Hukm, uning mohiyati va ahamiyati Hukmning mazmuni va uni chiqarish tartibi
Download 24.08 Kb.
|
2-MAVZU HUKIM
- Bu sahifa navigatsiya:
- Hukmning mazmuni va uni chiqarish tartibi
- Sud hukm chiqarayotganida hal qiladigan masalalar
Mavzu HUKM REJA Hukm, uning mohiyati va ahamiyati Hukmning mazmuni va uni chiqarish tartibi Sud hukm chiqarayotganida hal qiladigan masalalar Hukmni e’lon qilish Hukm sud majlisida sudlanuvchining aybdor yoki aybsizligi va unga nisbatan jazo qo‘llash yoki qo‘llamaslik haqidagi masala xususida chiqariladigan sudning hal qiluv qarordir. Aybsizlik prezumpsiyasi konstitutsiyaviy prinsipi aynan hukmda namoyon bo‘ladi va unga asosan, hech kim sud hukmisiz va qonunga xilof ravishda jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilishi hamda jinoiy jazoga tortilishi mumkin emas (Konstitutsiyaning 26-moddasi). Hukm davlat nomidan chiqariladigan odil sudlovning eng muhim hujjatidir. Sudya hukmni alohida xonada, sud esa maslahatxonada chiqaradi. Bunday paytda mazkur xonada faqat sudyaning o‘zi yoki ushbu ish bo‘yicha sud tarkibiga kirgan sudyalar hozir bo‘lishlari mumkin, boshqa shaxslarning hozir bo‘lishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Kech kirishi bilan, zarurat bo‘lgan taqdirda esa, kun davomida ham sud maslahatni to‘xtatishga haqlidir. Maslahatlashuv dam olish kuni va bayram kunida ham to‘xtatiladi. Sudyalar maslahatlashuv vaqtida aytilgan mulohazalarni oshkor qilishga haqli emas. Sudning hukmi ayblov yoki oqlov turlariga bo‘linadi. Ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi. Ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallaridagi barcha kamchiliklarni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos bo‘lishi lozim. Ayblov hukmining quyidagi turlari mavjud: 1) jazo tayinlash bilan; 2) jazodan ozod qilish bilan; 3) jazo tayinlamasdan chiqariladigan ayblov hukmlari. Sud quyidagi hollarda jazodan ozod qilib, ayblov hukmini chiqaradi: mazkur hukm bilan sudlanuvchiga tayinlangan jazoni qo‘llashdan ozod qiluvchi amnistiya akti e’lon qilingan bo‘lsa; shaxsning hukm chiqquniga qadar qamoqda bo‘lgan vaqti Jinoyat kodeksining 62-moddasida nazarda tutilgan dastlabki qamoqni hisobga olish qoidalarini nazarda tutib, sud tomonidan tayinlangan jazo chorasiga teng yoki bu choradan ortiq bo‘lsa. Sud quyidagi hollarda jazo tayinlamasdan ayblov hukmini chiqaradi: mahkum sodir etgan jinoyat uchun jazo tayinlashni istisno etadigan amnistiya akti e’lon qilingan bo‘lsa: mazkur jinoyat uchun ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish muddati o‘tib ketgan bo‘lsa; hukm chiqariladigan vaqtga kelib, qilmish ijtimoiy xavfliligini yo‘qotsa yoki uni sodir etgan shaxs ijtimoiy xavfli bo‘lmay qolsa; mahkumning tuzalishiga jamoat birlashmalari va jamoalar tomonidan qo‘llaniladigan jamoat ta’sir choralari yoki ma’muriy jazo choralari ko‘rish yo‘li bilan erishish mumkin bo‘lsa; hukm chiqarish vaqtigacha sudlanuvchi vafot etgan bo‘lsa; O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 71-moddasiga muvofiq shaxsni o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi tufayli jazodan ozod qilish uchun asoslar mavjud bo‘lsa. Hatto sudlanuvchining aybiga iqrorligi ham, ushbu ayb ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar majmui bilan tasdiqlangan taqdirdagina ayblov hukmiga asos qilib olinishi mumkin. Oqlov hukmi jinoyat hodisasi aniqlanmagan, sudlanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan, shuningdek sudlanuvchining jinoyat sodir etishda ishtirok etganligi isbotlanmagan taqdirda chiqa- riladi. Oqlov hukmi quyidagi hollarda chiqariladi: jinoiy hodisa yuz bermagan bo‘lsa; sudlanuvchi sodir etgan qilmishda jinoyat tarkibi bo‘lmasa; jinoyat sodir etilishiga sudlanuvchi daxldor bo‘lmasa. Jinoyat boshqa shaxs tomonidan sodir etilganligi aniqlansa, shuningdek sudlanuvchiga qo‘yilgan ayblov ish holatlari batafsil tekshirilganidan keyin ishonarli tarzda o‘z tasdig‘ini topmasa, sud JPK 464-moddasi birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan asosga ko‘ra sudlanuvchini oqlaydi. Basharti o‘sha asos bo‘yicha oqlov hukmi chiqarilganda jinoyatni sodir etgan shaxs aniqlanmay qolgan bo‘lsa, sud bu shaxsni aniqlash va uni ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish choralarini ko‘rish uchun ishni hukm kuchga kirgandan so‘ng prokurorga yuboradi. JPKning 457-459-moddalarida nazarda tutilgan masalalar hal etilganidan so‘ng sud hukmni tuzishga kirishadi. Sudda ish qaysi tilda ko‘rilgan bo‘lsa, hukm shu tilda, aniq va tushunarli iboralarda bayon qilinadi hamda kirish, tavsif va qaror qismlaridan iborat bo‘ladi. Hukm uni chiqarishda qatnashgan sudyalardan biri yoki hukmni yakka o‘zi chiqargan sudya tomonidan qo‘lda yoki texnik vositalardan foydalangan holda yozilishi lozim. Hukmga kiritilgan tuzatishlar hukm e’lon qilinishidan oldin izohlanishi va sudyaning (sudyalarning) imzosi bilan tasdiqlanishi lozim (JPK 465-m.). Hukmning mazmuni va uni chiqarish tartibi Hukm kirish, tavsif va xulosa qismlaridan iborat bo‘ladi (JPK, 466- 468-m.). Har bir qism hukm turiga qarab o‘z mazmuniga ega bo‘ladi. Hukmning asosiy talablari - qonuniylik, adolatlik va asoslantirilganlik (JPK 455-m. 3, 4-qismlar). Hukm qonun talablari buzilmasdan amalga oshirilgan sud muhokamasi natijasida, qonunda nazarda tutilgan tartibda va sharoitda chiqarilgan bo‘lsa va unda barcha masalalar to‘g‘ri, ya’ni moddiy va protsessual huquq normalariga muvofiq tarzda hal qilingan bo‘lsa, qonuniy deb e’tirof etiladi. Agar hukm sud majlisida har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirilgan dalillarga asoslangan bo‘lsa, u asosli deb e’tirof etiladi. Hukmning asosliligi, avvalo, uning haqiqiyligi bo‘lib, bu aniqlangan faktlarning shubhasizligini hamda ularning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy jihatdan to‘g‘ri baholanganligini bildiradi. Hukm adolatli bo‘lishi kerak. Bu hol sud sudlanuvchining aybini aniqlashi hamda jinoyatning og‘irligiga va sudlanuvchining shaxsiga mos keladigan jazo tayinlashi kerakligini bildiradi. Hukmga qo‘yiladigan barcha talablar o‘zaro bog‘liq va aloqadordir. Agar hukm asosli bo‘lmasa, adolatsiz bo‘lsa, u qonuniy bo‘lolmaydi va aksincha. Hukm katta ijtimoiy-siyosiy, jinoyat-protsessual va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan protsessual hujjatdir. Hukmning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati shundaki, sud sodir etilgan qilmishga davlat nomidan baho beradi, davlatning jinoyat sodir etgan shaxsga munosabatini ifodalaydi hamda davlat majburlov choralarini amalga oshirib, odil sudlovning insonparvarligi va demokratizmini ko‘rsatadi. Hukmning jinoyat-protsessual ahamiyati quyidagilardadir: unda sud muhokamasiga yakun yasaladi; jinoyat sodir etgan har bir shaxs odil jazoga hukm qilinishi va hech bir aybsiz shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmasligi va jazoga mahkum etilmasligi kabi jinoyat protsessining vazifalari bajariladi; mahkum, oqlangan shaxslarga, himoyachi, qonuniy vakil, jabrlanuvchi, fuqaroviy javobgar, ularning vakiliga hukm yuzasidan shikoyat qilish, prokurorga esa kassatsiya sudiga protest bildirish huquqi beriladi. Hukm qonuniylikning va huquqiy tartibning mustahkamlanishiga, jinoyatlarning oldini olishga hamda fuqarolarni jamiyat qonun-qoida- lariga og‘ishmay rioya etish ruhida tarbiyalashga yordam beradi. Sud hukm chiqarayotganida hal qiladigan masalalar Sud hukm chiqarish vaqtida alohida xonada (maslahatxonada) quyidagi masalalarni hal qiladi: sudlanuvchi aybli deb topilayotgan qilmish haqiqatan sodir etilganmi; bu qilmish jinoyat deb hisoblanadimi va u Jinoyat kodeksining qaysi moddasida nazarda tutilgan; bu qilmishni sudlanuvchi sodir etganmi; sudlanuvchi jinoyat sodir etilishida ayblimi, basharti aybli bo‘lsa, uning aybi qanday shaklda; sudlanuvchining javobgarligini yengillashtiradigan va og‘irlash- tiradigan holatlar bormi; sudlanuvchi sodir etgan jinoyati uchun jazolanishi kerakmi; sudlanuvchiga qanday jazo tayinlanishi lozim va u shu jazoni o‘tashi kerakmi; sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 34-moddasiga muvofiq o‘ta xavfli retsidivist deb topish lozimmi; ozodlikdan mahrum qilingan mahkum jazoni qanday tartibli muassasada o‘tashi lozim va jazo muddatining bir qismini turmada o‘tashi kerakmi; fuqaroviy da’vo qanoatlantirilishi kerakmi, bu da’vo kimning foydasiga va qancha miqdorda qanoatlantirilishi lozim, shuningdek fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atilmagan bo‘lsa, jinoyat tufayli keltirilgan mulkiy zarar undirilishi kerakmi, sudlanuvchilar sheriklik yoki hissa- dorlik tartibida javobgarlikka tortilishlari lozimmi; fuqaroviy da’voni ta’minlash uchun xatlangan mol-mulkni nima qilish kerak; ashyoviy dalillarni nima qilish kerak; protsess chiqimlarini kimning zimmasiga va qancha miqdorda yuklash kerak; sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash, ilgarigisini qoldirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish kerakmi; sudlanuvchiga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash yoxud uning ustidan homiylik belgilash zarurmi. Sudlanuvchi bir necha jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan bo‘lsa, sud 457-moddaning 1-8-bandlarida nazarda tutilgan masalalarni har bir jinoyat bo‘yicha alohida-alohida hal qiladi. Jinoyatni sodir etishda bir necha sudlanuvchi ayblanayotgan bo‘lsa, sud ushbu moddada ko‘rsatilgan masalalarni har bir sudlanuvchiga nisbatan alohida-alohida hal qiladi. Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari ekspertning tegishli xulosasi mavjud bo‘lgandagina qo‘llanilishi mumkin. Sud muhokamasi jarayonida JPK 533-moddasi birinchi qismining 1- 4-bandlarida nazarda tutilgan holatlardan birortasi aniqlanib qolsa, sud hukmning ijrosini qonunda belgilangan tartibda kechiktirish masalasini muhokama qilishi shart. Surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud muhokamasi paytida sudlanuvchining ruhiy kasalligi va aqli norasoligi haqidagi masala kelib chiqqan hollarda sud hukm chiqarish vaqtida bu masalani yana bir bor muhokama qilishi shart. Sudlanuvchi ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish vaqtida aqli noraso holatda bo‘lgan yoki uni sodir etganidan keyin o‘z harakatlarini idrok eta olmaydigan yoki idora qila olmaydigan ruhiy kasallikka chalingan deb topgan taqdirda, sud JPKning 577-moddasida nazarda tutilgan ajrimni chiqaradi. Shartli hukm qo‘llanilganda sud shartli hukm qilingan shaxs ustidan kuzatuv olib borishni kimga yuklatish lozimligini hal qiladi. Shartli hukm qilish to‘g‘risida jamoat birlashmasi yoki jamoaning iltimosnomasi bo‘lsa, sud shartli hukm qilingan shaxsning xulq-atvorini kuzatish uchun uni shu birlashma yoki jamoaga topshirishi mumkin. Ish sud tarkibi tomonidan ko‘rilayotgan bo‘lsa, hukm chiqarish oldidan raislik qiluvchi boshchiligida sudyalarning maslahatlashuvi o‘tkazilib, raislik qiluvchi sud hal qilishi lozim bo‘lgan savollarni JPKning 457-moddasida ko‘rsatilgan izchillikda qo‘yadi. Har bir savol unga ma’qullovchi yoki rad etuvchi javob qaytariladigan shaklda qo‘yilishi kerak. Javob qaytarganidan so‘ng sudya javobning motivlarini ifodalashi mumkin. Har bir savolni hal qilishda sudyalardan hech biri ovoz berishda betaraf qolishga haqli emas. Barcha masalalar ovozlarning oddiy ko‘pchiligi bilan hal qilinadi. Raislik qiluvchi hammadan keyin ovoz beradi. Birinchi navbatda sudlanuvchining manfaatiga to‘laroq mos keladigan fikr ovozga qo‘yiladi. Agarda oqlash to‘g‘risida ovoz bergan sudya yoki sudyalar ozchilikni tashkil qilib, boshqa sudyalar esa jinoyatning tavsifi yoki jazo chorasi to‘g‘risida har xil fikrda bo‘lsalar, oqlash uchun berilgan ovoz yoki ovozlar Jinoyat kodeksining yengilroq jazo chorasini nazarda tutgan tegishli moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilish uchun berilgan ovozga qo‘shiladi. Ishni sudya ko‘rayotgan bo‘lsa, JPKning 457-459-moddalarida ko‘rsatilgan masalalarni yakka o‘zi hal qiladi (JPK 460-m.). JPKning 457 - 459-moddalarida ko‘rsatilgan masalalarni alohida xonada (maslahatxonada) muhokama qilish vaqtida sud ish uchun ahamiyati bo‘lgan biror holat qo‘shimcha ravishda aniqlanishi kerak deb topsa, hukm chiqarmay, sud tergovini yana davom ettirish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Sud tergovi tamom bo‘lganidan keyin sud yana taraflarning muzokarasini boshlaydi va sudlanuvchining oxirgi so‘zini eshitadi. Mazkur masalalarni ijobiy hal qilgach, sud hukm chiqaradi. Hukmni raislik qiluvchi va xalq maslahatchilari imzolaydilar. Agarda ulardan birortasi boshqacha fikrga ega bo‘lsa, u ushbu fikrini yozma ravishda bayon etadi va jinoyat ishiga qo‘shib qo‘yadi (JPK 472-m.). Sud hukmni imzolaganidan keyin sud majlisi zaliga qaytib chiqadi va raislik qiluvchi hukmni e’lon qiladi. Hukm chiqarish bilan bir vaqtning o‘zida sud, agar bunga asoslar mavjud bo‘lsa, xususiy ajrim chiqaradi. Unda davlat organlari, jamoat tashkilotlari yoki mansabdor shaxslarning diqqatini jinoyat sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni bir oylik muddat ichida tegishli choralar ko‘rib bartaraf etish uchun, ish yuzasidan aniqlangan qonun buzilishlari faktlariga qaratadi. Oqlov hukmi chiqarilgan taqdirda sud fuqaroga uning buzilgan huquqlarini tiklash tartibini tushuntirishi hamda noqonuniy tarzda jazoga hukm qilinishi, jinoiy javobgarlikka g‘ayriqonuniy tortilishi, ehtiyot chorasi sifatida qonunga xilof ravishda qamoqda saqlanishi natijasida unga yetkazilgan zararni qoplash choralarini ko‘rishi shart. Zararni qoplash shart-sharoitlari va tartibi respublika qonun hujjatlarida, normativ, idoraviy hujjatlarda belgilanadi. Download 24.08 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling