G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar


Download 0.55 Mb.
bet5/18
Sana24.12.2022
Hajmi0.55 Mb.
#1057136
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
Bog'liq
G\'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar-fayllar.org

Aristotel

POETIKA
(Poeziya san'ati haqida)


I
ASAR MAZMUNI

Biz umuman, poetik san'at to'g'risida, shuningdek, uning alohida ko'rinishlari va ulardan har birining imkoniyatlari, poetik asarning yaxshi chiqishi uchun rivoyat (mifos) qanday tuzilmog'i lozimligi to'g'risida so'zlaymiz. Bundan tashqari, asarning nechta va qanday qismlardan iborat bo'lishi, shu bilan birga, bu tadqiqotga tegishli bo'lgan hamma boshqa masalalarga to'xtalib o'tamiz. Tabiiyki, o'z so'zimizni boshlang'ich masaladan boshlaymiz.


POEZIYa O'XShATISh SAN'ATI
Epos va tragediya, shuningdek, komediya va difiramb ijod etish, yaratish, avletika va kifaristikaning1 katta qismi - bu hammasi, umuman aytganda, o'xshatish(mimesis) san'atidan o'zga narsa emas; ular o'zaro uch jihatdan: (1) tasvirlashning turli vositalari bilan; (2) tasvirlash predmeti bilan; (3) rang-barang noo'xshash usullar bilan farqlanadi.
TASVIRLAShNING TURLI VOSITALARI
Ba'zi kishilar mahorat, ba'zilar malaka sababli, yana ba'zilar tug'ma iste'dodlari tufayli bo'yoqlar va shakllar yordamida ko'p narsalarning tasvirini - o'xshashini yaratadilar. Hozirgina eslab o'tilgan san'atlarning hammasida ham alohida yo ritm, yo so'z va yoxud garmoniya yordamida yoki shularning hammasi uyg'unligida tasvirlaydilar. Avletika va kifaristika hamda muzika san'atining boshqa xillari faqat garmoniya va ritmdan foydalanadi. Masalan, surnay chalish san'ati, raqs san'atida xususan garmoniyasiz, ritm yordami bilan o'xshatadilar, chunki ular ayni ifodali ritmik harakatlar orqali xarakterlar, ehtiroslar va voqyealarni qayta gavdalantiradilar. Biroq vaznli so'z yordamida, shuningdek, bir necha vaznni aralashtirib yo ulardan birontasini qo'llash yo'li bilan yuzaga keluvchi yoxud yalang'och (vaznsiz) so'z vositasida yaratiluvchi2 san'at hozirgacha (ta'riflanmay) qolayotir3. Birov trimetr, elegik yoki boshqa shunga monand she'r turlari yordamida tasvirlaydi. Shunday ekan, biz Sofron va Ksenarx mimlariga ham, Suqrotona suhbatlarga ham4 umumiy nom bera olmaymiz, faqat �ijod� tushunchasini vazn bilan bog'lovchi kishilargina hayotni qayta gavdalantirish mohiyati tufayli emas, umuman, vazn tufayli (ularning hammasini) shoirlar deb ulug'lab, ba'zi birlarini elegiklar, boshqalarini epiklar deb ataydilar. Mabodo, meditsina yoki fizikaga oid qandaydir risolani vaznga tushirgan holda nashr etsalar muallifni odatda shoir deb ataydilar. Bu o'rinda Gomer va Empedokl5 bilan vazndagi yaqinlikdan boshqa hyech qanday umumiylik yo'q, shu boisdan har ikkisini shoir deyishdan ko'ra, birinchisini shoir, ikkinchisini tabiatshunos deb atash adolatlidir. Shu bilan barobar, Xeremon6 �Kentavr�da barcha vaznlarni aralash holda qo'llab, rapsodiyalarni barcha ritmik o'lchovlardan yaratgani singari, kimdir hamma vaznlarni qo'shgan holda ishlatib, asar yozib chiqarsa, (uni) ham shoir deb atashga to'g'ri keladi. Bu masala xususida shu aytilganlar yetarli bo'lar.
Biroq ba'zi bir san'atlar borki, ular hamma aytilganlardan, ya'ni ritm, ohang va vazndan foydalanadi, masalan, difirambik poeziya, komlar, tragediya va komediya shular jumlasidandir. Bular shu bilan farqlanadiki, ularning ba'zilari mazkur vositalardan birdaniga, boshqalari esa ayrim qismlaridagina foydalanadi, xolos. Men san'atlar o'rtasidagi tasvirlash vositalariga taalluqli bo'lgan farqlarni shunday tushunaman.
II
TASVIRLASh PReDMeTINING XILMA-XILLIGI

San'atkorlar muayyan shaxslarni tasvirlaydilar, ular esa yaxshi yoki yomon bo'lishi mumkin. (Negaki, shaxslarning qandayligi shu bilan belgilanadi, zero hamma odamlar xarakterlaridagi illati yoki fazilati jihatidan farqlanadilar). Ular bizdan yaxshiroq yoki bizdan yomonroq, yoki hatto bizdek bo'ladilar. (Xuddi rassomlardagidek. Polignot, masalan, eng yaxshi kishilarni, Pavson - yomonlarni, Dionisiy esa bizga o'xshash kishilarni tasvirlaydi7.) Chamasi, yuqorida qayd etilgan tasviriy usullarning har biri ham ana shunday tafovutlarga ega bo'lsa kerak. Demak, xilma-xil predmetlarning tasviri ham har xil bo'ladi. Chunki shunga o'xshash farqlanuvchi xususiyatlar raqsda ham, avletikada, surnay, kifara chalishda, nasr va musiqasiz she'rda ham bo'lishi mumkin. Gomer - eng yaxshilarni, Kleofont - oddiy odamlarni ko'rsatadi, parodiyalarning birinchi ijodchisi fasoslik Gegemon yoki �Deliada�ning avtori Nikoxar yomon odamlarni gavdalantirgan. Xuddi shu xususiyat difiramblar va komlarga ham oiddir. Argant yoki Timofey va Filoksen �Kikloplar�da qanday qahramonlarni yaratgan bo'lsa, difiramb va komlarda ham shundaylarni yaratish mumkin8. Tragediya va komediya orasida ham xuddi shunday tafovut mavjud: komediya hozirgi vaqtda yashayotganlardan ko'ra yomonroq, ikkinchisi esa yaxshiroq kishilarni tasvir etishga intiladi.


III

AKS ETTIRIShNING TURLI USULLARI


Bu sohada asarlar yana aks ettirish usullari jihatidan ham bir-biridan farqlanadi. Zotan bir xil narsani bir xil vosita bilan tasvirlagan holda yo avtor voqyealarga aralashmay hikoya qilishi yoki o'zini xuddi Gomerday tutishi mumkin. Yoki butun hikoya davomida avtor o'zligicha qolishi yoxud barcha aks ettiriluvchi shaxslarni gavdalantirishi mumkin9.
Nima bilan, nimani va qanday aks ettirish usulidagi uch xil tafovut ana shulardan iborat.
Shunday qilib, Sofokl aks ettirishda bir jihatdan Gomerga o'xshash bo'lsa (chunki ularning har ikkisi ham yaxshi kishilarni tasvirlaydi), boshqa jihatdan esa Aristofanga yaqin, zero ularning ikkovi ham kishilarni harakatda, shu bilan birga, dramatik harakatda ko'rsatadi. Shuning uchun ham ba'zilar dramaning o'zi ham harakat, chunki u harakat qiluvchi shaxslarni aks ettiradi deyishadi. Shu sababga ko'ra doridaliklar tragediya va komediyani o'zlarida kelib chiqqanligi haqidagi talablarini bayon qilmoqdalar.; megaraliklar, xususan, tubjoy kishilar sifatida komediyaning go'yo ularda demokratiya10 o'rnatilgan vaqtda kelib chiqqanligini da'vo qilishmoqda, sitsiliyaliklar ham Xionid va Magnetdan xiyla oldinroq yashagan shoir Epixarm o'zlaridan bo'lgani uchun shunday talab bilan chiqmoqdalar. Peloponneslik doriylar ham tragediyaga oid da'volarini aytmoqdalar. Ular buni atamalar bilan isbot qilishga urinmoqdalar. Ularning so'zlariga qaraganda, komediya so'zi shahar atrofidagi qishloqlar - komlar (afinaliklar demlar deganday) so'zidan kelib chiqqan; zero qiziqchilar - komediantlar so'zi komadzeyi (bazm qilmoq) fe'lidan emas, balki shaharliklar tomonidan qadr-qimmat qilinmaganlarning komlar bo'ylab darbadar kezishidan kelib chiqqan11; shuningdek, �harakat qilmoq� tushunchasi ham ularda dran, afinaliklarda esa pratteyn so'zi bilan ifodalanadi. Shunday qilib aks ettirishdagi tafovutlar qancha va qanday bo'lishi to'g'risida yetarli so'zlandi.
IV
POEZIYaNING TABIIY PAYDO BO'LIShI

Poetik san'atning kelib chiqishiga ochiq-oydin ikkita sabab bo'lib, ikkalasi ham tabiiydir. Birinchidan, gavdalantirish, o'xshatish insonga bolalikdan xos bo'lgan xususiyat. Inson boshqa jonli mavjudotlardan o'xshatish qobiliyatiga ega ekanligi bilan ham farqlanadi, hatto dastlabki bilimlarni u o'xshatishdan oladi va bu jarayon samaralari barchaga huzur bag'ishlaydi. Buni quyidagi faktlar ham isbotlaydi: biz haqiqatda yoqimsiz ko'ringan narsalarga, masalan, jirkanch jonivor va murdalar tasviriga zavq bilan boqamiz. Buning sababi shundaki, bilim olish faqat faylasuflargagina emas, balki boshqa kishilarga ham juda yoqadi, farq shundaki, oddiy odamlar bilish uchun tomosha qilmaydilar. Ular tasvirga zavqlanib qaraydilar, chunki unga boqib �manavi narsa bunday ekan� deb mulohaza yuritishni o'rganadilar. Agar o'xshashi tasvirlangan narsani avval ko'rmagan bo'lsa, o'xshatishdan emas, balki bichim, bo'yoq yoki shunga o'xshash boshqa bir narsadan zavq tuyadilar.


Zeroki o'xshatish garmoniya va ritm singari qadimdanoq odamlarning tabiatiga xos xususiyatdir12, (vaznlar - ritmning maxsus turi ekanligi sir emas), odamlar qadimdanoq tabiatan o'xshatishga qobiliyatlidirlarki, ular buni oz-ozdan taraqqiy ettira borib, badiha she'rlar (improvizatsiya) dan haqiqiy poeziyani yuzaga keltirganlar.
POEZIYaNING TARAQQIYoTI VA BO'LINIShI
Poeziya shoirlarning shaxsiy xarakteriga muvofiq ikki turga bo'linadi: chunonchi, jiddiyroq shoirlar go'zal qiliqlar va unga monand kishilarni tasvir etadilar. Xuddi oldingilari gimn va madh qo'shiqlar yaratganidek, keyingilari dastlab hajviy qo'shiqlar13 to'qiydilar. Shoirlar Gomergacha ham ko'p bo'lgan bo'lsa-da, biz Gomerning �Margit�i va shu xildagi asarlariga monand biron asarni ta'kidlay olmaymiz. Mana shu she'rlarda eng qulay yamb o'lchovi paydo bo'ldiki, u hozirgacha yambik (istehzoli) vazn, deb ataladi, chunki uning vositasida kishilar bir-birlariga istehzo qilganlar. Natijada qadimgi shoirlarning ba'zilari qahramonlik vazni va ba'zilari yamblarning ijodkorlari bo'lib qoladilar.
Gomer poeziyaning murakkab turida ham shu qadar buyuk ediki, u mukammal she'r ijod qilibgina qolmay, balki dramatik tasvirlarni ham yarata oldi14. U masxaralashga emas, kulgili narsaga dramatik pardoz berib, birinchi marta komediyaning asosiy shakllarini ham bunyod qildi, binobarin, �Iliada� va �Odisseya� tragediyaga qanchalik taalluqli bo'lsa, uning �Margit�i komediyaga shunchalik monanddir15. Tragediya va komediyalar vujudga kelganida esa, tabiatan poeziyaning shu turlariga moyil bo'lgan yambchilar endi komik shoirlar, epiklar esa tragiklar bo'lib qoldilar, chunki mazkur shakllar avvalgilariga nisbatan ahamiyatliroq va munosibroq edi.
TRAGeDIYaNING KAMOLOTI
Tragediya o'zining hamma ko'rinishlarida, o'z holicha va teatr tomoshasi sifatida yetarli taraqqiyotga erishdimi yoki yo'qmi, hozir bu haqda to'xtab o'tirishning o'rni emas16. Ilk paytlarda badihago'ylik (improvizatsiya) yo'li bilan-difirambni boshlab berish va hozir ham ko'p shaharlarda yana qo'llanilayotgan fall qo'shiqlarni boshlab berishdan kelib chiqqan tragediya va komediya xos xususiyatlarini asta-sekin rivojlantirish yo'li bilan bir oz o'sdi17. Xullas tragediya ko'p o'zgarishlarni kechirgach, o'ziga xos tabiiy xususiyatlarini kashf etgan holda to'xtab qoldi. Aktyorlar ishtiroki masalasiga kelganda, Esxil bitta aktyor o'rniga ikkita kiritdi, xor qismini ozaytirdi va dialogni birinchi o'ringa qo'ydi, Sofokl esa aktyorlarni uchtaga yetkazdi va dekoratsiyalar kiritdi. Kamolot masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, kichik afsonalar va kulgili ifoda usulidan boshlanib, satirik tomoshalar yo'lini bosib o'tgan tragediya allaqachon o'zining ulug'vorlik bosqichiga erishdi; uning vazni ham (troxaik) tetrametrdan yambga aylandi (dastlab tetrometrdan foydalanilgan vaqtlarda poeziya asarlari satirik ruhda va ko'proq raqsga moyil edi, dialog tez rivojlangandan so'ng esa bu xususiyat unga muvofiq keluvchi vaznni kashf etdi, chunki yamb hamma vaznlar ichida jonli so'zlashuv tiliga eng yaqin bo'lib qoldi. Biz bir-birimiz bilan qilgan suhbatda juda ko'p vaqt yamb bilan so'zlashishimiz buning isbotidir, gekzametr esa ba'zan nutq uyg'unligi buzilgandagina juda siyrak uchraydigan hodisadir). Nihoyat, qo'shimcha qismlarning ko'pligi va tragediyaga zarur bo'lgan boshqa maxsus bezaklar haqida, biz yuqorida aytilganlar bilan cheklanamiz, chunki hammasini batafsil tushuntirish haddan tashqari mushkuldir.
V
KOMeDIYaNING MOHIYaTI VA TAKOMILLAShUVI

Komediya esa ta'kidlaganimizdek, yomon kishilarni butunlay badnom qilish ma'nosida bo'lmasa-da, gavdalantirishdir, zero kulgili holat xunuklikning bir qismi xolos. Aslida, kulgili narsa - bu hyech kimning dilini og'ritmaydigan va hyech kimga zarar keltirmaydigan ba'zi bir nuqson va majruhlikdir18. Misol izlab uzoqqa bormaslik uchun, shuni aytish kerakki, kulgili niqob azob(ifodasi)siz yo'l bilan, xunuklik va ayniganlikni tasvirlashdir.


Shunday qilib, tragediya soxasidagi o'zgarishlar va ularning aybdorlari bizga ayon, komediyadagi o'zgarishlar esa bizga noma'lum, chunki unga boshdanoq e'tibor bermaganlar; hatto komiklar uchun xorni endigina arxont19 teatri nisbatan kechikib bera boshladi, dastlab u havaskorlardan tashkil topgan edi20. U muayyaan shaklga ega bo'lgandan keyin esa ijodkorlarining nomlari eslana boshlandi. Ammo niqobni, prologni kim kiritgan, aktyorlar miqdorini kim orttirgan va boshqa qator masalalar nomalum bo'lib qolmoqda. Kulgili rivoyatlarni Epixarm va Formiy yoza boshladilar. Bu kashfiyot dastavval Gretsiyaga Sitsiliyadan o'tdi, biroq Afina komiklaridan Kratet birinchi bo'lib yamb bilan she'r yozishni tashlab, nutq (dialog) va umumiy ruhdagi rivoyatlarni yarata boshladi21.
TRAGeDIYaNING EPOSDAN FARQI
Epopeya muhim narsalar (shaxslar va xatti-harakatilar )ni aks etirishga intilib, dabdabali vazndan tashqari barcha sohalarda tragediyaga ergashdi. Epopeya tragediyadan vazinning bir xilligi va bayon uslubi bilan, shuningdek, hajmi bilan farqlanar edi. Zero tragediya iloji boricha bir kunlik (yoki undan sal oshiqroq) vaqt doirasiga joylashishga intiladi, epopeya esa vaqt jihatidan cheklanmagan, asosiy farq ana shunda; darvoqye, dastlab bu xususiyat tragediya va eposlarda bir xil amalga oshirilardi. Tragediyaning ba'zi qismlari epopeyaga mushtarak, ba'zi qismlari esa faqat o'ziga xos xususiyatlariga ega. Shuning uchun yaxshi bilan yomon tragediyani farqlay oladigan kimsa eposlarning yaxshi yomonini ham ajrata oladi. Chunki, epopeyada nima bo'lsa, u tragediyada ham mavjud, ammo tragediyada nima bo'lsa, hammasi ham epopeyada mavjud bo'lavermaydi.
VI
TRAGeDIYa. UNING MOHIYaTI

Geksametrlarda tasvirlash san'ati va komediya haqida keyinroq to'xtalamiz. Hozir esa yuqorida aytilganlardan muayyan mohiyati anglashiluvchi tragediya haqida mulohazalar yuritamiz. (Mana bu ta'rif:) Tragediya muayyan hajmli, turli qismlari turlicha sayqallangan til yordamida, bayon vositasida emas, balki xatti-harakat orqali ko'rsatiladigan va iztirob bilan inson ruhini poklovchi muhim va tugal voqyea tasviridir.


�Sayqallangan til� deganda men ritm, garmoniya va musiqiylikka ega bo'lgan tilni nazarda tutaman. �Turli qismlari turlicha sayqallangan� deganda esa, ba'zi qismlari faqat vazn bilan, boshqa qismlari ham vazn, ham musiqiylik bilan bezalgan nutq anglashiladi.
TRAGeDIYa. UNING ELeMeNTLARI
Aks ettirish harakat orqali ifodalangani uchun, zaruriylik nuqtai nazaridan tragediyaning birinchi elementi (yoki qismi) manzara, ko'rinish orastaligi bo'ladi, undan keyin, ikkinchisi, muzika qismi va uchinchisi nutqdir. Faqat ana shu vositalar orqaligina aks ettirish sodir bo'ladi. Nutq deganda men asarning vazn qurilishini ko'zda tutaman. Muzika qismi nimani anglatishi esa izohsiz ham ravshandir.
Shunday qilib, tragediya xatti-harakat tasviri bo'lib, u esa muayyan xarakter va fikrlash tarziga ega bo'lgan qahramonlar tomonidan amalga oshiriladi. (Xuddi shunga muvofiq biz ularni qandaydir xatti-harakatlar deb ataymiz). Tabiiyki, bundan xatti-harakatlarning ikki sababi - xarakter (tragediyaning to'rtinchi elementi) va fikr - g'oya (beshinchi element) kelib chiqadi. Ana shu fikr va xarakterga muvofiq faol shaxslar muvaffaqiyatga yoki muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Harakat tasvirining o'zi esa (oltinchi element) rivoyat - voqyeadir22. Aslida rivoyat (mifos) deb men voqyealar oqimni, xarakter deb esa, biz u yoki bunday deb ataydigan ishtirok etuvchi shaxslarni nazarda tutaman. Fikr (g'oya) deganda ishtirok etuvchilarning aniq nimagadir ishora qilishlari yoki umumiy mulohaza(hukm)lari anglashiladi.
Shunday qilib, har qanday tragediyada olti element mavjud bo'lishi kerak. Bular - rivoyat, xarakterlar, til, fikr-g'oya, tomosha va muzika qismlari. Bu qismlardan ikkitasi (til va muzika) tasvirlash vositalariga, bittasi (tomosha) - tasvirlash usuliga, uchtasi (rivoyat, xakaterlar, g'oya) tasvirlash predmetiga kiradi.
RIVOYaT VA UNING MUHIMLIGI
Biroq bu qismlardan eng muhimi - voqyealar oqimidir. Chunki aslida tragediya, kishilarni tasvirlash emas, balki harakat va hayot, baxtlilik va baxtsizlikni tasvirlashdir, baxt va baxtsizlik esa, doimo xatti-harakatdan bo'ladi. Tragediyada aks ettirishning maqsadi ham qandaydir fazilatni emas, xatti-harakatni talqin etishdir. Xarakter kishilarga fazilat baxsh etadi, faqat xatti-harakat natijasidagina ular baxtli va baxtsiz bo'lishlari mumkin. Tragediyada harakat faqat xarakterlarni tasvirlash uchungina amalga oshirilmaydi, ular (xarakterlar) xatti-harakat orqali ko'rsatiladi xolos. Shunday qilib, tragediyaning asosiy maqsadini rivoyat, voqyea tashkil etadi, maqsad esa hammasidan muhimdir. Bundan tashqari, tragediya harakatsiz yashay olmaydi, xarakterlarsiz esa yashay olishi mumkin. Masalan, yangi tragediyalarning ko'pchiligida xarakterlar tasvirlanmaydi23. Umuman rassomlardan Zevksid va Polignot bir-biridan qanday tafovut qilsa, ko'pchilik shoirlar ham o'zaro shunday farqlanadilar. Polignot haqiqatan ham xarakterlarni a'lo darajada chizguvchi edi. Zevksid asarlaridan esa xarakterlar mutloq uchramaydi. So'ngra, kimki ataylab ko'plab xarakterli, o'zgacha iboralar, ajoyib ifoda va fikrlarni aralashtirib tashlasa, u tragediya oldiga qo'yiladigan vazifani bajara olmaydi, ammo shulardan oz daraja foydalangan, biroq rivoyat va voqyealar oqimiga ega bo'lgan tragediya o'z vazifasini nisbatan yaxshiroq amalga oshiradi. Tragediyaning ruhni rom etuvchi eng asosiy burilish nuqtalari ham rivoyat qismlaridadir. Yana bir dalil. Tragediya yozmoqchi bo'lgan ijodkor eng avvalo til, nutq va xarakterlarda muvaffaqqiyat qozonishi mumkin (voqyeada esa - keyin.) Qadimgi shoirlarni deyarli barchasi shunday24. Shunday qilib, tragediyaning boshlanishi, uning qalbi rivoyat bo'lib, xarakterlar esa ikkinchi o'rinda keladi. Rassomlikda ham xuddi shunga o'xshash holni ko'ramiz. Kimdir eng yaxshi bo'yoqlarni chaplashtirib tashlagani bilan kishiga oddiy suratchalik zavq bera olmaydi. Buning ustiga tragediyaning inson qalbini havaslantirishiga qaraganda ham eng zaruri voqyea qismining mohiyati - kutilmagan holatlar va sirning ochilishidir.
Tragediyaning uchinchi qismi fikr(g'oya)dir. Bu siyosat va notiqlik ko'magida erishiladigan, ishning mohiyati va sharoitlariga taalluqli bo'lgan narsani so'zlay olish mahoratidir. Qadimgi shoirlarda shaxslar siyosatdonlardek gapirsa, hozirgilarda esa notiqlar sifatida tasavvur qilinadi. Inson maylining nimadadir namoyon bo'lishi, kimning nimanidir afzal deb hisoblagani yo nimanidir yoqtirmagani - xarakterdir; yoki gapiruvchining nimani ma'qullagani yoki yoqtirmagani aniq ifodalanmagan nutqda xarakter gavdalanmaydi. G'oya esa - nimaningdir borligi yoki yo'qligi yoxud umuman nimaningdir ifodalanishidir. So'z bilan ifodalashning to'rtinchi qismi nutq, ya'ni so'z vositasida mulohaza yuritishdir. Bu, yuqorida aytilganidek, vazndagina emas, nasriy nutqda ham bir xil ahamiyatga ega bo'lgan so'z orqali tushuntirishdir. Qolgan beshinchi, muzikali qism bezaklarning asosiysidir. Sahnaning jihozlanishi - tomosha esa, qalbni o'ziga rom etsa ham, biroq u poeziya san'atidan mutloq tashqarida turadi va poeziyaga kamroq taalluqlidir, chunki tragediyaning kuchi ijodiy bahssiz ham, aktyorsiz ham seziladi. Buning ustiga yana, sahnani bezashda shoirlarga qaraganda dekorator san'ati ko'proq ahamiyatga molikdir.
VII

TRAGeDIYaNING YaXLITLIGI


Bu xususiyatlarni e'tirof etgach, voqyealarning uyg'unlashuvi qanday bo'lishi kerak, degan masalaga to'xtalamiz, chunki bu tragediyada birinchi va eng zaruriy qismdir. Tragediya muayyan hajmga ega bo'lgan, tugal va bir butun voqyeaning tasviri ekanligini e'tirof etdik. Chunki hyech qanday hajmsiz yaxlitlik ham bo'ladi. Yaxlit narsa ibtidosi, o'rtasi va intihosi bo'lgan narsadir. Ibtido boshqa narsaning ketidan kelishi zarur bo'lmagan, aksincha, tabiat qonuniga ko'ra, orqasidan nimadir keluvchi yoxud sodir bo'luvchi nirsadir; aksincha, intiho zaruriyat tufayli yoxud odatga ko'ra albatta boshqa narsa ketidan keluvchi narsadir; undan keyin esa hyech narsa bo'lmaydi; o'rta esa o'zi boshqa narsaning ketidan keluvchi va uning ketidan ham boshqa narsaning kelishiga asoslangan. Shunday qilib, yaxshi tuzilgan rivoyatlar duch kelgan joydan boshlanib, yana duch kelgan joyda tugamasligi, balki ko'rsatilgan qoidalar asosida bo'lishi lozim.
TRAGeDIYa HAJMI
So'ngra, muayyan bo'laklardan tarkib topgan, tartibli va ayni chog'da har qanday hajmga emas, balki muayyan hajmga ega bo'lgan mavjudot, har qanday narsa go'zaldir; go'zallik hajm va tartibdan kelib chiqadi, haddan tashqari kichkina bo'lgan mavjudot go'zal emas, chunki sezilar-sezilmas vaqt ichida qaralganda uning barcha xususiyatlari aralashib ketadi. Haddan tashqari katta narsa ham go'zal emas, masalan, o'n ming bosqichli narsani bir nigohda qamrab olish mumkin emas; ko'ruvchilar uchun narsaning butunligi va yaxlitligi yo'qoladi. Shunday qilib, jonli va jonsiz go'zal narsalar bir qarashda sezib olinadigan hajmga ega bo'lishi kerak, bas, shunday ekan, rivoyatlar ham oson esda qoladigan hajmga ega bo'lishi lozim. Rivoyatning uzunligini teatr musobaqasi va (tomoshabinlarning) hissiy idrok etishi nuqtai nazaridan ta'riflash poeziya san'atining ishi emas. Agar o'zishuvda yuzta tragediya ko'rsatish lozim topilgan bo'lsa, suv vaqti asosida musobaqalashgan bo'lur edilar, ilgarilari xaqiqatan ham shunday bo'lgan deyishadi. Hajm asarning mohiyatidan kelib chiqadi. Har doim yaxshiroq tushuniladigan narsa hajman ham go'zalroq bo'ladi. Shu tariqa oddiy ta'rif berib, shunday hajm qoniqarliki, uning ichida voqyealar ham ehtimoliyat, ham zaruriyatga ko'ra to'xtovsiz davom etadi, baxtsizlikdan baxtga yoki baxtdan baxtsizlikka tomon keskin o'zgarish bo'lib turadi, deb ayta olamiz.
VIII
VOQyeA BIRLIGI

Rivoyat, ba'zilar o'ylaganidek, bitta qahramon atrofida aylansagina bir butun bo'lavermaydi: chunki bir (shaxs) bilan aloqador bo'lgan cheksiz, son-sanoqsiz hodisalar yuz berishi, hatto, ularning ba'zilari hyech qanday butunlikka ega bo'lmasligi mumkin. Bir shaxs xatti-harakati ham xuddi shunday ko'p miqdorlidir, ulardan hyech qanday yagona voqyea yaratib bo'lmaydi. Shuning uchun �Gerakleida�, �Feseida� va shunga o'xshash poemalarni yozgan shoirlar yanglishayotganga o'xshaydi25. Ular Gerakl bitta edi, (u haqda) rivoyat ham bitta bo'lishi darkor, deb o'ylashmoqda. Gomer, (o'zga shoirlardan boshqa barcha sohalarda farqlanganiday) chamasi, badiiy mahorati yoki tabiiy iste'dodi tufayli bu masalaga ham to'g'ri qaragan. U �Odisseya�ni ijod etganida, qahramon nimalarni boshidan kechirgan bo'lsa, hammasini, masalan, u Parnasda qanday yarador bo'lganini, urushga yordam to'plash vaqtida qanday qilib o'zini jinnilikka solganligini ko'rsatmadi, chunki bu voqyealardan birining orqasidan boshqasi ro'y berishi uchun hyech qanday zarurat (yoki) ehtimollik yo'q edi; ha, u �Odisseya�ni, shuningdek, �Iliada�ni ham biz aytgan ma'noda bir voqyea doirasida yaratdi. Binobarin, aks ettirishning o'zi, boshqa muqallid san'atlardagi singari, bitta (narsa)ga solishtirishdir, shuningdek, rivoyat ham bitta va ayni vaqtda yagona va yaxlit voqyeaning tasviri bo'lishi lozim. So'ngra voqyealarning qismlari shunday joylashtirilishi lozimki, biron qism almashtirilganda yo olib tashlanganda yaxlit narsa o'zgarib ketsin, yo harakatga kelsin, chunki mavjudligi yo mavjud emasligi sezilmayotgan narsa butunning uzviy qismi bo'la olmaydi.


IX
VOQyeADAGI XUSUSIYLIK VA MUShTARAKLIK

Aytilganlardan shu narsa ma'lum bo'ladiki, shoirning vazifasi haqiqatan bo'lib o'tgan voqyea haqida emas. Balki sodir bo'lishi mumkin bo'lgan, demak, bo'lishi taxmin etilgan yo bo'lishi zarur bo'lgan voqyea haqida so'zlashdir. Zero, tarixchi va shoir bir-biridan bir vazn-nazmda, boshqasi esa nasrda yozishi bilan farqlanmaydi. (Axir Gerodot asarlarini ham she'rga solish mumkin. Biroq uning asarlari xoh nazmda, xoh nasrda bo'lsin, baribir tarixligicha qolaveradi.) Tarixchi va shoir shu bilan tafovutlanadiki, ularning biri haqiqatan bo'lgan, ikkinchisi esa bo'lishi mumkin bo'lgan voqyea haqida so'zlaydi. Shuning uchun poeziya tarixga qaraganda falsafiyroq va jiddiyroqdir: poeziya ko'proq umumiy, tarix esa alohida voqyealarni tasvirlaydi. Poeziyada qandaydir xarakter ehtimol yo zaruriyat tufayli unday yo bunday so'zlashi, harakat qilishi kerak. Mana shuni umumiylik deyiladi. Poeziya qahramonlarga ism qo'yish orqali umumiylikka intiladi. Endi, masalan, Alkiviadning nima qilgani, unga nima bo'lgani esa - bu yakka, alohida hodisadir. Komediyada shundayligi hyech qanday shubha tug'dirmaydi. Unda shoirlar ehtimollik qonunlari asosida rivoyat tuzib, qahramonlarga xohlagan ismlarni qo'yadilar, ular yambdan foydalanuvchi shoirlarga o'xshab, ayrim shaxslar uchungina (hajv) yozishmaydi. Tragediyada nomlarni o'tmishdan olishga rioya etiladi, buning sababi shuki, (faqat) sodir bo'lish imkoniyati bor, ehtimol tutilgan voqyealargina ishonchli bo'ladi. Ehtimolligi, yuz berish imkoniyati yo'q voqyealarga esa ishonmaymiz, yuz bergan narsa, shaksiz, ishonchlidir, chunki u agar yuz berish imkoni bo'lmaganda sodir bo'lmagan bo'lur edi. Shunday bo'lsa-da ba'zi tragediyalarda bitta yo ikkita ism mashhur, qolganlari esa o'ylab topilgan, ba'zilarida esa hatto bitta ham mashhur nom yo'q. Masalan, Agafonning �Gul�ida voqyealar ham, nomlar ham bir yo'sinda to'qimaligiga qaramay, bu asar baribir shuhrat qozonmoqda26. Shunday ekan, tragediyaga asos bo'ladigan an'anaviy rivoyatlarga mahkam yopishib olish shart emas. Bunga intilish haqiqatan kulgilidir, chunki hatto ayon bo'lgan voqyea oz kishilargagina tushunarli bo'lsa-da, biroq hammaga bir xilda yoqadi. Demak, bundan shu narsa ma'lum bo'ladiki, shoir faqat vaznlarni emas, ko'proq rivoyatlarni ijod etishi lozim, chunki u tasvir vositasida harakatni gavdalantira olgani uchun ham shoirdir. Hatto unga haqiqatan bo'lib o'tgan voqyeani tasvirlashga to'g'ri kelganda ham, u ozmi-ko'pmi shoir bo'lib qoladi. Chunki haqiqatan bo'lib o'tgan voqyealardan ayrimlarining ehtimollik va imkoniyat tufayli qanday sodir bo'la oladigan bo'lsa, o'shanday sodir bo'lishiga hyech narsa xalaqit etmaydi. Bu jihatdan shoir ularning ijodkoridir.


Oddiy rivoyat va voqyealardan eng yomoni epizodiklaridir. Epizodik rivoyat, deganda men rivoyatdagi epizodlarning har qanday ehtimolsiz va zaruriyatsiz birin-ketin kelishini nazarda tutaman. Bunday tragediyalar27 yomon shoirlar tomonidan, iqtidorsizliklari natijasida, yaxshi shoirlar tomonidan akterlarni nazarda tutib yaratiladi. Ular musobaqalarda aktyorning imkoniyatlarini ko'rsatish uchun ichki mazmunga zid tarzda, ko'pincha voqyeaning tabiiy tartibini buzishga majbur bo'ladilar.
Tragediya faqat tugal voqyeanigina emas, balki qo'rqish va hamdardlik uyg'otuvchi voqyealarni ham tasvirlashdir. Oxirgisi ayniqsa kutilmagan voqyea sodir bo'lgan paytda, qolaversa, bir voqyea ortidan kutilmaganda boshqa voqyea yoki shu yo'sinda, hayron qoldiradigan hodisa o'z-o'zidan va tasodifan ro'y bergandagina yuzaga keladi. Chunki tasodiflar orasida ko'pincha, atayin qilinganday tasavvur hosil qiluvchi voqyealar nisbatan hayron qolarlidir. Bunga Argosdagi voqyea misol bo'la oladi. Mitiy o'limining aybdori uning, Mitiyning haykaliga qarab turganida, haykal qulab tushib, uni halok etadi28. Shunga o'xshash narsalar tasodifiy ko'rinmaydi. Shunday ekan, shunga monand rivoyatlar zarur va eng yaxshidir.
X
MURAKKAB VA SODDA RIVOYaTLAR

Rivoyatlarning ayrimlari oddiy, boshqalari esa to'qib chiqarilgan bo'ladi. Chunki rivoyatlarda aks etgan voqyealar ham xuddi shundaydir. Men, shunday to'xtovsiz va yagona voqyeani sodda deb aytamanki, unday voqyea davomida (yuqorida aytilganidek) taqdir o'zgarishi keskin burilishsiz va to'satdan anglashsiz sodir bo'ladi, to'qima rivoyatlarda esa keskin bo'lishi va to'satdan anglash yoki ularning har ikkisi vositasida sodir bo'ladi. Buning hammasi rivoyat tarkibidan, avvalgi voqyeaning zaruriyat yo ehtimollik asosidagi davomi tarzida kelib chiqishi kerak. Chunki biron narsa sababli boshqa narsaning kelib chiqishi bilan bir narsadan keyin boshqa narsaning kelib chiqishi o'rtasidagi farq kattadir.


Izohlar:

1. Difiramb - madhiya, qasida; avletika - nay chalish; kifaristika - liraga o'xshash cholg'u asbobi, kifara chalish san'ati.


2. Yalang'och(vaznsiz) - so'z vositasida, ya'ni prozada.
3. Prozaik va she'riy so'z san'ati badiiy adabiyot degan umumiy nom bilan atalmagan edi.
4. Miloddan avval V asrda yashagan ota-o'g'il Sofron va Ksenarx prozada asar yozishgan, ular ijodi Suqrotona dialoglarga ta'sir etgan.
5. Empedokl - mil.av. V asrda yashagan, �Tabiat haqida� poemasining avtori, Aristotel boshqa bir o'rinda uni �eng Homerona� shoir deydi. Ammo, shunga qaramay, �aks ettirish predmetiga ko'ra� u shoir emas, olimdir.
6. Xeremon - mil.av. IV asrda yashagan, drama ijodkori.
7. Mashhur Polignot va Kolofonlik Dionisiy yunon-eron urushlari davri (mil. av. VI asr) da yashagan. Karikaturachi Pavson sal keyinroq, Aristofan davrida o'tgan.
8. Kleofont - keyinroq tuban poeziya vakili sifatida tilga olinadi. Gegemon (V asr oxiri) va Nikoxar (IV asr) komediograflar; Timofey va Filoksen - IV asr xor lirikasida yangi uslubning eng yirik vakillari. Ular tuban narsalar tasviri bilan hayratlantirishgan(Filoksenning mashhur odasida bir ko'zli dev Polifemning sevgisi ko'rsatiladi).
9. Bu yerda a) qahramonlar nutqi beriladigan epos, b) difiramb, v) drama sanab ko'rsatilmoqda.
10. M.Gasparovda: xalq hokimiyati
11. Afinada �kom�lar deb qishloqlarni emas, aksincha shahar mahallalarini aytishgan.
12. O'xshatish, aks ettirish tabiiyligi har qanday san'atning manbai, garmoniya va ritm tabiiyligi - poeziya san'atining manbai.
13. M.Gasparovda: la'nat qo'shiqlari.
14. Dramatik tasvirlar - ya'ni drama syujetidagi keskin o'zgarish, to'satdan bilish va boshqa elementlardan iborat tasvirlar.
15. Qadimiy hajviy poema, odatda Gomerga nisbat beriladi. Bu poemadan bizgacha faqat ayrim kichik parchalargina yetib kelgan.
16. O'z holicha - rivoyat, xarakter, nutq va fikrda o'z holicha, muzika va sahna bezagida - teatr tomoshasi sifatida.
17. Aristotel xor qo'shiqlari orasida kuylovchi boshlovchilarni birinchi akterlar deb hisoblaydi.
18. �Xato� - xatti-harakatda, �majruhlik� - xarakterda. Nuqson tragediya asosida ham bor, lekin u yerda �dardli� va �zararli�.
19. Arxont teatri - davlat, hukumat teatri
20. Tragediyada xor VI asr oxiridan, komediyada - 465 yildan davlat hisobiga o'tgan. Binobarin, Xionid va Magnet u vaqtda havaskorlar orasida ijro etishgan.
21. Epixarm va uning izdoshi Formiy ilk marta �qohish� qo'shiqlaridan �kulgili� qo'shiqlarga o'tgan shoirlar sanaladi. Kratet ham attika komediyasida shunday qilgan. Aristotel asaridagi �rivoyat�, �mif� lotincha tarjimada �fabula� deb olindi va adabiyotshunoslikda keng ommalashib ketdi.
22. V.Appelport tarjimasida - fabula, M.Gasparovda - rivoyat. M.Gasparovning ta'kidlashicha, Aristotel uchun fabula - erkin o'ylab topilgan syujet emas, balki aynan fojiiy ruhdagi mif, rivoyatdir.
23. �Eng yangi�, yevripiddan keyingi davr shoirlari, chamasi, an'anaviy rivoyatlardagi bir xillikdan qutulish uchun syujetlarni ishlashga alohida e'tibor berishgan bo'lsa kerak.
24. Yangi tragiklar, chamasi, nutq - tildan asosan syujetdagi o'zgarib turuvchi vaziyatlarni tasvirlash uchun e'tiborni syujetga qaratishgan.
25. Manbalarda to'rtta �Hyeraklnoma� va uchta �Feseynoma� (�Teseynoma�) tilga olinadi.
26. Agafon - yevripidning kichik zamondoshi, Platonning �Bazm� asari qahramoni, tragik poeziyaga muhim yangiliklar kiritgan. Uning pesasi �Gul�, �Anfey� (to'qima ism) deb o'qilishi mumkin.
27. M.Gasparov tarjimasida rivoyatlar deb berilgan.
28. Aragoslik Mitiy - Demosfen tomonidan jang arava egasi deb tilga olinadi. Mitiy musobaqa g'olibi sifatida haykal bilan mukofotlangan bo'lishi mumkin.


Download 0.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling