Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet3/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
14
bilan til biriktirmoqda. Shu mamlakatda tug‘ilib o‘sgan Sherxon hind-u musulmon diniy 
nizolariga qarshi turib, jangovar rajputlarni ham o‘z qo‘shiniga olayotgan emish. Shu 
bilan u Humoyunga nisbatan katta bir ustunlikka erishishi aniq. Chunki mamlakatning 
ko‘pchilik aholisi hindlar. Humoyun ham hindlarni o‘ziga yaqinlashtirmoqchi bo‘ladi. 
Biroq... juma kuni jome masjidiga borganda shayxulislom Said Xalil xutbadan so‘ng uni 
mehrob yonida to‘xtatib, past tovush bilan: 
— Hazratim, men bir gap eshitdim, — dedi. — Iloho yolg‘on bo‘lsin. 
— Ne gap, taqsir? 
— Navro‘z saylida sizdek pok mazhablik musulmon podshosining filini g‘ayridin 
boshqarmoqchi emish, rostmi? 
— Taqsir, g‘ayridinlar bilan bir mamlakatda yashaydigan odam nechun ular bilan bir fil 
ustida o‘ltirmog‘i mumkin emas? 
— Chunki agar bugun majusiylar siz mingan filni boshqarib o‘rgansa, ertaga siz boshliq 
davlatni egallashga intilgay! 
— Ammo biz bu ishga munosib ko‘rgan La’l Chand sadoqatli raiyatlarimizdan ekanini 
ko‘p marta isbot etgan! 
Said Xalil mehrobda turgan charm muqovali ulkan kitob — Qur’onga ko‘z tashlab, go‘yo 
undan madad olgan bo‘ldi-yu, ovoziga sehrli tus berdi: 
— Agar o‘shal raiyatingizning sadoqati chin bo‘lsa, kalimayi shahodatni aytib, musulmon 
diniga o‘tsin, undan so‘ng siz mingan filni boshqarsa mayli! 
Humoyun mehrob tomonga allanechuk hayiqib qarab oldi: Qur’ondan qo‘rqar edi. Lekin 
La’l Chanddek bir so‘zli, botir odamni o‘z dinidan maj-buran voz kechdirishga intilish 
unga yanada xatarliroq tuyuldi: 
— Taqsir, meni ikki o‘t orasida qoldirmang! Endi el bo‘lib kelayotgan La’l Chanddek 
hindlarni rag‘batlantirish o‘rniga zo‘rlik bilan boshqa dinga o‘tkazmoqchi bo‘lsak, butun 
mamlakat xalqini o‘zimizdan bezdirgaymiz! Sherxonday makkor g‘anim turganda biz 
hind elini bag‘rimizga tortmog‘imiz, unga suyanmog‘imiz lozim emasmi? 
— Ammo birdan ikki qayiqning boshini tutmoq ham mumkin emas, hazratim! — Said 
Halil mamlakatning diniy peshvosi sifatida podshoh hokimiyatini ichdan nazorat qilish 
huquqiga ega edi. U hozir shuni eslatib qo‘ymoqchi bo‘lib Humoyunning ko‘ziga tik 
qaradi: — Agar majusiy filbon barcha bek-u a’yonlardan oldinda, fil ustida o‘ltirib 
boradigan bo‘lsa, mavkabingizning katta bir qismi uning ketidan ergashgisi kelmagay. 
Bitta g‘ayridin tufayli yuzlab muslim xayrixohlaringiz navro‘z namoyishiga chiqmasalar 
maylimi? Sizga qaysi tomon azizroq? 
Humoyunning qoshlari chimirilib, yuzi xiyol oqardi: 
 — Bu ne, tahdidmi? 
Said Xalil qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, gapini sal yumshatishga tirishdi: 
— Hazratim, xotiringizga malol yetgan bo‘lsa uzr! Men faqat qavmlarimning kayfiyatidan 
sizni ogoh qildim, xolos! 
Humoyun masjiddan qaytar ekan, inilari bilan orasi buzilgani ustiga endi Said Xalil 
boshliq ruhoniylar va ularning muridlari-yu qavmlari navro‘z namoyishiga chiqmasa, 
ertaga kim bilan bayram qilishini o‘ylab qoldi. Uning tarafdorlari kamayib ketganini, 
mavkabi ham yarimta-yurimta bo‘lib qolganini el-yurt ko‘rganda nima deydi? 
Yo‘q, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi! Podsho filini La’l Chand boshqaradigan davr hali 
kelmagan ekan. Lekin Said Xalilga gap yetkazgan filbon Inoyatxon ham murodiga 
yetmasligi kerak. U Said Xalilning ishongan muridlaridan bo‘lgani uchun navro‘z kunida 
podsho filini o‘zi mingisi kelib ayg‘oqchilik qilgani aniq. 
Bir vaqtlar Inoyatxon: 
— Brahmaputra daryosining bo‘ylaridagi o‘rmonda oq fillar bor, podsho hazratlari 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
15
mablag‘ ajratsalar, to‘rtta yordamchi ovchi bersalar, eng ulkan oq fillardan tutib 
kelgaymen! — deb maqtangan edi. 
Humoyun saroyga qaytgan zahoti Inoyatxonni o‘z huzuriga chaqirtirdi-da, o‘sha 
va’dasini esiga soldi. Oq fil tutib kelish uchun ketadigan xarajatlarni hisoblatib, uning 
qo‘liga tutqazdi va darhol jo‘nashni buyurdi. 
— Hazratim, qulingiz ertangi navro‘zni Agrada o‘tkazib, keyin oq fil oviga ketay, ijozat 
bering! — deb Inoyatxon yer o‘pib iltijo qildi. Humoyun esa: 
— Bu yilgi navro‘z menga tatimay qoldi, haqiqiy bayram siz oq fil tutib kelganingizda 
bo‘lgay, ertadan qolmay ovga otlaning! — dedi-da, boshqa gapga o‘rin qoldirmay, 
o‘zining xonayi xosiga kirib ketdi. 
Kosa tagidagi nimkosadan xabardor bo‘lgan vazir Turdibek Inoyatxonning yoniga to‘rtta 
yordamchi ovchini qo‘shib, hammasini ertasi kuni tong otmasdanoq Agradan jo‘natib 
yubordi. 
«Yordamchi»larga Inoyatxonni va xazinadan berilgan pulni qo‘riqlashgina emas, balki 
podsho farmonining ado etilishini qattiq nazorat qilish ham topshirildi. 
Farmonni bajarish, albatta, oson emas — Agradan Brahmaputragacha otda ikki oylik 
yo‘l, xavf-xatar behisob, tirik qaytishining o‘zi amrimahol. Inoyatxon Humoyunning 
ustidan shayxulislomga ayg‘oqchilik qilishning qanchaga tushishini endi bilib qo‘yadi. 
Bugun navro‘z namoyishiga Humoyun minib chiqqan ulkan qora filni La’l Chandning 
shogirdi bo‘lgan panjoblik filbon Gulmuhammad boshqarib bormoqda. Humoyun o‘ng 
tomonda, fildan ancha ortda saman ot minib kelayotgan keng malla to‘nli, katta oq 
sallali, sersoqol Said Xalilga sinchiklab bir qarab oldi. Muridi Inoyatxonning Agradan 
chiqarib yuborilgani pirning qulog‘iga yetib borgan shekilli, qovog‘i soliq. Ko‘zini saman 
otining quloqlaridan olmasdan xomush kelyapti. 
Qiziq, bu odamga nima yetmaydi? Ixtiyoridagi vaqflardan behisob boyliklar daryoday 
oqib keladi, yuzlab xizmatkorlari-yu muridlari og‘zidan chiqqan buyrug‘ini bajarib turadi, 
kerak bo‘lganda, hatto podshoga ham kechagiday gapini o‘tkaza oladi. Ammo Said 
Xalilga bu hammasi odatiy va juz’iy narsalar bo‘lib ko‘rinadi. U Samarqandning mashhur 
diniy peshvosi Xo‘ja Ahror kabi favqulodda hukmfarmo bo‘lishni, podsholarni ham o‘z 
izmiga bo‘sundirishni istaydi. Chunki u payg‘ambar avlodi sanaluvchi saidlardan, 
osmondagi arshi a’loga yaqin turgan ulamolar peshvosi. 
Ammo Humoyun otasi Boburdan ibrat olib din peshvolariga bo‘y bermaydi, ulardan 
yuqoriroq turish uchun «Qonuni Humoyuniy» degan yangi nizom ham o‘ylab chiqardi. 
Tarixchi Xondamir yozib chiqqan bu qonunga binoan Humoyunning qo‘l ostidagi odamlar 
tabiiy mavjudotdagi osmon, yer va ularning oraligi timsolida uch qismga bo‘lib chiqildi. 
Birinchi toifa — ahli davlat, unga podsho, vazir, bek va a’yonlar kiradi. Ikkinchi toifa — 
ahli saodat, ya’ni din peshvolari, ulamolar, shoirlar, olimlar. Uchinchi toifa — ahli murod, 
ya’ni aslzoda ayollar, sozandalar, xonandaar, musavvirlar va boshqa san’atkorlar. 
Shayxulislom Said Xalil ikkinchi o‘ringa tushib qolganidan qattiq norozi. «Ahli saodat» 
degani nimasi? Hatto hind brahmanlari ham osmonga nisbat berilgan eng oliy tabaqa 
hisoblanmaydimi? Ahli davlat osmon bo‘ladi-yu, ahli din pastda muallaq qoladimi? Din 
peshvolarini shoir-u olimlar bilan bir toifaga qo‘shganlari ham Said Xalilga hurmatsizlik 
bo‘lib tuyuldi. Axir dahriyona kitob yozadigan shoir-u olimlar qayoqda-yu, ilohiy olamga 
yaqin turgan saidlar qayoqda? 
Shayxulislom bu fikrlarini Xondamirga aytib, u bilan ko‘p munozara qildi. Bu 
munozarada Bayramxon Xondamirning tarafini olgan edi, Said Xalil uni dinsizlikda 
aybladi. Ulamolar majlisida Bayramxonning ushbu ruboiysini o‘qib berdi: 
 
Ne din g‘amidin dame pareshondurmen, 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
16
Ne kufr hujumidin harosondurmen. 
Butxona-yu masjid manga yakson ko‘rinur 
Go‘yoki ne kofir-u ne musulmondurmen. 
 
Bu she’rni eshitgan qozi-yu sadrlar, muhtasiblarning sochi tikka bo‘lib ketdi. Bayramxon 
musulmonlig-u masjiddan yuz o‘girsa kofirlik bundan ortiq bo‘ladimi?! 
Qozilar boshlig‘i bo‘lgan Sadri a’zam Bayramxonni toshbo‘ron qilib o‘ldirishni talab qildi. 
Din peshvolarining o‘z zindonlari va jazo beruvchi muhtasiblari bor edi. 
— Bayramxon hindlarning dahriy shoiri Kabir singari kufr yo‘liga kirmishdir! — deb Said 
Xalil Humoyunga borib arz qildi. — Kabir ham masjidni butxonaga qo‘shib inkor etgani 
ma’lumingizdir! Isyonkor majusiylarning bhaqti ta’limoti podsho hokimiyati uchun ham 
xatarli! 
Said Xalil Bayramxonni hech bo‘lmasa Nizomning dahriylikda ayblangan otasi kabi 
zindonga tashlashga intila boshladi. 
Bayramxon o‘n to‘rt yildan beri Humoyunga sodiq xizmat qilib kelayotgan jangovar 
beklardan edi. Podsho uning tab’i nazmi balandligini, she’riyatda Navoiy va Boburga 
ergashishini bilardi. U darg‘azab bo‘lib kelgan Said Xalilga shuni aytib: 
— Taqsir, Bayramxon Allohga sajda qiluvchi chin musulmon, faqat Bayramxon bu 
ruboiyni majoziy ma’noda bitmishdir, — dedi. — Bunday kayfiyatlar ulug‘ shoirlarda ham 
bo‘lgan. Jannatmakon otamning xuddi shu mazmundagi ruboiysi bor. balki o‘qigandirsiz? 
Humoyun davlatida Bobur xotirasi muqaddas hisoblanar, bunga shayxulislom ham shak 
keltirolmas edi. Humoyun otasining Bayramxonnikiga o‘xshash ruboiylaridan o‘qib 
bergach, Said Xalil sal hovuridan tushdi. 
— Ammo biz Bayramxondek shakkok odam bilan bir toifada bo‘lishni istamagaymiz! — 
dedi. — Uni «ahli saodat» toifasidan chiqarmoq zarur! 
Humoyun bunisiga rozi bo‘ldi. Maxsus farmon bilan Bayramxonni sohibixtiyor beklar 
qatoriga kiritdi-yu, «ahli davlat» deb ataladigan birinchi toifaga qo‘shdi. 
Mana hozir navro‘z saylida Bayramxon ham vaziri a’zam Turdibek Turkistoniyning 
yonida, eng oldingi safda bormoqa. Bu hammasi Said Xalilning yarasiga tuz sepganday 
bo‘lyapti. Xondamir bundan to‘rt yil avval vafot etganda shayxulislom uning tahririda 
chiqqan nizomni bekor qilishga yana bir urindi. Ammo Humoyun o‘z nomiga nisbat 
berilgan qonunni butun koinot-u tabiatga bog‘lab himoya qilardi: 
— Taqsir, men jamiyatdagi sun’iyliklar-u betartibliklardan bezor bo‘lganim uchun davlat 
ishini tabiiy bir asosga qurmoqchimen. Yer-u ko‘kdagi uyg‘unlik bilan sobitlikka 
sohibqiron Amir Temur ham imon keltirgan ekanlar. O‘shal bobokalonimiz kashf qilgan 
qonun-qoidalarni «tuzuklar» deb atagan ekanlar.  Shu tuzuklar mazmuni avloddan 
avlodga o‘tib, bizga ham yetib keldi. Tarixni o‘rganishda rahmatlik Xondamir bizga ko‘-
mak berdi. Amir Temur osmonning o‘n ikki burjidagi sobita yulduzlarni yaxshi ko‘rar 
ekanlar. Hamal, Javzo, Asad... bu yulduzlarning har biri o‘z o‘rnida shunday sobit turgani 
uchun quyosh yilning o‘n ikki oyida ularning yonidan aniq soat-u daqiqasida o‘tar ekan. 
Bir daqiqa oldin ham emas, kech ham emas, to‘g‘rimi? 
— Bunisi to‘g‘ri. 
— Yoki o‘n ikki yillik muchal hisobi noto‘g‘rimi? 
— To‘g‘ri, to‘g‘ri! 
— Shuning hammasini hisobga olib, Sohibqiron bobokalonimiz «o‘n ikki raqamida oliy 
hikmat bor» der ekanlar. O‘z davlatlarini o‘n ikki tamoyil asosida boshqarganlar. Qo‘l 
ostidagi barcha odamlarni o‘n ikki tabaqaga bo‘lib idora etganlar. Ma’lumingizki, biz ham 
barcha odamlarimizni o‘n ikki tabaqaga taqsim etdik. Maqsad — tabiatdagi tartib-u 
aniqlikni, muvozanat-u sobitlikni jamiyatimizga ham tadbiq etmoqdir!.. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
17
«Tadbiq etgani shumi?!» degan achchiq e’tirozni Said Xalil hozir navro‘z namoyishida 
borayotib o‘z ko‘nglidan o‘tkazdi. Humoyun katta bobosidan ibrat olib tartib bergan o‘n 
ikki tabaqani boshqarish juda qiyin bo‘ldi. Shundan so‘ng har uch tabaqani bir sohaga 
birlashtirib, to‘rtta vazorat tashkil qildi. Buni ham tabiatdagi to‘rt unsur — olov, havo, 
tuproq, suv kabi «anosiri arbaaga monand» deb ta’rifladi. Birinchi vazorat boshlig‘ini 
«sarkori otash» deb atadi. Unga barcha to‘p-u to‘pxonalar, qurol-yarog‘ va harbiy ishlar 
qaraydi. «Sarkori havoyi» deb atalgan vazir saroy ta’minotiga, oshxona, sayisxona*, 
kiyim-kechak ishlariga mutasaddi. «Sarkori obi» — ariq qazish va sug‘orish ishlarini 
boshqaradi, sharbat, chog‘ir va boshqa ichimliklar tayyorlaydi. «Sarkori xoki» (ya’ni, 
tuproqboshi) — ziroat, dehqonchilik va imoratsozlik kabi sohalarga javobgar. 
Humoyunning farmoniga binoan, bu to‘rt vazoratning odamlari kiyinishda ham bir-
birlaridan farq qilishlari lozim, toki bir qarashda ularning qaysi sohadan ekanligini 
ajratish mumkin bo‘lsin. Uning o‘zi esa haftaning ma’lum kunida osmondagi biron 
sayyoraning rangiga va qiladigan ishining mazmuniga mos kiyinishga harakat qilardi. 
Nuri ko‘kish Zuhra yuduziga nisbat berilgan dushanba kunida Humoyunning kiyimida 
moviy va yashil ranglar ustun bo‘lardi. Seshanba kuni Humoyun uchun qizg‘ish nurli 
Mirrix yulduzining kuni. Seshanbada uning qabuliga amiri g‘azab nomini olgan hibsxona 
boshlig‘i va jallodlar sarkori og‘ir jinoyat qilgan aybdorlarni olib kiradi. Humoyun ularning 
eng ashaddiylarini qatl ettiradi. 
Tabiatga qiyosan joriy etilgan «Qonuni Humoyuniyni» «shoirona did bilan qilingan 
kashfiyot» deb maqtab yurganlar oz emas. Ayniqsa, osmon timsolida birinchi o‘ringa 
qo‘yilgan ahli davlat vakili Bayramxon yangicha tartibdan juda mamnun. Ammo Said 
Xalil kabi ruhoniylarning alami cheksiz. Axir osmon ilohiyot makoni emasmi? Ilohiyot ilmi 
bilan shug‘ullanuvchi ulamolar, saidlar osmon ramzi bo‘lgan oliy tabaqaga kirishlari 
kerak ediku. Xondamir «oliy kashfiyot!» deb maqtagan «Qonuni Humoyuniy» Said Xalil 
boshliq ruhoniylarga shaytoniy bir o‘yinday, quruq xayolparastlikday tuyuladi. Sarkori 
havoyi emish! Osmonda tutqich bermay yuradigan havoga kim sarkolik qila oladi? Mirrix 
yulduzi qayoqda-yu, podsho kiyadigan kiyimning rangi qayoqda?! 
Bu tajang o‘ylar ta’sirida shayxulislom Laxo‘rdagi Komron mirzoni va sharqdagi 
Sherxonni iliq bir xayrixohlik bilan esladi. Komron akasi Humoyunni pisand qilmasligi 
Said Xalilga ko‘pdan ma’lum. Komron pok musulmonchilikni mahkam tutadi. 
Humoyunga o‘xshab, majusiylarga yon bosmaydi. Bayramxon kabi dahriylarni to‘rga 
chiqarmaydi. Komronning mana shu xususiyatini bilgan Said Xalil oraga ishonchli 
odamlarni qo‘yib, u bilan allaqachon maxfiy aloqa o‘rnatgan. Humoyun uzoq viloyatlarga 
ketganda Komron mirzoga shoshilinich xufiya yuborib, Laxo‘rni tezroq egallashga 
undagan diniy peshvo — Said Xalil. Komron uning aytganini qildi-yu, Kobulga Panjobni 
qo‘shib olib, akasidan zo‘rroq bo‘ldi. Endi agar sharqda Sherxon bosh ko‘targani rost 
bo‘lsa, Humoyun otda bir oylik yo‘l bo‘lgan Bixarga qo‘shin tortib ketishi aniq. O‘shanda 
Said Xalil Komron mirzoga yana bitta yashirin maktub yozib, «Agrani egallash payti 
keldi», deydi. Shunda Komron mirzor Hindiston taxtiga chiqsa, Said Xalildan umrbod 
qarzdor bo‘ladi, uning chizgan chizig‘idan chiqmaydi. 
«Qonuni Humoyuniy» ham va bugun Said Xalilning alamini keltirayotgan boshqa 
narsalar ham bir zarba bilan nest-nobud bo‘ladi. 
Fil minib borayotgan podsho odamlarga juda qudratli ko‘rinsa ham, aslida uning 
hokimiyati ichdan zil ketib zaiflashib qolganini, Humoyun taxtdan ag‘darilishi 
muqarrarligini Said Xalil zimdan sezadi va bu hodisani qo‘lidan kelganicha tezlashtiradi. 
 
___________ 
* M u n i r — yorug‘ yuz, yorug‘lik. 
* S a y i s x o n a — otxona.
 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
18
* * * 
 
Tashqaridan qaraganda katta hashamat va silliqlik bilan o‘tayotgan navro‘z 
namoyishining ichi qaltiroq ekanini, yasan-tusan mavkab botiniy ziddiyatga to‘lib 
borayotganini Humoyun ham sezadi. U yashirin ziddiyatlar zahrini beg‘ubor odamlarning 
olqishi bilan kesmoqchi bo‘ldi-da, shig‘ovulga yana tanga sochishni buyurdi. Shig‘ovul 
siqimini tangaga to‘ldirib, shirador, yo‘g‘on ovoz bilan odamlarga murojaat qildi: 
— Xaloyiq, ogoh bo‘ling! Bugun ilon yili tugab, ot yili kirdi! Ot — insonga vafodor 
jonivordir! Bu yilgi navro‘z hammangiz uchun xayrli bo‘lsin! Shu ulug‘ ayyomda kim 
qanday yaxshi niyat qilsa ilohim murodiga yetsin! — deb shig‘ovul xaloyiq ustiga 
siqimidagi tangalarni sochdi. 
Bilmaydigan odam fil minib borayotgan Humoyunni: «Hech narsadan kamchiligi yo‘q, 
bearmon yigit», deb o‘ylaydi. Lekin hozir uning xiyobon chetida o‘g‘ilchasini ko‘tarib 
turgan o‘sha oddiy yigitga havasi keldi. Qani, tole unga ham shunday o‘g‘il bersa! 
Bundan besh yil oldin o‘g‘il ko‘rish orzusida u ikkinchi xotin oldi. Oddiy yasovulning qizi 
bo‘lgan Mevajon ismli bu chiroyli juvon o‘sha yili homilador bo‘ldi. Mohim begim hali 
hayot edi, bo‘lajak nevarasiga atab ko‘ylakchalar tikdirdi. Lekin Mevajon o‘n oyda ham, 
o‘n bir oyda ham tug‘may, qorni qappayib yuraverdi. Keyin bilsalar, shunchaki... yelbo‘-
g‘oz ekan. Humoyun buni ham taqdirning achchiq bir kinoyasi deb bilib, juda qattiq 
iztirob chekdi. Xuddi o‘sha yili inisi Komronning xotini qo‘chqorday o‘g‘il tug‘di. Hozir bu 
bola kattagina bo‘lib qolgan. Humoyun uni har ko‘rganda ko‘zlari havas bilan yonadi... 
Shig‘ovul xurjundan yana tanga oldi: 
— Xaloyiq, Humoyun hazratlari navro‘z ayyomida qilgan barcha yaxshi niyatlariga 
yetsinlar! Yangi yil hazratimga qo‘chqorday o‘g‘il ato etsin! Omin! 
Sochqining ketidan yugurib tanga talashayotganlar, albatta, duoga quloq ham solishgani 
yo‘q. Lekin xiyobon chetida Humoyunga jim qarab turgan boyagi chol yana yuziga fotiha 
tortdi. Shu payt Humoyunning ko‘zi xiyobon chetidan otliq borayotgan qizlarga tushdi. 
Ular yuzlariga oq harir parda yopganlari uchun qosh-ko‘zlari unga aniq ko‘rinmaydi. 
Lekin tolma bellari va fotihaga ko‘tarilgan nozik qo‘llari yigitga juda sehrli tuyuldi. 
 Chavkar ot mingan Hamida bonu Humoyunning tikilib qaraganini endi sezdi. Bir payt 
shamol qizning yuzidagi harir pardani ko‘tardi-yu, bir lahza ko‘z ko‘zga tushdi. 
Shunday go‘zal qiz Humoyunga o‘g‘il tilab qo‘lini yuziga surgani yigitga behad yoqimli 
tuyuldi. 
Bu orada mavkab daryo bo‘yidagi podsho bog‘iga yaqinlashdi. Humoyun boshliq ahli 
davlat bog‘ning ulkan darvozasidan ichkariga kira boshladi. Darvoza oldida uzun nayza 
tutgan qo‘riqchi yigitlar xiyobon chetlaridan tomosha qilib kelayotgan xaloyiqning yo‘lini 
to‘sdilar. Boqqa faqat maxsus ruxsati bor odamlargina kirishi mumkin. Bu ruxsatnomalar 
turli xil yoy o‘qi shaklida tarqatilgan. Mavkab ketidan bog‘ darvozasiga yaqinlashgan 
Gulbadan begim otining egari qoshidagi soqdondan oltin uchli yoy o‘qini olib soqchilarga 
ko‘rsatdi. Ular busiz ham podshoning singlisini tanib qolgan edilar. Begim bilan otliq 
kelayotgan Hamida bonuga va Sultonim begimga yengil ta’zim bilan yo‘l berdilar. Bog‘ 
ichiga kirganlarni shig‘ovul tartib bilan turli yo‘lkalarga yo‘naltirib turibdi. 
Humoyun mingan fil bog‘ to‘ridagi ikki qavatli ko‘shk tomonga burildi. Hamidalar esa 
Jamna chetida langar tashlab turgan shohona kemalarga tomon yo‘l oldilar. 
Bu kemalarni haydaydigan eshkakchilar orasida Nizom ham bo‘lishi kerak. Hali kema 
sayrida Xonzoda begim uni Humoyun bilan tanishtirsa-yu, buni Nizom ham ko‘rsa... 
Hamida shuni o‘ylagan sari ko‘ngli bezovta bo‘lardi. 
* * * 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
19
 
Fil baland shohsupaga yonini berib to‘xtagach, Humoyun uning ustidan tushdi-da, 
ko‘shkning ikkinchi qavatidagi qabulxonaga kirdi. 
Bugun bayram bo‘lsa ham, davlat ishi tanaffus bilmaydi. U kema sayriga chiqishdan 
oldin kechiktirib bo‘lmaydigan favqulodda ishlar bo‘yicha ko‘rsatmalar bermog‘i kerak. 
Gilam ustida tikka turgan ko‘yicha Turdibekdan so‘radi: 
— Sharqdan ne xabar bor? 
— Hazratim, Sherxon Chunorga hujum boshlabdir, qal’a ichidagilar qamalda qolmishlar. 
Hozir kelgan axborotga qaraganda, biznikilarning ahvoli tang. Tezda yordamga yetib 
bormasak, qal’a ilikdan chiqishi mumkin. 
Otda Chunorgacha o‘n besh kunlik yo‘l. Humoyun o‘zi bor qo‘shinini boshlab bormasa 
boshqa hech bir bek Sherxonga bas kelolmaydi. Bir yilda bir keladigan navro‘z kunini 
ham xotirjam o‘tkazib bo‘lmasligi Humoyunga juda malol keldi: 
— Chunordagilar vahima qilmasin! — deb kesib-kesib gapirdi: — Qal’a devorlari 
mustahkam! bultur biz bu qal’ani qamal qilganda Sherxon uch oygacha darvoza 
ochtirmagan edi! Nahotki biznikilar bir oyga ham bardosh berolmasalar? Qal’a 
boshlig‘iga hoziroq maxsus chopar bilan farmoyish yuboring! Himoyada qattiq tursinlar. 
Biz bir oyga qolmay yetib borgay-miz! 
— Bosh ustiga hazrati oliylari! 
Turdibek ta’zim qilib orqasi bilan yurib eshikdan chiqqach, Humoyun shohnishinga o‘tib 
o‘ltirdi. Arkoni davlat odatdagiday uning o‘ngu so‘liga tizilgandan keyin shig‘ovul boshqa 
mamlakatlardan kelgan elchilarni boshlab kirdi. 
Birinchi bo‘lib kirgan Eron vakillai taxtga yaqin eng mo‘tabar o‘ringa o‘tkazildi. Humoyun 
otasining shoh Ismoil bilan boshlangan hamkorligini uning o‘g‘li Taxmasp bilan davom 
ettirmoqda edi. Buxorodan kelgan shayboniyzodalar elchisi Eron vakillarini ko‘rarga 
ko‘zlari yo‘q. Ammo Humoyun ular bilan ham savdo-sotiq qiladi, mamlakat ichi shunday 
parokanda va notinch bo‘lib turganda shimoliy chegaralarda yana urush chiqib ketmasin 
uchun shayboniyzodalar yuborgan elchilarning ko‘nglini olishga intiladi. Shuning uchun 
Buxoro elchisi podshoning chap tomonidagi mo‘tabar joylardan biriga taklif etildi. 
Humoyun Eron va Turon elchilarini bugungi daryo sayliga o‘zi bilan bir kemaga o‘tkazib 
olib boradigan bo‘lgan. 
Kemaga eng nufuzli a’yonlar ham chiqishi kerak, joy esa hisobli. Buning ustiga uzoq 
Portugaliyadan sovg‘a-salom bilan kelgan Alvaro Pakavira ham bugun Humoyunning 
huzuriga kirishga ruxsat so‘ragan. Humoyun yevropa mamlakatlarini bir-biridan ko‘pda 
farq qilmas, ularning hammasini Farangiston deb atar edi. Shig‘ovulga: 
— Farangiston elchisini chorlang! — deb buyurdi. 
Shimi tizzasidan pastga tushmaydigan, qimmatbaho shohi paypoqlari boldiriga yopishib, 
oyog‘i shildinglab ko‘rinadigan, chiroyli qora mo‘ylovlari o‘ziga yarashgan Alvaro 
Pakavira qora shlyapasini o‘ng qo‘liga oldi-da, o‘sha qo‘lini shlyapa bilan pastga sermab, 
ta’zim qildi. Orqaroqda Pakaviraning mulozimi silliq qizg‘ish yog‘ochdan jimjimali qilib 
yasalgan uzun bir g‘ilofni ko‘tarib turibdi. Pakavira forsiy so‘zlarni portugalcha ohangda 
talaffuz etib dedi: 
— Bugungi navro‘z ayyomida biz Hindistonning ulug‘ hukmdori Humoyun hazratlariga 
Portugaliya ustolari oltin-u kumushlar bilan bezagan jangovar bir qurol keltirdik! — 
Pakavira g‘ilofdan kartech solib otiladigan yo‘g‘on quvurli miltiq oldi: — Buning 
qo‘ndog‘iga Hind ummonining sadaflari qadalgan, quvuri ispan kumushi bilan bezatilgan. 
Tepkisi esa Portugaliyaning sof oltinidan yasalgan! 
Bek-u a’yonlar birdan jonlanib, Pakaviraning qo‘lidagi qurolga qiziqib ko‘z yugurtirdilar. 
Bundan dadillangan Pakavira sovg‘asini podshoga o‘z qo‘li bilan topshirmoqchi bo‘lib, 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling