Humoyun va akbar
Download 1.29 Mb. Pdf ko'rish
|
avlodlar dovoni ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi 79 kelganiga men ham tan berdim. Rana Virsal Humoyunning bu achchiq haqiqatni qiynalib aytganini sezdi-yu, unga tasalli bergisi keldi. — Sherxonning harbiy ustunligi hozir yana ham o‘sgan. Lekin harbiy ustunlik — pulga yollanadigan qo‘shin selday tez ko‘payib, yana selday tez tugashi mumkin. Ma’naviy ustunlik — har qanday sharoitda ham mard, tanti, insofli bo‘la olish qobiliyati. Bu ustunlik daryo suvi kabi buloqlardan, qor suvlaridan, irmoqlardan yig‘ilib, ko‘payadi. Ishonamenki, Sherxondagi selday muvaqqat ustunlikdan ko‘ra, sizdagi ma’naviy ustunlik daryoday uzoq umr ko‘rgusidir. Rana Virsal fors tilini yaxshi bilar, lekin Humoyun uning hurmati uchun ko‘proq hindcha tilda gaplashar va mezbonning yaxshiliklarini qanday qilib qaytarishni o‘ylar edi. Umarqutning janubida Gujarat, shimolida Sind va shimoli sharqda Rajastxon joylashgan. Atrofdagi bu viloyatlarning hammasiga nisbatan bir necha barobar kichik bo‘lgan Umarqut — o‘zicha bir mustaqil davlat, qo‘shini ham o‘ziga yarasha oz, Shoh Husayn arg‘un Jun daryosi bo‘yidagi Umarqutga qarashli joylarni bosib olib, o‘z mulkiga aylantirganiga bir yil bo‘ldi. Ammo bosib olingan qishloqlardagi rajputlar shoh Husayn qo‘yib ketgan zolim amaldorlardan bezor bo‘lgan, Rana Virsalga vakillar yuborib, Umar- qutga qaytadan qo‘shilish istagini bildirishmoqda. Rananing o‘zi ham otameros yerlarni bosqinchilardan ozod qilish niyatida ikki mingdan ortiq qo‘shin to‘plagan. Humoyun Rana Virsalning shoh Husaynga qarshi yurish qilish niyati borligini eshitdi-yu, «biz ham yordamga borsakmikan?» deb beklari bilan maslahat qildi. Biroq Humoyunning mingga yaqin navkarlari sahrodan o‘tib kelguncha juda abgor bo‘lgan, ko‘plarining ot-ulovi yo‘q, kiyimlari to‘zigan. Umarqutda yegulik narsalar arzon, bir rupiyga ikkita qo‘y berar, ammo ulov qimmat, yaxshi otni yuz rupiyga ham olish qiyin. Humoyun xazinasida qolgan oltinlarini chamalab ko‘rsa, muhtoj navkarlarga ot olib berish va maosh to‘lashga yetmaydi. Xufiyalar unga Turdibekda ikki sandiq oltin borligini aytishdi. «Sizning xizmatingizda yurib shuncha boylik orttirgan, siz uning oltinini musodara qilib, navkarlarga ulashishga haqlisiz», deganlar ham bo‘ldi. Lekin Humoyun o‘ng besh yildan beri o‘z xizmatida yurgan Turdibek Turkistoniyga yomonlik qilishni istamas edi. Turdibek dag‘alroq va mumsikroq bo‘lsa ham, shuncha yildan beri sadoqat saqlab kelar, Tar sahrosidan o‘tish azobini ham birga kechirgan edi. Shuning uchun Humoyun uni xirgohga chaqirib ikki yuz ming rupiy oltin qarz so‘radi. Turdibek tezda javob bermay, ajin tushgan peshonasini ishqadi, siyrakkina cho‘qqi soqolini ezg‘iladi. — Hazratim, axir xazinangiz bor-ku. — Xazinaga kon bitsinmi, bek. Agradan chiqqanimizdan beri daromad yo‘q. Nuqul sarfladik. Navkarlarga durustroq maosh to‘lashim kerak. Ot qimmat. Yaxshi kunlar kelsa qarzingizni ortig‘i bilan qaytargaymen. — Ortig‘i bilan? Ya’ni, qancha ortig‘i bilan qaytarursiz? Humoyun Turdibekni hazil qilyapti deb, ko‘zlariga qaradi, yo‘q, bekning qalin qovoqlari orasidan qarab turgan qo‘ng‘irtob ko‘zlari ham, siyrak mo‘ylovi tagida qimtilib turgan labi ham jiddiy edi. — Xo‘p, o‘zingiz qancha ortig‘i bilan olishga rozisiz? — O‘nga o‘ng ikki. Humoyun ikki yuz ming rupiyni ikki yuz-u qirq ming qilib qaytarishini o‘ylaganda sudxo‘rlar esiga tushdi. Lekin hali u buncha pulni qaytaradigan bo‘lguncha bir yil o‘tadimi, besh yilmi — kim biladi? Turdibek ham ana shuni o‘ylab baland narx qo‘ygan edi. — Nachora? Mayli, nasib qilsa o‘nni o‘n ikki qilib qaytargaymen... Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 80 Shu tarzda qarz olingan pulning yuz mingi Humoyun bilan sahro azobini boshdan kechirgan barcha odamlarga maosh tarzida ulashildi. O‘zlariga ot va harbiy anjomlar olgan bek-u navkarlar xotinlari va qizlariga taqinchoqlar ham sovg‘a qilishdi. Chunki Umarqutga Arab dengizi yaqin bo‘lgani uchun uning bozolarida dengizdan olingan durlar, sadaflar va marjonlar juda arzon edi. Mezon kirgach, yoz issiqlari tugab, havo ham juda latif bo‘lib qoldi. Odamlar damini olgach, Humoyun Rana Virsal bilan uchrashib: — Ota yerlaringizni qaytib olishingizda biz sizga yordam bermoqchimiz, — dedi. — Barcha bek-u navkarlarimiz sizning qo‘shiningiz bilan birga yurish qilishga tayyor. Rana Virsal Hamida bonuning og‘iroyoq ekanini bilar, xotinidan «mehmon begimning oy- kuni yaqin emish», deb eshitgan edi. Shuning uchun Virsal Humoyunning gapidan xiyol taajjubga tushib: —Begimni... qoldirib ketgaymisiz? — dedi. — Ha, yuzga yaqin odam begimning xizmatida bo‘lgay, maharoja, biz sizning oilangizga xuddi o‘z oilamizga ishongan kabi ishonurmiz. bu gapdan ta’sirlangan Rana Virsal: — Undoq bo‘lsa, men ham sizga o‘z qo‘shinimni ishonib topshirgaymen. Mening ikki ming rajput yigitlarimga inim Sudxir Prasad boshliq. Siz esa ham o‘z askarlaringizga, ham bizning qo‘shinga bosh sarkarda bo‘ling. — Ishonchingizdan minnatdormen, maharoja! Shu qaror bo‘yicha harbiy yurishga jo‘nashdan oldin Humoyun Hamida bonu bilan bog‘da xayrlashdi. Bodom gullarini eslatadigan besh barglik xushbo‘y kanir gullari yonida Hamida ma’yuslanib ko‘ziga yosh oldi: — Og‘ir paytda meni tashlab ketmoqdasiz... — Men ota-bobolarimizdan qolgan udumga binoan ketmoqdamen, Hamida! Esingizda bordir, turkiy ulusda onaning oy-kuni yaqinlashsa ota biron yoqqa irim qilib ketmog‘i kerak. To chaqaloqning chillasi chiqmaguncha men uzoqroqda yursam sizga ham, bolaga ham yaxshilik tilagan bo‘lur ekanmen. — bu udumni men ham olurmen. Lekin yana urush xavfi... — Urush emas... Rana Virsalning ota yerlaridan bosqinchilarni quvmoqchimiz, xolos. Ora uzoq emas, chopar bir kunda borgay. — Bo‘lmasa xabar yuborib turing. — Xo‘p. Sizdan ham xushxabar kutgaymen!.. Humoyun va’dasiga amal qilib, uch kun o‘tgach, Turdibekni Umarqutga yubordi. U keltirgan xabarga binoan, Humoyun bilan Rana Virsalning birlashgan qo‘shini shoh Husayn arg‘unning Jun daryosi bo‘yiagi qo‘shinini yengib, yetmish mil nariga uloqtirib tashlabdi. O‘nlab qishloqlar istilochilar zulmidan qutilib, yana Umarqutga qayta qo‘shilibdi. Bu xushxabar butun shaharda katta shodiyonaga sabab bo‘ldi. Rana Virsal gulshodalar bilan bezatilgan filga minib Humoyunga minnatdorchilik aytish uchun Jun daryosi bo‘yiga ketdi. Uning xotini Umarqutdagi beva-bechoralarga xayr-u ehson ulashdi. Shaharning barcha ibodatxonalarida brahmanlar ulug‘ yazdon Shiva va rajputlarga homiy ma’buda Kali haykallari poyida sadaqalar qilishdi, muqaddas gurunchga saryog‘ qo‘shib tayyorlangan taomlarni, shirinliklarni qavmlarga yedirishdi. Mana shunday shodiyonalar davom etayotgan kuni peshinda, Hamida bonuni to‘lg‘oq tuta boshladi. Humoyun uning ixtiyoriga tashlab ketgan odamlar orasida tajribali doya xotin ham bor. Bu ozoda, epchil, o‘rta yashar ayol Mohim bibining o‘tgan oyda tug‘ilgan va Adham deb ot qo‘yilgan o‘g‘liga, Jajji bibining Aziz deb atalgan o‘g‘liga doyalik qilgan, hamma uni «qo‘li yengil» deb maqtar edi. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 81 Lekin Hamida bonuga kelganda bu doyaning epchilligi ish bermay qo‘ydi. Hamida bonu besh soat qiynaldi. Sababini keyin bilishsa, bola favqulodda yirik ekan. Doya esa boshqa yomon xayollarga borib vahimaga tushdi. Hamida bonu zo‘riqib ko‘zlari xonasidan otilib chiqquday bo‘lar, «yordam beringlar», deb zorlanar edi... Kech kirib, qorong‘i tushdi. Sokin osmonda to‘lin oy ko‘rindi. Hamida bonu esa hamon qiynoqda. Maslahat so‘raylik deyishsa, Humoyun yo‘q. Hamidaning onasi yordam so‘rab Rana Virsalning xotiniga bordi. O‘ttiz yoshlardagi bu go‘zal ayolning o‘zi ham to‘lg‘oq azobini boshdan kechirgan, emizikli qizchasi endi ikki oylik bo‘lgan edi. U o‘ziga doyalik qilgan ellik yashar chaqqon bir ayolni chaqirtirdi-yu, Hamida bonuning onasiga qo‘shib yubordi. Tashqarida iztirob chekib o‘ltirgan Xo‘ja Muazzam: — Musulmon podshosining farzandiga g‘ayridin doyalik qilsa gap-so‘z bo‘lg‘ay! — deb avval bu doyani ichkariga kirgizmadi. — Bularni ham xudo bizdek inson qilib yaratgan!— dedi qizning otasi Mirbobo Do‘st. — Hozir din-u millat ayiradigan payt emas, Hamida bilan bolaning hayoti xavf ostida. Shu payt ichkaridan muslima doya sarosima bo‘lib chiqdi. — Bo‘lmayapti, aylanay xo‘jam! Chappa kelmasin deb qo‘rqamen! Shundan keyin Xo‘ja Muazzam ham yon berdi-yu, hind doyasiga: — Marhamat, tezroq kiring! — dedi. Yuvinib, toza kiyinib kelgan hind ayoli Hamida bonuga o‘ng tomondan yaqinlashdi-da, o‘z tilida qandaydir duoni pichirlab o‘qidi. Uning ozg‘in qoramtir qo‘llarida biron sehri bor ekanmi, besh-olti daqiqa uringandan keyin to‘satdan chaqaloq ingasi eshitildi. Hamida bonuning yumuq ko‘zlari charaqlab ochildi. Nazarida, shift va devorlar lopillab yurib ketayotganday ko‘rindi. O‘zining tanasi esa parday yengil bo‘lib qoldi. Biroq bosh ko‘tarib bolaga qarashga majoli yo‘q. O‘g‘ilmi, qizmi? Doyalar shuni aytguncha o‘tgan bir lahza Hamida bonuga benihoya uzoq tuyuldi. Nahot qiz bo‘lsa? Shuning uchun aytgilari kelmayaptimi? — O‘g‘il! — deya xitob qildi birinchi doya. — Muborak bo‘lsin, begim! Polvon o‘g‘il tug‘dingiz! Nechun bu qadar qiyin bo‘ldi desam, juda do‘lvor ekan! — Bismillohir rahmonir rahim! — deb birinchi doya bolaning kindigini kesdi. Ikkinchi doya esa: — Kalimayiki jay!* — deb, chaqaloqning kesilgan kindigi uchini yaxshilab tugib qo‘ydi. Hamida bonu goh o‘g‘liga intiq Humoyunning chappor urib quvonishini ko‘z oldiga keltirar, goh Jamna ustida Nizomning qayig‘ida qalqib suzib borayotgan bo‘lar, uning: «Muslim-u hindi hammasi bir inson, faqat brahman-u mullolar ularni bir-biridan ayirurlar», degan so‘zlari qulog‘iga qayta eshitilib ketar edi. Inson hayotining eng mas’uliyatli damlarida kishilar o‘zlarining din-u millatini ham unutib bir-birlariga odamiylik qo‘lini cho‘zishini Hamida bonuga hozirgina doyalik qilgan ikki ayolning inoqligi aytib turardi. Hamida sal o‘ziga kelganda ayvondan to‘lin oyning nuri tushdi. Sutday oydin kechada naqoralar quvonch bilan taka-tum qilar, surnay navosi yangrar, Umarqut qal’asidagi mehmon-u mezbonlar yangi tug‘ilgan bola sharafiga xursandchilik qilishardi. Turdibek Humoyundan suyunchi olish uchun sahar palla otlanib, Jun daryosi tomonga shoshildi. Umarqutda esa ikki kun davomida Humoyunning nomidan minglab odamlarga osh tortildi, shirinliklar ulashildi. Uchinchi kuni Humoyundan chopar keldi. Chillali ayol va bola oldiga faqat Mohim bibi bilan Aminat kirib chiqishar edi. Humoyunning maktubini olib kirgan Mohim bibi suyunib xabar berdi: — Ismi Jaloliddin Akbar bo‘lsin, debdirlar! Sizga atab she’r bitibdirlar! Chopar aytib berdi, quvonganlaridan barcha navkarlarga mushk ulashibdirlar. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 82 — Mushk? — taajjublanib so‘radi Hamida. — Ha, o‘sha paytda barcha odamlarga ulashadigan boshqa mo‘lroq narsalari yo‘q ekan. — Rost, xazinalari bo‘sh, Turdibekdan qarz olgan edilar... Hamida bonu yostiqqa yonboshlab, Humoyunning maktubini ochdi. «Men uchun bayramlar bayrami bukun, Humoyun xurramlar xurrami bukun. Dunyoning barcha davlat-u xazinalaridan ham a’loroq o‘g‘il in’om etgan suyukli yorim Hamida bonu! Avvalgi yillarda shuncha davronlar surib bukungidek suyunganimni bilmaymen. Ilohim Akbarning umri uzoq bo‘lsin, bekilgan yo‘llarimiz bari ochilsin, dildagi orzular istaganimizdan ham ziyoda bo‘lib ro‘yobga chiqsin!» Hamida bonu bu tilakka qo‘shilib: — Ilohi omin! — dedi-da, yuziga fotiha tortdi, maktubni esa o‘pib, ko‘zlariga surdi. Ota-onalarini va boshqa o‘nlab odamlarni shunchalik quvontirib dunyoga kelgan chaqaloqning o‘zi allanarsadan norozidek g‘ashlik qilib ko‘p yig‘lardi. Hamida bonu bolasini bag‘riga olib emizgandan so‘ng Akbar bir soat-yarim soat jim yotar, keyin yana inga-ingani boshlar edi. Ona-bolaga girdikapalak bo‘lib xizmat qiladigan kanizak Aminat, «yo‘rgagida qattiq botadigan narsa bormikan?» deb ochib ko‘rdi. Yo‘rgak juda mayin, bekami ko‘st edi. Aminat Hamida bonuga qarab: — Bolangiz juda gavdali, sutingiz yetmayaptimikin? — dedi. Shu gapning ustiga kelib qolgan Mohim bibi: — Mening sutim ko‘p, — dedi. — Hazrat begim, agar ruxsat bersangiz men o‘g‘lingizni emizib ko‘ray. Hamida bonu og‘il tuqqandan beri go‘yo birdan martabasi oshgan, endi unga «hazrat begim» deb murojaat qiluvchilar ko‘paygan edi. Bu narsa Hamida bonuning kulgusini keltirar, hozir ham u Mohim bibiga kulib boqdi-da: — Ruxsat emas, iltimos sizdan, Mohim! — dedi. Mohim ozodalikni yaxshi ko‘rar edi. O‘z xonasiga chiqib, siynasini sovunlab yuvdi. Hamida begim oq kiyinib yotgani uchun chaqaloq boshqa onadan begonasirashi mumkin edi. Shuning uchun Mohim bibi ham oq shohi ko‘ylagini o‘tlig‘* bilan dazmollab kiydi. Boshidagi ro‘molini ham dazmoldan chiqarib o‘radi, og‘ziga iyagi aralash toza oq lachak tutdi. Bu tayyorgarliklardan keyin go‘dak yana ingalab yig‘lay boshlaganda uni sekin bag‘riga olib siynasini berdi. Ajabki, chaqaloq begonasiramay Mohimni uzoq emdi va ikki soatcha miq etmay tinch yotdi. Uning ochiqib yig‘lagani, Hamida bonu sahroda ko‘p qiynalib ozib qolgani uchunmi yo boshqa sababdanmi, suti bolasiga ozlik qilayotgani endi aniq bilindi. Shu kundan boshlab Mohim bibi «enaga» degan unvon oldi. Shahzodaga enaga bo‘lish saroyda juda sharafli martaba hisoblanardi. Mohimning bir oylik chaqalog‘i Adham bugundan boshlab Akbarning ko‘kaldoshiga aylandi. Bir onani emgan ko‘kaldoshlar esa tutingan og‘a-ini sifatida goho umr bo‘yi podsho va shahzodalarning yaqin kishilariga aylanadilar. Shuning uchun saroyda Hamida begimga sinashta bo‘lgan boshqa emizikli onalardan yana bir nechasi Mohim bibidek enaga bo‘lish istagini bildirdilar. Bulardan biri Shamsiddin Muhammad degan afg‘on yigitining xotini, yaqinda o‘g‘il tuqqan Jajji bibi edi. Bu ayol nomiga yarasha mo‘jazgina, xushbichim, jajji juvon edi, nomini qisqartirib «Jiji» deyishardi. Mohim bibining o‘z chaqalog‘i Adham ham xo‘ra, ikki bolaga suti yetmaydi, shuning uchun Hamida begim ora-orada o‘z o‘g‘lini Jajji bibining emizishiga ham ruxsat berdi. U bosh enaga qilib Mohim bibini tayinladi. Avvalgi ozodalik udumiga binoan, Mohim enaga Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 83 Jajji bibiga ham xuddi o‘zidek dazmollangan oq shohi ko‘ylak kiydirib, og‘ziga oq ipak lachak tuttirdi va bolaning oldiga pokiza qilib kiritdi. Chaqaloq bu onani ham begonasiramay emdi. Uning inga-ingasi yanada kamayib ketdi. O‘g‘lining ishtahasi ham polvonlarcha ekanini sezib dadillangan Hamida begim kunlar o‘tishi bilan yana yangi enagalar toptirdi. Bulardan biri Nuriddinbek ko‘kaldoshning xotini Hakima, yana biri badaxshonlik tojik ayol Poyanda bibi bo‘ldi. Mohim bibi bularning har birini oq shohiga kiyintirib, ozoda qilib go‘dakning oldiga olib kirar, bola g‘ashlik qilmay ularni ham o‘z onasiday emar edi. Buni eshitgan buvisi yumshoq tumorcha ichiga yomon ko‘zdan asraydigan duolarni yozdirib, ko‘zmunchoq bilan qo‘shib tikdi-da, Hamidaga olib kirib berdi: — Bolangga taqib qo‘y, hamma yoqasini ushlab, hayron bo‘lib maqtaydi, ilohim ko‘z tegmasin! — dedi. Oradan yigirma kun o‘tdi, enagalardan biri tumovlab yotib qoldi, birining bolasi ichketar bo‘ldi. Mohim bibi bolasi yoki o‘zi sal xastalangan enagani Akbarga yaqin keltirmas edi. Yana enaga kerak bo‘layotganini eshitgan mezbonlar Ruparani degan emizikli bolasi bor yoshgina hind juvonini Hamida bonuning huzuriga yubordilar. Humoyun ayollar va bolalarga Xo‘ja Muazzamni javobgar eshik og‘a qilib tayinlab ketgan edi. Xo‘ja o‘zi Hamidaning oldiga kirolmasa ham Mohim bibini vositachi qilib bir talay xavotirli gap aytdi: — Begim oxirini o‘ylasinlar, xudo xohlasa, Akbar ulg‘ayib valiahd bo‘lg‘ay. Keyin ruhoniylar: «Majusiy onani emgan bola musulmon podshosiga valiahd bo‘lolmag‘ay», deb monelik qilishlari mumkin. Hazratimdan beruxsat hindlardan enaga olmanglar! Baloga qolmaylik yana! Bu gaplarni Mohim bibidan eshitgan Hamida bonu: — Tog‘amga chiqib ayting, mezbonlarning dargohida yegan non-u tuzlarining hurmatini unutmasinlar,— dedi. Shoh Husayndek musulmon amiri bizni quvg‘in qilganda Rana Virsal joy berdi. Rana din-u millat ayirmadi, biz nechun ayiraylik? Hazratim enagalar ixtiyorini menga berganlar, «Akbar — bani bashar farzandi bo‘lsin», deb tilak bildirganlar. Xo‘ja tag‘oyim bu ishga ko‘p aralashmasinlar, mezbonlarning xotiriga malol keladigan biron gap aytmasinlar. Xo‘ja Muazzam bu javoblarni Mohimdan eshitgach: — Nachora, jiyanimiz malika bo‘lgach, so‘zlarini rad qilolmagaymiz, — dedi. O‘sha kuni kechqurun hind juvoni Ruparani enagalarning oq shohi kiyimini kiyib, bir oylik Akbarni bag‘riga olganda Xo‘ja Muazzam tashqi xonada chaqaloqning chirqirab yig‘lashini kutib o‘ltirdi. «Bola ziyrak bo‘lur, agar g‘ayridinni emgisi kelmay yig‘lasa darhol ichkariga odam kiritib, go‘dakni tortib oldirgaymen», degan o‘yda edi. Lekin istarasi issiq Ruparanidan ona sutining hidi kelib turar, bola unga elikib, yig‘lash o‘rniga beixtiyor jilmayib qo‘yar, chaqaloqning tili va tishsiz milki ko‘rinib ketganda enaga* ham undan zavq olib kulardi. Umarqutga onalar va ko‘kaldoshlar shunday totuv yashayotgan farahli kunlarda yetmish mil naridagi Jun daryosi bo‘yida Humoyun bilan shoh Husayn arg‘un orasidagi qonli adovat kuchayib borar va buning xabari Hamida bonuga kelib turar edi. Shoh Husayn daryo bo‘yidagi munozarali yerlarni qaytarib olish maqsadida shimoldan sakkiz ming kishilik qo‘shin tortib kelgan, Rana Virsal buni eshitib, Jun yaqinida yashaydigan hind qabilalardan yana yetti ming navkar yollagan va hammasini Humoyunning ixtiyoriga bergan edi. Daryoning janub qirg‘og‘ida — bular, narigi qirg‘og‘ida dushmanlar hal qiluvchi jang uchun qulay payt poylab turar edi. Humoyun bu vaziyatda qo‘shinni tashlab Umarqutga kela olmas, Hamida bonuni sog‘inganini, Akbar deb atagan o‘g‘lini haligacha ko‘rolmay dog‘da yurganini aytib, Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 84 yurakni ezuvchi xatlar yozar edi. Bolaning chillasi chiqqach, Hamida Humoyunga javob xati yozdi: «Siz kelolmasangiz ijozat bering, hazratim, biz o‘zimiz boraylik». Oradan uch kun o‘tgach, Shamsiddin qo‘rchibegi yuztacha navkar, bir necha yuz ot-u tuyalar, soyabon aravalar bilan keldi-da, Hamida bonuni va Akbarni enaga-yu ko‘kaldoshlari bilan Umarqutdan ko‘chirib olib ketdi. ____________ * R a y z i n — Dehlidan 350 milcha janubdagi Malva viloyatiga qarashli qal’a. * M a h a r o j a — ulug‘ roja degani. * Ma’buda Kaliga sharaflar! * O‘tlig‘ — keyinchalik «utyug» bo‘lib o‘zgargan. Alisher Navoiy asarlarida o‘tlig‘ bilan dazmol urilishi aytilgan. * Hind ayoli Ruparani va Akbarga enagalik qilgan boshqa onalarning nomlari Abulfazlning «Akbarnoma»sida keltirilgan. Akbar ulg‘ayganda o‘z enagalari va ko‘kaldoshlariga katta hurmat bilan qaragani ko‘pchilik tarixiy manbalarda qayd etilgan. Turkiycha «enaga», «ko‘ka» so‘zlari shu tarzda hindi, ingliz, fors, urdu tillariga ham kirgan. * * * Jun daryosidan suv ichadigan yerlarda xurmozor va mangozorlardan tashqari paxta paykallari ham ko‘zga tashlanar, kech kuzda terimlar tugab, dehqonlar o‘tin uchun g‘o‘zapoya chopishar edi. Humoyun Hamida bonuga peshvoz chiqib, uni Jun daryosidan yetti mil berida ulkan mahva daraxtlari soya solib turgan bekatda kutib oldi. Yo‘rgakdagi Akbarni qo‘liga olib peshonasidan o‘par ekan, bolaning tilla suvi yugurtirilgandek qizg‘ish sochi va mayin qosh mo‘ylari, yuz bichimidagi yana qandaydir belgilari unga ko‘pdan tanishdek tuyuldi, birdan rahmatli otasi esiga tushdi-yu, quvonchiga yana boshqa tuyg‘ular aralashib, ko‘ziga yosh keldi. — Umri uzoq bo‘lsin, onasi ham ko‘p yashasin! — dedi. Odamlar oldida Hamida bonuni quchib o‘pishdan tortinsa ham, lekin ko‘zlari bilan uni erkalab bir lahza tikilib turdi: — Hazrat begim, men sizdan toabad minnatdormen! Dushman qo‘shinlaridan yigirma milcha berida daryo bo‘yida chiroyli bir bog‘ ona-bola uchun orasta qilib qo‘yilgan edi. Daryo suvining bir qismi bog‘ ichidan oqib o‘tar ekan, oynaday tiniq, ko‘lchalar hosil qilgan. Shuning uchun bu yerga «Oynabog‘» deb nom berilgan edi. Atrofi tiniq ko‘l bilan o‘ralgan va ular ustidan chiroyli ko‘priklar o‘tkazilgan, ko‘kalamzor orolsimon joyga ulkan saroparda tikilgan edi. Humoyun Hamida bonuni saroparda ichiga boshlab kirar ekan, enagalar va chaqaloqlar uchun ajratilgan chetki chodirlarni ko‘rsatdi. Saropardaning boshqa chetidagi uchta chodir Hamida bonu va Humoyun uchun jihozlangan edi. Pothurda Hamida bonu kelinchaklik paytida «murod uyi» deb atalgan pushtirang movut chodir hozir ko‘ziga olovday issiq ko‘rindi. Hamidaning ilgarigi chiroyiga hozir mayin va ulug‘vor bir onalik husni ham qo‘shilgan, yuzidagi latofat, ko‘zlaridagi joziba nihoyatda tiniqlashgan. Humoyun Akbarni emizgan yetti onani Saodat uyi deb atalgan chodirga yig‘di-da, Hamida bonuga gavhar ko‘zli uzuk taqdi. Enaga- larning har biri marvarid shodalari, bosh-oyoq sarupolar bilan taqdirlandi. — O‘g‘limiz yetti onaga farzand bo‘libdir, — dedi Humoyun. — Inshoollo, o‘zi ham yetuk bo‘lgay! Akbarning enagalaridan biri hind, biri tojik, biri afg‘on, biri fors, qolganlari turkiy ulusdan. Men Hamida bonudan minnatdormenki, asli bitta Odam Ato va Momo Havodan tarqagan turli ellarning onalarini bir olijanob maqsad atrofiga to‘plabdir. Buning juda ulkan ramziy ma’nosi bor. Tilagim shuki, o‘g‘limiz Akbar shu onalar bergan oq sutning qarzini ularning ellariga-yu butun bashariyatga uzsin! Kechki payt Hamida bonu bilan Humoyun murod uyida yolg‘iz qoldilar. Odatdagi Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 85 o‘pishishlar va erkalatishlardan Humoyun o‘zini baxtiyor sezardi-yu, ammo ko‘nglining bir chetidan «bu baxt juda omonat, hushyor bo‘l, senga qarshi qilich qayragan g‘animlar atrofingni o‘rab kelmoqdalar», degan ogohlantirish eshitilib turganday bo‘lardi. Gap faqat Jun daryosining narigi qirg‘og‘ida unga tahdid solib turgan shoh Husaynda emas edi. Yuz mil narida shoh Husayndan yirikroq va xatarliroq yov — roja Mal Deva Humoyunni qo‘lga tushirish va Sherxonga topshirish fikrida yurardi. Sherxonning o‘zi esa shimolda Panjobni, sharqda Ajmirni, janubda Malvani ishg‘ol qilib, Humoyunning bu uch tomonga boradigan barcha yo‘llarini bekitgan va uning atrofidagi halqani tobora qisib kelmoqda edi. Ganga bo‘yida bir marta g‘aflatda qolib Beka begimni va qizchasi Aqiqani oldirib qo‘ygan Humoyun endi Akbar bilan Hamidani bunday balolardan omon saqlash haqida tun-u kun o‘y surardi. Uning odatdagidan o‘ychanroq bo‘lib qolganini sezgan Hamida bonu: — Biz Akbar bilan ne qilsak sizning mushkulingiz oson bo‘lg‘ay, hazratim? — deb so‘radi. — Uzoq yo‘lga chidab bersalaring, ikkovlaringni bexatar joylarga olib ketsam... ko‘nglim sal tinchirmidi? — Uzoq yo‘lingiz qayer — Gujaratmi? Humoyun og‘ir tin olib bosh chayqadi — hozir u Gujaratdan ham umidini uzgan. Chunki Sherxon Malvani olib, sakson ming qo‘shin bilan Gujarat chegarasiga yaqinlashgach, Humoyunning u yerdagi xayrixohlari tahlikaga tushib qolgan edi. Ular Humoyunga yon bosib, keyin Sherxonning g‘azabiga uchrashdan qo‘rqishar edi. Bayramxon Humoyunga chopar yuborib: «Zinhor Gujaratga kelmang, men o‘zim huzuringizga borib jon saqlamasam, bu yerda yana asoratga tushib qoladiganga o‘xshaymen», deb xat yozgan edi. Humoyun uni birga olib kelish uchun Xadang eshik og‘ani va filbon La’l Chandni jo‘natganiga ikki kun bo‘ldi. — Bayramxon kelsa, Kobulgami yoki Qandahorgami ketishdan boshqa chora yo‘q, — deb Humoyun Hamida bonuga ma’yus termuldi. — Nahotki Hindistonni butunlay tark etsak? — armon to‘la tovush bilan so‘radi Hamida bonu. — Kechagina hind ayoli Ruparani Akbarni bag‘riga olib siynasini berganda mening dilimda qancha yorug‘ orzular bor edi. Zora, butun Hindiston shu ona timsolida Akbarni o‘z farzandidek bag‘riga olsa. Zora, o‘g‘limiz ham shu ulug‘ mamlakatga chin farzandlik xizmatini qilsa. Nahotki bu orzular bari puch chiqsa, hazratim? — Noumid shayton, Hamida bonu! Shoyadki, bu orzularingiz kelajakda ro‘yobga chiqsa. Lekin Akbar o‘sha kelajakka eson-omon yetib borishi uchun uni bexatar joylarga olib ketmog‘imiz kerak. Hamida bonu Kobuldagi Komron mirzoni va Qandahordagi Hindol mirzoni ko‘z oldiga keltirdi-yu, ularning yoniga borishdan yuragi bezilladi. — Mening Hinddan hech ketkim yo‘q. — Mening ketkim bor deysizmi, Hamida? Hindiston et bo‘lsa, biz unda tirnoqdek o‘sdik. Tirnoqni etdan ajratib ko‘ring, og‘rig‘iga chiday olmaysiz! Men ikki yildan beri Hinddan ketolmay sargadon bo‘lib yurganim — tirnoqni etdan ajratib ololmayotganimdan. Bo‘lmasa bultur Bhakkardan Kobulga yo Qandahorga ketaylik deganlar ko‘p edi. Hozir ham, agar siz bilan Akbardan xavotir olmasam, shu yerlarda tavakkal qilib, shoh Husaynlar bilan olishib yuraverishim mumkin. Lekin vaziyat yomon, qavat-qavat g‘animlar halqasi atrofimizni o‘rab kelmoqda. — Men-ku, otliq yurib chiniqqanmen. Yoz issiqlarida ham ketavergaymen. Lekin Akbar hali ikki oylik chaqaloq. Yana o‘sha jazirama sahrodan o‘tadigan bo‘lsak, murg‘ak bola bardosh berolmagay. Panjob Sherxonning qo‘lida, Humoyun shimoldagi Kobulga yoki Qandahorga ketish uchun yana ulkan Tar sahrosi orqali o‘tishga majbur. Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov Download 1.29 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling