Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet14/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
86
— bo‘lmasa, yoz o‘tguncha uch-to‘rt oy tavakkal qilib shu yerda qolurmiz, — dedi u, — 
Sherxon yaqin oylarda bu tomonlarga qadam bosolmas. Akbar sal kuchga kirguncha siz 
shu Oynaboqda bemalol turing. 
— Siz-chi? 
— Men qo‘shin ichida — qarorgohda bo‘lurmen. Ilgari davlat-u mamlakatimni yog‘iydan 
himoya qilar edim. Endi mening eng katta davlatim — Akbar bilan siz. Bir o‘g‘il-u yetti 
onani mamlakatim kabi himoya qilg‘aymen! 
Humoyun sahar payti qirq mil naridagi qo‘shin qarorgohiga ketganicha uzoq vaqt qaytib 
kelolmadi. Faqat ahyon-ahyonda: «Shoh Husayn bilan qattiq jang bo‘libdi», 
«Ravshanbek yaralanibdi», «Xadang eshik og‘a halok bo‘libdi», «Turdibek roja Virsal 
bilan urishib arazlashib qolibdi», degan xabarlar kelib turardi. Humoyundan kelgan 
xatlar ham ahvol tobora murakkablashayotganidan, agar Bayramxon Gujaratdan kelib, 
uning yoniga kirmaganda dushman Oynaboqqa ham bostirib kelishi mumkinligidan 
dalolat berardi. Nihoyat, Akbar to‘qqiz oylik bo‘lganda Humoyun o‘zi oynaboqqa keldi-yu, 
ko‘ch yig‘ishtirish haqida buyruq berdi. 
* * * 
 
Humoyun oilasi va mingtacha odamlari bilan Sind daryosida uch kun suzdi, Qandahorga 
boradigan karvon yo‘liga yetganda yuklarni kemalardan qirg‘oqqa tushirtirdi va tuyalar 
bilan xachirlarga orttirdi. Hinddan uzoqlashib, shimolga qarab borar ekanlar, o‘ng oylik 
Akbar soyabonli kajavaga mahkamlangan belanchakda nortuyaning bo‘yniga osilgan 
qo‘ng‘iroqning bir maromda jaranglashiga quloq solib yotib uxlashga o‘rgandi. 
Tog‘u cho‘llardan va yashil vohalardan o‘tib, xushhavo joylarda besh-o‘n kun to‘xtab, 
Qandahor viloyatiga yaqinlashganlari sari chinorlar, teraklar, sanobar daraxtlari tez-tez 
uchrardi. Bozor rastalarida xurmo bilan birga uzum, nok, naqsh olmalar ko‘zga 
tashlanardi. Bu yil sovuq erta tushgan, ko‘p daraxtlar aqrabning boshlaridayoq bargini 
to‘kkan, bog‘lardagi anjir va anorlarni qor-qirovlardan asrab, uyum-uyum tunroq tagiga 
ko‘mishgan edi. 
Hindiston issiqlarida yengil kiyinib, ochiq-sochiq yurib o‘rgangan odamlar qishi qattiq 
bo‘ladigan Qandahor yo‘lida erta tushgan sovuqlardan juda qiynalib qolishdi. Humoyun 
jubba deb ataladigan avralik po‘stinini yelkasiga oldi. Hamida bonu paxtalik kimxob to‘n, 
jun ro‘mol va mahsi kavush kiydi. Akbarning beshigi ustiga tuya junidan to‘qilgan qalin 
saqorlot govrapo‘sh yopilgan bo‘lsa ham, bolani emizgan paytlarida shamollab qoldi
burni bitib, pixillab, ko‘p yig‘laydigan odat chiqardi. 
Qandahorga yarim kunlik yo‘l qolganda Sarimastung degan qishloqda to‘xtadilar. 
Ko‘pchilik bek-u navkarlar odatdagiday o‘tov va chodirlar tikishib, qishloq chetiga 
joylashdilar. Humoyunning o‘zi va bolalik ayollar qishloq kalontarining* ichki-tashqi 
hovlisiga tushdilar. 
Uylar iliq, manqal deb ataladigan sandaliga bozillagan cho‘g‘ soldilar. Erkaklar o‘ltirgan 
tashqi uy mehmonxonasiga quyuq-suyuq ovqatlar tortildi. Uy egasi — mosh-guruch 
soqolli ozg‘in afg‘on dasturxonga omin qilingandan so‘ng dari* tilida: 
— Hazratim, xoli qiling, sizga aytadigan gapim bor,— dedi. 
Xonada Bayramxon bilan Turdibek bor edi, Humoyun ularga javob berdi. Shundan keyin 
kalontar ovozini pasaytirib: 
— Sizdek oliy mehmon mening kulbamga kelib tushganidan faqat sarfaroz bo‘lmog‘im 
mumkin edi,— dedi. — Ammo hozir sizning boshingiz ustiga to‘planayotgan xavf-xatarni 
o‘ylab bezovta bo‘lmoqdamen. 
— Yana qanday tahlika, janob kalontar? 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
87
— Siz Qandahorga iningiz Hindol mirzodan panoh istab bormoqdasiz, shundoqmi? 
— Taxminan shundoq. 
— Ammo Hindol mirzo bundan bir hafta oldin Qandahor hokimligidan bekor qilinganini 
bilurmisiz? 
— Yo‘g‘-e! Siz buni kimdan eshitdingiz? 
— Men kecha Qandahorda edim. O‘g‘lim Mirzo Askariyning dargohida sipohi. Komron 
mirzoning o‘zi ham Qandahorga kelganidan xabaringiz bordir? 
Humoyun buni ammasi Xonzoda begimning uch hafta burun yozib yuborgan xatidan 
bilgan edi. Yo‘lda ekanida qayta-qayta o‘qigan o‘sha maktubi hozir so‘zma-so‘z xotiridan 
o‘tdi: 
«Humoyunjon, men sizni jonimdan aziz ko‘rib, iltimosingiz bilan Kobuldan Qandahorga 
bordim. Har uchala iningizni bir joyga yig‘ib, hazrat otangizning vasiyatlarini eslatdim, 
kitoblarini ochib ko‘rsatdim. Sizni valiahd tayinlaganlarida, «olti hissa Humoyunga bo‘lsa, 
besh hissa Komronga bo‘lsin, hamisha bu qoidani mar’iy* tutib, mundin tajovuz 
qilmanglar», deb yozganlarini o‘qib berdim. Siz otangizning bu vasiyatiga doim amal 
qilganingizni, Agradaligingizda Komronga Kobul-u G‘aznidan tashqari Panjobni ham 
berganingizni aytdim. O‘sha paytda Mirzo Komron: «Otamiz menga besh hissa 
buyurganlar, og‘amizning mulki olti hissadan ham ortiq!» deb g‘avg‘o qilgan edi. Mana 
endi Sizda o‘shal olti hissaning bittasi ham qolmadi, Komron mirzo esa Badaxshon-u, 
Kobul-u, G‘azniga qanoat qilmay, Qandahorni ham o‘z hukmiga bo‘ysundirmoqchi bo‘ldi. 
Hindol mirzoga: «Qandahorda xutbani mening nomimga o‘qit!» deb buyurdi. Mening 
iltijolarim, oltmish olti yoshimda tog‘ yo‘llarida azob tortib G‘azni orqali Qandahorga shu 
adolatsizlikning oldini olay deb kelganlarim kor qilmadi. 
Ne til bilan aytayki, Komron mirzoni siz-u bizga adovat saqlab yurgan eng yomon 
odamlar o‘z ta’siriga olmishdir. Sizning saroyingizdan poraxo‘rlik qilib quvilgan Bopusxon 
hozir Komronning sohibixtiyor vaziri. Amir Bahlulga tuhmat qilib uni qatl ettirgan, keyin 
o‘zi zindonga tushgan Said Xalil Agradan kelib, Komron mirzoning saroyida diniy peshvo 
bo‘lib olmishdir. Bechora Nizomga xiyonat qilib uning g‘animlari oldida obro‘ orttirgan 
Afzalbek ham hozir Komronning ishongan amirlaridan biri. Qandahordagi Qorachaxon 
ham shu kunlarda Hindol mirzodan aynib, Bopusxon-u Said Xalillar tomoniga o‘tib olgan. 
Bular hammasi Komron mirzoni har qadamda ulug‘lab, «Siz Bobur mirzoning eng sohib 
iste’dod o‘g‘lisiz, podsholikka faqat siz munosibsiz», degan gaplarga uni astoydil 
ishontirib qo‘yganlar. Shu boisdan mening kuyib-yonib aytgan barcha gaplarim tosh-ga 
urilgan tig‘day hayf ketdi. Hindol iningiz: «Podsho og‘amiz tirik turganda xutbani Komron 
mirzoning nomiga o‘qitish mumkin emas!» deb oyoq tirab turibdir. Zora siz tezroq yetib 
kelsangiz-u bu talash-tor-tishlarni bartaraf qilsangiz. Ko‘zim tirikligida sizning inilaringiz 
bilan inoq, ittifoq bo‘lganingizni ko‘rsam dunyodan bearmon ketardim». 
Humoyun bu xatni olganiga ikki hafta bo‘ldi. shundan beri uni eng qattiq xavotirga solib 
yurgan yangilik — Said Xalil va Afzalbekday ashaddiy dushmanlari Komron mirzoning 
pinjiga kirib, uning ishonchli odamlariga aylanib olganligi edi. Ayniqsa, Said Xalil 
Humoyundan zindon qasdini olish uchun hech narsadan qaytmasligi aniq. Humoyun 
bolaligi o‘tgan Kobulga borishga, otasining qabrini ziyorat qilib, uning ruhidan madad 
so‘rashga qanchalik ishtiyoqmand bo‘lmasin, ammasining xatini o‘qigandan so‘ng u 
yoqlarga qadam bosmaslikka qaror berdi. U Qandahorga ham xavotir bo‘lib, ehtiyot 
bilan yaqinlashmoqda, lekin har qalay, Hindol mirzo shu yerda bo‘lsa yordam qo‘lini 
cho‘zar degan umidda edi. 
— Hindol mirzo hozir Qandahordami?! — so‘radi u kalontarning so‘zidan iztirobga tushib. 
— Yo‘q. U kishi ilgarilari Qandahorning yozgi issiqlaridan shikoyat qilgan ekanlar. Yozda 
bu yerlarning jaziramasi chindan ham qattiq bo‘lur, Komron mirzo inilariga shuni 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
88
eslatibdirlar. «Mayli, sizga salqin joy beray, G‘azniga hokim bo‘ling, mirzo Askariy 
Qandahorga kelsin», debdilar. Hindol mirzo bu gapning yolg‘onligidan bexabar, Komron 
mirzoning taklifiga rozi bo‘libdilar. Qandahordan kuch ortib G‘azniga borsalar, darvozalar 
berk. Ichkaridan bir odam chiqib, Komron mirzoning yangi farmonini Hindolga 
ko‘rsatibdilar. Bu farmonga binoan Hindol mirzo G‘azniga emas, Haybar dovonidan 
naridagi notinch Sayfiy* joylarga — Lamg‘anot bilan Tangihoga hokim tayinlanibdir. 
— O noinsof-ey! — g‘azab bilan dedi Humoyun. — Komronning o‘zi hali 
Qandahordamikin? 
— Yo‘q, o‘tgan juma namozida Said Xalil kelib xutbani Komron mirzoning nomiga 
o‘qigandan keyin Kobulga qaytib ketdi. 
— Xonzoda begim-chi? 
— U kishi ham yig‘lab-yig‘lab Kobulga jo‘nadilar. 
— Demak, Qandahor ixtiyori hozir Mirzo Askariyda? 
— Ha, — kalontar shivirlab davom etdi. — Menga o‘g‘lim aytdi. Komron mirzo maxfiy 
farmon berib ketibdirlar. Sizni tuttirib, hibs qilishmoqchi emish. Xundor dushmanlaringiz 
bor ekan. O‘shalarga qo‘shib hajga jo‘natmoqchi emishlar. 
Humoyun shuncha uzoq yo‘l yurib, inilaridan panoh istab kelsa-yu, endi manzilga yetdim 
deganda dahshatli xatarning ustidan chiqsa! Agar kalontarning gapi rost chiqib, uni 
hajga jo‘natsalar, himoyasiz qolgan odamni xundor dushmanlari yo‘lda o‘ldirib ketishlari 
hech gap emas! 
— Nahotki inilarim mening qonimga shunchalik tashna bo‘lsa? — o‘rtanib dedi Humoyun. 
— Balki bu bir vahimali ovozadir? 
— O‘g‘lim menga maxfiy buyruq bor, dedi... Hazratim, uyimning to‘ri sizniki. Malikangiz 
yosh bolali ekanlar. bu sovuqda qayoqqa ham borgaysiz? Agar tavakkal qilib 
turaveramiz desangiz — bosh ustiga. Lekin o‘g‘lim menga, «zinhor og‘zingizdan 
chiqarmang», degan edi. Bu sirni men faqat sizga ishonib aytdim. 
— Xotirjam bo‘ling. Buni mendan boshqa hech kim bilmagay! 
— Xudo hofiz! — deb kalontar yuziga fotiha tortib o‘rnidan turdi. 
Inilari uni o‘limga mahkum etganini Humoyun hech aqliga sig‘dirolmasdi. Xafalashish, 
arazlashishlar bo‘lib turadi. Lekin Humoyun ularga biron yomonlik qilgani yo‘q-ku. Askar 
yig‘ib, Kobulga tajovuz qilib bormasa, yosh bolali xotini bilan tinch bir joy izlab 
kelayotgan bo‘lsa. Nahotki shunday katta mamlakatning bir go‘shasini o‘z inilari undan 
ko‘p ko‘rishadi? «Oddiy odam bo‘lsang eding, bir sholchaning ustiga ham sig‘ar eding, — 
degan o‘y ko‘nglidan o‘tdi. — Hamma balo sening podsholigingda. Qandahorda xutbani 
Komronning nomiga o‘qitish shunchalik qiyin bo‘lgani — sening tirik yurganing tufaylidir. 
Said Xalilu Afzalbeklar o‘z maqsadlari yo‘lida hech qanday razolatdan qaytmasligini 
Agrada Amir Bahlul bilan Nizomning boshiga tushgan falokatlarda ko‘rgan eding-ku». 
Fikri shu joyga yetganda Humoyun ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘yishga qaror berdi va 
ichki hovliga — Hamida bonu bilan Akbarning oldiga yo‘naldi. Bola yo‘lda yana battar 
shamollagan: yo‘talib, g‘ashlik qilib yig‘lardi. Humoyun kirishi bilan Mohim bibi Akbarni 
Hamida bonuning qo‘lidan oldi-da, narigi uyga olib chiqib emiza boshladi. 
Manqalning issig‘idan yuzlari qizargan Hamida bonu: 
—Xudoga shukur-ey, yo‘l azobi tugay deb qoldimi, hazratim? — dedi. — Qandahorga 
yetsak, barcha mashaqqatlardan forig‘ bo‘lg‘aymizmikin? 
Humoyun indamay uni ikki yelkasidan oldi-da, yuzini o‘ziga qaratib, ko‘zlariga ma’yus 
tikildi. 
—Bardam bo‘ling, Hamidam! Kajraftor falak bizni yana yangi to‘fonlarga duchor qilsa 
yonimda mardona turib berursiz, degan umidim bor. 
— Voy, yana biron shum xabar keldimi? — rangi quv o‘chib so‘radi Hamida. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
89
— Qo‘rqmang, balki bu yolg‘on ovozadir. Har ehtimolga qarshi, qimmatbaho 
narsalaringizni, issiq kiyimlaringizni yig‘ib tayyorlab qo‘ying. 
— Akbarning narsalarini ham yig‘ishtiraylikmi? Enagalar... 
— Bola qattiq tumovlagan ko‘rinadir. Buni keyin o‘ylashurmiz. Haramda beluj ayol 
bormidi? 
— Hasanali eshik og‘aning xotini beluj. Sora bibi degan. 
— O‘shanga sekin ayting. Siz bilan shay bo‘lib tursin. 
— Lekin men Akbarni tashlab ketolmagaymen!.. 
— Buni o‘ylashgaymiz dedim-ku. Vahima ko‘tarilmasin, boshqa hech kimga aytmang. 
Humoyun yoqasining tugmasini yechdi-yu, ichki kuylagining yashirincha qo‘yin 
cho‘ntagidan baxmal tumorchaga o‘xshash uchburchak narsani oldi. Atrofi-ga ko‘z 
tashlab, uy va ayvonda boshqa hech kim yo‘qligiga amin bo‘lgach, baxmal tumorchani 
Hamida bonuga uzatdi: 
— Xazinalar bo‘shab qolganini bilursiz. Otamdan meros qolgan Ko‘hinur olmosi mana 
shu tumorda. Har ehtimolga qarshi bu sizda tursin. 
Tumorcha kichik bo‘lsa ham vazni og‘irgina edi. Hamida bonu uni qo‘liga olganda 
Humoyun qo‘shib qo‘ydi: 
 — Yana bitta yirik olmos bilan Badaxshondan keltirgan besh-oltita nodir la’llarim ham 
shuning ichida. Hammasining qiymati katta bir davlatning ikki-uch yillik daromadicha 
bor. Men ham valiahd o‘g‘limga munosib meros qoldiray degan orzu bilan bu la’l-u 
gavhalarni qancha xatarlardan asrab olib o‘tdim. Endi bularni sizga ishonib 
topshirmoqdamen. O‘zingizdan boshqa hech kim bilmasin. 
Hamida bonu tumorchani ikki qo‘llab ko‘kragiga bosgan holda hayajon bilan gapirdi: 
— Mening bezovta dilimga bu ulkan ishonchingiz madad bergay, o‘g‘limizga atalgan 
omonatingizni ko‘z qorachig‘iday asragaymen. Faqat Akbarning o‘zi men uchun 
dunyoning barcha javohirlaridan azizroq! 
— Men uchun ham shundoq, Hamida! Akbar uchun jonimni ham ayamaymen! 
 
_______________ 
* K a l o n t a r — eng katta degani, ya’ni qishloq oqsoqoli. 
* D a r i — fors tilining Afg‘onistonda ko‘proq tarqalgan bir turi tojikchaga yaqin. 
* M a r ’ i y — qonuniy. 
* S a y f i y — qilich kuchi bilan soliq to‘laydigan, itoatdan chiqqan joy.
 
* * * 
 
Yo‘llarda to‘xtab-to‘xtab, Sinddan Qandahorga yetib kelgunlaricha ikki oy o‘tgan, bu 
orada bir qism odamlar yo‘l azoblariga bardosh berolmay kasallangan, yana bir qismi 
boshqa hukmdorlar huzuriga ketib qolgan edi. Hozir qarorgohda askar-u sipohilar bola-
chaqasi bilan besh yuzga yetar-etmas, ularning hammasiga Bayramxon bosh bo‘lib turar 
edi. 
Humoyun sakkiz burchaklik katta oq o‘tov oldiga kelib otdan tushdi. Eshikdan peshvoz 
chiqqan devqomat Bayramxon katta oq cho‘girmali boshini egib, uni ta’zim bilan kutib 
oldi-da, ichkariga boshladi. 
Humoyun kalontar aytgan sirni hech kimga bildirmaslikka so‘z bergan bo‘lsa ham, lekin 
Bayramxon hozir uning eng yaqin hamrozi edi. Shuning uchun u bilan yakkama-yakka 
o‘tirib bor gapni birma-bir aytib berdi: 
— Agar inilarim menga qarshi qilich yalang‘ochlaydigan bo‘lsa, haj yo‘lida emas, jang 
maydonida o‘ldira qolsinlar! Men uchun ham qo‘lda shamshir bilan o‘lish afzal emasmi? 
Barcha sodiq yigitlarimizni jangga tayyorlang. 
Bayramxon ulkan cho‘girmasini sarak-sarak qilib bosh chayqadi: 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
90
— Hazratim, men o‘n to‘rt yildan beri xizmatingizda yurib, eng xatarli janglaringizga 
ham birga borganmen. Ammo og‘a-inilarning birodarkushlik jangini sizga ham, o‘zimga 
ham zinhor munosib ko‘rmasmen. 
Bayramxon Humoyundan sakkiz yosh katta edi. So‘nggi yillardagi asirlik kulfatlaridan 
yuzida ajinlar ko‘paygan, yoshi qirqdan oshib, qalin qora soqoliga oq oralab qolgan edi. 
— Mayli, buyrug‘ingiz bilan men barcha bek-u navkarlarni shay qilib qo‘yay, ammo 
jangni emas, biron bexatar joyga ketishni o‘ylamoq darkor. 
— Bu qish sovug‘ida qayoqqa borurmiz, janob Bayramxon? 
— Shomilistonga* boraylik. Shimol tomoni Seyiston, Hirot. Hozir Hirot ham shoh 
Tahmaspning qalamravida. Bu shoh bilan yoshlikda ko‘rishgansiz, otasi otangiz bilan 
ittifoqdosh do‘st edi. Agraga shoh Tahmaspning elchilari borgan-da izzat-ikrom bilan 
kutib olgan edingiz, katta sovg‘alar berib kuzatgan edingiz. Shohga ham siz-u bizdek 
jangovar ittifoqdoshlar juda kerak. Chunki shayboniyzodalar shu kunlarda Hirot-u 
Xurosonni shohdan tortib olish harakatida shimoldan tahdid solmoqda emishlar. Biz 
Tahmaspning yoniga kirsak, shohning dushmanlari tajovuzdan hayiqib qolishlari 
mumkin. 
— Ammo o‘zimizning shuncha viloyatlarimiz turganda safaviylar yurtiga sig‘indi bo‘lib 
borish... 
— Ular begona emas, hazratim. Shoh Tahmasp o‘zimizning ozarbayjonlik. Bundan 
yigirma to‘rt yil burun Tabrizga borganim yodimda turibdir. Siz o‘shanda o‘ng bir yoshda 
edingiz, balki eslarsiz? Safaviylar ham o‘zimizning turkiy ulusdan. Bobur hazratlari Shoh 
Ismoil bilan tarjimonsiz bemalol so‘zlashgan edilar. 
— Ammo johil qizilboshlar hazrat otamdan qasd olmoqchi bo‘lganlari yodingizdami? 
Go‘yo G‘ijduvonda shayboniyzodalar bilan qizilboshlar orasida bo‘lgan jangda mening 
otam Najmi Soniyga xiyonat qilgan emish, shuning natijasida u o‘ldirilgan emish! 
Holbuki, Najmi Soniy otamning o‘zini ham yo‘q qilmoqchi bo‘lgan ekan. Qarshida qatliom 
e’lon qilib, yetti yoshdan yetmish yoshgacha begunoh aholini qirdirgan ekan. 
— Shoh Ismoil buni bilar edi, «ayb Najmi Soniyning o‘zida», — deb Tabrizda otangizni 
himoya qilgani yodingizda bordir. 
— Shoh ismoil hozir yo‘q. Shoh Tahmaspga mute bo‘lib borish... xatardan xoli emas, 
janob Bayramxon. 
— Xatar bu yerda ko‘proq. Axir siz shoh Tahmasp bilan bitim tuzgan edingiz, og‘ir 
paytda ikkovlaringiz bir-birlaringizga ko‘mak berish haqida ahdlashgan edilaringiz. 
— Shu ahdlar esida bormikin? 
— Unutgan bo‘lsa eslatmog‘imiz mumkin. 
Humoyun Bayramxonni shoh Tahmaspga elchi qilib yuborish haqida o‘ylab, bir lahza jim 
qoldi. 
Shu payt tashqarida ot dupuri va allakimning hovliqib: 
— Hazratim qanilar? — degan xitobi eshitildi. 
Humoyun ovozni tanib: 
— Yo‘lchibekmi? — dedi. — Men o‘zim uni kutib yurgan edim. Ayting, tez kirsin. 
Yo‘lchibekni Humoyun bundan uch hafta burun ammasi Xonzoda begimning maktubini 
olgandan so‘ng Qandahorga xufiya qilib jo‘natgan edi. «Agar bizga biron xatar borligini 
aniq bilsang, darhol xabarini yetkaz», deb tayinlagan edi. 
Sovuqdan ot choptirib kelguncha mo‘yloviga qirov inib, oqarib qolgan Yo‘lchibek o‘tov 
eshigidan kirdi-yu, yerga o‘zini tashlab tiz cho‘kdi: 
— Shum xabar keltirdim, Hazratim! Tezroq shaylaning! Iningiz Askariy ikki ming qo‘shin 
bilan sizni tutmoqchi bo‘lib bostirib kelmoqda! 
Humoyun va Bayramxon o‘rinlaridan sakrab turishdi: 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
91
— Qayerda ko‘rdingiz? 
—Bundan besh toshcha* narida. Men yetib kelgunimcha ancha vaqt o‘tdi. Bir-ikki soat 
o‘tmay yetib kelsa kerak. Niyati yomon. Shafqatsiz farmon berilganini ishonchli odami 
aytdi! 
Humoyun Bayramxonga yuzlandi: 
— Darhol odamlarni yig‘ing! Hasanali eshik og‘a, Turdibek, Mirbobo Do‘st, Yoqub qo‘rchi, 
yana kimki astoydil sodiq bo‘lsa birga yursin. Istiqbol yomon, yo‘limiz xatarli! Men 
xaylxonaga boray! 
Humoyun namozshom paytida ot choptirib kalontarning uyi tomonga borar ekan, tog‘ 
tomonidan achchiq izg‘irin esayotganini, guruchday-guruchday qattiq qor donalarini 
shamol yuziga jazillatib urayotganini sezdi-da, «Akbarni olib chiqsak nobud bo‘lg‘ay!» 
degan tahlikali o‘y xayolidan o‘tdi. 
Ichki hovliga kirib, mumkin qadar bosiq tovush bilan: 
— Begim, ot tayyor, issiqroq kiyinib chiqing, — dedi. 
Agrada moskoviyalik savdogar taqdim qilgan suvsar po‘stinni Humoyun hamida bonuga 
bergan edi. Kanizagi Aminat unga shu po‘stinni kiydirayotganda Hamida bonu yoshli 
ko‘zlarini Humoyunga tikdi. Yig‘lab iltijo qildi: 
— Akbarjonni birga olaylik! 
— Begim, meni muncha ezmang. Boya tushuntirdim. Xudo xohlasa, erta-indin qaytib 
kelurmiz. Sovuq yomon, bola o‘zi kasal. Mohim bibi qarab turgay. — Humoyun bolaning 
beshigi oldida turgan Mohim bibiga yuzlandi: — Singlim, hamida yo‘g‘ida siz Akbarga 
onalik qiling. Javhar oftobachi ham besh-o‘nta sodiq odamlarimiz bilan shu yerda qolib, 
Akbarning xizmatini qilgay. Agar kechasi Askariy kelib, ozor bermoqchi bo‘lsa... hazrat 
otamizning arvohlarini o‘rtaga solib ayting, Akbarga ham, enagalarga ham yomonlik 
qilmasin. Bolada ne ayb? Qanday alami bo‘lsa mana, men bormen! — Bu so‘zlar 
davomida Hamida bonu jun ro‘molini boshiga soldi, lekin o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi, 
chopib borib Akbar belangan beshikni quchoqladi: 
— Men bolamni xavf-xatarga qanday tashlab ketgaymen, musulmonlar! Bu qanday 
ko‘rgulik? 
Onaning iztirobi bolaga o‘tdi-yu, Akbar beshikda yotgan ko‘yicha chirqirab yig‘ladi. 
Humoyun Hamida bonuga: «Bo‘lmasa bola bilan qoling!» demoqchi ham bo‘ldi. Boya u 
xotiniga gavhar va la’llarni berganda, «bular mensiz qolsa xor bo‘lmasin, ilikka tushsam 
tintib qo‘ynimdan topib olishgay», degan fikr ko‘nglidan o‘tgan edi. Eng og‘ir kunlarda 
taqdirning barcha zarbalariga bardosh berish uchun suyukli xotini yonida bo‘ishi kerak 
edi. Hamida bonusiz istiqbol unga keraksiz va ma’nosiz tuyulardi. Shuning uchun: 
— Bas, yig‘lamang, men qolgaymen! — dedi va qilichining sopini changalladi: — Menga 
bunday ayriliq dahshatidan ko‘ra qilich bilan jon bermoq afzal! Oxirgi nafasim qolguncha 
siz bilan Akbarni himoya qilgaymen! 
U chopib ayvonga chiqqanida darvozaxonadan Bayramxonning tovushi keldi: 
— Hazratim! Odamlar yig‘ildi! Tezroq bo‘ling! Yog‘iy yaqin! 
— Yog‘iy yaqin bo‘lsa jang qilg‘aymiz! 
— Ikki ming yog‘iyga qanday bas kelurmiz, hazratim? Qirqtagina bek-u navkar 
to‘pladim, xolos! 
Bu so‘zlarni eshitib turgan Mohim enaga tez Hamida bonuning yoniga keldi: 
— Voy o‘lay, hazratimning qoniga zomin bo‘lmang yana, hazrat begim! Akbarjonga men 
ham onamen! Jiji enaga bor! Poychajon enaga bor! 
Ruparani Umarqutda qolgan, enagalardan yana ikkitasi Qandahorga yetib kelolmagan, 
lekin hozir Mohim tilga olgan uch ona bolaga jonini bergudek mehribon. Akbarning 
ko‘kaldoshlari Adham, Aziz va Zayniddinlar ham shu yerda qoladi. Bolani bu qish 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
92
sovug‘ida olib ketib bo‘lmasligi aniq. 
Hamida bonu Humoyunga ajdahoday og‘iz ochib kelayotgan xavf-xatarning butun 
dahshatini endi ko‘z oldiga keltirdi. Beshikdagi Akbarni quchoqlab, yuzini bolaning yuziga 
bosib xayrlashdi-yu, Humoyunning ketidan hovliga chopib chiqdi. Ko‘z yoshlarini kafti 
bilan artib Humoyunning yoniga keldi: 
— Ayting, menga ham ot keltirsinlar! 
Bu orada Hasan eshik og‘aning xotini Oysha bibi ham otlanib, tayyor bo‘lib turgan edi. 
Qirqtacha erkak orasida shu ikki ayol g‘o‘ra qorni qayirib urayotgan izg‘iringa qarshi 
yurib, oqshom g‘ira-shirasida Sarimastungdan chiqdilar-u shimoli sharqdagi qorli 
tog‘larga qarab yo‘l oldilar. Havo nihoyatda sovuq. Kechasi tog‘ etagidagi o‘rmonzorga 
yetganlarida tun qorong‘isi juda quyuqlashib ketdi. Aylanma tog‘ so‘qmog‘ini topish qiyin 
bo‘lib qoldi. 
— Odamlar ham juda sovqotdi, — dedi Turdibek.— Hazratim, to‘xtab bir gulxan 
yoqsakmikin? 
— Pastdan bizni quvib kelayotgan bo‘lsalarchi? — dedi Humoyun. — gulxan yorug‘i bizni 
tutib bergay. Tepalikdan oshib, panaroq joy topmog‘imiz kerak. 
Tepalik bo‘lib ko‘ringan joy ancha baland dovon ekan. Qor urib turibdi, yurish qiyin, otlar 
hansiraydi. Ravshan ko‘kaning oti sirg‘anchiq joyda yiqilib, orqa oyog‘i qirrali toshga 
shunday qattiq urildiki, cho‘loqlab, yurolmay qoldi. Ravshanbek otdan tushib uni 
yetaklab bora boshladi. 
Tun yarmidan oshganda dovondan naridagi qoyatoshlar panasiga o‘tib, qor uncha 
tegmay qorayib turgan tog‘ kamarlari oldida to‘xtadilar. Yigitlar birpasda o‘tin olib kelib 
gulxan yoqdilar. Bu o‘rmonda bolut daraxti ko‘p edi, uning archanikini eslatadigan nina 
barglari xo‘l bo‘lsa ham gulxanda charsillab yonardi. Atrofga sal yorug‘ tushgandan keyin 
tog‘ pistasining daraxtlari ham ko‘rindi, yigitlar uning olovi taptlik bo‘ladi deyishib, 
qurigan shoxlarini sindirib gulxanga tashladilar. Humoyun bilan Bayramxon uchun 
yetovda to‘rtta salt ot bor edi. Humoyun shulardan birini Ravshanbekka berdi. 
— Cho‘loq ot endi yo‘lga yaramagay, uni so‘yinglar, — deb buyurdi. 
Odamlar kechki ovqatni yeyishga ulgurmay yo‘lga chiqishgan, hozir ularni ochlik ham 
qiynamoqda edi. So‘yilgan otning go‘shtini pishirish uchun qozon topolmadilar. 
Bayramxon bolut novdalarini pichoq bilan tozalab, six o‘rnida ishlatdi-da, ot go‘shtining 
yaxshi joylaridan pista cho‘g‘ida kabob qildirdi. Navkarlar ot go‘shtini dubulg‘alariga solib 
gulxanda qovurib yedilar. 
Hamida bonu och qolganini ham bilmas, ishtahasi yo‘q, beshikda qolgan bolasi ko‘z 
oldidan ketmaydi. Sahar palla gulxandagi pista cho‘g‘ining issiq tapti elitib, o‘ltirgan 
holda ko‘zi ilinibdi. Tushida o‘ng oylik Akbarni cho‘miltirayotgan emish. Bola sog‘, 
quvnoq, «Xayriyat-ey, yonimda ekan, tuzalib ketibdi!» deb, quvonib ko‘zini ochsa, 
atrofida qorli o‘rmon, gadir-budur qoyatoshlar, sovuqda diydirab turgan ot va xachirlar. 
Voqelikka qaytdi-yu, ayrilq dardi yana yangilanib, birdan ko‘zlariga yosh qalqdi. 
O‘sha kuni Javhar oftobachi boshliq o‘ttiztacha odam Qandahorda qolgan chodirlar, 
boshqa zarur buyumlarni olib kelib, ularga qo‘shildilar. 
— Sizlar juda vaqtida ketgan ekansizlar! — dedi Javhar. — Ketlaringdan ikki soat o‘tar-
o‘tmas mirzo Askariy katta qo‘shin bilan bostirib keldi. To‘rt tomonga izg‘ib sizlarni 
axtardi. Bizdan so‘ragan edi, «ovga ketganlar», dedik. Keyin Akbar yotgan uyga kirdilar. 
Xotinlari Saltanat begim ham birga kelgan ekanlar. Mohim enaga ikkovlarining oyog‘iga 
yiqilib: «Akbarni o‘z farzandingiz o‘rnida ko‘ring!» deb iltijo qildi. Askariy dag‘alroq javob 
bergan edi, Saltanat begim oraga tushdilar. Akbarni iliklariga olib erkalatdilar, «men 
buni enagalari bilan o‘z tarbiyatimga ol-gayman», deb Qandahorga olib ketdilar. Buni 
ko‘rib ko‘nglimiz sal tinchidi-yu, yashiriqcha yo‘lga chiqdik. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling