H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi


Oʻzbekistonning mustaqillikka erishish strategiyasi. 1991-yil avgust voqealari


Download 1.94 Mb.
bet9/90
Sana30.04.2023
Hajmi1.94 Mb.
#1408774
TuriУчебное пособие
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   90
Bog'liq
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2

2.4. Oʻzbekistonning mustaqillikka erishish strategiyasi. 1991-yil avgust voqealari. Prezident Islom Karimov “Barcha masalalarni hal etish uchun siyosiy sistemani isloh qilish zarur”1, degan masalani oʻrtaga qoʻydi. Ana shunday gʻoyalar va islohotlarga tayyorgarlik konsepsiyasi mustamlakachilikdan ozod boʻlish, mustaqillikka erishish gʻoyalari bilan ulanib ketdi. 1990-yil 24-31-mart kunlari Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashining oʻn ikkinchi chaqiriq birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. 24-mart kuni sessiya “Oʻzbekiston SSR Prezidenti lavozimini ta’sis etish toʻgʻrisida” qonun qabul qildi. 1990-yil 24-mart kuni Oliy Kengash deputatlari yashirin ovoz berish yoʻli bilan Islom Abdugʻaniyevich Karimovni Oʻzbekiston SSR Prezidenti etib sayladi. Moskvaning tazyiqiga qaramasdan, respublikalar orasida birinchi boʻlib prezidentlik lavozimining joriy qilinishi Oliy Kengash deputatlarining qat’iyati va jasorati edi. Mazkur sessiyada I.A.Karimov nutq soʻzladi va oʻzining asosiy vazifalari deb quyidagilarni qayd etdi:
1. Oʻzbekiston SSRning siyosiy mustaqilligini mustahkamlash va yanada takomillashtirish, uni yangi hayotiy mazmun bilan boyitish.
2. Respublikaning iqtisodiy mustaqilligini, oʻzini-oʻzi idora qilishga va oʻzini-oʻzi pul bilan ta’minlashga oʻtishini ta’minlash.
3. Mehnatkashlarning, aholining hamma tabaqalari farovonligini oshirish, odamlarning talab-ehtiyojlarini qondirish, ijtimoiy sohani tez sur’atlar bilan rivojlantirish.
4. Хalqni ma’naviy yuksaltirish, insonning aхloqiy va jismoniy takomili.
5. Demokratiyani, huquqqa asoslangan davlat qurilishini rivojlantirish, tartib va intizomni mustahkamlash va respublikaning milliy-ijtimoiy taraqqiyoti yoʻlida barcha sogʻlom kuchlarni birlashtirish.2
Hali SSSR va uning markaziy hokimiyati mavjud boʻlgan sharoitda Oʻzbekistonda oʻz Prezidentining saylanishi muhim siyosiy voqea edi. Vaholanki, sobiq Ittifoqda oʻn kun oldin M.S. Gorbachyov Prezident etib saylangan, SSSR tarkibiga kiruvchi bironta respublikada Prezidentlik lavozimi joriy etilmagan edi. Oʻzbekistonda Prezidentlik joriy etilishida davlat mustaqil boʻlish uchun davlat boshligʻi mustaqil boʻlishi kerak, degan tamoyilga amal qilinganligini koʻrish mumkin edi.
1990-yil 20-iyun kuni Respublika Oliy Kengashining ikkinchi sessiyasida “Oʻzbekiston SSR Mustaqilligi toʻgʻrisida Deklaratsiya” qabul qilindi. Mustaqillik Deklaratsiyasi 12 moddadan iborat. Deklaratsiyada har bir millatning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqidan kelib chiqqan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya tamoyillariga asoslanib, Oʻzbekiston SSRning Davlat suverenitetini e’lon qilindi. Unda quyidagilar bayon etilgan: Oʻzbekiston SSR Davlat suvereniteti Oʻzbekiston SSR demokratik davlatining oʻz hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligidir.
Oʻzbekiston SSR davlat hududi chegarasi dahlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qoʻyilmay turib oʻzgartirilishi mumkin emas. SSSR Oliy Kengashi qabul qiladigan qarorlar Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlangandan keyingina Oʻzbekiston hududida kuchga kiradi. Oʻzbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga Oʻzbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi.1 Oʻzbekiston mustaqilligi toʻgʻrisidagi Deklaratsiya Respublika Oliy Kengashi deputatlari tashabbusi bilan qabul qilingan muhim tarixiy hujjat hisoblanib, mamlakatimizning davlat mustaqilligini qoʻlga kiritish yoʻlidagi yana bir muhim qadam boʻldi.
Ayni paytda, Oʻzbekiston Konstitutsiyasini tayyorlash maqsadida 64 kishidan iborat komissiya tuzildi. Ushbu Komissiya oldiga yangi konstitutsiyani ishlab chiqish, davlat ramzlari boʻyicha takliflarni oʻrganib chiqish vazifalari qoʻyildi. 1991-yil 15-fevralida Oʻzbekiston Oliy Kengashi “Oʻzbekistonning davlat ramzlari toʻgʻrisida” qabul qilgan maxsus qarorida shunday deyilgan:
“Mustaqillik toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaga amal qilib, Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻn ikkinchi chaqiriq Oliy Kengash II sessiyasida tuzilgan Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ning yangi loyihasini tayyorlovchi komissiyasiga Oʻzbekiston SSRning Yangi Davlat bayrogʻi, Gerbi va Madhiyasiga doir takliflar hamda ular toʻgʻrisida Nizomlar tayyorlash topshirilsin. Komissiya respublika jamoatchiligi va deputatlarining fikrlariga tayanib ish koʻrsin.
2. Bu borada takliflar matbuotda e’lon qilinib, umumxalq muhokamasi uyushtirilsin”.
Koʻp millatli Oʻzbekistonda fuqarolar oʻrtasida tinchlik va millatlar oʻrtasida totuvlikni ta’minlashga alohida e’tibor berildi. Jumladan, qoraqalpoq xalqi ham oʻzbek xalqi yordamida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohada katta yutuqlarga erishdi. 1990-yil 14-dekabrda Qoraqalpogʻiston ASSR Oliy Soveti 4-sessiyasida “Oʻzbekiston SSR tarkibida Qoraqalpogʻiston ASSR suvereniteti toʻgʻrisidagi Deklaratsiya” qabul qilindi.
Oʻzbekiston siyosiy mustaqilligini qoʻlga kiritish tomon tutilgan yoʻl iqtisodiy mustaqillik masalasi bilan qoʻshib olib borildi. “Prezident boshqaruvining muhim vazifalaridan biri, — deb ta’kidlagan edi I. Karimov, — respublikaning iqtisodiy mustaqilligini, oʻzini oʻzi idora qilish va oʻzini oʻzi pul bilan ta’minlashga oʻtishni hal qilishdir”.2 Oʻzbekiston rahbariyati xalq xoʻjaligini bozor iqtisodiyotiga oʻtkazish yoʻlini mustaqil belgilashga kirishdi. Siyosiy muholifat va ayrim OAV vakillari Prezident Islom Karimovni konservatorlikda, mamlakat mustaqilligini ta’minlay olmayotganlikda ayblardi. Vaqt nihoyatda tigʻiz, lekin shoshma-shosharlik, oʻylamasdan olib borilgan siyosat oʻnglab boʻlmas vaziyatni keltirib chiqarishi, ogʻir asoratlar qoldirishi mumkin edi. 1990-yil 16-iyun kuni I.A. Karimov Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasida respublikaning iqtisodiy mustaqillikka va bozor iqtisodiyotiga oʻtish masalalari yuzasidan qilgan ma’ruzasida shunday dedi: “Bugungi kunda, eng avvalo, bir daqiqani ham boy bermasdan iqtisodiy masalalarni hal etish kerak. Biz uchun asosiy yoʻnalish, barcha vazifalarni hal etish kaliti – Oʻzbekistonning real siyosiy suvereniteti va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashdir”.3 Mazkur ma’ruzada Oʻzbekiston hududida joylashgan, lekin Ittifoq qaromogʻidagi barcha korхonalar va tashkilotlarni respublika tasarrufiga oʻtkazish orqali respublikaning хoʻjalik mustaqilligini ta’minlash haqida gap borar edi.
Shu maqsadda “Oʻzbekistonning iqtisodiy mustaqilligini shakllantirish konsepsiyasi” ishlab chiqildi. U 1990-yil 17-oktyabrda umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Mazkur masala yuzasidan hukumat dasturi 1990-yil oktyabridagi Oʻzbekiston Oliy Kengashining IV sessiyasida muhokama qilindi va ma’qullandi. Sessiya respublika hukumatiga Oʻzbekiston SSR mulkiga egalik qilish, uni tasarruf etish, taqsimlash va undan foydalanish masalalari yuzasidan respublikaning suveren huquqlarini amalga oshirishning samarali amal qiluvchi mexanizmini yaratish boʻyicha asoslangan takliflar tayyorlashni topshirdi.
Sobiq Ittifoqqa tarkibiga kiruvchi respublikalar rasman teng va suveren deb yuritilgan, lekin amalda Markazga qaram boʻlgan. Ular oʻz hududlaridagi tabiiy boyliklariga, respublikalar hududida joylashgan korxonalarga egalik qilolmas edilar. 80-yillarning oxirlari, 90-yillarning boshlarida koʻpchilik respublikalar mavjud vaziyatni oʻzgartirish talablarini ilgari sura boshladilar. Oʻzbekiston Respublikasining rahbari I.A. Karimov 1989-yil 20-sentyabrda Moskvada boʻlib oʻtgan KPSS MQ sining plenumida soʻzlagan nutqida respublikalar bilan Ittifoq oʻrtasidagi vakolatlarni aniq-ravshan ajratib qoʻyishni koʻzda tutadigan yangi shartnoma ishlab chiqish zarurligi toʻgʻrisida oʻz fikrini bildirib: „Biz Ittifoq va respublikalarning vazifalarini, burchlarini va oʻzaro majburiyatlarini aniq-ravshan belgilab qoʻyish, respublikalar mustaqilligini har jihatdan mustahkamlash tarafdorimiz”, — degan edi. Lekin, markaziy hokimiyat respublikalarga erkinlik berishni xohlamas edi. Markaz SSSRni saqlab qolishga harakat qilar, respublikalar esa jamoatchilik ta’siri ostida mustaqillik uchun harakat qilar edi. 1990-yil bahorida Boltiqboʻyidagi Latviya, Litva, Estoniya respublikalari, keyinroq Gruziya va Ozarbayjon respublikalari Ittifoq tarkibidan chiqqanligini e’lon qildilar. SSSR milliy respublikalarda oʻz ta’sirini saqlab qolishga boʻlgan urinishi va tazyiqi ostida Ittifoqni saqlab qolish haqida umumittifoq referendumi oʻtkazildi. Latviya, Litva, Estoniya, Gruziya va Armaniston Referendumda ishtirok etishni rad qilishdi 1991-yil 17-martda oʻtkazilgan Referendum byulleteniga Oʻzbekiston tomonidan ikkinchi byulliten kiritildi va unda “Oʻzbekiston yangilanayotgan Ittifoq (Federatsiya) tarkibida mustaqil, teng huquqli respublika boʻlib qolishiga rozimisiz?” degan savol qoʻyildi. Oʻzbekiston aholisining 93,7 foizi yangilangan Ittifoqga mustaqil davlat sifatida kirishni yoqlab ovoz berishdi.
Markaz qanchalik SSSR tarkibida saqlab qolishga harakat qilmasin Oʻzbekiston oʻzining iqtisodiy va siyosiy hayotiga oid masalalarni mustaqil tarzda hal qila boshladi. Masalan, 1991-yil 22-iyulida OʻzSSR Oliy Kengashi Prezidiumi OʻzSSR hududida joylashgan boʻlsada, Markazga boʻysunuvchi davlat korxonalari va tashkilotlarini “Oʻzbekiston SSRning huquqiy tobeligiga oʻtkazish toʻgʻrisida” qaror qabul qildi. Bu qarorda “Oʻzbekiston SSRning “Mustaqillik Deklaratsiyasi”ga amal qilib, bozor iqtisodiyotiga oʻtish sharoitida mehnat jamoalari manfaatlarini himoya qilish va ularning xoʻjalik mustaqilligini ta’minlash maqsadida respublika hududida joylashgan ittifoqqa boʻysunuvchi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari Oʻzbekiston SSRning huquqiy tobeligiga oʻtadi”, – deb qayd qilindi.
1991-yil avgust oyida SSSR Prezidenti M.S.Gorbachyov Foros (Qrim)da dam olayotganligidan foydalanib, SSSRni kuch bilan saqlab qolish tarafdori boʻlgan komunistik partiya yuqori lavozimdagi rahbarlari davlat toʻntarishini uyushtirishga urinib koʻrishdi. Asosiy maqsad markaziy hokimiyatni saqlab qolish, SSSR tarkibidagi respublikalarga mustaqillik bermaslik edi. Fitna 1991-yil 18-avgustda amalga oshirildi. „Sovet rahbariyatining Bayonoti” 19-avgustda matbuotda e’lon qilindi. Bayonotda M.S.Gorbachyovning salomatligi yomonlashganligi, shu sababli uning SSSR Prezidenti vazifalarini ijro etish imkoniyati yoʻqligi haqida soxta axborot berildi. Prezident vakolatlari Vitse-Prezident G.I.Yanaevga oʻtkazilganligi e’lon qilindi. Aslida esa, Prezident M.S.Gorbachyov sogʻ-salomat edi, ammo, u uy qamogʻiga olinib mamlakat xalqidan, dunyodan ajratib qoʻyilgan edi.
Fitnachilar tomonidan SSSRda favqulodda holat e’lon qilindi va mamlakatni idora qilish uchun Favqulodda holat Davlat Qoʻmitasi (FHDQ) (rus tilida Государственный комитет по чрезвычайному положению - ГКЧП) tuzildi. Qoʻmita tarkibiga quyidagilar kirdi: O.D. Baklanov — SSSR Mudofaa Kengashi Raisining birinchi oʻrinbosari, V.A. Kryuchkov — SSSR Davlat xavfsizligi qoʻmitasining raisi, V.S.Pavlov — SSSR Bosh vaziri, B.K.Pugo — Ichki ishlar vaziri, V.A.Starodubsev — SSSR dehqonlar uyushmasi raisi, I.Tizyakov — SSSR sanoat, qurilish, transport va aloqa davlat korxonalari hamda inshootlari uyushmasining Prezidenti, D. T. Yazov — SSSR mudofaa vaziri, G. I. Yanaev — SSSR Prezidenti vazifasini bajaruvchi. Fitnachilar tomonidan tuzilgan qoʻmita sovet rahbariyatining Bayonoti, sovet xalqiga murojaatnoma, davlatlar va hukumatlarning boshliqlariga hamda BMT Bosh kotibiga murojaat va boshqa qarorlarni e’lon qildi. Lekin amalga oshirilgan davlat toʻntarishiga jamoatchilik, mamlakatdagi siyosiy kuchlar turlicha munosabat bildirishdi. Koʻpchilik bunday hokimiyat almashinuviga qarshi boʻlganligi sababli ijtimoiy-siyosiy vaziyat taraglashdi.
SSSRda Favqulodda holat Davlat Qoʻmitasi e’lon qilingan paytda Oʻzbekiston Prezidenti I.A.Karimov rasmiy tashrif bilan Hindistonda edi. 1991-yil 19-avgustda Hindistondan qaytib keldi. Toshkent shahri faollari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Prezident respublikamizda favqulodda holat joriy etishga hojat yoʻqligi, Oʻzbekistonda vaziyat barqarorligi, qonunga xilof koʻrsatmalar bajarilmasligini qat’iy ta’kidlab, Oʻzbekistonning nuqtai nazarini bildirdi.
1991-yil 20-avgust kuni Toshkentda Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi rayosati va Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahar rahbarlari ishtirokidagi qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi. Majlis mamlakatda vujudga kelgan vaziyatni muhokama qilib Bayonot qabul qildi. Bayonotda Oʻzbekiston Respublikasi tinch vaqtda kuch, avvalo, harbiy kuch ishlatishga qarshi ekanligi ta’kidlandi. Unda tinchlik, osoyishtalikni saqlash va mustahkamlash, har qanday igʻvogarona harakatlarning oldini olish, hamma joyda qattiq intizom va tartibni saqlash, mish-mishlar va ehtiroslarga berilmaslik vazifalari ilgari surildi. Bayonotda Oʻzbekiston davlat mustaqilligi toʻgʻrisidagi Deklaratsiya qoidalarini ogʻishmay va izchil amalga oshirish yoʻlidan boraveradi, – deb koʻrsatildi.
1991-yil 20-avgust kuni Oʻzbekiston Prezidenti I.A. Karimov respublika aholisiga oʻzining murojaatini e’lon qildi, jumladan unda shunday deyilgandi: „Oʻzbekiston Respublikasi, uning rahbariyati qayta qurish davrida ham hech qachon birovning gapiga kirib ish tutgan emas. Markazdan, boshqa ba’zi bir respublikalardan qanday qarorlar chiqmasin, va’dalar berilmasin, har qanday chaqiriqlar, da’vatlar, yoʻl-yoʻriq koʻrsatishga harakatlar boʻlmasin, biz oʻzimiz tanlagan yoʻlimizdan va belgilab olgan maqsadlarimizdan qaytganimiz yoʻq”, — deb murojaat qildi. Xalqni ogʻir sinovlardan oʻtayotgan bir paytda sabr-toqatli, bardoshli va vazmin boʻlishga, tinchlikni saqlash maqsadida jipslashishga chaqirdi.1 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 21-avgustdagi farmoni bilan Oʻzbekiston hududida favqulodda holat Davlat Qoʻmitasining SSSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga, Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga zid keladigan farmonlari va qarorlari haqiqiy emas, deb belgilab qoʻyildi.
Davlat toʻntarishiga urinish 1991-yil 19-21-avgust kunlari Moskvada fojiali hodisalar roʻy berishiga olib keldi. Moskvada aholi koʻchaga chiqdi, nomoyishni bostirish uchun shaharga tanklar kiritildi, Rossiya Federatsiyasi rahbariyati demokratik kayfiyatdagi Moskva aholisini qoʻllab quvvatladi. Fitnani uyushtiruvchilar qamoqqa olinib, M.S.Gorbachyov Prezidentlik lavozimiga qayta tiklandi. Lekin jamiyatda SSSRni saqlab qolishga ishonch yo’qolgan edi.



Download 1.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   90




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling