Tog’rayhon (Origanum titthanthum). Tog’rayxon ko’p yillik o’simlik bo’lib, bo’yi 75 sm gacha yetadi.
Tog’rayhon juda qadrlanadigan ziravor bo’lib, dorivor hamda efir moyli o’simliklardan hisoblanadi. Uning yer ustki massasi juda ham yoqimli hidlidir. Bu o’simlikning ko’k va quritilgan massasi xushta’m, bir oz achituvchi bo’lib, efir moyidan olinadigan mentolni eslatadi. Undan ziravor sifatida, har xil konservalar tayyorlashda, bodring, karam, pomidor, uzum, olma va tarvuzlarni sirkalash va tuzlashda foydalansa bo’ladi. Qazi, kolbasa, konfet, shuningdek spirtli va spirtsiz ichimliklar tayyorlashda maqsadga muvofiqdir. Atir, turli xil sovunlar, tish yuvadigan pastalar ishlab chiqarishda va choylarga yoqimli hid berishda ishlatish mumkin. O’simlikning quritilgan ko’k massasi meva qoqilarini qurtlashdan saqlashda foydalidir.
Tog’rayhon qadimdan shifobaxsh o’simlik ekanligi ko’pchilikka ma’lum. Uning yer ustki qismi gullash davrida ovqat hazm qilish a’zolarining ish faoliyatini yaxshilash uchun ishlatiladi. Medisinada undan tayyorlangan sharbatlar uyqusizlikka qarshi hamda siydik haydovchi vosita sifatida foydalaniladi. Shuningdek, tanadagi dog’larni ketkazishda, undan olinadigan efir moyi esa tish og’rig’ini davolashda qo’l keladi.
Tog’rayhon asal-shirali o’simlik hisoblanadi. Uning guli nektar moddasiga boy. Gullash davrida gektaridan 120 kg dan asal olish mumkin. Tog’ rayhon tarkibida 0,7— 1,5% xushbo’y efir moyi, oshlovchi hamda mineral moddalar, organik kislotalar hamda turli vitaminlar bor.
Kiyiko’t (Ziziphora pedicellata Pazijet ved.) yalpizdoshlar oilasiga kiruvchi, bo’yi 40 sm keladigan ko’p yillik o’simlikdir. Kiyiko’t mahalliy xalqlarning sevimli ziravorlaridan bo’lib, undan har xil taomlar va salatlar tayyorlashda ishlatilib kelinmoqda. Kiyiko’tdan meva sabzavot mahsulotlarini tuzlashda foydalanish mumkin. Kiyiko’t turli go’sht va baliq mahsulotlarini konservalashda va vino, likyor ishlab chiqarishda qo’llanilishi mumkin. Bu o’simlik qoramurch va lavr barglaridan ko’ra shifobaxshligi, xushta’mligi bilan ustun turadi. Kiyiko’t xalq tabobatida yurak sanchish kasaliga qarshi qaynatilib ichiladi. Uning barg, poya va to’pgullarida 0,06—2,3% gacha efir moyi bo’ladi. Efir moyi och yashil yoki sariq, jigar rang bo’lib, uning tarkibini mentol, menton, pulegon, pinen tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |