Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet8/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
44
kelayotgan bir tutam nur Humoyunning ko‘ngliga yog‘du sochib turganday tuyulardi. 
Axir u daryo girdoblari orasida hayotdan butunlay umidini uzgan edi. Saman ot bilan 
birga o‘pqonga tortilgan payti, so‘ng mesh ustidan sirg‘alib tushib hushidan ketgani 
xayolida qayta gavdalandi-yu, qalbiga tushib turgan nur — unga yangidan berilgan 
hayotning nuri ekanini sezdi. 
Qaytib berilgan hayot tuyg‘usi barcha ko‘rgiliklar alamidan zo‘rroq bo‘lishini u endi sezdi. 
Yelkasidagi yara og‘rig‘ini ham unutib, o‘rnidan turib o‘tirdi. Yonida hamon nafasini 
rostlay olmay hansirab yotgan Nizomga iymanibroq ko‘z tashladi. Uni o‘zidan bir necha 
bor ustun bo‘lgan tengsiz bir bahodirday e’zozlagisi kelib: 
— Siz menga inilarim qilmagan yaxshilikni qildingiz, — dedi. — Otingiz nedur? 
Nizom yonboshga turib, o‘z otini aytdi. 
— Nizom! — deb Humoyun uning otini yoqtirib takrorladi: — Bu daryo ichida ikkovimiz 
dunyoga qaytadan kelganday bo‘ldik. 
— Rost, onadan qayta tug‘ildik, — dedi Nizom ham. 
— Hozir siz menga tug‘ishgan inimdan ham azizroqsiz. Nomingizni Dehlidagi Nizomiddin 
avliyoning nomlariday ulug‘lasam arzigay! 
Nizom Humoyunning podsholigini unutgan edi. Kiyimlari shalabbo ho‘l, yarador, 
yalangoyoq bu yigit zamona zo‘rlarining boshida turgan tojdor ekani birdan esiga tushdi. 
— Agar meni rostdan tutingan ini o‘rnida ko‘rsangiz, sizga ikki og‘iz arzim bor. 
— Ayting, bajonidil tinglay! 
— Poraxo‘r amaldorlar bilan aldamchi shayxlar mamlakat xalqini sizdan bezdirdi. Qancha 
hind yigitlari Sherxon tomonga o‘tib ketdi. Amir Sherxon hindi-yu muslimni bir-biridan 
ajratmas ekan!.. 
— Men ham hindi-yu muslimni yakdil qilish orzusida edim. Ammo bu mushkul ishda 
kimga tayanishimni bilmadim. 
— Hind eliga tayaning-da, hazrat. Bu elda bhaqtiylar* bor. Ularning shoiri Kabir hindi-yu 
muslimni o‘z dilida birlashtirgan. Mening otam bhaqtiy bo‘lgani uchun tuhmat bilan 
zindonga tashlandi. 
— Kim tuhmat qildi? 
— Siz ishongan amaldor-u shayxlar. 
— Men o‘zim bu adolatsiz muhitdan qanday qutulishimni bilmasmen! Otangiz Agradagi 
jindondami? Poytaxtga qaytaylik... Siz o‘zingiz... otangizga tuhmat qilgan amaldor-u 
shayxlarga jazo berdirgaysiz. 
— Men? — ishonqiramay so‘radi Nizom. 
— Ha, omonlik bo‘lsa, siz hali istaganingizdan ham katta martabaga erishgaysiz. 
Nizom istagan martaba nima ekanini o‘zi ham bilmaydi. Uning eng zo‘r istagi — otasini 
zindondan qutqarishu Hamidani yana ko‘rish. Bu go‘zal qizni u juda sog‘inib yuribdi. 
Lekin Hamida to‘g‘risida Humoyunga og‘iz ochishga tili bormadi. Faqat podshoni 
qutqargani hali taqdirida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishini ich-ichidan sezdi-yu, 
yuragi g‘alati bo‘lib hapqirdi. 
 
_____________ 
* Xaylxona — podsho va a’yonlarnnig xotin, bola-chaqalari. 
* B h a q t i y l a r — adolatparvar xalq harakatining ishtirokchilari.
 
 
A G R A 
NIZOM TAQDIRINING TEBRANISHLARI 
 
Humoyun daryo o‘pqonlaridan omon chiqqan bo‘lsa ham, Ganga bo‘yidagi 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
45
mag‘lubiyatning yomon oqibatlari yanada dahshatliroq o‘pqonlar va girdoblarga aylanib
uni o‘z qa’riga torta boshladi. Ganga va Karamnasada suvga cho‘kib o‘lganlarning soni 
yetti mingdan ortiq, Sherxon askarlari bilan jang qilib halok bo‘lganlar va asir tushganlar 
esa besh mingga yaqin. Malomat ustiga qo‘shilgan baxtsizlik tufayli Humoyunning 
xotinlari Beka begim va Chand bibi, Qizi Aqiqa begim, ishongan sarkardasi Bayramxon 
ham Sherxon tomonidan asir olingan edi. 
Bu shum xabarlar butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan sari Humoyunning el orasidagi 
obro‘si tushib ketdi. Suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan marhumlardan har birining otasi, onasi, 
yaqin qarindoshlari bor. Ular loaqal o‘z jigarbandlarining jasadlarini topolmaganidan, 
toshqin daryolar ko‘p o‘liklarni benom-u nishon yo‘qotib yuborganidan jizg‘anak bo‘lib 
kuyar edilar. Achchiq alam va musibat ichida qovurilgan azadorlar Humoyundan ixlosi 
qaytib qichqirishardi: 
— Humoyun eplasa podsholik qilsin-da! 
— Daf bo‘lsin bunday noshud sarkarda! 
— Kelgindi temuriyzodadan to‘ydik! 
— Yo‘qolsin Humoyun! 
— Daf bo‘lsin!! 
— Ketsin yurtiga, kelgindi!!! 
Agra atrofida g‘ulu ko‘targan olomonning achchiq gaplarini Ganga bo‘yidan qaytayotgan 
Humoyunning o‘zi ham eshitdi. Kunduz kuni poytaxt aholisiga ko‘rinishga yuzi 
chidamagani uchun Agradagi Hasht Bihisht bog‘iga kechasi qorong‘ida kirib keldi. 
Bu yerda uni Xonzoda begim, Gulbadan va boshqa yaqinlari kutib turgan edilar. Xonzoda 
begim qorong‘ida Humoyunning o‘zini ko‘rib ulgurmasidan shirador ovozini eshitdi-yu, 
yuragi hapriqib ketdi. Humoyunning ovozi otasi Boburnikiga shu qadar o‘xshar ediki, 
begim noxosdan uning tovushini eshitsa inisi tirilib kelayotganday hayajonga tushar edi. 
Hozir ham to Humoyun bek-u mulozimlardan ajralib, ayvonda muntazir turgan ayollar 
oldiga kelguncha begim o‘z yuragining gursillab urganini eshitib turdi. 
Humoyun ilgarigidan hiyla ozg‘in va xipcha ko‘rindi. Yarador o‘ng yelkasi hali 
tuzalmagan, to‘nining bir yengi bo‘sh. U ayollarga chap yelkasini tutib ko‘rishdi. Boshiga 
kasaba ro‘mol o‘ragan, iyagiga lachak tutgan singlisi Gulbadanni tezda tanimadi. 
— Ie, Gulbadan senmiding? — deb u bilan keyin ko‘rishdi. — Ilgari toqida yurar eding. 
Endi lachak tutadigan bo‘libsan! Zo‘rg‘a tanidim! 
Humoyun o‘zini tetik ko‘rsatish uchun shu gaplarni aytdi-yu, keyin Xonzoda begim bilan 
xonayi xosda yolg‘iz qolganda lablari pir-pir uchib o‘pkasi to‘lib gapirdi: 
— Xatolik o‘zimdan o‘tdi, hazrat amma! O‘zim noshudlik qildim! Qancha vaqtim kayf-u 
safo bilan o‘tdi! Shon-shuhratnnig ketidan quvib, peshonamga Ko‘hinur olmosini taqib 
yurganlarim!.. Xudo bandasini jazolamoqchi bo‘lsa avval uni hovliqtirib aqlini olar ekan. 
Men ham aqlimni yo‘qotib qo‘yganimni endi bilmoqdamen! 
Humoyun hamma dardini aytib ko‘nglini bo‘shatsin uchun Xonzoda begim uning so‘zini 
bo‘lmay toqat bilan jim tingladi. U butun aybni boshqalarga to‘nkab, o‘zini oppoq qilib 
ko‘rsatadigan mayda odamlardan emasligi begimga zimdan tasalli berdi. 
— Humoyunjon, otangiz ham qanchalik og‘ir mag‘lubiyatlarni boshdan kechirganini bir 
eslang. Siz-ku shu vaqtgacha faqat g‘alaba zavqini surib yurdingiz. Mag‘lubiyat qanday 
bo‘lishini endi ko‘rmoqdasiz. Lekin Samarqandda Shayboniyxon bizni besh oy qamal 
qilganda ne balolarni boshdan kechirmadik! 
Xonzoda begim xon asoratida o‘tgan umrini eslab og‘ir «uh» tortdi. Shu «uh» bilan u 
go‘yo Humoyunning dard-u g‘amini o‘ziga olganday bo‘ldi. Oltmish ikki yashar Xonzoda 
begim shuncha azoblarni sabr-bardosh bilan yengib o‘tgan bo‘lsa, Humoyun ham yana 
yaxshi kunlarga yetishishi mumkindir. Shu o‘y bilan Humoyun o‘zini xiyol bosib olganda 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
46
Xonzoda begim uning yuziga onalarcha mehr bilan termuldi: 
— Yuz shukurki, barcha falokatlardan omon chiqibsiz. 
Humoyun daryodan tirik chiqqandagi nurli tuyg‘u hozir yana ko‘nglini yoritib qaytib keldi. 
— Odam hayotning qadrini o‘lim bilan olishganda bilarkan, amma! Hayot-mamot oldida 
shoh-u gado barobar deganlari rost ekan. Toj-u taxt, oltin-kumush, obro‘-e’tibor 
hammasi butunlay o‘z ahamiyatini yo‘qotarkan. O‘sha suvchi yigit Nizom... undagi 
halollik, poklik, beg‘arazlik, fidoyilik bizning hech birimizda yo‘q! 
Xonzoda begim Nizomning ta’rifini eshitgan sari uni ko‘rgisi kelib: 
— O‘zi siz bilan birga keldimi? — dedi. 
— Ha, hozir ota-onasini ko‘rgani ketdi. Ikki haftadan beri yonimdan qo‘ymay, ichki 
beklarim qatorida olib yuribmen. Boylikka qiziqmaydir. O‘zi hindlardan, muslim-u 
majusiyni barobar ko‘radir. Kabir degan bhaqtiy shoirga ixlosmand ekan. Jaloliddin 
Rumiy, Sa’diy she’rlarini ham yod bilur. 
— Forsiy tilda-ya? 
— Ha, turkiyni ham o‘rganibdir. Tug‘ma iste’dodi bor ekan. Zehni, aql-u farosati meni 
hayratga soldi. O‘zi uncha ko‘p maktab ko‘rgan emas, faqat to‘rt yil tahsil olgan, ammo 
xati-savodi o‘tkir. Hazrat otamning turkiy she’rlaridan qariyb uch yuz baytini menga yod 
aytib berdi. Muhofazasining zo‘rligini shundan bildim. Qarangki, og‘ir paytda inilarimni 
yordamga chaqirdim, uchovidan birortasi Ganga bo‘yiga bormadi. Shuncha balolardan 
omon qaytdim, chiqib birortasi kutib olmadi! Men gunoh qilgan bo‘lsam, jazosini tortdim! 
Endi inilar ham tortsin! 
— Siz inilaringizga jazo bermoqchimisiz? 
— Inilarim nuqul taxt talashurlar. Uxlasalar tushlariga podsho bo‘lish kirgay! Biroq men 
toj-u taxtni inilarimga emas, hind yigiti Nizomga bermoqchimen! Shoyad o‘shanda hind 
eli bizning xatolarimizni kechirsa!.. 
— Voy, bu qandoq mumkin, Humoyunjon? — Xonzoda begim hang-u mang bo‘lib qoldi. 
— Inilarim shu qadar oqibatsizlik qilganda begona bir yigit jonini ming xatarga solib 
meni qutqargan bo‘lsa, men uni boshimga ko‘tarib e’zozlasam arzimagaymi? 
— Lekin siz unga toj-u taxtni bermoqchisiz-ku! Axir boburiylar sulolasi shu bilan 
tugasa... buni aytishga ham til bormaydir!.. 
— Bunisidan qo‘rqmang, hazrat amma. Men yomon xatolar qildim, otamning toju taxtiga 
o‘zimni nomunosib sezmoqdamen! Qalbi toza Nizom taxtga chiqib, uni menga poklab 
bergusidir! Axir jannatmakon otam ham kamtar dehqonlardan chiqqan Tohirni halol-u 
pokligi uchun o‘ziga behad yaqin olar edi-ku. Umrlarining oxirida bir go‘shada faqat shu 
Tohir bilan birga turishni istaganlari yodingizdami? Buning sababini men endi 
fahmlamoqdamen. 
— Ruhiy larzalar haddidan oshib, sizni tushkunlikka solmishdir, Humoyunjon! Bu 
qaroringizda shoshilmang. Nizomni taxtga chiqarishdan oldin Sherxonga qarshi kuch 
to‘plang. 
— Mamlakat xalqi bizdan begonasirasa, men kuchni qaydan to‘plagaymen, ammajon? 
Balki hindlar bizdan bezib Sherxonga yordam bergani uchun mag‘lub bo‘lgandirmen? 
Balki Nizomni menga taqdir o‘zi yordamga yuborgandir? Endi men halol yigitni astoydil 
e’zozlasam, shu bilan tagjoy hindlarning ko‘nglini olurmen, ishonchini qozonurmen, 
keyin ular menga madad berurlar! 
Humoyunning dalillari ko‘p, qarori qat’iy ekanini sezgan Xonzoda begim: 
— Axir siz Nizomga... podsholik udumlarini o‘rgatmog‘ingiz uchun fursat kerakdir? — 
deb so‘radi. 
— Albatta. Davlatni boshqarish oson emas. 
— Ungacha men Komron mirzo bilan bir uchrashay. Nechun sizni ko‘rishga chiqmadi? 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
47
Sababini bilaylik. Orada biron g‘ubor bo‘lsa tarqataylik. 
— Oradagi g‘ubor menga ma’lum. Hozir Komron mirzo mendan o‘zini qudratliroq deb 
bilur. Men abgor bo‘ldim. Komron esa Kobul-u Badaxshon, Qandaxor-u Panjobning 
hammasiga hukmron bo‘lib oldi. Endi o‘zini podsho e‘lon qilib, nomiga xutba o‘qitishi 
qoldi, xolos! 
— Komron unchalikka bormas. Nahotki jannatmakon otalaringizning vasiyatlarini 
unutsa? 
Xonzoda begim shu o‘y bilan ertasi kuni soyabon aravada Komron mirzo turadigan 
Gulafshon bog‘iga yo‘l oldi. 
* * * 
 
Komron mirzoning isitmasi bor, nam havoda qiynalib nafas olar va ichkarida o‘ltirgisi 
kelmas edi. U Xonzoda begimni ham gulzorlar orasidagi naqshin tolorda qabul qildi. 
Dasturxonga hindistonning norinji va xurmosidan tashqari Turondan keltirilgan soyaki 
mayiz, lavzina va bargaklar ham qo‘yilgan. Xonzoda begim Komron bilan so‘rashar ekan, 
uning yirik gavdasi otasinikiga o‘xshab ketishini xayolidan o‘tkazdi. To‘rt og‘ayni ichida 
eng gavdasi yirigi, ko‘rinishi salobatlisi va ovozi jarangdori Komron mirzo. U turkiy 
tilning nozik tovlanishlarini Humoyundan yaxshiroq biladi, notiqligi ham Bobur mirzoni 
eslatadi. To‘rt og‘aynining har birida otalarining qaysidir xislati va fazilati bor, lekin nega 
ular yakdil bo‘lib birlasholmaydi? Xonzoda begim ana shuni tushunishga intilib, Komron 
mirzoning gaplariga kamoli diqqat bilan quloq soldi. 
— Og‘amizning mag‘lubiyati hammamiz uchun ham og‘ir kulfat bo‘ldi, hazrat begim. 
Ayniqsa, xotinlari bilan qizlarining asirga tushgani biz inilar uchun ham misli ko‘rilmagan 
malomat. 
— Shunday ko‘rgiliklar taqdirda bor ekan-da, Komronjon. Humoyun o‘zini o‘zi ayblab, 
ich-etini yeb o‘ltiribdir. 
— Hatto otamizning taxtiga o‘zlarini nomunosib bilib, boshqa odamni podsho qilmoqchi 
emishlar, rostmi? 
Bu sir xufiyalar orqali allaqachon Komronning qulog‘iga yetib kelganidan  Xonzoda begim 
hayratga tushdi. 
— Amirzodam, odam og‘ir kayfiyat bilan har narsa deyishi mumkin. Har qalay, Humoyun 
sizning ulug‘ og‘angiz, shuncha falokatlardan keyin dargohiga borib ko‘ngil so‘rasangiz 
yaxshi bo‘larmidi? 
— Kechadan beri tobim yo‘q, isitmam ko‘tarilgan. 
Xonzoda begim Komronning ko‘zi yaltirab, lablari quruqshab turganiga endi e’tibor berdi. 
— Xudo shifo bersin. Sizga ne bo‘ldi? 
— Agra havosi menga yoqmadi. Jigarim shishgan. Tabiblar muolaja buyurgan. Sal 
o‘zimga kelsam, akamizdan albatta xabar olmoqchimen. Hozircha sizdan iltimos shulki, 
og‘amizga ayting, yalangoyoq saqqoni taxtga chiqarish fikridan qaytsinlar. Bu biz uchun 
yana bir malomat bo‘lg‘ay. Axir boburday podshohning yana uchta o‘g‘li turganda uning 
taxtiga qayoqdagi eshkakchi hindini chiqarish — otamizning xotirasiga-yu bizning 
hammamizga behurmatlik bo‘lmagaymi? 
— Saqqo juda pok, avliyosifat yigit emish, Humoyun uning yaxshiligiga javoban shu 
ishni qilib, o‘z gunohlaridan poklanmoqchi. 
— Og‘amiz chindan ham ko‘p gunohlar qilgan, agar o‘zlarini astoydil poklamoqchi 
bo‘lsalar, Makkatulloga hajga borsinlar! 
Podshoni taxtdan tushirib hajga jo‘natish — uni o‘limga buyurishning pardali bir turi 
sanaladi, chunki haj yo‘lida himoyasiz qolgan tojdorni o‘ldiradigan qasoskorlar albatta 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
48
topiladi. Komronning o‘z akasiga shunday qismatni ravo ko‘rayotganligi — uning 
ko‘nglidagi o‘gaylik adovati qanchalik shafqatsiz tus olganini Xonzoda begimga oshkor 
qilib qo‘ydi. 
— Amirzodam, Humoyun bunday qismatga hech ham loyiq emas! Tepamizda 
otangizning arvohlari chirqirab qolmasin, Humoyunni halokat chohiga itaruvchi odamlar 
bo‘lsa, siz og‘angizni ulardan himoya qilmog‘ingiz kerak! 
— Himoya bundan ortiq bo‘lurmi, hazrat begim? Hozir Agrani, uning atroflarini bizning 
o‘ng besh ming qo‘shinimiz qo‘riqlab turibdir. Akamizning besh mingtagina navkari 
qolgan. Agar biz bo‘lmasak, Sherxon Agraga ham qo‘shin tortib kelardi, haligacha uni 
bosib ham olardi! 
— Bu gapingiz rost, amirzodam. Sherxonday xatarli dushman qarshisida og‘a-ini yakdil, 
yaktan bo‘linglar. Podsho og‘angiz atrofiga yig‘ilinglar! 
— Podsho bo‘lishni og‘amiz eplolmadilar-ku. Buni o‘zlari ham tan olganlari bejiz 
emasdir? 
— Endi, har qalay, jannatmakon otalaringiz Humoyunni voris tayinlaganlar. 
— Rahmatli otam bizga atab yozgan ruboiylarini unutgan bo‘lsangiz men eslataymi? 
 
Davlat bilan shod-u shodmon bo‘lg‘aysen, 
Shavkat bilan mashhuri jahon bo‘lg‘aysen! 
Ko‘nglingdagidek dahr aro kom surib, 
Bu dahr borincha Komron bo‘lg‘aysen. 
 
Komron she’r o‘qiganda xuddi otasining o‘zi bo‘ldi-qoldi. O‘sha sehrli ohang, nafosat va 
jo‘shqinlikka to‘la shoirona ruh. Ijodda otasiga eng yaqin turgan o‘g‘il — Komron ekaniga 
Xonzoda begim hozir yana bir marta ishondi. Ammo hayotda-chi? So‘z bir xil-u ish 
boshqa xil bo‘lmasa Komron boshiga kulfat tushgan akasiga nisbatan shunchalik 
shafqatsiz bo‘la olarmidi? Hajga ketsin emish-a! Akasini ketkizib, o‘zi tezroq taxtga 
chiqmoqchi-da... 
Xonzoda begim shu o‘y bilan Komronning huzuridan chiqar ekan, Humoyun inilaridagi 
raqobat balosidan qutulish uchun ham mamlakatning ko‘pchilik aholisi bo‘lgan hindlarga 
suyanish zarurligini ich-ichidan his qildi. Naryoqdan Sherxon qilichini yalang‘ochlab 
kelyapti. Kim shu vaziyatda Humoyunning joniga ora kiradi? Faqat Nizom kabi halol va 
fidoyi odamlar! Zora Nizom taxtga chiqqandan keyin butun hind ulusi Humoyunga 
astoydil yon bossa-yu uning mushkullarini oson qilsa! Endi Xonzoda begim uchun ham 
yagona najot yo‘li shu bo‘lib ko‘rindi. 
*  *  * 
 
Nizom faqat ertaklardagina bo‘ladigan, odam ishonib-ishonmaydigan g‘alati kunlarni 
boshidan kechirmoqda edi. Kemaning pastki qavatida o‘ng oltita eshkakchining orasida 
siqilib o‘tirib ishlashga o‘rgangan yigit endi podsho saroyining yuqorigi qavatida olti 
xonali hashamatli joyda yashaydi. O‘nlab xizmatkorlar uning har bir istagini og‘zidan 
chiqar-chiqmas ado etishadi. Yotadigan bo‘lsa maxsus to‘shakchilar, unga gul atri 
sepilgan pushtirang ipak choyshablar yoyib, yumshoq parqu to‘shak solib berishadi. 
Ertalab turgan zahoti boshqa xizmatkorlar uning qo‘liga suv quyib yuvintirishadi, parcha 
va zarbof kiyimlarni kiydirishadi. Ayvonda ham, bog‘ yo‘lkalarida ham uni novcha, 
baquvvat soqchi yigitlar suiqasdlardan qo‘riqlab yurishadi. Ovqat yemoqchi bo‘lsa saroy 
bakovuli, bovurchisi, chashnagiri va oshpazlari istagan taomini muhayyo qilishadi. Ilgari 
Nizom umrida bir marta tatib ko‘rishga havasmand bo‘lgan kiyik kaboblar, bedana 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
49
do‘lmalar, kaklik palovlar hozir istagan paytida tayyor bo‘ladi. Hamma xohishlari 
osongina amalga oshgani sari istakning o‘zi kamayib boradi. Ovqatdan ko‘zi to‘yib 
qolgani uchunmi, uning ilgarigi ishtahalari endi yo‘q, ko‘proq achchiq qalampirli 
narsalarni yeydi. 
Nizomning ko‘ngli tilagan hamma narsani muhayyo qilish haqida Mirzo Humoyun saroy 
ahliga qat’iy buyruq bergan. Lekin Nizom o‘z ko‘nglidagi eng kuchli istakni hech kimga 
aytolmaydi. Hamida bonu Hindol mirzoning buyrug‘i bilan Alvarga olib ketilganini kelgan 
kuni kechasi onasidan eshitgandan beri qanday qilib qizni Agraga qaytarish haqida 
o‘ylaydi-yu, o‘yining oxiriga yetolmaydi. Inisi Hindol mirzoni faqat Humoyun chaqirib 
olishi mumkin. Biroq Nizom hamida bonuning diydoriga mushtoq ekanini unga qanday 
aytadi? Nizom hali Hamida bonu bilan ahd-u paymon qilmagan bo‘lsa, qizning unga 
qanchalik mayli borligini aniq bilmasa... Hozir Nizom izzat-ikromda yurgan paytida 
Hamida bonuni bir ko‘rsa edi, dilini unga dadil ochgan bo‘lardi, qizning rizoligini olib, 
keyin oraga odam qo‘yardi. Ana o‘shanda Humoyunga ham tortinmay dil yorgan bo‘lardi. 
Nizomni yonidan qo‘ymay, unga podsholik udumlarini o‘rgatib yurgan Humoyun bu 
yigitning goho o‘ychan va parishon bo‘lib qolishini sezdi. 
— Biron qizga oshiqmisiz? — deb hazil ham qildi.— Ayting, sovchi yuboraylik. 
Nizom siri ochilishidan xavotirlanib entikdi. Birdan tavakkal qilib: 
— Qizni Alvarga olib ketibdilar, — dedi. — Otasi Hindol mirzoning xizmatida edi. 
— Otasi kim? 
— Hamida bonuni Xonzoda begim Humoyunga munosib ko‘rgan paytlari Nizomning esiga 
tushdi. U iztirob ichida: 
— Hazratim, ijozat bering, — dedi. — Men qizni... ko‘rib, rizoligini olmaguncha... 
kimligini aytmay turay. 
Humoyun Nizomdagi bu holatni odob va kamtarlik nishonasi deb bildi-yu: 
— Ixtiyoringiz, — dedi. — Ammo inimiz Hindol meni ham dog‘da qoldirdi. Agrada biz 
yo‘q paytda ko‘p ishlarni chalkashtirib ketibdir. Kalavaning uchinchi topishda o‘zi yordam 
bermog‘i kerak. Bugun ertalab Hindolning onasi Dildor og‘achani Alvarga maxsus 
odamlar bilan jo‘natdim. «Kelsin, gunohidan kechgaymen», dedim. Bir haftada ichida 
Hindol barcha odamlari bilan Agraga qaytib kelmog‘i kerak. 
Nizom quvonch va hayajon ichida o‘rnidan turib Humoyunga ta’zim bilan minnatdorchilik 
bildirdi. 
Nizom har ishda Humoyunning ko‘ngliga qarab o‘rgangan edi. Biroq Humoyun uni yaqin 
kunlarda taxtga chiqarish harakatiga tushganda Nizom avval hayiqdi. Nahangday 
kattadahan bek-u a’yonlarni idora etish osonmi? Ammo Humoyun doim uning yonida 
bo‘lmoqchi, hamma ishni bamaslahat amalga oshirmoqchi edi. U Nizomni qo‘yarda-
qo‘ymay axiyri taxtga chiqishga ko‘ndirdi. 
Dushanba kuni Nizomga Zuhra yulduzining rangiga mos havorang va yashil tuslardagi 
shohona liboslar kiydirildi. Dastorpech uning boshiga katta gavhar qadalgan podsholik 
sallasini qo‘ndirayotganda Humoyun Nizomga ovozini pasaytirib dedi: 
— Bu gavhar bir vaqtlar rahmatli otam Bobur hazratlarining sallalarida porlab turgan 
edi. Hazrat Nizomiddin, sizga endi o‘shal ulug‘ siymoning ruhlari madad bersin! 
Nizom o‘zinig «hazrat Nizomiddin» ekaniga ishongisi kelmay atrofiga bir qarab oldi. Shu 
daqiqalardan boshlab u go‘yo ikki odamga aylandi. Biri hamma egilib ta’zim qiladigan 
hazrat Nizomiddin-u, ikkinchisi uning soyasiday goh esga tushib, goh unutilib turgan 
avvalgi Nizom suvchi. 
Devonimga barcha amirlar, viloyat hokimlari, hamma arkoni davlat to‘plandi. Holisa*  
yerlardan olingan daromadlar, jogirlardan tushgan, shahar-u qishloqlardan soliqchilar 
yiqqan kurur-kurur tangalar taxt qarshisidagi keng sahnga — tanobiy gilamlar ustiga 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
50
xirmon kabi uyildi. Umrida oltin-u kumush pullarning bunday katta uyumini ko‘rmagan 
ba’zi odamlarning ko‘zlari qamashib ketdi. 
Hazrat Nizomiddin taxtga chiqib o‘ltirgach, Humoyun oltin va kumush uyumlari oldiga 
keldi-da, shu yerdan turib yangi podshoga ta’zim qildi: 
— Hazratim, biz safarda ekanimizda sodiq odamlarimiz butun viloyatlardan yig‘ib 
tayyorlab qo‘ygan mana shu bir yillik davlat daromadlarini sizga topshirishga ijozat 
bergaysiz! 
Viloyatlardan har yili yig‘iladigan davlat daromadlari qanchalik ko‘p bo‘lishini Nizom endi 
ko‘rmoqda edi. Jimir-jimir yiltirab turgan tangalarning har biri dehqon-u kosiblardan 
qancha zo‘ravonliklar bilan oliq-soliq tarzida undirib olinganikin? Eshkakchi Nizom bu 
tangalar yiltirashida jabrdiyda bechoralarning ko‘z yoshlarini ko‘rganday bo‘ldi. Ammo 
hazrat Nizomiddin besh-olti tuyaga yuk bo‘ladigan shuncha oltin va kumushning o‘z 
ixtiyoriga o‘tganidan mag‘rur. 
Uning chindan ham podsho bo‘lganiga bek-u a’yonlarni Humoyunning ta’zimidan ham 
ortiq ishontirayotgan narsa — gilam ustidagi oltin-u kumush uyumlari edi. Ko‘zni 
yondiradigan bunchalik ko‘p boylik birvarakayiga Nizomiddin hazratlarining ixtiyoriga 
o‘tganligi bek-u a’yonlarga yashin tezligida ta’sir qildi. Zari borning zo‘ri bor, deb bejiz 
aytmaganlar. Boya kinoya bilan qiyshaygan lablar endi darhol to‘g‘rilandi, ko‘zlarda 
jiddiy e’tibor, qiziqish, hatto hayiqish paydo bo‘ldi. 
Taxtga yastanib chordana qurib olgan hazrat Nizomiddin o‘zini podsho deb tan olgan 
o‘nlab ko‘zlarning hayiqishidan g‘ururi ortib, viqor tuyg‘usidan yuragi hapriqa boshladi. 
Shunda avvalgi Nizom uning qulog‘iga sekin shipshiganday bo‘ldi: «O‘zingizni bosing, 
hazrat. Mirzo Humoyun sizga tayinlagan mushkul ishlarni unutmang. Bu beklarning har 
biri yalang‘ochlangan qilichga o‘xshab turibdir. Xato qilsangiz boshingizni kesgay!» 
Hazrat Nizomiddin buni quruq vahima deb o‘ylaydi: «Endi men shu oltin xirmonining 
kuchi bilan eng zo‘ravon beklarni ham o‘z izmimga bo‘ysundirgaymen!» deydi. Nizom 
uni ogohlantiradi: «Muncha katta ketmang, boylik — qo‘lning kiri, xolos. Axir bu oltin 
xirmoni dehqon-u kosiblarning nasibasidan uzib olib yasalgan-ku. Zolim soliqchilar bu 
tangalarni undirib kelguncha qanchadan qancha zulm o‘tkazgan. Faqir eshkakchi bo‘lgan 
paytingizda o‘zingiz ham qanday adolatsizliklarni boshdan kechirganingizni eslang!». 
Bu ichki ovozdan hazrat Nizomiddin xiyol hushyor tortdi-da, qo‘l qovushtirib buyruq 
kutayotgan Turdibekka yuzlandi. 
— Janob vazir! — yangi podshoning ovozi hayajondan titrab eshitildi. — Ganga bo‘yida 
Chausada halok bo‘lgan bek-u navkarlarning yetim-u yesirlari bizdan ko‘mak 
kutmoqdalar. Mana shu yerga uyulgan tangalardan... — hazrat Nizomiddin Humoyun 
bilan oldindan kelishib olgan farmoyishlarni, ayniqsa, raqamlarni bexato aytish uchun bir 
lahza to‘xtab oldi. Har qalay, xotirasining o‘tkirligi ish berdi. Raqamni aniq esladi: — Shu 
pullardan bir yuz-u yigirma ming rupiysi halok bo‘lganlarning yetim-u yesirlariga ro‘yxat 
bo‘yicha rasamadi bilan ulashilsin! 
— Bosh ustiga, hazratim! 
Xazinachi va sarmunshi podshoning og‘zidan chiqayotgan har bir farmoyish va raqamni 
maxsus daftarga yozib olmoqda edi. 
ba’zi bek-u a’yonlar «bu oltin xirmonidan bizga ham kapsan tegsa kerak!» degan umid 
bilan ko‘zlarini lo‘q qilib turishibdi. Odat bo‘yicha, ular yangi taxtga chiqqan podshodan 
in’omlar olib o‘rganishgan. 
— Janob xazinachi! — dedi hazrat Nizomiddin. — Katta barkashlardan birini oltinga, 
yana birini kumushga to‘latdirib, mana shu davra bo‘ylab aylantiring. Har bir bek-u 
mulozim o‘ng kaftiga siqqanicha oltin-u, chap kaftiga siqqanicha kumush olsin! 
Bir vaqtlar eshkakchi Nizomni nazar-pisand qilmay oyog‘i bilan ko‘rsatib yurgan bek-u 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling