Ferma 4-fasl
Download 409.05 Kb. Pdf ko'rish
|
FERMA 4
- Bu sahifa navigatsiya:
- 1-QISM YANGI SIVILIZATSIYA MARKAZI
- Anabellaning shtabi
- 2-QISM PREZIDENT ROZVALD
FERMA 4-FASL Ushbu fasl Emma, Mayk, Rey va boshqa bolalar haqidagi qissaning eng so'ngi fasli bo'lib, aynan shu qismda bolalar qolgan do'stlarini qutqara olish yoki olmasligi, Piter va William Minervalar, Elizabet va Emma hamda odamlar qurayotgan "Yangi Sivilizatsiya Markazi" haqida bilib olasiz. Aynan shu qismda bolalarning taqdiri hal bo'ladi. Ular barini uddalashadimi yoki o'lib ketishadimi? Bu haqida hikoya davomida bilasiz... 1-QISM YANGI SIVILIZATSIYA MARKAZI Emma va bolalar nihoyat ular eng ko'p qidirgan William Minerva ismli shaxs bilan tanishishdi. William hech narsa demay, bolalarni "Yangi Sivilizatsiya Markazi"(YSM) ning shtab kvartirasiga olib keldi. Keyin xizmatkorlarga bolalarni yuvintirib, qorinlarini to'ydirib, yangi kiyimlar olib berishni buyurdi-da, o'zi binoning tepa qavatiga qarab chiqib ketdi. Emma hatto tushida ham ko'rmaydigan darajadagi ulkan, hashamatli va zamonaviy shahar uning boshini aylantirib, hattoki biroz qo'rqitib ham turgandi. –Bu yer bamisoli jannat! Manabu divanning yumshoqligini qarang!-Don quvonganidan o'zini jigarrang teridan tikilgan yumshoq divanga otdi. –"B32" ga borganimizda ham shunday degandik,-qo'shib qo'ydi Rey kulimsirab. –Rey, iltimos faqat William Minervadan ham shubhalanyapman demagin. Qolaversa, bu yerda millionlab odam yashaydi,-Emma jahl aralash tanbeh berdi. –Reyning gapida jon bor,-qo'shildi Mayk,-Agar William biz tarafda ekan, shuningdek avval shtabda ham Piter Minerva bilan birga yashagan ekan, nega u bu yerdagi odamlarga vampirlar fermasi haqida aytib bermadi? Nega darvoza yonidagi soqchilar vampir gullari haqida hech narsa bilishmasdi? –Bu hukumat siri bo'lishi ham mumkin-ku,-inkor etdi Emma,-Xalqni qo'rqitmaslik va vahimaga solmaslik uchun saqlanadigan sir. –Lekin buning oxiri ham bo'lishi kerak,-dedi Rey,-Shahar hududi chegaralangan. Odamlar esa tobora ko'payib boraverishadi. Shuningdek, Satella bizga odamlardagi nurlanish va egiz farzandlar haqida ham aytib bergandi. Nimmerlandda odam qancha kam bo'lsa, hukumat uchun shuncha yaxshi. –Aytmoqchisan-ki... –Ular chaqaloqlarni o'z ixtiyori bilan vampirlarga topshirib yuboradi deb o'ylayman. –Nega? Axir shahardagi radiatsiya vampirlarni o'tkazmaydiku?-so'radi Don,-Ular nimadan qo'rqishadi?! –Gap faqat qo'rquvda emas. Shaharda odam qancha kam bo'lsa, joy ham, oziq-ovqat ham shuncha ko'pga yetadi. Ishonchim komil, bu yerda arzimagan o'g'irlik uchun ham o'lim jazosi belgilangan. –Rey! Sen doim shunday sovuq gaplaring bilan bizni qo'rqitasan!- baqirib yubordi Luna. –Men shunchaki ogohlantirdim. Juda ham ehtiyot bo'lishimiz kerak. Xuddi fermadagi singari bu yerda ham arzimagan xato ham o'limimizga sabab bo'lishi mumkin... Oradan 2 soat o'tdi. Eshik ochilib, ichkariga qora kostyum va qora shim kiyib olib, chiroyli bo'yinboq taqib olgan xizmatkor kirib keldi. Uning yuzidagi xol uni biroz qo'rqinchli qilib ko'rsatib turgandi. –Janob Minerva eng katta bolalarni huzuriga chaqiryapti. Qolganlar esa shu yerda qolishadi. –Lekin...lekin biz bolalarni tashlab ketolmaymiz! –Bas qil Emma,-Mayk Emmaning gapini bo'lib qo'ydi,-Xavotir olishga hojat yo'q. Axir biz o'rmonda emasmiz-ku. –Lekin men... –Sen shunchaki o'rganib qolgansan. Rey, Don, Luna va Roza, sizlar ham birga borasiz. O'sha William Minerva bilan anchadan beri gaplashib olmoqchi bo'lib yurgandim... Xizmatkor bolalarni binoning yana 4 ta qavat tepasiga olib chiqdi. Yaxshiyam-ki, bu qavatda deyarli odam yo'q. Qip-qizil gilam to'shalgan yo'lak bo'ylab yurib ketayotgan bolalar faqatgina devorga osib qo'yilgan katta soatning ovozini eshitib turishardi, xolos. Xuddi tashqaridagi gavjum va shovqinli olam birdaniga yo'q bo'lib qolganday tuyildi. Emma yo'lak oxiriga yetib kelay degan payt devorning tepasidagi burchakka o'rnatib qo'yilgan oq rangli narsaga ko'zi tushdi. –Anavi nima? Nahotki bu kuzatuv kamerasi bo'lsa? –To'g'ri. Sizlar aytgan fermada bunaqasi bormidi? –Yo'q,-Rey o'ylanib javob berdi,-Lekin nega o'rnatishmagan ekan? Axir bu bilan bizni kuzatish oson bo'lardi-ku? Xizmatkor qarag'ay daraxtidan yasalgan eshikni itarib ochib, bolalarni ichkariga kirgazdi. O'zi esa indamay g'oyib bo'ldi. Ichkarida qo'liga ko'k rangli katta kitob ushlab olgan William Minerva yaltiroq jigarrang kreslosidan turib, bolalarni o'tirishga taklif qildi. Ular stulga o'tirishi bilan Emma darrov gap boshladi: –Biz ferma kutubxonasidagi kitoblarning sirini bilib oldik. Ya'ni siz ishlatgan morze alifbosini. William bolalarga hayrat to'la nigoh bilan qarab, jilmayib qo'ydi: –Ochig'ini aytaman, bundan umidimni uzgandim. Lekin ishonchim komil-ki, sizlar yetimxona sirini kitoblarimdan bilib olmagansiz. –To'g'ri. Agar ruxsat bersangiz, sizga boshimizdan o'tgan barcha narsalarni birin-ketin, ipidan ignasigacha aytib beramiz. –Bemalol. Ammo ismingizni bilsam bo'ladimi? –Mening ismim Emma. Qolganlarning ismini esa hikoya davomida bilib olasiz... Xuddi Anabella bilan bo'lgan suhbat kabi bu safar ham Emma naq 2 soat gapirdi. Fermadan qochib ketganini har bir detallarigacha so'zlab berdi, vampirlar shtabi, Piter Minerva, "B32" da ularni o'ldirmoqchi bo'lishgani, 10 ta shtab va qolgan barcha narsalar haqida gapirib berdi. William bolalardan barcha gapni eshitib bo'lgach, siqilib ketganidan bo'ynidagi bo'yinbog'ini bo'shatib, stol ustida turgan sovib qolgan qahvasini oxirigacha ichib qo'ydi. –Qaniydi...qaniydi sizlarga o'xshagan bolalar bundan 45 yil avval tug'ilishganida...sizlar haqiqiy farishtalarsiz! Qasam ichaman, hech qachon sizlarday bo'la olmagan bo'lardim. –Janob, ukangiz haqida nima deyolasiz?-so'radi Mayk. –O'zing nima deyolasan? Axir u bilan 2 oy birga yashabsan-ku? Men undan voz kechganman. U ortiq mening ukam emas. –Men Piter Minerva haqida aniq gap gapira olmayman. Lekin menga yomonligi tegmagan. Uning miyasini aynitishgan, xolos. Xuddi onalarga o'xshab. –Demak "B32" ham oxir-oqibat vampirlarga o'tib ketibdi-da?-William chuqur xo'rsindi,-Essiz, naq 15 yil umrim ketgandi-ya... –Hammasiga o'sha telba Robert aybdor! Mumkin bo'lsa, endi siz ham bizga o'z o'tmishingiz haqida gapirib bering. –O'tmishimni gapirib bersam, zerikib qolmaysizmi? U sizlarnikichalik qiziq emas, menimcha. –Ahamiyati yo'q. Asosiysi bilib olsak bo'lgani. Iltimos, aytib bering. William sovib qolgan qahvasining so'nggi ho'plamini ichib, ko'zoynagini yechib qo'ydi. Keyin tomog'ini ohista qirib, 1-fermadagi hayoti, Piter bilan aka-uka tutingani va keyinchalik Piter uni sotgani, shtabga Minervalar oilasiga qabul qilingani, Robert bilan tanishuvi, "B32" bazasi hamda "YSM" ga qanday kelib qolganini boricha aytib berdi. –Bu yerga kelgach, shahar aholisiga vampirlar fermasi va u yerda boqilayotgan bolalar haqida aytib berdim. Ular menga ishonishi mumkin edi...-William chuqur xo'rsindi,-Ammo "Yangi Sivilizatsiya Markazi" Prezidenti janob Rozvald hammasini barbod qildi. –Janob Rozvald?-qaytardi Emma,-Kim u? Bu yerning rahbarimi? –Ha. U menga haqiqatni odamlardan yashirishga hamda ferma haqida qaytib umuman og'iz ochmaslikka undadi. Evaziga esa mana shu lavozimimni taklif qildi. –Shoshmang...-o'rnidan turdi Rey,-Siz hali mana shu bo'lmag'ur va ahmoqona lavozimni deb barchasidan voz kechdingizmi? Shtab va fermalarni unutib yubordingizmi?! –Shunday,-William bilinar-bilinmas tabassum bilan javob berdi. –Nega?!-Emma ham jahl bilan o'rnidan turdi,-Barchasidan shunchaki voz kechib ketish shunchalik oson bo'ldimi? Qanday xato qilib qo'yganingizni aqlingizga sig'dira olyapsizmi, o'zi?! –Nima qilishim kerak edi?!-William bor ovozi bilan baqirib yubordi,- O'ttiz yil...o'ttiz yil mana shu la'nati shtab va fermalarni yo'q qilish uchun reja tuzdim! O'ttiz yil umrimni mana shu la'nati urush uchun sarfladim! Qo'limdan kelgancha harakat qildim! Lekin sheriklarim nima qilishdi? O'z ukam nima qildi? Hammasidan voz kechishdi! Chunki ular uchun ham o'z hayotlari muhimroq. O'zining hayoti, yashash tarzi muhim! Piter shtabdagi mavqei sabab ketishni xohlamadi. Robert esa antizlarning oltiniga uchib menga xiyonat qildi. Hammasi yaxshiroq yashash uchun. Nega endi men, o'ttiz yil vampirlarga qarshi kurashgan odam o'zimni o'ylamasligim kerak? Nega endi shunday imkon turganida yana o'sha la'nati va xavfga to'la dunyoga qarshi kurashishim kerak? Men qaror qildim: Boshqa hech qachon vampirlarga ham, antizlarga ham, "YSM" dan tashqaridagi olamga ham qarshi kurashmayman. Endi faqat o'zimni o'ylayman. O'zim uchun yashayman. Maslahatim siz ham shunday qiling. Hudo sizga boshqalarga hech qachon berilmaydigan imkoniyatni taqdim etdi. Vampirlar shtabidan va o'sha dahshatli olamdan to bu yergacha yetib kelish oson emas. Bu imkoniyatdan to'g'ri foydalanasiz degan umiddaman... –Demak...demak biz shuncha umid qilib qidirib kelgan odamlar shahri hamda fermadan qochish uchun jangovar ruh ulashgan William Minervadan aslida umuman foyda yo'qmi?-Emma ma'yus shivirladi,- Nahotki shunchalar xudbinlashib ketgan bo'lsangiz? –Bu xudbinlik emas, Emma. Men harakat qildim. Qo'limdan kelgan barcha ishni qilib ko'rdim. Sen ham hozir shunday qilyapsan. Men aslida ojiz ekanligimni 30 yilda tushunib yetdim, balki sen ham tushunib qolarsan. Agar xohlasangiz, sen va boshqa bolalarning barchasini va'siyligimga olaman. Men bilan birga... –Bizni o'sha janob Rozvaldning yoniga olib boring!-Emma Williamning gapini eshitib o'tirmay o'rnidan turdi. –Afsuski bunday qila olmayman. Rozvaldga gapirishdan foyda yo'q. Men ham buni uddalay olmaganman. Shunday ekan... William gapini tugatgunicha uning laklangan yaltiroq to'q jigarrang stoliga Reyning qo'lida turgan kitob gursillab urildi: –O'zingiz bilan bizni taqqoslamang, janob Minerva. Siz ko'ndira olmagan bo'lsangiz, biz ko'ndiramiz! –Rey, sen u kishini yaxshi bilmaysan. Bu yerda uning so'zi qonun. Uning ruxsatisiz hattoki daraxtning uchi ham qimirlamaydi. Janob Rozvaldning asabiga tekkan, uning buyrug'ini e'tiborsiz qoldirgan, unga ta'na toshlari otgan yoki uning siyosatini yomonlagan har qanday inson o'limga hukm qilinadi. Shunday ekan, ortiqcha bahslashmang va sizga berilgan imkoniyatdan to'g'ri foydalaning. Yashab qoling. Rey Williamdan eshitgan so'zlaridan dahshatga tushib, oyog'i ostidagi stulga qoqilib ketdi. Keyin o'zini o'nglashga harakat qilib, boshidan oqib ketayotgan terlarni yengi bilan artib oldi. –Siz hozir aytayotgan gaplar...ular shaxsga sig'inish! Bu Rozvald kim bo'libdi-ki, birovning hayotiga nuqta qo'yish huquqiga ega bo'lsa? Biz har bir oila a'zolarimizni o'zimizni yaxshi ko'rganday yaxshi ko'rib, shu yergacha yetib keldik. Men ko'pdan ko'p yaqinlarimning o'limini ko'raverib, qochish vaqtida ularni tashlab ketmoqchi bo'ldim. Chunki o'limga butunlay ko'nikib qolgandim! Sizlarda ham hozir xuddi shu holat ro'y beryapti. Sizlar bu adolatsizlikka ko'nikib qolgansizlar. O'sha Rozvald deganlari o'zidan boshqasini o'ylamaydigan g'irt xudbin odam bo'lsa kerak! –O'chir...-William o'rnidan turib, kafti bilan Reyning og'zini berkitdi,- Axir hozirgina uning shaxsiga yomon gaplar aytish ta'qiqlanadi demadimmi? Aks holda o'lib ketishing mumkin. –Biz o'lmaymiz,-qo'shildi Mayk,-Biz bu yerga ming mashaqqat bilan yetib kelganmiz. Shuncha azob-uqubat evaziga osongina qandaydir haqorat sababli o'lib ketishimizga ishonmayman. Iltimos, janob Minerva, bizni "YSM" prezidentining yoniga olib boring. –Prezident bilan uchrashish siz o'ylaganchalik oson ish emas, bolalar. Kuniga yuzlab, minglab odamlar u bilan uchrashadi. Unga barcha shikoyatlarini aytadi. Menimcha u sizlarni eshitib o'tirmasa ham kerak... –Siz bizni aldayapsiz,-dedi Rey,-Buni ikkita sabab orqali bemalol payqab olish mumkin. Birinchidan, siz "YSM" bosh vazirisiz. Ya'ni, prezident yordamchisi. U sizni hech qanday navbatsiz qabul qilishi kerak. Ikkinchidan esa, siz yana vampirlar shtabi va fermalar haqida so'z ochilib, mavqeingiz va Rozvaldning oldidagi ishonchingizdan ayrilib qolishdan qo'rqyapsiz. Topdimmi? William chuqur xo'rsinib, ko'zlarini ishqadi. Keyin sovib qolgan qahvasi qoldimi yo'qmi yana bir marta tekshirib qo'yib, ko'chadagi quyosh nuri tushib turgan deraza yoniga bordi. –Sizlarning kattalardan farqingiz yo'q. Fikrlash doirangiz juda ham yuqori. Jon deb sizlarga yordam bergan bo'lardim, ammo men bu hayotni qabul qilib bo'lganman. Sizlar tushunishingiz kerak, bu foydasiz! –Tushunarli,-dedi Emma g'azab bilan eshik tomonga qadam tashlab,- Sizdan umidimizni uzamiz. Aslida Robert sizni o'ldi deb aytganida yanglishmagan ekan. William Minerva o'libdi. Qarshimizda turgan odam esa shunchaki uning qo'rqoq va xudbin soyasi, xolos. –Qayerga chiqib ketyapsan? O'lganimi? Nahotki o'limni shunchalik yaxshi ko'rsang? Agar o'limni yaxshi ko'rar ekansan, fermadan qochib nimaga erishding? –Bu yerdagi tirik murdalar orasida yashagandan ko'ra, haqiqiy murdaga aylanganim yaxshi. Men Anabella xonimdan yordam so'rayman. –Ajoyib fikr!-Mayk quvonch aralash baqirib yubordi. –Sen vampirlarga ishonib bo'ladi deb o'ylaysanmi?-William Emma tomonga achinish to'la nigoh bilan o'girildi,-Sen kimga ishonmagin, baribir bir kunmas bir kun yuzingga oyoq qo'yib ketadi. Hattoki kuyib- pishib jon kuydirayotgan oilang ham. Williamning bu gapidan so'ng Emma ham, Rey ham, Mayk ham unga g'azab va nafrat bilan tikilib qolishdi. Emma esa eshikdan qo'lini uzib, William tomonga asta qadam tashlab yaqinlasha boshladi. –Siz biz bilan katta bo'lganmisiz? Albatta yo'q. Siz biz olgan tarbiyani olganmisiz? Albatta yo'q. Siz biz bilan birga fermadan qochish uchun reja tuzganmisiz? Albatta yo'q. Siz biz bilan birga fermadan qochib, ulkan va bepoyon o'rmonda sang'ib yurganmisiz? Albatta yo'q. Siz biz bilan birga qayta va qayta dushmanlar qo'liga tushib qolganmisiz? Biz ko'rgan qiyinchiliklarni ko'rganmisiz? Albatta yo'q! Siz bizning oilamizga o'zimizning ko'zimiz bilan qaray olasizmi? Albatta yo'q! Shunday ekan, boshqa hech qachon og'zingizdan oilam haqida bunday jirkanch gap chiqmasin. Bu mening oilam! Mening oilamni qayerdagi qo'rqoq va sotqin Piter Minerva yoki boylik ilinjida aqldan ozgan Robertga qiyoslashga haqqingiz yo'q. Bu mening oilam! Mening oilamga yordam bermas ekansiz, demak sizdan foyda ham, umid ham yo'q. Yozgan kitoblaringizga ham, to'plagan ma'lumotlar, xaritalar-u, siz qurgan bazalarning bariga tupirdim! Biz ortiq bu shaharda qola olmaymiz!... Anabellaning shtabi Zarracha ham yorug'lik tushmayotgan, sovuq va zax bo'lgan, atrofdan qon hidi anqib turgan ulkan va keng xonada Mikael Satellaning oppoq qo'llaridan ushlab, unga yalinib yolvoryapti: –Satella, axir sen ham men ham bilib turibmiz-ku. Anabella aqldan ozgan. U bolalarni shunchaki qo'yib yuborgani bunga isbot bo'la oladi. Iltimos sendan, menga o'sha bola chizib bergan xaritani ber. Yoki hech bo'lmasa ana shu xarita yordamida Lord Lyuvisning shtabiga hujumga o'tishga Anabellani ko'ndir! –Ko'ndirganimdan nima foyda?-so'radi Satella sovuq ohangda. –Agar biz o'sha shtabni ham egallab olsak, ixtiyorimizda naq 10 ta ferma bo'ladi! 10 ta ferma, ikkita olim hamda ikkita onalar birlashmasi. Buni tasavvur qilyapsanmi? Bunday qudrat bilan boshqa shtablarga ham hujum qilib, bemalol egallab olishimiz mumkin. O'z hokimiyatimizni o'rnatamiz. Keyin barcha vampirlar hamda Nimmerlanddagi odam josuslarimizni to'plab, odamlarni ham yo'q qilamiz! Butunlay vampirlar hukmronligi o'rnatiladi. Ushbu mamlakatga esa sen va men boshchilik qilamiz. Abadul-abad... –Juda uzoqqa ketib qolding, Mikael. Sen aytgan gaplarni amalga oshirish oson ish emas. Senga hech qachon yordam bermayman. Qolaversa, bu ming yillik va'daga zid. –Satella! Aqlingni yig'! Bu bilan uzoqqa bora olmaymiz! Anabellani yo'q qilish vaqti keldi! Ming yillik va'dani esa unut! –Meni kechir, Mikael. Lekin xoinlikdan nafratlanaman. Men sevgan Mikael bunday so'zlarni aytmasdi. O'zgarib, aqldan ozgan aslida Anabella emas, sensan. –Satella... –Mendan uzoqroq yur, Mikael. Aks holda o'zingga yomon bo'ladi,- Satella hech narsa demay, eshik tomonga yo'l oldi. Mikael esa jahl bilan shamol tezligida eshik yonida paydo bo'ldi. –Mendan shunchaki voz kechib ketolmaysan, Satella! Bunga yo'l qo'ymayman! –Yo'l qo'yib bo'lding. Ammo senda hali ham imkon bor. Adashganingni tan ol hamda yana eski hayotimizga qayt. Shundagina seni kechirishim mumkin... Satella temirdan yasalgan ulkan zanglab ketgan eshikni ochib, tashqariga chiqib ketdi. Ichkarida qip-qizil ko'zlari zulmatda yaltiran turgan Mikael esa qo'llarini qattiq musht qilib tugdi: –Yo'q, Satella...boshqa hech qachon avvalgiday bo'lmaydi. Mana ko'rasan, hali o'zing oyog'im ostiga yalinib kelasan. Ammo o'sha payt sen emas, men sendan voz kechgan bo'laman... 2-QISM PREZIDENT ROZVALD Emmaning gaplari va qat'iyatini ko'rgan William Minerva uni nima qilib bo'lsa ham shaharda olib qolishga hamda "YSM" prezidenti janob Rozvald bilan uchrashtirishga qaror qildi. Ammo hamma bolalarni emas, faqatgina Emma, Rey, Mayk, Don, Luna va Rozani, xolos. Qolgan bolalar esa vaqtincha "YSM" shtab kvartirasida qolishiga to'g'ri keldi. Ulkan binodan yana sershovqin va qo'rqinchli, odamlarga to'la bo'lgan gavjum ko'chalarga chiqib qolgan bolalar o'zlarini yomon his qilib, biroz vahimaga tushib qolishdi. Ular hech qachon bunchalik ko'p odamlarni ham, bir-biridan g'aroyib qurilgan ko'p qavatli binolarni ham ko'rishmagan. –Vampirlar hujumi sivilizatsiyaga juda qattiq ta'sir ko'rsatdi,-tushuntira boshladi William,-Ular sabab haligacha 2000-2100-yillardagi texnologiyalar va qurilish uslublaridan foydalanishga majburmiz. To'g'ri, ba'zi narsalar juda ham zamonaviy, ammo ba'zilari esa hattoki XX asrni ham eslatishi mumkin. Qurol yaratishga yetarli imkoniyat va sharoit yo'q. Zo'rg'a oddiygina miltiq yarata olganmiz. Ammo bu vampirlarni o'ldira olmaydi... –O'ldira oladi,-Rey Williamning gapini bo'ldi,-Agar qurolga ishlatiladigan porox tarkibiga kuygan sarimsoq kuli qo'shilsa, u vampirlarni yo'q qila olishi mumkin. –Bu haqida shtabda yashagan paytim bilib bo'lganman. Ammo sarimsoqlar butunlay yo'q qilingan. Ularni qayta ekish va ko'paytirish haqida juda ko'p bosh qotirilgan, ammo boshlang'ich urug'lik topilmagan. –Yovvoyi sarimsoq-chi?-so'radi Roza. –Yovvoyi sarimsoq? Bunaqasini eslolmayapman...agar undan biror naf bo'lganida, "YSM" olimlari allaqachon ommaga e'lon qilgan bo'lardi. –Kara oyi bizga bekorga aynan yovvoyi sarimsoq berib yubormagan. Bu nafaqat hid qochirish, balki vampirlarni o'ldira oladigan qurol bo'lishi ham mumkin! –Emma, bunday maxfiy ma'lumotlar shtab buvisiga oshkor qilinmaydi. Bunday xavfli ma'lumotlar butunlay yo'q qilinib, qayta eslanmasligi kerak. Kara sizlarga yovvoyi sarimsoqni shunchaki vampirlar is olmasligi uchun bergan. –Ammo sinab ko'rish mumkin-ku?-so'radi Mayk,-Kimdir chiqib yovvoyi sarimsoqdan terib kelsin. Xohlasangiz biz ham birga chiqib, ularning qayerda o'sishini ko'rsatamiz. –Bu haqida keyinroq gaplashamiz. Metroga tushishimiz kerak. Qo'llaringizni mahkam ushlab oling,-William bolalarni qorong'i va sershovqin yer ostiga olib tushib ketdi. Uzun zinapoyalar bo'ylab pastga tushgan bolalar yer ostiga yotqizilgan ko'pgina temir yo'llari, ularning ikki tarafidagi uzun va oxiri ko'rinmaydigan tunnellar hamda navbatini kutib turgan yuzlab odamlarni ko'rishdi. –Tanishib qo'ying, bu "YSM" ning yagona transport manbai — yer osti transporti! Yoki boshqacha qilib aytganda, metro. Shu payt uzoqdan qo'rqinchli va baland ovoz eshitilib, Emmaning qarshisida turgan tunneldan yorug'lik tarala boshladi. Birozdan so'ng ularning qarshisida juda ham uzun, oppoq, bir so'z bilan aytganda chiroyli va hashamdor transport paydo bo'ldi. –Men bu haqida fizika kitobida o'qigandim,-dedi Rey,-Ammo ular yer ostida emas, yer ustida yurishardi. –Sen aytayotganing poyezd. Bu esa metro. Poyezddan farqli o'laroq, metro juda ham tez yuradi hamda relslari elektrlashtirilgan. Bo'ldi, ortimdan yuring. Qo'llaringizni mahkam ushlab oling. William bolalarni olomon orasidan olib o'tib, metro eshigi yonida turgan soqchiga qandaydir karta ko'rsatdi. Soqchi shu zahoti William va bolalarni o'tkazib yuborib, metro ichiga kirgazdi. Yorug', biroz sovuq va shinam metro ichiga kirgan bolalar asta yumshoq o'rindiqlarga o'tirib olib, atrofdagi odamlarga razm solishdi. –Janob, siz axir bosh vazirsiz-ku?-so'radi Mayk,-Bosh Vazir odamlar orasida bemalol yurishi biroz xavfli emasmi? –Hech ham xavfli emas. Shaharda hech kim jinoyat qilmaydi. "YSM" qonunlariga ko'ra, oddiygina o'g'irlik uchun ham o'lim jazosi belgilangan. Bu yerda aholi juda ko'p, shunday ekan o'lim jazosi qo'llanishi mumkin. –Bunday kichkina hudud uchun aholi ko'p bo'lishi mumkin,-dedi Emma,-Lekin dunyo katta. Juda ham. O'z dunyoyimizni vampirlarga topshirib qo'yib, bu yerda bir-birimizni o'ldirib o'tirishimiz ahmoqlikdan boshqa narsa emas. –Kel Emma, senga oxirgi marta aytib qo'yay,-William ko'zlarini Emmaning ko'zlariga yaqin olib keldi,-Bu yerning qonun-qoidalarini muhokama qilish sengamas. Sen qachon kelding o'zi? Bugun! Bugungina kelib olgan odam xohlagancha ahmoqona so'zlar ayta olishi mumkin. Bugungina kelib olib, "YSM" siyosatini muhokama qilishga haqqing yo'q. –Janob Minerva... –Bas! Yashashni xohlaysanmi, Emma? Albatta xohlaysan. Aks holda bu yergacha qochib kelmasding. Agar yana yashashda davom etishni istasang, ortiq hech qachon bu yerning qonunlarini muhokama qila ko'rma. Hozir sen "YSM" prezidenti janob Rozvaldning yoniga ketyapsan. U bunday gaplarni kechirib o'tirmaydi. U uchun qayerdan kelganingni farqi yo'q... –Shuning uchun ham tinchgina shaharni tark etishimizga ruxsat bering,- dedi Mayk. –Bu mening qo'limda emas. Siz shahar ichini ko'rdingiz, shtab kvartirasini, metroni, shahar tuzilishini, binolarini... –Bu bilan nima demoqchisiz? –Qayerdan bilaman, balki sizlar vampirlar tomonidan yuborilgan josusdirsizlar? Axir bo'lishi mumkin-ku, to'g'rimi? –Janob Minerva!-Emma baqirib, o'rnidan turdi. –Joyingga o'tir, Emma. Hozir metro yurishni boshlaydi. Yana yiqilib tushmagin. Ha aytgancha, boyagi gapimni davom ettirsam: Balki sizlarni vampirlarga qon olish uchun topshirmasliklari evaziga ularga josuslik qilayotgandirsiz? Buni bilib bo'ladimi? –Aqldan ozganmisiz?! Qanaqasiga yosh bolalardan josus chiqishi mumkin? Sizningcha quloqlarimizni ataylab kesib yubordikmi? –Bu yerda faqat sen va Reyning qulog'i kesilgan. Keyin, nazarimda oddiy bolaning qo'lidan chipni o'chiradigan moslama yasash kelmagan bo'lardi. Agar shunchalik aqlli bo'lsangiz, o'sha moslama qani? –U "B32" bazasidagi qochish paytida yo'qoldi,-javob berdi Mayk,- Ammo shunchalik ishonmayotgan bo'lsangiz, Rey sizga qaytadan yasab berishi mumkin. –Yaxshi, sizlarga ishondim deb turamiz. Ammo hozir prezident Rozvaldning yoniga borgach, unga nima demoqchisiz? Bu savolga hech kim javob berolmay qoldi. Emma esa metro yura boshlagach, yo'l bo'yi aynan mana shu savolga javob izlab ketdi. Hattoki metrodan tushib, juda ham baland va ko'p qavatli bo'lgan "YSM" hokimiyati binosiga yetib borgach ham hech narsa demadi. Ular binoning tepa qavatlaridan biriga chiqib, soqchilar tomonidan tekshiruvdan o'tkazilgach, yo'lakning oxiridagi xona eshigini taqillatishdi. Ichkaridan ayol kishining "kiring" degani eshitilgach, William bolalar bilan ichkariga kirdi. –Janob Rozvald xonasidami? Juda ham muhim ishim bor edi. –Bu bolalar kim?-so'radi ish stoli yonida o'tirgan uzun bo'yli, sariq sochli o'rta yoshli ayol. –Buni faqat janob Rozvaldga ayta olishim mumkin. –U holda faqat o'zingiz kirishingiz mumkin. Bolalarni esa janob Rozvalddan ruxsat olgach kirgazamiz. –Shu yerda qoling,-William bolalarni qora charmdan yasalgan yumshoq o'rindiqqa o'tkazib, o'zi ichkariga kirib ketdi. Oradan 5 daqiqa o'tar o'tmas, William eshikni ochib, bolalarni ichkariga taklif qildi. Ular o'rinlaridan turib, o'sha mashhur prezident Rozvald deganlarini ko'rish uchun ichkariga kirishdi. Ichkaridagi xona butunlay yam-yashil bo'lib, har xil portretlar-u, bir-biridan g'aroyib tuvakka ekilgan o'simliklar bilan bezatilib chiqilgandi. Bolalarning qarshisidagi stolda o'tirgan yashil kiyim va yashil shlyapali, uzun mo'ylov qo'yib olgan va bir ko'ziga zanjirli linza qistirib olgan qariroq kishi o'rnidan turib, tirjayib qo'ydi. –"YSM" ga xush kelibsiz, bolalar. O'ylayman-ki, shahrimiz sizlarga yoqdi. Menimcha o'zimni tanishtirishim shart emas, shundaymi? –Ha, janob Rozvald,-Emma oldinga chiqib gap boshladi. Bu uning metrodagi savoldan beri ilk marta gapirishi edi,-Agar ruxsat bersangiz, sizga ham boshimizdan o'tgan voqealarni birma-bir aytib bersam. –Mayli, bemalol. Mening vaqtim serob. Qani, boshlang. Emma Rozvaldga ham yetimxona sirini bilib qolgani, u yerdan qochgani, vampirlar shtabi, "B32" bazasi, Lord Lyuvisning aldovi, Karaning o'limi, "B14" va Anabellaning shtabi haqida aytib berdi. Barcha haqiqatni eshitib bo'lgan Rozvaldning hatto pinagi ham buzilmadi. Avval qanday tirjayib o'tirgan bo'lsa, hozir ham xuddi shunday o'tirgan bo'lardi. –Gaplarim oxirida shuni aytmoqchiman-ki,-dedi Emma,-Ozod yashash uchun mana shunday shaharda boy va badavlat yashash yetmaydi. Boy yashash ozodlik emas. Haqiqiy ozodlik — o'zligingizni sotmaslikda. –Bu gaping bilan meni o'zligimni sotgan demoqchimisan?-so'radi Rozvald jiddiylashib. –Yo'q, janob Rozvald. Biz "YSM" da butunlay qolishga va shtab haqida ham, ferma haqida ham ortiq og'iz ochmaslikka rozimiz. –Nima?!-Mayk va Rey hech narsaga tushunmay baqirib yuborishdi. Emma esa gapida davom etdi: –Vampirlarga bolalarni aynan siz yetkazib berishingizdan xabarim bor, janob Rozvald. –Nima?! Bu yana qanaqa ahmoqona gap bo'ldi?! –Shahardagi radiatsiya sabab egizaklar tug'ilishi avj olgan. Egizaklardan qutulish uchun esa siz bolalarni 10 ta vampirlar shtabiga yetkazib berib turasiz. Bu uchun ular sizga haq ham to'lasa kerak, to'g'rimi? Emmaning bu gaplarini eshitib, Williamning ko'zlari katta-katta ochilib ketdi. Rozvald esa qaltiragancha ortiga tisarildi. –Sen hozir aytayotgan gaplar asossiz!-baqirdi Rozvald,-Sen prezidentga tuhmat qilyapsan! Bu ishing uchun "YSM" qonunlariga ko'ra... –O'limga hukm qilinaman. Ammo men "YSM" fuqarosi emasman. Men tashqaridan keldim. –Sening gaplaring rost bo'lsa ham, hech kim senga ishonmaydi, Emma. Bu yerda men haq bo'lib chiqaman. –Men bu gaplarni hech kimga aytish niyatim yo'q. Men shunchaki bir narsani xohlayman. "YSM" da men va oilam janob Minerva bilan tinchgina yashashiga qo'yib bering. Boshqa hech qachon ferma haqida ham, vampirlar haqida ham og'iz ochmaymiz. –Nima? Nega endi men bilan?!-baqirib yubordi William. –Axir o'zingiz boya bizni va'siylikka olish haqida aytmadingizmi? –Yaxshi,-dedi Rozvald,-Garchi sen aytayotgan gaplar qup-quruq tuhmat bo'lasada, iltimosingni bajarishga roziman. Bu bilan faqatgina qanchalik oliyjanob ekanligimni ko'rsatib qo'ygan bo'laman. –Juda soz,-jilmayib qo'ydi Emma,-Demak "siz bizga tegmaysiz, biz esa sizga" degan kelishuv imzolandi... Download 409.05 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling