Guliston davlat universiteti tarix kafedrasi eng yangi tarix


Download 4.26 Mb.
bet49/126
Sana12.11.2023
Hajmi4.26 Mb.
#1768610
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   126
Bog'liq
portal.guldu.uz-ENG YANGI TARIX

1-asosiy savol:
Afg’oniston Respublikasining e’lon qilinishi. 1978 yilgi Aprel inqilobi.


1-asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi
Ko’p yimllik monarxiya tuzumidan so’ng Afg’onistonni respublikaga aylanish jarayonini hamda 1978 yilgi Aprel inqilobi mohiyatini talabalarga tushuntirish.
1-asosiy savolning bayoni:
1933 yili Afg’oniston podshohi Nodirshoh o’limidan so’ng (suiqasd qurboni) uning o’g’li Muhammad Zohir Shoh davlat tepasiga keladi. 40 yil mobaynida u mamlakatni mo’’tadil boshqarib turadi. Bu davrda Afg’onistonning iqtisodiy, siyosiy hayotida jiddiy o’zgarishlar amalga oshiriladi. Mamlakat jahon hamjamiyati bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalar o’rnatadi. 300 ta kichik va o’rta sanoat korxonalari qurildi, shu jumladan 140 tasi sobiq SSSR ko’magi bilan.
Ammo, 1973 yil 16 iyuldan 17 iyulga o’tar kechasi Muhammad Zohir Shoh Italiyada, Neapol shahar klinikasida davolanayotgan bir paytda, Bosh vazir Muhammad Dovud boshchiligidagi bir guruh harbiylar Afg’onistonda to’ntarish sodir etdilar. Oradan bir oy o’tgach, Zohir Shoh o’z ixtiyori bilan taxtdan voz kechadi.
Muhammad Dovud shohlikka barham berib, Afg’onistonni Respublika deb e’lon qiladi. M.Dovud prezident va Bosh vazir sifatida faoliyat yuritadi.
Bu davrga kelib, mamlakatda muxolif kuchlar ham ancha shakllanib qolgan edi. Shunday kuchlardan biri - Afg’oniston Xalq demokratik partiyasi bo’lib, u 1965 yilning 1 yanvarida ta’sis etilgan.
1978 yilning 27 aprelida Muhammad Dovud o’ldiriladi va navbatdagi siyosiy to’ntarish sodir etiladi. "Savr inqilobi" deb ta’riflangan bu harakat mana shu - Afg’oniston xalq demokratik partiyasi tomonidan amalga oshirilgan.
Lekin AXDP ning o’zi ikki qarama-qarshi fraktsiyaga - "Xalq" va "Parcham" ("Bayroq") ga bo’lingan bo’lib, ular orasidagi ichki nifoq nihoyatda kuchli edi. Qiziq bir fakt: Muhammad Dovud va uning yaqinlariga, prezident qarorgohiga qurolli hujum uyushtirgan polkovnik Abdul Qodirdir. Bugun Moskvada yashayotgan mana shu qo’mondon 1973 yili Muhammad Dovudning tarafdori sifatida Zohir Shohni ag’darishga etakchilik qilgan.
30 aprel kuni harbiy - inqilobiy Kengash Afg’oniston demokratik respublikasi tashkil topganini ma’lum qiladi va hokimiyatning oliy organi sifatida yangi tuzilgan Inqilobiy Kengashga boshqaruv vakolatini topshiradi. Unga rahbarlik qilish AXDP markaziy qo’mitasi bosh kotibi Nur Muhammad Taraqiy zimmasiga yuklanadi.
Taraqiy - Bosh vazir, Babrak Karmal - Bosh vazir o’rinbosari, Abdul Qodir - milliy mudofaa vaziri lavozimlarini egallaydilar. Yangi hokimiyat demokratik er islohoti dasturini ishlab chiqdi. Yangi maktablar, turar joylar, ma’muriy binolar bunyod etildi.
Yangi hokimiyatning islohotlari, demokratik islohotlar dushmanlarining g’azabini qo’zg’atdi. Mamlakatdagi diniy ekstremistlar barcha musulmonlarni yangi hokimiyatga qarshi kurashga chaqirdilar. Qurollangan guruhlar shakllana boshlandi. Ular "mujohidlar" nomini oldilar.
AXDP ichidagi kurash ham ayni shu paytda keskinlashdi. "Parcham"ning ayrim rahbarlari, shu jumladan Babrak Karmal va Abdul Qodir hibsga olindilar.
Ushbu holatdan foydalangan Taraqiyning sobiq muovini Hafizullo Amin, 1979 yil mart oyida Bosh vazir lavozimini egalladi. Sentyabr oyida esa u Taraqiyni bartaraf etishga muvaffaq bo’ldi. Keyinchalik Taraqiy o’ldirildi. Shunday qilib, Savr inqilobi tugadi desa ham bo’ladi.
AXDP rahbariyati tor-mor qilingan edi, mamlakatda esa terror rejimi o’rnatildi.
Ana shu holatdan muxolif kuchlar mohirona foydalandilar. Zohir Shoh va Dovud davrida Afg’onistonni tark etgan muxolif kuchlar rahbarlari (Rabboniy, Hikmatiyor, Mujaddadiy) qaytib keldilar. Pokiston, Saudiya Arabistoni va Misr ularni qo’llab-quvvatladi.
1979 yilning oxiriga kelib Afg’onistonning 26 viloyatidan 18 tasida qurollangan muxolif kuchlar hukmronlik qilar edi. Mamlakatdagi barcha demokratik harakatlar barbod bo’ldi. 1979 yil dekabr oyiga kelib hukumat nazorati ostida faqat Qobul shahri qoldi.
Shuni ta’kidlash kerakki, sobiq Sovet Ittifoqi Afg’onistondagi inqilobiy harakatlarni boshidan qo’llab-quvvatlab keldi, chunki bu hudud uning strategik rejalariga kirgan edi. Shuning uchun ham sovet rahbariyati qaltis harakatga qo’l urdi. Garchi Afg’oniston hukumati qat’iyan qarshi tursa-da, 1979 yil 27 dekabr kuni, kechqurun "musulmon rotalari", ochiq aytganda, afg’on harbiylari kiyimini kiygan KGBning "Alfa" guruhi, shuningdek, maxsus xizmat desantchilari Qobulga tutash Tojbekdagi prezident qarorgohiga qurolli hujum uyushtirishadi. Hofizullo Amin va uning ayoli, farzandlari, qo’riqchilari otib tashlanadi.
AXDPning quvg’indagi "namoyondasi" Babrak Karmal Qobul radiosi orqali mamlakat aholisiga murojaat etadi.
29 dekabr kuni sovet tanklari, motorlashgan o’qchi diviziyalar, harbiy qismlar va samolyotlar mustaqil davlat hududiga bostirib kirdilar. Mamlakatni istilo qilib turgan qo’shinning soni 150 ming nafarga etdi.
Ularga qarshi xalq qo’zg’oloni misli ko’rilmagan ko’lam kasb etdi. Hatto ayollar va bolalar ham qo’liga qurol oldi.
AQSh Afg’onistonda sobiq SSSR pozitsiyasini mustahkamlashga yo’l qo’ymasligi kerak edi va ular sovet tajovuzini qaytarish maqsadida Pokistonni o’z platsdarmiga aylantirdilar. Pokiston hududida afg’on jangarilari uchun juda ko’p lagerlar barpo etildi, ularga harbiy yordam berildi.
10 yil davom etgan urush mamlakat iqtisodiyotiga juda katta zarar etkazdi. Yuzlab qishloqlar, 2 mingga yaqin maktab, elektrostantsiyalar yo’q qilindi.
Pokiston hududida 5 mln., Eronda qariyb 1,5 mln. afg’on qochoqlari bor edi. Bu erda yosh afg’onlarni o’z ichiga olgan mujohidlar guruhlari tuzilar edi va ular AQSh mutaxassislari tomonidan o’rgatilar edi.
1989 yili urushni davom ettirish natijasiz bo’lishini anglagan holda, sobiq SSSR o’z qo’shinlarini Afg’oniston hududidan olib chiqib ketdi.
Afg’on urushida boshdan oxir ishtirok etgan 40-armiya qo’mondoni general Boris Gromov aytganiga qaraganda: "Qurollanish borasida bir ularni yuz yil ilgariga siljitganmiz".
1986 yili Babrak Karmal Moskvaga chaqiriladi va unga "mamlakatning oliy manfaatlaridan kelib chiqib, o’z ixtiyori bilan iste’fo berish" taklif etiladi. Uning o’rniga xavfsizlik xizmati rahbari general Najibullo munosib ko’riladi. Najibullo ham o’z o’tmishdoshlari kabi, tabiiyki, Kreml belgilab bergan yo’ldan yuradi. 1987 yilga kelib, Najibullo Afg’onistonni Respublika deb dunyoga qaytadan tanitadi va prezident boshqaruvini joriy etadi.
Mujohidlar esa "Milliy najot" jabhasi rahbari professor Sibg’atulloh Mujaddadiy boshchiligida o’z hukumatini tuzadi.
1992 yil aprel oyiga kelib mujohidlar qo’shinlari inqilobiy rejimni ag’darib, Qobulga kirib keldilar. Najibullo 1996 yilga qadar Qobuldagi BMT qarorgohida panoh topadi.
Asosiy dushman (Najibullo) bartaraf etilganidan keyin mujohidlar orasida ziddiyatlar paydo bo’ldi. Qobul shahri dala komandiri Ahmad Shoh Ma’sud nazorati ostida edi; unga muqobil kuchlarning rahbari general Rashid Do’stum edi.
1992 yili Afg’oniston prezidenti etib Burhonuddin Rabboniy saylandi. Uning vazifasiga Tashkiliy majlis chaqirib, yangi Konstitutsiyani qabul qilish kirar edi.

Download 4.26 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   126




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling