Ferma 4-fasl
Download 409.05 Kb. Pdf ko'rish
|
FERMA 4
- Bu sahifa navigatsiya:
- Anabellaning shtabi
- 7-QISM ONALAR MAKTABI Lord Lyuvisning shtabi
- 20 yil avval
- 3205-yil 26-noyabr.
- Oradan 1 oy otdi
6-QISM URUSH IBTIDOSI Oradan 2 kun o'tdi. Sud "YSM" ning sobiq prezidenti Rozvaldni qilgan jinoyatlari, yolg'onlari va firibgarliklari uchun o'limga hukm qildi. Uning o'rniga esa prezidentlik uchun yagona nomzod William Minervani saylashga qaror qilindi. William bu lavozim uchun hali tayyorlangani yo'q, ayniqsa urush ochish haqidagi nutqini qanday boshlashni umuman bilmaydi... Oradan 1 hafta o'tdi. Williamni navbatdan tashqari saylov vaqtida shartli ravishda "YSM" prezidenti etib saylashdi. Emma va bolalar uning o'ziga bo'lgan ishonchini kuchaytirib, minbarga chiqqach aytiladigan gaplarini naq 1 hafta yodlatishdi. Mana, millionlab insonlar qarshisida ochiq osmon ostida ulkan karnaylar ulangan mikrafon tomon qadam bosayotgan Williamni titroq va sovuq ter bosib, bo'yinbog'ini beixtiyor bo'shatdi. Keyin esa minbar yoniga turib, unga tikilib turgan minglab ko'zlarga qarata nutqini boshladi: –Mening ismim William. Minerva familiyasi esa menga kerak emas! Ushbu familiya men uchun la'nat! Men hozir sizlarga butun o'tmishim va vampirlar haqidagi haqiqatni ochib beraman. Men vampirlar shtabida tug'ilganman. "YSM" hududidan tashqarida 10 ta yoki undan ham ko'p vampirlar shtabi joylashgan. Har bir shtabda yuzga yaqin vampir hamda ellikka yaqin onalar yashashadi. –Vampirlar shtabi?... –Onalar?... –Bu ahmoq nimalar deb valdirayapti o'zi?...-butun atrofdan mana shunda g'ala g'ovurlar eshitila boshladi. William esa o'zini yig'ib olib, ovozini yanada balandlatishga qaror qildi. –Mening bu gaplarimni eshitib ahmoqqa chiqarishingiz mumkin, ammo men baribir davom etaman. Har bir shtabda beshtadan ferma joylashgan, bu siz o'ylagan hayvonlar fermasi emas. U yerda odamlar boqiladi! Sizlarning bolalaringiz. Sobiq prezident Rozvald ham, undan avvalgi prezidentlar ham radiatsiya tufayli egiz tug'ilgan farzandlaringizni vampirlarga sotishgan. Men ham o'sha fermada katta bo'lganman. Fermadagi bolalar uzog'i bilan 15 yil yashashadi. Keyin esa ularni o'limga jo'natishadi. Vampirlar uchun mahsulot bo'lishadi... Ammo bolalarning yuzdan biriga yashab qolish imkoni beriladi. Asosan qizlarga. Ularga o'lib ketish yoki shtabdagi onalarga qo'shilish imkoniyati beriladi. Onalarning esa miyasi zaharlanib, bolalarni o'ldirishga o'rgatishadi. Sizlar buni shunchaki eshityapsiz, ammo o'z ko'zingiz bilan ko'rganingizda juda qattiq sarosimaga tushib qolgan bo'lardingiz. Meni shtabga doktorlik qilish uchun olib ketishgan. Bunday imkoniyat bolalarga har 30 yilda bir beriladi. Ular shtabdagi qizlarni qanday qiynashi, ularga azob berishi, miyasini zaharlashiga o'z ko'zlarim bilan guvoh bo'lganman. Hatto o'z ukam ham aqlini yo'qotgan. Siz 45 yildan ortiqroq umr ko'rishni, tug'ilgan farzandlaringizni o'zingiz istaganingizcha katta qilishni va eng muhimi ozod va erkin yashashni istaysizmi? Sizga berilgan umrni hech kim, hattoki "YSM" qonunlari ham tortib olmasligi kerak! Farzandingiz o'z qo'lingizda voyaga yetishi, ota-onangiz esa qarib, o'z ajali bilan rahot-farog'atda vafot etishi kerak! Nahotki mana shu diqqinafas va qamoqxonaga o'xshash gavjum shaharda yashashni istasangiz? Nahotki dunyo kezishni xohlamasangiz? Dunyo qanchalik katta ekanini his qilib ko'rishni istaysizmi? Bu shahardan tashqarida haqiqiy hayot boshlashni xohlaysizmi? Bu olam bizniki! Bu dunyoga azaldan odamlar hukmron bo'lib kelgan. Biz o'z dunyoyimizni allaqanday mahluqlarga berib qo'ymaymiz! Vaqt keldi, barchasini qaytarib oladigan vaqt yetdi! Bunday imkoniyat qayta tug'ilmasligi mumkin. Yaqinda chop etilgan maqolalarda mening 16 nafar noqonuniy bolalarim haqida yozilgandi. Ular aslida qayerdan kelib qolganini bilasizlarmi? Ular o'sha do'zoxdan kelishdi! Vampirlar fermasida boqiladigan bolalar aynan shular! Ular vampirlarni yo'q qilish sirini bilishadi. Biz qurol yarata olamiz. Mana shu vampirlarni haydovchi la'nati radiatorni yaratganmiz-ku! Nega endi oddiygina qurol yarata olmas ekanmiz? Biz uddalaymiz! Buning uchun bizdan faqat ahillik, birdamlik va jasurlik talab etiladi, xolos. Qani menga javob bering-chi, o'z olamimizdan o'zingiz xohlagancha bahra olishni istaysizmi? –Ha!!!-Williamni kuzatib turgan deyarli barcha baralla ovozda baqirib yubordi. –O'z olamimizni o'sha mahluqlardan qaytarib olishni istaysizmi? –Ha!!!-yana barcha shijoat bilan qichqirdi. –Bitta vampir bitta odamdan kuchli bo'lishi mumkin, ammo bitta vampir mingta odamga bas kelolmaydi. "YSM" aholisi vampirlardan ming barobar ko'p! Bizning g'alabamiz muqarrar. Biz allaqachon dunyoyimizni ulardan tortib olgan bo'lar edik, ammo Rozvaldga o'xshash soxta prezidentlar bizning qulog'imizga har xil yolg'on va vahimalarni quyishdi. Endi bunga chek qo'yish kerak! Urushga tayyormisiz? Kelajak avlod tinchligi va farovonligi uchun kerak bo'lsa qurbon bo'lishga ham rozimisiz? Bu safar deyarli hech kim javob bermadi. Chunki haligacha odamlar o'limdan juda ham qattiq qo'rqishadi. "YSM" dagi barcha aslida qo'rqish kerakmas bo'lgan narsadan ham qo'rqishadi. Bu ularga beriladigan tarbiyaning oqibati... Oradan 1 kun o'tdi. Williamning buyrug'i bilan yovvoyi sarimsoqlar terib kelish butun xalq orasida avj oldi. Sarimsoqlarning har bir kilogrammi uchun 100 geld (1 geldga bir kilogramm tovuq go'shti berilgan) dan berildi. Havaskor teruvchilar "YSM" harbiylari hamrohligida tashqi olamga chiqib, yovvoyi sarimsoq terib kelishdi. William Minervaning shaxsan o'zi boshchilik qila boshlagan olimlar guruhi esa vampirlarni yo'q qiluvchi miltiq yasash bilan shug'ullanishdi. Agar hammasi yaxshi o'tsa hamda harbiy tayyorgarlik ko'ngildagiday kechsa, odamzod vampirlardan butunlay halos bo'ladi. –Nihoyat...sakkiz oy deganda "YSM" oyoqqa turdi. Biz oilamizni qutqarishimiz mumkin, tasavvur qilyapsizmi? Uka-singillarimizni va boshqa fermalarda qolib ketgan bolalarni qutqaramiz!-Emma Williamning uyidagi radiodan eshitilayotgan yangiliklardan quvonib, sevinchdan sakray boshladi. –Hali quvonishga erta,-dedi Rey,-Biz urushda mag'lub bo'lishimiz ham mumkin. Vampirlarning shahar ichida josuslari borligini unutmang. Ular albatta shtablarga xabar yetkazishadi. –Dadamiz buni ham hisobga oldi. Shuning uchun ham yovvoyi sarimsoq terish uchun chiqqan odamlarga harbiylar hamrohlik qilib ketishyapti. Ruxsatsiz shahardan pashsha ham chiqib keta olmaydi. –Lekin Rozvald bilan bo'lgan sud jarayoni paytida chiqib ketgan bo'lishlari ham mumkin-ku? Yuz foiz ishonchim komil, vampirlar jangga tayyorlanib turishadi. –Rey, ba'zida yaxshi niyat ham qilib turish kerak. Mayli, tayyorlanishsin, lekin dadamiz aytdi-ku, biz vampirlardan ko'proqmiz. Ularni yo'q qilishimiz aniq. Oradan yana bir necha soat o'tgach, Roza va Luna tushlik tayyorlash uchun oshxonaga kirib ketishdi. Rey esa bolalarga har doimgi dars o'tishni boshladi. Chunki bolalar yetimxonada o'sgan payt doim Kara oyi ularni shug'ullantirgan. U yerdan qochib, "YSM" kelishgach esa maktabga borishga imkon topilmadi. Qayerga borishmasin, hattoki ko'chaga chiqishsa ham odamlar ularga Williamning noqonuniy bolalari deb qo'lini bigiz qilib turardi. –Xo'sh, Rey bilan aloqalaring yaxshimi?-so'radi Mayk hozirgina kutubxonaga kirib kelgan Emmaga yuzlanib. –Hammasi joyida. Menimcha so'ramasang ham bo'laveradi. –Menga esa unchalik sezilmayapti. Avval qanday gaplashgan bo'lsanglar, hozir ham xuddi shunday gaplashyapsan. –Men kitob o'qimoqchiman, Mayk. Menga halaqit beryapsan... –O'shanda qanchalik qo'rqib ketganimni bilasanmi? Rozvald senga o'q uzganini eshitgach qanchalik dahshatga tushganimni bilasanmi? Seni yo'qotib qo'yishim mumkin edi... –Lekin o'lmadim. Umrim tugamagan ekan. Axir o'zing ham ikki marta o'limdan qaytding. Senda qanday taassurot bo'lgan bo'lsa, menda ham xuddi shunday bo'ldi. Mayk o'rnidan turib, Emmaning yoniga o'tdi. –Bu haqida senga oyimiz meni Piter Minervaga topshirib yuborayotgan kun aytmoqchi bo'lganman. Ammo qo'rqdim. Chunki men o'lsam, tushkunlikka tushib qolishing va fermadan qocha olmay qolishing mumkin edi. Senga hech nima aytmasam, meni unutishing osonroq bo'ladi deb o'ylagandim. "B32" dan qochgach kasalim tutib qolganida ham senga bu haqida aytishga urindim. Ammo o'shanda ham o'lim oyog'imdan tortqilab turgani sabab senga hech narsa aytmadim. Meni deb yig'lashingni va azoblanishingni xohlamadim. Men qo'rqoqlik qildim... Ammo endi bunga chek qo'ymoqchiman. Men seni yaxshi ko'raman, Emma. Hatto Reydan ham ko'proq. Hammadan ko'p! Senga buni avvalroq aytmaganim uchun kechir... Emma Maykning ko'zlariga bir necha soniya sukut bilan tikilib turib, baland ovozda kulib yubordi. Uning nimaga kulayotganini Mayk hech ham tushuna olmasdi. Birozdan so'ng Emma kulishdan o'zini to'xtatib, ko'zidan chiqib ketgan yoshni artib oldi. –O'ylaganimdan ancha kech...ammo to'g'risini ayt, senga Reyning gaplari turtki bo'ldimi? –Bu bilan nima demoqchisan? Nahotki sen... –Rey meni sevmaydi. U buni ataylab aytdi. Chunki shunday qilmaganida sen haligacha jur'atsizlik qilayotgan bo'larding. Uning gaplari senga ta'sir qilishini bilgandim. –Demak sen... –Avvaldan bilardim. Kara oyi seni Piter Minervaga jo'natib yuborgan kunning ertasigayoq Rey menga barchasini aytib bergan. Buni shunchaki o'zingdan eshitmoqchi edim. –Siz ikkingiz meni ahmoq qildingiz!-Mayk bor ovozi bilan baqirib yubordi. –Battar bo'l. Keyingi safar nimadir qilmoqchi bo'lsang, ertaroq harakat qilasan degan umiddaman... Anabellaning shtabi Butun atrofda yong'in, chang-to'zonlar-u, har xil shovqinlar. Faqatgina yulduzlar nur sochib turgan zulmatga to'la osmonga qarab chuqur nafas olgan Lord Lyuvis jilmaygancha o'ng qo'lini Anabellaning shtabiga cho'zdi. –Bugun bu shtab bizniki bo'ladi! Vampirlarim, yanada ko'proq qonga, yanada ko'proq imkoniyatlar va eng asosiysi yanada ko'proq qudratga ega bo'lishni xohlaysizmi? –Ha!!!-barcha vampirlar va ularning ortlarida maxsus jang uchun shug'ullantirilgan shtab onalari mamnuniyat bilan baqirishdi. Vampirlar ham, onalar ham qo'llariga Piter Minerva yasagan qurollarni ushlab olishgan. Ushbu qurollarning o'qlari tarkibiga esa yovvoyi sarimsoq kuli qo'shilgan. –U holda olg'a! Hech kimni sog' qo'ymang! Ammo eng asosiysi, fermalar va u yerdagi bolalar omon qolishsin! Qani hamma jangga!!!- Lyuvis bor ovozi bilan baqirib, o'z qo'shinini Anabellaning shtabi tomonga yo'naltirdi. Vampirlar va onalar hech ikkilanib o'tirmasdan shtabni egallash uchun hujumni boshlab yuborishdi... Bu payt shtab ichkarisida haligacha xonasiga osilgan yuzlab soatlariga termulib o'tirgan Anabella uning huzuriga kirib kelgan Satella va Edni tabassum bilan qarshi oldi. Satella ta'zim qilib ham o'tirmay darrov Anabellani ogohlantirishga tushdi: –Xonim, hoziroq qarshi hujumga o'tmasak, ular bizni yo'q qilishadi! Tezroq chora ko'rish kerak! –Bu hali hammasi emas,-dedi Ed,-Shtabdagi vampirlarimizning aksariyati ular tomonga o'tib ketishyapti. Ular avvaldan shtab xaritasi va ichki qismini bilishgan! Anabella ularning gapiga e'tibor bermay, asta o'rnidan turdi. Keyin esa xonaga osib qo'yilgan eng katta soatni qo'liga olib, jilmayib qo'ydi: –Bu soat xonamdagi eng eskisi. To'g'risi qachon olganimni o'zim ham bilmayman. Lekin qarang, haligacha arang bo'lsada yurib turibdi. –Xonim, biz sizga urush haqida gapiryapmiz!-Satella besabrlik bilan baqirib yubordi. Anabella soatni stoli ustiga qo'yib qo'yib, Satella va Edning ko'zlariga qaradi. Uning ko'zida qo'rquvdan zarracha ham asar yo'qligini bir qarashda sezish qiyin emasdi. –Qochinglar. Sizlarning o'lib ketishingizni xohlamayman. –Lekin xonim, shtab-chi?! Siz-chi?! –Mag'lubiyatimiz muqarrar. Mikael bekorga shtabdan ketib qolmagan. U Lyuvisga sotqinlik qildi. Bizda ularnikiday qurollar ham yo'q. –Lekin xonim, urinib ko'rsak bo'ladi-ku! Iltimos, vaqtidan oldin taslim bo'lmaylik! –Ed, Satellani olib chiqib ket. Agar sizlarga qo'shilib, shtabdan qochish niyati bo'lgan vampirlar va onalar bo'lsa, ularni ham olib ketinglar. –Lekin Anabella xonim...sizni tashlab ketolmaymiz...-Ed past ovozda g'ulduradi. –Bu buyruq. Mening so'nggi buyrug'imni hech qanday so'zsiz bajarsangiz, xursand bo'lgan bo'lardim. So'nggi buyrug'imni... Satellaning ko'zidan billurday tomchi yosh to'kildi. Vampirlar juda ham kamdan kam yig'lashi kerak. Ularni odamlardan ajratib turadigan yagona jihat ham aynan shu. –Satella, sen bilan vaqti kelsa yana albatta uchrashamiz. Sizlarning soatingiz yurib turishi kerak. Hoziroq bu yerdan ketinglar. Satella Anabella tomonga otilib, uni qattiq quchoqladi. Lekin hech ham qo'yib yuborgisi kelmasdi. Qaniydi barchasini to'g'irlash imkoni bo'lsa, qaniydi Anabella ham ular bilan ketishga rozi bo'lganida... –Siz ham biz bilan keting! O'tinaman sizdan, hali ham imkon bor-ku! Bu yerda qolsangiz o'lib ketasiz! –Men qo'rqoqlik qilmayman, Satella. Keyin, men yetarlicha yashab bo'ldim. O'limimni ancha yillardan beri intizorlik bilan kutib kelaman. Yuragim mana shu soat murvati kabi "bazo'r" urib turibdi. Eng muhimi, bu butunlay foydasiz. Yashashimdan ma'ni yo'q. –Demak biz qo'rqoqlik qilyapmiz ekanda?!-baqirib yubordi Satella,- Agar bu yerdan qochish qo'rqoqlik bo'lsa, men ham hech qayoqqa jilmayman! –Sen qo'rqoqlik qilmayapsan. Shunchaki buyruqni bajaryapsan, xolos. Senga oxirgi gapim shu. Hoziroq ket. Satella qaltiragancha Anabelladan ko'zini uzmay ortiga tisarildi. Keyin Edning qo'llaridan mahkam ushlab, tashqariga olib chiqib ketdi. Ular Anabellaning xonasidan uzoqlashgach, Satella Edni devorga qadab, bo'yniga xanjar tiradi. –Men uni o'ldiraman! Mikaelni o'ldiraman! Menga yordam berasanmi? Agar yo'q desang, sen ham hozirning o'zida o'lasan! –Satella, tinchlan, jahl ustida biror ish qilgandan foyda yo'q. O'ylab ish qilish kerak... –Yordam berasanmi dedim!-Satella baqirib, xanjarni Edning bo'yniga botirdi. Ed qo'rqib ketib, shoshqaloqlik bilan javob berdi: –Yaxshi, yordam beraman. Faqat avval reja tuzib olish kerak. Uni qanday va qayerdan topishni bilmaymiz-ku. Agar topsak, albatta o'ldiramiz... Oradan 2 soat o'tdi. Ed va Satella qochib ketishdi. Shtabdagi ayrim vampirlar Lord Lyuvisning qo'shiniga o'tib ketishdi. Qolganlar esa o'ldirildi. Lyuvis qo'liga yuz yillardan beri saqlab kelgan, chetlari tilladan ishlangan o'tkir va yaltiroq kumush qilichini ko'tarib, Anabellaning soatlarga to'la xonasiga bostirib kirdi. Xonada faqatgina ko'zlarini yumib, tebranadigan kreslosida dam olib o'tirgan Anabella ko'rindi, xolos. –O, Lord Lyuvis, ko'rishmaganimizga ham ancha bo'libdi. Bunday shiddat bilan qilingan hujumingiz sababini tushuntirib bera olasizmi? –"YSM" dagi soxta prezident siyosati quladi,-javob berdi Lyuvis,-Endi bizga jo'natiladigan bolalar yo'q. Hatto tez orada urush ham boshlanishi mumkin. Menga esa ko'proq o'lja va bola kerak. Xafa bo'lma, Anabella. –Men umuman xafa emasman,-Anabella o'rnidan turib, Lyuvsning yoniga yaqinlashdi,–Mening o'limim hech narsani hal qilmaydi. Men o'limdan umuman qo'rqmayman. –Kel unda buni sinab ko'ramiz. O'limdan qo'rqmaysan-a?-Lyuvis jilmayib, qo'lidagi qilichini ko'tardi. Anabella esa ko'zlarini yumib, so'yloq tishlarini chiqarib jilmayib qo'ydi. Keyin uzun qora kiyimi cho'ntagidan oppoq g'uncha chiqarib Lyuvisning yuragiga sanchmoqchi bo'ldi. Lekin Lyuvis chap qo'lining bilagi bilan Anabellaning qo'lini to'sib, uning yuragiga qilichini sanchdi. –Men sen o'ylaganchalik ahmoq emasman, Anabella. Meni o'ldirish sendaka ojiz vampir uchunmas... Anabellaning yuragidan qop-qora qon otilib chiqib, qimmatbaho va bu o'rmonlarda topish qiyin bo'lgan yog'ochdan yasalgan polga tomchiladi. Uning og'zidan qon kelib, qattiq yo'tal tutdi. –Bir narsani bilib qo'y, Lyuvis...hamma ham bir kun kelib o'ladi... –Ha, ammo men emas. Senga o'xshagan ojizlar o'lishadi,-Lyuvis Anabellani qonga belangan polga yiqitdi. Anabella so'nggi kuchini to'plab, og'zidan kelayotgan qonni artib shivirladi: –"YSM" prezidenti qulashi...bu shunchaki bo'lgani yo'q! Bu ibtido! Yangi urush ibtidosi...senga rahmat, men bu urushni ko'rmay o'lib ketishimga yordam berding...ammo o'zing o'sha urushda o'lib ketasan! Gaplarimni unutma, Lyuvis... Bu Anabellaning so'nggi so'zlari bo'ldi. U soatlarga to'la bo'lgan xonasi shiftiga qaragancha ko'zlarini yumib, jon berdi. Lyuvis esa qo'lidagi qilichidagi qonni yopinchig'ining etagiga artib oldi. –Kim o'lishi yoki kim tirik qolishini men hal qilaman... 7-QISM ONALAR MAKTABI Lord Lyuvisning shtabi Yaqindagina orttirib olgan bo'ynidagi tirnoq izidan qolgan xunuk chandig'ini silab o'tirgan Elizabet o'z xonasiga qamalib olib, qo'liga juda ham eskiribp ketgan to'q qizil rangdagi soch to'lng'ochini oldi. U to'lnog'ichga bir necha soniya qarab turib, o'z miyasini qamrab olayotgan bir-biridan qiyin savollar sabab chuqur xo'rsinib qo'ydi. –Nega bunday qilding?-so'radi Elizabet qo'lidagi to'lnog'ichga qarab,- Nega bunday qilding, Kara? Nima yetmagandi senga?... 20 yil avval Shtabga kelganiga uch yildan ortiq vaqt bo'lgan Elizabet juda ham qisqa muddat ichida eng iste'dodli va chaqqon qizga aylandi. To'g'ri, yoshi unikidan katta bo'lgan qizlar ham bor, lekin aynan 12 dan 16 yoshgacha bo'lgan qizlar orasida 14 yoshli Elizabetning o'rni juda ham katta edi. Ba'zi qizlar hatto uni o'ziga onaboshi deb bilardi. Bundan tashqari, ancha yillardan beri shtab buvisi lavozimida ishlab kelayotgan Ameliya buvining o'zi ham Elizabetni bir ko'rishda yoqtirib qolgandi. Hammasi silliq, bir tekisda ketishi va bir kun kelib Elizabet shtabdagi eng yosh ona, keyinchalik esa eng yosh buvi lavozimiga ko'tarilishi mumkin edi, ammo bir qiz barchasini barbod qildi... 3205-yil 26-noyabr. Shtabdagi onalar qatoriga bugun 15 yoshli qiz qo'shildi. O'zi ko'pincha qizlarni 14-15 yoshda shtabga keltirishadi, ammo Elizabetni 12 yoshida olib kelishgan. Elizabet umuman hech narsadan qo'rqmay, juda ham tez kunlar ichida shtab va onalar maktabi hayotiga ko'nikib ketgandi. –Demak qizlar, tanishib qo'yamiz,-dedi qo'liga sochlari o'rilgan, katta- katta ko'zlari bilan atrofga alanglayotgan qizning yelkasini ushlab olgan Ameliya buvi,-Bu qizning ismi Kara. Bugundan sizlar bilan shtabda yashaydi. U bilan juda ham tez muddatda chiqishib ketasiz degan umiddaman. Ameliya Karani qizlar tomonga turtkiladi. Barcha qizlar u bilan birma bir tanishib chiqib, qo'lini siqib qo'yishdi. Faqatgina Elizabet qo'llarini chovushtirib, uning yoniga tanishish uchun kelgan Karaga e'tibor bermay, yonidagi dugonalariga qarab suzildi: –Mana bu bechorani turishiga qarang. Sochining ahvolini gapirmasa ham bo'ladi. Ko'zlari piyolaga o'xshaydi. Turishidan esa landavurligi ma'lum. Xuddi o'tgan oy kelgan Ivettaga o'xshab uning ham yuragiga vampir guli sanchishadi. Shunday ekan tanishib ovora bo'lib o'tirmang. –Sochlarim anchadan beri o'zimga qaramaganim uchun hurpayib ketdi,- gap boshladi Kara,-Ko'zlarim esa yig'layverganimdan shishib ketdi. Tanishishni xohlamasang, tanishma. Bu sening ishing. –Menimcha bu ketishda ko'zlaring yana ham shishib ketadi. Bu menga birinchi va oxirgi marta gap qaytarishing bo'lsin. Aks holda, o'zing afsuslanasan. Kara hech narsa demay, qolgan qizlar bilan tanishib chiqish uchun jo'nab ketdi. Uning ortidan qandaydir qiziqish bilan qarab qolgan Elizabet esa istehzo bilan jilmayib qo'ydi: –Bir oyga bormay yuragingga g'uncha sanchiladi... Oradan 1 oy o'tdi Kara ham shtabdagi eng mohir va iste'dodli qizga aylandi. U nimayki qilmasin, qanday vazifa topshirilmasin, hech qanday nolish yoki ortiqcha savollarsiz bajarardi. Xuddi hissiz robotlarga o'xshab. Ba'zi qizlar unga "robot" degan laqab ham qo'yib bo'lishgandi. –Demak, qizlar,-ichkariga har doimgidan ham mamnunroq kayfiyatda bo'lgan Ameliya buvi kirib keldi,-Bugun orangizda musobaqa tashkil etiladi. Musobaqa shartlari bilan tanishtirib o'taman: Birinchi shart – kashta tikish. Berilgan vaqt ichida kim eng chiroyli va sifatli qilib tiksa, o'sha g'olib bo'ladi. Ikkinchi shart – matematik testlar. Kim eng ko'p testlarni qoniqarli javob bilan berilgan vaqt ichida yechib chiqsa, o'sha g'olib deb e'lon qilinadi. Uchinchi shart – kurash tushish. Kurashni turnir shaklida o'tkazamiz. Musobaqa g'olibiga esa albatta sovg'a taqdim etiladi. Ha aytgancha, musobaqa faqat 16 yoshgacha bo'lgan qizlar o'rtasida o'tkaziladi. Barcha qatnashishi shart! Kim qatnashishdan bosh tortsa, bir hafta ovqatdan mahrum etiladi... Ameliya xolaning buyrug'iga ko'ra 16 yoshgacha bo'lgan 14 nafar qiz, shu jumladan Kara va Elizabet ham musobaqada qatnashishga majbur bo'ldi. Karaning yonidagi qizlarning pichir-pichirlariga qaraganda, har safar bunday musobaqalarda Elizabet g'olib bo'lib kelgan. Bu safar ham u yutishiga qattiq ishonishyapti. Shu kunning o'zidayoq musobaqa boshlandi. Birinchi shart, ya'ni kashta tikish uchun qizlarga yarim soat vaqt ajratib berildi. Barcha qizlar o'zi xohlagan shakl yoki naqshlarni qo'lidagi matolarga tushirishdi. Kara yam-yashil olmaning rasmini tushirishga qaror qildi. Uning yonidagi qiz quyoshni, yana bir tarafidagi qiz esa qushni tasvirladi. Yarim soat ko'z ochib yumguncha o'tib ketib, Ameliya buvi barchaga tikishni to'xtatishni buyurdi. –Demak eng yaxshi tikilgan kashta...atirgul rasmini tasvirlagan Elizabetga tegishli! Barakalla, Elizabet! Senga 50 ball beraman. Ikkinchi o'rin esa yaltirab turgan olmani tasvirlagan Karaga tegishli. Senga ham 40 ball. Ammo bu hali hammasi emas. Oldinda yana jami 100 bal to'plashingiz mumkin bo'lgan matematik test hamda har bir g'alaba uchun 10 balldan beriladigan kurash bor. Musobaqa davom etadi!.. Ikkinchi shart. Matematik testlar. Bunday testlarni Kara fermada yashayotgan paytida ham juda a'lo bahoga topshirardi. Chunki matematikani yaxshi o'zlashtirgan. Qolgan bolalar zerikib uhlab qolgan paytlarda ham hech ham uyqusiramay, har bir qoidani, har bir formulalarni yodlab chiqqan. Chunki bola qancha aqlli va sog'lom bo'lsa, vampirlar uchun tansiq taom sifatida kattaroq yoshga yetganda yuborilishini sezgan, ammo aynan ona bo'lib yuborilishi haqida umuman o'ylab ko'rmagandi. Shart boshlandi. Qizlar uchun 50 ta testga bir soat vaqt ajratib berildi. Ameliya soatini chiqarib, qizlarga boshlashni buyurdi. O'zi esa issiq choy ichgancha, tebranadigan kreslosiga suyanib, dam ola boshladi. Oradan 40 daqiqa o'tgach, Kara hammadan birinchi testlarni yechib bo'lib, Ameliya buviga olib keldi. Qolgan qizlar esa vaqt tugagach ham yechib bo'lishmagandi. –Qoyil, Karaning testida atigi bitta xato,-dedi Ameliya buvi quvonib,- Aslida 98 ball berilishi kerak edi, ammo vaqtidan yigirma daqiqa avval olib kelganini hisobga olgan holda yana 20 ball qo'shib beriladi. Karada hami 158 ball yig'ildi. Barcha qizlar hayratdan og'izlarini ochib qolishdi, faqatgina Elizabetgina Karaning ko'zlariga yeb yuborguday tikilib, qo'lini qattiq musht qilib tugdi. Kara unga e'tibor bermaslikka urindi. Uchinchi shart. Kurash. Hozircha uch kishi yetakchilik qilmoqda. Birinchi o'rin – Kara, 158 ball. Ikkinchi o'rin Elizabet, 118 ball. Uchinchi o'rin esa Elizabetning yugurdagi Alisa, 100 ball. Bu safar Kara ilk janning o'zidayoq yutkazib qo'ydi. Chunki jismonan chiniqmagan. Bu uning eng katta kamchiliklaridan biri. Kara maydonni tark etib, buvisining yoniga turib oldi. Ular qizlar o'rtasida bo'layotgan jangni tomosha qilib turisharkan, Ameliya buvi Karaga qarab jilmayib qo'ydi. –Izabella senga yaxshi tarbiya beribdi. Men sening haqiqiy buving ekanimni bilasanmi? –Ha...-Kara hech qanday hissizlik bilan javob berdi. Uning ko'zlari jangni tomosha qilgani bilan, hayoli umuman boshqa joyda edi. –Shunday davom et, Kara. Sendan juda ham zo'r ona hamda buvi chiqishi mumkin. Bunga ishonchim komil...-Ameliya gapini tugatib, Elizabetga ishora qildi,-Eng muhimi yo'lingdan har qanday raqibni olib tashlay olishing kerak... Oradan yarim soat o'tdi. Kurash tugab, unda Elizabet g'alaba qozondi hamda 40 ballga ega bo'ldi. Ammo endi yana bir kichik muammo bor. –Kara va Elizabetda bir xil ball,-dedi Ameliya qo'lidagi qog'ozdagi raqamlarni hisoblab chiqib,-Menda esa faqatgina bitta sovg'a bor. Menimcha so'nggi bellashuvni o'tkazish kerak. –So'nggi bellashuv? –U qanday bo'ladi? –Menimcha ular jang qilisha kerak...-qizlar orasida pichir-pichir boshlanib ketdi. Ameliya buvi esa kulib, qizlarga bas qilish ishorasini berdi hamda yoniga Elizabet va Karani chaqirdi. Elizabet hech ham qo'rqmay, Karaga dushmanlarga hos nihoh bilan qarab qo'ydi. –Demak sizlarga bittagina savol beraman. Kimning javobi ko'proq ma'qul kelsa, o'sha g'olib deb e'lon qilinadi,- Ameliya shunday deb Elizabetga yuzlandi,-Xo'sh Liz, sen fermaga ona bo'lib qaytsang, nima qilgan bo'larding? Elizabet hech o'ylanib o'tirmay, mahmadonalik bilan javob berdi: –Bolalarning har birini mas'uliyat bilan parvarish qilardim. Ular doim sog'lom va ozoda yurishiga, yetimxonadan tashqariga chiqmasliklariga ko'z-quloq bo'lib turgan bo'lardim va eng muhimi bolalar yetimxona sirini bilib qolishlariga umuman yo'l qo'ymasdim. Shtabga doimo sifatli mahsulotlar yetkazib turardim... –Juda soz,-Ameliya Elizabetning gapini bo'lib, Karaga yuzlandi,-Xo'sh Kara, sen-chi? Kara hech narsa deyolmay, yerga qarab qoldi. Barcha uning javobini kutib, sukut saqlab turgandi. Ameliya yana bir necha marta savolini qaytardi. Ammo Karadan sas-sado chiqmasdi. –Kara, axir qiyin savol bermadim-ku. Fermaga ona bo'lib borsang nima qilgan bo'larding? –Bolalarimni baxtli qilgan bo'lardim...-Kara nihoyat ko'zlarini yumgancha javob berdi,-Barcha bolalar baxtli yashashini xohlagan bo'lardim... Ameliya Karaning javobiga biroz o'ylanib qolib, cho'ntagidan juda ham chiroyli bo'lgan qip-qizil soch to'lnog'ich chiqardi. –Demak musobaqa g'olibi deb Karani e'lon qilaman!... Shtab buvisi Karaga ilk g'alabasi sharafiga juda ham chiroyli bo'lgan qip-qizil va yaltiroq to'lnog'ich sovg'a qildi. Uni ko'rib Elizabetning ichi shunaqangi kuyib ketardi-ki, xuddi uch yildan beri hech kimga bermayotgan yetakchiligidan birdaniga ayrilib qolayotganday bo'lib ketardi. Uning ko'zidan olov yonib, Karaga suzilib qarab qo'ydi-da, ichida pichirladi: –Hali ko'rsatib qo'yaman senga...bu ishing uchun javob berasan! Download 409.05 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling