Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet21/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
132
Komron bilan bir uchrashishi, yuzma-yuz turib ochiq gaplashishi kerak edi. Faqat 
shundagina orani buzayotgan odamlarning ta’sirini qirqish va Komronni ularning 
asoratidan qutqarish mumkin edi. Qancha mushkul muammolarni yechgan Humon 
nahotki endi shu ishning uddasidan chiqolmasa? Nahotki o‘z inisining bergan ozorlarini 
unutishi, qilgan yomonliklarini ichiga yutib, u bilan bir marta yarashishi shu qadar qiyin 
bo‘lsa? 
Hamida begim Komronning nomini tilga olgisi kelmas, qamal oylarida dili yaralangan 
Akbar ham jajji singlisining qotili bilan otasining yarashishini istamas edi. «Komrondan 
endi umid yo‘q, yashirin odamlar yuborib, yasoqqa ketkazish kerak!» derdi Turdibek. 
Lekin Humoyun birodarkush bo‘lishni istamas, «rahmatli otam, «zinhor inilaringning 
qonini to‘kma!» deb vasiyat qilganlar» derdi. 
Hozir Askariy bilan Hindol Humoyunning yonida, endi faqat Komron tentirab yuribdi. 
Humoyun uning oldiga Hindolni yubordi. «Bas endi, kelsin, gunohlaridan kechay», dedi. 
Ammo Komronning yonidagi Bopusxon, «bormang, yashirincha qatl ettirgay», deb uni 
qo‘rqitdi. Komron  yana yarashishdan bosh tortdi. Shundan keyin Humoyun Haram 
begimga maktub yozib, Komronni qurshovga olishda yordam berishni so‘radi. Haram 
begim o‘n ikki ming otliq qo‘shin yig‘di, o‘zi bu lashkarga bosh bo‘lib, Pomir tog‘ining 
janubiy etaklaridan Hindikush tog‘ining shimolidagi Ko‘talgacha olib keldi. Bu qo‘shinni 
Humoyunning ko‘magiga topshirdi-da, o‘zi yana badaxshonning zafar qal’asiga qaytib 
ketdi. 
Kelinlarining mardona ishi Komronni vahimaga solib qo‘ydi. Agar u Humoyun bilan endi 
ham yarashmasa tirik qutulib ketolmasligi aniq edi. Shundan keyin Komron Humoyun 
qarorgohiga odam yubordi: 
— Hindol kelsin, birga borgaymiz, — dedi. 
* * * 
 
Ilk bahor kunlarida Humoyun Hindikush tog‘ining janubiy etaklariga yuzdan ortiq chodir 
tiktirdi. Ularning o‘rtasiga ko‘krakdor bir joyga ulkan saroparda o‘rnatildi. Borgoh va 
xirgohdan tashqari yana uch xil rangdagi uchta kimxob chodirni shu saroparda ichiga 
o‘rnatishdi. 
Otliqlar ko‘p o‘tib yo‘l qilgan joydan to saroparda eshigiga qadar lolarang ipak poyandoz 
to‘shalgan edi. Hindol va Askariy ikki yonda, Komron mirzo o‘rtada, uchalasi shu 
poyandoz oldiga kelib otdan tushdilar. Naqoralar chalinib, qo‘sh surnay mayin navoni 
kuylab turibdi. Yaxshi kiyingan salobatli Komron mirzo lolarang poyandozga sekin 
qadam qo‘yib, inilarini ergashtirib kela boshlagan paytda saropardadan Humoyun unga 
peshvoz chiqdi. Surnay va naqoralar tovushida jo‘shqin, quvnoq, hayajonli ohanglar 
paydo bo‘ldi. 
Bu xayolot emas, tush ham emas. Humoyun ko‘pdan orzu qilgan va yetti yili kurashib 
yurib, nihoyat bugun muyassar bo‘layotgan haqiqat edi. 
Bunchalik e’zoz bilan peshvoz olinishini kutmagan Komron akasining muruvvati oldida tiz 
cho‘kib uch marta yukundi. Hozir uning belida na qilichi, na xanjari bor, faqat kamarning 
o‘zi bog‘langan. Komron titroq qo‘llari bilan oltin kamarini yechdi-da, uni o‘zining 
bo‘yniga osdi. Bu uning taslim bo‘lganini bildirar edi. Shu bilan komron o‘zining 
gunohkor ekanini hammaning ko‘zi oldida tan oldi. Bundan ta’sirlangan Humoyun unga 
quchoq ochdi, odat bo‘yicha uch marta ko‘krakni-ko‘krakka bosib ko‘rishdilar. Shundan 
so‘ng Humoyun Komronning oltin kamarini bo‘ynidan olib beliga bog‘lab qo‘ydi. 
Saroparda ichidagi eng katta chodir og‘a-inilar uchun gulday yasatib qo‘yilgan edi. 
Humoyun to‘rga o‘tdi-da, o‘ng yoniga Komronni o‘tqazdi. Askariy bilan Hindol ikki 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
133
tomondan joy olishdi. Oltin kosalarda eng avval xushbo‘y gulob keltirildi. Bir kosa 
gulobni avval Humoyun, so‘ng Komron ichdi. Ikkinchi kosadagi gulobning bir qismini 
askariy ichib, qolganini Hindolga berdi. 
Ziyofat boshlandi. Goh kiyik kabobini, goh kobuli sho‘rvani, goh farg‘onacha palovni olib 
kelib dasturxonga qo‘yayotgan bakovullar to‘rt og‘a-inini endi bir dasturxon atrofida 
ko‘rayotganlaridan xursand. Eng to‘ng‘ichi Humoyun — qirq yoshda, eng kichigi Hindol 
— yigirma sakkizda. Bugun dasturxon atrofida to‘rtovlaridan boshqa hech kim yo‘q. 
To‘rtovlari ham bir-biridan durkun bo‘lgani uchun katta chodirni to‘ldirib o‘ltirishibdi. 
Xizmatkorlar nazarida chodirda yetti-sakkizta odam o‘ltirganday. 
Palovdan keyin Humoyun bitta chinni tarvuz so‘ydirdi. Tarvuzni teng ikki pallaga bo‘lib, 
bir pallasini Komron bilan Humoyunning oldiga, ikkinchi pallasini kichik inilar o‘rtasiga 
qo‘yishdi. Bahorgacha asralgan bu tarvuz juda shirin edi, to‘rtovlari ham uni maqtab-
maqtab yedilar, baribir tarvuz ulardan ortib qoldi. 
— Ana, — dedi Humoyun. — To‘rttalamizga bitta tarvuz yetib ortar ekan. Talashib-
tortishishning ne hojati bor? Mamlakat ulkan — Qandahordan Badaxshongacha. Nahotki 
shu bizga yetmasa? 
Komron xijolatdan qizarib, mahzun bir qiyofa bilan: 
— Nachora, xom sut emgan banda ekanmiz, — dedi. 
— Mayli, o‘tgan ishga salovot, — dedi Humoyun.— Qani, mirzo Komron, yangi 
she’rlardan bormi? 
Gap yoqimli mavzuga ko‘chganidan yengil tortgan Komron: 
— Hazrat otamizning mashhur bir ruboyilari bor. «Ko‘ngli tilagan murodig‘a yetsa kishi, 
yo barcha murodlarni tark etsa kishi» deb boshlanur. Faqir shu yo‘lda bir ruboiy 
bitmishmen: 
 
Yo bo‘lsa muyassar kishiga ilm ila hol*. 
Yo topsa kishi saltanat avjida kamol. 
Yo oshiftaye bo‘lsa ko‘rub husn-u jamol 
Yo bo‘lsa tamom o‘zligidin forig‘bol*. 
 
Humoyun hozir og‘a-ini adovatidan qutulib, forig‘bol bo‘lib o‘ltirgani uchun, so‘nggi satr 
unga juda yoqdi: 
— Ko‘nglimdagi so‘zlarni bitibsiz, amirzodam! Dunyodagi eng yomon tutqunlik — 
odamning o‘zligidan forig‘bol bo‘la olmasligidir. Bundan oldin bir masnaviy ham bitgan 
ekansiz. Mening xotiramda bir necha satri qolmishdir. Unda ham haq so‘zlar bor. 
— Qaysi masnaviy ekan, hazratim? Biror satrini eslating. 
 
«Yaktalab-u, yaqdil-u, yakxo‘y bo‘l, 
Borcha xaloyiq bila yakro‘y bo‘l» 
 
— Bul ham hazrat otamning masnaviylariga o‘xshab ketadir, — dedi Hindol. 
— Ha,— davom etdi Humoyun. — Quyidagi to‘rt satrini Komron men kabilarga bag‘ishlab 
yozgan deb o‘yladim: 
 
Ey, o‘zini joh ila mast aylagan, 
Himmatin ul poyada past aylagan. 
Himmat emas ulki, jahon olg‘asen 
Himmat erur buki, borin solg‘asen*. 
 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
134
Komron akasi bilan xafalashib yurganda bu satrlarni unga qarshi qaratgani rost edi. 
Lekin hozir u she’rdagi kinoyani o‘ziga oldi: 
— Bu satrlarda men o‘zimga murojaat etmishmen, hazratim! Yodingizda bo‘lsa 
jannatmakon otam bir qancha masnaviylarni o‘zlariga qarata bitgan edilar. Sekrida may 
ichishdan tavba qilganda o‘zlariga murojaat etib aytgan masnaviylarini eslang:* 
— O‘zingizga murojaat etganingiz — bizga ham murojaat qilganingiz emasmu, 
amirzodam? — dedi Humoyun kulimsirab. — Axir biz hammamiz bir xon avlodidanmiz. 
— Bu rost, ammo men avvalgi da’volarimdan voz kechib, o‘zligimdan forig‘bol bo‘ldim. 
Himmat — barini olishda emas, baridan voz kechishda ekanini endi astoydil his etdim. 
— Bu his sizga ham tanish bo‘lsa kerak, hazratim?— deb Hindol Humoyunga Agrani 
eslatdi. — O‘shanda siz hatto taxtingizni, butun hazinangizni saqqo yigit Nizomga berib 
qo‘ygan ekansiz. Afsuski, biz o‘shanda yoshlik qilib bu yuksak himmatning qadriga 
yetmagan ekanmiz. 
— Endi qadriga yetdingizmi, axir? — kulib so‘radi Humoyun. Bu savolga har uchala ini 
tasdiq javob berdilar. 
— Undoq bo‘lsa, to‘rttalamiz bu kecha mana shu saroparda ichida birga uxlagaymiz. 
Damni olib, ertaga Kobulga hazrat otamning qabrini ziyorat qilgani borgaymiz. 
Humoyun ataylab bek-u a’yonlarni oraga qo‘shmaslikka harakat qilar, chunki ularning 
Komronga bog‘liq gina-kuduratlari ko‘p — Bopusxon qamal paytida birining akasini 
o‘ldirtirgan, birining singlisini benomus qilgan, lekin odamlar buni Komrondan ko‘rar edi. 
To‘rt og‘ayni qo‘riqchi yigitlari bilan Kobul ko‘chalarini to‘ldirib o‘tdilar, minglab 
odamlarning e’tibori ostida baland tepalik ustidagi Bobur maqbarasiga ko‘tarildilar. 
Otalari hayotligida tog‘dagi chashmalardan bu yergacha ariq qazdirib, suv olib kelgan va 
to‘rtta chinor ektirgan edi. Yigirma yil ichida ular yuqoriga bo‘y cho‘zib, katta daraxtlarga 
aylangan. 
Bu xushhavo joyga shimoldan — Amudaryo va Sirdaryo tomondan esgan shamollar 
Bobur tug‘ilib o‘sgan joylarning ezg-u isini olib kelardi. Janubdan esgan shamollar esa 
Bobur Kobul daryosi bo‘yida va Jamna qirgoqlarida barpo etgan bog‘larning muattar 
hidini keltirib turganday bo‘lardi. 
Otalarining vasiyatiga binoan, uning xoki Agradan hind tuprog‘i bilan birga keltirilib qabr 
ichiga solingan edi. Qabr ustidagi oltinrang marmar esa Samarqandning G‘ozg‘onidan 
tuyalarga ortib kelingan va Kobulda tarashlanib, sayqal olgan edi. To‘rt o‘g‘il maqbara 
ichiga chuqur sukut bilan kirib, qabr toshining ikki yoniga va oyoq tomoniga cho‘k tushib 
o‘ltirdilar va tilovat qildilar. Humoyun otasining o‘lmas ruhini tirik his qilib, unga 
hayotligidagidek murojaat etdi: 
— Hazrat otajon, shukur, mana, barcha o‘g‘illaringiz sog‘, omon. Huzuringizga birga 
kelish orzusida edik. Bugun shu orzuga yetdik. — U inilariga yuzlandi: — Padari 
buzrukvorning ruhlari oldida ahd qilaylik, Komron, Askariy, Hindol — barchamiz minba’d 
ahillikni hech buzmaylik! Hech bir kimsa oramizga nifoq sololmasin. Omin! 
— Omin! 
Hindol akasining so‘zlaridan qattiq ta’sirlanib, ko‘ziga yosh oldi. 
Komron esa bosiqlik bilan: 
— Omin! — dedi-yu, ichida hindolni «hali ham bola» deb qo‘ydi. Askariy ham 
Komrondek bosiq. U Humoyundan ko‘ra Komronni tezroq tushunadi. Humoyunning 
odam erishib bo‘lmaydigan narsalarga ishonishi va intilishi, hozirgiday otalarining qabri 
oldida tirik odamga so‘zlagandek gapirishlari Komron bilan Askariyga kitobiy bir 
xayolparastlikdek tuyuladi. Agrada Humoyunnig oliy tabaqani «ahli davlat», «ahli 
saodat», «ahli murod» kabi qismlarga bo‘lganlari, butun jamiyatga esa tabiatdagi chor 
unsur asosida tartib bermoqchi bo‘lganlarini, eshkakchi Nizomni podsho qilib 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
135
ko‘targanlari hozir Komronning esiga tushib kulgisini keltirdi. 
Bobur maqbarasidan nariroqda Xonzoda begimning qabri ustiga qo‘yilgan odam bo‘yidan 
balandroq oq marmarga Humoyun shikasta harflar bilan dil so‘zlarini o‘ydirib yozdirgan 
edi. Hozir u ukalarini ammasining qabri oldiga boshlab keldi-da: 
— Bu ulug‘ ayol umr bo‘yi otamizga-yu bizga o‘zini fido qilib yashadi, — dedi. — 
Hayotining oxirgi daqiqalarigacha to‘rtovimizni birga ko‘rish orzusida bo‘ldi. — Humoyun 
ammasining ruhiga ham xuddi tirik paytidagidek murojaat etdi: — Hazrat ammajon, 
arvohingiz shod bo‘lsin, siz orzu qilgan kunlarga yetishdik. Ulug‘ ruhingiz bizga hamisha 
madad bersin! Omin! 
Komron bu gal yuziga istar-istamas fotiha tortdi, akasining bu gaplari, uning nazarida, 
ulkan podshoga yarashmaydigan bachkanalikday tuyulardi. 
Humoyun ertalab bu yoqqa kelayotib, maqbara etagiga ko‘chat olib chiqishni va 
chuqurchalar qazib qo‘yishni buyurgan edi. Pastdagi ariq bo‘yida Turdibek u aytgan 
ishlarni taxt qilib, to‘rt og‘aynini kutib turgan edi. Humoyun xilxonadan chiqib buni 
ko‘rdi-yu, inilariga: 
— Hozir ilk bahor, ayni nihol o‘tqazadigan payt,— dedi. — Yuringlar, otamiz qazdirgan 
ariq bo‘yiga biz ham ko‘chat ekaylik, hozirgi mas’ud damlardan xotira bo‘lib qolsin. 
Humoyun chinor ko‘chatini chuqurchaga solib, o‘zi tuproq tortmoqchi bo‘lgan edi, 
navkari ketmonni bermadi: 
— Hazratim, siz tutib tursangiz bas! 
Ammo Humoyun bunga ko‘nmay ketmonni tortib oldi-da, ko‘chat tagiga o‘zi tuproq 
tashlay boshladi. Umrida qilmagan bu ishga uning qo‘li kelishmayotganini ko‘rgan 
Komron akasining kulgi bo‘lishidan ozorlanib: 
— Bas, hazratim! — dedi. Komronning hokimona ishorasi bilan navkar tez ketmonni 
Humoyunning qo‘lidan oldi. 
Komronning o‘zi esa ko‘chatni tutib turdi, ammo ketmonsopga qo‘l tekkizmadi. 
Aslzodalarga xos nazokat bilan tarbiya ko‘rib o‘sgan Komron, «avomga o‘zingni teng 
tutsang, darhol tepangga chiqgay», degan e’tiqodda edi. Humoyun esa beg‘ubor oddiy 
odamlarga yaqin bo‘lishni yaxshi ko‘rar, o‘g‘li Akbarning to‘yida u hatto Imomquli degan 
navkari bilan kurash tushgan edi. 
To‘rt og‘ayni faqat o‘zlari qolganda uncha bilinmaydigan bunday farqlar ular jamiyat 
orasiga kirgan sari ko‘zga yaqqol tashlanadi va birini biridan uzoqlashtira boshlaydi. 
Ko‘pchilik Humoyundan mamnun. Og‘a-inining olishuvlaridan bezor bo‘lganlar, «xay-
riyat, endi tinchidik», deb quvonadi, «Humoyun inilari qilgan yomonliklarni yuzlariga 
solmay, hurmatlarini joyiga qo‘yib, yonida e’zozlab olib yuribdir, bag‘rikenglik bundan 
ortiq bo‘lg‘aymi?» degan maqtovlar Komronning qulog‘iga ham chalinadi. Hozir bu 
yarashish nuqul Humoyunning obro‘sini oshirayotganday, Komron esa Kobuldagi avvalgi 
nufuzini yo‘qotib, pastlab ketayotganday tuyuladi-yu, kun sayin qattiq botadi. Ayniqsa, 
qamal paytda undan jabr ko‘rgan odamlarning ko‘zlaridagi kudurat Komronga tikanday 
sanchiladi, qarindosh ayollar bilan ko‘rishganda Hamida bonu unga ko‘zlari to‘la musibat 
bilan shunday tikildiki, Komronning ko‘ngli allaqanday bo‘lib ketdi. U Humoyunning 
qamal paytida zindonda jon bergan qizi — ikki yoshli Jahon Sulton begimning o‘limi 
uchun javobgar ekanini mungli onaning nigohidan sezganda, bu ko‘zlarning o‘tkir dardi 
go‘yo nayza bo‘lib otildi-yu, Komronning diliga qadaldi. Eshik darichalariga g‘isht 
qalanib, qamoqxonaga aylantirilgan qorong‘i uyda singillari gulbadan ham bir necha oy 
zindon azobini tortgan, endi u ham Komrondan ko‘rgan azoblarini unuta olmas edi... 
Humoyunga sadoqatli beklardan bir qanchasi Bopusxon tomonidan ayovsiz o‘ldirilgan, 
ba’zilarining xotinlari bozorda xaloyiqning oldida benomus qilingan, ularning tirik qolgan 
og‘a-inilari buni ham Komrondan ko‘rishardi. «Sen farmon bergansen, qasdini sendan 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
136
olmog‘imiz kerak!» degilari kelib, Komronga intiqom to‘la ko‘zlar bilan tikilishardi. 
Humoyun qasoskorlarning hovurini bosish uchun Bopusxonni hibs qildirdi. Afzalbek 
Sindga borganda Sherxonning o‘g‘li Islomshoh tomonga o‘tib ketgan, Qorachaxon 
kechasi darvozani yashiriqcha ochib bergandan beri humoyun xizmatida yurar edi. Lekin 
bek-u a’yonlar orasida Qorachaxonning e’tibori  yo‘q, soliq yig‘uvchi mahkamada 
uchinchi darajali bir lavozimdagi ishlar, hech kim uni pisand qilmas edi. Bundan 
alamzada bo‘lib yurgan Qorachaxon paytini topib Komronning qarorgohiga keldi, tiz 
cho‘kib, undan uzr so‘radi. 
— Men hali ham sizni valine’matim deb tan olurmen! — deb shivirladi. — Oh, qani o‘sha 
davr-u davronlarimiz? Agar men sizga kerak bo‘lsam, chorlang, yerning ostidan bo‘lsa 
ham huzuringizga yetib kelurmen! 
— Fitna-yu sho‘rish endi bas! — deb Komron unga yon bermadi. Chunki hozir Komron 
qarorgoh qilgan Bog‘i Navro‘ziyda Humoyunga gap yetkazadigan xufiyalar bo‘lishi 
mumkin edi. — Yaxshilik yo‘lidan yursangiz, bir kun yana uchrashgaymiz. Unutmaga-
ningiz uchun tashakkur! 
Bu tashakkur — uning Qorachaxonni kechirgani edi. Har qalay, Komronni Humoyundan 
baland qo‘yib e’zozlaydigan odam ham borligi Komronning diliga taskin berdi. U 
Qorachaxondan Said Xalilni so‘radi. 
— Bechora qiltomoq bo‘lib qoldi, — dedi Qorachaxon. — Ikki oydan beri tomog‘idan 
ovqat o‘tmay qoqsuyak bo‘lib yotibdir. Bilmadim, necha kunligi bor... 
Komron Said Xalilni ko‘rgani bordi. Bir vaqtlar yerni bosaymi-bosmaymi deb kekkayib 
yuradigan Said Xalil hozir odam ko‘rsa seskanadigan ko‘kish-sariq murdaga o‘xshardi. 
Lablari qimirlaganda xuddi o‘lik yotgan odam gapirib yuborganday Komronning eti 
jimirladi. 
— Siz... — deb pichirladi Said Xalil Komronga...— Siz taxtni oling! Og‘ongiz... 
nomunosib!.. 
Bir tomonda — Humoyunni Komrondan yuz chandon baland qo‘yib maqtayotgan bek-u 
a’yonlar, ikkinchi tomonda ozchilik bo‘lsa ham, har qalay, Komronni otasining taxtiga 
eng munosib deb biladigan eski qadrdonlar... Komronga bu ikki muhit — qaychining ikki 
tig‘idek tuyular, Kobulda yurganda ruhi shu tig‘lar orasida qolib qiymalanayotganday 
azob tortar edi. 
Bu, ehtimol, ona suti bilan kirgan g‘ayrishuuriy bir tuyg‘udir. Chunki Komronning onasi 
Gulruh begim kundoshi Mohim quvonganda ezilar, aksincha, Mohimning boshiga farzand 
dog‘imi yoki boshqa biron kulfat tushsa o‘zini undan baxtiyorroq sezib, dili taskin 
topardi. 
Komron ham Humoyunnnig obro‘si ortganidan quvonolmas, balki ruhi tushar edi. 
Akasining ma’naviy g‘alabasi unga o‘zining ma’naviy mag‘lubiyatidek tuyulardi. Uning 
ko‘zini kuydirib, raqobat hissini xurujga keltirayotgan narsalar ko‘paygan sari kechalari 
uxlay olmay chiqdi-yu, siniqqan yuz bilan Humoyunga murojaat qildi: 
— Men bu jamiyatdan uzoqroqqa ketay, hazratim. Ulug‘ muruvvatlaringizni toabad 
unutmagaymen. Endi... tinch bir go‘sha bo‘lsa, ijod qilsam... 
O‘sha kezlarda Humoyunning qalamravidagi eng uzoq o‘lka — shayboniyzodalar davlati 
bilan chegaradosh bo‘lgan Ko‘lob edi. Komron Ko‘lobga, Askariy esa unga qo‘shni 
Toliqonga tayin bo‘ldi va tez kunda o‘z viloyatlariga jo‘nab ketdi. 
Kobulda Hindol bilan qolgan Humoyun endi Hindistonga qanday qilib qaytish yo‘llarini 
o‘ylar edi. Bu yo‘llar Humoyun uchun hali ham berk. Sherxonning o‘g‘illari orasida eng 
g‘ayratlisi bo‘lgan Islomshoh o‘ziga qarshi bosh ko‘targan kuchli sarkardalar — Havasxon 
va Haybatxonlarni yengib, Gvalior qal’asiga hibs qilgan. U Panjobda zo‘r davlat tuzib, 
qo‘shinini yuz mingga yetkazgan. Humoyunda hali Islomshohga bas keladigan kuch 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
137
yo‘q. Dehli, Agra, hatto uzoq Bihar va Bangoladan Kobulga, Humoyun saroyiga eski 
qadrdonlaridan xat-xabarlar, vakillar kelib turibdi. O‘sha yoqlarda bir-biri bilan hokimiyat 
talashib, el-ulusning boshiga behisob baxtsizliklar keltirayotgan Ahmadxon va Odilxon 
surlarning zulmidan bezor bo‘lgan odamlar Humoyunni tezroq Hindistonga qaytishga va 
o‘z tarafdorlarini bu balolardan qutqarishga undaydilar. Humoyunning o‘zidagi eng zo‘r 
istak ham shu. Ammo yoshi qirqdan oshib, mulohazakor bo‘lib qolgan Humoyun hali 
Hindga qaytishi uchun fursat yetilmaganini, tarix qozoni yana uzoq qaynashi kerakligini 
sezadi. Islomshoh ming urinsa ham to‘xtatolmaydigan ichki bir nurash xuddi tog‘ 
yonbag‘rining asta-sekin ko‘chishiga o‘xshab, Sherxon tuzgan davlatni ichdan yemib 
bormoqda. Buni Humoyun Hindistonga maxfiy tarzda borib kelayotgan o‘z 
mushriflarining axborotidan bilib turibdi. Bu ichki nurash o‘z ishini qilib bo‘lguncha 
Humoyun shoshmasdan kuch to‘playdi va qulay vaziyatni sabr-bardosh bilan kutadi. 
 
____________ 
* H o l — bu yerda qaror topish, maqsadga yetish. 
* F o r i g‘ — ozod bo‘lish, tashvishdan qutulish; bol — dil, jon; f o - r i g‘ b o l — dil-u jonning ozod bo‘lishi. 
* S o l g‘ a s ye n — «baridan voz kechgaysen» ma’nosida. 
* Necha nafsingga bo‘lursen tob’e? 
   Necha umringni qulursan zoye’. 
 
* * * 
 
Bahor suvlaridan loyqalanib oqayotgan Kobul daryosining shovullashi O‘rta*  bog‘dan 
baralla eshitilib turadi. Chorchamanlari va marmar ko‘shklari Bobur tomonidan 
rejalashtirilgan bu markaziy bog‘ning nomini ham uning o‘zi qo‘yib ketgan. Bu bog‘ning 
qizg‘ish qum to‘shalgan orasta yo‘lkalarida ko‘kaldoshlari bilan chopib o‘ynab yurgan olti 
yashar Akbar: 
— Adham, Aziz, kelinglar «Bayramxon» o‘ynaymiz, — deb qoldi. 
Bu o‘yninni uch o‘rtoqdan boshqa hech kim bilmaydi. Otasining beklari orasida Akbarga 
eng yoqadigani Bayramxon. Otasidan ham bu odam to‘g‘risida ko‘p g‘aroyib hikoyalar 
eshitgan. Bayramxon hozir Qandahorda, Kobulga kam keladi. Lekin har kelganda 
Akbarga fil suyagidan va sandal daraxtidan yasalgan g‘alati o‘yinchoqlar sovg‘a qiladi. 
Bir marta mana shu bog‘da u Akbarga va ko‘kaldoshlariga qilichbozlikdan saboq ham 
berdi. O‘shanda Akbar o‘z otasining ikki qo‘llab qilich chopishini, Elbrus tog‘ida ov 
paytida Yoqub Sherafkan bilan bo‘lgan xatarli jangda chap qo‘l bilan qilich urib qanday 
g‘olib chiqanini aytib berdi. 
Bayramxonning bu hikoyasi Akbarga shunday ta’sir qildiki, u ham o‘ng qo‘lini 
belboqchasi bilan yonboshiga bog‘latib qo‘yib, bo‘yiga yarasha yog‘och qilichini chap qo‘li 
bilan ishlatishga  o‘rgandi. Hali qo‘li qotmagan yosh bola uchun chap qo‘lini ham o‘ng 
qo‘liday yaxshi ishlatishga o‘rgatish uncha qiyin emas edi. Shundan keyin tengdosh-
ko‘kaldoshlari orasida Akbar yog‘och qilichni hammadan yaxshi chopadigan bo‘ldi. 
Bayramxonga ixlosi ortib, uni: 
— Xonbobo! — deb ulug‘ladi. 
Soqoli Humoyunnikidan oqishroq va bo‘liqroq, yoshi ham kattaroq bo‘lgan Bayramxon 
bolaning topag‘onligidan zavq qilib kuldi: 
— Shahzodaga bobo bo‘lish ham katta sharaf! Mayli, meni xonbobo deyvering. 
Shundan keyin Adham bilan Aziz ham Bayramxonni «xonbobo» deb ataydigan bo‘ldilar 
va undan o‘z sarguzashtlarini aytib berishini iltimos qildillar. Shoirlikda so‘z ta’sirini 
oshirib o‘rgangan Bayramxon og‘zaki hikoyani ham juda maroqli qilib aytar edi. Ayniqsa, 
uning Sherxonga qanday asir tushgani, so‘ng Abulqosim Jaloyir uni qanday qutqargani 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
138
bolalar diliga go‘yo naqshlanib qoldi. Bayramxon Qandahorga qaytib ketgandan so‘ng, 
uch o‘rtoq uning shu hikoyasi asosida bir o‘yin o‘ylab chiqardilar. Adham Sherxon bo‘lib 
yog‘och qilich taqdi. Akbar — Bayramxon bo‘ldi. Aziz — Abulqosim. Sherxon — Adham 
ularning ikkovini tutib oldi-da: 
— Kim Bayramxon? — deb o‘shqirdi. — Chiq oldinga, hozir boshingni kesgaymen! 
Shunda Akbar: 
— Men Bayramxon, — deb oldinga chiqdi. Ammo Aziz Abulqosim bo‘lib, undan 
oldinroqqa o‘tdi-da: 
— Bu Bayramxon emas, — dedi. — Men Bayramxon! Bu mening navkarim! 
— Yo‘q, men Bayramxonmen! — deb Akbar yana oldinga chiqdi. 
Shu payt qoidaga binoan Aziz Akbarning yuziga bir shapati urishi: 
— Jim tur, sen navkarsen, Bayramxon — men! — deyishi kerak edi. Ammo Akbarning 
shahzodaligini doim esda tutish, hatto o‘yinda ham unga qattiq tegmaslik kerakligi 
Azizning qulog‘iga ota-onasi tomonidan qayta-qayta quyilgan edi. Akbar uch yoshida 
to‘p o‘qiga nishon qilib qo‘yilgandan beri qattiq jahli chiqsa o‘zini bilmay qolar, rangi 
oqarib to‘polon ko‘tarar edi. Shuning uchun Aziz unga shapati urolmadi. 
— Yo‘q, men Abulqosim bo‘lmagaymen! — dedi.— adham, sen bo‘l. Qilichni menga ber! 
Men — Sherxon. 
Ikki ko‘kaldosh o‘rin almashtirishgandan so‘ng o‘yin boshidan boshlandi. Shapati 
uriladigan joyiga yetganda Adham Abulqosim bo‘lib: 
— Men — Bayramxon, sen jim tur! — dedi-yu, Akbarning yuziga tarsaki tushirdi. Umrida 
bunday tarsaki yemagan bolaning ko‘zlarida og‘riqdan yosh halqalandi. Adham uning 
qulog‘iga shivirladi: 
— Men siz uchun jon bermoqchimen, xayr, do‘stim! 
So‘ng u Sherxon — Azizning oldiga borib, uning yog‘och qilichiga bo‘ynini tutdi. O‘yin 
yana bir takrorlanganida endi Adham Bayramxon bo‘ldi, Akbar esa Abulqosim qiyofasiga 
kirib, undan shapatining qasdini oldi. Bayramxon bo‘lish qiyin edi. Adham shapati 
og‘rig‘iga chidamay urishib ketdi. 
Shunda ichkaridan Hamida bonu chiqdi-yu ularni yarashtirib qo‘ydi. 
— Endi o‘yin bas, Akbarjon yuring, men sizga dutor chalib beray. 
Hamida bonu ilgaridan dutorni yaxshi chalar, so‘nggi yillarda ko‘nglining chigalini tanbur 
va sato chalib yozadigan bo‘lgan edi. Akbarga dutorning tovushidan ham ko‘ra satoning 
nafis va cho‘ziq ohanglari ko‘proq yoqardi. Shuning uchun ko‘shkka kirganda: 
— Hazrat ayajon, dutor emas, sato chalib bering,— deb iltimos qildi. Ona-bola uch 
yildan beri birga yurib,  avvalgi ayriliqlar dardini unutgan, bir-birining diydoriga qongan 
shu kunlarda Hamida bonuning qalbi boshqa bir mung bilan ma’yuslanib yurardi. So‘nggi 
paytda u humoyun bilan kam ko‘rishar, doim uning diydoriga zor bo‘lib yurardi. Mana 
shu sog‘inch mungi segohning ma’yus ohanglariga yo‘g‘rilib, satoni go‘yo yig‘lata 
boshladi. Onasining qalbida to‘planib qolgan mungni satodan eshitgan sari Akbarning, 
negadir o‘pkasi to‘lib, yig‘lagisi keldi. Ayajoniga ne bo‘lgan? Buncha mung uning diliga 
qayoqdan yig‘ilgan? Bola bilmaydi. Ammo yangroq sato buni go‘yo bilganday Hamida-
ning dard-u alamlarini go‘zal va ma’yus ohanglarga solib kuylaydi. 
Hamidani o‘rtab yurgan g‘am — bevaqt o‘lgan ikki farzandining dog‘igina emas. 
Suyuklisi Humoyun, podshohlik an’analariga berilib, uning ustiga yana bir xotin olgani 
Hamidani do‘zax azobiga soldi. 
Hamida ikki yil burun bo‘lgan bu hodisani hech unutolmaydi. O‘shanda  Badaxshon 
yurishi va Kobul qamali cho‘zilib ketib, Humoyun Hamida bonu bilan bir yilcha 
ko‘risholmadi. Bu orada beklar humoyunni katta bir viloyatning hokimi bilan yarashtirish 
uchun, shu hokimning Norchuchuk ismli qizini unga olib bermoqchi bo‘lishdi. Odatga 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling