Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet10/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
58
— Hazratim! — deb Nizom qarshisida tiz cho‘kkan mushrif qo‘yniga qo‘l soldi. 
— O‘zini ko‘rdingizmi? — sabrsizlanib so‘radi Nizom. 
— Ha, keldilar! 
— Hamida-ya? Qayerga tushdi? 
— Zarafshon bog‘iga. Mana maktublari. 
Nizom o‘ram qilingan va so‘rg‘ichlangan zarhal qog‘ozni ochayotganda dimog‘iga 
xushbo‘y gul atri urildi. Bu unga Hamida bonuning hididek tuyuldi-yu, vujudini zavq va 
shodlikka to‘ldirdi. Qisqagina maktubga nazar tashlar ekan, Hamida bonuning chiroyli 
dastxati borligini endi ko‘rdi. 
«Ikki olamda men uchun yagona bo‘lgan qalbim hukmdori podshoh Nizomiddin 
hazratlariga!» — deb boshlangan edi maktub. Nizom ichida «hazrat demasa ham bo‘lar 
edi-ku», deb qo‘ydi. «Qalbim hukmdori» degani o‘zi yetarli. Lekin eng muhimi, Hamida 
bonu Zarafshon bog‘iga kelib tushgan, bugun oqshom uni bog‘ chetidagi o‘sha sohilda, 
Nizomlarning eski uylari oldida sabrsizlik bilan kutajagini aytgan edi. Xat oxirida yana: 
«Sizga u dunyo-yu bu dunyo sadoqatli yor bo‘lish orzusidagi Hamida bonu», deb imzo 
qo‘yilgan edi. 
So‘nggi so‘zlar Nizomning quvonchini alangalantirib yubordi. U horg‘in jilmayib qo‘l 
qovushtirib turgan Afzalbekka bir hamyon oltin berdi: 
— Bu hali xamir uchidan patir, — dedi. — Sizga katta inoyatlar keyin bo‘lg‘usidir... 
Oqshom tushdimi? 
— Hazratim... daryo bo‘yida sizga maxsus qayiq muntazir. 
— Kimning qayig‘i? 
— O‘zimniki... Mendan boshqa hech kim bilmagay... 
— ma’qul, siz oldinroq ketavering. 
Ular qirg‘oqning qaysi joyida uchrashishga kelishib oldilar. Nizom yengil parchadan 
tikilgan qabosini kiyib boqqa chiqqanda ketidan ikkita qo‘rchi sekin ergashib bora 
boshladi. Nizom hozir sevgilisi bilan qanday uchrashishini ko‘z oldiga keltirar ekan, 
qizning xatidagi «Qalbim hukmdori», «sizga sadoqatli yor bo‘lish orzusidagi Hamida 
bonu» degan jumlalar uni entiktirar edi. Bu so‘zlari uchun Nizom Hamida bonuni ehtiros 
bilan quchib o‘pishga tayyor edi... Visol paytida ular ikkovlari yolg‘iz qolishlari kerak. 
Qo‘rchilar xalaqit beradi. Nizom orqaga keskin o‘girildi-yu, qo‘rchilarning qarshisidan 
chiqdi: 
— Bilamen, sizlar meni qo‘riqlab yuribsiz. Ammo bu oqshom yolg‘iz yurishni ixtiyor 
qildim. Sizlarga javob! Meni qasr eshigi oldida kutinglar. 
— Ma’zur tuting, hazratim. Qo‘rchibegi bizga buyurgan!.. Yolg‘iz qo‘ymasligimiz kerak. 
— Agar mening farmonimni bajarmasalaring, qo‘rchibegini ham, sizlarni ham shu 
bugunoq ishdan bo‘shatgaymen! 
Qo‘rchilar orqasiga tisarildilar: 
— Farmoningiz bosh ustiga, hazratim! 
— Aytganimni qilsalaring ming rupiy mukofot bergayman! 
— Bajonidil qasr oldida sizni kutgaymiz, — deb qo‘riqchilar qaytib ketishdi. 
Nizom oqshom g‘ira-shirasida Jamnaning qirg‘og‘iga borib Afzalbekni topdi. Qayiq 
kattagina, eshkagi to‘rtta edi. Anchadan beri o‘z kasbini sog‘inib yurgan Nizom 
daryoning narigi qirg‘og‘iga suzib o‘tguncha o‘zi ham eshkak eshdi. Afzalbek qayiq bilan 
birga Zarafshon bog‘idan ellik qadamcha berida qoldi, Nizom  Hamida bonu bilan 
ko‘rishib qaytguncha shu yerda kutadigan bo‘ldi. 
Nizomlarning Zarafshon bog‘i yonidagi kulbalari kimsasiz, huvillab yotibdi. Nizom 
allaqachon ota-onasini bu yerdan ko‘chirib ketgan va saroyga yaqin joydan shinam uy-
joy olib bergan. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
59
Zarafshon bog‘i chetida Nizom Hamida bonu bilan ilgari uchrashib yurgan joyda hozir 
hech kim yo‘q. Lekin undan beridagi chirog‘siz uy ayvonida qandaydir sharpa sezildi. 
Hamida bonu chet ko‘zlardan panalab tashlandiq uy ayvoniga kirganmi? Nizom 
hayajondan entikib bolalikdan tanish bo‘lgan, faqat hozir huvillab qolgan ayvonga chiqdi. 
Shu payt ikki tomondan ikkita bahaybat odam uning ustiga tashlandi. Ulardan biri darhol 
Nizomning og‘zini qo‘li bilan bekitdi. Ikkinchisi uning qo‘llarini orqaga qayirib, allakimga: 
— Tezroq bog‘la! — deb shipshidi. Bir lahzada uchinchi, to‘rtinchi odam paydo bo‘ldi. 
Nizom jonholatda yulqinib, o‘zini u yoq-bu yoqqa tashlab ko‘rdi, ammo biqiniga tushgan 
mushtlardan ko‘zi tinib, tanasi bo‘shashdi. Uy ortida usti bekik soyabon arava turgan 
edi. Nizomning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘ziga latta tiqib, shu aravaga soldilar. Agradan 
janubga — Sekri tomonlarga olib ketdilar. Allaqancha vaqt o‘tgach, yo‘ldan chetga 
burilib, o‘siq butalar orasidagi ovloq bir joyda to‘xtadilar-da, Nizomni aravadan 
tushirdilar. Kundaday yo‘g‘on o‘rta yashar bir odam: 
— Joningdan umiding bo‘lsa, hozir farmon yozursen! — dedi. — Said Xalil janoblarini 
darhol zindondan bo‘shattirgaysen! 
Nizom gap nimadaligini endi fahmlay boshladi. Boshini «xo‘p!» deganday irg‘adi, og‘zi 
bekik bo‘lgani uchun so‘zlay olmadi. Uning og‘zini yechdilar. U o‘qchib yo‘taldi, ko‘zlari 
yoshlanib, yerga tupurdi. 
— Men... farmon yozishim uchun... qog‘oz-qalam kerak... chiroq... 
Soyabon aravadan qorachiroq olib tushib yoqdilar. Uning yorug‘i avval  ho‘kiztaxlit 
odamning sersoqol yuzini yoritdi. Keyin silliq kiyingan, mo‘ylovi tarashlangan oq sallali 
mullanamo yigit Nizomga ro‘para bo‘ldi: 
— Ob-bo yalangoyoq saqqo-ey! — dedi bu yigit labini nafrat bilan burib. — Shundoq  
buyuk pir sassiq zindonda yotganda, sen jononlar bilan uchrashib aysh-u ishrat 
qilmoqchi bo‘ldingmi, a? 
Demak, bular Nizomning Hamida bonuga yozgan xatini qo‘lga tushirishgan. Nahotki 
Afzalbek uni aldab, bularning tuzog‘iga ilintirib bergan bo‘lsa? 
— To‘y tayyorligini ko‘rarmish-a! Mana senga to‘y!.. 
Oq sallali yigit Nizomning yuziga bir tarsaki urdi. Qo‘li yumshoq, og‘rig‘i uncha bilinmadi. 
Ammo Afzalbekka ishonib qanchalik aldanganini, yozgan maktubi Hamida bonuga yetib 
bormaganini, boyagi javob xatni qizning nomidan mana shu mullanamo yigit yozganini 
birvarakay fahmlagan Nizom tarsakidan ham ko‘ra qilgan xatosidan vujudi qaqshab 
o‘kirib yubordi. 
Uni tepib, itarib yerga cho‘kkalatdilar, qo‘lini yechib, Said Xalilni zindondan ozod qilish 
haqida farmon yozishni buyurdilar. Qattiq bog‘langanidan uvishib, qotib qolgan qo‘llar 
anchagacha qalamni tutolmadi. 
Sersoqol yo‘g‘on odam mullanamo yigitga qarab: 
— Taqsir, o‘zingizning xatingiz yaxshi, — dedi. — Farmonni siz yozing. Shu saqqo imzo 
chekib muhrini bossa bo‘ldi. 
Mullanamo yigit oq qog‘ozi bor juzdonni tizzasiga qo‘yib, qalamni qo‘liga oldi. Aravani 
haydab kelgan ikkinchi yigit unga chiroq tutdi.  Ho‘kiztaxlit yo‘g‘on odam esa cho‘kka 
tushgan Nizomning ko‘kraklarini paypaslab: 
— Muhr bormi? — dedi. — Ha, qo‘ynida nimadir borga o‘xshaydir. Chiqar muhringni! 
Endi uni faqat biz istagan farmonga bosursen! Agar aytganimizni qilmasang, o‘liging 
mana shu butazorda qolgay! To‘y sen uchun emas, go‘shtingni yeydigan darrandalar 
uchun bo‘lgay! 
Nizom qo‘ynidagi muhrga xuddi bir chayonni ushlayotganday qo‘rqa-pisa qo‘l urdi. Oltin 
qutichadagi podsholik muhri g‘alamislar qo‘lida qancha dahshat-u falokatlarga yo‘l ochib 
berishi mumkin! Shu muhr bosilgan qog‘oz bilan bular xazinaga ham tushishadi. Mirzo 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
60
Humoyunni qatl etish haqidagi farmonga shu muhrni bosib, hazrat Nizomiddinning 
imzosi bilan uni o‘ldirishlari mumkin emasmi? Qancha yaxshiliklar qilgan odamning 
qotiliga aylanish ehtimoli Nizomni shunchalik dahshatga keltirdiki, o‘zining joni xavf 
ostida ekanini ham unutdi. Chora izlab atrofga ko‘z qirini tashlaganda chiroq shu’lasi 
o‘ng qadamcha naridan boshlanadigan balchiq aralash katta bir ko‘lmakka tushdi. 
Mulla yigit farmonni yozib tugatganda Nizom unga muhr bosmoqchi bo‘lib qaddini tikladi. 
Muhrni oltin qutichadan oldi-yu, qulochkashlab o‘sha ko‘lmak tomonga otdi. Ho‘kiztaxlit 
odam: 
— Hey, ablah, to‘xta! — deganicha Nizomga tashlandi, Nizom undan qochib, o‘zini chiroq 
tutib turgan aravakashga urdi. Chiroq yerga to‘nkarilib tushdi-yu, darhol o‘chdi. Yoruqqa 
o‘rgangan ko‘zlar qorong‘ilikda odamni odamdan ajratolmay qoldi. Shundan foydalangan 
Nizom o‘ng qadamcha nariga qochib bordi. Ammo orqasidan uchovlashib yetib olishdi, 
Nizomni oyog‘idan chalib yiqitishdi-yu, tepkilay boshlashdi. 
Nizom hushidan ketayotib uzoqdan itlarning akillaganini eshitganday bo‘ldi. Bu unga 
najot tovushiday eshitildi. 
— Muhrni ataylab yo‘q qildi-ya, ablah! — dedi yo‘g‘on odam Nizomning boshiga tepib. 
— Izlab topaylik, — dedi mulla yigit, — bo‘lmasa farmon ish bermagay. 
— Qanday topursiz? Hammayoq qorong‘i, butazor, balchiq... 
— Itlar huryapti, — dedi aravakash. — Allakimlar kelayotganga o‘xshaydir... 
Kelayotganlar — shu atrofning dehqonlari, yo‘qolgan mollarini qidirib, itlarini ergashtirib 
chiqishgan edi. Butazorlar orasida favqulodda hodisa bo‘layotganini sezgan itlar qattiq 
hurib tobora yaqinlashib kelmoqda edi. 
Nizom xiyol hushiga kelib yotgan joyida bir talpindi. 
— Bu ablahning endi bizga keragi yo‘q. Buni o‘ldiring! 
— Tezroq bo‘ling! Itlar yaqin kelib qoldi. 
Ho‘kiztaxlit odam pichog‘ini sug‘urdi-yu, shosha-pisha uni Nizomning badaniga bir necha 
marta sanchib oldi... 
— O‘ldi! Yuringlar!... 
Ular aravaga minib qochishdi. 
 
S I N D 
QUVG‘INDA KELGAN BAXT 
 
Panjobni oralab o‘tgan beshta daryo Multondan janubroqda bir-biriga qo‘shiladi-yu, 
Mitanqut degan joyda hammasi birvarakay Sind daryosiga quyiladi. Olti daryo bir 
o‘zanga yig‘ilib aqlni shoshiradigan darajadagi ulkan suvga aylangan Bhakkar atroflarida 
katta-katta kemalar suzib yuradi. Qirg‘oqlarda qator bo‘lib o‘sgan xurmo daraxtlarining 
yirik-yirik barglari daryo shamolida yashil alvonlarday hilpirab turadi. Qishning chayon 
nomi bilan atalgan aqrab* oyi allaqachon kirgan bo‘lsa ham, Sind o‘lkasi bahordagidek 
ko‘m-ko‘k. Yomg‘ir fasli tugagandan so‘ng sernam tuproqqa ekilgan arpa va bug‘doylar 
maysasi tizzaga kelib qolgan. Bog‘larda limular va norinjlar oltinday tovlanib pishgan. 
Tinkani quritadigan issiqlar va ko‘z ochirmaydigan yomg‘irlar tugab, bu yerlarning 
osmoni ochiq va havosi salqin bo‘ladigan orombaxsh fasli endi boshlangan. 
Uch oydan beri Sind bo‘ylarida goh Siyohvan shahriga borib, goh undan Bhakkarga 
qaytib, orom bilmay yurgan Humoyun atrofidagi tabiat go‘zalliklarini ko‘zi bilan ko‘rsa 
ham, lekin dili bilan his qilolmaydi. Hozir uning ko‘ngliga go‘zallik sig‘maydi. 
Xonumonidan ayrilib, Agradan quvilgani va Sind o‘lkasida sargardon bo‘lib yurgani unga 
butun umrining eng qora kunlari bo‘lib tuyuladi, vujudini achchiq mag‘lubiyatlar alami va 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
61
og‘ir yo‘qotishlar armoni band qilib turadi. 
Lekin inisi Hindol mirzoning qarorgohida Hamida bonu degan qizni ko‘rgandan beri uning 
kayfiyatida g‘alati bir o‘zgarish yuz berdi. Humoyun ko‘hlik qizlarni ko‘p ko‘rgan. Biroq 
Hamida bonuning chiroyli suratidan tashqari, kishini sehrlab oladigan tengsiz bir siyrati 
bor edi. Humoyun buni dastavval qizning ko‘zlaridan sezdi. 
Humoyun Hindol mirzoning daryo bo‘yidagi qarorgohiga kelganda uni inisidan tashqari 
kelinlari Sultonim va o‘gay ona Dildor og‘acha ham kutib olishdi. Shu ayollarning yonida 
turgan Hamida bonu o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha Humoyunga bosh egib salom 
berdi. Shu asnoda ko‘z ko‘zga tushdi-yu, qizning nigohidagi latif bir harorat 
Humoyunning diliga behad iliq tuyuldi. U qizning yuziga kulimsirab tikildi-yu: 
— Men sizni avval qayerdadir ko‘rganmen, — dedi. 
— Ehtimol, Agrada... Navro‘z kuni... 
— Ha, Jamnada, kema sayrida... Hazrat ammam tanishtirgan edilar!.. 
Humoyun uzoq o‘tmishga aylangan yorug‘ kunlarni eslab og‘ir tin oldi. O‘shandan beri u 
Sherxondan yana ikkinchi marta mag‘lub bo‘lib, xonumonidan ayrildi, quvg‘inga uchrab, 
chet o‘lkalarga qochib keldi. 
Hamida bonu Humoyunga hamdardlik bildirgan kabi: 
— O‘sha mas’ud kunlaringiz yana qaytib kelsin, hazratim! — dedi. 
Shu tilak aytilgan paytda Hamidaning ko‘zlaridan tushgan iliq nur yigitning ko‘nglidagi 
armon-u alamlar soyasini uloqtirib tashlaganday bo‘ldi. Humoyunning dili birdan 
yorishib, qizga o‘tli nazar tashladi: 
— Iloho so‘zingizga farishtalar omin desin, singlim! 
Hindol mirzo Hamida bonu bilan akasining gapi yana cho‘zilsa me’yor buzilishini sezib 
betoqat bo‘ldi: 
— Qani, hazratim, — deb Humoyunni to‘rga taklif qildi. 
Hamida bonu qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib orqaga tisarildi. Qiz bola erkaklar davrasida 
o‘tirolmaydi, hozir ketadi. Humoyun esa u bilan shunday shirin boshlangan gapni yana 
davom ettirishni istaydi. Qizdagi hamdardlik, ziyraklik va yana allaqanday sehr-u joziba 
Humoyunning dil yaralariga malham bo‘ladigandek tuyulardi. 
Biroq iffat pardasi ichida yurgan muslima qiz bilan nomahram erkakning me’yordan ortiq 
gaplashishi urf-u odatga xilof ekanini dili sezib turardi. Humoyun to‘rga qarab o‘tganda 
Hamida bonu Sultonim begim bilan o‘ngdagi pushtirang movut chodirga kirib ketdi. 
Humoyun uni yana ko‘rgisi kelar, ko‘zlari beixtiyor pushtirang chodir tomonga ketib 
qolardi. Ammo Hamida bonu chodirdan qaytib chiqmadi. Humoyun inisidan uning otini, 
ota-onasining kimligini so‘rab oldi. Poygakroqda o‘ltirgan Xo‘ja Muazzam ismli o‘rta 
yashar bek: 
— Hamida bonu bizga jiyanlar, — deb izoh berdi. 
Humoyunning Xo‘ja Muazzamga hurmati oshgandek bo‘lib, uni yuqoriroqqa — o‘zining 
yaqinidagi bo‘sh joyga taklif qildi. Xo‘ja Muazzam Hindol mirzoning beklaridan edi, 
shuning uchun o‘z valine’matidan ruxsat oldi-yu, keyin Humoyun ko‘rsatgan joyga o‘tdi. 
Hindol mirzo bilan Humoyun orasidagi eski kelishmovchiliklar hozir bartaraf bo‘lgan, 
chunki endi talashadigan toj-u taxt yo‘q. Hindol mirzo Amir Bahlulni bekor qatl 
ettirganini keyin bilgan, yoshlik xatolari uchun akasidan uzr so‘ragan, Humoyun ham uni 
kechirgan edi. Bultur Sherxon shimoli sharq tomonda Agraga tahdid solib qo‘shin tortib 
kelganda Komron mirzo yana Humoyunga qo‘shilgisi kelmay, o‘n besh ming qo‘shin bilan 
Panjobga qaytib ketdi. Hindol mirzo esa Humoyunning yonida qolib, Kanauj degan joyda 
Sherxon bilan bo‘lgan urushda qatnashdi. Bu gal Sherxon ortiqcha hiyla ishlatmasdan 
yuzma-yuz, dadil olishdi-yu, Humoyunni yana tor-mor qildi, Bayramxon Sherxonga asir 
tushdi. Hindol mirzo akasining mag‘lubiyatiga o‘zini sherik hisoblab, og‘ir quvg‘in 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
62
kunlarida ham uning yonidan ketmay yuribdi. Naryoqda Komron bilan Askariy bir taraf 
bo‘lib, Hindol bilan Humoyunni na Kobulga, na Badaxshonga va na G‘azni tomonlarga 
yaqin keltirmaslikning harakatini qilishyapti. 
Qandahor hokimi Qorachaxon Komron mirzo bilan arazlashib qolgan, buni eshitgan 
Hindol unga ishonchli beklaridan birini yuborib, ittifoq taklif qildi. 
— Agar Qorachaxon Qandahorga taklif qilsa borurmisiz? — deb so‘radi Humoyun 
inisidan. 
— Siz buyursangiz borurmen. Balki birga ketgaymiz? 
Humoyun o‘ylanib turib bosh chayqadi: 
— Men Gujarat tomondan xabar kutmoqdamen. Bayramxon Sherxon asoratidan qochib 
Gujaratga borgan ekan. 
— Tirik ekanmi, a? 
— Ha, chopari keldi. Sherxon uni o‘z xizmatiga olmoqchi ekan. Bayramxon bir so‘zli 
odam-da. Mardlik qilibdir, «men Humoyun mirzoga sadoqat va’da qilganmen, so‘zimdan 
qaytolmaymen», debdir. Sherxon uni uzoq vaqt hibsda tutibdir. O‘ldirmoqchi bo‘lgan 
ekan, gujaratlik bir odam yordam berib qochiribdir. Gujarat rojalari Sherxonga qarshi 
birgalashib jang qilish uchun biz bilan ittifoq tuzmoqchi ekanlar. Men rozi bo‘lib 
Bayramxonga odam yubordim. 
— Unda Qandahor Komron mirzoga qolurmu? — so‘radi Hindol. 
— Nechun? Agar Qorachaxon astoydil taklif qilsa siz borganingiz ma’qul. Qandahor 
bizning Eron bilan bordi-keldi qiladigan eng muhim qal’alarimizdan. Uni ilikdan 
chiqarmasligimiz kerak. 
Hindol mirzoning ko‘ngli tilagan gap ham shu edi. Davlat ishlarida hozir u akasi bilan 
hamfikr edi-yu, biroq Humoyun hozir Hamida bonuga haddan ortiq qiziqib qolgani va 
Xo‘ja Muazzamni yoniga taklif qilgani Hindol mirzoni xavotirga solib qo‘ydi. Chunki 
Hindol hali ham Hamidadan ko‘ngil uzgan emas. To‘g‘ri, qiz unga mutlaqo ro‘yxushlik 
bermay yuribdi. Lekin Hindol mirzo Qandahorga borsa, o‘sha yerda o‘ziga mustaqil 
hokim bo‘ladi, akalari uzoqda qoladi, hech kim uning oilaviy ishiga aralasholmaydigan va 
ra’yini qaytarolmaydigan payt keladi. Humoyunning o‘zi yigirma yoshidayoq ikki xotinlik 
bo‘lib olgan edi-ku, Hindol undan kammi? 
Humoyun yana Hamida bonu haqida so‘z ochganda Hindol akasidan ranjiganday bo‘lib: 
— Bu qiz bizning dargohda o‘sgan, — dedi. — Bizga singil bo‘lsa, sizga farzanddek, 
hazratim. 
Hindol bu so‘zlar bilan akasining xotinlari Beka begim va Mevajonni esiga solmoqchi 
bo‘ldi. Humoyun bultur juda katta tovon to‘lab, Beka begimni Shershohning asoratidan 
qutqarib olgan edi. Lekin beka begim ancha vaqt dushman qarorgohida, nomahram el 
orasida bo‘lgani sababli ruhoniylar unga astoydil bir poklanishni maslahat berdilar. Beka 
begim Makkayi Madinaga borib kelishni ixtiyor qildi. Humoyun uni ishonchli odamlari 
bilan hajga jo‘natganiga uch oy bo‘ldi, haligacha qaytishgani yo‘q. Qizchalari Aqiqa 
asirlikda halok bo‘ldi. Haram ahlidan Chand bibini Shershoh o‘zining hind sarkardalaridan 
biriga nikohlab berdi. Mevajon bilan esa Humoyun ajrashgan. Hozir uning yolg‘izlikdan 
qiynalib yurgan payti. 
Bugun Hamidani ko‘rgandan beri Humoyun quyosh nurlarining ko‘m-ko‘k yaproqlarda 
qanday chiroyli jilvalanishini qaytadan his qila boshladi, yengil shabada bog‘ chetidan 
yoqimli gul hidini olib kelganini sezdi, daryo bo‘yida bulbul sayrayotganini eshitdi. 
Qulog‘i allanarsadan bitib qolgan odam hech narsani eshitolmay garangsib yurgani kabi, 
Humoyun ham ketma-ket kelgan mag‘lubiyatlardan esankirab, atrofidagi hayotning 
go‘zalliklarini sezmaydigan bo‘lib qolganini endi fahmladi. Axir u xonumonidan ayrilib, 
Agradan quvilgan bo‘lsa ham, atrofda hayot davom etyapti-ku. Qorli tog‘lar, jo‘shqin 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
63
daryolar, chamanzor bog‘lar hammasi o‘z o‘rnida turibdi-ku. Mana shu chodirlardan 
birida hozir Hamida bonu degan qiz bor. Humoyunning qalbida so‘nib qolgan go‘zallik 
tuyg‘usini shu qiz birdan uyg‘otib yubordi. Bu qizni Humoyun nima qilib bo‘lsa ham yana 
uchratadi. 
— Hamida bonu xonadoningizda o‘sgan bo‘lsa juda soz! — dedi u inisi Hindolga. — 
Ertaga hammalaringiz biz turgan Samandar bog‘iga tashrif buyuringlar. Siz Sultonim 
begim bilan hazrat onangizni birga olib boring. Xo‘ja Muazzam jiyanlari hamida bonu 
bilan borsinlar. Tomosha qilib, yozilib kelursizlar. 
Hindol mirzo bu taklifni rad etolmadi... 
 
_____________ 
*  A q r a b — 22-oktabrdan 22-noyabrgacha.
 
*  *  * 
 
Humoyun turgan bog‘ daryoning o‘rtasidagi xushhavo orolda edi. U kema bilan o‘z 
qarorgohiga suzib o‘tdi-da, Javhar oftobachi boshliq xizmatkorlariga buyurib, ertasi kuni 
Hindol mirzoning kelishiga maxsus dasturxon tuzatdi, bog‘ yo‘lkalarini orasta qilib 
supurtirdi va mayin qum to‘shattirdi. U mana shu yo‘lkalardami yoki suv bo‘yidagi 
naqshin tolordami Hamida bonu bilan ikki og‘iz xoli gaplashish umidida edi. 
Biroq, Hindol mirzoning o‘zi, onasi, xotini, boshqa yaqin kishilari kemaga tushib 
kelishganda ularning orasida Hamida bonu yo‘q edi. 
— Xo‘ja muazzam sizdan uzr so‘radi, — dedi Hindol. — Jiyani kelolmas ekan. 
Humoyunning ko‘ngli g‘ash bo‘ldi, lekin dasturxonga ovqat tortilib, quyuq-suyuq 
tugaguncha bu to‘g‘rida gap ochmadi. 
Sultonim begim kanizi bilan bog‘ni tomosha qilgani ketgach, katta tanobiy uyda 
Humoyun inisi Hindol va uning kayvoni onasi Dildor begim uchovlari qoldi.  
— Kechagi qizni nechun birga olib kelmadingiz?— deb Humoyun inisidan so‘radi. 
— Bilmadim... Men yur deb qistasam, vaj ko‘rsatdi. 
— Qanaqa vaj? 
— Podsholarni bir marta ko‘rish yetarli emish. Ikkinchi marta ko‘rsa nomahramlik 
bo‘larmish. 
— Undoq bo‘lsa mahram qilib olgaymiz! 
Humoyunning niyati bu darajada jiddiy ekanidan Hindol iztirobga tushdi: 
— Hazratim, bu qiz ham Mevajonga o‘xshab besh-o‘n oydan keyin nazardan qolsa... 
umri xayf ketgay!.. 
Humoyun kuyunib uh tortdi-da: 
— Muncha toleim past ekan! — dedi. — Xotin jo‘nidan ham omadim kelmay yurganini 
hazrat ammam fahmlar edilar. Afsuski, hozir u kishi Kobuldalar. Bultur Jamna bo‘yida 
ammam Hamidani menga ko‘rsatganda durust e’tibor bermagan ekanmen. U paytda 
o‘zim ham hovliqib osmonda yurgan edim, chamasi. Mana endi yerga qulab ko‘zim 
ochildi. — Humoyun Dildor og‘achaga yuzlandi. — Hazrat begim, siz Hindolga qanday 
ona bo‘lsangiz, menga ham shundaysiz. Dardimni sizlarga aytmasam, kimga aytay? Men 
qachondan beri oqila-yu fozila bir tanmahramga zor bo‘lib yuribmen. Sizdan iltimos, 
begim, Mirbobo Do‘st bilan gaplashib bering, shu qizini bizdan darig‘ tutmasin! 
— Ammo qizning o‘zi bunga ko‘nmasa-chi? — dedi Hindol mirzo labi asabiy pirpirab. — 
Men Hamidani kichikligidan bilurmen. Juda bir so‘zli qiz. Mana bugun kelmadi-ku. Yo‘q 
desa hech kim uni ko‘ndirolmagay! 
Dildor og‘acha ham Hindolning yonini oldi: 
— Hazratim, hozir ahvolimiz ilgarigiday emas... Agrada hukmfarmo bo‘lgan 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
64
paytlaringizda har bir istagingiz tez amalga oshardi. Siz qaysi qizni xohlasangiz hech kim 
yo‘q deyolmas edi. Qizning ko‘ngliga ham qaralmas edi. Ammo hozir... 
Humoyun xijolat tortib: 
— Rost, men ilgari... ko‘p narsaga oson yetishib yomon o‘rganganmen, — dedi. — Endi 
bu odatni tark etmog‘im kerak. 
— To‘g‘ri-da, deb Hindol akasining so‘nggi gapini ma’qul ko‘rdi: — Otdan tushgan odam 
egardan ham tushmog‘i lozim. 
Shu bilan u akasini Hamida bonu bilan qayta uchrashish fikridan qaytarmoqchi edi. Lekin 
Humoyun yana Dildor begimga yuzlandi: 
— Men avval qizning o‘zi bilan so‘zlashib, ko‘nglini bilay. Shunga ko‘mak bersangiz bas... 
— Xo‘p, bunisiga men rozi, — dedi Dildor begim.— Ertaga o‘zingiz boring. 
Ertasi kuni peshin namozidan so‘ng Humoyun yana kema bilan daryodan o‘tib, Hindol 
mirzoning qarorgohiga bordi va Dildor begim turadigan kattakon qizil chodirni qidirib 
topdi. Begim uni chodir ichida yolg‘iz qoldirdi-da, o‘zi Hamida bonuni chaqirib kelishga 
ketdi. 
Oradan bir soatlar chamasi vaqt o‘tgandan keyin Dildor og‘acha o‘ng‘aysiz bir ahvolda 
yolg‘iz qaytib keldi: 
Hamida kelmadi, — dedi. 
— Nechun? Sababini aytdimi? 
— Ochiq aytmaydir. Allaqachon bo‘yi yetgan. U tengilar er qilib bolalik ham bo‘ldi. «Sen 
ham kimgadir mahram bo‘lishing kerak-ku», desam... «Men ilkimni cho‘zsam, bo‘yniga 
yetadigan odamga mahram bo‘lish orzusidamen», deydir. Siz uning uchun juda 
balandda emishsiz, ilkini cho‘zsa etagingizga ham yetmas emish. 
Bunday gaplarni uncha-muncha qiz ayta olmaydi, Hamida bonu chindan ham aqli 
rasolardan ekanini Humoyun shu javobidan sezdi. Ammo so‘nggi gapning mag‘zini 
chaqolmay, Dildor og‘achadan so‘radi: 
— Kamtarlik qilganimi bu? Meni intizor qilib qo‘yib, yana o‘zini buncha past olganida 
qanday ma’no borikin? 
— Tushunmadingizmi, hazratim? Axir podsholar o‘z haramlariga nisbatan qo‘l yetmas 
balandlikda yurgaylar-ku. Biz ham umr bo‘yi xudo rahmatli otangizning diydorlariga zor 
bo‘lib yashaganmiz. Doim davlat tashvishi-yu urush-yurishlar bilan band edilar. Ulardan 
bo‘shab haramga yo‘llari tushganda bir emas, to‘rt xotin yolg‘iz erni bir-birlaridan qizg‘a-
nishadir. Ana shunday xotinlarning biri bo‘lib yashash ilik cho‘zganda etagiga ham 
yetmaydigan odamga mahram bo‘lish degan ma’noni bildirmaydimi, hazratim? 
Hamidaning onasi ham «gulday qizimni xotin ustiga bermagaymen», deb oyoq tirab 
turibdir. 
Humoyunning ovozi alam bilan titrab eshitildi: 
— Ammo suymagan haramim bilan turish men uchun jahannam emasmi, begim? Menga 
bu  haramning ne keragi bor? Hammasidan voz kechgaymen! Hamida ilkini cho‘zsa 
yetadigan xokisor yigitga aylanmoq uchun neki zarur bo‘lsa qilay! Men dunyoga kelib sof 
muhabbat naqadar ulug‘ ne’mat ekanini endi bilmoqdamen. Hozir dilim nurday yorug‘ 
tuyg‘ularga to‘lib turibdi. Bu tuyg‘ular pok bo‘lgani uchun sizga ham tortinmay 
so‘zlamoqdamen, hazrat begim! Meni tegirmon toshiday ezib yotgan mag‘lubiyat 
alamlari, toj-u taxt armonlari — hammasi hozir xayolimdan uzoqlashdi, xuddi kechib 
o‘tilgan botqoqlikdek orqada qoldi! Oldinda esa dunyoning barcha quvonchlarini o‘zida 
jam etgan bir istiqbol turibdilar. Bu — Hamida bonu. Ne qilib bo‘lsa ham men bu qizni 
yana ko‘rmog‘im kerak. Mehrimni rad etsa ham mayli, faqat sababini o‘zi aytsin! 
Humoyunning ehtirosga to‘lib aytgan bu so‘zlari Dildor begimga qattiq ta’sir qildi. Begim 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling