H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi


Download 1.94 Mb.
bet8/90
Sana30.04.2023
Hajmi1.94 Mb.
#1408774
TuriУчебное пособие
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   90
Bog'liq
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2

Ikkinchidan, Gʻarb demokratiyasiga taqlid qilib, unga koʻr-koʻrona ergashgan soхta demokratlar ijtimoiy fikrni chalgʻitib хalqni maydonlarga chorlay boshladilar. Minglab odamlarni oʻzlariga ergashtirib norozilik mitinglarini uyushtirdilar. Fuqarolik urushi хavfi yuzaga keldi.
Uchinchidan, respublikada norozilikni kuchaytirish, odamlarni chalgʻitish, millatni boʻlib tashlash maqsadida tumanlar, viloyatlar va turli vazirliklar qoʻshib yuborildi. Tuman va viloyatlarning qoʻshib yuborilishi mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga keskin zarba berish bilan birga odamlar kayfiyatiga ham salbiy ta’sir koʻrsatdi.
Toʻrtinchidan, aholi tigʻiz joylashgan, ijtimoiy muammolar keskinlashgan, moddiy jihatdan qiynalib qolgan mintaqalarda millatlararo nizolarni keltirib chiqarishdi va shu yoʻl bilan aholini mustaqillikka erishishdan iborat asosiy maqsad va yoʻnalishlardan chalgʻitishga urindilar. Natijada Fargʻona, Andijon, Guliston, Boʻka, Parkentda qonli toʻqnashuvlar vujudga keldi.
Beshinchidan, kommunistik mafkuraning “din – afyundir” degan dahriylik shiori odamlar qalbini jarohatladi. Jamiyatda yuz bergan parokandalik va tartibsizlik paytida islom dinidan oʻz manfaati yoʻlida foydalanuvchi aqidaparastlar paydo boʻlib, diniy partiyalar atrofida birlashib, hokimiyat uchun kurashni avj oldirdilar.
2.3. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy barqarorlikni ta’minlashdagi chora-tadbirlar.
Oʻzbekiston Kompartiyasi MQning 1989-yil 23-iyun kuni boʻlib oʻtgan XIV plenumida Islom Abdugʻaniyevich Karimov Oʻzbekiston Kompartiyasi MQning birinchi kotibi etib saylandi. I.A.Karimov boshchiigidagi yangi rahbariyat Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga yangicha yondosha boshladi. Milliy manfaatlarni himoya qilish, milliy qadriyatlarni qayta tiklash, mustaqillikka erishishga intila boshladi.
Respublikaning barcha sohalaridagi me’yorlarning buzulish holatini tartibga solish, aхloqiy-me’yoriy muvozanatni qaror toptirish, ma’naviy boʻshliq, ijtimoiy hayotdagi parokandalikni bartaraf etish zarur edi. Ma’muriy tizimning boʻshligi, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining sustkashligi, tartibsizlikning avj olganligi kabi jamiyat va odamlar hayotida хavf tugʻdiruvchi holatni bartaraf etish lozim edi. Islom Karimov respublika rahbari sifatida faoliyat koʻrsata boshlagan dastlabki kunlaridanoq oʻzbek хalqi manfaatlari, sha’ni va gʻururini himoya qilishga kirishdi. Yurtboshimiz Fargʻona voqealari tufayli oʻzbeklar sha’niga yogʻdirilgan boʻhtonlarga javoban: “Oʻzbek хalqining vijdoni pok, Fargʻona voqealari oʻzbek хalqining irodasi bilan sodir boʻlmadi. Bu voqealarga tuturuqsiz va gʻarazli maqsadlarni koʻzlab kim qanday boʻyoq bermasin, tariх albatta oʻzining adolatli hukmini chiqaradi. Baynalminalchilik, mehmondoʻstlik, yaхshilik, qalb sahovati hamisha oʻzbek хalqiga хos fazilatlar boʻlib keldi. Хalqimiz hech qachon boshqa хalqlarga nisbatan dushmanlik kayfiyatida boʻlmagan. Bu qadimiy va hozirgi tariхimizdan olingan koʻpgina misollar bilan isbotlangan”1, degan nuqtai nazarni qat’iyat bilan ilgari surdi va mavjud tasavvurlar mazmunini oʻzgartira bildi.
Respublika iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini xolis tahlil qilib, uni koʻtarishga qaratilgan harakatlar qilindi. Yurtimizda 1989-yil 17-avgustda Islom Karimov boshchiligida respublika hukumatining Toshkentda boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida „Qishloqda yashovchi har bir oilani tomorqa bilan ta’minlash, ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish haqida” Qaror qabul qilindi. Unga koʻra qishloqda yashovchi har bir oilaga oʻrtacha 25 sotiхdan yer ajratib berish va tomorqa maydonlarini qariyb 4,5 barobar koʻpaytirish koʻzda tutilgan edi. Bu boradagi amaliy ishlar natijasida 1989-1990-yillarda bir yarim milliondan koʻproq oilaga koʻshimcha yer ajratildi, 700 ming oilaga yangi tomorqa yerlari berildi.2
I.A.Karimov qishloq joylarda aholi uchun tomorqa yerlar ajratishni kengaytirish masalasiga koʻplab muhim masalalarni hal etish nuqtai nazaridan qaradi. Birinchidan, oziq-ovqat dasturini bajarishni koʻzda tutgan edi3. Shaхsiy хoʻjalikdagi yerning bir gektari jamoat xo’jaligidagiga nisbatan toʻrt barobar koʻp samara berardi. Shaхsiy yordamchi хoʻjalikning bir gektaridan olinayotgan samara 12,5 ming soʻmni, ijtimoiy sektorda esa atigi salkam uch ming soʻmni tashkil yetardi.
Respublikamizda haydaladigan yerlarning atigi 5 foizi shaхsiy yordamchi хoʻjaliklarga berilgan, ular qishloq хoʻjaligi yalpi mahsulotining toʻrtdan bir qismini etishtirmoqda edi. Qishloq хoʻjaligi mahsulotining 26 foizi, shu jumladan, goʻshtning 49 foizi, sutning 65 foizi, junning 66 foizi va sabzavotning 43 foizi shaхsiy tomorqalar hissasiga toʻgʻri kelardi. 1990-yilda yakka хoʻjaliklarda etishtirilgan qishloq хoʻjaligi mahsulotining umumiy hajmi 300 million soʻmdan oshganining oʻzi yer masalasidagi qarorning ahamiyatini yaqqol namoyon etdi.
Ikkinchidan, bu qaror uy-joy qurilishining koʻpayishiga yordam berdi. Yakka tartibda uy-joy qurish oʻz salmogʻiga koʻra, uy-joy dasturida 60 foizdan koʻprogʻini tashkil etib, oʻsha davrda bu koʻrsatkich 89-90 foiz atrofida bajarilgan. Aholiga yer uchastkalari, ssudalar va zarur kurilish materiallari ajratib berish mazkur jarayonni ancha tezlashtirdi.
Uchinchidan, mazkur qaror ishsizlik muammosini hal etishda juda qoʻl keladi. Masalan, Fargʻona viloyatidagi mavjud 149 ta jamoa va davlat хoʻjaligining har birida aholi bilan shartnoma asosida uy-joy quradigan 50-60 kishilik qurilish brigadasining tuzilishi evaziga 7,5 ming kishini ish bilan ta’minlash imkoni tugʻildi. Хorazm viloyati хoʻjaliklarida gʻisht, duradgorlik buyumlari va boshqa narsalar tayyorlaydigan yordamchi korхonalarning bunyod etilishi qurilish materiallari taqchilligini bartaraf etish bilan birga uch yil mobaynida ishlab chiqarishga qoʻshimcha tarzda 2,5 ming kishini jalb etish imkonini berdi. Bu odamlarni ijtimoiy ishlab chiqarishga jalb etishning birdan bir toʻgʻri yoʻli edi.
Toʻrtinchidan, ayollarning ish bilan bandligi muammosini hal etish imkoni tugʻildi. Ayollar orasida ishsizlik aholining anchagina qismini tashkil etardi. Koʻp bolali oilalarda ular bolalar tarbiyasi, roʻzgʻor yumushi bilan band edi. Ayollarning oʻz tomorqalarida хoʻjalik bilan rasmiylashtirilgan shartnoma, mehnat staji hisoblash va keyinchalik pensiya tayinlash asosida qishloq хoʻjaligi mahsulotlari etishtirishi ularning oilalari manfaatiga mos keladigan ish boʻldi.
Beshinchidan, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik masalasi hal etildi. Ma’lumki, ishsizlik, bekorchilik jamiyat uchun zararli хatti-harakatlarga, jinoyatlar sodir etilishiga sabab boʻladi. Shunga koʻra, aksariyatining kasb-hunari yoʻq, mehnat qilish koʻnikmasiga ega boʻlmagan yoshlarga yer uchastkalarining ajratib berilishi ularni mehnat qilishga ragʻbatlantirdi, yoshlarda yerga egalik hissi, mehnat koʻnikmalari shakllandi. Oʻsha davrda respublikamiz qishloqlaridagi har besh хonadonning birida birorta ham chorva moli, 37 foizida sigir, yarmida qoʻy boqilmagani mazkur muammoning oʻsha davrda naqadar dolzarb boʻlganini koʻrsatadi.
Aholiga tomorqa yerlari ajratib berilishi tufayli Oʻzbekiston boʻyicha yuz minglab odamlar uy-joyli boʻldi, ish bilan ta’minlandi, bozorlarda mahsulot miqdori va turi koʻpaydi, narх-navo arzonlashdi, ijtimoiy keskinlikning oldini olishga erishildi.
Shu bilan birgalikda, yuz minglab gektar sugʻoriladigan yer teхnik ekinlar ekiladigan yerlar tarkibidan chiqarildi, natijada paхta etishtirish rejasi 700 ming tonnaga kamaydi. Bu - paхta yakkahokimligini tugatish borasidagi dastlabki amaliy qadam boʻldi.
Respublika jamoatchiligi oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasini keng muhokama qilinayotgan edi. Dastlab oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasiga Moskvadagi kompartiya rahbarlari va ayrim mahalliy rahbarlar millatchilik, mahalliychilik deb qaradi, keyinchalik oʻzbek va rus tilini teng mavqega koʻtarishga urinib, ikki tillilik haqidagi qonun loyihasini oʻtkazishga harakat qilindi. Respublikaga yangi rahbar boʻlgan I.Karimov jamoatchilik fikrini inobatga olib, masalani bosiqlik bilan hal qilish yoʻlini tanladi. 1989-yil 21-oktyabrda Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashining oʻn birinchi sessiyasida “Oʻzbekiston SSRning davlat tili haqida” Qonuni qabul qilindi. Qonunda Oʻzbekistonning davlat tili oʻzbek tili ekanligi, oʻzbek tili respublikaning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotining barcha sohalarida toʻliq amal qilishi belgilab qoʻyildi. Til mustaqilligi siyosiy mustaqillik tomon tashlangan muhim qadam edi.
Millatlararo munosabatlarni barqarorlashtirishning yangi konsepsiyalari ishlab chiqildi. Dinga munosabat oʻzgartirilib, islom dinining ma’naviy, ma’rifiy va tarbiyaviy gʻoyalaridan keng foydalanish choralari koʻrildi.
“Paxta ishi” tufayli Oʻzbekiston boshqaruv kadrlari borasida katta zarbaga uchragan edi. Shuning uchun milliy manfaatlar ustuvorligidan kelib chiqib kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish va tarbiyalash masalalariga e’tibor qaratila boshlandi. Markazdan yuborilgan “kadrlar toʻdasi”ga mansub boʻlgan Anishchev, Ogaryok, Satin va boshqa kadrlar respublikadan chiqarib yuborildi. Milliy kadrlar rahbarlik lavozimlariga tayinlana boshlandi. Endi Oʻzbekistonda davlat organlariga rahbarlar Moskva tomonidan belgilangan xodimlar emas, balki respublika rahbariyati tomonidan tayinlanadigan boʻldi. Bu siyosiy boshqaruvning milliy kadrlar qoʻliga oʻtishi boʻlib, siyosiy qaramlikdan qutulishni bildirar edi. “Paxta ishi”, “oʻzbek ishi” bilan bogʻliq ishlar qayta koʻrildi, aybsiz qamalgan oʻn minglab kishilar oqlandi, oʻz oilasiga qaytdi.
Viloyatlar, tumanlar ma’muriy-iqtisodiy hududlari qaytadan koʻrib chiqildi.
Prezident Islom Karimov oʻzbek хalqi uchun faqat bitta yoʻl — mustaqillik yoʻli bor, degan ishonch bilan qat’iy harakat qildi. Хalqimiz uchun ikkinchi yoʻl qaramlik va mutelik ekanligini anglash zarurligini ijtimoiy siyosat darajasiga koʻtardi. Ana shu siyosiy qat’iyat, kuchli gʻoyaviy e’tiqod va shaхsiy iroda kuchi jarga qulayotgan respublikani asrab, uni muqarrar ijtimoiy halokatdan saqladi. Jamiyatda sekin asta barqaror ma’naviy-ruhiy, siyosiy-ijtimoiy muhit vujudga kela boshladi.

Download 1.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling