Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet20/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
125
— Mirzo Humoyun shialar xizmatiga o‘tib, juda katta gunoh qildilar, — dedi Said Xalil. — 
Shu gunohlarini yuvmaguncha hazratimning yarashmoqlari choryori bosafolar ruhiga 
munosib ish bo‘lmagay. 
Komronga bu gap qo‘l keldi. U salmoqlab, vazmin gapirdi: 
— Og‘amizning yana bir katta gunohi — hazrat otamizdan meros qolgan Hinddagi ulkan 
davlatni boy berganligidir. Sherxon olamdan o‘tibdir. Endi mirzo Humoyun Hindistonga 
qaytib, o‘sha davlatni tiklasin, shialar bilan orani uzib, poklansin. Ana undan so‘ng, biz u 
bilan yarashsak arzigay! 
Gap shu bilan tugadi-yu, otliqlar arkka qarab ketishdi. Badqovoq amakilar 
uzoqlashgandan so‘ng Akbar bilan ikki ko‘kaldosh ularning g‘alvasini unutishdi-yu, 
chiroyli naqorani navbatma-navbat chalib o‘ynay boshlashdi. Ammo Xonzoda begim 
Komronni o‘rab olgan dog‘uli odamlarni xayolidan uzoqlashtirolmay qiynalardi. Nimasidir 
Boburga o‘xshaydigan ko‘hlik yigit, haroratli she’rlar bitadigan sohib iste’dod odamning 
shunday qallob muhitga tushib qolgani begim uchun katta baxtsizlikday tuyulardi. Ko‘pni 
ko‘rgan Xonzoda begim nazarida Komron oqni qora qilib ko‘rsata oladigan riyokorlar 
muhitiga go‘yo hukmfarmo, atrofidagilarga so‘zini o‘tkazadigan tojdor. Ammo atrofidagi 
riyokorlar zohiran unga bo‘ysunsalar ham, botinan uni o‘zlarining maqtovlariga asir, 
xushomadlariga mute qilib olganlarini Komron sezmaydi. Shuni o‘ylaganda Xonzoda 
begimning unga hatto rahmi keldi. Faqat Askariyni emas, hali Komronning o‘zini hm bu 
asoratdan kimdir qutqarmasa, butun umri va otameros iste’dodi hayf ketadi. Komronni 
haqiqat yo‘liga qaytarish Xonzoda begimning qo‘lidan kelmasligi bugun yana bir bor 
bilindi. Bu ish, ehtimol, Humoyunning qo‘lidan kelar. Xonzoda begim shuning uchun ham 
Qandahorga borishi va og‘a-inini bir amallab yarashtirishi kerak... 
 
______________ 
* Tarjimasi: Garchi oynada o‘zingni ko‘rursen 
Vale ul ko‘rganing o‘zing emassen. 
(ya’ni, surat bilan siyrat orasida farq, judolik bor) 
O‘zingni o‘zganing o‘rnida ko‘rish ajibdir 
Ammo bu ajiblik ham Xudoning ishidir.
 
* * * 
 
Baland tog‘lar orasidagi salqin Kobuldan Qandahorning jazirama issiqlariga kirib borgan 
Xonzoda begim birinchi kun ko‘p behalovat bo‘ldi. Xayriyatki, Humoyunning qarorgohi 
shahardan tashqaridagi sersuv bog‘ot joyda ekan. Humoyun ammasini boshiga 
ko‘targuday e’zozlab, ayvoni salqin sharsharaga qaragan eng xushhavo uyni unga 
bo‘shattirib berdi. Hamida bonu ham o‘g‘li Akbarning xabarini olib kelgan kayvonining 
atrofida girdikapalak bo‘lib, mehmondorchiliklar qildi. 
Ularning ko‘rishmaganlariga besh yil bo‘lgan edi. Bu orada Xonzoda begimning oxirgi 
tishlari ham tushib ketgan, hozir milki bilan ovqat chaynaydigan bo‘lib qolgan. Hamida 
bonu ham ilgarigiday emas — yuzida qandaydir bemorlik va mahzunlik alomati bor, shu 
besh yilda o‘n-o‘n besh yosh ulg‘ayganday ko‘rinadi. 
— Har qalay, sizlarni birga ko‘rganim uchun tangrimga shukronalar ayturmen, — dedi 
Xonzoda begim.— Hamida bonu, ho‘, Jamna bo‘yida siz chavgon o‘ynab yurgan kezlarda 
qilgan orzularimiz yodingizdami? Shu orzuyimga ham Xudo yetkazdi, o‘g‘ilchalaring 
Akbarjonni bag‘rimga bosib erkalatish menga nasib bo‘ldi. 
Hamida kurash tushadigan, naqora chaladigan bo‘lib qolgan o‘g‘ilchasi haqidagi 
hikoyadan ham quvonib, ham yuragi ezilib ko‘ziga yosh oldi. Humoyun esa o‘g‘lining 
qanday g‘olib chiqqanini eshitib xandon urib kuldi: 
— Yaxshilik alomati bu. Demak, Komron ham yengilgay! 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
126
— Humoyunjon, — dedi Xonzoda begim iltimoskorona tovush bilan. — Ma’sum 
bolalarning kurashi bezarar. Ammo toj-u taxtli og‘a-inilarnnig adovati qanchalik 
baxtsizliklar keltirishini o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Endi Komron bilan olishishni emas, 
yarashishni o‘ylang, jonim bolam! 
Komron qilgan yomonliklar Humoyunning esiga tushdi-yu, butun dard-u alamlari birdan 
yangilandi. 
— Ammajon, og‘a-ini adovati haqida mashhur «Yusuf-Zulayho» afsonasi bor. Lekin o‘sha 
afsonadagi  Yusufga o‘gay og‘alari qilgan yomonliklar ham mening o‘z inilarimdan 
ko‘rayotgan jabr-u jafolarim olida bir halvo, xolos! Inimiz Kobulga qanoat qilmay, 
Panjobni mendan tortib olgani, Sherxon bilan olishganimda nuqul poyimga bolta urgani, 
Qandahorda beshikdagi bolamizni chirqiratib, bizni begona yurtga quvgani, Qazvinga 
josuslarni yuborib fitna qo‘zg‘atgani!.. Qaysi birini aytayki, yuz o‘limlardan qolib, 
Qandahorga qaytib kelsak, Akbar yana yo‘q! Eng razil qaroqchilarday bolani o‘g‘rincha 
olib ketibdir! Endi uni garovda tutib, bizga tahdidlar qilishi qaysi darvozaga sig‘gay?! 
Agar o‘gay inilar boshimizga shunday og‘ir kunlarni solmasa edi, hozir ikkinchi 
o‘g‘ilchamiz ham olti oylik bo‘lar edi! Qizilboshlar bilan hamkorlik qilish, Qandahorni 
qaytib olish qurbonsiz bo‘lgan emas, ammajon! 
Hamida bonu harbiy yurish paytida sovuq izg‘irinlarda Seyiston yo‘lida bevaqt tug‘ilgan 
va ikki kungina yashab qazo qilgan keyingi o‘g‘ilchasini eslab piq-piq yig‘lay boshladi. 
Unga hatto ot qo‘yishga ham ulgurmadilar... Shundan beri Hamidaning o‘zi ham 
kasalmand bo‘lib qoldi, bir vaqtlar chavgon o‘ynab yurgandagi sog‘ligi endi yo‘q. 
Humoyun ham qirq yoshga kirmasdan soqol-mo‘yloviga oq tushgan, yuzlari 
uyqusizlikdan qotgan, ko‘zlari ichiga o‘pirilib tushgan. 
— o‘ng ikki ming qizilbosh qo‘shini bir yildan beri yonimda xuddi uchqun tushsa 
portlaydigan borut omboriga o‘xshab yuribdir, — deb u so‘zida davom etdi. — Men ham 
Sherxonga o‘xshab portlab ketmayin deb kecha-yu kunduz ming ehtiyot bilan ish olib 
bormoqdamen. 
— Ne bo‘lsa ham, qizilboshlarni Kobulga boshlab bora ko‘rmang, Humoyunjon. Otangiz 
bularni Samarqandga boshlab borganidan umr bo‘yi armon qilib yurganini unutmang. 
— Jannatmakon otam menga o‘z umrlarini baxsh etgan edilar. Endi bilsam, umrlariga 
qo‘shib, o‘z qismatlarini ham bergan ekanlar! O‘sha mag‘lubiyatlar, o‘sha quvg‘inlar, 
o‘sha sargardonliklar mening boshimga ham tushdi! Koshki o‘g‘limiz Akbarga bu jabr-u 
jafolar daxl qilmasa! Yo‘q, mening og‘ir qismatimga bugun murg‘ak o‘g‘limiz ham sherik! 
Mening boshimga tushgan balolar Akbarning joniga ham tahdid solmoqda. 
— Bunchalik kuyunmang, Humoyunjon! Hazrat otangizning ulug‘ qismatlari bor! Inim 
Bobur ulkan zafarlarga ham muyassar bo‘lgan edilar! Hali siz ham, o‘g‘lingiz Akbarjon 
ham hazrat otangiz kabi katta yuksakliklarga ko‘tarilursiz! 
— Shoyad shunday bo‘lsa! Ammo meni hozir qizilboshlar tashvishga solmoqda. Men 
ularni Qandahordan to‘g‘ri Qazvinga qaytarib yuborish harakatidamen. Bu esa juda 
mushkul. Aksiga olib, falokat yuz berdi. Shoh o‘zining to‘qqiz yashar o‘g‘li Murodni 
Qandahorga hokim tayinlagan edi. Bolani ehtiyot qilib asrash uning atkasi Budagxonga 
topshirilgan edi. Budagxon jahli tez, dag‘al muomalali odam ekan, yana shia-sunniy 
janjallari boshlandi. Shuning ustiga qal’ada vabo tarqaldi. Shahzoda vaboga uchrab 
to‘satdan vafot etdi. Xayriyat, biz shahardan tashqarida alohida qarorgohda turibmiz. 
Bo‘lmasa bizga ham vabo yuqishi mumkin edi, shahzodaning o‘limida ham bizni 
ayblamoqlari mumkin edi. 
Humoyun vaziyat murakkabligini, shohga voqeani chappa qilib yetkazuvchilar borligini 
hisobga oldi-yu, unga ta’ziya bildirib xat yozdi, voqeaning butun tafsilotlari bayon 
qilingan iliq, do‘stona maktubdan tashqari Askariyning xazinasidan musodara qilingan 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
127
oltin-kumushlarni uch tuyaga orttirib, boshqa sovg‘alarni ham yoniga qo‘shib, bir karvon 
yuk qildi. So‘ng hammasini Bayramxon va uning yuztacha qo‘riqchi yigitiga topshirdi-da, 
darhol Qazvinga yubordi. Bir karvonga yuk bo‘lgan sovg‘alar va oltin-kumushlar Humo-
yunning ukasi Askariy uchun to‘lagan tovoni, ayni vaqtda, shoh bergan qarzlarning 
ortig‘i bilan qaytarilishi edi. Bundan mamnun bo‘lgan shoh Tahmasp Askariyni 
Humoyunning ixtiyorida qoldirishga rozi bo‘ldi. Shahzoda Murodning o‘limi uchun butun 
javobgarlik Budagxonning zimmasiga tushdi. Budagxon o‘ziga topshirilgan ishning 
uddasidan chiqa olmagani uchun Qandahor hokimligidan bekor qilindi. 
Shu fursatdan foydalangan Humoyun shoh Tahmasp ham yoqtiradigan, shia-sunniy 
nizolariga bo‘y bermaydigan Bayramxonni Qandahorga hokim qilib tayinladi. Bayramxon 
yana Qazvinga borib, shoh Tahmaspning bu qarorga roziligini olib kelgan kuni Humoyun 
uni ammasining oldiga boshlab kirdi: 
— Poyqadamingiz yaxshi keldi, hazrat amma! Bayramxon shunday mushkul vazifalarni 
qoyil qilib uddalagani uchun, unga dargohimizning eng yuksak martabasi — xoni zamon 
unvonini berdik. 
— Qulluq bo‘lsin! — deb  Xonzoda begim Bayramxonni o‘rnidan turib muborakbod qildi. 
Bu shoir yigit yigirma besh yasharlik paytlarida Bobur mirzoning o‘rtancha qizi Gulrang 
begimga oshiq bo‘lib yurgani kayvonining esiga tushdi. Hozir Bayramxon basavlat o‘rta 
yashar odam bo‘lsa ham, Xonzoda begim uni yigit o‘rnida ko‘rib dedi: — Ilohim, 
umringiz uzoq bo‘lsin! Humoyunga qilayotgan hamma yaxshiliklaringizdan xabarim bor. 
Agar yana bitta qizim bo‘lsa, sizni jon deb kuyov qilur edim! 
Bu gaplardan hamma bir kulib oldi. Kulayotganlar orasida Xonzoda begimni ko‘rishga 
kelgan Saltanat begim ham bor edi. «Qizilboshlar Askariyning haramini benomus 
qilganmish», degan ovozlar haqiqatan uydirma gap bo‘lib chiqdi. Humoyun Askariyning 
xotini Saltanat begimni, boshqa ayollar va bolalarni o‘z himoyasiga olgan, qarorgohda 
ularga alohida chodirlar tikdirib bergan edi. Ammo Askariyning o‘zini Budagxon asir qilib 
qazvinga yubormoqchi bo‘lgani rost edi. Humoyun uni kafillikka olgan, qo‘shin orasidagi 
alohida o‘tovda atrofiga soqchilar qo‘yib hibsda saqlamoqda edi. Bugun ertalab Xonzoda 
begim o‘zi uni borib ko‘rdi. 
Belida na qilichi, na kamari va na belbog‘i bor, soqol-mo‘ylovi o‘sib ketgan, yuzi siniqqan 
Askariy lablari pir-pir uchib: 
— O‘zimdan o‘tgan, amma, — dedi. — Endi... og‘alarimizga ayting, adovatni bas qilsinlir. 
Shu ikki og‘a yarashsa biz ham tinchir edik. 
Hozir Bayramxon keltirgan xushxabarlardan Humoyunning dili yayrab turgan paytda 
Xonzoda begim unga mehri tovlanib qaradi-da: 
— Hazratim, — dedi, — xudo rahmati otangiz sizga atab yozgan maktublarida bitgan 
edilarki, «ulug‘lar ko‘tarimlik bo‘lg‘ay». Siz katta og‘asiz, ulug‘siz. Komrondan o‘tgan 
bo‘lsa kechiring. O‘g‘lingiz Akbar ham xavf-xatardan qutulsin. 
— Og‘a-ini adovati o‘zimning ham jonimga tekkan, — dedi Humoyun. — Nahotki to‘rt 
og‘ayni bir dasturxon atrofiga yig‘ilib o‘tirolmasak? Men qachonlardan berli hazrat 
otamning qabriga ziyoratga borganim yo‘q. Bir marta uchala inimni maqbaralariga 
boshlab borsam, «mana, otajon, to‘rt «ko‘z tugal», deb, otamning ulug‘ ruhini shod 
etsam, deb, shuncha orzu qilurmen. Komron hech bo‘y bermaydir. Axir u ham shu 
otaning farzandi-ku. Bir marta menga ishonib, Kobul darvozasini jangsiz ochsin. Hindol 
bilan Askariy hozir yonimda, birga olib boray. Komron ham yonimga kirib, ko‘mak 
bersin. Hindga qaytib, otamning ulug‘ davlatini tiklaylik. Ana undan keyin Kobul ham, 
Qandahor ham — hammasi yana Komronning ixtiyoriga o‘tgay. 
Yurak qa’ridan chiqqan bu so‘zlar Xonzoda begimga shunday ta’sir qildiki, ko‘ziga yosh 
olib: 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
128
— Murodingizga yeting, Humoyunjon, muruvvatli qalbingiz bor! — dedi. — Men borib 
hamma gaplaringizni Komronga aytgaymen! Yakkama-yakka o‘ltirib so‘zlashurmen! 
Xonzoda begim tezroq Kobulga qaytib, bu yangiliklarni Komronga yetkazmoqchi va uni 
insofga chaqirmoqchi edi. Biroq ruhini ko‘tarib, vujudini hayajonga solayotgan bu 
murakkab vazifalar uning yuragiga katta yuk bo‘lib tushmoqda edi, gohi-gohida nafas 
olishi og‘irlashib, o‘pkasi g‘ijillab qolar edi. Humoyun ammasini o‘zining xos hakimiga 
ko‘rsatgan edi: 
— Hazrat begim, sizga orom kerak, hozir uzoq safarga chiqmaganingiz ma’qul, — dedi. 
Humoyun ham ammasini olib qolmoqchi bo‘ldi. Lekin Xonzoda begim ko‘nmadi. 
— Salqin Kobulga yetsam yaxshi bo‘lib ketgaymen, og‘a-inini men yarashtirmasam, 
xonadonimizda buni qiladigan boshqa kayvoni yo‘q, — deb turib oldi. — Akbarjonga ham 
Kobulda men kerakmen. Yo‘lga chiqay! 
Hamida bonu fil suyagidan va xushbo‘y sandal daraxtidan yasalgan o‘yinchoqlar, jajji 
etikchalar-u to‘nlar va ko‘ylakchalarni Akbarga atab berib yubordi. 
Xonzoda begim Kobuldan o‘z kanizi va to‘rtta odami bilan kelgan edi. Humoyun ular 
yoniga yigirmata yigit qo‘shdi, ammasini mahofaga o‘tqazdi. Yigitlariga: 
— Taxtiravon ham olinglar, — deb buyurdi. — Mahofa urintirib qo‘ysa, taxtiravon 
beozorroq, ko‘tarib ketgaysizlar. 
Xonzoda begimning ruhi qanchalik tetik bo‘lmasin, tanasi yo‘l azobini ko‘tarolmaydigan 
bo‘lib qolgan edi. Buni o‘zi ham sezar, lekin Kobulga bir amallab yetib olishiga umid 
bog‘lab borardi. 
Uch kun o‘tib, to‘rtinchi kuni mahofada behalovat bo‘la boshladi. Yuragi to‘xtab-to‘xtab 
urardi. Kanizi buni yigitlarga aytdi. Shundan so‘ng sakkiz yigit uni taxtiravonga solib 
qo‘llarida ko‘tarib bora boshladilar. Boshdan-oyoq oq kiyingan, ozib, yengilgina bo‘lib 
qolgan Xonzoda begim taxtiravon ichida xuddi o‘zi yo‘qday, faqat ruhi borday sokin 
borardi. Ko‘z oldidan butun hayoti, Farg‘ona vodiysida boshlangan yoshligi, inisi Bobur 
bilan Samarqand qamalida tortgan azoblari, Shayboniyxon haramida o‘n yil yashab 
topgan o‘g‘ilchasi Xurram bir-bir o‘ta boshladi. Xonzoda begim tush ko‘rdimi yoki 
alahsiradimi, o‘ng bir yoshli Xuramshoh tuman ichidan kulimsirab chiqib keldi-yu, 
onasini qo‘lidan oldi. Zum o‘tmay tuman osmondagi bulutga aylandi. Ona-bola osomnda 
muallaq turib qolganday bo‘ldi. Xonzoda begim yer uzoqlarda qolib ketganini ko‘rib, 
yuragi shuv etdi, o‘zi bola bilan pastga uchib ketganday bo‘ldi, shu ketishda hushini 
yo‘qotdi-yu, nafas olishdan to‘xtadi. 
Uning qanday jon berganini hech kim sezmay qoldi. Taxtiravon Kobulhaq degan joyga 
yetganda yigitlar uni yerga qo‘yib, ochib qarasalar, Xonzoda begimning ko‘zlari abadiy 
yumilgan... O‘sha yigitlar ertasi kuni uning tobutini ko‘tardilar. 
* * * 
 
Humoyun Qandahorni tinchitib Kobulga borganda, Komron qal’a darvozalarini ochmadi. 
Qamal boshlandi. Humoyun arkdan balandroq bo‘lgan Uqabayn tog‘iga zambarak va 
to‘fanglarni o‘rnatib, og‘a-inining orasini buzayotgan Bopusxon va Qorachaxonni o‘qqa 
tuttirdi. Bu o‘qlardan biri tasodifan Komronning tepasidan uchib o‘tgan edi. Akasiga 
o‘chakishgan Komron uch yashar Akbarni ichkaridan olib chiqdirdi-yu, o‘q kelayotgan 
tomonga to‘g‘rilab, tikka turg‘izib qo‘ydi. Qanday dahshatli xatarga ro‘baro‘ bo‘lganini 
bilmaydigan murg‘ak bola Komronning buyrug‘iga binoan ark hovlisi o‘rtasida ancha 
vaqt turdi. To‘fang o‘qlari yoniveridan vizillab o‘tganda ularga qiziqib qaradi. To‘p 
o‘qlaridan biri boshi ustidan oshib, ark devoriga urildi-yu chang ko‘tarib, toshlarni 
sindirib tushdi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
129
Akbar otasining o‘qiga nishon qilib qo‘yilganidan xabar topgan Mohim enaga ichkaridan 
dod solib chiqib, bolani o‘zinig gavdasi bilan to‘sdi. O‘q kelayotgan tomonga qarab 
qo‘llarini ko‘tardi, bor ovozi bilan baqirdi: 
— Otmanglar-o-o!! Otmanglar! Akbar bu! Akbar-ar! Bolaga otmangla-ar!! 
Nihoyat, tog‘dan o‘q otayotganlar bola bilan turgan ayolni ko‘rdilar. Mohim enaga jon 
holatda qichqirib «Ak-k-ba-ar bu-u!» degani Humoyunning qulog‘iga yetganda 
qo‘rquvdan sochlari tikka bo‘lib ketdi. Qal’a tomonga zambarakdan ham, to‘fangdan ham 
o‘q otishni qat’iyan taqiqladi. 
Akbar o‘lim tahlikasini enagasi orqali sezdi. Boya devorni changitib, toshni sindirgan to‘p 
o‘qi enagaga tegishi mumkinligi bolada qo‘rquvdan ham kuchli bir kin va jahl uyg‘otdi. 
Mohim uni ichkariga ko‘tarib kirganda bolannig rangi oqarib ketgan edi. Mohim uni yerga 
qo‘yib, piyolada suv oldi. «Bola qo‘rqqan» deb, suv ichirmoqi bo‘ldi. Lekin Akbarning 
hushi joyida emas, piyolani urib yerga tushirib yubordi. Birdan dod solib yig‘ladi, ammo 
ko‘zlari namlanmadi. Dilidagi toshday qattiq bir jahl tuyg‘usi borlig‘ini iskanjaga olib 
qiynar, boyagi o‘qlarning vizillashi qulog‘idan nari ketmas edi. 
— Akbarjon, bas! Bas! O‘qlardan qutuldik! Yig‘i bas!!. Bo‘ldi bolajonim! Bo‘ldi! 
To‘p o‘qining vahshati bilan birga bolaning qalbiga o‘rnashib qolgan o‘kinch va jahl hech 
tarqamas, Akbar o‘zini u yoqdan bu yoqqa otib yig‘lar, qo‘liga tushgan narsani 
uloqtirardi. Bolaning yig‘isini narigi uydan eshitgan Gulbadan begim chopib kirib keldi. 
Mohim bilan ikkovlashib, Akbarni kech bo‘lganda zo‘rg‘a yupatdilar. Bola uyqusida ham 
og‘ir xo‘rsinib yotardi. Buni ko‘rib Gulbadan begim ko‘ziga yosh oldi. Eshik-derazani 
bekitib, sham yorug‘ida Humoyunga maktub yoza boshladi: 
«Hazrat og‘ajon, shukurkim, Akbarjonni Xudo bir asradi. Lekin uch oydan beri qamal 
azobi hammani jonidan to‘ydirdi. Bopusxon bilan Qorachaxonlarning zulmidan bezor 
bo‘lganlar kechasi devordan o‘zini tashlab, obmo‘ridan chiqib, siz tomonga qochib 
o‘tmoqda ekan. Bu o‘tganlardan biri mening maktubimni sizga yetkazar deb umid 
qilamen. Men eshitdimkim, Bopusxon bilan Qorachaxon bog‘ talashib urushib qolibdilar. 
Xudo rahmatli ammam Xonzoda begimning yaxshi bog‘i, hovli-joyi merosxo‘rsiz qolgan 
edi, shuni Qorachaxon olmoqchi ekan, vazir Bopusxon undan oldin komron mirzodan 
ijozat olib, o‘g‘liga xatlab beribdir. Shu tufayli bu ikki it suyak talashib urishib qoldilar. 
Bopusxon vazirligidan foydalanib, Qorachaxonni dorug‘alik amalidan mahrum qildi. Hozir 
Qorachaxon mingtacha askarga sarkarda. Charmgaron darvozasini qo‘riqlab turibdir. 
Kuyovingizning inisi, mening qaynim Mahdixo‘ja ham uning askarlari safida. Bir kun 
mastlikda Qorachaxon Mahdixo‘jaga sizni maqtagan emish, Komronga xizmatga 
o‘tganidan endi afsus qilarmish, «hazrat Humoyun gunohimni kechirmagay-da, bo‘lmasa 
huzurlariga bosh egib borar edim», degan emish. Podsholarning biridan boshqasiga 
qochib o‘tishga o‘rgangan bunday sotqinlarni o‘zlarining qurollari bilan yengish mumkin 
emasmikin? Ortiqcha qon to‘kilmaydigan biron yo‘lini o‘ylab toparmikinsiz, hazrat 
og‘ajon! Ko‘zlarimiz yo‘lingizga to‘rt bo‘lib najot kutmoqdamiz. Sizni sog‘inib, yig‘lab 
maktub yozgan singlingiz Gulbadan». 
Humoyun bu maktubni olgach, o‘z askarlari safida xizmatda bo‘lgan kuyovi 
Xizrxo‘jaxonni chodirga chaqirdi. Xizrxo‘jaxon botir yigit, odob-axloqi Gulbadanga ma’qul 
kelgan, o‘zi eshonlar avlodidan edi-yu, lekin yoshligida yaxshi tahsil ko‘rmagan, savodi 
yo‘q  edi. Humoyun bergan xatni qo‘lida aylantirib ko‘rdi, ko‘ziga sog‘inch bilan surdi. 
— Tinchlikmikin, hazratim? Yoshlikda qunt bilan savod o‘rganmaganimdan endi 
dog‘damen! 
Humoyun maktubni uning qo‘lidan olib, o‘qib berdi. Xizrxo‘jaxon chaqmoq mo‘ylovini 
mamnun silab, bahodirona keng ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi: 
— Singlingiz bizga najot yo‘lini topib beribdir, hazratim! Agar buyursangiz men 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
130
Qorachaxon bilan aloqa o‘rnatmog‘im mumkin. 
Humoyun Qorachaxon bilan aloqa bog‘lashdan qanchalik jirkanmasin, boshqa yo‘l 
yo‘qligini sezdi. 
— Iningiz Mahdixo‘ja Qorachaxon bilan Charmgaron darvozasini qo‘riqlar ekan, — dedi 
Humoyun. 
— Ha, men avval inimni topgayman. 
— Mening Qorachaxonga... maktub yozgim yo‘q... Mabodo iliklasalar o‘ziga ham yomon 
bo‘lg‘ay... Siz mening nomimdan inontirib aytingki, kechasi el uxlaganda darvozani ochib 
bersa, nobakorning barcha gunohlaridan kechgayman, ko‘ngli tilagan inoyatlarni ham 
zahrimargiga olsin. 
Tezroq Gulbadanga yetish ishtiyoqida yongan Xizrxo‘jaxon qavs* oyining muzday suviga 
kechasi obmo‘ri orqali tushib, suv tagidan nafas olmay o‘tib bordi... 
Kelishilgan vaqtda Qorachaxon Charmgaron darvozasini sekin ochib berdi. Humoyunning 
qo‘shini qal’aga bostirib kirdi. U Komronni nima qilib bo‘lsa ham tirik qo‘lga tushirishni 
buyurgan edi. Lekin chaqqonlik va dovyuraklikda akasidan qolishmaydigan komron 
qo‘lda qilich bilan o‘ziga yo‘l ochib, qal’aning boshqa darvozasidan qochib chiqib ketdi. 
Shu ketganicha Xaybar dovonidan oshib, Sind daryosidan o‘tib, qaynotasi Husayn arg‘un 
dargohidan panoh topdi. 
 
_______________ 
* Q a v s — 22-oktabrdan 23-noyabrgacha.
 
 
* * * 
 
Ikki yarim yildan beri yolg‘iz o‘g‘lining diydoriga tashna bo‘lib yurgan Humoyun tong 
otganda Akbar yotgan arkka ot choptirib keldi. Lekin uyqudan barvaqt uyg‘otilgan bola 
otasini tanimadi — o‘ng oyligida bo‘lgan voqealar go‘dak xotirasidan allaqachon o‘chib 
ketgan edi. Buning ustiga qilich taqqan Humoyunning nimasidir shafqatsiz Komronni va 
tepasidan o‘tgan to‘p o‘qini bolaning esiga tushirdi. Akbar begonasirab orqaga tisarildi. 
Humoyun unga qo‘l cho‘zib yalindi: 
— Akbarjon! O‘g‘lim! Seni xavf-xatarlar girdobida qoldirganim uchun kechir! Bilmasdan 
ottirgan o‘qlarim uchun kechir meni! 
Otasining ovozi Komronnikidan butunlay boshqacha ekani Akbarda iliq tuyg‘u uyg‘otdi. 
Shunday katta odamning ko‘zida halqalangan yosh, ovozida tovlangan iltijo bolaning 
ko‘nglini yumshatdi. Humoyun uni avaylab quchog‘iga olganda Akbarga bu yoqimli 
tuyuldi. 
Ko‘p o‘tmay Qandahordan Hamida begim ham yetib keldi. U kelguncha Gulbadan va 
Mohim enaga Akbarga onasining ko‘p belgilarini aytib berdilar. Shuning uchun Akbarning 
onasini tanishi uncha qiyin bo‘lmadi. 
Hamida bigim Akbarni kecha-yu kunduz yonidan qo‘ymay parvarish qilar ekan, uning 
miqti va sho‘x bola bo‘lganini ko‘rib quvonardi. Faqat ba’zi kechalari to‘p o‘qiga nishon 
bo‘lgan o‘sha mash’um damlar bolaning tushiga kirsa bosinqirab uyg‘onar, rangi oqarib, 
o‘zini bilmay qolar, yig‘lab to‘polon qilar, uni yupatguncha ona ezilib, qiynalib ketar edi. 
Bolaning boshidan kechgan dahshatlar uning dilida umrbod unut bo‘lmaydigan asoratlar 
qoldirgani Hamidani tahlikaga solardi. U bu asoratni o‘g‘lining xotirasidan ketkazishga 
harakat qilib yurgan kezlarda yana yangi falokatlar yuz berdi. 
Shimoliy chegaralarda shayboniyzodalar qutqusiga uchgan Badaxshon hokimi 
Humoyunga qarshi isyon ko‘tardi. Humoyun Badaxshonga qo‘shin tortdi va o‘sha 
yoqlarda olti oy qolib ketdi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
131
Buning xabari Sind viloyatida payt poylab yurgan Komron mirzoga yetib bordi. U bir 
necha yuz odamni oddiy dehqonlar, bozorchilar kiyimida Kobul darvozalari tomon 
yubordi. Shahar tinchib qolgan, atrof qishloqlardan bozorga don, meva, o‘tin olib 
keladigan kishilar uchun darvozalar har kuni azon payti ochiladi. Soyabon aravalarda 
don va meva o‘rniga qurolli navkarlarni bekitib olib kirgan Bopusxon eng avval qal’a 
darvozalarini egalladi. Asosiy kuchlar bilan pistirmada turgan Mirzo Komron Bopusxon 
ochgan darvozalardan ot qo‘yib kirdi-yu, butun qal’ani zabt etdi,  qarshilik qilganlarni 
ayovsiz o‘ldirdi, o‘tgan galgi mag‘lubiyat uchun ko‘p odamlardan qasd oldi. Bu xabar 
Humoyunga yetib borgach, u Badaxshondan Kobulga qaytdi. Ammo darvozalar yana 
bekik, Komron uni kiritmoqchi emas. Yana qamal boshlandi. 
O‘tgan galgi qamalda humoyunning Qorachaxon bilan aloqa bog‘lashiga ayollar yordam 
berganini eshitgan Komron Mirzo Hamida bonu bilan Gulbadanni ilgari Mirzo Askariyning 
harami bo‘lgan  bir uyga qamatdi. Bopusxon begimlar qamalgan uyni oylar mobaynida 
soqchilar kuchi bilan saqlashga erindi-yu, uning eshik va darichalariga g‘isht qalatib 
bekittirdi. Suv va ovqat tom ustidagi mo‘ridan arqon bilan tushirib beradigan qilindi. 
Hamida bonu, uning o‘g‘ilchasi Akbar va qizalog‘i Jahon begim o‘z enagalari bilan mana 
shu zindonday eshiksiz va darichasiz uyda besh oy qamal azobini tortdilar. Qamoq 
davrida ikki yoshdan oshgan Jahon Sulton begim zindon azobiga bardosh bera olmay 
og‘ir kasal bo‘ldi-yu, onasining qo‘lida jon berdi. Besh yashar Akbar ham bu musibatni 
boshdan kechirdi. 
Humoyun endi Komronni umrbod kechirmasligi kerak edi. Komron ham shunday deb 
o‘ylab oxirgi kuchlari qolgunicha u bilan olishdi, lekin yengilishi muqarrarligini sezdi-da, 
Kobul qal’asidan kechasi yashiriqcha chiqib, o‘ttiztacha odami bilan shimolga qarab 
qochdi. 
Shu ketishda bu gal u Badaxshonning Toliqoniga bordi. Badaxshonning markazi — Zafar 
qal’asi edi. Humoyun bu qal’aning ixtiyorini amakivachchasining yosh bevasi Haram 
begimga va uning norasida o‘g‘illari mirzo Sulaymon bilan mirzo Ibrohimga topshirib 
kelgan edi. Haram begim o‘ttiz yoshli kelishgan juvon, janglarda erkakcha kiyinib, qilich 
chopadigan dovyurak, mard ayol edi, o‘ng besh ming Badaxshon yigiti unga so‘zsiz itoat 
etar edi. 
Qamalda yengilib xazinasidan va qo‘shinidan ayrilgan Komron davlatmand juvon bilan til 
topish fikriga tushdi. Tarxon beka nomli bir dog‘uli ayol, «Amakisining bevasiga uylanish 
bizning ulusda bor odat, Haram begim sizdek bahodir yigitga zor bo‘lib yuribdir, men 
sizga uning rizoligini olib bergaymen», deb Komronni ishontirdi. 
Komron o‘zining oshiqlik maktubiga Badaxshon La’li, hind marvaridlari va chiroyli 
kashmiri ro‘molni qo‘shib sovg‘a qildi-yu, Tarxon beka orqali Haram begimga yubordi. 
Haram begim Komronning oshiqlik maktubini o‘qidi, sovg‘alarini ko‘rdi, Tarxon beka 
so‘yloqli tishlarini ko‘rsatib xixilab kuldi: 
— O‘ttiz yoshda ersiz yurish azob, aylanay, boshimizdan o‘tgan, — deb, behayo 
hikoyalar aytib, Haram begimning hirsini uyg‘otishga harakat qildi. 
Haram begim qaynog‘a o‘rnida ko‘rib o‘rgangan Komron mirzonnig maktubi ham, oraga 
qo‘yilgan kampirning behayo gaplari ham Zafar qal’asining malikasiga qattiq haqoratday 
tuyuldi. Uning g‘azabi kelib, jallodni chaqirdi-yu, dog‘uli Tarxon bekani pora-pora 
qildirdi, boshini kesdirib, o‘zi keltirgan kashmiri ro‘molga tugdirdi-da, la’l-u marvaridlari 
bilan birga Komronga qaytarib yubordi. Inisining maktubini esa Humoyunga jo‘natdi. 
Bu voqeadan xabar topgan Humoyun Komronning mag‘lubiyatdan dovdirib, es-hushini 
yo‘qotayotganini, yomon odamlar shundan foydalanib, uni yanada sharmandali ahvolga 
solishlari mumkinligini, otalarining ulug‘ nomiga isnod keltiradigan bunday ishlarning 
oldini olish ham katta akaning burchi ekanini o‘yladi. U endi nima qilib bo‘lsa ham 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling