Fiqh al-akbar asarida mo’taziliylarga berilgan raddiyalar’’ Malakaviy ishi Ilmiy rahbar: f f. d. Kushbayev Farruh Namangan 2023 Re’ja
Fiqh al-akbar kitobi va uning mu’allifi haqida
Download 42.11 Kb.
|
Fiqh al
Fiqh al-akbar kitobi va uning mu’allifi haqida
Imomi A’zam Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobit Kufiy (rah.a.) tobein, ulug‘ mujtahid, faqih bo‘lib, hanafiy mazhabining asoschisidir. U kishi islom aqoidiga oid bir necha asar bitgan. Aqida ilmini “al-Fiqh al-akbar” (“Eng katta fiqh” yoki “Ulug‘ fiqh”) deb atagan va shu nomda asar ham yozgan. Undagi aqidaviy masalalar ahli sunnat va jamoat ta’limotining asosini tashkil qiladi. Zero, bu asar buyuk vatandoshimiz, hanafiy faqihi, mufassir va mutakallim olim Abu Mansur Moturidiy (256–333 h./870–944 m.) bir tizimga solib bergan moturidiya ta’limotining eng asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Ayrim zamonaviy tadqiqotlarda “al-Fiqh al-akbar” Imomi A’zam Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit al-Ko‘fiy (80-150 h./699-767 m.) tomonidan yozilmagan, degan fikr uchrab turadi. Bu fikr, asosan, A.J.Wensinck hamda Givony Jozeph, Joseph Schacht, Brannon M. Wheeler, Ulrich Rudolph va ularga ergashgan musulmon tadqiqotchilar tomonidan ilgari surilgan. Ushbu fikrlarga umumiy nazar solinsa, ular “al-Fiqh al-akbar”da ko‘tarilgan ayrim masalalar Imomi A’zam Abu Hanifa davrida ommalashmagan bo‘lgani sababidan aytilgan. Biroq, ommalashmagan deyilgan mazkur masalalar o‘sha davr mutakallim va mualliflari tomonidan ham ko‘tarilganiga, shuningdek, Imomi A’zam Abu Hanifa o‘z davrida mo‘‘taziliy, xavorij kabi oqim vakillari bilan bahs-munozaralar olib borganiga kam e’tibor qaratilgan. Ibn Qutayba (213-276 h./828-889 m.) tomonidan bitilgan “al-Ixtilof fi-l-lafz” asari hamda Abu Ja’far Ahmad at-Tahoviy (239-321 h./853-933 m.) tomonidan bitilgan “al-Aqidat at-tahoviya” degan nom bilan shuhrat qozongan “Bayon as-sunnat” asari kabilarga qaralsa, shuningdek, Imomi A’zam Abu Hanifa davrida yashagan mutkallimlarning ilmiy faoliyati va merosiga nazar solinsa, “al-Fiqh al-akbar”da ko‘tarilgan mavzular bularda ham ko‘tarilganini va unda ishlatilgan atama va istilohlar bularda ham qo‘llanilganini ko‘rish mumkin. “Al-Fiqh al-akbar” asari Imomi A’zam Abu Hanifa qalamiga mansub ekaniga bir qancha dalillar mavjud. Mazkur mujtahid olimning “al-Fiqh al-akbar” nomli asari bo‘lganiga Musulmon Sharqi shak-shubha bildirgan emas. Uni hanafiy olimlari ham, boshqa mazhab vakillari ham Imomi A’zam Abu Hanifaning o‘zi yozgan asar sifatida qayd qilib kelganlar: Imomi A’zam Abu Hanifa aqidaviy manbalari orasida eng ishonchlisi “al-Fiqh al-akbar” bo‘lib, unda hanafiylik va moturidiylikning eng asosiy aqidalari yoritilgan. Shuning uchun, hanafiylar va moturidiylar ko‘proq yashaydigan qadim Movarounnahr, Onado‘li, Hind-Sind o‘lkalarida, Suriya tomonlardagi hanafiylar orasida hozirgacha mazkur asar to‘lig‘icha mukammal va mufassal ravishda o‘qitiladi, madrasalarning asosiy o‘quv qo‘llanmalari qatorida turadi, talabalar uni boshidan oxirigacha to‘liq yod oladilar. Biroq, bu yurtlarda Imomi A’zam Abu Hanifaning boshqa aqidaviy asarlari ommalashmagan, hatto ayrim ahli ilmlar ularning borligi haqida ma’lumotlarga ham ega emaslar. U zotning vasiyatnomalari to‘g‘risida bilganlar ham, uning “al-Fiqh al-absat” asari borligini aytmaydilar. Mazkur “al-Fiqh al-absat” asarining birorta, birgina ham qo‘lyozma nusxasining O’zbekistonda, va aytish o‘rinliki, butun Markaziy Osiyo qo‘lyozmalar jamg‘armalarida yo‘qligi ham buni tasdiqlaydi. Shu bilan birga, asrlar davomida “al-Fiqh al-akbar” o‘nlab sharhlar bitilgani holda “al-Fiqh al-absat”ga faqat bitta sharh yozilgani ma’lum. Uning ham bo‘lsa, asl muallifi bahsli hisoblanadi. Chunki mazkur “al-Fiqh al-absat”ga bitilgan sharh Abu Mansur al-Moturidiyga yanglish ravishda nisbat qilinib, Haydarobodda 1325, 1365 h. sanalarda va Bayrutda 1983 yillarda nashr qilingan. Biroq, keyinchalik mazkur sharh bir qancha tadqiqotchilar tomonidan Abullays as-Samarqandiyga nisbat qilingan va 1995 yili Tokioda Hans Daiber tomonidan nashr ham qilingan. Sharh ayrim qo‘lyozma nusxalarida Ismoil ibn Ishoq al-Hatiriyga nisbat qilingan. Biroq, uning Ato ibn Ali al-Juzjoniyga mansubligi to‘g‘riroq ekani o‘z isbotini topdi Aqidalar mavzusi bilan shug‘ullanuvchi, “al-Fiqh al-akbar”ni batafsil sharh qilgan soxta salafiylarning mutaxassisi Muhammad ibn Abdurrahmon Xumayyis esa Allohning Muso alayhissalomga til va harflar vositasisiz gapirgani, “Qur’on”ni talaffuz qilish masalasi, jannatda Allohni jihat (biror tomon) va masofasiz ko‘rish haqidagi mavzular Imom A’zam Abu Hanifa davridan keyin vujudga kelgani haqida yozadi [Muhammad ibn Abdurrahmon al-Xumayyis. Al-Fiqh al-akbar li-l-Imom Abi Hanifa / Sharhan va dirosatan, 2 jild. – Riyoz: Maktaba ar-rushd, 2015.: 8; Muhammad ibn Abdurrahmon al-Xumayyis. Ash-sharh al-muyassar ‘ala al-fiqhayn al-Absat va-l-Akbar al-mansubayn li-Abi Hanifa. Ajmon: Maktaba al-Furqon, 2000.: 3; Muhammad ibn Abdurrahmon al-Xumayyis. Usul ad-din inda al-Imom Abi Hanifa. – Riyoz: Dor as-Sumay’iy, 1996.: 142]. Shu bilan birga, Muhammad ibn Abdurahmon al-Xumayyis Imomi A’zam Abu Hanifaning o‘g‘li Hammod tomonidan rivoyat qilingan “al-Fiqh al-akbar”ni muallifning eng ishonchli asari deb biladi. Chunki, uning shuhrati dong taratgani, hanafiy ulamolari ham, boshqa mazhab ulamolari ham uni muallifning asari sifatida e’tirof qilganlari, muhaqqiq olimlar esa uning mazkur asaridan ko‘plab iqtiboslar keltirganlari, shu bilan birga undagi aqidaviy masalalar Imom at-Tahoviy qaror qilgan aqidalar majmuiga mutlaqo muvofiqligi bunga sabab, deb ko‘rsatadi. Abu Ja’far Ahmad at-Tahoviy (239-321 h./853-933 m.) hanafiy mazhabi olimi bo‘lib, u o‘zining “al-Aqidat at-tahoviya” degan nom bilan shuhrat qozongan “Bayon as-sunnat” asarida Imomi A’zam Abu Hanifa hamda uning ikki shogirdi Abu Yusuf (113-182 h./731-798 m.) va Muhammad ash-Shayboniy (131-189 h./748-804 m.) aqidaviy qarashlarini aks etirgan va buni shu asarining o‘zida alohida qayd qilgan [Abu Ja’far at-Tahoviy. Bayon as-Sunnat. – Qozon: Maorif kutubxonasi, 1910.: 2]. Aslini olganda, mazkur mavzular ko‘tarilgani va bahs-munozaralarga sabab bo‘lgani uning davrida va undan oldingi bitilgan manbalarda, shu jumladan, oyat va hadislarda ham mavjudligi “al-Fiqh al-akbar”ga ushbu mavzular ham kiritilganini asoslab bera oladi. Imom A’zam Abu Hanifaga bag‘ishlangan qariyb barcha manoqibiy asarlarda u zotning o‘z davridagi xavorijlar, mo‘‘taziliylar, qadariylar va murjiiylar singari bir qancha oqimlar bilan bahslar olib borgani birma-bir qayd qilingan. Jumladan, imonning tasdiq va iqrordan iborat ekanligi haqidagi fikr Imomi A’zam Abu Hanifa mo‘‘taziliylar rahnamolaridan Jahm ibn Safvon (78-128 h./696-746 m.) bilan uchrashganida aytilgan edi. Shunda, u zot insonning qalbi bilan Allohni tanib qo‘yaverishi to shuni tilga olmaguncha mo‘‘minlikka kifoya qilmasligini aytganlar [So’id al-Ustuvoiy an-Naysoburiy. Kitob al-E’tiqod. Aqida marviyya ‘an al-Imom al-A’zam Abi Hanifa. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2005.: 102]. Bu ma’lumot esa “al-Fiqh al-akbar” unga mansubligini ham tasdiqlaydi. Mo‘‘min kimsaning har qanday gunohi sababli kofirga chiqarilmasligi haqidagi masala esa sahobalar davridan beri bor edi. Imomi A’zam Abu Hanifa “al-Fiqh al-akbar”dagi bu boradagi qat’iy qoidalarga esa xavorijlar bilan olib borgan bir nechta bahs-munozaralar natijasida kelgani aniq. “Qur’on”ning “maxluq” (“yaratilgan”) ekani va uni talaffuz qilish masalasi esa Imomi A’zam Abu Hanifa davrida ko‘tarilgani borasida manoqiblarda bir qancha dalillar keltirilgan. Ibn Abdurahmon al-Xumayyisning “Qur’on”ni talaffuz qilish masalasi Imomi A’zam Abu Hanifa davridan keyin vujudga kelgan, degan gapi noto‘g‘ri. Bu aqida Imom A’zam Abu Hanifa davrida ham ko‘tarilgan, lekin u zotning qat’iy sa’y-harakatlari tufayli bu masala ommaviylashmasdan yopiqligicha qolgan edi. Ibn Qutayba (213-276 h./828-889 m.) “al-Ixtilof fi-l-lafz” asarida u zotning bu ishini minnatdorchilik bilan eslagan [Ibn Qutayba ad-Dinavariy. Al-Ixtilof fil-l-lafz. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1985.: 47-50]. Mo‘‘taziliylardan chiqqan ushbu aqida sababli Imom A’zam Abu Hanifa raddiya sifatida ilk bor “al-Fiqh al-akbar” asarida bu masalaga qayta-qayta to‘xtab o‘tishga majbur bo‘lganlar. Mo‘‘jiza, karomat va istidroj borasidagi mavzularni ham “al-Fiqh al-akbar” yozilgan davrida ommalashmagani, tasavvuf Imomi A’zam Abu Hanifadan keyin keng tus olgani sababli asarni muallifga nisbatini shubhaga qo‘yuvchilarga buyuk olimning zuhd va ruhiy tarbiya bilan hayot kechirganini aytish o‘rinlidir. Uning davrida Ja’fari Sodiq (80-148 h./699-765 m.) va ayni Ko‘fada yashagan Abu Hoshim as-So‘fiy (vaf. 150 h./767 m.) kabilar tasavvuf bilan hayot kechirgani ma’lum. U zot Ja’fari Sodiq bilan uchrashib, suhbatlashgan, umrining oxirgi ikki yilini tasavvuf hayoti bilan yashaganiga ishora qilib, لَوْ لَا السَّنَتَانِ لَهَلَكَ النُّعْمَانُ – “Agar ikki yil bo‘lmaganda, No‘‘mon halok bo‘lardi!” degan mashhur gaplari mo‘‘jiza, karomat va istidroj haqida so‘z yuritishiga kifoya qilsa kerak [Ramazan Altintaş. Ebû Hanîfe’nin Kelam Metodu ve “el-Fıkhu’l-Ekber” adlı Eserine Yöneltilen Bazı İtirazlar // “İslâmî Araştırmalar” Dergisi. Cilt: 15. Sayi: 1-2. – Ankara: Türkiye Ekonomik ve Kültürel Dayanışma Vakfı (TEK-DAV), 2002.: 197]. Umuman olganda, “al-Fiqh al-akbar”ga kiritilgan mavzularning barchasi davr taqozosi bilan yozilganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Shu bilan birga kalom ilmining mukammal shakllanishida Imom A’zam Abu Hanifaning alohida xizmatlari borki, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Binobarin, u o‘zidan keyingi davrlarda ommalashgan aqidaviy mavzular bo‘yicha ancha ilgari yozib ketgan bo‘lsalar, bu uning buyuk olim bo‘lganini tasdiqlaydi, xolos. Aslida, “al-Fiqh al-akbar” Imomi A’zam Abu Hanifaga tegishli emas, degan shubha o‘rta asrlardayoq tarqalgan edi. Uning kelib-chiqishiga mo‘‘taziliylar sababchi bo‘lishgan. Mo‘‘taziliylar “al-Fiqh al-akbar”ni Imomi A’zam Abu Hanifaniki emas, balki Abu Hanifa Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy degan shaxsga mansub, deb chiqishgan edi. Bu borada Burhoniddin al-Marg‘inoniy (511-593 h./1117-1197 m.)ning shogirdi Shams al-aimma al-Kardariy (559-642 h./1164-1244 m.) xabar berib, bu mo‘‘taziliylardan chiqqan asossiz gap, degan va shu paytgacha ahli sunnat va jamoatning barcha mashoyixlari “al-Fiqh al-akbar”ni Imomi A’zam Abu Hanifaga tegishli ekanligini aytib kelishganini yozgan [Ali al-qori. Al-Asmor al-janiya. – Patna: Xudobaxsh, 2002.: 53-54]. Najmulg‘ani Rompuriy (1276-1351 h./1860-1932 m.) esa “Ta’lim al-imon” sharhida bu mavzuga to‘xtalib, “al-Fiqh al-akbar” bizlargacha ochiq-oydin va mashhur sanadlar bilan yetib kelgan. Uni Imomi A’zam Abu Hanifa yozganligi aniq. Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy yozgan degan gap esa aniq xato va sharmandali tuhmatdir”, degan gapni keltirib o‘tadi [Najmulg‘ani Rompuriy. Ta’lim al-imon. – Karochi: Orombog‘, 1970.: 4-5]. Muftiy Azizurrahmon Imomi A’zam Abu Hanifa hayoti va ijodi haqida yozgan kitobida Shibliy No‘‘moniyning “Siyrati No‘‘mon” asaridagi “al-Fiqh al-akbar” umuman buyuk imomga tegishli emas, degan gapiga taajjublanadi va uning asossiz gap ekanini qayd qiladi. Shu bilan birga, uning shubhalariga birma-bir to‘xtalib, qoniqarli javoblar taqdim qiladi. Biroq, Muftiy Azizurrahmon ham Abu Mute’ al-Balxiy rivoyatidagi “al-Fiqh al-akbar”ning “al-Fiqh al-absat” deb atalayotgan asarini muallifga tegishli deb biladi. “al-Fiqh al-akbar”ning Hammod ibn Abu Hanifa rivoyatidagi mashhur variantini esa Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy yozgan, degan gumonga keladi [Mahmud al-Kafaviy. Katoib a’lom al-axyor. 2-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2019.: 360-368]. “Abu Hanifa” kuniyasiga ega Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy “Fiqh al-akbar”ni yozgan, degan gap quruq gumondan boshqa narsa emas. Hanafiylar tabaqotiga oid “al-Javohir al-muziya”da aytilishicha, “Abu Hanifa” kuniyasi bilan tanilgan Muhammad ibn Yusuf karomatni inkor qilgan [Abdulqodir al-Qurashiy. Al-Javohir al-muziya. 2-3-jild. – Hajar: Dor at-Tibo’a va-n-nashr, 1993.: 412]. “al-Fiqh al-akbar”ning o‘zida esa “Avliyolar uchun karomatlar haqdir”, deb keltirilgan. Shu birgina dalilning o‘zi ham “Fiqh al-akbar”ni u yozmaganligini tasdiqlay oladi. Mo‘‘taziliylar “Fiqh al-akbar”ni Imomi A’zam Abu Hanifa yozmagan, degan gapni tarqatishlarining sababi esa ushbu asarda ularga bir qancha raddiya fikrlar mavjud. Jumladan, Allohning sifatlari va ularning qadimiy va azaliy deb berilishi, “mutashobeh” deb atalgan sifatlarni ta’vil qilmaslik masalasi, qiyomatda Allohni ko‘rish masalasi, qabr azobining haqligi, jannat va do‘zaxning hozirda ham mavjudligi, avliyolarning karomati kabilar mo‘‘taziliylarga raddiya hisoblanadi. Shuning uchun, mo‘‘taziliylar mazkur kitob ularga buyuk imom, ulug‘ mazhabboshi tomonidan raddiya o‘laroq yozilmagan, deyishdan tap tortishmagan. Umuman olganda, “al-Fiqh al-akbar” va uning muallifligi masalasida bildirilgan e’tirozlarning ko‘pchiligi quruq shubha va gumondangina iboratdir. Ular biror bir ishonchli va mantiqli dalil-hujjatga suyanilmagani bois e’tiborga arzimaydi, deya olamiz. “al-Fiqh al-akbar” hanafiy mazhabi muassisi Imomi A’zam Abu Hanifa tomonidan bitilgan ilk aqidaviy matnlardan biri hisoblanadi. Download 42.11 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling