Guliston davlat universiteti ekologiya va geografiya kafedrasi
-savol bayoni:O‘rta Osiyo relefini o‘rganilishi
Download 1.47 Mb.
|
Majmua O\'rta Osiyo
4-savol bayoni:O‘rta Osiyo relefini o‘rganilishi. O‘rta Osiyo hududi er yuzasining tuzilishi o‘ziga xos bo‘lganligi tufayli uning geomorfologik xususiyati qadimgi zamonlardan boshlab olim va sayohlarni o‘ziga jalb etgan. Uning tabiati va relefi O‘rta Osiyodan IX-XII asrlarda chiqqan ensiklopedist olimlarni qiziqtirgan. Bular safiga, H.Hasanovning (1964) ko‘rsatishicha, IX asrda ijod qilgan Muhammad Ibn Muso Xorazmiyni kiritish mumkin. Bu olim o‘zining “Surat al-arz” (“Erning tasviri”) nomli yirik geografik-kartografik asarida boshqa geografik obektlardan tashqari 200 dan ortiq tog‘lar tafsilotini bergan. SHu asrda yashab, ijod qilgan Abu Abdulla Jayxoniy O‘rta Osiyodan sharq, g‘arb, shimol va janubga boradigan yo‘llar haqida yozib, u tomonlardagi tog‘lar, vodiylar, qirlar va boshqa geografik obektlarni tasvirlaydi. Afsuski, u yozgan “Masofalar va mamlakatlar” nomli kitobi bizning davrimizgacha saqlanmagan. 983 yilda yozilgan, biroq muallifi noma’lum “SHarqdan g‘arbgacha olamning chegaralari” asarda O‘rta Osiyo relefi haqida ba’zi ma’lumotlar bor.
O‘rta Osiyo haqidagi geografik tasavvurlar, shu jumladan geomorfologiyaning rivojlanishida buyuk o‘rta asr mutafakkir olimi Abu Rayxon Beruniyning xizmati juda kattadir. Bu olimning geografiyaga oid asarlarining soni 20 dan ortiq (shulardan 16 tasi saqlanib qolgan). Beruniy o‘zining “Turar joylarning oralaridagi masofalarni aniqlash uchun joylarning chegaralarini belgilash haqida kitobi” (“Geodeziya”)asaridagi quyidagi fikrlari juda muhimdir. 1. Butun er yuzasi tabiati kabi Amudaryo vodiysi etaklari, Qoraqum va Qizilqum cho‘llari tabiati ham geologik hamda tarixiy o‘tmishi davomida doimo o‘zgarishda, rivojlanishda bo‘lgan. Quruqlik suvlik bilan va aksincha, suvlik quruqlik bilan almashinib turgan. 2. Quruqlikda uchramaydigan dengiz hayvonlari qoldiqlarining uchrashi bu joylarning bir vaqtlar dengiz suvi ostida bo‘lganligining guvohidir. Bu o‘zgarishlarning ikki asosiy manbai bor: bir tomondan, erning ichki kuchlari ta’sirida tog‘larining ko‘tarilishi, cho‘kishi yoki yorilishi, ikkinchi tomondan, oqar suvlar va ko‘llarning erozion-akkumlyativ ishi. Bu ikki kuch relef hosil bo‘lishida va daryolar yo‘nalishining o‘zgarishida muhim rol o‘ynaydi. 3. Qaroqumning katta qismi Amudaryo keltirib yotqizgan yumshoq tog‘ jinslaridan iborat allyuvial tekislikdir. 4. Daryolar migratsiyasini, ya’ni o‘zani yo‘nalishining o‘zgarib turishini ko‘hna Amudaryo misolida yaqqol kuzatish mumkin. 5. Daryo o‘zani yo‘nalishi, vohalarning vujudga kelishi va o‘rin almashinishida juda muhim ahamiyatga ega. Beruniyning yuqorida qayd etilgan fikrlari O‘rta Osiyo geomorfologiyasini rivojlanishini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. O‘rta Osiyoda geomorfologiyasining shakllanishida Abu Ali ibn Sino ham ma’lum hissa qo‘shgan. Bu olim “Kitobi ash-Shifo” asarining bir bo‘limi “Tabiat” deb ataladi. Bu asarda minerallar va yirik relef shakllari (tog‘lar, vodiylar), tekisliklarning kelib chiqishi haqida juda qimmatli xulosalar bor. Abu Ali ibn Sino birinchilardan bo‘lib relef hosil bo‘lishida tashqi (ekzogen) va ichki (endogen) kuchlarining ahamiyatini yozib ketgan. Olim quyidagilarni yozgan: er qatlami, er moddalarining qattiq va yumshoq qismlari bo‘ladi va suv yumshoq qismlarini yuvadi, yoki yumshoq joylarni shamol tekislaydi, bu jarayonda qattiq moddalar ajralib qoladi, natijada tepaliklar, tog‘lar vujudga keladi. O‘rta Osiyoda tug‘ilib ijod qilgan yana bir olim Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘otit turk” nomli tilshunoslar va geograflar orasida juda mashhur asariga dunyo xaritasi ilova qilingan. Xaritada hozir Oloy, Turkiston, Zarafshon, Farg‘ona, Chatqol, Talas, Surxob-Vaxsh vodiysi nomlari bilan ataluvchi orografik elementlar sxematik tarzda bo‘lsada tushirilgan. Maxmud Koshg‘ariyning tasviricha, O‘rta Osiyo er yuzasi tuzilishiga ko‘ra, ikki: tog‘li va tekislik qismlardan iborat. Tog‘li qismi, uning tasviricha, hozirgi Qozog‘iston, qisman Qirg‘iziston va Qashqar o‘lkalariga to‘g‘ri keladi. O‘rta Osiyo hududi va uning tabiati haqidagi geografik tasavvurlarning shakllanishida o‘rta asrda bu o‘lkaga kelgan arab, eron sayyohlarining ham roli bor. Bulardan biri Ibn Rustadir. Uning Amudaryo etaklari va Orol dengizining janubiy sohili haqidagi ma’lumotlari ayniqsa e’tiborga loyiqdir. Uning yozishicha Xorazm (Kot) shahridan narida daryo, ko‘l, botqoqliklar bor, daryo (Amudaryo) ko‘lga (Orol dengiziga) quyiladi. Ibn Rustaning Amudaryo, Sirdaryo deltalari va Ustyurt chinklari to‘g‘risida yozganlari haqiqatga yaqin. Ibn Rustaning zamondoshi Al Masudiydir. U Amudaryoni Balx yoki Jayxun deb ataydi, daryo tog‘lardan boshlanib, g‘arb tomonga oqadi va bir ko‘lga (Orolga) quyiladi. Al Masudiy Orol dengiziga yana bir daryo (Sirdaryo) quyilishligini ham ta’kidlaydi. O‘rta Osiyo orografiyasi to‘g‘risidagi umumiy ma’lumotlar X asrda bu o‘lkaga sayohat qilgan Istaxriy va Ibn Havkal asarlarida ham uchraydi. Bularning asarlariga xaritalar ilova qilingan va ularda O‘rta Osiyoning umumiy orografik chizmasi berilgan. Bundan tashqari, Amudaryo va Sirdaryoning o‘sha davrlarda Orol dengiziga quyilganligi qayd etilgan. XII asrda O‘rta Osiyoga evropaliklardan venetsiyalik Marko Polo kelgan. U SHarqiy va Janubi-SHarqiy Osiyoning ko‘p mamlakatlarida bo‘lib, 1295 yilda (26 yildan so‘ng) vataniga qaytib kelgan va shu yillarda O‘rta Osiyo haqida ko‘plab ma’lumotlar to‘plagan. Uning Amudaryo, Badaxshon va Pomir haqidagi ma’lumotlari qiziqarlidir. Marko Polo Badaxshonning bahaybat, qoyali tizmalari, ular orasidagi chuqur vodiylari, foydali qazilmalari (yoqut va kumush), g‘orlarini tasvirlaydi. Pomirni u dunyodagi eng baland tog‘ deb yozadi. Evropalik sayyohlardan yana biri Ryui Gonzales de Klavixodir. U 1403-1406 yillar Amir Temur imperiyasining poytaxti Samarqandda bo‘lgan. Ryui Gonzales de Klavixo “Buyuk Temirlang tarixi” kitobini yozgan (kitob 1582 yilda chop etilgan). Kitobda Murg‘ob daryosi havzasi, janubiy O‘zbekiston tog‘lari, Qizilqum va Amudaryo sohillari tabiati tasvirlangan. Kitobda Qizilqum relefi va undagi qum tepalar (barxanlar), dung qumlar to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan. Janubi-G‘arbiy Qizilqum barxanlarining kelib chiqishida va harakatida shamollar ishiga to‘g‘ri baho bergan. Zaxriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” nomli mashhur memuar asarida Farg‘ona vodiysidan Hindistongacha bo‘lgan hududidagi boshqa geografik obektlar bilan bir qatorda orografik tuzilishini ham tasvirlaydi. SHaxsan Bobur Farg‘ona botig‘ining relefi, ya’ni atrofi tog‘lar bilan o‘ralganligi haqida yozgan. Boburning zamondoshi, temuriylar avlodi Muhammad Xaydar Mirzo Dug‘lat O‘rta Osiyo, Qashqar, Tibet, Hindiston va Kashmirning ko‘p hududlarida bo‘lib, mazkur hududlar geografiyasiga oid ma’lumotlar to‘plagan. O‘zining “Tarixi Rashidiy” asarida Tyanshanni “Mo‘g‘iliston tog‘lari” deb ataydi va bu tog‘ tizimining umumiy yo‘nalishi va asosiy tarmoqlari haqida to‘g‘ri ma’lumotlar keltirgan. U faqat Tyanshanni emas, balki Oloy, Pomir orografiyasi haqidagi ma’lumotlarga ham ega bo‘lgan. O‘rta Osiyo tabiati, shu jumladan relefini o‘rganish rus sayyoh va olimlari tomonidan XVIII asrdan boshlangan. Bunday ishlar O‘rta Osiyo Rus imperiyasi tomonidan bosib olgandan so‘ng, ayniqsa avj olgan. XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab bu hududga topografik semka qilish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, natijada relefi haqida ma’lumotlar to‘plana boshlangan. Bu ishlarni tashkil qilishda va relefini o‘rganishda Rossiya Geografiya jamiyati katta tashabbus ko‘rsatgan. Bunday ishlarni olib borishda rus sayyoh va olimlaridan A.I.Gluxovskiy, A.V.Kaulbars, M.N.Bogdonov, N.P.Barbot-de Marni, N.A.Seversev, P.P.Semenov-Tyanshanskiy, A.M.Konshin, I.V.Mush-ketov, V.A.Obruchev, L.S.Berg, V.A.Dubyanskiy va boshqalar faol qatnashgan. Mazkur sayyoh va olimlarni O‘rta Osiyo relefi, daryolari asosan Amudaryo va Sirdaryolar yo‘nalishining o‘zgarishi va buning sabablari, daryolarning quruq o‘zanlari, qum massivlari, ularning kelib chiqishi, Orol dengizi suv sathining o‘zgarishi va geomorfologiyasiga oid boshqa muammolar qiziqtirgan. Sayyoh va olimlar ichida P.P.Semenov Tyanshanskiyning ekspeditsiyasi diqqatga sazovordir. U 1856-1857 yillar Tyanshan tog‘lariga ekspeditsiya uyushtirib, Iliorti Olatovi, Kungay Olatovi, Issiqko‘l, Norin vodiysi, Sarijas, Xontangri, Ili vodiysi, Jung‘oriya Olatovi kabi hududlarni orografiyasi, relefi, geologiyasi, tektonikasi va muzliklarini o‘rgangan. P.P.Semenov-Tyanshanskiy ekspeditsiyasiga qadar Evropa olimlarida Tyanshan vulkanik tog‘lar degan tasavvur bo‘lgan. P.P.Semenov-Tyanshanskiy Tyanshan burmali-palaxsali tog‘lar ekanligini isbotlagan. O‘rta Osiyo geologiyasi va geomorfologiyasini o‘rganishda I.V.Mushketov (1915) ham katta hissa qo‘shgan. Mazkur olim bu o‘lkaning bir qancha hududlariga (Janubi-G‘arbiy Tyanshan, Pomir-Oloy, Hisor, Amudaryoning o‘rta va quyi qismlari, Farg‘ona botig‘i va uni o‘rab olgan tog‘ tizmalari, Turon tekisligi va boshqalar) sayyohat tashkil qilib, bu hududlar geologiyasi, paleogeografiyasi, tabiiy geografik va geomorfologik jarayonlari haqida boy ma’lumotlar to‘plagan, ko‘plab maqalolar va “Turkiston” nomli 3 tomlik asar yozib, nashr qilgan. Bu asarida O‘rta Osiyoning muhim geologik, orografik, paleogeografik muammolarini yoritgan. I.V.Mushketov orografik birliklarni geologik strukturalar bilan bog‘lagan. U O‘rta Osiyo tog‘larini 3 ta orografik guruhga (1. SHimoliy yoki Torbog‘atay guruhi; 2. O‘rta yoki Tyanshan guruhi; 3. Janubiy yoki Pomir-Oloy guruhi) bo‘lgan. 1856 yilda O‘rta Osiyoning shimoli-sharqiy qismiga uyushtirilgan xarbiy-ilmiy ekspeditsiyasi tarkibida CHo‘kon Valixonov qatnashgan. Ekspeditsiya Semipalatinskdan chiqib, Issiqko‘lgacha keladi va bu hududlar orografiyasini, gidrografiyasini o‘rganadi, Balxash va Olako‘l bir vaqtlar yaxlit havza bo‘lganligini isbotlaydi, Isssiqko‘lni batafsil o‘rganadi. CH.Valixonov 1858-1859 yillar Qashqarga ham sayyohat uyushtiradi. CH.Valixonov Tyanshanni o‘zi o‘rgangan qismini 3 ta tabiiy rayonga: 1. Baland tog‘ rayoni, 2. Keng tog‘li yoki sirt, 3. G‘arbiy tog‘ tizimlari va zanjirlariga ajratgan va ularni bir-birdan farqini ko‘rsatib bergan. XIX asrning oxirlarida Krasnovodsk-Samarqand temir yo‘li qurilishi rejasi tuzilganligi munosabati bilan maxsus ishlar tashkil qilindi va bu ishlar V.A.Obruchev va K.I.Bodanovichlar tomonidan olib borildi. V.A.Obruchev (1887) Kaspiy dengizidan Amudaryogacha bo‘lgan Qoraqumning katta qismini o‘rgangan, 1890 yilda “Zakaspiyskaya nizmennost” nomli ish chop etgan va bu hududda bir qancha geomorfologik rayonlar ajratgan. 1899-1902 yillar L.S.Berg Orol dengizini o‘rganish ishlariga rahbarlik qilgan va “Orol dengizi”(1908)nomli monografiyasini nashr qilgan. Monografiyada Orololdi hududining geologiyasi, gidrologiyasi, paleogeografiyasi va dengiz zoologiyasi bilan birga Orol dengizi qirg‘oqlariga tavsif bergan va dengiz qirg‘oqlari tipining yangi-Orol tipini ajratgan. XV asrning boshlarida V.A.Dubyanskiy Orolbo‘yi qumliklarini o‘rganadi. U qum relefining hosil bo‘lishi va evolyusiyasi muammolari bilan shug‘ullanadi, qum tepalarini joylanishini shamollar yo‘nalishi bilan bog‘laydi. Oktyabr to‘ntarishidan keyin ham O‘rta Osiyo tabiatini, shu jumladan geomorfologik tuzilishini o‘rganish ishlari davom etadi. Bu ishlar O‘rta Osiyo hududi tabiatidan halq xo‘jaligining turli tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida olib boriladi. Bu davrda O‘rta Osiyoda turli ilmiy-tekshirish, ishlab chiqarish tashkilotlari va Oliy o‘quv yurtlari qatnashadi. Bularda O‘rta Osiyoning geologiyasi, gidrogeologiyasi, injener-geologiyasi, geomorfologiyasi sohasida ishlar olib boriladi. Bu ishlarni tashkil qilish va o‘tkazishda Markaziy ilmiy-tekshirish tashkilotlari ham jalb etiladi, bir qancha yirik ekspeditsiyalar (Tojikiston, Tojikiston-Pomir, Qoraqum, Qaroqalpog‘iston va boshqalar) uyushtiriladi. Bu ishlarni olib borishda sobiq Ittifoq fanlar Akademiyasi faol ishtirok etadi. Ekspeditsiya tarkibida mashhur geomorfolog olimlardan S.YU.Geller, I.P.Gerasimov, B.A.Fedorovich, K.K.Markov, S.V.Kalesnik, I.S.SHukin, S.S.SHuls va boshqalar qatnashadi va rahbarlik qiladi. Ulug‘ Vatan urushi yillari Moskva va Leningrad shaharlaridan O‘rta Osiyoga taniqli olimlar (A.A.Grigorev, I.P.Gerasimov va boshqalar) evakuatsiya qilinadi. I.P.Gerasimov 1043 yilda “Qozog‘iston geomorfologiyasining hozirgi muammolari” asarini yaratadi. A.A.Grigorev (1944) esa “Qozog‘istonning tabiiy sharoitlari” kitobini chop qiladi. O‘rta Osiyo geomorfologik tuzilishini o‘rganishda o‘zbekistonlik geomorfologik olimlarning roli katta bo‘lgan. 1929 yildan boshlab O‘zbekiston geologiyasi boshqarmasi topshirig‘i bilan YU.A.Skvorsov tomonidan G‘arbiy Tyanshanda geomorfologik syomka qilish ishlari boshlanadi. Bu ishlarni olib borish uchun YU.A.Skvorsov (1941) sobiq Ittifoq geomorfologlari ichida birinchilardan bo‘lib tog‘ va tog‘ oldi hududlarini (daryo vodiylarini) geomorfologik tahlil qilish va xaritaga tushirishning ajoyib uslubini ishlab chiqadi. Bu uslub juda ajoyib bo‘lganligi sababli u sobiq SSSR fanlar akademiyasi axborotlari va Butunittifoq anjumanlari materiallarida chop etiladi. Ushbu uslubni qo‘llab har qanday daryo vodiysining geomorfologik tuzilishi, geologik taraqqiyot tarixi, yotqiziqlari, yangi tektonik harakatlari, daryo yotqiziqlari bilan qadimgi muzliklar yotqiziqlarini korrelyasiya qilish, turli amaliy muammolarni hal qilish, xususan sochma foydali qazilmalarni topish mumkin, YU.A.Skvorsov birinchi bo‘lib G‘arbiy Tyanshan relefi va qadimgi muzliklarning kelib chiqishi hamda landshaftlarning shakllanishida yangi tektonik harakatlar ahamiyatini isbotlaydi. Bulardan tashqari, YU.A.Skvorsov G‘arbiy Tyanshan tog‘laridagi ba’zi daryo vodiylariga, masalan Angren vodiysiga batafsil geomorfologik tavsif beradi. S.S.Shuls (1948) Tyanshan tog‘larining relefini o‘rganishga va yangi tektonik harakatlarini taxlil qilishga katta hissa qo‘shdi. 1963 yilda O‘zbekistonning birinchi geomorfologik xaritasi 1:1200000 masshtabda chop etilgan bo‘lib, xaritadagi ma’lumotlar taxlil qilinib, o‘zbekistonlik bir guruh geomorfolog va geologlar (A.YU.Alferov, N.A.Kogay, YU.YA.Kuznetsov, O.YU.Poslavskaya, YU.A.Skvorsov, G.F.Tetyuxin, B.V.YAskovich) O‘zbekiston hududining geomorfologik tuzilishi haqida (1967) maqola chop etishadi. Maqolada O‘zbekistonning tog‘ oldi va tog‘, tekislik oblastlari relefining taraqqiyoti, xaritada ajratilgan relef tiplari komplekslari (akkumulyativ, tektonik, erozion-tektonik, erozion-glyasial, denudatsion, abrazion, erozion-deflyasion va boshqalar), relef tiplari, kichik relef tiplari va ularning shakllanishi davrlari yoritilgan. O.Yu.Poslavskaya (1949, 1956, 1959, 1963) O‘rta Osiyo hududi geomorfologik tuzilishini o‘rganish sohasida samarali ishlar bajargan. Bu olima 40-yillarning oxirlarida Ustyurt platosi relefi va uning geologik taraqqiyot tarixini o‘rgangan. 50-yillardan boshlab Janubiy O‘zbekiston geomorfologiyasini o‘rganishga kirishgan. Bu hududning hozirgi zamon geomorfologik jarayonlari va relef tiplarini batafsil o‘rgangan, geomorfologik rayonlashtirish tamoyillarini ishlab chiqqan, ajratgan geomorfologik birliklarga keng tavsif bergan. Keyingi yillar O.YU.Poslavskaya (1954) O‘rta Osiyo karst jarayonlari va relef shakllarini o‘rganishga o‘z e’tiborini qaratgan. O‘rta Osiyo, shaxsan O‘zbekistonda geomorfologiyani rivojlanishiga G.F.Tetyuxin muhim hissa qo‘shgan. Bu olim (1952) O‘zbekiston relefi parchalanishi zichligi, relef hosil qiluvchi jarayonlari, geomorfologik xaritasini tuzishda faol qatnashgan. Bulardan tashqari, G.F.Tetyuxin (1987) to‘rtlamchi davrning dastlabki, o‘rta to‘rtlamchi davrning oxirgi, yuqori to‘rtlamchi davrning oxirgi davrlari paleogeomorfologik xaritalarini tuzgan va bu davrlar uchun paleogeomorfologik tavsiflar bergan. Bir qancha olimlar tomonidan O‘rta Osiyoning alohida hududlarining geomorfologik tuzilishi batafsil o‘rganilgan. Bular qatoriga, N.A.Kogayni (1957, 1963) kiritish mumkin. N.A.Kogay CHirchiq daryosining geomorfologiyasini (asosan terrasalarini) o‘rganib, taxlil qilgan. Bundan tashqari, N.A.Kogay Qizilqum cho‘lining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Sulton Vays tizmasi va unga yondosh tekisliklariga geomorfologik tavsif bergan. Bu hududda bir qancha relef tiplari, geomorfologik yuzalar ajratib, ularni taxlil qilgan. M.Mamatqulov (1960, 1960-a) CHatqol daryosining yirik o‘ng irmoqlaridan biri Sandalash daryosi vodiysining geomorfologik tuzilishi va relefining taraqqiyot tarixini o‘rgangan. Bundan tashqari, M.Mamatqulov (1969, 1969-a) O‘rta Osiyoning yirik artezion havzalari (Sirdaryo va Farg‘ona) hududlari geomorfologik tuzilishiga tavsif bergan. 1965 yilda Z.A.Svaricheskaya “Qozog‘iston va O‘rta Osiyo geomorfologiyasi” o‘quv qo‘llanmasini nashr qilgan. O‘quv qo‘llanmada muallif Qozog‘iston va O‘rta Osiyo relefining taraqqiyot tarixi haqidagi mavjud fikrlarni, relefining shakllanish davrlari va relef tiplari komplekslari hamda geomorfologik rayonlashtirish tamoyillari va ajratilgan geomorfologik birliklar tavsifi berilgan. Mashhur geomorfolog olim I.S.SHuqinning (1960, 1964, 1974) universitetlar talabalari uchun mo‘ljallangan 3 tomlik “Umumiy geomorfologiya” darslik va o‘quv qo‘llanmalarining chop etilishi muhim voqea bo‘lgan. Mazkur darslik va o‘quv qo‘llanmalarda geomorfologiya fanining ko‘plab muammolarini yoritishda O‘rta Osiyo hududi geomorfologik tuzilishidan ba’zi ma’lumotlar keltirilgan. Bundan tashqari, bu olim 1983 yilda “O‘rta Osiyo geomorfologiyasi” kitobini nashr qilgan. Kitobda O‘rta Osiyo relefining taraqqiyot tarixi va alohida hududlari orografik va geomorfologik tuzilishi keng yoritilgan. O‘rta Osiyoda turli tabiiy georafik, geologik va geomorfologik jarayonlar ishi natijasida har xil relef shakllari kelib chiqqan. Bular ichida karst tabiatning ajoyib jarayonlaridan biri va jarayonlar faoliyati natijasida turli relef shakllari kelib chiqishi tufayli ko‘pchilik olimlar ularga katta e’tibor berishgan. O‘rta Osiyo hududida tarqalgan karst relef shakllarini o‘rganishga I.A.Kastane, O.YU,Poslavskaya, YA.A.Leven, N.A.Gvozdsskiy, M.A.Abdujabarov, M.Mamatqulov, M.A.Xoshimov, A.Olimov, I.I.Otajonov, K.R.Oripov, P.Otaev, Z.S.Sultonov, S.I,Gols,, A.I.Dzens-Litovskiy, YU.M.Kleyner, A.B.Klimchuk, YU.YA.Kuznetsov, V.I,Kucherchvix, R.X.Xalimov, A.Mamatov va boshqalar katta hissa qo‘shganlar. O‘rta Osiyoda boshqa jarayonlar (gravitatsion, glyasial, suffozion, erozion, akkumlyativ, eol va boshqalar) ishi natijasida kelib chiqqan relef shakllarini o‘rganish sohasida ham ma’lum ishlar bajarilgan. Bular G‘.O.Mavlonov, B.A.Fedorovich, A.G.Boboev, M.Mamatqulov, A.N.Nigmatov, M.SH.SHermatov va boshqalar tomonidan bajarilgan. SHunday qilib, O‘rta Osiyo geomorfologiyasi sohasida ko‘plab ishlar bajarilgan. YUqorida ularning ba’zilari haqidagina to‘xtab o‘tdik. Download 1.47 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling