Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet25/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
159
— Buni hazrat otamdan so‘raylik. 
Akbar kiyikni navkarlaridan ikkitasiga ko‘tartirib, otasining huzuriga olib keldi-da, uning 
oyog‘i oldiga qo‘ydi: 
— Hazratim, o‘g‘lingizning birinchi ovi sizga peshkash! 
Humoyun bo‘yi cho‘zilib otasiga tenglashib qolgan Akbarni bag‘riga bosdi. 
Kunlar issiq, Akbar ovda terga botib ketganini sezgan Humoyun o‘g‘lini Jamnaning salqin 
qirg‘og‘ida langar tashlab turgan kemaga boshlab chiqdi. Bovurchilar kiyik go‘shtidan 
og‘izda eridigan qilib kabob tayyorladilar. Kemaning tolorida ota-bola va Bayramxon 
uchovlari kabobni yeb bo‘lishgach, Humoyun oftobachi keltirgan suvda qo‘l yuvdi-da, 
qog‘oz-qalam so‘radi, u hozir shu dasturxon ustida xayoliga quyulib kelgan satrlarni 
masnaviy shaklida tez-tez yozdi: 
 
Xudoyo, tu in gavhari shahvor 
Zi osibe badguharon dur dor. 
Zi daryoyi donish ba o‘ ob deh 
Zi xurshidi binish ba o‘ tob dex*. 
 
Humoyun o‘g‘liga bu satrlarni o‘qib berdi: 
— Mening senga tilagim shu! — dedi. — Ol! 
Forsiy tilni ham yaxshi biladigan Akbar o‘rnidan turib, otasining she’rini ta’zim bilan oldi-
da, ko‘zlariga surdi: 
— Men buni jon o‘rnida asragaymen! 
O‘sha kuni kechqurun Akbar o‘zining dastorpechiga buyurib, otasi in’om etgan to‘rt 
satrni shohi tumorchaga tikdirdi-da, kiyimlari ichidan bo‘yniga bilintirmay taqib oldi. 
Mana, hozir u otasining yonida Dehlining eng baland joyiga qurilgan shiypon ustida 
turganda o‘sha tumorchaning shohisi issiqda terlagan badaniga allanechuk salqin 
tegayotganini sezdi-da, o‘zicha bir suyunib qo‘ydi. 
— Shukurki, ko‘zim tirikligida seni Dehliga olib keldim, — dedi Humoyun. — Bu shahri 
azimni men ko‘pdan berli poytaxt qilish niyatida edim. Lekin meni bu niyatga 
yetkazadigan yo‘l yer tagidan o‘tganini bilmas ekanmen. 
— Qandoq... yer tagidan? — tushunmay so‘radi Akbar. 
Humoyun unga Qazvinda Elbrus tog‘i haqida eshitgan rivoyatini aytib berdi. 
— Yer tagiga tushib ketgan o‘sha tog‘ mening yelkamdan bosib tushgandek bo‘ldi. o‘n 
besh yil davomida shu tog‘ni Sind-u, Qandahor-u, Qazvin-u Kobul orqali ko‘tarib o‘tishga 
majbur bo‘ldim, uning og‘irligidan ezilib azob tortdim. Nihoyat, bugun shu tog‘ — otam 
tuzib ketgan o‘sha ulkan davlat — yana yer yuzasiga qaytib chiqdi. Men qurishga 
ulgurmagan obidalarni endi sening qurmog‘ing uchun imkon bor. Axir ota qismatiga o‘g‘il 
sherik! Otamning umri menda davom etgan bo‘lsa, mening umrim senda davom etgay. 
Biz xuddi yuz yillab yashaydigan chinorning alohida shoxlari-yu ildizlariday yaxlit bir oi-
lamiz. 
Humoyun o‘g‘liga bugun birinchi marta dilini yorib, ko‘nlining tubini ochib ko‘rsatar, 
Akbarning kamoli jiddiyat bilan tinglayotganidan hamma gapni ko‘ngliga tugayotgani 
bilinib turardi. 
— Chinorning dastlabki ellik-oltmish yildagi o‘sishi bir avlod umriga qiyos etgulikdir, — 
deb davom etdi Humoyun. — Keyingi ellik-oltmish yillik o‘sishi ikkinchi avlod hisobiga 
bo‘lgay. Bu orada chinor avvalgidan ikki barobar baland ko‘tarilgay. Uchinchi avlodning 
umri bu chinorni eng baland yuksaklikka ko‘tarib, ulug‘ daraxtga aylantirgay. Lekin 
uning shu ulug‘ligida nihol paytida otgan ildizlari-yu o‘rta yasharligida yoygan 
shoxlarining hissasi bo‘lgaymi, yo‘qmi? 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
160
—Bo‘lgay! — dedi Akbar. 
— Sen kelajakda eng baland poyalarga ko‘tarilganingda mening shu so‘zlarimni bir eslab 
qo‘ygin. 
— Barcha so‘zlaringiz mening qalbimga toshga bitilgan harflarday naqshlanmoqda, 
hazrat otajon. Faqat siz... shunday ulkan g‘alabadan so‘ng... nechun ko‘nglingiz o‘ksigan 
kabi so‘zlamoqdasiz? 
— Armonim ko‘p, o‘g‘lim, yoshlikda tuzgan ulkan rejalarim amalga oshmadi. Endi 
hammasini qaytadan boshlashga umrim yetmasligini sezib turibmen. Odamzod jamiyati 
hali benihoya nokomil. Alohida komil siymolar bor, ammo butun jamiyat — atofimizni 
o‘rab turgan tabiatga nisbatan g‘oyat xom, betartib. Yer-u ko‘kdagi tartib-u muvozanat 
meni doim hayratga solur. Oftob vaqtida chiqgay. Oy aniq soat-u daqiqasida to‘lgay. 
Yulduzlar zo‘r bir tartib bilan aylangay. Bahor ketidan albatta yoz kelgay. Xayolparast 
ekanmenmi, yer-u ko‘kdagi mana shu tartib-u muvozanatni jamiyatga tadbiq etmoqchi 
bo‘libmen. Yilning o‘n ikki oyi, muchalning o‘n ikki yili asosida saroy ahlini o‘n ikki 
toifaga bo‘lib, har biriga alohida mavqe belgilabmen. Ammo men tabiatda yo‘q jaholat-u 
xurofot, riyokorlig-u amalparastlik, g‘alamislig-u xoinlik jamiyatda bijg‘ib yotganini 
unutgan ekanmen. To‘g‘ri, tabiatda yo‘q ilm-u san’at, ma’rifat-u zakovat fozil odamlarda 
bor. Lekin bizning jamiyatimizda ular hali juda oz. Shuning uchun mening bu yo‘ldagi 
harakatlarim shamolni tutib tartibga, solmoqchi bo‘lgan xayolparastning ishidek bekor 
ketdi. 
Ota bola suhbatga berilib qorong‘i tusha boshlaganini sezmagan ekanlar. Shiyponning 
yaqinidagi masjiddan shom namozining azoni eshitildi. Shiyponda chiroqlar yoqildi. 
Humoyun Akbar bilan pastki qavatga tushib tahorat olishdi, so‘ng masjidga birga 
borishdi. 
Shayxulislom Ansoriy oldinda imomlik qildi. Humoyun o‘g‘li bilan yonma-yon turib namoz 
o‘qir ekan, Akbar sajdaga bosh qo‘yganda Qur’on oyatla-rini o‘smirlarga xos mas’um bir 
nafas bilan pichirlab aytganidan zavqi keldi. O‘g‘li ulg‘ayib otasi qatorida masjidda 
namoz o‘qiydigan kunlar kelganidan qalbi yayrab, «alhamdulillo!» deb shukrona aytdi. 
Namozdan ruhi yengil tortib chiqqan Humoyun Akbarni o‘zining xonayi xosiga boshlab 
bordi. Hozirgi damlar unga allanechuk g‘animat tuyular, xu-dodan tilab olgan o‘g‘lini 
unutilmas bir in’om bilan quvontirgisi kelardi. 
Xonayi xosning to‘rida ustiga silliq charm qoplangan, tagi mustahkam po‘latdan 
yasalgan og‘ir sandiq turgan edi. Humoyun cho‘ntagidan maxsus kalit olib sandiqni 
ochdi-da, uning tegida ipak matoga o‘rab, avaylab saqlanadigan oltin sopli qilichni oldi. 
Uni qinidan sekin chiqarar ekan, ovozini pasaytirib dedi: 
— Bu Sohibqiron Amir Temurning qilichidir. 
Akbarning ko‘zlari hayajon ichida yaltirab sehrli qilichga tikildi. Humoyun qilichning 
sopidan pastrogiga quyma harflar bilan qadama qilingan «rosti rusti» degan so‘zlarni 
o‘g‘liga ko‘rsatdi: 
— Bu so‘zlar adolat ramzidir. Sohibqiron bobomiz vasiyat qilganlarki, davlat ishining 
o‘ndan to‘qqiz qismi aql-u zakovat, tadbir-u maslahat, murosa-yu madora bilan 
saranjom bo‘lur. Faqat o‘ndan bir qism ishni qilich bilan hal etmoq adolatdandir. Sen ana 
shuni hech qachon unutmagin. Bayramxon bilan seni yaqinda Panjobga 
jo‘natmoqchimen. U yoqlarda Sherxon avlodlari yana tajovuz qilishlari mumkin. Eng 
xatarli damlarda, adolat uchun jangga chiqqaningda mana shu qilichni ishga sol. Boshqa 
vaqtda buni asrab-avaylab avlodlaringga yetkazgin, toki ular ham ushbu tabarruk qilich 
himoyasida bo‘lsinlar. 
Akbar o‘ng tizzasini yerga qo‘yib, ta’zim bilan qilichni otasining qo‘lidan ikki qo‘llab oldi-
da, uning muqaddas yozuv bitilgan joyini ixlos bilan o‘pdi. Shu payt birdan o‘pkasi to‘lib, 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
161
ko‘ziga yosh keldi. Yoshli ko‘zlarini otasiga tikib, ovozi titrab dedi: 
— Hazrat otajon, inoning! Men sizga ham, bobokaloniomizning vasiyatlariga ham to 
o‘lgunimcha sodiq qolurmen! 
 
____________ 
* P u r a n — ko‘hna, degan ma’noni bidiradi. Sakkiz asr burun qurilgan bu qal’a hali ham bor. 
* Tarjimasi: Xudoyo, o‘zin bu shoh gavharimni 
        Yomon ko‘zlardan asra, tagi yomonlardan uzoq tut. 
        Uni bilim daryosining suviga qondir. 
        Aqlu mehr oftobi bilan sayqal berib chiniqtir.
 
 
* * * 
 
Kuni bo‘yi davlat ishlari bilan band bo‘ladigan Humoyun Dehlining issiq va dim 
oqshomlarida Puran Qal’aning shabada tegadigan baland joyidagi o‘sha usti ochiq 
shiyponga chiqib dam olardi. Bu joy unga yoqib qolgani uchun kutubxonasini 
shiyponning pastki qavatiga ko‘chirib keldi. 
Uning farmonini so‘zsiz ado etayotgan amirlar Agra va Ajmir shaharlarini jangsiz ishg‘ol 
qildilar. Bu ishni qon to‘kmay uddalagan Iskandarxon O‘zbek agra hokimi qilib 
tayinlandi. 
Rajastxon viloyatini urushsiz egallagan Turdibek Turkistoniy Bikanirdan Sind tomonlarga 
o‘tib ketayotgan bir turk lashkarboshisini yuzga yaqin odami bilan asir qilib, Dehliga 
podshoh ixtiyoriga olib keldi. Humoyun bu xabarni Turdibekdan eshitib hayron bo‘ldi: 
— Turkiya lashkarboshisi Sind tomonlarda?.. Bu ne jumboq? 
— Amiral bahr emish. Kemalarini dengizda farangilar halok etibdir. Endi qurug‘lik yo‘l 
bilan vatanlariga qaytmoq fikrida ekan. Turkiya podshosi Sulaymon Qonuniy bergan 
vakolat bilan kelgan emish. Sizning qobulinizga kirish istagini bildirdi. Qayta-qayta 
iltimos qildi. 
— Vakolatini tasdiq etadigan biron dalili bormi? 
— Podshosi bergan hujjati bor. Nomi Seydi Ali Rais. o‘ng beshta turk harbiy kemasiga 
amiral bahr qilib tayin etilgani haqida Sulaymon Qonuniyning muhri bosilgan farmonni 
menga ko‘rsatdi. 
— Undoq bo‘lsa, ertaga nonushtadan so‘ng devoni xosga qabulga boshlab keling. 
Seydi Ali Rais qirq yoshlarga borgan, kalta sarg‘ish soqoli moviy ko‘zlariga mos tushgan 
yirik gavdali odam edi. Boshiga tushgan falokatlarni Humoyunga so‘zlab berayotganda 
kuyunganidan lablari quruqshab, tili og‘zida qiyinchilik bilan aylanardi: 
— Bizga sizdek qudratli homiy gerak idi! Gujarat podshosi Sulton Ahmad zaiflik qildi!.. 
ma’lum bo‘lishicha, Gujarat podshosi Turk sultoniga elchi yuborib, Hindistonning Goa va 
Daman orollarini bosib olgan Portugallarni quvib yuorish uchun harbiy yordam so‘ragan, 
buning evaziga sodiq ittifoqdosh bo‘lish haqida katta va’dalar bergan edi. Turk podshosi 
bu va’dalarga ishonib, o‘n beshta harbiy kemasini Seydi Ali Rais boshchiligida Qizil 
dengiz orqali Hindistonning g‘arbiy qirg‘og‘iga jo‘natadi. Ammo turk kemalari Fors 
ko‘rfaziga kirganda Portugallarning 32 ta eng yaxshi qurollangan harbiy kemalari ularni 
qurshovga oladi. Kuchlar teng emas edi. Shunday bo‘lsa ham turk dengizchilari dadil 
jangga kirishadi. Katta talofatlar berib, qurshovni yorib chiqqanlarida sakkizta kemalari 
omon qoladi. Seydi Ali Rais ularni Hindiston tomonga boshlab ketadi. Lekin Surat 
bandariga bir kunlik yo‘l qolganda qattiq dovul ko‘tariladi, osmondan sel quyadi, atrof 
yaxshi ko‘rinmaydi, yo‘ldan adashib, yana portugal kemalariga yaqin borib qolishadi. 
Ikkinchi marta dahshatli jang bo‘ladi. Seydi Ali Rais bu gal yana to‘rtta kemasini boy 
beradi. Qolgan to‘rt kemasi va yuztacha odami bilan Surat bandariga yetib keladi. Bu 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
162
yerda Gujarat podshosi ularni o‘z himoyasiga oladi. 
 — Endi dengiz orqali vatanlaringga qaytolmaysizlar, kemalaringizni biz qo‘riqlab 
turamiz, quruqlik orqali borib, yangi bir kema karvoni bilan qaytib kelinglar, — deydi 
Sulton Ahmad. Seydi Ali Sind va Panjob orqali Turonga, undan Kavkaz orqali Turkiyaga 
qaytmoqchi bo‘lib ketayotganda Turdibekning odamlari ularni qo‘lga oladi. 
— Afandim, — dedi Humoyun. — Siz Gujarat viloyatini Turkiyaga tobe qilish maqsadida 
harbiy kemalar bilan qo‘shin tortib kelmishsiz? 
— Hazrati oliylari, Gujarat ilgari sizning mulkingiz bo‘lganidan xabarimiz bor. Axir biz 
hammamiz bitta turk otaning farzandlarimiz-ku! Gujarat farangilarga tobe bo‘lguncha, 
siz-u bizga mulk bo‘lsa afzal emasmi? 
— Bitta otaning farzandlari maslahatlashib ish qilsalar yaxshi bo‘lmasmidi? Uzoq 
Istambulda turib Hind ummoni bo‘yidagi Gujaratga egalik qilish mumkin emasligini 
sizning boshingizga tushgan savdolar ko‘rsatib turibdir. Undan ko‘ra siz avval bizning 
huzurimizga keling edi. Gujaratni Farangilar panjasidan chiqarib olish bizning ham 
niyatimizdir. Agar birgalashib harakat qilsak siz shuncha kemalaringizni boy berib, bu 
qadar abgor bo‘lmas edingiz. 
— Hazratim, men safarga otlanganimda siz hali Kobulda edingiz. Hindiston taxti bu yil 
sizga qaytadan muyassar bo‘lgani bizni behad quvontirdi. Menga ruxsat bering, tezroq 
Istanbulga qaytay, sizning g‘alabangizga oid xushxabarni Sulton Sulaymon Qonuniy 
Hazratlariga yetkazay. Ikki orada ittifoq tuzaylik, Gujarat sohillaridan farangilarni 
birgalashib quvaylik! 
— Mana bu niyatingiz yaxshi, janob Rais! Ammo hozir uzoq safarga chiqadigan payt 
emas. Sherxon avlodlari bilan urush avjida. Yo‘llar xatarli. Men sizga ko‘nglingiz tilagan 
vazifani beray. Biror yil bizda xizmat qiling. 
— Tashakkur, hazratim, ammo faqir hamon turk sultonining xizmatidamen. Tezroq 
qaytishim zarur. 
— Siz amiral bahr sifatida falakiyot ilmini, yulduzlar xaritasini yaxshi bilsangiz kerak? 
— Mening ota-bobolarim ham amiral bahr bo‘lganlar. Yulduzlar xaritasini bolaligimdan 
bilurmen. 
— Unday bo‘lsa biz uchun «Doirayi Muaddilunga»* oid risola bilan yulduzlar xaritasidan 
bir nusxa tayyorlab beraolurmisiz? 
— Bosh ustina, hazati oliylari! 
Yulduzlar xaritasi va unga oid risola tayyor bo‘lgandan so‘ng Humoyun Seydi Alini 
kutubxonasi joylashgan o‘sha tosh imoratning uchinchi oshiyonida qabul qildi. 
Podshoning yonida zar yoqalik yengil havorang to‘n kiygan chiroyli yigitcha ham bor edi. 
Seydi Ali uning shahzoda Akbar ekanini fahmlab ota-bolaning har biriga alohida ta’zim 
qildi. Seydi Ali Rais risolaga qo‘shib turkcha yozgan bir she’rini ham Humoyunga taqdim 
etdi. Humoyun risola uchun minnatdorchilik bildirdi. So‘ng Seyd Alining she’rini Akbar 
ham eshitsin uchun ovoz chiqarib o‘qidi: 
 
G‘ofil o‘lma, tushdiging yer — mulki Hindistondir.* 
Haq budur — dunyoda jannat mulkati Usmondir. 
Dush oyog‘ina* Humoyun podshohing, ruxsat ol. 
Doimo dushganlara oning ishi ehsondir.*
 
 
— Tushundingizmi amirzoda? — deb Humoyun o‘g‘lidan so‘radi. Akbar tasdiq ma’nosida 
bosh irg‘agach, davom etdi: — Janob Rais, «oyog‘ina dushmoq» shart emas, busiz ham 
biz ehsona tayyormiz. Faqat bitta savol bor, «Haq budurki, dunyoning jannati — 
Turkiyadir» debsiz. Qani buning dalilini haq makoni bo‘lmish osmon-u yulduzlar orqali 
ko‘rsata olurmisiz? 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
163
— Hazrati oliylari, osmondagi yulduzlar yaratganning ixtiyoridadur. Ular orqali 
Turkiyaning jannatligini isbot etishga banda ojizmen. Faqat arzim shuki, Qur’oni Karimda 
aytilganidek, vatanni sevmoq imondandur. Agar siz «Dunyoning jannati Turkistondir, 
yoki Hindistondir» desangiz, faqir buni ham haq deb bilurmen. Chunki ota yurtingiz 
Turkiston bilan hozirgi mulkingiz Hindiston siz uchvn vatandir. Vatanni sevgan odam uni 
jannat deb e’zozlashi esa tabiiydir. 
— Biroq rum turklari ham Turkistonni «ota yurtim» derlar-ku. Nechun siz faqat mulki 
Usmonni afzal ko‘rursiz. 
— Ehtimol bu bizga ota-bobolardan o‘tgan odatdir. Agar sizning bobokaloningiz Amir 
Temur Turkistonni afzal ko‘rmaganda Anqaraga qo‘shin tortib borib, Yildirim Boyazid 
bilan urushmagan bo‘lur edi. 
— Bu urushda qars ikki qo‘ldan chiqmishdir, janob Rais. Yildirim Boyazid ham o‘z 
davlatini ulug‘lab, Amir Temurni kamsituvchi maktublar bitmishdir. 
— Bu ikki buyuk turk podshosini bir-biriga gij-gijlab urushtirganlar — farangiston 
josuslaridir. Ehtimol bobokaloningizni kamsituvchi maktublarni Yildirim Boyazid nomidan 
o‘shal josuslar yozgandirlar? Chunki farangilar Yildirim Boyaziddan mag‘lub bo‘lib, najot 
izlab yurganlarida Amir Temur ularning najotkori bo‘ldi. Yildirim Boyazid yengilgandan 
so‘ng farangilar qaddini tiklab, mana endi Hindistonga tajovuz qilmoqdalar. 
Humoyun ufqqa bosh qo‘yayotgan yangi oyga o‘ychan tikilib: 
— Bu gapingizda jon bor janob Rais, — dedi va o‘g‘liga bir ko‘z tashlab «quloq sol» 
degandek ishora qildi: — Mening rahmatli otam ham Amir Temur bilan Yildirim 
Boyazidning urushini anglashilmovchilik oqibati deb hisoblar edilar. Endi biz, keyingi 
avlod tojdorlari, bunday ishni takrorlamaslikka intilmoqdamiz. Shul sababdan rahmatlik 
Boburshoh Eron bilan ham, Turon bilan elchilar almashindi, bordi-keldini yaxshi yo‘lga 
qo‘ydi. turkiyadan Agraga muhandis-u me’morlarni taklif etdi. Afsuski, turk podsholari 
bilan yaqin aloqa o‘rnata olganimiz yo‘q. Holbuki, qo‘shinimiz safida Mustafo Rumi kabi 
bahodir to‘pchi-yu to‘fangandoz* turk yigitlari bor. Ular Panipat jangida ham, Sekri 
jangida ham jasoratlar ko‘rsatib, mukofotlar olmishlar. Biz Turk dasturi bilan arobalar 
yasatganmiz. Zarbzanlarimiz bu arobalardan yog‘iylarga zo‘r toshlar otib, hatto fillarni 
yiqiturlar. 
Seydi Alining ko‘ziga birdan yosh keldi, ovozi titrab dedi: 
— Turk yigitlarining botirligi haqidagi so‘zlaringizdan ta’sirlanib, iftixorim zo‘ridan yig‘lab 
yuborguday bo‘lmoqdamen. Bag‘ri keng ulug‘ podshoh ekanligingizni vatanimga borib 
so‘zlab berish menga nasib qilsin. Sulaymon Qonuniy ham siz kabi dono sultondir. 
Ishonamenki, yaqin kelajakda sizga Turkiyadan elchilar kelgay. Surat bandarida bir 
necha kemalarim qoldi. Ularning biriga Sulaymoniy deb ataladigan eng ulkan 
zambarakni yashirib kelmishmen. Zambarakni sizga podshohimiz nomidan in’om 
eturmen. Toki dengizlarda ham turk dasturi bilan jang qilib, farangilarni Hind 
ummonidan quvib yuborish sizga muyassar bo‘lsin! 
— Omin, aytganingiz kelsin! — deb Humoyun yuziga fotiha tortganda Akbar ham 
qo‘llarini yuziga surdi. 
Oradan ikki kun o‘tgach Seydi Ali Raisga bosh oyoq sarupolar, ot va safar anjomlari 
in’om etildi va Turkiyaga qaytishga ruxsat berildi. 
 
_____________ 
* «Doirayi Muaddilun» — ekvator doirasi. Janubiy va Shimoliy yarimsharlar chizig‘i. 
* Tushdiging yer — kelib tushgan yering. 
* Dush oyogina — «oyog‘iga yiqil» degani. 
* Bu satrlar Seydi Ali Raisning «Mir‘oti mamolik» kitobida keltirilgan. 
* T o‘ f a n g a n d o z — miltiq otuvchi.
 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
164
* * * 
 
Akbarni Bayramxon bilan Panjobga jo‘natishdan bir kun oldin Humoyun o‘g‘lini yana 
xonayi xosga chaqirtirdi. Akbar ketsa Humoyun uni negadir qayta ko‘rolmaydigandek 
ma’yus bo‘lardi. 
Podshoh otasining «Vaqoyi’» kitobini eng yaxshi xattotlarga berib, Akbar uchun tilla suvi 
bilan bezatilgan maxsus nusxa ko‘chirtirgan edi. Humoyun kutubxonasining kitobdori 
Xo‘ja Abdusamad kasbdoshi Mirsaid Ali bilan birga «Boburnoma» voqealari bo‘yicha ilk 
rasmlar ham chizishgan edi. Yoshi ulug‘ Xo‘ja Abdusamad oldinda, o‘ttiz yoshli 
xushbichim Mirsaid Ali orqada, zinapoyadan chiqib keldilar. Xo‘ja Abdusamad 
«Boburnoma»ning Akbar uchun ko‘chirtirilgan yangi nusxasini ikki qo‘lida avaylab 
tutganicha ta’zim qilib kirdi. Humoyun Akbarga yuzlanib dedi: 
— Hazrat otam, «bu kitobni avlodlaring ham o‘qisin», degan edilar. Men shu vasiyatni 
bajo keltiradigan kunlarga yetishganimdan shodmen. Afsuski, seni andijon-u 
Samarqandlarga olib borolmadim. Endi otamning bu kitobi seni xayol qanotida Mova-
rounnahrga olib borsin! Akbar, sen ham men kabi, hamisha shu kitobdan ruhiy madad 
olib yashagin! 
Akbar qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib: 
— Umrim oxirigacha o‘gitingizga sodiq qolgumdir, hazrat otajon! — dedi. 
— Otamdan menga o‘tgan bir e’tiqodni senga aytmoqchimen. «Xayolparast» 
deyishlaridan qo‘rqmay, eng ulug‘ maqsadlarni ko‘zlashga o‘rgan. Ammo hech bir ulug‘ 
maqsad — ulug‘ iste’dodlarsiz, davrning eng komil siymolarisiz amalga oshmagay. 
Shuning uchun atrofingga eng yaxshi odamlarni, eng zo‘r iste’dodlarni iloji boricha 
ko‘proq to‘plagin. Dunyonging hech bir boyligi, hech qaysi gavhar-u javohiri senga o‘zing 
to‘plab parvarish qilgan ulug‘ iste’dodlarchalik quvonch-u shuhrat keltira olmagay. 
iste’dodli odamlarda insoniy nuqsonlar, noz-u firoqlar bo‘lsa, buni kechirmoq kerak. Sen 
ularni avaylab kamolga yetkazsang, o‘zingning oliy kamoloting ana shu bo‘lg‘ay. Sen 
qancha ko‘p odamga yaxshilik qilsang, bu yaxshilik boshqa kutilmagan joylardan 
o‘shanchalik ko‘payib qaytgay. Dunyoda yaxshi bo‘lish-u yaxshilik qilishdan afzalroq baxt 
yo‘q, shuni hech qachon unutma, o‘g‘lim! 
Humoyun shu so‘zlar bilan o‘g‘liga otasining kitobini taqdim etdi. Akbar kitobdan 
benihoya mamnun bo‘lsa ham, biroq otasi xuddi boshqa ko‘risholmasliklarini oldindan 
sezganga o‘xshab gapirgani anchagacha uni hayratga solib yurdi. 
Humoyunning o‘zi ham Akbarni jo‘natgandan so‘ng: «Men nechun o‘smir o‘g‘limga 
bunday gaplarni aytdim?» deb, ich-ichidan taajjublanib qo‘ydi. Axir uning ishlari endi 
o‘nglandi. Qish o‘tib, dovonlar ochilsa, Hamida begim Kobuldan keladi, ikkovlari hali 
Akbarni uylantirishlari, nevara ko‘rishlari kerak! 
Bo‘sh vaqti bo‘lsa u odatdagiday kutubxonaga kelardi. Tik va tor zinapoyadan ko‘tarilib 
tushish unga xiyla noqulay tuyular, lekin vaqt o‘tishi bilan bunga odatlanib borar edi. 
Zinapoyalarning nega quduqqa o‘xshatib tor va tik qilib qurilganidan o‘zicha bir ma’no 
ham topganday bo‘ldi. Zinapoyaga faqat bitta odam sig‘ishi podshoni qo‘riqlash uchun 
qulay edi. Bu yerda bitta soqchi tursa bas, yuzta odam hujum qilib kelsa ham 
zinapoyadan yopirilib o‘tolmaydi. Bitta-bitta o‘tib ko‘tarilganini esa yuqorida turgan 
odam daf qilishi oson. Binoga kiradigan boshqa hech qanday yo‘l yo‘q. Kirdi-chiqdi 
kamligi Humoyunning kutubxonada tinchgina mutolaa qilishi uchun ham qulay edi. 
Mana shu tarzda u Sherxon qurdirib ketgan zinapoyaning torligi, tikligi va boshqa 
noqulayliklariga ko‘nikdi. Dehlining quruq va salqin qish kechalarida osmonni to‘ldirib 
charaqlab chiqadigan yulduzlarni tepadagi shiypondan tomosha qiladigan ham bo‘ldi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
165
Kobulda qirchillama qish bo‘ladigan dalv oyida ham Dehlida havo bahor paytidagiday 
mayin, atrof ko‘m-ko‘k edi. Hajdan qaytgan munajjim mavlono Roziullo Humoyunga 
sahar paytida Suhayl yulduzini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. 
— Suhayl yulduzini bir ko‘rgan odam bu dunyo-yu u dunyoda barcha murodlariga 
yetgay, — dedi mavlono Roziullo. 
Bu so‘zlarning odatdagi mubolag‘a ekanini Humoyun bilardi, lekin u Suhayl yulduzini 
ko‘rishga ko‘pdan ishtiyoqmand edi. Otasi bu yulduzni umrida bir marta Hindikush 
tog‘ining baland bir joyida turib tong saharda ko‘rganini «Boburnoma»da yozib ketgan 
edi. «Toleim otamnikichalik bo‘lsa umrimdan zinhor shikoyat qilmagaymen» degan 
e’tiqodni ko‘ngliga tukkan Humoyun Suhayl yulduzini albatta bir ko‘rmoqchi bo‘ldi. 
U ham Boburga o‘xshab uyqusizlikdan qiynalar, ba’zan afyun qo‘shilgan ma’jun yeb 
uxlar edi. Bugun kechasi ham ma’jun yeb to‘rt soatcha qattiq uxladi. Asli u kam uyqu 
odamlardan edi, to‘rt soat uxlasa bir kunga kifoya qilardi. Shuning uchun doim erta 
turardi. Bugun ham shunday paytda turib bet-qo‘lini yuvdi. 
Mavlono Roziullo yana bir munajjim bilan uni kutubxona oldida kutib turishgan ekan. 
Humoyun ularni ergashtirib, o‘sha tor va tik zinapoya oldiga keldi. Soqchilar ularga yo‘l 
berdilar. Zinapoya qorong‘i bo‘lgani uchun charog‘bon oldinga o‘tdi. Shu orada mavlono 
Roziullo bilan kelgan munajjim: 
— Hazratim, — deb Humoyunga murojaat qildi.— Faqir Makkatulloni tafov qilgandan 
so‘ng Damashqqa borgan edim. O‘sha yerda iningiz mirzo Komronni ko‘rdim. 
Humoyun bu xabardan suyunib: 
— Eson-omon ekanmi? — dedi. — Nechun hanuzgacha qaytmabdir? 
— Damashqda hovli-joy sotib olibdilar. Tanmahramlari Chuchuk begim yonlarida. yana 
bir qancha vaqt o‘sha joyda istiqomat qilsalar kerak. Sizga salom yo‘lladilar. 
— Salomat bo‘lsin, — dedi Humoyun zinapoyaga qadam qo‘yarkan. Inisining tirik ekani 
haqidagi xabardan yengil tortib, uchinchi qavatdagi shiyponga odatdagidan osonroq 
ko‘tarildi. 
Bugun osmon nihoyatda tiniq, yulduzlar odatdagidan ham ko‘p. Osmonning sharqi endi 
oqarayotgan paytda uning janub tomonida, ufqqa yaqin bir joyda sariq aralash aqiqday 
pushtirang yulduz ko‘rindi. 
— Suhayl* ana shu! — dedi mavlono Roziullo hayajon bilan. 
Humoyun uni usturlob orqali kuzatar ekan, umri davomida ko‘rgan yulduzlarining eng 
go‘zali shu ekanini sezdi. 
Shu payt pastdagi masjidning imomi mezanaga ko‘tarila boshladi. Mavlono Roziullo: 
— Hazratim, bomdod namoziga bormoq kerak, — deb qoldi. 
Tong endi yorishgan. Suhayl uning nuriga singib ketayotgandek ko‘rinmay qoldi. 
Humoyun namozga borish uchun zinapoyaga tomon yo‘naldi. Shu payt tong qorong‘isi 
ichida yotgan quduqsimon zinapoyaning og‘zi Humoyunning ko‘ziga xuddi o‘n olti juft 
ho‘kiz sudrab yuradigan eng katta zambarakning og‘ziday qorayib ko‘rindi. Bu 
zambarakning ichidan hozir o‘q otilib chiqadigandek tuyuldi. Sherxonni halok qilgan 
zambarak o‘qi Humoyunning xayolida gavdalanib, uni shunday seskantirdiki, boshi 
muzlab ketdi. «Bema’ni ro‘yo! — deb ichida o‘zini koyidi. — Menga ne bo‘ldi? Kechasi 
yegan ma’junimda afyun ko‘proq ekanmi?» 
U charog‘bonga qarab: 
— Oldinga o‘ting, — dedi. 
Zinapoyaga chiroq nuri tushgach, odatdagi tosh pillapoyalar ko‘rindi-yu, ro‘yo yo‘qoldi. 
Uch-to‘rt qadam oldinda charog‘bon, o‘rtada Humoyun, undan uch-to‘rt qadam narida 
munajjimlar zinalarni bir-bir bosib pastga tusha boshladilar. Boyagi seskanish o‘tib 
ketgan bo‘lsa ham, Humoyunning tizzalarida ozgina titrog‘i qolgan, oyoqlari avvalgidan 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling