oxirida shuni aytmoqchiman-ki,-dedi Emma,-Ozod yashash 
uchun mana shunday shaharda boy va badavlat yashash yetmaydi. Boy 
yashash ozodlik emas. Haqiqiy ozodlik — o'zligingizni sotmaslikda. 
–Bu gaping bilan meni o'zligimni sotgan demoqchimisan?-so'radi 
Rozvald jiddiylashib. 
–Yo'q, janob Rozvald. Biz "YSM" da butunlay qolishga va shtab haqida 
ham, ferma haqida ham ortiq og'iz ochmaslikka rozimiz. 
–Nima?!-Mayk va Rey hech narsaga tushunmay baqirib yuborishdi. 
Emma esa gapida davom etdi: 
–Vampirlarga bolalarni aynan siz yetkazib berishingizdan xabarim bor, 
janob Rozvald. 
–Nima?! Bu yana qanaqa ahmoqona gap bo'ldi?! 
–Shahardagi radiatsiya sabab egizaklar tug'ilishi avj olgan. Egizaklardan 
qutulish uchun esa siz bolalarni 10 ta vampirlar shtabiga yetkazib berib 
turasiz. Bu uchun ular sizga haq ham to'lasa kerak, to'g'rimi? 
 
Emmaning bu gaplarini eshitib, Williamning ko'zlari katta-katta ochilib 
ketdi. Rozvald esa qaltiragancha ortiga tisarildi. 
–Sen hozir aytayotgan gaplar asossiz!-baqirdi Rozvald,-Sen prezidentga 
tuhmat qilyapsan! Bu ishing uchun "YSM" qonunlariga ko'ra... 
–O'limga hukm qilinaman. Ammo men "YSM" fuqarosi emasman. Men 
tashqaridan keldim. 
–Sening gaplaring rost bo'lsa ham, hech kim senga ishonmaydi, Emma. 
Bu yerda men haq bo'lib chiqaman. 
–Men bu gaplarni hech kimga aytish niyatim yo'q. Men shunchaki bir 
narsani xohlayman. "YSM" da men va oilam janob Minerva bilan 
tinchgina yashashiga qo'yib bering. Boshqa hech qachon ferma haqida 
ham, vampirlar haqida ham og'iz ochmaymiz. 

–Nima? Nega endi men bilan?!-baqirib yubordi William. 
–Axir o'zingiz boya bizni va'siylikka olish haqida aytmadingizmi? 
–Yaxshi,-dedi Rozvald,-Garchi sen aytayotgan gaplar qup-quruq tuhmat 
bo'lasada, iltimosingni bajarishga roziman. Bu bilan faqatgina qanchalik 
oliyjanob ekanligimni ko'rsatib qo'ygan bo'laman. 
–Juda soz,-jilmayib qo'ydi Emma,-Demak "siz bizga tegmaysiz, biz esa 
sizga" degan kelishuv imzolandi... 
 

Download 409.05 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling