Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet5/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
26
* H i j r i y — melodiy 1530-yilga to‘g‘ri keladi. 
* I d i l — Volga. 
* K n ya z   demoqchi. 
* Hindistondan Moskvaga birinchi marta Bobur elchisi borgani o‘sha davrning katta voqealaridan biri bo‘lganini ziyrak rus solnomachilari 
sezadilar. Ular Xo‘ja Husaynning nomini ham, Bobur yuborgan yorliqda Hindiston bilan Moskva orasida do‘stlik va birodarlik aloqalarini 
o‘rnatish taklif qilinganini ham, Vasiliy Ioannovich bu yorliqqa javoban 1533-yilning sentabr oyida nimalar deganini ham maxsus solnomaga 
ba-tafsil yozib qo‘yadilar. Bu solnoma ulug‘ rus tarixchisi N.M. Karamzinning asarida XII jild, 1852-y. nashri, 163-betda keltirilgan. 
* S a m u r — sobol.
 
* * * 
 
Uchinchi bo‘lib turgan «Oroyish» kemasi oldida yasan-tusan ayollar ko‘rindi. Humoyun 
ularning onaboshisi  Xonzoda begimni uzoqdan tanidi. Singlisi Gulbadan, Hindolning 
kelinchagi Sultonim, haram ahlidan Beka begim olti yashar qizchasi Aqiqa bilan... 
Boshqa chiroyli qizlar ham bor. Ular kim bo‘ldi? Oldinda ketayotgan Humoyun ukasi 
Hindolni yoniga imladi. Turdibekka esa: 
— Siz elchilarni ahli davlat bilan birga kemaga boshlang, — dedi. — Biz Hindol bilan 
ammam hazratlarini ko‘rib o‘taylik. 
Og‘a-ini «Oroyish» kemasiga burildilar. Podsho kelayotganini ko‘rgan ayollar qaddi-
qomatlarini rostlab, Xonzoda begimdan narida tizilib turdilar. Humoyun va Hindol 
ammalariga yelkalarini berib ko‘rishar ekanlar, yosh ayollar ularga bosh egib ta’zim 
qildilar. Humoyun ularni navro‘z bilan muborakbod qildi. 
— Mana shu «Oroyish» kemasi bizdan sizlarga navro‘z savg‘osidir, — deb hazillashdi. 
Singlisi Gulbadan begim Sultonim bilan sho‘x bir ko‘z urishtirib oldi-da, hazil bilan javob 
qildi: 
— Hazratim, saxovatingizdan minnatdormiz, ammo bu ulkan kemani uyga olib 
ketolmagaymiz. Biz, ojizalar, uyga ko‘tarib ketishga kuchimiz yetadigan sovg‘alardan 
umidvormiz! 
Hammalari bir kulib oldilar. Humoyun: 
— Ular ham berilgay! — dedi. — Lekin avval biz bir neni bilaylik: bizga ham atalgan 
navro‘z savg‘olaringiz bo‘lurmi? 
Kulgi yana bir daraja balandroq yangradi. Gulbadan Xonzoda begimga qarab: 
— Ammam hazratlari sizga atab bir g‘aroyib savg‘o tayyorlamoqchilar, — dedi. 
Humoyun ammasiga umid bilan yuzlandi. Shunda Xonzoda begim Hamida bonu va uning 
yonidagi qizlarga ishora qilib dedi: 
— Humoyunjon, siz qizlarning chavgon o‘yiniga ishtiyoqmand edingiz-a? 
— Ha, navro‘z ayyomida biz uchun bundan maroqli tomosha yo‘q. 
— Undoq bo‘lsa aniq vaqtini tayin eting. Qizlarimiz sizga chavgon tomoshasi 
ko‘rsatmoqchilar. 
Humoyun qizlar orasida eng ko‘hligi bo‘lgan Hamida bonuga qiziqib qaradi-yu: 
— Bajonidil! — dedi. — Mana bugunoq... 
Erining Hamida bonuga qaragan ko‘zlari cho‘g‘day yonib ketganini payqagan Beka begim 
lablari alamdan titrab gapirdi: 
— Hazratim, balki bugunga kema sayri ham yetarlidir? 
Humoyun xotinining savoli tagidagi alamli ma’noni tushunib o‘ng‘aysizlandi. Ikki oydan 
beri Beka begimni yo‘qlamay qo‘ygan er, yana onasi o‘pmagan qizlarga ko‘zi yonib 
qaragani Humoyunning o‘ziga ham noqulay tuyuldi. Naryoqda ikkinchi xotini Mevajon 
o‘zini baxtsiz sezib, g‘amgin bo‘lib yuribdi. Humoyun hindi tilini o‘rgangan, bultur Chand 
bibi degan hind qiziga ham uylangan edi. Bu juvon kecha xobgohda Humoyunning 
ko‘ksiga bosh qo‘yib yum-yum yig‘lagani hozir esiga tushib ko‘ngli xira bo‘ldi. 
Qora shirindan kelgan ohuday chaqqon Chand bibi Humoyunga tegmasdan oldin 
qanchalik sho‘x va quvnoq edi! Uning otasi Humoyunning kutubxonasida sanskrit 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
27
kitoblarni tarjima va talqin qiluvchi olim bo‘lib ishlardi. Qiz Humoyunni kutubxonada 
mutolaaga qattiq berilgan paytlarda zimdan kuzatib yurib yaxshi ko‘rib qolgan ekan. 
Hindlarning Xoli bayramida qizlar o‘zlarini himoya qila oladigan yigitni tanlab, uning 
bilagiga bir shoda gul taqadilar. Rakshabandi deb ataladigan shu odatga binoan Chand 
bibi Xoli bayrami kuni bog‘da Humoyunning bilagiga chiroyli gulshoda taqdi. O‘sha 
damda qiz ham Humoyunga juda yoqib qoldi. Balki unga valiahd o‘g‘ilni mana shu hind 
qizi tug‘ib berar? Unga uylanish bilan balki Humoyun hind elining ko‘ngliga yaxshiroq yo‘l 
topar? 
Biroq Said Xalil boshliq ruhoniylar boshqa dindagi qizga nikoh o‘qishdan bosh tortdilar. 
«Shariat bo‘yicha qiz musulmon dinini qabul qilsin, so‘ng biz nikoh o‘qiymiz», deyishdi. 
Agar Chand bibi muslima bo‘lmasdan turib o‘g‘il tug‘sa, uni musulmon podshosining 
taxtiga valiahd qilish ham mumkin emas — ko‘pdan qabul qilingan rasm-u odat 
shunday. Humoyun buni Chand bibiga tushuntirdi, unga kalimayi shahodatni o‘rgatdi. 
Qiz yigitga bo‘lgan muhabbati tufayli uning aytganini qildi. Hind dinida tangrilar ko‘pligini 
tabiiy deb biladigan Chand bibi eri sig‘ingan yana bitta Xudoga sig‘inishni faqat kalimayi 
shahodatdan iborat deb o‘ylagan edi. 
Lekin u nikohdan o‘tgach, Humoyun ko‘p o‘tmay Gujarat tomonlarga harbiy yurishga 
ketdi. Chand bibi qilich taqqan beshafqat ayol — haram bekasining ixtiyorida qoldi. Unga 
hindcha sari kiyishni taqiqlashdi, muslima ayollar kabi uzun ko‘ylak, qabo, zar jiyakli 
lozim kiydirishdi. Haram bekasi uni boshqa ayollar qatori besh vaqt namoz o‘qishga 
majbur qildi. 
Agar Chand bibi boshqa mamlakatga olib ketilganda, ehtimol, bu o‘zgarishlarga osonroq 
ko‘nikkan bo‘lardi. Lekin u o‘z vatanida yashamoqda edi. Boqqa chiqsa hindlarning 
muqaddas daraxti ashoka va ban’yanni ko‘radi. Gullar ham hind ma’budalarini yodiga 
soladi. Jamna bo‘yiga yuvinishga borsa boshqa afsonaviy daryo — Sarasvati yodiga 
tushadi. Sarasvati esa eng qudratli ayol xudolardan hisoblanadi. Chand bibi unga ham, 
jazo beruvchi Shivaga ham, o‘zi bolalikdan sig‘inib yurgan Durgaga va boshqa muqaddas 
ma’budalarga ham xiyonat qilgan kabi doimiy g‘ashlik va vahm ichida yashaydi. 
Kechalari tushlariga kiradigan Shiva, Durgalar uni jazolab goh ilonga chaqdiradi, goh 
botqoqqa g‘arq qiladi, goh yirtqichlar changaliga tashlaydi. Juvon uyqudan bosinqirab 
uyg‘onadi va dag‘-dag‘ titraydi. 
Humoyun Gujaratdan qaytib kelguncha Chand bibi ruhiy qiynoqlardan ozib, so‘lib, asab 
kasaliga duchor bo‘lgan edi. Humoyun uning xobgohiga borgan kechalari Chand bibi 
quvnab ashula aytayotgan joyida birdan ko‘ngli buzilib yig‘lab yuborar, uxlagan 
paytlarida esa ingrab uyg‘onar, vujudi vahima ichida titrab, Humoyundan himoya istardi. 
Uni yupatguncha Humoyunning o‘zi ham ruhan qiynalib, uyqusi o‘chib ketar, keyin 
boshqa xonaga chiqib, gulobga afyun qo‘shib ichar va shu bilan qaytadan uyquga 
ketardi. 
Ohuday yayrab yurgan qizning bir yil o‘tmay shunday so‘lib qolishiga Humoyunning o‘zi 
ham aybdor emasmi? Haramdagi tartiblarni o‘zgartira olmas ekan, nega bu qizga 
uylandi? Nega uni boshqa dinga o‘tkazdi? 
Beka begim ham, Mevajon ham undan baxt topgan emas. Hozir Beka begim, «bizni shu 
ko‘yga solganingiz ozmidi? Yana boshqa go‘zal qizlarga ko‘z tikishingiz insofdanmi?» 
deganday ko‘rindi. Shuning uchun Humoyun Beka begimga darhol yon bergan kabi: 
— Mayli, chavgonni... ertaga peshindan so‘ng tamosho qilg‘aymiz, — dedi. 
Shu orada Hamida Bonu Humoyunga zimdan sinchiklab qarab oldi. Boya fil ustida 
gavdasi kichik ko‘ringan edi, uning bo‘yi baland, yelkalari keng, durkun yigit ekanini qiz 
endi bildi. Chiroyli qilib tarashlangan kalta soqol-mo‘ylovi oftob nurida qizg‘ish tusga 
kirib tovlanadi. Sallasidagi olmosdan tashqari belidagi kamariga, xanjarining sopi va 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
28
qiniga qadalgan dur va la’llar tiniq va osuda bir jilo berib turadi. Humoyunning 
qarshisida Beka begim nursizgina juvon bo‘lib ko‘rindi. Shunga qaramay bu begim 
Humoyunning so‘zini bo‘lib luqma tashlagani Hamidaga juda erish tuyuldi. 
Beka begim o‘zi hamma chiroyli qizlardan erini rashk qiladigan ayol bo‘lsa kerak, 
Hamida bonuga har ko‘zi tushganda unga tikanini bir sanchib olguday bo‘lib qaraydi. 
Humoyun ayollar bilan gapini tugatib, oldingi kemaga qarab ketgandan keyingina Beka 
begimning ko‘zlaridagi tikanlar sal kamayganday bo‘ldi. Bu begim xazinadan ham 
hamyon-hamyon oltinlar olib turadi, haram bekalarini ham o‘ziga bo‘ysundirib olgan. 
Udumga binoan, podsho haramidagi kichik xotinlar katta xotinga bo‘ysunmog‘i kerak. 
Hamida bonu bu haqda ko‘p mishmishlar eshitgan. Chand bibining boshiga tushayotgan 
og‘ir savdoda ham Beka begimning qo‘li bor, deyishadi. 
Hamida bonuning bu murakkab ziddiyatlardan ko‘ngli g‘ash bo‘layotganini Xonzoda 
begim sezdi chamasi, kemaga chiqqanlarida sekin qizning qo‘lidan olib, yelkasini siladi 
va past tovush bilan sirdoshlarcha shivirladi: 
— Bonu qizim, sizdan umidim katta. 
Xonzoda begim faqat ertangi o‘yinni emas, undan ham kattaroq, muhimroq narsalarni 
nazarda tutganini Hamida bonu payqadi. 
— Hazrat begim, — dedi va ixlos to‘la ko‘zini Xonzoda begimning serajin yuziga tikdi. — 
Men chavgonda umidingizni oqlash uchun jonimni ham ayamasmen. Lekin oliynasab 
begimlar davrasida... notavon... ojizamen. 
— Yo‘q, sherqiz, siz hali o‘zingizni bilmaysiz. Men sizda tovonolik* kurtaklarini ko‘rib 
turibmen. Bu dunyoda yaxshi-yomonni ko‘p ko‘rib, ko‘zim pishib qolgan, menga inoning. 
Sizdagi tovonolik niholi parvarish qilinsa, ulkan daraxt bo‘lib o‘sgay, bebaho mevalar 
bergay! 
— Qani edi!.. Agar shunday tovonolik menga nasib qilsa, uning eng yaxshi mevasini eng 
avval o‘zingizga ta’zim bilan tutgaymen, hazrat begim. 
Bu gapdan ikkovlarining ham ta’blari ochilib, ko‘ngillari ko‘tarildi, kema ustidagi zeb-
ziynatlarga va ziyofat dasturxonlariga endi quvonib ko‘z tashlashdi. Kamalak rangli 
anvoyi gulshodalar orasidan surnay va nog‘ora tovushlari kelmoqda. Chanqagan 
begimlarga sharbatchilar oltin piyolalarda ta’zim bilan xushbo‘y sharbatlar tutadilar. 
Oyoq ostida cho‘g‘day yongan gilamlar. Atrofda bag‘ri keng daryoning jimir-jimir 
to‘lqinlari. 
Bu to‘lqinlar birdan Nizomni Hamidaning yodiga soldi. Kemaning pastki qavatida navro‘z 
munosabati bilan oltinrang ipak matodan bashang kiyimlar kiygan eshkakchilar 
o‘ltirishibdi. Hamida bonu yuqoridan ularga ko‘z qirini tashlab nizomni topolmadi. Shu 
payt podsho chiqqan oldingi kemaning eshkakchilaridan biri bu tomonga zimdan tikilib 
turganini payqadi. Hamida gulshodalar orasidan sinchiklab qarasa — Nizom! Qizning 
badaniga shirin bir harorat tarqaldi. Podsho kemasining eshkakchilariga sariq parchadan 
tikilgan yaktak va o‘sha rangdagi jajji salla kiydirishgan ekan. Bu kiyimlar Nizomning 
yigitlik husnini juda ochib yuboribdi. U kemaning pastki tor qavatida qator eshkakchilar 
orasida o‘tirgan ko‘yicha ortki kemaning ochiq sahnida turgan Hamidaga jilmayib bosh 
irg‘adi. 
Agar Hamidada Xonzoda begim aytgan tovonolik chindan bor bo‘lsa, u eng avval mana 
shu yigitning qadrini boshi ustida ko‘taradi. Ertangi chavgon o‘yinida u albatta yutishi 
kerak. Podsho unga «bizdan ne tilagingiz bor?» desa Hamida bonu, Nizomning otasini 
zindondan ozod qilishlarini, uning o‘zini esa birorta kemaga darg‘a etib tayinlashlarini 
so‘raydi. Balki qiz bolaning bunday iltimosi Humoyunni taajjubga solar. Lekin Hamida 
bonu ungacha Xonzoda begimga ko‘ngli kimdaligini albatta aytib beradi, uning 
yordamida Humoyunning adolat qilishi ham oson bo‘ladi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
29
Lekin Hamidaning bu shirin orzusi ushalmadi. O‘sha kuni oqshom sharqdan kelgan 
chopar Chunor qal’asining Sherxonga taslim bo‘lgani haqida mash’um xabar keltirdi. 
Endi undan naridagi Bangola va Bixar ham xavf ostida qoldi, agar Humoyun tezlikda 
yetib borib, ularni himoya qilib olmasa, qalamravidagi yerlarning eng katta qismidan 
mahrum bo‘ladi-yu, Agradan quvilishi ham osonlashadi. 
Shuning uchun bazmlaru o‘yinlarni taqa-taq to‘xtatib, shoshilinch ravishda qo‘shin 
to‘plashga kirishdi. Oradan bir hafta o‘tgach, sahar paytida Xonzoda begim bilan 
xayrlashish uchun Zarafshon bog‘iga bordi. Ammasining oq fotihasini olgandan so‘ng, 
o‘sha «Gunjoyish» kemasiga tushdi-da suv yo‘li bilan Ganga daryosi tomonga yo‘l oldi. 
Humoyun Hamida bonu bilan yaxshiroq tanisha olmaganidan Xonzoda begim ko‘p afsus 
chekib, «taqdirlari qo‘shilmagan ekan», deb xafa bo‘ldi. 
Lekin Humoyun tushgan kemaning eshkakchilari orasida jon-jahdi bilan eshkak 
eshayotgan Nizom bundan o‘zicha mamnun. Humoyun Hamidadan tobora uzoqlashib 
ketayotgani unga yaxshilik alomati bo‘lib tuyuladi. Agar podsho bu qizni yaqindan ko‘rib, 
bilguday bo‘lsa, haramiga olib qo‘yishi hech gap emas. Nizom o‘zining Hamidaga 
yetishishiga ishonmasa ham, lekin undan umidini uzolmaydi, ayniqsa, uni podsho 
haramiga ravo ko‘rmaydi. Shuning uchun Nizom butun kuchini eshkakka beradi-yu, 
Humoyunni Hamidadan mumkin qadar uzoqroq olib ketishga intiladi. 
 
____________ 
* T o v o n o l i k — qobiliyat, qodirlik.
 
 
G A N G A 
KO‘RGILIK 
 
Humoyun oyoq qo‘ygan yer ichiga o‘pirilib tushib, tubsiz o‘ngirga aylandi. U oyog‘ini 
tortib olib, orqaga tisarildi. Qorayib turgan o‘ngir labida qandaydir daraxtning ildizi 
ko‘rindi. Humoyun tubsiz jarga yiqilay deganda shu daraxtdan ikki qo‘llab tutib qoldi. Bir 
payt daraxt ham ildizi bilan sug‘urilib chiqa boshladi. Humoyun jarga qulab tushishini 
sezganda qichqirib, bosinqirab uyg‘ondi-yu: «Alhamdulillo, tush ekan!» deb xiyol yengil 
tortdi. Lekin tashqarida dovul ko‘tarilganini, tepasidagi chodirni shamol yiqitib ketgudek 
qattiq silkitayotganini sezdi, jala quyib, momaqaldiroq ustma-ust gumburlayotganini 
eshitdi-da, yana yuragi hapriqib, o‘rnidan turib ketdi. 
Ganga bo‘ylarida yomg‘ir fasli boshlangan, havo iliq bo‘lsa ham dim, hamma narsa 
namiqib ketgan. Xos chodir eshigiga osilgan kimxob parda Humoyunning qo‘liga mayin 
va salqin tegdi. Uni bir tomonga surib tashqariga ko‘z yugurtirdi. 
Qorong‘ida hech narsa ko‘rinmadi, faqat yashin chaqnaganda Ganganing qirg‘oqlariga 
toshib chiqqan oqish to‘lqinlari tahdidli yaltirab ko‘zga tashlandi. Daraxtlar dovuldan 
yerga tekkuday egiladi, ularning qattiq shovullashi orasidan momaqaldiroqning qasir-
qusuri xiyla past eshitiladi. 
Humoyunning chodiri turgan balandlikdan gangaga kelib qo‘shiladigan yana bir daryo — 
Karamnasa ham ko‘rinadi. Odatda suvi uncha ko‘p bo‘lmaydigan bu daryo yomg‘ir fasli 
boshlangandan beri bo‘tana sellarga to‘lib vahimali tusga kirgan. Qo‘shindagi filbon va 
kemachi hindlar Karamnasa daryosidan juda qo‘rqadilar, unga qo‘l-oyoqlarini 
tekkizmaslikka tirishadilar. Hindlarning e’tiqodi bo‘yicha, Karamnasaning suvi tekkan 
odam bir umr qilgan toat-ibodatidan ayrilib, kasofatning tagida qolib ketarmish. Shuning 
uchun taqvodor hindilar Karamnasaning narigi qirg‘og‘iga o‘tmoqchi bo‘lsalar, irim 
qiladilar — uning o‘zidan emas, Gangaga quyilgan joyining naryog‘idan kema bilan 
aylanib o‘tadilar. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
30
Bu hodisani bundan o‘n yil oldin mana shu Karamnasa bo‘yida otasi Bobur ham 
ko‘rganini va o‘z esdaliklarida yozib qoldirganini Humoyun biladi. Bunaqa irimlarga 
ishonmaydigan Bobur mirzo hozir Humoyun turgan joyni qo‘shiniga qarorgoh qilib 
tanlab, bir hafta turgan va shu atrofdagi yovlarini yengib, Agraga g‘alaba bilan qaytgan 
edi. 
Shuning uchun Humoyun taqvodorlarning irimidan ko‘ra otasining tajribasiga ko‘proq 
tayandi. Uch tarafi daryo bilan to‘silgan baland tepaliklar uni dushmanlaridan 
asraydigandek ko‘rindi. Beklar ham «faqat qarorgohning janubi sharq tomoniga 
soqchilar qo‘yilsa kechalari tinch uxlash mumkin...» deyishdi. 
Lekin hozir yomg‘ir chelaklab quyayotgan va dovul chodirlarni yiqitgudek bo‘layotgan 
paytda Humoyun tushida ko‘rgan dahshatli voqeani esladi-yu, yashin yorug‘ida yalt etib 
chaqnagan toshqin daryolar halqasi birdan uning vahmini keltirdi. Uch tomondan toshib 
chiqayotgan daryolar uni to‘rtinchi tarafdan bostirib keladigan yovlarga tuzoq bo‘lib tutib 
beradigandek tuyuldi. Yo alhazar! U nega o‘z oyog‘i bilan bu daryolar orasiga kirib qoldi? 
Otasi bu yerni qarorgoh qilgan paytlarda havo quruq, daryolarda suv oz, bu atrofda 
Sherxonday xatarli yov yo‘q edi-ku. 
Yoshi o‘ttish birga kirgan Humoyun o‘smirlik yillaridan beri juda ko‘p tahlikali janglarni 
ko‘rdi, turli-tuman yovlar bilan olishib, hali biror marta yengilgani yo‘q. Lekin Sherxonga 
kelganda uning shijoati ham, janglarda orttirgan tajribasi ham  ish bermay qo‘yyapti. 
Vaqt o‘tgan sari Sherxonning qudrati ortib, Humoyunning ishi orqaga ketayotganday 
bo‘lyapti. 
Humoyun to‘shagi turgan joyga qaytib, qorong‘ida yostiqni qo‘li bilan paypaslab topdi. 
Yostiqqa qayta bosh qo‘yar ekan, tashqarida xuruj qilayotgan shamol, jala va 
momaqaldiroq shovqini orasidan Sherxon uning ko‘ziga ko‘rinib ketganday bo‘ldi. 
Qoshlari qalin, ko‘zlari ko‘kish, qirra burun, kalta qirqilgan soqoli va qayrilma mo‘ylovi 
o‘ziga juda yarashgan durkun gavdali Sherxonning qarashlarida burgutni eslatadigan bir 
ifoda bor. Humoyun uni birinchi marta bundan o‘n uch yil burun Jamna bo‘yidagi 
ziyofatda ko‘rgan edi. Bobur mirzo Sekridagi g‘alabasi sharafiga juda katta osh bergan, 
unga hamma beklar o‘z sipohilari bilan taklif qilingan edi. Junaid barlos degan amir o‘z 
xizmatiga o‘tgan afg‘on sipohilari qatorida Sherxonni ham bu ziyofatga olib kelgan edi. 
Bobur Sherxonni birinchi ko‘rishdayoq «hokimiyat talashadigan siyoqi bor» degan, 
Humoyun buni eshitgan edi. 
Ammo u paytlarda Sherxon hali o‘ttiz-qirqta yigitga bosh bo‘lgan kichik sipohilardan edi. 
Uning Sasaramda otasidan qolgan yer-mulki bor ekan. Biroq otasi o‘lgandan so‘ng o‘gay 
ona va inilari Sherxonni bu mulkdan mahrum qilmoqchi bo‘ladilar. Sherxon ota mulkini 
o‘gay inilaridan tortib olish uchun Boburdan himoya so‘raydi. Banorasdan sharqdagi 
G‘ozipur degan joyda u Bobur huzuriga qimmatbaho sovg‘alar bilan arzadosht ko‘tarib 
kiradi*. Bobur uning markaziy hokimiyatdan uzoqroqda, chet viloyat bo‘lgan Sasaramda 
zamindor boy bo‘lib yurishini afzal ko‘radi, ota mulkini unga xatlab beradi. 
O‘shanda qirq yoshda bo‘lgan Sherxon hisob-kitobni va xo‘jalik yuritishni yaxshi bilar, 
Sasaramdagi betartiblik va poraxo‘rlikni yomon ko‘rardi. U shayx Sa’diyning ko‘p 
she’rlarini yod biladigan o‘qimishli kishi edi. Sasaramdagi dehqonlarning yerini o‘lchash, 
hosilini bexato hisoblashda va soliqchilarning beboshligini yo‘qotishda ko‘pgina yangi 
tadbirlarni amalga oshirdi. Xayrixohlari uni «Sherxoni odil» deb ataydigan bo‘ldilar. Bu 
orada Bobur vafot etdi-yu, marhum Ibrohim Lodining inisi Mahmud Lodi qasoskor 
afg‘onlarni atrofiga to‘plab, Humoyunga qarshi isyon ko‘tardi. Mahmud Lodi Bixar va 
Sasaramni ham o‘ziga majburan qo‘shib, Humoyunga qarshi urushga boshlab bordi. 
Sherxon bu urushdan mutlaqo manfaatdor emas edi. Lodilar afg‘on bo‘lsalar ham, sur 
qabilasi ularga bo‘ysunishni istamaydi. Ibrohim Lodidan ko‘rgan jabr-u zulmlari 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
31
Sherxonning esidan chiqqan emas. Shuning uchun Dalaxrua degan joyda Mahmud Lodi 
Humoyun bilan yuzma-yuz turib jangga kirishgan paytda Sherxon ustalik bilan o‘zini 
chetga oldi-yu, barcha navkalarini urush maydonidan olib chiqib ketdi. Lodilar bu jangda 
Humoyundan yengildilar va keyinchalik Sherxonni xiyonatda aybladilar. Sherxon esa 
Humoyunga xat yozib, bir vaqtlar Bobur podsho Sasaramdagi ota mulkini unga olib 
bergani hurmatiga shunday qilganini bildirdi. Aslida esa Mahmudxon bilan Humoyun bir-
birini band qilib turgan paytdan foydalanib Ganga bo‘yidagi eng muhim harbiy qal’a— 
Chunorni ishg‘ol qilish niyatida edi. 
Chunor ilgari Tojxon ismli afg‘on hokimining qo‘lida edi. Sherxon besh yil burun 
Tojxonga ham sipohiy bo‘lib xizmat qilgan, o‘sha paytda uning go‘zal xotini Lod Malika 
bilan tanishgan edi. Tojxon oilaviy nizolar girdobida halok bo‘lgandan keyin Sherxon Lod 
Malikaga maxfiy odam yubordi, uni ko‘pdan yaxshi ko‘rishini va unga uylanish orzusida 
ekanini bildirdi. Sherxonning ayollarni maftun qiladigan bahodirona jozibasi Lod Malika-
ning yodidan chiqmagan ekan. Orada turgan maxfiy odam Sherxonga ijobiy javob 
keltirdi. Dalaxruada Mahmud Lodi Humoyun bilan hayot-mamot jangini qilayotgan 
paytda Lod Malika Chunor darvozasini urush maydonidan yashirinchi chiqib kelgan 
Sherxonga ochib berdi. Sherxon Lod Malikaga uylangach, uning yordamida Chunorga 
Tojxon tomonidan berkitilgan yashirin xazinani ham qo‘lga tushirdi. Bu xazinadan 150 
man* oltin, 7 man marvarid, yana talay javohirotlar topildi. Sherxon bir kunda qo‘lga 
kiritgan boylikning bahosi to‘qqiz yuz ming rupiy edi. 
Sherxon bu boyliklarni bosib yotadigan ziqna odam emas, uning maqsadi mustaqil 
hukmdor bo‘lish. Sherxon Chunor qal’asida qo‘lga kiritgan oltinlarga minglab yangi 
navkarlar yolladi, qurol-yarog‘lar sotib oldi. Lodilar va boburiylardan norozi bo‘lgan 
qanchadan qancha yollanma askarlar Sherxon tomoniga o‘ta boshladi. Ayniqsa, u 
Chunor qal’asini egallagandan  keyin Humoyun sharqdagi Bixar va Bangoladan uzilib 
qoldi. Yo‘lni ochish uchun u Chunorga qo‘shin tortib keldi va Sherxonni qamal qildi. U 
paytda Humoyunning qo‘shini Sherxonnikidan ikki barobar ko‘p edi. Zambaraklar va 
to‘fanglar qal’a himoyachilari ustiga shunday o‘q yog‘dirishdiki, Sherxon shiddatli 
hujumlarga turish berolmay qoldi. Oradan ikki oy o‘tgach, Sherxonning elchisi ichkaridan 
oq bayroq ko‘tarib chiqdi va Humoyunning huzuriga kelib, shafqat so‘radi. Humoyun 
raqibi bilan yuzma-yuz turib so‘zlashmoqchi bo‘ldi-yu, elchiga: «Shavqat kerak bo‘lsa 
Sherxonning o‘zi huzurimizga kelsin!» dedi. Jang to‘xtatilgan, lekin Sherxon Humoyun 
huzuriga kelsa hibsga olinishidan hadiksirab, o‘zining o‘rniga yigirma sakkiz yashar o‘g‘li, 
jangovar sarkarda Qutbxonni yubordi. Qutbxon Humoyun oldida yer o‘pib, sadoqat izhor 
qildi. «Otam boshliq surlar minba’d sizga qarshi bosh ko‘tarmasligi uchun mana, men 
kafilmen, barcha navkarlarim bilan sizga toabad xizmat qilurmen», dedi. Humoyun 
Qutbxonni uch yuz navkari bilan o‘z ixtiyorida qoldirdi. Sherxon esa oilasi, ko‘ch-ko‘roni 
va odamlarini Chunordan olib chiqib Bixar viloyatidagi o‘z mulkiga jo‘nadi. 
Qutbxon va uning navkarlari Humoyun askarlari bilan ikki yil birga xizmat qildi, Gujarat 
va Champanirda Bahodirshoh bilan bo‘lgan janglarda jasorat ko‘rsatib, in’omlar oldi. 
Sherxon ham bu orada Bixarda tinchgina yurdi. Humoyun burnog‘i yili Champanirdan 
Agraga qaytgandan keyin Qutbxon ota-onasini ko‘rib kelish uchun undan ruxsat oldi-yu, 
Bixarga ketganicha qaytib kelmadi. Oradan besh-olti oy o‘tgach, Sherxon o‘g‘li bilan 
yana Bangolaga qo‘shin tortib borgani va Chunorni qamal qilayotgani ma’lum bo‘ldi. 
Humoyun Qutbxonga javob berib xato qilganini, hozir u otasi Sherxon bilan eng xatarli 
dushmanga aylanganini keyin bildi. Qutbxon ikki yil Humoyun askarlari safida yurib, 
uning barcha zaif tomonlarini va ichki ziddiyatlarini bilib olgan. Endi ota-bola birlashib, 
Humoyunning eng bo‘sh joylarini topib, zarba bermoqdalar. 
Sherxon o‘z ishiga shunchalik pishiq ekanki, Humoyunni Agradan mumkin qadar 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling