Humoyun va akbar
Download 1.29 Mb. Pdf ko'rish
|
avlodlar dovoni ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi 99 olishga ancha-muncha zargarning puli yetmagay. Badavlat bir xaridor topsalar, otimning pulini ortig‘i bilan keltirib berishgay. Shundan keyin Anbar Nozir Xo‘ja G‘ozining xizmatkorini yashirincha so‘roq qildi. Xo‘ja G‘ozi bir narsani telpagi ichiga tikib olganini, kechasi shu telpagini xaltaga solib, yostig‘i tagiga qo‘yib yotishini aniqladi. Nihoyat, bir kun Xo‘ja G‘ozi humoyunning qabuliga kirganda Xo‘ja Muazzam ham ruxsat so‘rab kirdi. Podshoning ko‘zi oldida Muazzam Xo‘ja G‘ozining telpagini boshidan hazillashgan kabi yulqib oldi. Ikkita xo‘ja g‘ijillashib qoldi. Biroq ko‘p o‘tmay telpak qatiga tikib qo‘yilgan qimmatbaho la’llar topildi-yu, Humoyun uni tanidi. — Buni kim o‘g‘irladi? — deb qahr bilan so‘raganda Xo‘ja G‘ozining semiz gavdasi dir-dir qaltiray boshladi. U butun aybni Ravshan ko‘kaga to‘nkadi. Qolgan uchta la’l Ravshan ko‘kadan topildi. Boshqa vaqt bo‘lganda Humoyun o‘g‘rilarni ayovsiz jazolagan bo‘lardi. Lekin musofir yurtda behuda shov-shuv ko‘tarilishidan iymandi-yu, ularni urishib, so‘kib uch-to‘rt kun xonaki hibsda saqladi. Yurtdoshlari oldida bosh ko‘tarib yurolmay qolgan Xo‘ja G‘ozi bilan Ravshan ko‘ka hibsdan bo‘shaganlaridan so‘ng Humoyunni suymaydigan eshikog‘a Validbekning oldiga himoya so‘rab bordilar. Ular Validbekning boshda Humoyunga qarshi bo‘lganini, «bu temuriyzoda Xurosonni bizdan ajratib olgay» deb xavfsiraganini bilar edilar. Endi ular Validbekning haqligini ko‘rsatadigan turli gaplarni va Humoyunning ichki ishlarini shohga ma’lum qilmoqchi bo‘ldilar. Validbek oraga tushib ularni axiyri shohning huzuriga olib kirdi. Shoh Tahmasp avval Ravshan ko‘kani, so‘ng Xo‘ja G‘ozini yakkama-yakka qabul qildi. Kobuldan kelgan Komron elchisi Sulton Muhammad Humoyunning niyati yomonligini, Qandahor olinguncha shohga yolg‘on va’dalar berib, keyin bu viloyatni o‘ziniki qilib olishini aytgan edi. Xo‘ja G‘ozi bilan Ravshan ko‘ka bu haqda Humoyundan qanday gap eshitgan bo‘lsalar yoniga o‘zlaridan qo‘shib-chatib, shohning yuragiga g‘ulg‘ula soldilar: — Olampanoh, Humoyunning yolg‘onga ustaligini sizga bergan in’omlaridan ham bilmoq mumkin, — dedi Ravshan ko‘ka. — U kishi sizga Bayramxon orqali Ko‘hinur olmosini hadya qilgani yolg‘on. Ko‘hinur olmosi xotinining tumorchasida yashirig‘liq turibdir. Biz buni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, hazrati shahanshoh! Shohning qoshlari chimirilib, mo‘ylovlarining uchi pastga osilib qoldi. Nahotki o‘sha gumbazsimon go‘zal olmos Ko‘hinur bo‘lmasa? Shoh o‘z singlisiga: «Ko‘hinur budir!» deb ko‘rsatgan edi. Endi uning gapi yolg‘onga chiqadimi? Bu gapni inilari ham eshitgan, «Ko‘hinur endi bizim og‘amiz tojini bezayur», deb iftixor qilishgan edi. Bu iftixorning tagi puch chiqsa, Tahmasp o‘z yaqinlari oldida qanchalik noqulay ahvolda qoladi! Shoh Tahmasp ikkinchi bo‘lib kirgan Xo‘ja G‘ozining mayda-chuyda ig‘volarini eshitgandan so‘ng, Ko‘hinur to‘g‘risida gap ochdi: — Siz ham Ko‘hinurni ko‘rmishsiz? — Ha, olampanoh, begimning tumorida ko‘rmishmen! — dedi Xo‘ja G‘ozi. — Sizga Bayramxon keltirgan olmos gumbazsimonmi? Unga «Samoyinur» deb nom berilgan. Ammo u Ko‘hinurdan ikki barobar kichik! Faqir ikkovini ham ko‘rganmen... Boshqa olmosni Ko‘hinur deb xato qilgani Tahmaspga endi juda alam qildi. Humoyun undan panoh istab kelgan paytda ham o‘zini shunchalik baland olar ekanki, eng buyuk Ko‘hinur olmosini xotinida qoldirib, boshqa kichikrog‘ini shohga yuboribdi. Tahmasp bunday kalondimog‘larning ko‘pini ko‘rgan, ko‘pining jazosini bergan! Bu temuriyzodaning adabini berib qo‘yish ham uning qo‘lidan keladi! Shoh o‘z o‘yini shu tarzda yakunladi-yu, Validbekni chaqirib, Ravshan ko‘ka bilan Xo‘ja G‘oziga durustroq joy berishni va ulufa tayinlashni buyurdi. Shu kundan e’tiboran bu ikkovi ham Tahmasp xizmatiga o‘tdi. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 100 ____________ * U l u f a — ish haqi, maosh. * * * Musofirlikda ham o‘z yurtdoshlarining tirnog‘i tagidan kir kavlaydigan odamlar Humoyunning shoh Tahmaspga bog‘liq bo‘lgan mushkul ishlarini yanada murakkablashtirdi. Boshqa bir yurt hukmdorining qovog‘iga qarab mute bo‘lib yashashning qanday ruhiy azoblari borligini u birinchi bor Mashhadda qirq kun shohning navbatdagi ko‘rsatmasini kutib qolganda sezgan edi. Uni birga olib yurgan Ja’far Sulton Humoyunning shia mazhabiga o‘tishini va o‘ng ikkita qirmizi yo‘l-yo‘li bor dostor kiyib, imom Rizo masjidiga ziyoratga borishini maslahat berdi. Biroq Humoyun otasining Samarqandda shia dostorini boshiga kiyib ko‘rinish bergani qanday yomon oqibatlarga olib kelganini unutgan emas. Shuning uchun Ja’far Sultonga: — Janob beglarbegi, chin e’tiqod dostorda emas, dilda bo‘lur, — dedi. O‘shanda shoh oilasining eng ma’rifatli vakili bo‘lgan Som mirzo oraga tushib, Humoyunni mazhab bobidagi ortiqcha tazyiqlardan xalos qildi. Chunki halol odamlarni faqat sunniy mazhabiga o‘tmagani uchungina quvg‘in qiladigan o‘ta tajovuzkor shialar — mamlakatdagi ko‘p isyonlar va alg‘ov-dalg‘ovlarga sabab bo‘lgan edi. Shohning o‘zi ham o‘ta johil mazhabdoshlariga qarshi farmonlar chiqarishga va kurash e’lon qilishga majbur bo‘lgan edi. Ayniqsa, Xurosonda va yangidan qo‘shilgan Shirvonda safaviylar sunniy aholini o‘zlariga el qilish uchun mazhab janjallaridan baland turadigan siyosat yurgizishga intilishlardi. Oxiri mana shu siyosat Humoyurga ham qo‘l keldi. Shoh Tahmasp Humoyunga va uning yaqinlariga mazhab borasida ortiqcha tazyiq o‘tkazmaslik haqida ko‘rsatma berdi. Humoyun shohdan harbiy yordam so‘ragan, Qazvindagi muzokaralar Bayramxon yordamida durust boshlangan, Tahmasp kattagina ko‘mak va’da qilgan edi. Mana shu orada shoh tomoniga qochib o‘tgan Ravshan ko‘ka bilan Xo‘ja G‘ozilarning ig‘vosi boshlandi-yu, amal-taqal bilan zo‘rg‘a yechilayotgan muammolar battar chigallashib ketdi. Shoh muzokaralarni to‘xtatdi va bir oygacha Humoyunni qabul qilmadi. Bu orada Shirvondan noxush xabarlar keldi. Bundan besh-olti yil avval shimoldagi Ozarbayjon yerlari — Hazar dengizi bo‘yidagi Boku, Kuraning o‘ng qirg‘og‘idagi Shamaxi, Mug‘an dashti bari shirvonshohlar hukmi ostida edi. Shoh Tahmasp shirvonshohlarni yenggandan so‘ng shimoldagi ozarbayjon yerlari janubdagi viloyatlar bilan birlashdi. Ilgari Kura daryosining ikki qirg‘og‘i ikki davlatga qarar va ularning o‘zaro adovati el-ulusga tashvish keltirar edi. Endi har ikki qirg‘oq bir davlat bo‘lib birlashgandan so‘ng Kura ustiga qurilgan mashhur Xudofarin* ko‘prigi juda serqatnov bo‘lib qolgan, uning ikkala tomonidagi ozarbayjonliklar, ichki urushlardan bezor bo‘lgan zahmatkash va ziyoli odamlar tinch bir istiqbolga umid bog‘lay boshlagan edi. Ammo avvalgi shirvonshohlarning tarafdorlari hali u yerda, hali bu yerda bosh ko‘tarishardi. Hatto shoh Tahmaspning inisi Alqas mirzo ham Shirvonga beglarbegi bo‘lib borgandan so‘ng o‘zicha mustaqil davlat tuzishga urinib ko‘rgan edi. Bundan xabar topgan shoh Tahmasp Qazvindan Shirvonga o‘n ming qo‘shin bilan bordi. To u inisini qattiqqo‘llik bilan o‘ziga itoat ettirib, Xudofarin ko‘prigi orqali Qazvinga qaytib kelguncha Humoyun uning yo‘liga qarab kutib o‘ltirdi. Nihoyat, sumbula kirgan kunlarda Tahmasp uni o‘zining Chilsutun qasrida qabul qiladigan bo‘ldi. O‘sha vazir Validbek Humoyunni shohning xonayi xosiga boshlab kirdi. — Hazrati shahanshoh, Shirvondagi yangi g‘alabalar bila sizni chin dildan muborakbod etgali keldim, — deb gap boshladi Humoyun. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 101 Shoh avvallari Humoyunni doim o‘rnidan turib qabul qilar va o‘ng yoniga o‘tkazar edi. Bu gal o‘ltirgan ko‘yicha unga chap tomonidan uch-to‘rt qadam naridan joy ko‘rsatdi. Humoyun Tahmaspdan olti yosh katta edi. Otasining «kattalar ko‘tarimli bo‘lgay» degan gapini yana bir esladi. Shohning kamsitishiga ahamiyat bermaslikka tirishib, mayin kulimsiradi-da, ko‘rsatilgan joyga cho‘kka tushdi. — Olampanoh, biz sizdan ko‘p marhamat ko‘rdik,— dedi. — Endi ijozat bersangiz, yurtimizga qaytsak... — Xansi* yurtingizga qaytajaksiz? — kinoyaomuz so‘radi shoh. — Hozircha Qandahorga... Siz va’da qilgan ko‘mak ila uni olsak, o‘zingizga in’om etgaymiz. Biz o‘g‘limiz bilan Hindga qaytish orzusidamiz. — Hindiston sizning yurtdur? — deb shoh yana kinoya qilib so‘radi. Humoyun ichida, «tangrim, o‘zing bardosh ber», deb, bu istehzoga ham chidadi. — Hindiston — biz farzandi o‘ldig‘imiz yurtdir,— deb Humoyun bitta so‘zni ataylab ozarbayjoncha aytdi. Shoh ko‘zlarini qisib Humoyunga sinovchan nazar bilan tikildi... — Eron buyukmi yoki sizning Hindiston buyukroq? Poygakda o‘ltirgan Validbek birdan sergaklandi, shoh «Eron buyukroq» degan gapni eshitsa mamnun bo‘lishini Humoyun ham sezdi. Lekin bunday desa shohga ochiqdan ochiq xushomad qilib yolg‘on gapiradiganday ko‘rindi-yu, xiyol taraddudlandi. — Eronning... buyuk madaniyati, buyuk tarixi bordir... shunday tarix, shunday madaniyat Hindistondada var. Ammo Hindistonning aholisi ko‘proq, maydoni ham buyukroqdir, olampanoh. Bu gaplar shohning qulog‘iga: «Men ham sendan buyukroqmen, shuning uchun eng ulkan Ko‘hinur olmosini o‘zimda olib qolganmen!» degandek eshitildi. Shohning birdan jahli chiqdi. Uning qizishgan paytda mantiqni tan olmaydigan odati bor edi. — Siz bizdan buyukroq o‘lsangiz nechun Hindistondan bura* panoh istab keldingiz? Dastoringizga Ko‘hinur olmosini taqqaningiz uchungina bizdan buyukroq o‘lmayajaksiz! Bu achchiq izg‘irin qayoqdan esayotganini Humoyun Ko‘hinur olmosi tilga olinganidan so‘zdi. Bu olmosni Hamida bonuning tumorida ko‘rgan Ravshan ko‘ka bilan Xo‘ja G‘ozining izg‘irini. Bu razil o‘g‘rilarni zindonga tashlatish o‘rniga, ularga tanbeh berish bilan cheklanib, ortiqcha bir yumshoqlik qilgani uchun Humoyun yana o‘zini koyidi: «Qil- gan xatoingning jazosi mana shu, endi shohning barcha tanbehiga chidaysen!». Tahmasp yuragida to‘planib qolgan gina-qudratlarni aytib, ko‘nglini sal bo‘shatgandan so‘ng, Humoyun sekin bosh ko‘tardi: — Hazrat shahanshoh, tog‘dan ko‘ra samo buyukroqdir. Shuning uchun men sizga Ko‘hinurni emas, Samoyinurni yuborgan edim... Oraga ig‘vo urug‘ini sochgan odamlarni yomonlashga esa mening tilim bormaydir. Chunki ne qilsa ham ular mening yurtdoshlarim. Hozir biz sizning ixtiyoringizdagi mehmonlarmiz. Bizni bor qilishga ham, yo‘q qilishga ham siz, albatta, qodirsiz. Bir o‘lim hamisha boshimizda bor. Men hech vaqt undan qo‘rqib qochgan emasmen. Agar mendan ayb o‘tgan bo‘lsa, mayli, buyuring! Humoyun Tahmaspning ko‘zlariga dovtalab bo‘lgan kabi tik qaradi. Shoh ham uning ko‘ziga ko‘zini qadagan holda: «O‘limdan qo‘rqmasligingni ko‘ryurmiz!» degisi keldi, ammo boshqa gapni aytdi: — Ayb deyil*. Ov qilyurmiz! Chorshanba kuni o‘rmonda, Albrus dog‘inda. Sizi taklif etyurmiz. Hozir Humoyunning ko‘ngliga ov sig‘masa ham, lekin bu gaplarning tagida boshqa ma’no borligini sezib, shohning taklifini qabul qildi. ______________ Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 102 * X u d o f a r i n — bu ko‘prik hozir ham Eron bilan Ozarbayjon chegarasida turibdi. * X a n s i — qaysi. * B u r a — bu yerga. * D ye y il — emas. * * * Ov uchun Elbrus tog‘ining xatarli uchmalari ko‘p bo‘lgan va mashhur temir daraxtlari o‘sadigan o‘rmonzor yonbag‘irlari tanlandi. Ovga chiqqan qizilbosh beklari orasida Yoqub Sherafkan nomli pahlavon yigit ham bor edi. U Mozandaron o‘rmonlarida yo‘lbars bilan olishib, uni yenggan, terisini shilib, shohga taqdim qilgan edi. Tahmasp unga Sherafkan deb nom bergan, yo‘lbars terisining eni yarim qarich keladigan uzun bir parchasini uning o‘ziga esdalik qilib qaytargan edi. Yoqub Sherafkan hozir ovda ham o‘sha bir tilim yo‘lbars terisini o‘ng yelkasiga bog‘lab, ikki uchini belidagi kamarining oldiga va orqasiga mahkam qistirib olgan edi. Bayramxon uni uzoqdan Humoyunga ko‘rsatdi-yu, qulog‘iga shivirladi: — Xundor dushmaningiz ana o‘sha! Bundan yigirma besh yil oldin uning amakisi Bobur hazratlaridan qasd olmoqchi bo‘lganda, shoh Ismoil qo‘ymagan ekan. — Bunisi endi mendan kimning qasdini olmoqchi emish? — O‘sha otasining qasdi. Qarshida begunoh aholini qatliom qilgan ashaddiy shialardan biri shu Yoqubning otasi ekan. Keyin Hisorda sizning otangiz uni shu ishi uchun o‘limga buyurgan ekan. Bu hodisalar bo‘lgan paytda siz ham, Yoqub Sherafkan ham ikki-uch yashar bola bo‘lgansizlar. Lekin bularda odat shundayki, qasd olinmaguncha xundor dushmanlik avloddan avlodga o‘tavergay. — Bu qasd — bizga qarshi suiqasdga aylansa-chi? Shohning bundan xabari bormikin? Bayramxon tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. — Menga Som mirzo yashiriqcha aytdi. Oraga tushgan sovuqlikni Validbek istifoda qilmishdir. Agar shoh qat’iy man etsa, Yoqub uning aziz mehmoniga tajovuz qila olmas edi. Biroq o‘zimiznikilar oraga nifoq soldilar. Shundan keyin shoh ko‘rsatma beribdir: «Yoqub pahlavon kuchini ko‘rsatsa mayli, ammo o‘q otilmasin, qurol ishlatilmasin», debdir... Bu tog‘da buzuq zovlar, o‘ngirlar ko‘p ekan. Juda ehtiyot bo‘lgaysiz, hazratim. Hasanali eshik og‘a, men, yana yigirma qo‘riqchi yigit sizning himoyangizda sobitmiz. Yoqub Sherafkanning ham yigirmadan ortiq yigiti bor. Siz arxar ovlaganda, ular sizni ovlashlarini unutmang. Bunday xatarli damlarda Humoyun o‘zining butun vujudida alohida bir safarbarlik sezar, borlig‘i ko‘zga va quloqqa aylanib ketganday, har bir sharpani juda tez ilg‘ardi. Bugun u tog‘larda yaxshi yuradigan eng baquvvat va hushyor jiyron qashqa badaxshoniy otini minib chiqqan edi. O‘zining yosh yigitlik paytida Badahshonda, Pomir tog‘lari orasida ot choptirib orttirgan barcha tajribasi yodiga tushmoqda edi. Arxarlar tog‘ning baland qoyatoshlari orasida bo‘lar, maxsus odamlar ularni shoh Tahmasp va Humoyun turgan yonbag‘irlarga haydab tushishga harakat qilishardi. Lekin bu chaqqon jonivorlar toshdan toshga sakrab, yana baland uchmalar tomonga qochishardi. Humoyun shohning oldida qo‘rqoq ko‘rinmaslik uchun o‘sha uchmalardan birining tepasiga ot choptirib chiqdi-yu, to‘rtta arxardan birini yoy o‘qi bilan urib yiqitdi. U bilan ketma-ket chiqib kelgan Bayramxon va Hasanali ham bittadan arxar otishdi. Ular ov shavqiga berilib, o‘zlarining ketidan pisib kelayotgan Sherafkanni unutgan edilar. Qarshidagi toshloq yonbag‘irda yana bir kiyik Humoyunning ko‘ziga tashlandi. Tog‘ning musaffo havosida uzoqlar ham yaqin ko‘rinadi. Humoyun, «pastdagi jilg‘adan o‘tsam, narigi yonbag‘irga bir lahzada yetaman», deb o‘yladi-yu, qizishib terlagan otining jilovini soy tomonga burdi. Biroq unga oddiy jilg‘a bo‘lib ko‘ringan pastdagi soy — uch terak bo‘yi keladigan uchurimli tosh jar ekan, uning tagidan oqayotgan suvning faqat guvillashi eshitilar, ammo o‘zi Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 103 ko‘rinmas edi. Chetlarini qalin butalar va temir daraxtlari pana qilib turgan tosh jarni Humoyun yaqin borganda ko‘rdi. Pastda qorayib turgan o‘ngir uning vahmini keltirdi. Yaqin orada ot sakratib o‘tadigan joy yo‘q, tosh jardan pastga qulagan odam chilparchin bo‘lib ketishi hech gap emas. Ot ham buni sezib to‘xtadi. Humoyun jarni aylanib o‘tadigan joy bormikan deb, jilovni o‘ngga burdi-yu, atrofga alang-jalang ko‘z yugurtirdi. Shu payt allanarsa shamolday chiyillab boshining yonidan uchib o‘tdi-yu, yonidagi temir daraxtining shohi qattiq silkinib ketdi. Shu zahoti nimadir ilonday shaloplab yerga tushdi. Bu — sirtmoq edi. o‘ng qadamcha narida bo‘z ot minib turgan Yoqub Sherafkan sirtmoqni Humoyunning bo‘yniga ilinadigan qilib tashlagan, ammo oradagi daraxt shoxi xalaqit bergani uchun arqon mo‘ljalga ilinmay yerga tushgan edi. Ellik qadamcha narida ot choptirib kelayotgan Bayramxon bilan Hasanalining yo‘lini bir talay qizilbosh otliqlar to‘sib olishdi. Sherafkanning o‘zi va o‘ntacha qizilboshlar Humoyunni uch tomondan o‘rab olishdi. Faqat jar tomon ochiq qoldi. Ular Humoyunning otiga orqadan qamchi urib, uni uch tomondan qisib, tosh jarga surib bora boshladilar. Jonivor jiyron qashqa boshini orqaga siltab, to‘rt oyog‘ini yerga har qancha tirasa ham, jar tomon nishab bo‘lgani uchun ortdan surib kelayotganlarning zalvori zo‘rlik qildi. Humoyun o‘ng tomonida odam siyrakroq ekanini, faqat bitta qizilbosh uni o‘ngga burilgani qo‘ymay qisib kelayotganini ko‘rdi. Jilovni qo‘yib yubordi, oyog‘ini uzangidan bo‘shatdi-da, bir sakrab, o‘ngdagi qizilboshning orqasiga mingashib oldi, o‘sha zahoti uni egardan ag‘darib tashladi. Darhol bo‘sh egarga tarmashib, jilovni qo‘liga oldi. Otni o‘ngga burib to‘pdan chiqayotganda yana talpinib, egarga mindi. Shu asnoda Humoyunning badaxshoniy oti baland tosh jardan pastdagi o‘ngirga qulab tushar ekan, hayot bilan vidolashgan kabi achchiq bir kishnadi. Egardan ag‘darilgan qizilbosh esa otlar oyog‘i tagida qolib qichqirdi va jar labidagi butaga tarmashib, safdoshlaridan yordam so‘ray boshladi. Bir qism qizilboshlar u bilan andarmon bo‘ldi, ammo Sherafkanning o‘zi qilich yalang‘ochlab, Humoyunning ketidan ot choptirdi. Bayramxon, Hasanali va boshqa qo‘riqchi yigitlar oradagi yo‘lni to‘sib turib olgan qizilboshlarning otlariga qamchi urib, baqirib, Humoyunning oldiga o‘tishga intilmoqda edilar. Axiri Hasanali ham qilich yalang‘ochladi-yu, qizilboshlar qurshovini yorib o‘tdi va Humoyunga hamda qilib kelayotgan Sherafkanning qarshisidan chiqdi. Biroq Sherafkan otini jilovidan tortib old oyoqlariga turg‘izdi va yuqoridan Hasanalining boshiga shunday qilich urdiki, o‘tkir isfahoniy tig‘ bosh suyagini tarvuzday ikki pallaga bo‘lib tashladi. Hasanalining yelkalari, otining yoli qonga belanib, o‘ligi egardan qulab tushar ekan, Sherafkan Bayramxonga qichqirdi: — Araya* tushsang sen ham o‘lyursan! Qo‘y, men xundor dushmanim ila olishay! Humoyun ham qilichini sug‘urar ekan, qon to‘kishga tayyor turgan boshqa qizilboshlarga qarata: — Senlar ham oraga tushmanglar! — deb qichqirdi. Ikki ot bir-biri bilan ayqashib, ikki qilich bir-biriga balo-qazoday urilar ekan, hozirgina begunoh halok bo‘lgan Hasanalining qasosi ham Humoyunga kuch berganday bo‘ldi. Hozir u faqat o‘zini emas, begunoh qatl etilgan Qarshi aholisining xotirasini, ularga yon bosgan otasining ruhini, Qazvinda iztirob chekib o‘ltirgan Hamida bonuni, Qandahorda yetim boladay qolib ketgan o‘g‘ilchasining kelajagini ham himoya qilayotganini butun borlig‘i bilan his qilardi. Hozir bularning hammasi unga madad berayotganday vujudiga cheksiz bir kuch, jur’at, chapdastlik quyulib kelardi. U yoshlikda ikki qo‘llab qilich chopishga o‘rgangan edi. Qazvinda shohning qarorini kutib oylar davomida zerikib yurgan paytlarida o‘ng qo‘lini orqasiga bog‘lab qo‘yib, chapaqayiga qilich chopishlarni qayta-qayta mashq qilgan edi. Hozir ana o‘sha mashqlar unga juda asqotdi. Sherafkan yuzma-yuz qilich solib, uni yengolmagandan so‘ng, temir daraxtini aylanib Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 104 o‘tib, Humoyunga chap tomondan qilich urmoqchi bo‘ldi. Buni ko‘rgan Humoyun qilichini darhol chap qo‘liga oldi. Sherafkan uning chapaqayiga ham qilich ura olishini bilmay ehtiyotsiz bir harakat qilgan edi, Humoyun qulay paytdan foydalandi. Uning chap qo‘l bilan urgan qilichi Sherafkanning yelkasi aralash gardanini qattiq yarador qildi. Sherafkan qilichini qo‘lidan tushirib yubordi, hushidan ketib otdan yiqiladigan bo‘lganda yigitlari kelib suyab qolishdi. Bu olishuvni tog‘ tepasida Validbek bilan Som mirzo ko‘rib turgan edilar. Validbek ot choptirib kelib Humoyunga da’vo qildi: — Siz nechun ovda qilich yalang‘ochlab, bizim bekni yarador etmishsiz?! Ammo Bayramxon Yoqub Sherafkanning o‘zi aybdor ekanini aytib, begunoh halok bo‘lgan Hasanalining jasadini ko‘rsatdi. Som mirzo Humoyunning shunday tahlikali holatda o‘zini mardona tutganidan juda ta’sirlangan edi. U akasi Tahmaspning oldiga borganda butun voqeani batafsil aytib berib, Humoyunni yoqladi. Shohning singlisi Shohzoda Sultonim odatdagiday baland bir joyda otliq turib akasining kiyik ovlashini tomosha qilgan, tosh jar labida bo‘lib o‘tgan hodisani o‘zi ko‘rmagan bo‘lsa ham, boshqalardan eshitgan edi. Humoyunning oti tosh jardan qanday qulab ketgani, uning o‘zi boshqa otga sakrab minib qanday jon saqlagani, so‘ng chap qo‘l bilan qilich chopib, Sherafkanday pahlavonni qanday yenggani Shohzoda Sultonimni hammadan ko‘proq hayajonga soldi. Ovchilar orasida shohning xolis kuzatuvchilari ham bor edi. Ular ham shohga kelib axborot berganda mehmonning jasoratiga qoyil bo‘lganlari sezilib turardi. Atrofidagi shuncha odamning gapi bir joydan chiqqandan so‘ng, shoh Tahmasp ham Humoyunga tan bermay iloji qolmadi. — Sherafkan bizim farmonimizni buzmishdir, yaraliq o‘lgani uchun o‘zi aybdor! — dedi Tahmasp qurol ishlatmaslik haqida bergan farmoyishini Validbekka eslatib. — Ammo Mirzo Humoyun bizim oliy ko‘nag‘imizdir*. Onga oliy e’zoz lozimdir! Humoyunning o‘ngirga qulab ketgan oti o‘rniga shohning o‘zi uchun yetovda olib kelingan va egar-jabdug‘i oltin bilan ziynatlangan chiroyli oq arg‘umoq taqdim etildi. Otning oq rangi ham oralaridagi kudurat ko‘tarilganini hammaga namoyish etganday bo‘ldi. Begunoh halok bo‘lgan Hasanalining oilasiga shoh o‘z xazinasidan kattagina nafaqa tayin etdi. Kechki payt ovda otilgan kiyiklar, kakliklar, hilol qushlar go‘shtidan shohona taomlar tayyorlandi. Tahmaspning qirmizi rangli ulkan saqarlot borgohiga Humoyun bilan Bayramxon taklif etildi. Tahmasp Humoyunning kattaligini endi tan olgan kabi uni to‘rdagi joyga o‘tqazdi. Oltin jomlardagi mayinoblarga kiyik va kaklik kaboblari gazak qilindi. Xiyol kayf qilganlaridan so‘ng Tahmasp ochilib so‘zladi: — Mirzo hazratlari, men tarix kitobida o‘qimisham, Sizning bobokaloningiz Amir Temur- da har ikki eli* ila chox yaxshi qilich chapmishdir. Siz chap el ila qilich chopmoqni Temur bobongizdan uyranmishsiz? — Siz haqsiz, olampanoh. Bugun chap el ila chopgan qilichim ham menga Sohibqiron bobokalonimdan meros qolmishdir. Shoh Tahmasp bu gapdan xiyol taajjublandi: — Sizda Amir Temurning qilichi bordir? — Bor, marhamat, ko‘ring, — deb Humoyun beliga taqilgan oltin sopli qilichni g‘ilofidan sekin olib ko‘rsatdi: — Amir Temurning muhrlariga «rosti-rusti» — degan so‘zlar o‘yib yozilgan ekan. Xuddi shu ikki so‘z bu qilichga ham bitilgan. Qarang!.. Shoh Tahmasp qilichning sopidan pastrog‘iga zargarona harflar bilan qadama* qilib bitilgan «rosti-rusti» so‘zlarini o‘qidi-da: — Vah! Vah! — deb zavqlandi. —Ma’nosini anglagandirsiz olampanoh?.. «Kuch— adolatdadir» degan e’tiqodni mening dilimga jannatmakon otam ham singdirganlar, bu qilichni asrab-avaylab menga yetkazib Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov Download 1.29 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling