Ferma 4-fasl


Download 409.05 Kb.
Pdf ko'rish
bet5/8
Sana16.04.2020
Hajmi409.05 Kb.
#99705
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
FERMA 4


Oradan 2 kun o'tdi. 
Onalar bo'limidagi kechki ovqat tugagach, qizlarga ertaroq yotib uhlash 
va ertaga juda ham erta turish buyurildi. 
Kara o'rnini tayyorlab, endigina yotishga shaylanayotgan payt uning 
qo'liga Elizabetning yugurdaklaridan biri oppoq qog'oz tashlab ketdi. 
Kara avvaliga xatga e'tibor bermadi, ammo ahmoqona qiziqish tufayli 
uni ochib ko'rishga qaror qildi. Xatda chiroyli husnixat bilan shunday 
so'zlar yozilgandi: 
 
«Agar qo'rqoq bo'lmasang va o'rnimni egallamoqchi bo'lsang, seni 
xojatxonada kutaman» 
 
Bu xat Elizabetdan kelganini Kara darhol tushunib oldi va hech ikkilanib 
o'tirmay, xojatxonaga qarab ketdi. Bir biridan sovuq va zax bo'lgan 
yo'laklar orqali yurib, qizlarning umumiy xojatxonasiga yetib kelgan 
Kara chuqur nafas olib, eshikni itarib ochdi. U ichkariga kirishi bilan 
orqasidagi eshik birdaniga yopilib qoldi. Aniqrog'i, uni Elizabetning 
ikkita yugurdagi yopdi. Keyin esa qo'liga sasib yotgan chiqindi idishini 
ko'tarib olgan Elizabet paydo bo'lib, Kara tomonga mamnuniyat bilan 
qadam tashladi. 
–G'olib bo'ldim deb juda balandga ko'tarilib ketmadingmi?-so'radi 
Elizabet,-O'rnimni egallaysan deganimga quvonib, oyog'ingni qo'lga 
olib chopib kelibsanda? Bilasanmi Kara, sen mana shu qo'limda turgan 
axlatdaysan. Sen axlatsan! 
–Yoningga urushish yoki o'rningni egallash uchun kelganim yo'q,-dedi 
Kara va cho'ntagidan o'sha to'lnog'ichni chiqardi,-Buni hatto taqib ham 

ko'rmadim. Yetimxonada yashayotgan paytim menda bunaqasidan juda 
ko'p edi. Bilasanmi Elizabet, sen manman va xudbinsan. To'g'ri, bu 
yerda yashayotgan qizlar balki aynan shunday bo'lishi ham kerakdir. 
Ammo bir o'ylab ko'r, mana shu yugurdaklaring seni yaxshi ko'radimi? 
O'zingga o'zing vijdonan savol berib ko'r. 
 
–Albatta yaxshi ko'ramiz!-dedi Karaning ortida turgan Alisa. 
–Senda menikiday dugonalar bo'lmagani uchun hasad qilyapsan,-
Elizabet shunday deb qo'lidagi axlatni Karaning ustiga uloqtirdi. Uning 
ustiga sassiq chiqindi to'kilib, kiyimi va polni iflos qildi. Kara esa turgan 
joyidan umuman qimirlamadi. 
–Bu do'stlik emas. Men senga hasad qilmayapman. Ular sendan 
shunchaki qo'rqishadi. Sen men ham ularga o'xshab sendan qo'rqishimni 
xohlayapsan, xolos. 
–Men nimani xohlashimni sen bilmaysan! 
–Ammo o'zing ham bilmaysan,-Kara shunday deb yelkasidagi axlatni 
qoqib tashladi,-Seni hech haqiqiy, chin do'sting bo'lganmi? Mana bu 
yugurdaklarni hisobga olmaganda aytyapman. 
–Albatta bo'lgan! Do'stlarim juda ham ko'p! 
–Xo'sh, hech bo'lmasa bittasining ismini ayt-chi? Seni mavqeing uchun 
emas, shunchaki yaxshi ko'radigan do'sting bormi? Sen o'z sirlaringni 
bo'lisha oladigan, xohlagancha hazil qila oladigan va doim ishonadigan 
odam bormi? 
 
Elizabet hech narsa deyolmay qoldi. U o'ylardi, tinmay hayol surardi
ammo hech ham bunday odamni hayoliga keltira olmasdi. Chunki u 
fermada yashagan paytida ham hech kim bilan do'stlashmagan. Doimo 
yolg'iz yurishni va buyruq berishni xush ko'rgan. Balki aynan shuning 
uchun ham uni shtabga jo'natishgandir? Bir kun kelib undan ajoyib ona 
va keyinchalik buvi chiqishini taxmin qilishgandir? 
 

–Mening shaxsiy hayotim bilan ishing bo'lmasin, 1418! Qizlar, uringlar 
uni! 
 
Elizabet va uning yugurdaklari endigina Karani urish uchun shaylanib, 
uni o'rab olishgan payt eshik ochilib, ichkariga yordamchi onalardan biri 
kirib keldi. 
–Bu yana nimasi? Nimalar bo'lyapti bu yerda? Bu...bu axlatni kim 
to'kdi? Buncha sasimasa bu?! 
 
Qizlar nima qilishni bilmay, xojatxona devoriga tisarilib qolishdi. 
Chunki hozir ortiqcha gap gapiriladigan yoki kimdir fosh bo'ladigan 
bo'lsa, juda qattiq jazolanishi mumkin. Yordamchi ona sabri chidamay 
asabiy ohangda yana baqirdi: 
–Kim qildi deyapman! Hoziroq javob bering! Senmi?-U shunday deb 
Karaning yelkasidan ushladi,-Shunaqayam jirkanch qiz bo'lasanmi? 
Shtabning eng asosiy oltin qoidalari qatoriga ozoda yurish va atrofni 
ozoda saqlash ham kirishini bilmaysan, shekilli? 
–Meni kechiring,-dedi Kara ko'zlarini yumib,-Men kelganimga endi bir 
oy bo'ldi. Qoidalarni yodlashim kerak edi, o'zim aybdorman... 
–Bir oy?! Bu axir juda katta muddat. Shuncha muddat ichida ham shtab 
qoidasini o'zlashtirmagan qizning yuragiga vampir guli sanchilishini 
bilmaysanmi? 
–Bilaman... 
 
Yordamchi ona Karaning qo'lini qattiq ushlab, tashqariga yetaklab ketdi. 
Ular eshikka yaqinlashishidan oldin esa qolgan qizlarga yuzlanib 
baqirdi: 
–Sizlar hammayoqni tozalab qo'ying! Hali sizlar ham jazolanasiz! 
 
 

Oradan 3 kun o'tdi. 
Elizabet va boshqa qizlar jazo tariqasida shtabdagi onalar bo'limining 
barcha xonalarini tozalab chiqishdi. Karaga esa bir hafta faqatgina 
qotgan non va sovuq suv beriladigan bo'ldi, shuningdek unga karavotda 
uhlash ham bir haftaga taqiqlandi. Polda, barcha qizlarning oyog'i ostida 
hech qanday yostiqsiz uhlashga majbur bo'ldi... 
 
Mana bugun uchinchi kun, mog'or bosgan nonni yeya olmagan Kara 
yotoqxonaning sovuq poliga yotib, chiroq o'chishini kutib yotdi. Qizlar 
chiroqni o'chirgach, barcha bir-biriga xayrli tun tilab, uyquga ketdi. 
Ammo u uhlashning o'rniga shunchaki hayol surib yotgisi kelardi. Agar 
ozod yashaganida nima bo'lardi? Agar Lesly o'lmaganida, chindan ham 
bolalarni o'z ota-onasi boqib olganida nima bo'lardi? 
 
U hayollarga berilib yotgan payt tepasidagi uch qavatli karavot 
tepasidan qog'ozga o'ralgan qandaydir issiq narsa tushdi. Kara avvaliga 
biroz cho'chib tushib, titrab ketdi. Keyin esa qog'ozni asta ochib ko'rdi. 
Qog'oz ichida qovurilgan tovuq oyog'i bor edi. Kara hech narsa demay, 
tovuqni yeb qo'ydi. Keyin esa nihoyat uni uyqu torta boshladi. Ko'zlarini 
yumib, miriqib uhlab oldi... 
 
 
Ertasiga ertalabdan turib olgan qizlar o'z o'rnini yig'ib, nonushta qilish 
uchun chiqib ketishdi. Karaga esa har doimgiday qattiq non va suv 
tashlab ketishdi. U egniga uzun qora ko'ylagini kiyib, tashqariga chiqib 
ketishga shaylanayotgan Elizabetni to'xtatib, unga oppoq qog'oz uzatdi. 
–Iltimos, bu safar biror shirinlik olib kelsang. 
–Shirinlik?-Elizabet Karaga savol nigohi bilan yuzlandi,-Nega endi 
senga ovqat olib kelishim kerak ekan? 
–Axir kecha olib kelding-ku, ha aytgancha, rahmat. 
 

Elizabet ko'zlarini yumib, qog'oz ushlab turgan Karaning qo'lini pastga 
tushirdi. 
–Shart emas. Shundoq ham qog'oz olib olgandim. Ha aytgancha, buni 
sen uchun qilmayapman. Shunchaki mening aybimni bo'yningga 
olganing uchun qildim. Shunday ekan ortiqcha taassurotlarga berilma. 
Ko'rishguncha.... 
 
 
 
Oradan 10 yil o'tdi 
Kara va Elizabet eng yaqin dugonalarga aylanishdi. Avvalgi gina va 
yetakchilik uchun kurash butunlay unutildi... 
 
–Kara, yangi buvi kim bo'lishini bildingmi?-so'radi Elizabet yaqindagina 
vafot etgan Ameliya buvini eslab. 
–Axir aytishdi-ku, Izabella ismli ona bo'larkan. Ha aytgancha, u mening 
fermadagi onam edi... 
–Faqat fermadagimi?-Elizabet qo'llarini chovushtirib, Karaga jiddiy 
nigoh bilan yuzlandi. 
–Bu bilan nima demoqchisan, Liz? 
–Men Ameliya buvi bilan bo'lgan so'nggi suhbatingni tasodifan eshitib 
qoldim. U sening haqiqiy buving, Izabella esa haqiqiy onang bo'lgan 
ekan. 
 
Karaning ko'zlari katta-katta ochilib ketib, nafasi tiqilib qoldi. Keyin esa 
Elizabetning qo'llarini ushlashga urindi. 
–Liz...bu haqida senga avvalroq aytib bermoqchi edim, ammo... 
–Tushuntirishga hojat yo'q. Sen menga boshidanoq ishonmagansan. 

–Yo'q Liz, sen meni noto'g'ri tushunyapsan! Senga ishonaman. Buni 
aralashtirishing shart emas! 
–Menga baqirma, Kara. Men sendan xafa emasman, ko'ngling to'ldimi? 
–Xafasan. Liz, men senga doimo ishonganman, ammo ba'zida hech 
kimga aytib bo'lmaydigan dahshatli haqiqatlar ham bo'ladi... 
–Tushuntirishing shart emas. Menimcha sevimli oyijoning seni 3-
fermaga ona qilsa kerak. Axir u yer endi bo'sh. 
–Axir bu yaxshi-ku,-dedi Kara,-Endi mening ham o'z bolalarim bo'ladi. 
Ularni baxtli yashashini ta'minlayman. Baxtli yashab, baxtli o'lishini... 
–Ha, bu juda yaxshi. Men esa o'lgunimcha shu yerda qari qiz bo'lib qolib 
ketaveray,-Elizabet shunday deb qovog'ini soldi. 
–Liz, agar xohlasang, seni ham ona qilishlarini so'rayman. Oyim balki 
rozi bo'lar? 
–Oyim?!-Elizabet asabiy ohangda baqirib yubordi,-Bu bilan endi menga 
maqtanmoqchimisan? Axir oying endi shtab buvisi. U sening 
aytganingni qiladi, bir og'iz so'zing bilan hammani, hatto meni ham 
qo'g'irchoq qilib o'ynashing mumkin... 
–Liz, iltimos... 
–Bas! Menga bunday yordamning ham, oyisiga ishongan dugoning ham 
keragi yo'q! Sen bilan gaplashishni xohlamayman! 
–Liz, bilasanmi sen qandaysan? Sen o'ta ketgan takabbur, mahmadona 
va manman ayolsan! Sen bilan uchrashganimda qanday turgan bo'lsang, 
hozir ham xuddi shundaysan! 
–Menga gapirma,-Elizabet qo'llarini chovushtirib, yo'lakning nargi 
tomoniga qarab ketdi. Kara esa uni to'xtatishga urindi: 
–Liz! Hoziroq to'xta! 
–Yo'qol. Sen bilan gaplashishni istamayman dedim! 
 
 

Kara Elizabet doim shunday qilib, ertasi kuniyoq yoki 2-3 soatda yana 
darrov yarashib olishini bilgan holda uni to'xtatmadi. Yana yarashib 
olaman deb o'yladi. Ammo u qattiq yanglishgandi... 
U Elizabet bilan yarashib olgunicha, Izabella buvi uni 3-fermaga ona 
qilib jo'natib yubordi. Kara ham buni anchadan beri xohlab yurgani 
sabab oyisidan hoziroq uni fermaga jo'natishini iltimos qildi... 
 
 
 
Hozirgi payt 
Lord Lyuvisning shtabidagi onalar bo'limida, buvi xonasida o'sha qizil 
to'lnog'ichni tomosha qilib o'tirgan Elizabet qo'lini qattiq musht qilib 
tugdi. 
–O'sha payt mendan nimani xohlashimni so'raganding. Men tushundim! 
Nimani xohlashimni tushunib yetdim... 
 
 
8-QISM 
MING YILLIK VA'DA 
 
 
Bugun shuncha yillardan beri yolg'onchilik qilib, xalqni aldab kelgan va 
tashqi olam vampirlar va shunga o'xshash mahluqlarga to'la deb 
insonlarning qulog'iga lag'mon ilgan sobiq prezident Rozvaldni qatl 
qilishadi. Ammo uning qatl marosimidan avval Rozvald saqlanayotgan 
qamoqxonaga avval qanday bo'lsa, hali ham xuddi shunday kostyum 
kiyib, qo'liga hassa ushlab olgan William Minerva va uning eng yaqin 
yordamchisi hamda tutingan qizi Emma kirib keldi. Ular qo'llari 
kishanlangan Rozvaldning ro'parasiga o'tirib, o'zlarini qiziqtirayotgan 
savollarni berishga tayyorlanishdi. 

–O, William Minerva va uning go'rdan tirik chiqqan qizi...boshingni 
mo'ljalga olsam bo'larkan. Afsus... 
–Gapni ko'paytirma,-dedi William jiddiy ohangda,-Senga yordam 
berishimni istaysanmi? 
–Yordam? Yana qanaqa yordam? Axir bugun meni o'ldirishadi,-Rozvald 
shunday deb o'rnidan turdi va baland ovozda telbalarcha baqirdi,-Eshitib 
qo'yinglar! Shuncha yillardan beri "YSM" kelajagini o'ylab kelgan 
bechora prezident osongina, hammaning oldida sharmandalarcha qatl 
qilinyapti! Naqadar kulguli... 
–Siz "YSM" kelajagini o'ylamagansiz!-baqirdi Emma uning gaplarini 
bo'lib. 
 
Rozvald osmonga ko'tarib turgan boshini Emmaga qaratib, ko'zlarini 
katta-katta ochdi va tirjayib qo'ydi: 
–Kel, mantiqan fikrlab ko'ramiz, o'lmas qiz. Men "YSM" kelajagi 
dedim, odamlarniki emas. Radiatsiya ta'sir qilmaydigan hududlar 
"YSM" ga kirmaydi. Men faqat odamlar uchun ajratib berilgan hudud 
kelajagini o'yladim. Prezidentning eng katta vazifasi ham aynan shu! 
Men hech qaysi qoidani buzmaganman! 
–Siz odamlarni xuddi tuxum ichida o'tirgan jo'jaday qilib qo'ygansiz. 
Ular haqiqiy olam qanchalik kattaligini tasavvur ham qilq olishmaydi. 
Tasavvur qilsa ham tashqariga chiqqani qo'rqishadi. Bunga siz va 
avvalgi prezidentlar aybdorsiz! 
–Ha!-Rozvald baqirib javob berdi,-Bu mening burchim edi! Men 
shunchaki va'dani bajardim! 
–Va'da?-William hech narsaga tushunmay savol berdi,-Yana qanaqa 
va'da? 
–Ming yillik va'da...bu haqida sizlarga aytishga haqqim yo'q edi. Ammo 
menga yordam beraman deganing uchun aytaman. Ushbu va'da uchinchi 
jahon urushi tugab, butun dunyoni vampirlar bosib ketgan payt tuzilgan. 
Vampirlarning alohida o'z dini va e'tiqodi bor. Sizlar "u" haqida 
eshitganmisiz? U vampirlarning oliy hudosi. 

–Uning ismi nima?-so'radi William,-Nega men shtabda yashagan paytim 
bu haqida eshitmaganman? 
–O, buni faqat oliy darajadagi vampirlar bilishadi, xolos. Ya'ni, shtab 
boshliqlari. Lordlar... 
–Uning ismi nima deb savol berdim! 
–Aytdim-ku, bu haqida faqat oliy darajali vampirlar bilishadi. Keling, 
endi mavzuga qaytamiz. Xullas "U", ya'ni vampirlar hudosi yaratgan 
qoidalarga ko'ra, vampirlar hech qachon insonlar ustidan hukmronlik 
qilmasliklari kerak. Ular hatto borligini odamlarga bildirmasligi ham 
kerak edi. Ammo vampirlarning nafsi bunga yo'l qo'ymadi. Ular o'z 
e'tiqodini buzishdi. Odamlar deyarli qirilib ketayotgan payt esa Bayon 
ismli vampirlar lordi bu qirg'inga barham berishni taklif qildi. E'tiqodga 
faqatgina uchta buyuk vampir sodiq qolgandi: Lord Bayon, Lord Lyuvis 
va Bayonning qizi Anabella. Bayonning taklifi kuchga kirib, 
vampirlarning miyasiga ta'sir o'tkazuvchi radiatsion nur tarqatadigan 
qurilma yasaldi. Ha aytgancha, bu qurilma yasalishida vampirlarning 
o'zlari ham faol qatnashgan. Odamlar uchun Italiya hududi ajratib 
berildi. Ular shu hududda ko'payib, "Yangi Sivilizatsiya Markazi" degan 
davlat yaratishdi. Vampirlar esa bu hududga hech qachon kira 
olmasliklari sabab Nimmerland ya'ni, "yo'q bo'lgan hudud" deb atay 
boshlashdi. Lord Bayon va o'sha payt odamlar vakili bo'lgan va 
keyinchalik "YSM" prezidentiga aylangan Jozef ismli kishi bilan bitim 
tuzadi. Ya'ni ular bir-biriga va'da berishadi: Vampirlar ortiq odamlarga 
hech qachon hujum qilmaslikka, odamlar esa vampirlar uchun ferma 
yaratib berishga qaror qildi. Ushbu fermada nimalar boqilishini o'zingiz 
mendan yaxshi bilasiz. 
Shu ondan boshlab har bir "YSM" prezidenti o'ziga voris tayyorlashi va 
unga va'da haqida aytishi kerak edi. 
Bitim imzolangandan keyin ancha vaqt o'tib, shtab va fermalardagi 
bolalar hattoki vampir guli bilan ham ularni to'ydira olmadi. Shu sabab 
vampirlar orasida urush boshlandi. Bu ularning e'tiqodiga juda katta 
putur yetkazdi. Aynan shu urushda Lord Bayon uning izdoshi Lord 
Lyuvisning xiyonati sabab halok bo'ldi. 

Vampirlarning katta qismi qirilib ketdi. Ammo odamlar bilan tuzilgan 
bitim hali ham o'z kuchida edi. Jami 10 ta shtab va ellikta ferma qoldi. 
Biz esa fermalarga bolalar, oziq-ovqat, kiyimlar, har xil o'yinchoqlar-u, 
shunga o'xshash buyumlar yetkazib berib turamiz. Aynan mana shunga 
ming yillik va'da deyiladi. Ayni damda sizlarning harakatingiz sabab bu 
kelishuv buzilishi va vampirlar o'z e'tiqodini unutib, yana odamlarga 
urush ochishi mumkin... 
 
–Bunday bo'lmaydi,-dedi Emma Rozvaldning gaplarini eshitib 
bo'lgach,-Axir o'zingiz aytdingiz, vampirlar bir-birini qirib tashlagan. 
Demak, ularning soni kam. Shuningdek, fermada yashagan paytim 
Sofiya xola menga vampirlar o'z qatoriga yangilarni qo'shishni va 
ko'payishni yoqtirmasliklarini aytgandi. Ular kamchilik. Biz esa 
ko'pmiz! Shuningdek, bizga ularni yo'q qilish yo'li ma'lum. Har qanday 
taqdirda ham g'alaba biz tarafda bo'ladi. 
 
Rozvald hech narsa demay, chuqur xo'rsinib qo'ydi. U mot bo'lganini tan 
oldi. Ammo o'lishni istamayapti. 
–Menga yordam berishga va'da berdingiz. Xo'sh, meni qo'yib 
yuborasizmi endi? 
–Yordam beraman deganim qo'yib yuboraman degani emas,-William 
shunday deb cho'ntagidan kichik shishacha chiqardi. Shisha ichida 
qandaydir rangsiz suyuqlik turgandi. 
–Buni ich va o'zingni sharmandalikdan qutqar. Senga beradigan boshqa 
yordamim yo'q. 
 
William o'rnidan turib, Emmani tashqariga yetaklab ketdi. Rozvald esa 
ularning ortidan qarab yana baland ovozda kula boshladi. Uning nega 
kulayotganini hech tushunib bo'lmasdi. Ammo u to'yib-to'yib kulib 
olgach, qo'liga shishachani olib, Williamga tirjayib qo'ydi. 
–Buziladigan va'dalar, yangi ochiladigan urush va ozodlik uchun 
ichamiz... 

 
William va Emma Rozvald zaharni ichishini tomosha qilib o'tirmay, 
qamoqxonadan tashqariga qarab chiqib ketishdi. Ular Rozvald uchun 
tayyorlab qo'yilgan dorning yonidan o'tib, hokimiyat binosiga qarab yo'l 
olishdi. Ular prezident kabinetiga kirib kelishlari bilan radiodagi 
to'g'ridan to'g'ri eshittirishda "YSM" sobiq prezidenti Rozvald o'z joniga 
qasd qilganligi haqidagi xabar e'lon qilindi... 
 
 
Anabellaning shtabi 
Deyarli hech qanday vayronagarchilik yoki portlashlar bo'lmadi. 
Anabella o'ldirilib, uning shtabi ham fermalari ham butunlay Lord 
Lyuvisning ixtiyoriga o'tdi. Anabellaning xonasiga osilgan soatlarni 
tashqariga uloqtirib tashlagan Lyuvis uning tebranadigan kreslosiga 
o'tirib, bor charchog'ini chiqarib yubordi. U kresloda naq 20 daqiqa hech 
narsa qilmasdan ko'zlarini yumgan holda dam oldi. Biroz o'ziga kelib 
olgach esa hali ham tanasidan qon oqishdan tinmayotgan Anabellaning 
tepasiga turib, uning qotib qolgan qo'lidagi vampir gulini olib, bir soat 
avval qilich sanchilgan yuragiga sanchdi. Anabellaning rangi o'chib, 
battar oppoq tusga kirib borarkan, Lyuvis ko'zlarini yumib, qo'llarini 
qovushtirdi va past ovozda pichirladi: 
–Ey buyuk Vida, o'zing meni kechir... 
 
Lyuvis ko'zlarini ochib, Anabellaning jasadiga yana bir marta qarab 
qo'ydi-da, uning yuragida ochilib turgan vampir gulini sug'urdi. 
–Qizing o'zingdan mutlaqo farq qilmas ekan, Bayon. Mayli, nima 
bo'lganda ham menga rahmat aytishing kerak. Qizingni sening yoningga 
jo'natdim. Albert! Albert! 
 
Lyuvisning chaqiruvidan so'ng bir zumda yuziga biroz qon tegib qolgan 
Albert paydo bo'ldi. U yerda yotgan jasadga e'tibor bermay, Lyuvisga tiz 
cho'kdi. 

–Milord? 
–Mana bu gulni o'z shtabimizga jo'nat. Xonamdagi tuvakka ekib 
qo'yishsin. Bayonning guli yoniga. Jasadni esa hoziroq olib chiqib ket. 
–Ho'p bo'ladi, milord!-Albert Anabellaning jasadini ko'tarib, tashqariga 
yo'l oldi. U endigina eshikka yetib kelishi bilan Lyuvis unga yana bir 
topshiriq berdi: 
–Huzurimga Mikaelni jo'nat. Tezda yetib kelsin. 
 
 
 
Oradan 10 daqiqacha vaqt o'tgach Lord Lyuvisning huzuriga ko'zlari 
qip-qizil bo'lib yonib turgan Mikael kirib keldi. U Lyuvisga ta'zim ham 
qilib o'tirmay, darrov tabriklashga tushdi. 
–Milord, g'alabangiz bilan tabriklayman! Agar shu ketishda bo'lsa, 
"B32" ni ham qo'shganda naq 3 ta shtab yordamida qolgan shtablarni 
ham egallab olishimiz mumkin. Axir odamlar oyoqqa turishdi. Ularni 
yo'q qilishning yagona yo'li esa barcha vampirlarni birlashtirish... 
–Gaping to'g'ri, Mikael,-Lyuvis o'rnidan turib, mayda qadamlar bilan 
Mikaelning orqasiga o'tdi,-Agar odamlar urush ochsa, ming yillik va'da 
buziladi. Buni mendan ham yaxshi tushunib turibsan. Va'da buzilsa, biz 
yana odamlarni ovlashimiz mumkin bo'ladi. Ammo telba Lord 
Bayonning sharofatini deb odamlarda radiatsion qurilma paydo bo'lgan. 
Bu ham yetmaganday, ularning soni juda ham ko'p. 
–Milord, bu bilan nima demoqchisiz? 
–Odamlar bizga urush ochish arafasida turishibdi. Menda ularni mahv 
etish uchun reja tayyor. Lekin buning uchun qolgan shtablarni ham 
egallashimga to'g'ri keladi.  
–Juda soz...mendan biror yordam kerakmi, milord? 
–Umuman olganda, ha... 
 

Oraga bir muddat sovuq sukunat cho'mdi. Xonaning qayeridandir 
Anabellaning yashirib qo'ygan soatining bir maromda chiqillashi 
eshitilib, Lyuvisning asabiga tega boshladi. Mikael esa o'z-o'zidan 
qaltirab ketayotgan qo'llarini qovushtirib, Lyuvisga yana savol berdi. 
–Milord, axir siz bunday o'ylamayapsiz-a? Men hech qachon sizga 
xiyonat qilmayman... 
–Axir senga xiyonat qilishing mumkin demadim. Bilasanmi Mikael, 
sening aqling haddan tashqari ko'p. Bu menga xavf solishi mumkinmi 
deb qo'rqaman. 
–Milord, men hech qachon...-Mikael gapuni tugatmasidan uning bo'yni 
va yelkasi o'rtasiga Lyuvisning uzun va so'yloq tishlari sanchildi. Mikael 
qo'llari bilan uni o'zidan itarishga urindi, ammo Lyuvis uning ikkala 
qo'lini ham mahkam ushlab olib, qonini so'rishda davom etdi. 
–Sen...sen la'natlanding! Vampir qonini ichish la'nat... 
 
Lyuvis hech qanday javob qaytarib o'tirmay, Mikaelning qonini ichishda 
davom etdi. Oradan taxminan 1 daqiqa o'tgach, butunlay holsizlanib, 
qarshilik ko'rsatayotgan Mikaelning qo'llari osilib qoldi. Lyuvis uni 
yerga uloqtirib, og'zini kiyimining yengi bilan artib oldi. 
–Bu la'nat emas. Vampir qonini shaxsan oliy hukmdor Vidaning o'zi 
ham ichgan. Senga kelsak Mikael...-Lyuvis qaltirab, bazo'r nafas 
chiqarayotgan Mikaelning boshini oyog'i bilan eza boshladi,-Anabellaga 
qilgan xiyonatingdan so'ng yana boshqa bir shtabga borib, mening ham, 
Anabellaning ham shtab xaritasini va sirlarini sotmasligingga kim 
kafolat bera olardi? Balki umuman, meni o'ldirmoqchi bo'lgandirsan? 
 
Mikael qaltirab chiqayotgan ovozi bilan bir narsalarni tinmay g'uldiray 
boshladi. Lekin uning nima deyotganini hech tushunib bo'lmasdi. Lyuvis 
uning boshidan oyog'ini olib, kreslosiga borib o'tirdi. 
–Sotqinning jazosi shunday bo'ladi. Sen shunchaki jirkanchsan. Alvido, 
nargi dunyoda hali Anabella ham adabingni berishi kerak... 
 

 
 
 
 
 
 
Oradan 1 hafta o'tdi. 
3-ferma 
 
Bugun Tedning jo'natilish kuni. Linda hatto bu haqida Tedning o'ziga 
ham ayta olmadi. Ammo bugun kechasi shtabga mahsulot sifatida 
jo'natishi shart... 
U bor irodasini yig'ib, Tedni o'z xonasiga chaqirdi. Ted 6 yoshga 
endigina to'lganiga qaramay, barcha ma'lumotlarni boshqalarga 
qaraganda tezroq qabul qila olish xususiyatiga ega. U yetimxonadagi 
eng aqlli va zukko bola. 
 
–Ted, bu haqida senga avvalroq aytishga urindim, ammo... 
–Meni ham jo'natasizmi?-Ted Lindadan avval barchasini tushunib savol 
berdi. 
–Meni kechir...boshqa ilojim yo'q. Seni jon deb qochirib yuborgan 
bo'lardim. Ammo qanday qilishni bilmayman. Qolaversa, bir o'zing 
fermadan tashqarida yashab keta olmaysan. Meni kechir. Kechir... 
–Men o'lishdan qo'rqmayman,-dedi Ted o'rnidan turib,-Axir mendan 
avvalgi do'stlarim ham o'lgan-ku. Kara oyim ham, Acacia va Sofiya xola 
ham o'lishgan...bu og'riqli bo'lmaydi, to'g'rimi? 
 

Linda hech narsa deya olmay qoldi. Chunki u ona bo'lishga va bu 
jirkanch ishni bajarishga tayyor emas. U ko'zlarini yumib, chuqur 
xo'rsinib qo'ydi. 
–Bir narsa deya olmayman...balki og'riqli bo'lar...balki shunchaki uhlab 
qolishga o'xshar...ammo agar xohlasang, men bosh tortishim mumkin. 
–Agar bunday bo'ladigan bo'lsa, sizning o'zingizni uhlatib qo'yishlari 
mumkin. Keyin qolgan bolalarga qarash uchun yovuz onani olib kelib 
qo'yishadi. 
–Ted... 
–Men roziman! Faqat so'z berishingiz kerak. 
–Nimaga? 
–Emma opam va boshqalar kelgunicha qolgan bolalarga ko'z-quloq 
bo'lib turishga. Ularni asrab avaylashga... 
–So'z beraman. Qasam ichaman, ortiq hech kimni tortib olisha olmaydi! 
O'zim o'lsam o'laman-ki, ammo bolalarimni himoya qilaman!... 
 
 
Kech tushdi. Linda qolgan bolalarga Tedni ota-onasiga topshirish uchun 
olib ketayotganini e'lon qildi. Ular Ted bilan xayrlashishni istashmadi. 
Lekin nima bo'lganda ham bugun uni jo'natish shart... 
 
 
Osmonda nur sochib turgan minglab yulduzlar ostida qo'lidagi fonusi 
yengil shabboda sabab tebranib ketayotgan Linda qo'liga jamadon 
ushlab olgan Tedga achinish bilan qarab qo'yib, savol berdi: 
–Qo'rqyapsanmi? 
–Ha...o'lib ketib ortiq do'stlarimni va opa-akalarimni ko'ra 
olmasligimdan qo'rqyapman. 
–Hali ham imkon bor. Agar xohlasang, seni yashirib qo'yaman. 

–Yo'q. Undan ko'ra menga bergan va'dangizni bajaring... 
 
 
Ular darvoza yoniga yetib kelgach, uning vahimali panjaralari ochildi. 
Linda Tedning qo'lidagi jamadonni olib, ichkariga boshladi. Odatda 
ularni ichkarida vampir kutib olishi kerak, ammo bugun negadir unday 
bo'lmadi. Lindaga shtabda bolalarni olib ketish uchun vampir kelishi 
haqida saboq berilgan, ammo hozir uning qarshisida vampir emas, 
boshqa shaxs turibdi. 
 
Linda qo'lidagi jamadonini yerga qo'yib, hech narsani tushunmay 
qorong'ida arang ko'rinib turgan sharpa tomonga yaqinlashdi. 
–Buvi?... 
 
Download 409.05 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling