Humoyun va akbar
Download 1.29 Mb. Pdf ko'rish
|
avlodlar dovoni ziyouz com
- Bu sahifa navigatsiya:
- QAZVIN YER TAGIDAN O‘TGAN TOG‘
www.ziyouz.com kutubxonasi 93 Hamida bonu orqaga — Akbarning oldiga qaytishni qanchalik istamasin, endi Humoyun o‘zining inilari bilan yarasholmasligini sezib turardi. U bolasini sog‘inib, yig‘lab-siqtab bo‘lsa ham eri bilan birga shimolga — Xurosonga qarab ketib borardi. Yosh ona har kuni Akbarni emizadigan mahalda siynasiga sut to‘planib, chidab bo‘lmas darajada og‘riy boshlardi. Shunda Hamida Oysha bibi bilan xoli joyga chiqib, sutini qorga sog‘ib tashlardi. Oppoq qorda sut ko‘zga tashlanmasa ham uning issiq tapti sovuq qorda hovur chiqarardi. Jigarbandining nasibasi hayf ketayotganidan yuragi qon bo‘lgan Hamida bonu: — Bizni shu ko‘yga solganlani ona sutining uvoli ko‘r qilsin! — deb pichirlardi. ___________ * Sh o m i l i s t o n — beluj va afg‘on qabilalari yashaydigan o‘lka. * Besh t o sh — sakkiz chaqirim. QAZVIN YER TAGIDAN O‘TGAN TOG‘ Qorli Elbrus* tizma tog‘i Hazar* dengizining janubidan, Safedrud deb ataladigan oqish suvli daryodan boshlanadi-yu, Mozandaron va Gurgonni aylanib o‘tib, Turkman elining chegarasigacha yuzlab chaqirim masofaga cho‘ziladi. Hazar dengizining sernam havosi Mozandaron o‘rmonlariga tez-tez yomg‘ir olib keladi, Elbrus tizmasining shimol tomoniga yoqqan qalin qorlar uzoq saqlanadi. Ammo quyuq bulutlar baland tog‘lardan oshib o‘tolmagani uchun Elbrus tizmasining janubiy etaklarida joylashgan Qazvinda quruq va iliq kunlar ko‘p bo‘ladi. Qishning oftobli kunlarida shoh Tahmasp Elbrus tog‘ining kungay etaklarida ov qilib yurgan edi, Mirzo Humoyundan shoshilinch elchi kelganini eshitib, uni archazor o‘rmon orasidagi xushmanzara yalanglikda o‘zining havorang kimxob chodirida qabul qildi. Bayramxon Hilmon daryosi bo‘yidagi Xuroson-u Mashhad orqali Qazvingacha bo‘lgan bir oylik yo‘lni qahraton qish faslida yigirma kunda bosib o‘tgan, qattiq charchaganidan oyoq ustida zo‘rg‘a turar edi. U shohga ta’zim qilib yukunganda boshi aylanib gandiraklab ketdi. Buni ko‘rgan Tahmasp unga chap tomonidan — uch qadamcha joyni ko‘rsatdi-da: — Keching!* — dedi. Shohning soqolsiz iyagi, uzun mo‘ylovi, devday yirik gavdasi bahaybat ko‘rinsa ham, yirik-yirik ko‘zlari Bayramxonga kutilmagan bir iliqlik bilan boqqanday tuyuldi. Bugun ov o‘ngidan kelgan, shoh o‘z qo‘li bilan otgan arxarlar* chodir tashqarisida qor ustida yotar, ularning qop-qora beozor ko‘zlari va mayin yunglari Tahmaspda ovchilik sururi bilan birga o‘rmonda yayrab yurgan shu tirik jonvorlarning abadiy so‘ngan hayotlariga nisbatan ozgina achinish hissi ham uyg‘otmoqda edi. U Humoyunning «olampanoh» deb boshlanadigan maktubini o‘qiganda va uning boshiga tushgan mushkul savdolar tafsilotini Bayramxondan eshit-ganda: — Chox afsus! — dedi. — Bizim Hindistondagi suyangan dag‘imiz Mirzo Humoyun edi. Oning o‘zidan ham xatolar o‘tmishki, toj-u taxtidan ayrilmishdir. Tahmasp Humoyunning bir vaqtlar kayf-u safoga berilganini, Agrada goho haftalab bazmlar o‘tkazganini, saxiylikda hamma podsholardan o‘zgisi kelib, qaysi bir marosimda o‘n ikki ming kishiga sarupo kiygizganini eshitgan edi. Inisi Komron Kobul-u G‘azniga qanoat qilmay Panjobni ham zabt etganda Humoyun uni darhol quvib yubormaganini, yumshoqlik qilib shunday tajovuzni kechirganini shoh Tahmasp uning yana bir katta xatosi deb hisoblardi. Tahmaspning o‘zi hozir Shirvonda hokimlik qilayotgan inisi Alqas Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 94 mirzoga ham, Qazvindagi ikkinchi inisi Bahrom mirzoga ham bunchalik erk bermas, agar yaqinlari biron tajovuzga yo‘l qo‘ysa, ayovsiz jazolardi. Buni biladigan Bayramxon: — Hazrat shahanshoh, — dedi. — Mirzo Humoyun o‘shanda Komronga katta erk berganlaridan hozir pushaymonlar. Ul zotga sizdek shoh hazratlarining inilaringiz bilan munosabatdagi qat’iyatingiz ham ibrat bo‘lmog‘i mumkin. Ul hazrat sizning ulug‘ hukm- dorlik tajribalaringizni o‘rganmoq uchun ham huzuringizga kelmoqchilar. Turkman tili ozarbayjonchaga yaqin bo‘lgani uchun Bayramxon talaffuzini shohning ona tiliga iloji boricha yaqin qilib so‘zlardi. Tahmasp unga tikilib: — Turkmanning qoraqoyunli urug‘i bizim qardashimizdir, — dedi. — Sizning bahorlu urug‘ingiz Hamadon atroflarida biz bilan inaq yashayur. Siz nechun sunniylar hizmatiga getdingiz? — Olampanoh, taqdirga chora yo‘qdir, — deb Bayramxon o‘zining Badaxshonda tug‘ilganini, otasi Sayfalibek Boburning inoyati bilan G‘azni viloyatida hokim bo‘lganini, onasi Negina xonim ham Humoyunning onasi Mohim begimdan ko‘p yaxshiliklar ko‘rganini, u buning hammasiga bolalikdan guvoh bo‘lib o‘sgani uchun o‘n olti yoshidan beri shu xonadonga sadoqat saqlab yurganini aytib berdi. Humoyun bilan Sherxonning ganga bo‘yidagi janglaridan xabardor Tahmasp: — Siz Sherxonga asir tushmishsiz? — deb so‘radi. — Ha, podshohimizni qurshovdan chiqardim-u o‘zim ilikka tushdim. Bayramxon Sherxon xizmatiga o‘tmagani uchun o‘limga hukm etilganini, so‘ng yaqin do‘sti Abulqosim Jaloyir ikkalasi asirlikdan qanday qochganini bir-bir aytib berdi. Bayramxonning shoirlik iste’dodi voqealarni lo‘nda va ta’sirli qilib ayta olishida ham sezilar, Tahmasp uning hikoyasiga berilib quloq solar edi. — Abulqosim o‘zi Jaloyir degan o‘zbek urug‘idan, mazhabi sunniy, ammo ko‘rinishi menga o‘xshar edi. Yoshimiz ham teng, o‘zimiz o‘ng besh yillik qadrdon edik. Chitordagi bir jangda men uni naqd o‘limdan olib qolgan edim. «O‘sha yaxshiligingni qaytarishim kerak», deb yurardi. Ikkovimiz Sherxondan qochib Gujarat tomonga borayotganimizda Sherxonning odamlari ketimizdan quvib yetib keldi. Yuzdan ortiq qurolli askarga ikkovimiz bas kelolmasligimiz aniq. Sherxon farmon bergan ekan: «Bayramxonni tutgan joylaringda qatl etinglar, hibsga olinmasin, yana qochgay», degan ekan. Afg‘onlar Abulqosim ikkovimizni o‘rab olib: «Bayramxon kim? Oldinga chiqsin», — dedi. Men Abulqosim bilan quchoqlashib xayrlashdim-da, oldinga chiqdim: «Bayramxon men!»— dedim. Shunda Abulqosim mendan ham oldinroqqa chiqib «yo‘q, bu mening navkarim, Bayramxon men!» — dedi. Men e’tiroz qilib o‘zimning Bayramxon ekanimni isbotlamoqchi bo‘ldim. Afg‘onlar kimga ishonishlarini bilmay hayron. Ikkovimiz bir- birimizga o‘xshashmiz. Men e’tiroz qilaverganimdan so‘ng, Abulqosim yuzimga bir tarsaki urdi-yu: «Sen mening itoatimdasen, jim tur, hali Bayramxon bo‘lishingga ko‘p yil bor!» — dedi. Men shapatidan karaxt bo‘lib jim qoldim. Shundan so‘ng afg‘onlar shapati yeganim bejiz emasligiga — mening navkar ekanimga ishonishdi. Abulqosim Jaloyirni bir chetga olib chiqib ketib, boshini kesdilar-u Sherxonga ko‘rsatish uchun olib ketdilar. Bayramxon o‘sha voqeani yana qayta boshdan kechirgandek ovozi titrab davom etdi: — Olampanoh, siz-u bizning qoraqoyunlu urug‘imiz, barlos-u o‘zbeklar — barimiz chindan ham qonqardosh ekanimizni men o‘shanda dil-dilimdan his qildim. G‘arbda turk sultonlari, Turonda shayboniyzodalar eng johil kuchlarni qo‘zg‘atib, mazhab urushini boshlamasa edi, ming-ming odam behuda qurbon bo‘lmas edi. Bobur saroyida ham, Humoyun dargohida ham jaholat emas, ma’rifat ustun edi. Abulqosim Jaloyir ana shu ma’rifat nuridan bahramand bo‘lib o‘sgan yigit edi. Bayramxon shu so‘zlardan keyin qo‘yniga qo‘l solib, sadafi yaltiragan quticha chiqardi: — Mirzo Humoyun sizga sovg‘a etib Hindistonning buyuk olmosini yubordilar. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 95 Shoh Tahmasp qutichani ochdi-yu, qora baxmal ichida ming xil jilva bilan nurlanayotgan yirik olmosni ko‘rib ko‘zi quvonchdan yaltirab ketdi. — Sog‘ o‘l! — dedi Bayramxonga. Shoh eshik og‘a Validbekni chaqirib, Bayramxon bilan yigitlariga maxsus chodirlar tikdirishni va ziyofatlar berishni buyurdi. Yolg‘iz qolganda olmosni qutichadan olib salmoqlab ko‘rdi. Bunday yirik olmos haligacha shohning qo‘liga tushmagan edi. Olmosni u singlisiga ko‘rsatgisi keldi-yu, ikki chodir naridan Shohzoda Sultonimni chaqirtirdi. Safaviylar xonadonida mo‘tabar ayollarni e’zozlab ovga, hatto urushga ham birga olib borish odati bor, bu ularning e’tiqodlari bilan ham bog‘liq edi. Ular sig‘inadigan to‘rtinchi xalif — hazrati Ali suyukli xotini Bibi Fotimani urushga ham birga olib borgani tarixdan ma’lum. Bexatar joyda — Alining orqasida oq soqolli bir mo‘ysafid Bibi Fotima mingan oq tuyaning jilovidan tutib turarkan. Tepalikdan jangni kuzatib turadigan Bibi Fotima Aliga uzoqdan turib ruhiy madad berarkan. Tahmaspning otasi Shoh Ismoil ham o‘z janglariga sevimli xotini Tojli begimni birga olib borardi. Tabrizdan nari Choldora degan joyda bo‘lgan qattiq jangda Tojli begim avval bexatar tepalikda turib shohning jangini kuzatgan. Keyin Shoh Ismoil mag‘lub bo‘layotganini ko‘rgan Tojli begim yigitcha kiyinib jangga kirgan, ammo ish chappasidan ketib asir tushgan. Shoh Ismoil turk sultoniga yuz ming tuman* tovon bermoqchi bo‘lgan. Lekin turk sultoni Tojli begimni buncha oltin evaziga ham qaytarib bermagan. Shoh Ismoil umrining oxirigacha suyukli xotinini eslab, sog‘inib o‘tgan. Bu achchiq saboqdan so‘ng shoh Tahmasp janglarga xotinlarini olib bormaydigan bo‘ldi. Faqat hazrati Ali an’anasini unutmaslik uchun ovlarga singlisi Shohzoda Sultonimni birga olib borar, u tepada tomosha qilib turganda, otining jilovidan nuroniy bir mo‘ysafid tutib turardi. Yigirma yoshli Shohzoda Sultonim chodirga kirib ta’zim qildi-da, Tahmaspning ovdagi jasoratini, arxarlarga haqiqiy sher kabi hamla qilganini shavq-zavq bilan so‘zlay boshladi. Singlisining mana shu serzavqligi, shirin-so‘zligi doim shohning dimog‘ini chog‘ qilar, shuning uchun uni ko‘pincha o‘zi bilan olib yurardi. Tahmasp singlisini yana bir quvontirgisi kelib Humoyun berib yuborgan olmosni unga ko‘rsatdi-da: — Buyuk hind olmosi, — dedi. Humoyundan elchi kelganini eshitgan Shohzoda Sultonim olmosning afsonaviy go‘zal tovlanishidan hayajonga tushib: — Ko‘hinur budir? — deb so‘radi. Shoh Tahmasp Ko‘hinurning ovozasini eshitgan, ammo Bayramxondan buni aniq so‘rab olmagan edi. Singlisining shashtini qaytarmaslik uchun: — Ha, Ko‘hinur endi bizning tojimizni bezayur!— dedi. Shohzoda Sultonim akasini bu ulug‘ obro‘ bilan muborakbod qildi va boshiga og‘ir kun tushgan paytda ham shunchalik saxovat ko‘rsatgan Humoyunga ko‘mak berishni shohdan o‘tinib so‘radi. Tahmasp yana Validbekni chaqirtirdi. U kelguncha qutichani yopib, qo‘yin cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Singlisi buni hozircha sir tutish kerakligini shundan sezdi. Validbek ta’zim qilib kirganda: — Janob eshik og‘asi, — dedi. — Hind podshosi Mirzo Humoyun bizdan panoh so‘rab Xuroson chegarasiga kelmishdir. Uni qabul etib, o‘z saxovatimizni ko‘rsatsak ne deyursiz? — Shahanshoh biza ne farmon bersalar ado etishga hozirmiz. Ammo qulingizda bir andesha vardir. — Ne andesha? So‘zlang! — Xuroson yaqinlargacha temuriylar mulki sanalardi. Humoyun shoh Tahmasp Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 96 yordamida qaddini tiklagach, Xuroson-u Hirotni safaviylar davlatidan ajratib olish harakatiga tushmasmikin? Validbekning bu andishasi shohni o‘ylantirib qo‘ydi. Shu payt Shohzoda Sultonim akasidan so‘zlash uchun ruxsat oldi-da, o‘z fikrini ayta boshladi. Uningcha, Humoyunning Xurosonda qolishi mumkin emas. Chunki shimolda shayboniyzodalar, sharqda va g‘arbda uni quvg‘in qilgan inilari turibdi. Buning ustiga yana safaviylar bilan yovlashib, Xurosonni talashsa to‘rt tomonidan o‘t ketib, darhol yonib ketishini biladi. Shohzoda Sultonim shoh og‘asiga ma’noli ko‘z tashlab, boyagi noyob olmosni eslatmoqchi bo‘ldi. Shoh shunday buyuk sovg‘ani qabul qilib olgandan keyin, Humoyun elchisiga qay til bilan rad javobi beradi? Holbuki, Shohzoda Sultonim o‘z suyukli akasi Tahmaspni saxovat va mardlikda Humoyundan ham balandda ko‘rishni istaydi! Singlisi aytgan mantiqli gaplardan tashqari, go‘zal qizning bu istagi ham yigirma to‘qqiz yoshli Tahmaspga Validbekning andishasidan ko‘ra kuchliroq ta’sir qildi. Shunday mashhur boburiy va uning sarkardasi Bayramxon Hindistonday joydan kelib safaviylardan panoh topsa, bu — shohning obro‘sini yanada oshirmaydimi? Afsuski, Humoyunning odami juda kam qolgan ekan... Ammo uning atrofidagi navkarlarni istaganicha ko‘paytirish shoh Tahmaspning qo‘lidan keladi-ku. Agar shohning buyrug‘i bilan Humoyunni Seyistonda ming odam kutib olsa, Hirotga kelganda uni yana ikki-uch ming bek-u navkar kuzatib borsa yomon bo‘ladimi? Birinchidan, shohning bu ikki-uch ming bek-u navkari Xurosondagi fitnachi sunniylarni Humoyunga yaqin keltirmaydi. Ikkinchidan, Humoyunni kuzatib va qo‘riqlab yuradigan shohning ikki-uch ming bek-u navkari mirzoning o‘zini ham sadoqat chegarasidan chiqmaslikka majbur qiladi. Tahmasp bu fikrlarni o‘rtaga tashlar ekan Shohzoda Sultonim o‘z og‘asining aqliga tan berib: — Cho‘x dono tadbir, — dedi. Siyosat uchun shunday qilish zarurligini Validbek eshik og‘asi ham endi tushuna boshladi. Humoyunning ozgina odami yoniga shohdan ikki-uch ming askar qo‘shilib, Xuroson-u Mashhad orqali Qazvinga qarab tantana bilan o‘tsa, buning ovozasi, albatta, g‘arbdagi va sharqdagi dushmanlarga ham yetib boradi. Shoh Tahmasp munshini chaqirib, seyiston beglarbegi Ahmadbek shomluga va Hirot hokimi Shohqulibek Qorasultonlar nomiga Humoyunni zo‘r tantanalar bilan kutib olish haqida farmonlar yozdirdi. Shohzoda Sultonim bu farmonlardagi raqamlarni eshitgan sari hayratga tushmoqda edi: Tahmaspning farmoniga binoan, Humoyun va uning odamlari uchun shoh xazinasidan ajratilishi kerak bo‘lgan yavmilxarj — (kundalik xarajat) ikki tuman, ya’ni yigirma ming tabriziy belgilandi. Seyiston va Hirot hokimlariga Humoyunni o‘ng olti farsah* nariga borib kutib olish, unga o‘ng ikkita shohona chodir tikib berish, yuzta egarlog‘lik ot taqdim qilish, o‘ziga, xotiniga va yaqinlariga zar qo‘shib tikilgan duxobalardan sarupolar in’om qilish topshirildi. _____________ * Shimoliy Kavkazdagi elbrus cho‘qqisidan tashqari Eronda Elbrus degan ulkan tizma tog‘ bor. Rivoyatlarga ko‘ra, har ikki elbrus aslida bir tizmada bo‘lgan ekan-u, ularning o‘rtasidagi tog‘ yer tagiga tushib ketgandan so‘ng oralari uzilib qolgan ekan. * H a z a r — Kaspiy dengizi. * K e ch i n g — «o‘ting» degani. * A r x a r — yovvoyi qo‘y. * B i r t u m a n — o‘n ming tabriziy. * B i r f a r s a h — 6—7 chaqirim. * * * Agar Hamida begimning ko‘ngli Qandahorda qolgan Akbarning xayoli bilan mudom band Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 97 bo‘lmasa edi, Xuroson va Eronda ularni mehmondo‘stlik bilan kutib olganlaridan yayrab, quvonib yurishi mumkin edi. hirot, Sabzavor, Mashhad, Nishopur shaharlarining ming- minglab odamlari mehmonlarga peshvoz chiqishar, ziyofat paytlarida yuzlab chinni laganlarga oshlar suzilar, har kuni ularga qimmatbaho sarpolar kiydirishar, shoirlar Tahmasp bilan Mirzo Humoyunni osmondagi ikkita qo‘sh yulduzga o‘xshatib ta’riflashardi. Shia-sunniy urushlaridan behisob jabr ko‘rgan va podsholarning o‘zaro adovatlaridan bezor bo‘lgan o‘qimishli, ziyoli odamlar endi ikki hukmdorning bir-biriga inoq munosabatda bo‘layotganini yaxshilik alomati deb bilardilar. Bazmlarda eng xushovoz xonandalar bu inoqlikka bag‘ishlangan she’rlarni latif kuylarga solib ashula qilib aytishardi. Ammo yurakni ezuvchi bu go‘zal kuylar ham emizikli bolasining diydorini qo‘msab yurgan Hamidaning sog‘inch tuyg‘ularini battar qo‘zg‘atardi. Hamida bonu besh-o‘n kunda Qandahorga qaytarmiz, degan umid bilan yo‘lga chiqqandi. Lekin oradan haftalar, oylar o‘tar, ular esa Qandahordan kun sayin uzoqlashib, Hazor dengizi va Elbrus tizma tog‘lari tomonga ketib borardilar. Bu orada Qandahordan besh-olti yuz bek-u navkarlar qochib kelib Humoyun askarlari safiga qo‘shildi. Akbar bilan qolgan Mohim enaga qochib kelgan odamlardan Hamida bonuga maktub yubordi. «Hazrat begim, tangrimga shukur, xavotirlanadigan paytlar endi o‘tdi, — deb yozgan edi Mohim. — Shoh Tahmasp sizlarni katta izzat-ikrom bilan kutib olganining ovozasi Qandahorga ham yetib keldi. Mirzo Askariy ham Bobur mirzoning o‘g‘illari-ku, axir, u kishida ham otalaridan o‘tgan odamgarchiliklar bor ekan. Hozir saksonga yaqin odamni Akbarjon bilan bizning xizmatimizga berib qo‘ydilar. Ayniqsa xotinlari Saltanat begim juda oqko‘ngil ayol ekanlar, Akbarni xuddi o‘z farzandlaridek yaxshi ko‘rib qoldilar. Akbarjonning tili chiqib, bitta-ikkita so‘z aytadigan bo‘lib qoldi. Eng avval Jajji enagani «Jiji» deb ataydigan bo‘ldi. Keyin meni «Maham» deb chaqirishga o‘rgandi. Gavdasi yirik, vazni og‘ir bo‘lgani uchun bir yosh-u uch oy deganda yura boshladi. Hazrat otalari shu yerda bo‘lganlarida o‘g‘illarining yurib ketganini aytib suyunchi olardik. Noiloj, bu xushxabarni Mirzo Askariyga yetkazdik. U kishi mamnun bo‘lib bizga ota o‘rnida suyunchi berdilar. Turkiy ulusning udumini bilursiz, yo‘lga kirgan bolaga ko‘z tegmasin, deb yumshoq bir narsa bilan oyog‘iga urib yiqitadilar. Akbarjon qo‘lchalarini oldinga qilib pildirab yurib kelayotganda Mirzo Askariy boshlaridan sallalarini oldilar-u uning oyoqchalariga salla bilan urdilar. Bola yumshoq salla ustiga yiqilib tushdi, lekin yig‘lamadi, buning o‘yinligini sezib kuldi, «yana!» deb talab qildi. Mirzo Askariy yana ikki marta uni sallalari bilan shunday urib yiqitdilar. «Inshoollo, katta bo‘lganda yelkasi yer ko‘rmagay, hech bir olishuvda yengilmagay!» deb tilak bildirdilar». Maktubning shu yeriga yetganda Hamida bonu ich-ichidan bu tilakka qo‘shildi-yu, «Mirzo Askariyda ham hamiyat bor ekan-ku!» degan o‘yni ko‘nglidan o‘tkazdi. Kechasi xobgohda bu xatni Humoyun ham o‘qib, ancha mamnun bo‘ldi. — Askariy durust, ammo Komron shu yerda ham bizga o‘gaylik zaharini sochish harakatida emish, — dedi. — Said Xalilning Sulton Muhammad degan johil muridi bor. O‘sha odam bizga g‘animlik maqomida bo‘lgan yana uch-to‘rt kishi bilan Kobuldan Makkaga hajga borish bahonasida Qazvinga kelib tushibdir. Shoh Tahmasp huzuriga kirib, Mirzo Komrondan qimmatbaho sovg‘alar topshiribdur. Ular shohni bizga qarshi qo‘zg‘atish uchun hali ko‘p ig‘volar qilsa kerak. Shuning uchun siz ham hushyor yuring, begim. Mehmondamiz, bizni qo‘riqlash uchun yoki xizmatimizni qilish uchun qo‘yilgan yuzlab odamlar orasida shohning xufiyalari bor, o‘zimiznikilarning ham yomonlari yo‘q emas. Mezbonlarga malol keladigan biron so‘z yoki harakat bizdan sodir bo‘lmasligi kerak. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 98 Hamida bonu busiz ham har bir so‘zni o‘ylab gapiradigan, mezbonlar orasida odob, tavoze qoidalarini joyiga qo‘yadigan bo‘lib qolgan edi-yu, faqat Humoyun Qandahorda bergan tumor goh-goh esiga tushib og‘ir mas’uliyat tuyg‘usi uni bezovta qilardi. Hilmand daryosi bo‘yida to‘xtaganlarida kechasi Humoyun tumorni undan so‘rab olib, tikilgan joyining bir chetini so‘kkan va gumbaz shaklli yirik olmosni olib, sadaf qutichaga solgan, «Buni Bayramxon bizdan shoh Tahmaspga sovg‘a qilib eltgay», degan edi. Olmos qirralaridagi behisob nurlar jilvasi osmondagi g‘uj-g‘uj yulduzlarni eslatar, o‘zi ham gumbaz shakliga o‘xshagani uchun Humoyun uni «Samoyinur» deb atar edi. Tumorning alohida bir qatida Ko‘hinur turibdi, boshqa qatlarida o‘ntacha yirik yoqutlar bor, shuning uchun salmog‘i ancha og‘ir tuyuladi. Hamida bonu bu tumorchada ulkan xazinaga barobar keladigan boylik borligini bilgani uchun uni yo‘qotib qo‘yishdan juda qo‘rqar, kecha-yu kunduz yonidan qo‘ymay asrardi. Goho Humoyunga hazilomuz shivirlab: — Men ham xazinachingizmen, ham uni ko‘tarib yuradigan karvoningizmen, ulufani* ko‘proq to‘lang,— derdi. — Mol-u jonim bari sizga ulufa, — deb javob berardi Humoyun. Bu yashirin xazinani maxfiy saqlash oson emas. Ayniqsa safarda, mehmonda har xil kutilmagan holatlar bo‘ladi. Sadoqatli kanizi Aminat Qandahorda qolgandan beri Hamida bonuga beluj ayol Oysha bibi bilan Ravshan ko‘kaning xotini qarashib yurardi. Ravshan ko‘ka Komron mirzo bilan bir onani emgan va ko‘p yil uning xizmatida bo‘lgan bek edi. Qo‘li egriligi uchun Komron uni jazolamoqchi bo‘lganda Sind bo‘yida Humoyun tomonga qochib o‘tgan edi. Mana shu Ravshan ko‘kaning xotini yangi olingan kanizlar orqali Hamida bonuning juda ehtiyot bilan saqlaydigan vazni og‘ir tumori borligini, begim hatto bosh yuvganda, kiyim almashtirganda ham bu tumorni hech kimga bermasligini eshitib qoldi. Bu sir Ravshanbekning Xo‘ja G‘ozi degan qadrdoniga ham ma’lum bo‘ldi. Ular tumorni xotinlar yordamida qo‘lga tushirish uchun payt poylay boshladilar. Hamida bonu Mohim enaganing so‘nggi xatini o‘qigan kuni o‘g‘ilchasining tilga kirgani va yurib ketgani haqidagi tafsilotlar butun xayolini shunday qamrab oldiki, boshini yuvish uchun g‘uslxonaga kirganda tumorni kiyimlari bilan boshqa xonada unutib qoldirdi. Yuvinib, taranib, kanizi yordamida kiyinayotganda tumor ko‘ziga tashlandi-yu, darhol qo‘liga olib qaradi. Vazni ancha yengillashib qolganini sezib yuragi shig‘ etib ketdi. Bu yerga kim kirib chiqqanini kaniz ham bilmay qolgan, o‘g‘rilar tumorni so‘kib, beshta yirik-yirik badaxshon la’lini olishgan, uni boshqa rangdagi ip bilan ko‘klab tikib qo‘yishga ham ulgurishgan edi. Faqat Ko‘hinurni olishga jur’at etisholmagan edi — bunday katta olmosga xaridor topish amrimahol, uni sotguncha qo‘lga tushib qolish hech gap emas edi. Hamida bonu ich-etini yeb, bir necha kungacha dardini kimga aytishini bilmay yurdi. Hali ham haram uchun javobgar bek — tog‘asi Xo‘ja Muazzam edi. Hamida bonu uch kun o‘tgach, tog‘asiga voqeani aytib berdi: — Hozircha, hazratimga bildirmay turing, — dedi Xo‘ja Muazzam. — Agar begona o‘g‘ri kirsa tumorni paqqos olib keta qolardi. Bu razil ishni o‘zimiznikilar qilgan. Biz Anbar Nozir bilan o‘zimiz taftish o‘tkazgaymiz. Bu orada Xo‘ja G‘ozi bilan Ravshan ko‘ka Qazvin bozorlaridan eng qimmatbaho to‘bichoq otlar va buyumlar sotib olgani ma’lum bo‘ldi. Taftishga usta Anbar Nozir ot sotgan savdogarlar huzuriga bordi: — Bu odamlar katta qarzni to‘laydigan badavlat kishilar emas, nechun quruq va’dalariga ishonib, qimmatbaho otlarni berib yubordingiz? — dedi. Savdogar beparvo turib: — Siz ularni bilmas ekansiz, — dedi. — Qo‘llarida shunday javohirlari borki, bir emas, yuzta otga yetgay. Menga ikkita la’lni ko‘rsatishdi. Shunday bebaho la’lki, uni sotib Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov Download 1.29 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling