G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar


Download 0.55 Mb.
bet9/18
Sana24.12.2022
Hajmi0.55 Mb.
#1057136
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   18
Bog'liq
G\'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar-fayllar.org

Lodoviko Kastelvetro

Xalq tilida bayon qilingan va sharhlangan


Aristotel �Poetika�si


<...> Poeziya tarixga taqlid va uning o'xshashidir.Tarix ikki qismdan - materiya va so'zlardan tarkib topgani kabi, poeziya ham xuddi shu qismlardan tarkib topadi, biroq bu qismlarning o'zi bir-biridan farqlidir: tarixga materiyani tarixchining ongi emas, xudoning oshkor yo pinxon irodasi bilan yerda yuz bergan narsalar beradi, garchi unga so'zlarni tarixchi bersa-da, bular faqat odatdagi nutqqa xos so'zlardir; poetik materiya esa shoir tafakkuri bilan o'ylab topilgan, unga zarur so'zlar ham tafakkur bilan o'lchovli she'rga solingan va odatdagi nutq uchun yaroqsiz, chunki hyech kim hyech joyda she'r bilan gapirmaydi. Poetik materiya tarixiy materiyaga monand bo'lishi va u bilan mushtarak jihatlarga ega bo'lishi, biroq uning aynan o'zi bo'lmasligi kerak, zero, agar shunday bo'lsa, o'xshashlik va mushtaraklik haqida gapirish o'rinsiz bo'lur edi; shunday ekan, bu holda shoirning mazkur materiya ustida ishlashiga zarurat qolmas, u o'sha materialni o'zlashtirish asnosi o'tkir idrokini namoyon eta bilmas, natijada hyech qachon yuz bermagan voqyealar haqidagi hikoyasini shu qadar jozibali va bamisoli sodir bo'lgan dunyo ishlarini o'zi kuzatib yoki yaratganning ayon yo pinxon azmu irodasini bilib turgandek haqiqatga monand qila olgani uchun o'zi loyiq maqtovlardan, qaysiki, aslida inson bolasidan ko'ra ko'proq ilohlarga yarasha maqtovu e'zoz-ehtiromdan mahrum bo'lar edi. Zero, materiyani tarixdan olgan, ya'ni haqiqatda yuz bergan voqyealarni qalamga olgan shoir ortiqcha mehnat qilmaydi: u yaxshi ijodkormi yo yomon, hikoyasini haqiqatga o'xshatishga qobilmi yo yo'qmi - bir tomonga hukm qilib bo'lmaydi, shu bois ham idrok etishi kerak bo'lgan narsani anglay olmagani uchun uni haqli ravishda koyiydilar va befahmga yo'yadilar yoxud yaramas va makkor fitrati uni zukko, poetik so'z po'choqlari zamiridan haqiqiy poetik materiyani topishga o'rgangan o'quvchi va tinglovchilar ustidan kulishga undagan, shu yo'sin u o'zi loyiq bo'lmagan maqtovga erishmoqchi bo'lgan deb o'ylaydilar.
Shunga ko'ra, Lukanni ham, Siliy Italikni ham, Jirolamo Frakastoroni o'zining �Yusuf�iga qo'shib shoirlar sirasidan quvmoq va bu shonli nomdan judo qilmoq adolatdan bo'lur edi, axir, ular o'z asarlari uchun mavzuni tarixchilardan olganlar, hatto tarixchilar bu mavzuga teginmagan bo'lganlarida ham, uning to'qima emas, haqiqatda yuz berganining o'zi buning uchun kifoyadir1. Ayon bo'ladiki, ilmlar va hunarlar poeziyaga materiya yetkazib berolmaydi, bunday materiyani poemalarda tasvirlash aslo maqtovga sazovor emas, zero, ular tajribali faylasuf va ustalarga eskidan ma'lum bo'lib, shoirga tarix sifatida, bungacha mavjud va zarurat darajasida idrok etilgan narsa sifatida yetib keladi, demak, shoirga o'zgalar inkishof etgan va tavsiflab tarixga aylantirgan narsani poetik so'zlar libosiga o'rashgina qoladi, bas, shoir qancha urinmasin, bu ish unga sharaf keltirmaydi. Shu ma'noda, Empedokl, Lukretsiy, Seren, �Sifilis�dagi Jirolamo Frakastoro, Arator, Maniliy, �Uraniya�dagi Jovanni Pontano, Gesiod va tomorqaga qanday ishlov berish haqidagi kitobidagi Vergiliylar nazmda yozgan, hatto, agar o'z tafakkuri bilan yangi, avval na faylasuf va na ustaga ma'lum bo'lmagan ilm yo hunarni kashf etib, bu to'g'rida she'riy yo'lda e'lon qilganlarida ham, shoirlar sirasiga kiritilmasligi va shoir nomiga sazovor etilmasligi hyech ajablanarli emas2; zero, ular o'z fahmu idroki ila qaysidir ilm yo hunarga oid muayyan haqiqatni kashf etganlarida ham, o'sha narsalar tabiatida azaldan mavjud narsalarni topgan bo'ladilar, bularni tadqiq etishga esa ilmlar va hunarlar safarbar etilgan, o'rganish vazifasi mashhur faylasuf va mohir ustalar zimmasida, aslo shoirning emas; shoir haqiqatda yuz bergan voqyealar bilan o'xshashlikka qay yo'sin erishish hamda shu o'xshashlik vositasida qanday qilib tinglovchiga zavqu huzur baxsh etish haqida qayg'urmog'i, tabiat va taqdirning botiniy jumboqlarini yechish tashvishini esa ixtiyorlarida zavq bag'ishlash va naf keltirishning poeziyadan farqli usullari bo'lgan faylasuf va ustalarga qoldirishi lozim3.

Bundan tashqari, ilmlar va hunarlar materiyasining poeziya uchun yaroqsizligini ko'rsatuvchi aqlga ravshanroq sabab ham mavjud: poeziyaning vazifasi - huzur bag'ishlash va ko'ngil ochish, xolos, shunda ham johil olomon, omi xalqqa huzur bag'ishlash, ko'nglini ochish; qora xalq esa tabiiy haqiqatlar tadqiqida faylasuflar va hunarlarni qaror toptirishda ustalar qabul qilgan nozik asoslar, farqlar va dalillarni tushunmaydi, tushunmaslikdan esa o'ziga qaratilgan nutqni tushunmagan har qanday odamga xos zerikish va qoniqmaslik tug'iladi4. Agar ilmlar va hunarlar materiyasi poeziyaning predmeti bo'lishga yaroqli deb hisoblasak, unda yo poeziyaning vazifasi huzur baxsh etish ekanini inkor qilish, yo u omi xalq ehtiyojiga emas, balki so'z san'ati va ilmiy masalalarni teran idrok etadigan o'qimishli kishilarga o'git berish uchun yaralgan deya e'tirof etishga to'g'ri keladiki, bu fikrning xatoligi keyinroq asoslanadi. Modomiki, poeziya qora xalq ko'nglini ochish va unga huzur berish uchun yaralgan ekan, u predmet sifatida shunga mos - omi xalqqa tushunarli va uni xushnud etadigan narsani olmog'i darkor, masalan, el og'ziga tushgan jamiyatdagi yangiliklar yoki sodir bo'lgan qandaydir ajoyib voqyealar; shu vajhdan biz ta'kidlaymizki, o'zining materiyasiga ko'ra poeziya tarixga taqlid va uning o'xshashidir, tarixga monand etilgan materiya esa o'z koshifiga shon-shuhrat keltirib, undan haqiqiy shoir yaratadigina emas, balki, haqiqatda yuz bergan voqyealardan tarkib topgan tarixga qaraganda ko'proq huzur beradiki, buning sababi haqida o'z vaqtida aytiladi. <...> Shunday qilib, ilm va hunarlarga taalluqli xalqqa tushunarsiz materiyadan qochish darkor, bugina emas, ular poemaning biror bir joyiga hatto qisman kirib qolishidan ham saqlanmoq lozim, bunday qusurga hyech bir zaruratsiz Lukan hamda o'zining �Komediya�sida yil fasllariyu kun soatlarini yulduzlarning joylashishiga qarab hisoblashdan bahs etgan Dante yo'l qo'ygan edilar, Gomer va �Eneida�dagi Vergiliylar bu qusurdan forig'lar <...>



<...> Poeziyani turlarga ajratishda (personajlar) xulqining yaxshi, yomon yo o'zimiznikiga o'xshash tarzida bo'linishi asosga olinmaydi, bunday bo'linish tomoshabin va tinglovchilar dilida hamdardlik yoki qo'rquv uyg'otish uchungina kerakki, bunga oliy darajadagi ezgulikdan ko'ra o'rtamiyonasini tasvirlagan holda erishish osonroq5. Taqlid qiluvchilar personajlarga taqlid qiladilar, taqliddan maqsad ularning fe'l-xuyini ochib berish6 (ko'rinishicha, Aristotelning so'zlari shu ma'noni anglatadi), fe'l asarda qatnashuvchi personajning ayon ko'rinuvchi muntazam hamrohi bo'lib, bizga kim yaxshiyu kim yomonligini namoyon etadi, deyilishi ham to'g'ri emas. Agar shunday bo'lganida, poeziya ko'proq ezgu yoki illatli fe'llarga taqlid qilgan bo'lur edi, holbuki, Aristotel hyech bir tarzda bunday da'vo qilmagan, bu keyinroq ravshan bo'ladi. Poeziya asarda harakat qiluvchilarga taqlid qiladi, boshqacha aytganda, poetik fabula haqiqatda yuz bermagan, biroq yuz berishi mumkin bo'lgan diqqatga loyiq qandaydir voqyeaga(tarixga) o'xshash bo'ladi; poeziya turlarga shoir taqlid etayotgan personajlarning ezgu yoki illatli fe'li emas, balki unda taqdim etilgan tabaqalar (podsholar, shaharliklar, qishloqliklar) orasidagi farq ajratadi7: ayni shu qatnashuvchilarning maqomi haqiqatda yuz bermagan-u yuz berishi mumkin bo'lgan voqyealardan tarkib topgan fabulaning tanlanishini belgilaydi, mazkur tanlovning maqsadi turfa fe'llar, ezgulik yo illatlarni anglash emas, yo'q, na fozillik, na fe'llarni anglash va na ilm yo hunarlar qonun-qoidalarini egallashdan, balki faqat yangilikdangina huzur topa oladigan, tabiati doimo o'zgarishsiz qoladigan oddiy xalqqa tasvirlanayotgan voqyeaning yangiligi bilan imkon qadar ko'p huzur baxsh etishdir.

Aytilganlarning ravshanroq anglanishi va poeziyaning materiyasiga ko'ra turlarga bo'linishi nimadan kelib chiqishini anglash uchun insonga taalluqli beshta narsani, xususan: ong, tanlash qobiliyati, taqdir, (ijtimoiy) maqom va faoliyatni ko'rib chiqish lozim. Bulardan ikkitasi, ong va tanlash qobiliyati insonga ichdan taalluqli, qolgan uchtasi, ya'ni taqdir, ijtimoiy maqom va faoliyat esa - tashqaridan. Ong ikki turli: u zukkolik va ahmoqlikdan tarkib topadi; shunga monand ezgulik va yovuzlik orasidagi tanlov ham ikki turli; taqdir ham ikki turli: baxtli va yo baxtsiz; shu me'yorda maqom ham ikkiga ajratiladi: bir tomondan - shohona, ikkinchi tomondan - xususiy; bularning bari kabi faoliyat ham ikki turli: falsafiy va fuqarolik faoliyatlari. Bularning bariga, falsafiy faoliyatni istisno qilganda, poetik taqlid qilinishi mumkin, bari taqlid materiyasi bo'la oladi. <...> Biroq bu to'qqiz qismning hyech biri va ulardan tarkiblangan birikmalarning hyech biri yangi poetik turni yuzaga keltirmaydi, faqat shohona va xususiy maqomlarning birikuvigina bundan mustasno. Shu ikki qismgina poeziyani turlarga ajratadi, qolgan qismlar esa bularga tobelanib, kichik va xizmat qiluvchi sifatida ergashadi, aslo katta, teng yo hokim sifatida hamrohlik qilmaydi. Men qolganlari ergashadi deganimda, buni birikmadagi ikkala qism ham birdaniga emas, balki har gal birikmadagi bitta qismgina ergashadi deb tushunish kerak. Asli ham shunday, zero, xususiy maqom qishloqilar va qora xalq darajasiga tushganida, o'ziga zukkolikdan ko'ra ko'proq fikri ojizlikni ergashtiradi, chunki zukkolik, aksincha, shohona maqom bilan yondosh boradi. Shohona maqomdagi shaxslarga taqlid etuvchi tragediyaga ham yovuzlikdan ko'ra, - garchi bunda usiz hyech iloji yo'q, baxtsiz taqdirning hamdardlik qo'zg'ashi osonroq va tragediyalarda ham baxtli taqdirlar uchrashiga qaramay, ezgulik ko'proq muvofiqdir. Bundan tashqari, shohona va xususiy maqomlarga baxt va baxtsizlikning har qanday navi ham muvofiq emas, axir har ikkisining ham darajalari ko'p turfadir. Poeziya inson faoliyatisiz, qaysiki, biz falsafiy faoliyatdan farqlash hamda taqlid qilib bo'lmaydigan ilmlaru hunardan ajratish uchun fuqarolik faoliyati deb atagan faoliyatsiz ham ish ko'rolmaydi. Aytilganlardan kelib chiqadiki, oliyjanoblik yoki shohona maqom va ablahlik yoki xususiy maqom poeziyada materialga nisbatan farqlarni belgilaydi, oliyjanoblik bilan ablahlik (kishi tabiatidagi) ezgulik yoki yovuzlikdan kelib chiqib anglashilmaydi, balki uning xatti-harakati - agar ular odobli bo'lsa oliyjanoblikni, adabsiz bo'lsa ablahlikni - namoyon etadi. Odobli va adabsiz deb men odatlar va fe'llarni atayman, lekin personaj qalbida botin ezgulik yo yovuzlikdan shohidlik beruvchi emas, balki uning nazokatli yo to'poriligini ko'rsatuvchi, ongidan, boshqacha aytsak, farosatli yo befarosatligidan kelib chiquvchi odatlar va fe'llarni atayman8. Aristotel esa, qalbning ezguligi yo illatli ekanidan kelib chiqib fe'llarni yaxshi yo yomonga ajratadiki, rostini aytganda, bu masalada u ezgu kishilargina oliyjanobu illatlilargina ablah bo'ladi deb bilgan va shu sabab poeziyadan ixroj qilingan stoiklarga juda yaqin turadi; holbuki, poeziya xalqning umumiy fikriga ergashmog'i lozim, ya'ni oliyjanoblar ham, ablahlar ham yaxshi yo yomon bo'lishi mumkin <...>

<...> Aristotel, uning so'zlaridan tushunilishicha, poeziyani valiylik va shunga o'xshash hammaga tabiatan birdek xos bo'lmagan, ilohlar birovga in'om etib boshqalarni benasib qoldiruvchi alohida iqtidor deb hisoblamagan9. Uning, garchi ochiq aytilmagan bo'lsa-da, poeziya insonga ilohiy jazba sifatida nozil etiladi tarzidagi Platonga nisbat beriluvchi fikrni inkor qilishga intilishi ham ravshan ko'rinadi10. Bunday fikr ommaning johilligi sabab dunyoga kelgan bo'lsa, shoirlarning shuhratparastligi tufayli quyidagi sabab va tarzda kishilar ongida mustahkamlandi, muqimlashdi. O'zgalar qilgan ishlar xuddi shu ishni o'zi uddalay olmaydigan kishilarga g'aroyib va ehtiromga loyiq bo'lib ko'rinadi, chunki odamlarga o'z jismoniy va aqliy kuchini o'zgalar bilan qiyoslash xos, ular o'zlari uddalay olmagan, biroq boshqalar amallagan ishlarni alohida ilohiy in'om tufayli deb hisoblashga moyildirlar. Shu bois ham ilk shoirlarning asarlaridagi fabulalarning o'ta to'qimaligi va ravon quyilib keluvchi she'rga burkanganidan hayratlangan johil olomon ularni ilohiy ruhga yo'g'rilgan, ular ilohlar yetovida deya e'zozlaganlar, bu she'rlarda Apollon vahiysi kelmoqda, ularda ilohlarning o'zaro suhbati ketmoqda deb hisoblangan. Qanday qilib shu darajada haqiqatga monand va qiziqarli fabulani o'ylab topishu uni shu daraja a'lo she'rlarda bayon etish mumkinligini aqliga sig'dirolmagani bois olomon buning uchun insonga xos bo'lmagan kuch kerak deb o'ylardi. Busiz ham manbasidan qat'i nazar o'ziga baxsh etilgan, masalan, ayolning betakror go'zalligi kabi, har ne zavqu huzurni ilohlar va falakning in'omi deb bilgan olomon poeziya xudo shoirlarga ato etgan alohida xususiyatdan kelib chiqadi deb o'ylagan, zero, uni tinglaganida hayratga tushgan va negaligini bilmagan. Olomonning shoirlarni xudoning suyganlari deya yog'dirgan olqishlari ularning o'zlariga xush keldi, ular jim roziliklari bilan olomonning bu xato tasavvurini haqiqat sifatida tan olib, unga asarlarining boshidayoq poeziyaning ilohiy homiylari bo'lmish muzalar va Apollondan imdod so'rab, o'zlarini go'yo poemalari ularning diliga ilohlar tomonidan solingandek tutish bilan qanot beradilar; biroq, bu o'rinda ular odatdan, qaysiki, oqil kishilarga xos bo'lgan inson bolasi uddalashi mahol (yoki shunday tuyuladigan) ishni boshlash oldidan ibodat qilib xudodan madad so'rash odatidan ko'p ham uzoq ketmaganlar. Shoirlarning ilohiy jazbasi haqidagi ta'limotni Platonga nisbat berib bekor qiladilar, zero, u ommaning yanglish fikri va shoirlarning o'z manfaatlarini ko'zlaganlari natijasida yuzaga kelgan, Platon esa o'z kitoblarda buni eslatarkan, shubhasiz, hazillashgan. <...>11
Yuqorida qisqacha aytganlarimdan Aristotel qarashlaridan yiroq xulosalar kelib chiqadi. Birinchi xulosa shuki, Aristotel poeziyaning paydo bo'lishi sabablaridan biri taqlid deb hisoblab, ayniqsa, insonga bolalikdan, o'ylamay-netmay ilgari qilishga odatlanilganki, narsaga ko'r-ko'rona ergashgan vaqtlaridan xos taqlid deb hisoblab bekor qiladi. Zero, asar uchun o'ziga qadar boshqa shoir tomonidan ishlangan fabulani olgan shoir yo tarix yozayotgan va yo o'g'irliq qilayotgan bo'lib chiqadi: Orestning onasini qanday o'ldirgani haqida hikoya qilishni niyat qilgach, qotillikning o'zini tasvirlaganda haqiqiy qotillik voqyeasiga ergashish ham, bundan-da ko'proq shu mavzuda Esxil, yevripid yoki Sofokl ishlagan fabulalarga ergashish ham yaramaydi12; shoir nimaga bo'lmasin, tarixgami yo poeziyagami, o'xshashlik haqidagi tashvishni bir yon qo'yib, o'tkir zakovatini namoyon etgan holda yuz bergan voqyea haqida o'zicha, o'zigacha hyech kim yozmagan va hikoya qilmagan bir tarzda hikoya qilmog'i kerakki, yuqorida zikr etilgan shoirlar shuni odat qilgan edilar. Shu bilan barobar, shoirning o'ziga qadar topilgan nutq figuralariga, ko'chma ma'nolarda qo'llangan so'zlar va shu kabilarga taqlid qilishi o'rinli emaski, bunday taqlid uchun uni haqli ravishda o'g'ri yoki nokas deb hisoblaydilar13.
Birinchi xulosaga ikkinchisi ergashib keladi: bungacha isbotlab o'tganimizdek, insonga bolalikdan xos taqlid poeziyaga muvofiq taqlid emas. Ikkinchisi ortidan uchinchisi keladi: poeziya o'z-o'zidan, ongning hyech bir ishtirokisiz vujudga keldi deyilishi xatodirki, bunga quyidagi sabablar mavjud. Agar fabula yaratish va she'r to'qish aqliy zo'riqish-la ishlashni talab qilmasa va tabiat tomonidan, garchi hammaga barobar me'yorda bo'lmasa ham, berilsa, unda nega poeziya bizda bunchalar hayrat va ehtirom uyg'otadi, nahotki, o'zimizning ham qo'limizdan keladigan, o'zimiz ham biladigan va biz ham, mayli boshqalarga qaraganda ko'proq qiyinchilik bilan bo'lsa-da, erisha oladigan narsaga hayratlansak? Yana agar shunday bo'lganida, shoirlar poemalarini yozish paytida ilohiy jazavaga tushishlariga olomonni qanday qilib ishontirgan yoki poeziyadan yiroq va uning asoslaridan bexabar kishilarni she'r yozish uchun mavzu izlab topishdek ajib qobiliyat ham, ilgari misli ko'rilmagan she'rlarning o'zi ham falakning va ilohning in'omi ekanligiga qanday qilib inontirgan bo'lur edilar? Shuning uchun men, Aristotel she'riyat tuyqusdan va ongning hyech bir ishtirokisiz paydo bo'ldi deganida, unga qo'shilishim juda qiyin, zero, tuyqus qilingan har qanday narsa haqiqatda uzoq mashqlardan so'ng va shu asnoda egallangan ko'nikmalar yordamida qilingandir: shunga o'xshash, Sitseron bilan Kvintilian qayta-qayta ta'kidlaganlaridek, xalq qarshisida birdaniga uzun nutq so'zlab bo'lmagani kabi, she'r ham birdaniga paydo bo'lolmaydi. Agar bu da'vo haq bo'lmasa, unda Sidonli Antipatr va Likiniy Arxiylarning14 badihago'ylik bilan birdaniga she'r aytish iqtidorlari noyob sanalgani, ularning shu tufayli bemisl shuhrat topganini qanday izohlash mumkin? Aytilganlardan xulosa qilish mumkinki, odamlarga tabiatan xos taqlid bir narsa-yu, poeziya taqozo etuvchi taqlid - tamom boshqa narsa. Zero, insonga tabiatan xos, demakki, bolaligidan xos bo'lgan taqlid yordamida u o'zining ilk bilimlarini egallaydi, bu nav taqlidga inson boshqa har qanday maxluqdan ko'ra ko'proq moyilu qobil, taqlid qilish unga huzur bag'ishlaydi, biroq bu o'zgalar tomonidan berilgan namunaga taqlid qilish bo'lib, o'zgalar qilgan ishni takrorlamoqdan o'zga narsa emas, nega ayni shunday qilmoq kerak, boshqacha emas - bunisi unga qorong'u. O'zgalar qilgan ishni namuna sifatida olib, nega ayni shunday qilish kerakligini anglamagan holda qilinadigan taqlid poeziya uchun yaroqli emas; poeziya avval yaratilgan narsadan tamom farqli narsani yaratadi va o'zi ibrat olish lozim bo'lgan namunani taqdim etadi; shoir esa nima uchun boshqacha emas, ayni shunday qilish kerakligini a'lo darajada anglaydi, zero, mushohada va tadqiq qilish uchun vaqtini ayamaydi, shunga ko'ra, poeziyaga xos taqlidni oddiygina taqlid deb bo'lmaydi, u ko'proq tinglovchilar uchun zavqli va hayratlanarli voqyealarni, taqdirning evrilishlari va dunyo ishlarini tasvirlashni istagan shoirning musobaqasidir. <...>
Izohlar:

1. Siliy Italik (26-101) - rim shoiri, �Puniya urushi� epik poemasi muallifi; Jirolamo Frakastoro (1478-1533) - italyan olimi, hakim va shoir, �Sifilis yoki gall kasalligi haqida� nomli didaktik hamda Injil syujetiga asoslangan �Iosif� nomli poemalar muallifi.


2. Seren (II-III asr) - rim shoiri, �Tibbiy ko'rsatmalar� nomli poema muallifi; Arator (VI asr) - �Havoriylarning amallari� nomli poema muallifi; Maniliy (Iasr) - rim shoiri, �Astronomika� poemasi muallifi; Jovanni Pontano (tax.1442-1503) lotin tilida ijod qilgan italyan shoiri, gumanist va siyosiy arbob, �Uraniya�, �Ob-havo hodisalari haqida�, �Gesperidalarning bog'lari haqida� nomli didaktik poemalar muallifi.
Kastelvetro Gesiodning �Mehnat va kunlar� poemasi hamda Vergiliyning �Georgikalar�ining poeziyaga mansubligini inkor qiladi.
3. Bu o'rinda Kastelvetroning bosh muxolifi poeziyaning asosiy farqlovchi belgisi she'r deb bilgan Skaligerdir. San'atning Skaliger tushunchasidagi axloqiy-tarbiyaviy funksiyasi ham inkor qilinadi.
4. Kastelvetroning bu masalada tutgan mavqyei XVI asr poetikalari ichida ancha o'ziga xos. Davrning obro'li olimlari (xususan, Rabortello va Skaliger) poeziyani elitar auditoriyaga yo'naltirganlar. Muayyan ma'noda Kastelvetroning tarafdorlari sirasida �Aristotel �Poetika�siga sharhlar� (1575) asarining muallifi Alessandro Pikkolominini atash mumkin, biroq u o'z qarashlarini Kastelvetrodan butkul o'zgacha dalillar bilan asoslaydi. Poeziyaning maqsadi - axloqiy tarbiya va ma'rifat yoyish; ahli ilm va ezgulikda barqaror kishilar o'gitlarni yashirib turuvchi bezaklarga muhtoj emas, ular qora xalqqa, estetik zavq xo'ragisiz va'z-nasihat eshitishga rag'bat etmaydigan kishilarga kerak.
5. Bu o'rinda Aristotelning taqlid predmeti haqidagi ta'limoti sharhlanmoqda.
6. Bu o'rinda �Aristotelning poetik san'at haqidagi kitobiga sharh� (1548) nomli asar muallifi F.Rabortello bilan bahs borayotgani ehtimolga yaqin. F.Rabortello o'qish uchun mo'ljallangan drama xarakterlarga (fe'l-xuyga), tomosha uchun mo'ljallangani esa voqyeaga taqlid qiladi deb hisoblagan.
7. Kastelvetro bu o'rinda antik davrdayoq mufassal ishlab chiqilgan �uch uslub� nazariyasini nazarda tutadi. O'rta asrlarga kelib ushbu nazariyada uslub ikkinchi planga chekinib, o'z o'rnini personajlarning tabaqaviy va janrlarning qiymat jihatidan darajalanishiga bo'shatib berdi. O'rta asrlardagi poetikalarda uch uslub munosabatlari �Vergiliy g'ildiragi� yordamida ifodalangan:
Yuksak O'rta Tuban
tabaqa jangchi, podsho dehqon cho'pon
ism Gektor, Ayaks Triptolem,Seliy Titir, Melibiy
hayvon Ot Ho'kiz qo'y
qurol Shamshir Omoch tayoq
joy shahar, qasr qishloq yaylov
o'simlik dafna, kedr mevali daraxt qoraqayin
Badiy Assensiy Goratsiyning �Poeziya ilmi� poemasiga yozgan sharhida (1500) uslublarni quyidagi unsurlariga ko'ra tasniflaydi: predmet - xudolar, shohlar, qahramonlar(yuksak), ilmiy ma'lumotlar (o'rta), cho'pon-cho'liqlar (tuban); vazn - gekzametr (yuksak), pentametr (o'rta), yamb (tuban); janr - epos, tragediya (yuksak), didaktika (o'rta), komediya, pastoral (tuban).
8. Bu o'rinda Kastelvetro uslublarni farqlashning tabaqaviy tamoyilini o'z davrida mashhur odob axloq qoidalari, �go'zal xulqlar� haqidagi risolalarga tayangan holda asoslashga harakat qiladi. Bu risolalarning aksariyatiga hayotiy muhimligi jihatidan etiket bilan etikani yaqinlashtirish xarakterlidir.
9. Poeziyaning tabiiy kelib chiqishi haqidagi Aristotel ta'limoti sharhlanmoqda.
10. Qarang: Platon. Fedr, 245a, 265b; Platon. Ion, 534
11. Kastelvetro bu o'rinda Platonga oddiygina qo'l siltab qo'yaqoladi, biroq u ilhomni san'atdan yuqori qo'ygan o'ziga zamondosh Platon an'analarining davomchilariga doimiy va asosiy muxolifligicha qoladi.
12. Bu o'rinda Esxilning �Xoeforalar�, Sofoklning �Elektra�, yevripidning ham �Elektra� tragediyalari nazarda tutilmoqda.
13. Kastelvetro Aristotelga emas, balki renessans klassitsizmida yetakchilik qilgan va XVI asr klassitsistlari dastur qilib olgan namunalarga taqlid qilish prinsipiga qarshi chiqadi. Bu masaladagi bahslar asr o'rtalariga kelib ayniqsa qizg'in tus oladi. Bahsda davr adabiy-estetik tafakkurining ko'plab ko'zga ko'ringan namoyandalari ishtirok etdilar. Jiraldi Chinsio 1532 yilda Chelio Kalkaniniga maktub yo'llab, unda bir bor va manguga qaror toptirilgan namuna - Sitseronga taqlid qilishni yoqlab chiqdi. Kalkanini shu yilning o'zida javob maktubi yo'llab, unda �inventio�(mavzu tanlash) materialning xususiyatlari bilan belgilanishini, �dispositio� (mavzuni kompozitsion tashkillash) yozuvchining o'z ishi ekanligini, �elocutio� (ifodalash, ya'ni so'zlarni tanlash va biriktirish, poetik figura va troplarni tanlash)ni esa klassiklardan o'rganish lozimligini ta'kidladi. Bahsni B.Richchi (�Taqlid haqida�,1541) davom ettirdi. Uning fikricha, san'at qoidalar tizimiga aylantirilgan tabiatdir; iqtidor(tabiat) klassiklarga taqlid qilish orqaligina mahorat (qoida)ga do'nadi; bu o'rinda faqat uslub darajasidagi emas, balki �inventio�dan �elocutio�gacha bo'lgan barcha ritorik sathlar nazarda tutiladi. Richchi namunadan oddiy nusxa ko'chirishni mumkin debgina emas, buni hatto maqtovga loyiq deb biladi, ayni chog'da u namunalarni qat'iy belgilab qo'yadi: Plavt bilan Terensiy komediya uchun, Seneka tragediya, Tibul elegiya, Goratsiy lirika, Marsial epigramma, Vergiliy epos uchun namunadir. Bu masaladagi bahsda K.Delminio (�Taqlid haqida�, 1544), B.Parenio (�Poetik taqlid haqida�, 1560) va boshqalar ishtirok etganlar.
14. Antipatr Sidonli (mil.av.II-I asr) - yunon shoiri, epigrammalar muallifi; Avl Likiniy Arxiy (mil.av.II-I asr) - Rimda yashagan yunon shoiri; uning qalamiga mansub 35 ta epigramma bizgacha yetib kelgan.
Literaturn�e manifest� zapadnoevropeyskix klassitsistov.- M.,1980.- s.81-103


Download 0.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling