Himoyaga ruxsat etildi
II BOB. OILADA FARZAND XULQ-ATVORIDAGI SALBIY HOLATLAR PSIXODIAGNOSTIKASI TADQIQOTINING METODIK TA’MINOTI
Download 5.97 Mb.
|
birinchi bobgacha
II BOB. OILADA FARZAND XULQ-ATVORIDAGI SALBIY HOLATLAR PSIXODIAGNOSTIKASI TADQIQOTINING METODIK TA’MINOTI
2.1. Farzand xulq-atvoridagi o‘zgarishlarning psixologik tahlilini olib borish va korreksiya qilish. Ma’lumki, mamlakatning taqdiri, ravnaqi yosh avlodning har tomonlama sog‘lom, barkamol shaxs bo‘lib yetishishiga bog‘liqdir. Shu sababli, respublikamizda shaxsning kamol topishida beqiyos o‘ringa ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya jarayoniga, tizimiga davlat ahamiyatiga molik masala sifatida qaraladi. Shaxs mavjud bo‘lgan eng yaqin ijtimoiy muhit oila ekanligini nazarda tutgan xolda, ta’lim-tarbiya jarayoni avvalo oiladan boshlanishini e’tirof etish joizdir. Shaxsning shakllanishida ilk tarbiyaning xal qiluvchi o‘ringa egaligi hech kimga sir emas. Oiladagi ota-ona rolidagi tarbiyachidan shaxsni ma’lum maqsadga yetaklash, unga insoniy mohiyatni singdirish vazifasini zimmasiga olish talab etiladi. Ayniqsa, ushbu ma’suliyatli vazifani samarali, sifatli bajarilishiga ayollar, ya’ni ona javobgar bo‘lib, u avvalambor, bola shaxsiga jismoniy, psixik, intellektual, ruhiy, ma’naviy kuchlarni to‘plashga yordam berishi, unda hayotini yuqori, faol shaklini namoyon qiluvchi ijtimoiy-psixologik xususiyatlarni uyg‘ota olishga ta’sir etishi bo‘ladi. Buning uchun esa, ta’lim-tarbiya jarayonida shaxsga ta’sir etishning xavfsizligini ta’minlash, ya’ni ma’lum me’yorlarga rioya qilish muhimdir. Shaxs tarbiyasiga shunday yondoshuv usuli, uning rivojlanishida yangi bosqichni yuzaga keltiradi va yuksak ma’naviyat sari olib boruvchi zinapoya bo‘lib xizmat qiladi. Ilk ta’lim-tarbiya berish jarayonida me’yoriylikning buzilishi, shaxsning ma’naviy, ruhiy, hissiy muammolarining kelib chiqishiga asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ular ushbu holatlarda kuzatiladi18: - hissiy (emotsional) rishtalar uzluksizligini ta’minlanmaganligi; - bola hisslarini nazorat qila olmaslik, ya’ni bola injiqliklariga nisbatan haddan tashqari g‘azab yoki g‘amxo‘rlikni ifodalash; - kamchilik va xatolar mavjudligini qabul qila olmaslik va har bir ishda mukammal bo‘lishni ko‘r-ko‘rona talab etish; - mustaqillikdan ko‘ra ko‘proq bo‘ysunishni talab etish; - mustaqil fikr bildirishini, o‘z qarori bilan harakat qilishni rag‘batlantirmaslik; - zarur bo‘lgan tanlovda qaror qabul qilish imkoniyatini va shu bilan birga ma’suliyatini bolaga qoldirmaslik kabilardir. Yuqorida keltirilgan holatlar bolada xavfsizlik, umid, ishonch kabi hayotiy tayanch tuyg‘ularning yetarlicha bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi. Shaxsning kelajak hayotidagi shaxslararo munosabatlarda, ruhiy olamida muammolar tug‘diradi, kasbiy tanlovida, shaxsiy hayotidagi muhim qaror va tanlovlarda qiynalishiga olib keladi.Ushbu muammolarning o‘z vaqtida konstruktiv tarzda yechim topmasligi esa, deviant xulqni yuzaga kelishiga xizmat qiluvchi: odamovilik, ishonchsizlik, agressivlik, adovatlilik, negativlik kabi shaxs xususiyati qirralarini namoyon etishi mumkin. Bular o‘z navbatida hayotdan umidsizlik va mavjudlikning bema’noligi hislarini rag‘batlantirib, shaxs xulqida suitsidal xavfning kuchayishiga zamin yaratadi. Samimiy yaxshi munosabat o‘rnatish. Bolalari bilan yaxshi aloqa o‘rnatish. Bolaning rivojlanish jarayonida, bolalar ota-onalari bilan o‘zaro ishonch aloqasini o‘rnatgan bo‘lishadi, oila ular uchun eng xavfsiz, tinch va ishonchli joy bo‘lib hisoblanadi. Ularning samimiy munosabatlari o‘spirinlik davriga kirib borgunlariga qadar davom etadi. So‘ng, ularning rivojlanishlarida keskin jismoniy va aqliy o‘zgarishlar sodir bo‘la boshlaydi va oqibatda oilada, tengqurlar orasida, dunyoqarashlar turli bo‘lganligi bois, mojarolar chiqa boshlaydi. Natijada bola yengishi kiyin bo‘lgan katta bosim ostida qoladi19. Lekin bu holatda vaziyatni to‘g‘ri baholashni bilsa, u deyarli qiyinchiliklarsiz kattalar hayotiga qadam qo‘yadi.Ko‘pchilikning fikriga qarshi, o‘spirinlar ota-onalari biz o‘ylagandan ham yaqinroq bo‘lishlariga muhtoj bo‘lishadi, faqat bu narsani ochiq oydin aytishga botina olmaydilar. To‘g‘ri, ota-onalar bilan munosabatlar o‘zgargan bo‘lishi mumkin, lekin uzilgan emasku. Kattalar o‘z farzandlari bilan parallel o‘zgarishlari kerak. Shunda ular bilan yaxshi munosabatlar saqlanib qoladi, bolalar ularni hurmat kilishadi va ularning fikrlari ahamiyatli ekanligini anglab yetadilar. Bolalar tushkunlik va stress holatiga tushib qolishganda, aynan, ota-onalari ularga maslahat berib, dalda bo‘lishlarini xohlashadi. Yoshlar va ota-onalarning o‘rnatilgan o‘zaro samimiy munosabatlari muammoli vaziyat va tushkunlikka tushgan o‘spirinlarga yaxshigina himoya qobig‘i bo‘lib xizmat qiladi.Oilada jismoniy va ruhiy holatning xavfsizligi va doimiyligini ta’minlash. Bu haqda hammada shunday-ku, deb aytishingiz mumkin, lekin afsus, tarbiyalashda goho chegaradan chiqib ketamiz, farzandimiz katta bo‘lib qolganiga qaramasdan, uning o‘rniga qarorlar qabul qilamiz, har bir qadamini qattiq nazorat qilamiz, fikrini inobatga olmaymiz. Bolalarga ko‘proq vaqt ajratish. O‘zaro munosabatlar orqali ta’sir ko‘rsatish va farzandga ko‘proq vaqt ajratish kerak. Biz esa nima qilamiz? Odatiy gaplarimiz: «Onang bilan ikkimiz eshakdek ishlab, senlarni voyaga yetkazayapmiz” “Yaxshi o‘qib, keyin institutlarga kirib ketinglar”, “Kelajakda bizni boqasizlar, bor umidimiz sizlardan”, “Sizlar yuzimizni yerga qaratmanglar” “El-yurt oldida sharmanda bo‘lamiz!» va h.k. Balki ish ketidan quvlab, ularga vaqt ajrata olmayotgandirmiz? O‘rtacha hisob - kitob qilinganda, ota-ona bolasi bilan tarbiyaviy ishlarni olib borish, uning ishlaridan xabardor bo‘lishi uchun kuniga kamida 20 daqiqa vaqt ajratishi kerak20. Lekin biz ajratgan vaqtimiz ko‘proq dasturxon atrofidagi, ovqatlanish vaqtidagi gaplar bilan chegaralanib qolmaganmi? Bolalarga diqqat-e’tiborliroq bo‘lish. O‘spirinlar ota-onalari ularni tinglashga emas, ko‘proq pand-nasihat berish bilan ovora bo‘lishlari haqida shikoyat kiladilar. Bolaning savoliga yuzaki javob berishni emas, balki uning qalbida nima borligi haqida bilib olishga harakat qilish kerak. Psixologlar buni yaxshi bilishadi, chunki so‘zi boshqa xatti- harakati boshqacha bo‘lishi kerak emas. Kim biladi, hozir siz bilan kulib gaplashib, ishtaha bilan tanovul qilayotgan bolangiz tushkunlik holatida bo‘lishi ham mumkin. Qo‘llab-quvvatlash. Bolangizni hadeb, atrofida “nima bo‘ldi?”, “nima qilayapsan?”, “nega unday?”, “nega bunday?” deyaversangiz bu ko‘proq so‘roqqa uxshab qoladi. Bolalar ota-onalari ularni tinglashga va haqqoniy qaror qabul kilishga tayyor bo‘lganlaridagina o‘z muammolari bilan o‘rtoq bo‘lishini unutmang. Aytilgan yangilikdan asabiylashib, jazavaga tushsa, bola ichidagini oshkor etadimi? Kattalar farzandlari mustaqil fikr bildira olishi va qaror qabul qilishga qodirligini hurmat kilishlari kerak.Hissiyotlarni qo‘llab-quvvatlash. Ko‘p o‘spirinlar o‘z hissiyotlarini sir tutishga urinishadi yoki jilovlay olmasdan “portlab” ketishlarini ko‘rsatishadi. Ota-onalar bu holatga “yuragi tor”, “injiq” deb baho beradilar. Aslida, ulardan yutuqlari, quvonchlari, baxtli holatlari, hayajonlari hakida so‘rashlari kerak. Shundan keyingina ular sizga o‘zlarini qiynayotgan tashvishlarini ham aytib bera oladilar. Stress holatlarini o‘z vaqtida oldini olish. Og‘ir his-hayajonlar odatda insonda biron bir ahamiyatli voqeadan avval yoki keyin sodir bo‘ladi. Misol uchun, muhim imtihon topshirishda, ota-onasi ajralishayotganda, o‘qishdan haydalganda, sevgisi rad etilganda va boshqa shunga o‘xshash holatlarda yuzaga keladi. Bunday vaziyatlarda yaqinlari bolani tushunishga harakat qilishlari kerak. O‘z vaqtida unga dalda bo‘lish, yordam qo‘lini cho‘zish uni chuqur tushkunlik holatidan va o‘z joniga suiqasd qilishdan asrab qolishi mumkin. O‘spirinlar bunday noxushliklarni ko‘proq shaxsiy fojia sifatida qabul qiladilar va kechinmalarini oshkor etmaydilar. Bunday paytda ota-onalari ularni tushunishlarini juda ham istaydilar. Samimiylik va xaqoratlarsiz nasihatlar bolaga ancha dalda bo‘ladi.21 Zamonaviy amaliy psixologik maslahat va psixokorreksion ta’sir ko‘rsatishda shaxs tug‘ilib o‘sgan oila, uning oiladagi o‘rni va mavqeiga alohida e’tibor qaratiladi. Taniqli olim A.Adler shaxsga psixologik yordam ko‘rsatishda individual yondashib, inson shakllanishidagi ijtimoiy muhitning roliga alohida ahamiyat qaratdi. Adler shaxsning hayot tarzidagi asosiy determinant sifatida tug‘ilishdagi tartibni ham inobatga olish lozim, deb hisoblaydi. Uning fikricha, bola shaxsining shakllanishi va rivojlanishi uning jinsiga, oilada nechanchi farzand ekanligiga, oilasida aka-ukalar va opa-singillari borligiga, ya’ni uning sibling maqomiga bog‘liq.22 Bugungi kunda ham xorij davlatlarida o‘tkazilgan ko‘pgina tadqiqotlarda turli sibling maqomiga ega bo‘lgan kishilar shaxslararo munosabatlarda o‘zini turlicha namoyon qilishi aniqlangan. Jumladan, Massachusets texnologik instituti hamda Florida universiteti tadqiqotchilari tomonidan minglab siblinglar xulqi o‘rganilib, huquqbuzarlikka moyilligi va maktabda muammolari bo‘lgan bolalarning 20-40%i oilada ikkinchi o‘g‘il farzand ekani aniqlandi. Olib borilgan boshqa tadqiqotlarda esa bolaning huquqbuzarliklarni sodir etishi, jinoyatchilik olamiga kirib qolishiga siblinglarining ahamiyatli ta’siri borligi qayd qilingan. Ta’kidlanganidek, oilada shakllangan va sayqal topgan aka-uka, opa-singillik munosabatlari keyinchalik do‘stlar, hamkasblar, hatto raqiblar bilan bo‘ladigan murakkab o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘ladi. Olim R.B.Felsonning fikricha, shaxsning agressiv xulq-atvoriga uning oilasidagi shaxslararo munosabatlar qatorida, sibling maqomi va siblinglar soni ham muhim rol o‘ynaydi23. Bolalikda siblinglar o‘zaro munosabatlarida agressiv harakatlarning ko‘p bo‘lishi, keyinchalik ularning shaxslararo munosabatlarda turli agressiv harakatlarni qilishlariga sabab bo‘lar ekan. Mamlakatimizda biz tomonimizdan o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, oiladagi sibling munosabatlarning ijobiy bo‘lishi farzandlarning oiladan tashqarida tengdoshlarga nisbatan do‘stona va samimiy munosabatda bo‘lishlariga ta’sir ko‘rsatar ekan. Demak, oilalarda siblinglar munosabatini yaxshilashda psixologik yordam berish amaliy psixologiyaning dolzarb vazifalaridan biridir. Farzandlar o‘zaro munosabatlarini o‘rganish va psixokorreksiya qilishda psixologik yordamning amaliy metodlaridan biri bo‘lgan artterapiyadan foydalanish orqali samarali natijalarga erishish mumkin. Art terapiya – san’at orqali davolash, san’at terapiyasi ma’nosini anglatadi. Art terapiya dastavval, psixoanalizda Z.Freyd va K.Yungning egodagi himoya mexanizmlarining namoyon bo‘lishi sifatidagi nazariy g‘oyalari asosida vujudga kelgan bo‘lib (sublimatsiya, proyeksiya), davolashning bu usuli hozirgi kunda barcha yo‘nalish vakillari tomonidan keng qo‘llanilmoqda24. Adrian Xill sihatgohlarda tuberkulez bemorlar bilan ishlash jarayonini tasniflash davomida ushbu terminni qo‘lladi. Psixologik xizmatning asosiy yunalishidan bulgan diagnostik va korreksion ta’sir artterapiyada bir vaqtning o‘zida ketganligi sababli, u ham terapevtik va ham diagnostik metod hisoblanadi. Art terapiya mahsullari ahamiyatli diagnostik material hisoblanib, uni proyektiv testlarga yaqinlashtiradi. Art terapiyaning mahsuldorligi shundaki, birinchidan, nizoli vaziyatlar simvolik shaklda qayta paydo bo‘ladi, rasmlar va boshqa vositalar yordamida tashqariga chiqariladi, shu tariqa uni muhokama qilish va qaror qabul qilish mumkin bo‘ladi. Ikkinchi tomondan, ijod jarayonining o‘zi shaxsning o‘sishiga, o‘z-o‘zini namoyon qilishga, o‘z-o‘zini rivojlantirishga imkoniyat yaratadi, hayotiy qiyinchiliklarni yengish uchun ichki kuchlarni topish imkonini beradi. Art terapiya bolalarda xavfsizlik hissini rivojlantirib, o‘zini anglash va o‘zini namoyon eta olishni rivojlantirish orqali shaxs taraqqiyotini muvozanatlashtiradi. Kuchli qarshilik bo‘lganda ham bola bilan oson aloqa o‘rnatish artterapevtik metodning afzalliklaridan biri hisoblanadi. Psixolog oldiga kelganda bola har doim ham o‘z muammosi haqida gapirgisi kelmaydi, lekin nimanidir chizib berish, rasmlardan foydalanib, ertakni tugatish yoki muhokama qilish so‘ralganda qarshilik qilmaydi. Art terapiyada psixokorreksion ta’sirning ikki mexanizmi farqlanadi: 1. Nizoli, muammoli vaziyatni ramziy tarzda, san’at orqali talqin etish imkoniyatini berib, mijozning kreativ qobiliyati orqali muammoni hal etishning turli yo‘llari topiladi. 2. Estetik talqinda anglanmagan “azoblardan” holi bo‘linadi. Art terapiya maqsadlari25: 1. Mijozdagi agressiya va boshqa salbiy his-tuyg‘ularni ijtimoiy maqbul tarzda chiqarish. 2. Davolash jarayonini osonlashtirish. 3. Diagnostika va interpretatsiya uchun material to‘plash. 4. Mijozning his-tuyg‘ularni va fikrlarini qayta ishlash. 5. Psixolog va mijoz munosabatlarini muvofiqlashtirish. 6. Ichki nazorat tuyg‘usini rivojlantirish. 7. E’tiborni sezgi va his-tuyg‘ularga qaratish. 8. Ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish va mijozning o‘z-o‘ziga bahosini oshirish. Ijodiy faoliyat xarakteriga ko‘ra, artterapiyaning rasmli terapiya, biblioterapiya, musiqaterapiya, xoreoterapiya va boshqa usullari mavjud. Oilada siblinglar o‘zaro munosabatlarini o‘rganish va psixokorreksiya qilishda artterapiyaning proyektiv rasmlar, hikoya tuzish, ertak terapiya, qo‘g‘irchoq terapiya usullaridan foydalanish samarali ta’sir ko‘rsatadi. Ertak terapiya – ertaklardan foydalanish orqali shaxsga ta’sir o‘tkazish bo‘lib, u orqali bolaning his-tuyg‘usi va psixik jarayonlar, holati o‘rganiladi. Ertak bilan ishlashning asosiy jihatlari: 1. Ertak tahlili. Maqsad – anglash, har bir ertak voqealarini interpretatsiyasi, syujetni, ertak qahramonlarnini tahlil qilish. Masalan, bolalar uchn tanish ertak tahlilida bolalarga quyidagi savollar bilan murojat qilish mumkin: “Nima deb o‘ylaysiz, bu ertak nima haqida?”, “Qaysi qahramon sizga ko‘proq yoqadi va nimaga?”, “Nima uchun sizningcha, ertak qahramoni o‘zini bunday tutdi?” va hakozo. 2. Ertakni aytib berish. Bolalarga ertakni boshqa kishi tomonidan aytib berish taklif qilinadi. Bu usul bolalarda tasavvurni, fantaziyani, ijodiy qobiliyatni rivojlantiradi. 3. Ertakni qayta yozish. Bunda mijozga ertak voqealarini boshqacha talqinda ifodalash haqida ko‘rsatma beriladi. Ertakni bolakay talqinida tugatganligiga va voqealar rivojiga e’tibor qaratiladi. 4. Ertakni qo‘g‘irchoqlar orqali sahnalashtirish. Qo‘g‘irchoqlar bilan ishlash orqali bola o‘z xulq-atvori jihatlarini qo‘g‘irchoqda aks etishini ko‘radi. Bu o‘z hattiharakatlarini “yuqoridan” ko‘rishiga va tuzatishiga yordam beradi. Shu bilan birga, ayrim sabablarga ko‘ra ifodalay olmagan emotsiyalarini bola qo‘g‘irchoq orqali ifodalashi mumkin bo‘ladi. 5. Ertak to‘qish. Har bir ertakda voqealar rivojining o‘ziga xos qonuniyatlari mavjud bo‘lib, qahramonning hayoti ifodalanadi. Bola to‘qiyotgan ertakda ham u ko‘proq o‘z his-tuyg‘ularini, o‘z muammolarini turli qahramon, hayvon yoki boshqa buyumlarga ko‘chirib ifodalaydi. Oilada siblinglar o‘zaro munosabatlarini o‘rganish va psixokorreksiya qilishda psixolog bolaning muammosiga monand bo‘lgan tayyor ertak va rivoyatlarni tanlashi yoki o‘zi ijod qilishi mumkin bo‘ladi. Bu maqsadda o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalaridan keng foydalanish ham mumkin. Download 5.97 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling