Humoyun va akbar
Download 1.29 Mb. Pdf ko'rish
|
avlodlar dovoni ziyouz com
- Bu sahifa navigatsiya:
- SEKRI, BIANA QO‘ZG‘OLON
www.ziyouz.com kutubxonasi 146 chiqqan Sulton Adham viloyat hokimiga podsholar tomonidan in’om etiladigan maxsus bayroq va naqora sovg‘a oldi. Shu bilan Hindistonning shimoli sharqidagi Bhira viloyati yana Humoyun qalamraviga o‘tdi. Bu viloyatda sakkizta yigiti bilan yashirinib yurgan Komron go‘yo olov halqasi ichida qoldi. Humoyun bilan kelgan besh ming qo‘shinning ichida uning xundor dushmanlari juda ko‘p. Sulton Adham Komronni ularga tutib berishi hech gap emas. Humoyun inisiga odam yuborib: — O‘zi yaxshilikcha kelmasa, qasoskor bek-u navkarlar ming azoblar bilan o‘ldirgaylar, — dedi. — Agar hazrat otamning ruhidan himoya istab kelsa, balki tirik qolg‘ay. Komron uchun ham hozir otasining ruhi-yu akasining dargohidan boshqa madad beradigan joy qolmagan edi. U kechki payt Bog‘i Safoga sakkizta qurolli yigit bilan kirib keldi. Humoyunning xirgohiga kirgan zahoti xos navkarlar Komronning belidagi qilichi va xanjarini yechib oldilar. narigi chodirga boshlab ketilgan yigitlari ham darhol qurolsizlantirilganini Komron shundan sezdi. Humoyunning chodirida qosim barlosning jiyani Xanjarbek turgan ekan. Uning qasoskor ko‘zlari Komronga tig‘day qadaldi. O‘lim xavfidan seskangan Komron: — Hazratim, bu ne hol?! — deb Humoyundan so‘radi. — Va’dangiz boshqa edi-ku. Meni ne qilmoqchisiz?! — Siz qachon ma’naviyizda turgan edingiz, inim Komron?! Yigirma yildan berli menga necha marta xiyonat qilganingizni bir eslang! «Davlat ishida qattiq turilmasa, murod hosil bo‘lmagay!» deb hazrat otam to‘g‘ri aytar ekanlar! Men mudom yumshoqlik qildim, o‘zimdan o‘tdi! Sherxon bilan olishganimda yordam o‘rniga nuqul to‘g‘onoq berdingiz, buni kechirdim! Kobulda Akbarni to‘p o‘qiga nishon qilib qo‘ydingiz, buni kechirdim! Ikki yashar qizalog‘imiz Jahon Sulton begimning o‘limiga sabab bo‘ldingiz, buni kechirdim! Mana, oxiri Hindolni o‘ldirib birodarkushga aylandingiz! — Meni beklar yo‘ldan urdi, rost, gunohim bor! Hindolni Qorachaxon o‘ldirgan, men emas! Humoyunning g‘azabi kelib, Komronni sensirab gapirdi: — Yolg‘on! Bopusxon bilan Qorachaxonlar o‘lib ketdi, ammo seni ularga do‘st qilgan o‘gayliging, baxilliging, hasadchiliging hamon ichingda tirik turibdir! Bu illatlar senga otamizdan o‘tgan emas! Otamiz tanti odam edilar. Senga ona suti bilan kirgan o‘gaylik atrofingni o‘ragan iblislarga qo‘l keldi. Sen mudom meni ko‘rolmay yashading, men yaxshi kun ko‘rsam, bundan sening ko‘zlaring kuydi! Ko‘zlaringga chiqqan bu kuydirgini olov bilan yondirmoqdan o‘zga chora qolmadi!.. Xanjarbek! — Labbay, hazratim! — Buning ko‘ziga mil tortinglar! — Yo‘q, yo‘q, undan ko‘ra o‘ldiring meni! — deb Komron qochmoqchi bo‘ldi. Hanjarbek boshliq to‘rt yigit uni ikki qo‘lidan tutib, narigi chodirga kuch bilan olib kirib ketdilar. Humoyun ertalab azonda ko‘ch yig‘ishtirishni buyurdi. Bir kunda podsho va uning barcha odamlari chodirlarini yig‘ib, Kobulga qaytib ketdi. Faqat Komron, Xanjarbek va uning odamlari, yana o‘ntacha soqchi yigitlar turadigan chodirlargina qoldi. Tushga yaqin olov yoqildi, soat miliga o‘xshash uzunchoq po‘lat millari cho‘g‘day qizarguncha qizdirildi. Taqdirga tan bergan Komron ko‘rpacha ustiga o‘zi chalqancha yotdi. Xanjarbek boshliq olti kishining ikkitasi uning qo‘llarini va boshini qimirlatmay ushlab turdi, yana ikkitasi oyoqlari va belidan bosdi. G‘ulom Ali farroshboshi Komronning ko‘zlarini yirib qorachig‘ini ochib turdi. Uning yirilgan ko‘ziga ko‘ringan oxirgi narsalar — Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 147 Xanjarbekning qasoskor yuzi va qizarib yonib turgan milni qorachiqqa tomon olib kelayotgan olti barmoqli qo‘li bo‘ldi. Xanjarbekning bosh barmog‘i ikkita. Bu qo‘shaloq barmoqlar dahshatli bir maxluqning qichqichlariga o‘xshar va hozir Komronning ko‘zlarini o‘yib oladiganday tahdid solib kelar edi. Olovli mil qorachiqqa jazillab surilganda ko‘zni o‘yib olgandagidan ham achchiqroq bir og‘riq uning vujudini parmalab o‘tganday bo‘ldi. boshining orqa tomonidan yashil, qora, sariq, qizil doiralar portlab chiqib, butun borliqni go‘yo ostin-ustun qilib yubordi. Xanjarbek olovli milni uning ko‘zlariga takror-takror, o‘n- o‘n besh martalab bosdi, bir mil sovusa, cho‘g‘latilgan ikkinchi milni ishga soldi. Bu intihosiz azobdan alahsirash darajasiga yetgan Komron bo‘kirib yubordi: — O-o-o! Bas, noinsof! Bas! — O‘zing noinsof bo‘lmasang ining Hindolni o‘ldirtirarmiding? — dedi Xanjarbek. — Sen- ku tirik qolursen! Koshki, tog‘am Qosim barlos birpasga tirilib kelsa, qasos qaytganini ko‘rsa! Cho‘g‘latilgan mil qorachiqlarga yana besh-olti martadan bosilgach, Komron tubsiz bir zulmat ichiga qulab tushib ketayotganday bo‘ldi. Xanjarbek mil tortish qoidasiga astoydil rioya qilib, kuydirilgan qorachiqlarga tuz bosdi, limu suvidan tomizdi. Buning achishtirishi avvalgi og‘riqlardan ham oshib tushdi. Hamon zulmat jarining tubiga yetolmay qulab tushib borayotgan Komron tuz va limu suvining achishtirishidan yana hushiga kelib chinqirdi... * * * Otalari barpo etgan Bog‘i Safo Komron ixtiyorida qoldirilgan edi. Humoyundan bayroq va naqora in’om olgan Sulton Adham Bhira hokimi qilib tayinlandi va Komronning ahvolidan xabar olib turdi. Shifobaxsh tog‘ havosidai ko‘l bo‘yida Komronning ko‘zidagi jarohat uch oyga borib tuzaldi, ammo yorug‘ dunyoning turfa ranglaridan mahrum bo‘lib kecha-yu kunduz hop-qorong‘i zulmat ichida yashash uning ruhini tushirib yubordi. Ilgari u yurtdan bu yurtga qo‘shin tortib, ot chopib yurgan qirq yoshli yigit endi yuz qadam joydagi hojatga yetakchisiz borolmaydigan bo‘lib qoldi. Ovqat yeganda hatto qoshig‘ini qo‘liga tutqazib qo‘yishmasa o‘zi topib ololmaydi. Qalam tutish, yozish, o‘qish, tabiat manzaralarini tomosha qilish, suyukli xotini Chuchuk begimning husn-u jamolidan zavqlanish — hammasidan birato‘la judo bo‘lgani qalbini cheksiz alam, o‘ch, adovat tuyg‘ulariga to‘ldirdi. Nuridiyda, ko‘z — insonga berilgan qanchalik ulug‘ ne’mat ekanini, shu ne’matni kuydirib, sog‘ odamni ko‘r qilish qanday vahshiyat ekanini u endi bildi, «menga shafqatsiz jazo berganlarini umrbod kechirmagaymen», deb ahd ham qildi. Lekin oylar o‘tishi bilan xotira uyg‘ondi, bo‘lib o‘tgan voqealar takror-takror xayolidan o‘ta boshladi. Makkai Madinaga ketgan mirzo Askariyning haj yo‘lida vafot etgani haqida musibatli xabar keldi. Komron unga kuyundi. Inisi Hindol mirzoni eslab yuragi battar ezildi. To‘rt og‘ayni bundan uch yilgina oldin Kobul ko‘chalarini to‘ldirib birga o‘tganlari, otalarining qabri poyida yonma-yon turib, endi inoqbo‘lishga ahd qilganlari xayolida gavdalandi. Shu ahdni birinchi bo‘lib o‘zi buzgani va qanchalik yomon shafqatsizliklar qilgani go‘yo xotirasiga qaytib keldi. Ilgari oddiy ko‘z bilan g‘alat ko‘ringan ko‘p narsalarni endi qalb ko‘zi unga haqqoniy qilib ko‘rsata boshlaganday bo‘ldi. Chuchuk begim erining dil yaralarini tuzatishda uning shoirligi yordam bermasmikin, deb o‘yladi. Begim Komronning turli daftarlarda sochilib yotgan she’rlarini to‘pladi va bilimli bir munshi yordamida devon tartib berishga kirishdi. Kunlarni qanday o‘tkazishni bilmay diqqinafas bo‘lib yurgan Komronning o‘zi ham devon Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 148 tuzish fikri bilan ovunib, barcha she’rlarini munshiga bir-bir o‘qitib ko‘rdi. ba’zilariga qanday tahrirlar kiritishni aytdi. Devonning odatiy qismlari uchun hali ancha she’rlar yetishmasligi aniqlandi. Komron o‘sha she’rlarni bir satr, ikki satrdan xayolida yarata boshladi. Munshini chaqirib, xayolda to‘qilgan satrlarni aytib yozdirdi-yu, o‘qitib ko‘rdi: Navbahor o‘lsa bahorimni mening yod aylang, Sarvqad lola-yu zorimni mening yod aylang. — Bo‘laturg‘anga o‘xshaydir, — deb yengil so‘lish oldi. Ko‘ziga mil tortganlarida borliq dunyo xayolida qonli kafan tusini olgani yodidan hech chiqmas edi. Shuni ham g‘azal satrlariga joylagisi keldida, yana bir kun xayolida she’r bitgach, munshini chaqirdi: — Yozing! Lolaning jismida qonlig‘ kafanin ko‘rganda, Kafan-u jismi figorimni* mening yod aylang. she’r yaxshi chiqayotganidan uning ko‘ngli ko‘tarildi. Chuchuk begimga atab bitilgan g‘azalga yangidan ikki satr qo‘shdi: O‘lmayin vahki o‘luvdan battar ahvolim bor, Tutib ilkimni vasl sori rohbar bo‘l. Bu satrlarni erining og‘zidan eshitgan Chuchuk begim: — Bajonidil ilkingizdan tutay, — dedi. — Qani, qayonga bormoqchisiz, mirzam? — Gunohlarim ko‘p, Chuchuk. Qanchalik yomon xatolar qilganimni endi fahmlamoqdamen. Makkai Madinaga borib, bu gunohlardan poklanmaguncha ko‘nglim tinchimagay. — Ka’ba juda uzoq. Kobulga borib, hazrat otangizning qabrlarini ziyorat qilsak-chi? Komron o‘ylanib turdi-da: — Mayli, avval Kobulga boraylik, — dedi. U egarda yurganda otini xizmatkori yetaklab borardi. Komron Chuchuk begim bilan Kobulga kelib, Bog‘i Navro‘ziyga tushdi. Ertasi kuni katta o‘g‘li Ibrohim mirzo bilan otlanib, otalarining qabri turgan tepalikka chiqib bordi. Buni eshitgan Humoyun Akbar bilan tepalikning ikkinchi tomonidan ko‘tarilib keldi. Komron otdan tushgach, o‘g‘lining yelkasiga o‘ng qo‘lini qo‘yib, turtinib bora boshladi. Humoyun bir vaqtlar mag‘rur va salobatli yigit bo‘lgan inisining yetakchiga ergashib, oyog‘i bilan yerni paypaslab, ifodasiz yuz bilan borayotganini ko‘rganda birdan ko‘ngli buzildi. Bo‘g‘ziga tiqilib kelgan tugunni ichiga yutib, sekin uning ketidan maqbaraga kirdi. Komron otasining qabr toshidagi yozuvlarni qo‘li bilan paypaslab topdi. — Hazrat otajon, ruhinizdan madad istab keldim!— deb pichirladi. — Hindol bilan Askariy men tufayli juvonmarg bo‘ldi, bunday og‘ir gunohni ne tavr ko‘taray? Endi ruhimni poklash uchun hajga ketishdan boshqa ilojim yo‘q. Qaytib kelolmasam, alvido, otajonim! Humoyun ko‘z yoshini to‘xtatolmadi, Akbar otasining yig‘laganini endi ko‘rdi. Ibrohim maqbara chetida qimirlamay turibdi. O‘smir yoshiga yetgan bu ikki yigitcha bolalikda naqora talashib olishganlari otalarining ayovsiz kurashlari oldida bir o‘yinchoq ekanini endi bilishar va damlarini ichlariga olib jim turishardi. Humoyun ko‘z yoshini ichiga yutib, tomoq qirdi. Maqbarada o‘g‘lidan boshqa yana kimdir borligini Komron endi payqadi. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 149 — Kim bor? Humoyun ko‘z yoshini kafti bilan tez artdi-da, bo‘g‘iq tovushi bilan: — Men... sizni shu ko‘yga solgan berahm og‘angiz, — dedi. Komron uni «og‘a» degisi kelmadi. — Siz men uchun endi faqat shohsiz. — Ha, shohlik o‘zi — shafqatsizlikdir. Ahli jahon shunday berahm bo‘lsa, biz ne qilaylik? — Men endi bu jahonni tark etmoqchimen. — Hali ham men sizni inim deyman, Komron. Askariy haj yo‘lida vafot etgani yetar. Endi siz Kobulda qoling. Mana shu maqbara ham siz-u biz-ning sajdagohimizdir. Hazrat otamning ruhini shod etadigan ash’orlar yaratishga qodirsiz. Komron bosh chayqadi: — Men ketmog‘im kerak. Rozi bo‘ling!.. — Nachora? Men sizdan rozimen. Endi... mendan ham rozi bo‘ling, inim. — Men rozimen. Xayr! Oradan uch kun o‘tgach, Komron Chuchuk begim bilan uzoq Arabistonga jo‘nadi. ______________ * F i g o r — afgor, ya’ni abgor va majruh ma’nosida. SEKRI, BIANA QO‘ZG‘OLON O‘n besh-yigirma yilda bir bo‘ladigan qurg‘oqchilik Dehli va Agra atroflaridagi yozgi ekinlarni qovjiratib qo‘ygan. Saraton kirgan bo‘lsa ham, har yili shu paytda yog‘adigan yomg‘irlar hamon boshlangan emas. Tar sahrosidan esgan olovli garmsellar hammayoqni jizg‘inak qilib kuydiradi. Yerlar suvsizlikdan va issiqdan tars-tars yorilib ketgan. Bozorlarda pulga non topib bo‘lmaydi. Ocharchilik va qahatchilik boshlangan. Nizomning o‘rmon chetidagi kulbasi Sekri ko‘liga yaqin. Lekin bu yil ko‘lda ham suv oz. Ko‘l sathi pasayib, suv Nizomlar turgan joydan uzoqlashib ketdi. Uning bittagina sigiri, ikki bigh* yeri bor. O‘smir o‘g‘illari sigirga o‘rmondan o‘t o‘rib kelishadi. Lekin yerga pol qilib ekilgan sholi suvsizlikdan boshoq tortmay qurib qoldi. Faqat o‘ntacha xurmo va banan daraxtlarini Nizom xotini va bolalari bilan ko‘ldan chelaklab suv tashib sug‘orib, shularning mevasi bilan jon saqlashmoqda. Ko‘pdan beri non yuzini ko‘rishgan emas. Uyda bir xaltagina guruch qolgan, onda-sonda suyuq osh pishirib yeyishadi. U ham tugasa, ocharchilik balosi ularni ham o‘z iskanjasiga olishi aniq. Qani endi Nizom orzu qilgan xalqparvar davlat bo‘lsa-yu, shunday og‘ir, tabiiy ofatlar paytida el-yurtning mushkulini oson qilsa! Sherxonning o‘lganiga o‘n yildan oshdi, uning avlodlari hamon mamlakatni parchalab, o‘zaro urushlarda xalqni abgor qilmoqda. Sherxondan keyin podsho bo‘lgan uning o‘g‘li Islomshoh intihosiz talon-torojlari bilan o‘zining afg‘on yurtdosharini ham jonidan to‘ydirdi. Afg‘onlarning niyozi qabilasidan chiqqan zabardast yigit Abdulla Niyoziy Agraning yaqinidagi Biana shahrida xalq qo‘zg‘oloniga bosh bo‘ldi. Qo‘zg‘olonchilar Islomshohning poraxo‘r amaldorlarini shahardan quvib yubordilar. Abdulla Niyoziyning olti yuzdan ortiq qurollangan yigitlari orasida afg‘onlar, hindlar, boshqa xalq vakillari ham bor. Hindi-yu muslim deb din-u millat ayirish yo‘q. Isyonchilarning biri kosib, biri dehqon, biri o‘tinchi, lekin hammalari adolatga tashna. Qadimgi rivoyatlar bo‘yicha, ular xalq orasidan tug‘ma bir adolatparvar Mahdiy* chiqishiga ishonadilar. Yoshi endi qirqlarga borgan, istarasi issiq, o‘zi dovyurak, nutqi ta’sirli Abdulla Niyoziy ularga ana shu Mahdiyning elchisi bo‘lib ko‘rinadi. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 150 Abdulla Niyoziy Nizomning ko‘p yillik qadrdoni. Sherxon davrida Nizom o‘zining ismini yashirib, Salim degan ikkinchi nom bilan tanilgandan beri ular yaqindan tanish. Nizomning boshiga tushgan ko‘rgiliklar tufayli soch-soqoli erta oqaran. Kasallikdan tuzalgan bo‘lsa ham, uzun oq soqoli borligi va hassaga suyanib yurgani uchun yoshlar uni — «Salim ota» deb atashadi. Abdulla Niyoziy undan Kabir she’rlarini va bhaqti ta’limotini o‘rgangan. Shuning uchun Niyoziy Salim otani Bianaga olib borib, isyon- chilarga «Mening ustozim!» deb tanitdi. Islomshohday shafqatsiz tojdordan tap tortmay Biana hokimini quvib yuborgan bu jasur odamlar Salim otaga afsonalarda ulug‘lanadigan qahramonlarday ko‘rindi. Halol mehnati bilan kun ko‘radigan xalq qachondir bir vaqt zolim hukmdorlarni yo‘qotishiga orzumand bo‘lgan Salim ota Bianada shu orzusi ushalayotganidan ruhi ko‘tarilib yurdi. Qo‘zg‘olonchilar safi kengayib, uch ming kishiga yetganda ular Biana shahri chetidan alohida bir joyni qarorgoh qilib, kattakon jamoa bo‘lib yashay boshladilar. Ko‘pchilik odatdagi mehnatini qilib, topganining bir qismini oilasiga beradi, qolganini jamoaning umumiy dasturxoniga qo‘yadi. Qurolli yigitlar Bianada iloji boricha yaxshi muomala bilan tartib o‘rnatishga intiladi, faqat muomalaga ko‘nmaydigan ashaddiy buzuqilarni hibsga soladi yoki shahardan badarg‘a qiladi. Ular hatto bozordagi narx-navoni ham tergab, nafsi katta savdogarlarni insof bilan narx qo‘yishga majbur qildilar. bianada yangicha tartib o‘rnatayotgan Abdulla Niyoziy boshliq xalq harakatining ovozasi g‘arbdagi Gujaratgacha, sharqdagi Bixargacha borib yetdi. «Biana mahdiylari xalqni Islomshoh zulmidan qutqarmoqchi emish, dunyoda adolat o‘rnatar emish!» degan gaplar el-yurt orasida tobora keng tarqala boshladi. Sherxon avlodlarining o‘zaro urushlari va shafqatsizliklari ba’zi bir shayxlarning ham joniga tekkan edi. Abdulla Niyoziy va Salim otalar Bianada zolim amaldorlarni yo‘qotib, adolatli ish olib borayotganlari a’loyi degan keksa shayxning isyonchilar tomoniga o‘tishiga sabab bo‘ldi. Shayx a’loyi o‘z ixtiyoridagi vaqf yerlarning daromadini mahdiylar harakatiga in’om qildi. Uning xonaqosi endi isyonchilar adolat haqida targ‘ibot yurgizadigan joyga aylandi. Shayx a’loyining muridlari orasida Islomshoh quvg‘in qilgan amirlar va boshqa badavlat odamlar ham bor edi. Endi agar Islomshohga qarshi turgan shu kuchlar hammasi xalq harakatining girdobiga tortilsa podsho hokimiyati xavf ostida qolishi aniq. Kobuldagi Humoyunning ishlari o‘nglanib, qo‘shini yil sayin zo‘rayib borayotgani Islomshohning xavotirini oshirib yurgan edi. Shuning ustiga ichkaridan ham o‘t chiqsa — tamom! Islomshoh bu xatarning oldini olish uchun Bianaga o‘z vazirini yuborib, shayx a’loyini saroyga taklif qildi: — Taqsirimiz kelib, yangi e’tiqodlarini bizga bayon qilsinlar, ma’qul bo‘lsa biz ham mahdiylarga qo‘shilaylik! Podshoning bu gaplari tagida kinoya borligini sezgan Salim ota a’loyiga shivirladi: — Bormang, saroyni men bilurmen, vazirning gapidan riyoning hidi kelib turibdir! Shayx a’loyi Islomshoh yuborgan vazirga qarab: — Agar onhazrat bizning e’tiqodimizga qiziqsalar, balki o‘zlari Bianaga tashrif buyururlar? — deb so‘radi. Vazirning yuzi birdan tundlashdi, qovog‘i uyulib: — Taqsir, onhazrat yolg‘iz tashrif buyurmagaylar,— dedi. — Podsho bu yerga kelsalar, yuz ming qo‘shinlari bilan kelgaylar. Siz ularga bas kelgaymisiz?! Bu tahdidli so‘zlar shayxning kayfini uchirib yubordi. U qon to‘kilishini va yuz ming qo‘shin Bianani oyoqosti qilishini ko‘z oldiga keltirib: — Balodan hazar! — dedi. — Mayli, men o‘zim saroyga bora qolay. Oltmish besh yoshli nuroniy mo‘ysafid mahdiylar odati bo‘yicha piyoda yo‘lga tushdi. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 151 Kiyimlari oddiy bo‘zdan, oyog‘ida dehqonlar kiyadigan arzon shippak. Lekin o‘zi mag‘rur. Podsho va a’yonlar qarshisida g‘oz turib: — Assalomu alaykum! — dedi. — Olampanoh, mendan ta’zim-u tavoze kutmang. Biz, mahdiylar, bir osmon ostidagi barcha odamlarni, shoh-u darvishligidan qat’iy nazar, barobar deb bilurmiz. Biz insonni boyligi-yu martabasiga qarab emas, halol mehnati-yu chin odamiyligiga qarab qadrlagaymiz. Eshitishimga qaraganda, sizning mingdan ortiq filingiz, o‘ttiz ming otingiz, yuz ming qo‘yingiz bor ekan. Rostmi? — Rost bo‘lsa-chi? — istehzo bilan so‘radi Islomshoh. — Agar rost bo‘lsa, siz o‘zingiz kabi minglab odamlarning haqqiga jabr qilgan bo‘lursiz! Taxtning o‘ng tomonida o‘ltirgan shayxulislom Abdulla Ansoriy: — Bu ne gustohlik?! — deb A’loyiga o‘shqirdi. — Podsholar el-ulusdan soliq olishlari, davlat manfaatlari uchun mol yig‘ishlari shar’iydir! Abdulla Ansoriy ellik yoshlardagi yuzlari tarang, qorasoqol, sergo‘sht odam edi. A’loyi unga yuzlandi: — Taqsir, shu davlatning fuqarolari bo‘lgan ming-ming dehqonlar, kosiblar tabiiy ofat tufayli ochdan o‘lmoqda! Bunday paytda o‘ttiz ming harbiy ot yeydigan arpalarni el- yurtga ulashilsa savob bo‘lmasmidi? Yuz ming qo‘ydan bir qismini ochlarga ehson qilish shar’iy emasmi? Islomshohning xasisligini biladigan bek-u boyonlarning ba’zisi, «podshomiz o‘lsa ham bunday qilmagay!» deb bir-birlari bilan ma’noli ko‘z urishtirib oldilar, Anbdulla Ansoriy esa: — Astag‘furullo! — deb shayx A’loyining so‘zini kesdi: — a’lo hazrat masjidlarga katta ionalar qilmoqdalar, ming-ming bigh yerlarni vaqfga bermoqdalar! Saxovat bundan ortiq bo‘lgaymi? — Ammo bu saxovat faqat siz kabi peshvolarning boyligini orttirmoqda, xolos! — deb A’loyi endi shayxulislomning o‘zini fosh qila boshladi: — Taqsir, muqaddas kitoblarda barcha xayr-u ehsonlar muhtojlarga berilsin deyilgan, vaqflardan tushadigan daromad ham miskin bechoralarning haqqidir. Lekin hozir barcha xayr-u ehsonlar, barcha ionalar masjid vaqflari orqali sizning ixtiyoringizga o‘tmoqda. Axir bu uchiga chiqqan adolatsizlik emasmi? — Bas! — deb Islomshoh A’loyining so‘zini kesdi va uni olib chiqib ketishni buyurdi. O‘sha kun oqshom Abdulla Ansoriy boshliq ulamolar to‘planib, kufr yo‘liga o‘tgan shayx A’loyini toshbo‘ron qilib o‘ldirish haqida fatvo chiqardilar. Ammo Islomshoh A’loyini o‘ldirtirsa, qo‘zg‘olon yanada avj olib ketishi mumkinligini, bu shayxning va’zlari hatto saroydagi ayrim bek-u a’yonlarga ham ta’sir qilganini bilardi. Shuning uchun: — Bu mahmadona cholni mening qalamravimdan chiqarib yuboringlar, janubdagi Dakanga ketsin! — deb buyruq berdi. Maxsus odamlar A’loyini soyabon aravaga solib, janubga olib ketayotganlarida Narbada degan joyda yana uning tarafdorlari topildi. Narbadalik amir Bixarxonning akasini Islomshoh nohaq o‘ldirtirgan. Shundan beri ular xundor dushmanga aylangan. Endi A’loyi Islomshohga qarshi aytgan o‘tkir va’zlar ta’sirida Bixarxon ham mingga yaqin bek- u amiri bilan mahdiylar ta’limotiga xayrixohlik bildirdi va A’loyiga qo‘l berib, murid bo‘ldi. Bu xabar Islomshohga yetib borgandan keyin «Shayx A’loyini kechirdik, Dakanga surgun qilish haqidagi farmon bekor bo‘ldi, poytaxtga qaytsin!» deb odam yubordi. O‘sha yili ocharchilik tufayli o‘lat tarqagan edi. Uzoq yo‘llarda shayx A’loyiga o‘lat yuqqan ekan. Birdan isitmasi ko‘tarilib, bo‘ynida danakday shish paydo bo‘ldi. Agar bu shish badanida ko‘paysa o‘lishi muqarrar edi. Narbadalik mohir hind jarrohi A’loyining bo‘ynidagi shishni kesib olib tashladi. Ixlosmandlari unga eng yaxshi dor-u darmonlar Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 152 topib berdilar. Shayx A’loyi bir haftada tuzalishga yuz tutdi. Hali uncha darmonga kirmasidan Islomshoh yuborgan odamlar uni yana soyabon aravaga solib, o‘sha paytda poytaxt bo‘lgan Laxo‘rga olib keldilar. A’loyining gaplari odamlarga juda kuchli ta’sir qilishini amalda ko‘rgan Islomshoh: — Men sizni o‘zimga diniy peshvo qilib olmoqchimen! — dedi. — Mahdiylardan endi voz keching! Qulog‘imga bir og‘iz «kechdim» desaniz bas. — Yo‘q, a’lohazrat, men qariganimda imonimdan voz kecholmagaymen! Undan ko‘ra siz xalqqa jabr-zulm qilishdan voz keching! Islomshohning birdan g‘azabi kelib, ko‘zlari kosasidan o‘ynoqlab chiqdi: — Mirg‘azab! Darra keltiring! Uring bu sassiq cholni! Mirg‘azab A’loyining bo‘z to‘nini yechib, yelkasini yalang‘ochladi. Yaqindagina o‘latdan zo‘rg‘a tuzalgan keksa odamning tanasi ozg‘in, qovurg‘alari bo‘rtib turar edi. Og‘ir darra podshoning ko‘zi oldida zarb bilan to‘rt marta urilgach, A’loyi hushidan ketib yiqildi va jon berdi. Uning o‘limini xalqdan sir tutishdi. «A’loyi noma’lum tomonga qochib ketibdi!» — degan ovoza tarqatishdi. Islomshoh fursatdan foydalanib, Abdulla Niyoziyni ham bir yoqli qilmoqchi bo‘ldi-yu, Bianaga katta qo‘shin yubordi. Uch ming isyonchi shahar chetidagi ko‘kalamzor bir joyda istiqomat qilar, atrofida devor yoki istehkom ham yo‘q. Podshoning o‘ttiz ming qo‘shini qarorgohni to‘rt tarafdan o‘rab oldi. Abdulla Niyoziy podsho saroyiga yaxshilikcha bormasa, bu qo‘shin qarorgohga bostirib kirishi va Niyoziyni zo‘rlab olib ketishi kerak edi. Agar isyonchilar qurol ishlatsa, qo‘shin ularni qirib tashlashi mumkin edi. Abdulla Niyoziy begunoh odamlarning qoniga zomin bo‘lmaslik uchun podsho qo‘shini bilan saroyga boradigan bo‘ldi. Salim ota va boshqa yaqinlari u bilan quchoqlashib xayrlashdilar. — Ko‘risholmasak rozi bo‘linglar! — deganda Abdulla Niyoziyning ko‘zlariga yosh qalqib chiqdi. Podsho askarlariga yo‘lda pistirmadan turib hujum qilishni va Niyoziyni qutqarib olib ketishni istagan botir yigitlar bor edi. Lekin oxir-oqibatda ular ham Islomshohning beadad qo‘shini dastidan halok bo‘lishi muqarrar edi. Behuda qurbonlar berishni yomon ko‘radigan Salim ota tavakkalchi yigitlarni bu qaltis niyatlaridan zo‘rg‘a qaytardi. Abdulla Niyoziyni Islomshohning taxti oldiga olib keldilar. Taxt ustida zarbof kiyimlarga o‘ranib savlat to‘kib o‘ltirgan Islomshoh qirq yoshdan endi oshgan bo‘lsa ham, yuzi sarg‘ayib shishinqiragan, ko‘zining oqi ham sarg‘ish ko‘rinadigan kasalmand odam edi. U Abdulla Niyoziyning baquvvat gavdasi va sog‘lom yuziga g‘ashi kelib tikildi-da: — Suyangan tog‘ing shayx A’loyi edi — quladi! — dedi. — Sen biz bilan vatandosh afg‘on ekansen, saroyga olay, mahdiylaring bilan aloqani uz! — Hazrat podsho! Siz A’loyining faqat tanasini mahv qildingiz. Ammo uning ruhi tirik! Bu ruh xalqdan kuch olib, zolimlarning jazosini bergusidir! — Jazo?! Sen menga jazo bermoqchimisen?! — Men emas, hayot jazo bergay! — deb Abdulla Niyoziy Islomshohning ichki kasalliklardan salqigan yuziga va shishgan qovoqlariga ma’noli ko‘z tashladi.— Otangiz Sherxonga qasos qanday qaytganini unutmang! Begunoh o‘ldirilgan mo‘ysafidning uvoli sizni ham urmay qo‘ymagay! — E, uvoli hozir seni urgay! Mirg‘azab, darra uring bu katta dahan ahmoqqa! O‘lgunicha kaltaklang!.. Abdulla Niyoziyni hushidan ketguncha kaltaklashib, kechasi o‘rmon chetidagi yo‘l bo‘yiga keltirib tashlashdi. Saroydagilar uni «o‘ldi» deb o‘ylashgan edi. Lekin qirq yoshli baquvvat Niyoziy hali tirik, goh hud, goh behud bo‘lib yotgan edi. Isyonchilar uni shu ahvolda topib olib, Salim otaning oldiga ko‘tarib keldilar. Bunday og‘ir jarohatni qanday Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov Download 1.29 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling