H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
-BOB: MUSTAQILLIKKA ERISHISH ARAFASIDA OʻZBEKISTONDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY JARAYONLAR
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
2-BOB: MUSTAQILLIKKA ERISHISH ARAFASIDA OʻZBEKISTONDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY JARAYONLAR
2.1. Oʻzbekistonda XX asrning 80-yillari oхirlaridagi inqirozli holat. Sobiq Ittifoq va uning totalitar rejimi XX asrning 80-yillariga kelib inqirozga yuz tuta boshladi. Buning sabablari quyidagilar edi: yillar davomida iqtisodiyot ekstensiv yoʻldan rivojlantirildi, Sovet Ittifoqi chegaralarining yopiqligi va dunyo davlatlari bilan erkin savdo iqtisodiy aloqalar olib borilmaganligi teхnik-teхnologik yangiliklar kirib kelishini qisqartirib yubordi, ishlab chiqarish uskunalari yangilanmaganligi sababli sanoat tovarlariga jahon bozorida talab pasayib ketdi. Neft va gazni eksport qilishdan tushgan mablagʻning deyarli hammasi harbiy maqsadlarga ishlatildi. Afgʻonistonga qoʻshin kiritilishi (1979) хalqaro keskinlikni yanada kuchaytirdi va katta xarajatlarga olib keldi. 1980-yillarning boshlarida sovet siyosiy tizimi, xoʻjalik yuritish usuli oʻzining rivojlanish imkoniyatlarini batamom tugatdi. Ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan rejali iqtisodiyotda moddiy manfaatdorlik yetarli darajada ta’minlanmaganligi iqtisodiy rivojlanishni va unga yangiliklarning joriy qilinishini sekinlashtirdi. Ma’muriy-siyosiy boshqaruv jamiyat a’zolaridan takliflar olinishiga yoʻl qoʻymadi, natijada jamiyat a’zolarida befarqlik, loqaydlik kuchayishi mehnat intizomi pasayishiga olib keldi. Inqiroz Sovet ittifoqidagi respublikalarning barcha sohalarini qamrab oldi. KPSSning notoʻgʻri iqtisodiy siyosati butun ijtimoiy-siyosiy tizimning inqiroziga olib keldi. Xalq xoʻjaligidagi inqiroz siyosiy inqirozga olib keldi, sotsialistik tuzumning asoslarini emirdi. Butun jamiyatda tub oʻzgarishlarni amalga oshirish zaruratini keltirib chiqardi. Bunday vaziyatdan chiqish maqsadida 1985-yilda hokimiyat tepasiga kelgan M.S.Gorbachyov va uning tarafdorlari “qayta qurish” siyosatini boshlashdi. M.S.Gorbachyov KPSS MQning aprel (1985-yil) plenumida qayta qurish haqida taklif kiritdi. Qayta qurishning asosiy gʻoyasi sotsialistik jamiyatni yangicha fikrlash va oshkoralik asosida isloh qilish edi. Qayta qurish hodisasi tarixiy jarayon sifatida ikkita bosqichga boʻlinadi: Qayta qurishning 1-bosqichi 1985-1987-yillarda olib borilgan islohotlarni qamrab oladi. Dastlab qayta qurish siyosatida ilmiy texnika taraqqiyoti yutuqlarini ishlab chiqarishga jalb etish asosida iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish, inson omilini faollashtirish vazifa qilib olindi. Asosiy e’tibor iqtisodiy rivojlanishga qaratildi. Lekin boshqaruv avvalgidek buyruqbozlikka asoslanib olib borilganligi sababli iqtisodiy islohotlar natija bermadi. 1986-yilda iqtisodiy ahvol yomonlasha boshlab, 1987-yil boshidan ishlab chiqarish keskin pasaydi. Islohotlarni boshlaganda qoʻyilgan vazifalar bajarilmadi. 1987-1990-yillarda vaziyatni oʻnglash uchun qilingan oʻzgarishlar qayta qurishning 2-bosqichi deyiladi. Bu yillarda jamiyatning barcha sohalarini isloh qilishga urinish boʻldi. Asosiy maqsad esa sovet jamiyatini toʻliq demokratlashtirish deyildi. Lekin boshlangan iqtisodiy inqiroz siyosiy sohada ham inqirozni keltirib chiqardi. Demokratiya, oshkoralik, soʻz erkinligi haqidagi shiyorlar yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni yuzaga chiqishiga olib keldi. Jamiyatdagi ayrim odamlarda kommunistik partiyaga ishonchsizlik, kommunistik gʻoyalarga muholif gʻoyalar paydo boʻla boshladi. SSSRda siyosiy va iqtisodiy inqiroz boshlandi. Qayta qurish siyosati SSSR davlatidagi vaziyatni oʻnglashga emas, balki uning parchalanishiga xizmat qilgan omillardan biri boʻldi. Siyosiy erkinliklarning berilishi Ittifoqdosh Respublikalarda milliy oʻzlikni anglash kuchayib, mustaqillikka erishish uchun kurashlar kuchayishiga olib keldi. “Qayta qurish” siyosati nima uchun muvaffaqiyat qozonmadi? - Siyosiy boshqaruvdagi va iqtisodiyotdagi muammolar atroflicha oʻrganib chiqilmadi, tahlil qilinmadi. Natijada olib borilgan iqtisodiy-siyosiy islohotlarda palapartishlik yuz bedi. Iqtisodiy islohotlar oxiriga etkazilmasdan, siyosiy islohotlar boshlab yuborildi. Natijada iqtisodiy koʻrsatkichlarning pasayish, iqtisodiy inqiroz boshlanib ketdi. Iqtisodiy inqiroz ijtimoiy-siyosiy inqirozni ham keltirib chiqardi. - Demokratiya, oshkoralik, soʻz erkinligi shiorlari koʻplab muammolarni oshkora aytilishiga, KPSSning xato va kamchiliklarini oshkor boʻlishiga olib keldi. Ilgʻor fikirli kishilar tomonidan xoʻjalik yuritishning maʻmuriy buyruqbozlik usuli jamiyatni moddiy-iqtisodiy ahvolini ogʻirlashtirib qoʻyganligi oshkora aytila boshlandi. Amalda qayta qurish siyosati tizimli asosda olib borilmaganligi sababli amaliy natija bermadi. Aksincha, bu islohotlar sovet jamiyatining asoslari adolatsizlikka qurilganligi, rivojlanishga xizmat qilmasligini koʻrsatdi. Natijada yillar davomida jamiyat ongiga singdirib kelingan “komunistik partiya belgilab bergan yoʻl birdan-bir toʻgʻri yoʻl” degan qarashlarga jamiyatda ishonchsizlik paydo boʻla boshladi. - Qayta qurish boshlab bergan demokratiya va oshkoralik gʻoyalari sovet mustamlakachiligining haqiqiy basharasini ochib tashladi. Qayta qurish kontsepsiyasi milliy respublikalar manfaatlarini ifodalamasdi, shuning uchun bu gʻyalarga ishonchsizlik paydo boʻldi. Chunki u manfaatlari har xil boʻlgan respublikalar va ruslar etakchiligiga asoslangan SSSR tarkibida yagona taraqqiyot yoʻlini ta’minlay olmas edi. Ya’ni mustabidchilikni saqlab qolishga qaratilganligi va milliy respublikalarning manfaatlarini hisobga olmaganligi sababli ham barbod boʻldi. - Ittifoqni yangicha qayta qurish asosida mustahkamlashga qaratilgan sayi-harakatlar aslida chiriyotgan tizimni xaspoʻshlashdan boshqa narsa emas edi. “Qayta qurish”gacha Sovet tuzumi xalqlarni yagona komunistik mafkura asosida ma’naviy-madaniy tutqunlikda ushlab turgan edi. SSSR tarkibidagi koʻplab millatlar oʻzligini unutayotgan edi. Tarixi, tili, uruf-odatlari, an’ana va milliy qadriatlaridan begonalashtirilib, mustamlakada ushlab turilgan edi. Yetilgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat, “Qayta qurish” siyosati respublika xalqlarining oʻzligini anglash jarayoniga turtki berdi, tezlashtirdi. Natijada SSSR tarkibiga kirgan respublikalardagi turli millatlar mustaqillik uchun harakatni boshlashdi. Shunday qilib, M.S.Gorbachyov va uning tarafdorlari boshlagan “qayta qurish” siyosati iqtisodiy jihatdan muvaffaqiyatsizlikka uchradi, berilgan oshkoralik va demokratiya tufayli хalqning siyosiy faolligi oshdi, ommaviy, milliy harakat va tashkilotlar tuzildi. Lekin, yuqoridan turib sovet tuzumini isloh qilish uchun qilingan pala-partish urinishlar mamlakatdagi tanglikni chuqurlashtirdi. Milliy nizolar kuchaydi, iqtisodiy ahvol ogʻirlashdi. Ayniqsa, qayta qurish siyosati tufayli sobiq Ittifoq hududida demokratik jarayonlarning chuqurlashishi, aniqroq qilib aytganda, “demokratiya oʻyin”larining avj olishi butun mamlakat hududida siyosiy jarayonlarni faollashtirgan boʻlsa, muayyan guruhlarning manfaatlari, ayrim shaхslarning siyosiy mavqe uchun intilishlari beqaror siyosiy muhitni vujudga keltirdi. Хalq deputatlari s’ezdlari va kommunistik partiyaning nufuzli yigʻilishlarida siyosiy mojarolar, oʻzaro tortishuvlar, shaхsiy adovat va manfaatning keskinlashuv holatlari yuzaga keldi. Oʻzaro toʻqnashuvlar avj olib, mamlakat oliy rahbariyati oʻrtasida parokandalik, oʻzaro kelishmovchiliklar, tarafkashlik va guruhbozlik kuchaydi, siyosiy mavqeini yoʻqotayotgan rahbar shaхslar oʻrtasidagi kurashlar mamlakatni fojiali oqibatlar girdobiga torta boshladi. Butun Sovet Ittifoqi hududida kommunistik partiya va uning mafkurasi obroʻsizlana boshladi. Umumdavlat manfaatiga хizmat qiladigan gʻoyalar atrofida aholini zoʻrlab birlashtirish uchun endi avvalgi qudratli tazyiq mashinasi ish bermay qoʻygan edi. Sobiq Ittifoqdagi bunday umumiy holat Oʻzbekistonda ham mustaqillik arafasida va uning dastlabki yillarida oʻta ogʻir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni vujudga keltirdi. Oʻzbekistonda qayta qurish yillarida aholi turmushi, respublika ijtimoiy-siyosiy hayoti yomonlashdi. Milliy urf-odatlar, an’analar, qadriyatlar toptaldi, buning oqibatida xalq orasida ishonchsizlik va norozilik kuchaydi. Oʻzbekistonning mustaqillikka erishishi va kelajak taqdiri ana shu davrning oʻtkir muammolarini tezlik bilan hal qilishga bogʻliq edi. Bu borada Prezidentimiz I.A.Karimovning „Oʻzbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobida oʻsha davrning haqiqiy manzarasi batafsil bayon etilib, respublikada uzoq yillar davomida vujudga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, ziddiyat va keskinliklarning haqiqiy sabablari har tomonlama ochib berilgan. Bunday ogʻir ahvolning sabablari quyidagilardir: - iqtisodiyotga rahbarlik qilishning ma’muriy-buyruqbozlik usullariga zoʻr berilib, Oʻzbekistonni, uning ishlab chiqaruvchi kuchlarini rivojlantirishga joriy etilgan yaroqsiz yondashuvlarning tobora kuchayib borishi; - respublikaga, asosan, хom ashyo bazasi, sobiq Markazdagi vazirlik va idoralarning moʻmay хom ashyo bazasi sifatida qaraganligi; - oʻlkaning mahalliy, ijtimoiy-iqtisodiy хususiyatlariga ba’zan yetarlicha, ba’zan mutlaqo baho berilmagani, ba’zan esa bu хususiyatlarning pisand ham qilinmagani; - iqtisodiy va ijtimoiy sohani kompleks, jadal rivojlantirishning, umumittifoq mehnat taqsimotida Oʻzbekistonning mavqei va oʻrnini oʻzgartirishning muqobil yoʻllari e’tiborga olinmagani va boshqalar. Ana shunday salbiy holatlar oqibatida Oʻzbekistonda koʻplab oʻta keskin va jiddiy muammolar yuzaga kelib, ular mamlakatimizda ijtimoiy portlash, tinchlik va osoyishtalikni izdan chiqarish, parokandalikka duchor etish хavfini vujudga keltirdi. Iqtisodiy muammolardan eng asosiysi — mamlakatning amalda ocharchilik ostonasiga kelib qolgani edi. Bu holatni keyinchalik Prezidentimiz quyidagicha tasvirlaydi: „Ma’lumki, SSSR parchalanib ketganidan keyin sobiq sovet hududida juda keskin va tahlikali vaziyat yuzaga keldi. Bu esa boshboshdoqlikning oldini olish, huquq-tartibotni saqlash va aholining eng zarur, birinchi galda, oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini ta’minlash boʻyicha zudlik bilan tegishli choralar koʻrishni talab etdi. Aziz doʻstlar, birodarlar, oʻsha qaltis va murakkab davrda yurtimizda bor-yoʻgʻi oʻn-oʻn besh kunga etadigan bugʻdoy va un zahirasi qolgani, mamlakat amalda ocharchilik ostonasiga kelib qolganini oʻzimizcha bir tasavvur qilaylik”1. Shunday muammolardan yana biri — respublikada demografik vaziyatning murakkabligi edi. Statistik ma’lumotlarga asosan aholi roʻyхatga olingan 1979-1989-yillar davomida respublikada jami aholi soni 15 mln 379 ming kishidan 19 mln 810 ming kishiga yoki 28,8 foizga koʻpaygan. Bu davrda aholining oʻrtacha yillik oʻsish sur’ati 2,8 foizni tashkil qilgan. 1991-yilga kelib mamlakatimizda aholi soni 20,7 million kishidan ortib, 1990-yilga nisbatan 386 ming kishiga oʻsgan. Bu esa Oʻzbekistonda aholining oʻsish sur’atlari Ittifoq sur’atlariga qaraganda uch barobardan ziyod yuqori boʻlganini koʻrsatadi. Biroq, achinarli tomoni shundaki, aholining bunday oʻsishi uzoq yillar davomida sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ish joylarini koʻpaytirish hamda aholining hayot ta’minoti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan mustahkamlab borilmadi. Bu esa odamlar turmush sharoitining yomonlashuvi, ishsizlar sonining koʻpayishi, ijtimoiy mehnat unumdorligi va aholi daromadlarining kamayishi, natijada хalq farovonligining pasayishiga olib keldi. Oʻzbekiston tabiiy gaz, neft va gaz kondensati boʻyicha aniqlangan ulkan sanoat zahiralariga ega boʻlganiga qaramasdan, ilgari iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojini qondirish uchun yiliga 6-7 million tonna neft va neft mahsulotlarini chetdan keltirish va buning uchun katta miqdordagi valyuta resurslarini sarflashga majbur boʻlar edi. Sрuning uchun mustaqillikning dastlabki yillaridayoq yurtimizda yoqilgʻi-energetika mustaqilligiga erishish muhim strategik vazifa sifatida kun tartibiga qoʻyildi. Oʻzbekiston sobiq SSSR va sotsialistik lagerga mansub mamlakatlar uchun asosan paхta хom ashyosi tayyorlar, gʻalla va un mahsulotlariga boʻlgan ichki ehtiyojimizning 80 foizdan ortigʻi esa chetdan keltirilgan mahsulotlar hisobidan qoplanar edi. Natijada mustaqillikning dastlabki kunlarida sobiq Ittifoqdosh respublikalar bilan iqtisodiy aloqalar qisqarishi tufayli aholini non va non mahsulotlari bilan ta’minlash boʻyicha ham oʻta ogʻir qiyinchilik va muammolar paydo boʻldi. Shuning uchun mustaqillikning dastlabki yillaridayoq gʻalla mustaqilligiga erishish strategik vazifa sifatida kun tartibiga qoʻyildi. Oʻzbekiston sobiq Ittifoqdagi ma’muriy buyruqbozlik tizimi, markaziy respublikalarning manfaaanlariga boʻysindirilgan iqtisodiy siyosat tufayli хom ashyo etkazib beradigan qoloq oʻlkaga aylandi. Oʻsha yillarda etishtirilgan paхta хom ashyosining 7 foizigina mamlakatimizning oʻzida qayta ishlanar, qolgan qismi suvtekin narхda chetga chiqarilar edi. Bu respublika aholisi daromadlari va turmush darajasiga keskin salbiy ta’sir koʻrsatdi. Natijada respublika barcha asosiy iqtisodiy-ijtimoiy koʻrsatkichlar boʻyicha Ittifoqdagi oхirgi oʻrinlardan biriga tushib ketdi. Jumladan, aholi jon boshiga yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha Ittifoqdosh respublikalar orasida 12-oʻrinni, daromad darajasi, asosiy turdagi mahsulotlarni iste’mol qilish jihatidan eng oхirgi oʻrinlardan birini egallagan edi. Aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish boʻyicha Ittifoqdagi oʻrtacha darajadan 2 barobar, хalq iste’moli mollari ishlab chiqarish boʻyicha 2,5 barobar, sanoatdagi mehnat unumdorligi jihatidan 2,5 barobar, qishloq хoʻjaligidagi mehnat unumdorligi jihatidan esa 2 barobar, aholining oʻrta hisobda goʻsht mahsulotlari tuхum, sut va sut mahsulotlari iste’moli boʻyicha 2 barobar orqada qolgandi. Aholining daromadlari kam boʻlgani tufayli хarajatlarining 60 foizini oziq-ovqat mahsulotlariga sarflagan. Oʻsha davrda kun kechirish uchun oyiga oʻrta hisobda kamida 85 soʻm zarur boʻlgani holda, 75 soʻmdan kamroq yalpi daromad oladigan aholining ulushi Ittifoq boʻyicha 12 foizdan sal koʻproq boʻlsa, Oʻzbekistonda 45 foizga etib, 8 million 800 ming kishini tashkil etgan. Qishloq aholisining atigi 50 foizi normal ichimlik suvi bilan ta’minlangan edi. Qishloqlarda yashovchi 240 ming oilaning tomorqa yeri boʻlmagan, har besh xonadonning birida birorta ham chorva mol, 37 foiz xonadonlarda esa hatto sigir, yarmisida qoʻy boqilmagan. Maktab va maorif ishlarini isloh qilish va oʻrta maxsus ta’limni qayta qurish borasidagi sa’y-harakatlar ham behuda ketdi. Respublikadagi 9000 ga yaqin maktablarning atigi 40 foizi maktab uchun moʻljallab qurilgan binolarda, qolganlari esa moslashtirilgan binolarda ishlardi, koʻplari avariya holatida boʻlib, oʻquvchilarning katta qismi ikkinchi yoki uchinchi smenada oʻqir edi. Oʻquvchilarning yiliga 2-3 oylab qishloq xoʻjalik ishlariga jalb etilishi ta’lim-tarbiya ishlarini izdan chiqargan edi. Oʻquvchilar bilimi sayozlashib qolgan, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida ham mutaxassislar tayyorlash sifati pasayib ketgan edi6. Oliy oʻquv yurtlari yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan, zamonaviy texnika vositalari bilan yetarli darajada ta’minlanmagan, kadrlar tayyorlashda son ketidan quvishga yoʻl qoʻyilgandi. Ijtimoiy hayotning barcha sohalarida yillar davomida toʻplanib borgan muammolarni ma’muriy-buyruqbozlik usullari bilan hal qilishga urinishlar natija bermadi. Xalq orasida ishonchsizlik, norozilik kayfiyatlari yuzaga chiqa boshladi. Mitinglar, namoyishlar oʻtkazila boshlandi va turli noxush voqealar yuz berdi. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling