H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi


“Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv kursining nazariy-uslubiy asoslari


Download 1.94 Mb.
bet5/90
Sana30.04.2023
Hajmi1.94 Mb.
#1408774
TuriУчебное пособие
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   90
Bog'liq
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2

1.3. “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” oʻquv kursining nazariy-uslubiy asoslari.
Sobiq Ittifoq davrida millatlarni oʻz otmishlaridan ajratib qoʻyish, ajdodlari, naslu nasabi va butun tarixidan bexabar qilish siyosati mavjud boʻlib, u davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan, komunistik mafkuraning butun mazmun-mohiyatini tashkil etgan edi. Yagona sovet millatini shakllantirish niqobi ostida rus tili, madaniyati, tarixi oʻqitildi, keng targʻib qilindi. Natijada millatlarni yoʻq qilib tashlash, fuqarolar qalbidagi milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini soʻndirish, ular dunyoqarashini chegaralab qoʻyish uchun harakat qilindi. Oʻziga ham, oʻtmishiyu kelajagagiga ham befarqlik va loqaydlik bilan qaraydigan aholi qatlami “tarbiya”lab etishtirildi. Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda milliy tarixga munosabat, tarixshunoslik metodologiyasi va tarixni oʻrganish mazmuni oʻzgardi. Komunistik mafkura rad qilindi, milliy manfaatlardan kelib chiqib xolis va xaqqoniy tarixni yaratish, oʻrganish boshlandi. Bunda ajdodlarimiz erishgan yutuqlardan foydalanish, oʻtmishda qilingan xatolarni takrorlamaslikka alohida e’tibor berildi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq Islom Karimov tarixga munosabatni tubdan oʻzgartirish hayot taqozosi ekanligini dolzarb masala qilib koʻtardi. Tarixga munosabatni, tarixnavislikning metodologiyasini, tadqiqot usuli va uslubini tubdan oʻzgartirish hayot talabi ekanligini koʻrsatib berdi. Yurtimiz tarixi va uni oʻrganishni milliy qadriyat darajasiga koʻtardi.
Mustaqillik yillarida vatanimiz tarixiga yangicha yondashuv quyidagi asoslar bilan bogʻliq boʻldi:
birinchidan, bugungi Oʻzbekiston jahon xaritasida endigina paydo boʻlgan tasoddifiy mamlakat emasligini, uning ildizlari nihoyatda chuqur va qadimiy ekanligini dunyoga koʻrsatish va farzandlarimiz ongiga singdirish;
ikkinchidan, sobiq sovet siyosati va komunistik mafkura taziyqi bilan soxtalashtirilgan tarixni oʻz oʻrniga qoʻyish, tarix haqiqatini, hayot haqiqatini ilmiy haqiqat asosida qayta tiklash. Unga munosib baho berish orqali millatimiz izzatini joyiga qoʻyish;
uchinchidan, shu asosda xalqimiz, ayniqsa yoshlar qalbida milliy gʻurur, milliy iftixor, oʻz ajdodlari bilan faxrlanish tuygʻularini kuchaytirish. Buyuk oʻtmishga munosib buyuk millat boʻlish. Ertangi kunga katta ishonch va mustaqillik gʻoyalariga e’tiqod bilan yashashni turmush tarziga aylantirish.
Oʻzbekistonning eng yangi tarixi mamlakatimiz xalqlarining uzoq oʻtmish tarixining bugungi kun bilan bogʻliq bir qismi, uzviy davomi hisoblanadi. Bu esa Oʻzbekistonning eng yangi tarixini mamlakatimiz xalqlarining tarixiy va madaniy merosi bilan bogʻliq holda oʻrganish zarurligini bildiradi. Oʻz navbatida u global va mintaqaviy voqealar, jarayonlarning ham bir qismi boʻlganligi sababli mintaqada va dunyoda boʻlayotgan voqealar, oʻzgarishlar bilan birgalikda oʻrganish, tahlil qilish zarurligini keltirib chiqaradi. Bunday yaxlit holat, bir butunlik buziladigan boʻlsa tarixiy anglash borasida ayrim tushunmovchiliklar kelib chiqadi.
Oʻzbekistonning eng yangi tarixi oʻziga xos ilmiy nazariy-uslubiy asoslarga ega. Unda mamlakatimizning mustaqillik arafasidagi va mustaqil taraqqiyot davridagi tarixini, uning oʻziga xos tendensiyalari, tarixiy shart-sharoitlari va rivojlanish jarayonlarining eng muhim tomonlari ilmiy asoslangan holda yoritib beriladi. Oʻzbekistonning eng yangi tarixini yoritishda Oʻzbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov asarlari, amaldagi Prezident Sh.M.Mirziyoyev asarlari, ma’ruzalari va koʻplab tarixchi olimlar, tadqiqotchilarning ilmiy ishlari nazariy uslubiy asos hisoblanadi.
1998-yilda Birinchi Prezidentimiz I.A. Karimov tarixchi olimlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuvda soʻzlagan nutqi asosida “Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq” risolasi nashr qilindi. I.A. Karimov tarixchi olimlarni oʻzbek xalqining tarixiy oʻtmishini, uning davlatchilik tarixini oʻrganishda yagona ilmiy konsepsiyani yaritishga chaqirdi. Tarixiy xotirani tiklash milliy oʻzlikni anglashga xizmat qilishini ta’kidlab: “oʻzlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi. Isbot talab boʻlmagan ushbu haqiqat davlat siyosati darajasiga koʻtarilishi zarur”5, - dedi. Bu asar milliy tarixga munosabat oʻzgarishi, yangi qarashlar paydo boʻlishiga asos boʻldi.
I.A.Karimovning 2011-yilda nashr etilgan “Oʻzbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” deb nomlangan asari Oʻzbekiston tarixidagi eng yangi davrni oʻrganishda muhim manba hisoblanadi. Unda respublika rahbari sifatida Islom Abdugʻaniyevich Karimovning mustaqillik masalasidagi qat’iy pozitsiyasi aniq tarixiy hujjatlar asosida koʻrsatib berilgan. Ushbu kitob – sobiq Ittifoqning parchalanishi paytida, Oʻzbekistonda mustaqillikka erishish yoʻlida qabul qilingan hujjatlarni hamda koʻplab faktik va tahliliy materiallarni oʻz ichiga olgan asardir. Kitobga kiritilgan har bir tarixiy hujjatda oʻsha tashvishli zamonning ritmi seziladi, muallifning oʻsha tarixiy voqealarga dahldorligi va bevosita ishtirokchisi sifatidagi munosabati aks ettiriladi. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu kitob yaqin oʻtmish tarixining haqiqiy tasvirini toʻla aks ettirgan.
Tarixni oʻrganishda tadqiqot usullari ham muhim rol oʻynaydi. Tarixiy tadqiqotlarning bir qancha tahlil usullari mavjud:
‒ qiyosiy tahlil usuli ‒ turli tarixiy davrlarda tarixiy maʼlumotlar qanday paydo boʻldi, harakatlandi, oʻzgardi va rivojlandi, jamiyat taraqqiyotida tarixiy fikrlarning paydo boʻlishi hamda rivojlanishi jarayonini aniqlashda qoʻllaniladi;
‒ aniq tahliliy usul ‒ olib borilgan tarix tadqiqoti voqea-hodisalar tafsilotining kelib chiqish sabablari, rivojlanish jarayonini nazariy va faktik materiallarning oʻzaro aloqasida tahlil qiladi, ularning fanda qanday yoritilganligini oʻrganadi;
‒ mantiqiy tahliliy usul ‒ tarixda katta imkoniyatlarga ega boʻlib, tarixiy muammoning oʻziga xos xususiyatlari, tuzilishi, boshqa tarixiy hodisalar bilan bogʻliqligini oʻrganishda qoʻllaniladi. Boshqacha aytganda, maʼlum bosqich yoki davrda tarix fani rivojini jamiyat taraqqiyotining asosiy yoʻnalishi bilan bogʻliqlikda ifodalaydi;
‒ xronologik usul ‒ tarixiy materiallarni vaqt tartibida taqdim etadi. Bu esa turli zamonda ilmiy fikrlarning harakatini, muammoga yondashuvda konsepsiyalar, qarashlar, gʻoyalarning oʻzgarib borishini xronologik tartibda takroriy yoki xilma xil jihatlarini ochib beradi;
‒ sinxron tadqiqot usuli ‒ bu dunyoda yoki jamiyatda sodir boʻlayotgan voqealarni bir vaqtning oʻzida oʻrganish usulidir;
‒ davriylashtirish usulida maʼlum bir tarixiy davriy chegarada tarix fanining sifat, uslub va xususiyatlarining oʻzgarishiga ijtimoiy iqtisodiy munosabatlarning taʼsiri, har bir yangi bosqichda vujudga kelgan ilmiy gʻoyalarni harakatlantiruvchi omil va yoʻnalishlar aniqlanadi;
‒ retrospektiv tahlil ‒ har bir ilmiy adabiyot oʻz davriga taalluqli boʻlib, uning kuchli va kuchsiz jihatlarini oʻzida aks ettiradi. Tarixiy tadqiqotlarda tadqiqotchining vazifasi oʻzidan avvalgi bosqichlarda yaratilgan ilmiy asarlarni zamonaviy bilimlar nuqtai nazaridan oʻrganish, ularning ijobiy va salbiy jihatlarini tahlil qilishdan iborat.
Oʻzbekistonning eng yangi tarixini oʻrganishda yuqoridagi tadqiqot usullaridan tashqari tarixiy modellashtirish usuli, statistik usul va boshqa tadqiqot usullaridan ham foydalaniladi. XX asrda hodisalarning foto-kinematografik va fonda yozib olishning keng tarqalgan yangi usullari yuzaga keldi. Bunday manbalarning miqdori va sifati tezda oʻsib bormoqda. Fotosurat va kino hujjatlari yozma manbalarga qaraganda voqealarni ishonchli aks ettiradi. Bugungi kunda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish tarixiy ma’lumotlarni ommaga qulay va tez taqdim etishga xizmat qilmoqda.
Tarixiy bilimlarning obyektivligi ilmiy tamoyillar bilan ta’minlanadi. Tarixiy bilish tamoyili hodisalarni tahlil qilishda qoʻllanilishi kerak boʻlgan asosiy qoidadir. Asosiy ilmiy tamoyillar - tarixiylik, obyektivlik, muqobillik, ijtimoiy yondoshish va shu kabilardir.
Tarixiylik tamoyili har qanday tarixiy faktni, har qanday hodisani tarixiy vaziyatni umumiy rivojlanish qonuniyatlari bilan hisobga olgan holda oʻrganish zarurligini anglatadi. Tarixiylik tamoyili jamiyat rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchlari, tarixiy shaxslarning xatti-harakatlarining sabablarini tushuntirishga imkon beradi.
Obyektivlik tamoyili faktlar va hodisalarga ularning xilma-xilligi, qarama-qarshiliklari, ijobiy va salbiy tomonlarini hisobga olgan holda yondashishni nazarda tutadi. Tarixiy hodisa va dalillarni oʻrganishning obyektivligi uchun shuni esda tutish kerakki, faktlar toʻplanib, sinchkovlik bilan tahlil qilinishi, tarixiy haqiqat qanday boʻlsa shundayligicha xolis yoritib berilishi zarur.
Muqobillik tamoyili obyektiv voqelik va imkoniyatlarni tahlil qilish asosida ma’lum bir voqea, hodisalar, jarayonlarning ehtimollik darajasini aniqlashga yordam beradi. Ushbu pozitsiya tarixiy alternativalarni hisobga olgan holda, turli mamlakatlarning tarixiy yoʻlini baholash, foydalanilmagan imkoniyatlarni aniqlash va kelajak uchun saboq olish imkonini beradi.
Ijtimoiy yondashish tamoyili tarixchini bir jamiyatda faoliyat yuritayotgan turli xil ijtimoiy guruhlar va ularning rahbarlarining manfaatlarini hisobga olgan holda, jarayonlar va hodisalarni birgalikda ijtimoiy va mehnat faoliyati jarayonida moddiy va ma’naviy manfaatlarning taqsimlanishini hisobga olishga majbur qiladi.
Tarixchi voqea va tarixiy rivojlanish bosqichlarini xolisona baholab borishga chaqiriladi, chunki tarixiy manbalardan topilgan yangi fakt va hodisalar doimiy ravishda toʻplanib boraveradi. Tarixiy manbalar tarixiy jarayonni bevosita aks ettiradigan va insoniyat jamiyatining oʻtmishini oʻrganishga imkon beradigan barcha narsalarni oʻz ichiga oladi.



Download 1.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling