Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet12/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
72
uning satrlarini e’zozlab ko‘ziga surdi-yu, Humoyunga ta’zim bilan qaytardi. 
— Menga ham Nizom... qiyomatlik ini! — dedi Humoyun, so‘ng maktubni sekin qatlab, 
boshi ustiga, sallasi qatiga joyladi. 
Ikkovlaridagi bu yakdillik, yaxshilikni bu darajada seva olish qobiliyati hamida bonuning 
Humoyunga bo‘lgan yashirin mehrini birdan alanga oldirib oshkor qilib qo‘ydi. Qiz uyat 
aralash ehtiros bilan shivirladi: 
— Mardligingizga tan berdim... Endi ixtiyorim sizda! 
... Ertasi kuni qizning ota-onasidan ham rozilik olindi. Hozirgi ahvol dabdabali to‘ylarga 
imkon bermas edi. Mavkab uchun osh tortildi, yosh-yalanglarga shirinliklar ulashildi. 
Ammo chog‘ir majlisiga Humoyun ro‘yxushlik bermadi. 
So‘nggi paytlarda Humoyun may ichishni bas qilgan, bir cheti Nizomga borib taqaladigan 
halol-u pok tuyg‘ularga mayni aralashtirgisi kelmas edi. Bir oydan beri u ma’jun va 
afyun yeyishlarni ham to‘xtatgan edi. Pokiza va bokira qiz bilan qo‘shilishdan oldin yigit 
kishi o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida Humoyunga dono odamlar ilgari ko‘p gaplarni 
aytishgan, ammo u birinchi nikohlari paytida bu gaplarga e’tibor bermagan, may ham 
ichgan, afyun ham yegan edi. Hozir shuning hammasini eslab, «ehtimol, birinchi 
o‘g‘limning nochor tug‘ilganiga va uzoq umr ko‘rolmaganiga o‘zim ham aybdordurmen?» 
— degan o‘y ko‘ngliga keldi. Humoyun yigirma yasharligida, yana o‘g‘il kutib yurgan 
paytda rahmatli otasi bir kun u bilan yolg‘iz qolib sirdosh do‘stdek so‘zlashgan edi. 
— Farzandni xudo bergay, o‘g‘lim, lekin tangrim uni ota-onaning mehr-u muhabbatidan 
yaratgay. Bu mehr qanchalik go‘zal bo‘lsa, bola ham shunchalik chiroyli tug‘ulgay. 
Nasling sog‘lom, baquvvat bo‘lsin desang, mast-alast paytingda zinhor haramga kirma. 
Suyak suradi, deydilar. ma’nosi shuki, ota-onadagi fazilatlar ham, nuqsonlar ham bolaga 
o‘tgay. Nuqslarim bolamga urmasin desang, umringning eng mas’ud, pok damlarida 
fazilatlaring barq urib, nuqsonlaringni bosib ketgan paytlarda visolga borgin. 
Otasining shu gaplari hozir Humoyunga xuddi o‘z dilidan eshitilayotganday bo‘lardi. U 
besh-olti oydan beri urush-yurishlarga bormay, Samandar bog‘ida, daryo salqinida kuch 
yig‘di. Pothurga kelgandan beri u o‘zini qushday yengil sezadi. Bu yerga quruq qum 
barxanlarining havosi kelib turar, Humoyun vujudiga alohida bir kuchquvvat quyulib 
kelayotganini sezar, shu kunlarda sakrasa qo‘li yulduzga yetadiganday tuyulardi. 
U Hamida bonuga atalgan muhabbatini mana shu mas’ud va yuksak bir yigitlik kuch-
quvvatining qanotlari ustida olib yurishga ahd qilgan. 
Keng ko‘kalamzorda kelin-kuyov uchun sakkizta maxsus chodir tikildi-yu, ularning atrofi 
ulkan saroparda bilan o‘rab olindi. Saodat uyi deb atalgan chodirda Humoyun bilan 
Hamida bonuga nikoh o‘qildi. Eng to‘rdagi xilvat chodir — murod uyi. Unga oltin bilan 
ziynatlangan kat qo‘yilgan, ikki kishilik to‘shak solingan. Parda ortida yolg‘iz sham yonib 
turibdi. Hamida bonu yupqa muslin* ko‘ylakda atirgul suvi sepilgan nafis shohi to‘shakka 
qo‘rqa-pisa kirdi. Yangalar unga birinchi kechalar qiyin bo‘lishini aytishgan. Nikohdan 
oldin ikkovi ham hammom qilishgan. Humoyun qizni mayin va nafis harakatlar bilan 
silab erkalatar ekan, undan g‘unchani eslatuvchi bir hid kelayotganini sezdi. Belidan 
sekin quchib yonog‘idan o‘pdi-da, shivirladi: 
— Hamida bonu, o‘xshatmasdan uchratmas deganlari rost ekan. Ikkovimizning ham ona 
tomondan buvilarimiz xurosonlik tojiklar bo‘lgan. Tojik tili bizning qonimizda turkiy til 
bila umrbod birga yashaydir. 
— Rost! 
— Shu sababdin bo‘lsa kerak, sizga atalgan ruboiy daf’atan fors-tojik tilida xayolimga 
keldi. Aytaymi? 
— Ayting! — pichirladi qiz. 
 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
73
Dar dil havasi la’li tu doram — mastam, 
Dar sari havas qaddi tu doram — pastam. 
Sargashta dile ba tori zulfat bastam, 
To dil ba tu basam, az g‘am vorastam*. 
 
Forsiy tilni nozik tovlanishlarigacha yaxshi biladigan Hamida Humoyunning qaddiga 
qaddi payvasta kelib turgan paytda aytilgan bu sho‘x, serzavq she’rdan erib ketdi-yu, 
avvalgi qo‘rquvlarini unutdi. Humoyunning qulog‘iga dudog‘ini yaqin keltirib: 
— Bu she’rning zavqidan men ham mastmen! — dedi. 
 Kuchga to‘lgan zalvorli yigit uning zavqdan erib turgan paytidan foydalandi. Hamida 
bonu ihrab yubormaslik uchun tishini-tishiga qo‘ydi, olovli bir og‘riq ko‘zlaridan uchqun 
bo‘lib sochilib ketdi. Nazarida yer-u ko‘k zilzila paytidagidek tebrandi. Bu qancha vaqt 
davom etganini bilmaydi. Bir vaqt yelkasidan tog‘ qulab tushganday yengil tortdi. Yigit 
og‘ir-og‘ir nafas olib yonida yotardi. Odat bo‘yicha Humoyun erta turib, saropardadan 
chiqib ketishi, qiz kuni bo‘yi yangalar bilan qolib dam olishi, kuyov uning oldiga 
kechqurun qorong‘i tushganda qaytishi kerak edi. Humoyun Hamidadan bir lahzaga 
bo‘lsa ham ajragisi kelmadi-yu, ammo xizmat qilib yurganlardan uyaldi, tong 
qorong‘isida chiqib ketganicha uch-to‘rt soat davlat ishlari bilan shug‘ullandi, peshin 
namozidan so‘ng xirgohga kirib uxlab oldi. 
Kunlar qisqa edi, hademay oftob ham botdi. G‘ira-shira qorong‘ilikda Humoyun 
saropardaga kirib kelar ekan, Hamida bonuni bir yil ko‘rmaganday sog‘inib qolganini 
sezdi. 
Ikkovi bir yostiqqa bosh qo‘yganda Humoyun undan pokiza bir is — ona sutini eslatuvchi 
hid kelganini sezar, bu gal er-xotinlik unga faqat lazzat emas, balki bo‘lajak farzand va 
bo‘lajak ona oldidagi muqaddas burch bo‘lib tuyulardi. Oradan kunlar o‘tib, ikkovi yangi 
hayotga o‘rgana boshlagan-da, ochilib gaplashadigan bo‘lishdi. 
— Laxo‘rda men bir tush ko‘rganmen, — deb yurak sirini aytdi Humoyun, — boshdan 
oyoq yashil kiyim kiygan mo‘ysafid qo‘limga bitta hassa berdi. «O‘g‘il ko‘rsang otini 
Akbar qo‘ygin», dedi. «O‘zingiz kimsiz?» desam, otim Ahmadjon Zindafil dedi. Tush o‘ng 
kelsa-yu, zora shu o‘g‘il ikkimizniki bo‘lsa, Hamida... 
— Men Agrada oq filni tush ko‘rgan edim. Endi bilsam... bu siz ekansiz! 
Hamida bonu tushi o‘ngidan kelgani uchun o‘zini baxtiyor sezmoqda edi. Undagi baxt 
tuyg‘usi Humoyunga ham o‘tib, uni allanechuk ko‘tarib yubordi, yana she’r aytgisi kelib: 
— Hamida, — dedi, — she’rdagiday «sen» deb so‘zlasam maylimi? 
— Bajonidil! 
— Bevafo charxning dastidan xonumonlar vayron bo‘ldi. Saroy-yu qasrlarda dilim 
bunchalik shod bo‘lmagan edi, Hamida! Yaxshi ko‘rgan yorining vasliga yetgan dil 
quvg‘inda, chaylada yashaganda ham shohona saroylarda yashagandagidan xurramroq 
bo‘la olar ekan. Sening bokira g‘unchang ochilishi bilan mening jon-u jahonim yangilanib 
ketdi*. 
— Buning uchun men tangriga shukronalar ayturmen! 
Humoyun ko‘tarinki she’riy ohangda davom etdi: 
— Tangrim senga ikki narsani ato qilganki, ikkovi ham noyob. Biri — shunday surating 
borki, seni sevgan odam o‘zini baxtli sezgay. Yana bir — shunday siyrating borki, 
muhabbating o‘zingga ham baxt keltirgay. Men bu ikki narsani hanuzgacha bir joydan 
topa olmay yurgan edim. 
— Nechun? Bu ikki narsa o‘zingizda ham bor-ku! 
Hamidaning jo‘ngina qilib aytgan bu maqtovi Humoyunga shunday zavq berdiki, u qizni 
quchib, duch kelgan joyidan — nozik bo‘ynidan, kulgan lab-laridan, hatto sirg‘a taqilgan 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
74
qulog‘idan ham o‘pa boshladi... 
 
___________ 
* D a l v — 22-dekabrdan 22-yanvargacha. 
* M u s l i n — eng nafis ipak mato. 
* Tarjimasi: Dilimda la’lning havasi — mastmen. 
        Havasim boshi qaddingga payvast — pastmen. 
        Sargashta dilimni tori zulfingga bog‘ladim, 
        Shundan beri g‘am-u g‘ussadan xalosmen. 
* Humoyun bu gaplarini forsiy tilda g‘azal shaklida yozgan. Uning tur-kiy she’rlari hali topilganicha yo‘q. Patnada saqlanib qolgan forsiy de-
vonida quyidagi satrlar bor: 
     Har joki asosi johoni mo bunyod ast 
     Az gardishi charxi bebaqo barbod ast. 
     Az xonavu manzil dilu kasshod nashud 
     Xurramiyi dil onki bo nigore shod ast. 
     Shukr ollohki toza shud jonam 
     Tog shukufta ast gunchayi tari tu.
 
* * * 
 
Chodir ichidagi bu mas’ud damlar uzoq davom etmadi. Oradan uch kun o‘tgach, tashqi 
olamning alg‘ov-dalg‘ovlari Humoyunni yana qurollanib otla-nishga va yovga qarshi 
qo‘shin tortishga majbur qildi. Bu galgi xavf orqa tomondan — shu vaqtgacha unga tobe 
Bhakkardan chiqqan edi. Humoyun Pothurga ketayotib, Bhakkar qal’asiga mirzo Yodgor 
Nosir degan qarindoshini besh yuz navkar bilan qo‘riqchi qilib kelgan edi. So‘nggi 
kunlarda Yodgor Nosirni shoh Husayn arg‘un o‘z tomoniga og‘dirish va Humoyunga 
qarshi qo‘zg‘atish harakatida ekanini xufiyalar ma’lum qildi. Humoyun ikki ming askar 
bilan darhol Pothurdan Bhakkarga yo‘l oldi. 
Ammo u yetib borguncha Yodgor Nosir shoh Husaynga qal’a darvozalarini ochib beribdi. 
Daryo ichidagi qal’aning yo‘lini va ko‘prik atroflarini shoh Husaynning uch mingdan ortiq 
qo‘shini himoya qilib turibdi. Shoh Husayn murchal* ustiga o‘z odamini chiqartirib, 
qattiq-qattiq gapirtirdi: 
— Mirzo Humoyun, behuda qon to‘kilmasin desangiz, Sind viloyatidan yaxshilikcha chiqib 
keting! Shoh Husayn janoblari sizga besh kun muhlat ber-dilar. Shu kunlar ichida tuz 
haqini saqlaydirlar*. siz hujum qilmasangiz sizga tegmaydirlar. Ammo qilich 
yalang‘ochlasangiz oqibati uchun o‘zingiz javobgar bo‘lursiz! 
Daryo tomondan esib turgan shabada murchal ustidan aytilgan bu tahdidli so‘zlarni 
Humoyunning qulog‘iga baralla yetkazdi. U o‘z yonidagi jangovar amiri Turdibekka savol 
nazari bilan qaradi. 
— Hindol mirzo ketib qolmaganda bu gaplarga quloq solmay hamla qilardik, — dedi 
Turdibek. — Lekin hozir odamimiz oz. 
Humoyun inisi Hindolni og‘ir bir xo‘rsinish bilan esladi. U Hamida bonuni nikohiga 
olgandan keyin inisi bilan ikkovining orasiga yana so-vuqchilik tushdi. Hindol 
Qorachaxon degan amiri bilan Qandahorga ketaman deb turib olgach, Humoyun noiloj 
rozilik berdi. Inisi mingga yaqin bek-u navkarini o‘zi bilan olib ketayotganda 
Humoyunning odamlaridan ham anchasi unga ergashdi. Chunki yetti oydan beri 
sargardon bo‘lib quvg‘inda yurish ularning joniga tekkan, Sindda qimmatchilik 
boshlangan, don topish qiyin, navkarlar Humoyun bergan maosh bilan tirikchilik 
tebratolmay qolgan edi. Qandahor tomonlarda don-dun arzon deb eshitgan bek-u 
navkarlardan mingga yaqini Hindol mirzo bilan ketdi. 
Humoyunning qo‘shini bir necha kun ichida ikki barobar kamayib ketganini shoh Husayn 
arg‘un bilar, shu vajdan ham oshkora tahdid qilmoqda edi. Humoyun: 
— Endi bu itning og‘zidan suyak olib bo‘lmas, — dedi-yu, Bhakkardan umidini uzib, yana 
Pothurga qaytdi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
75
Kechqurun beklar bilan mashvarat qildi-yu, besh kunlik yo‘l bo‘lgan Joudhpurga roja Mal 
Devaning huzuriga otakaxon degan bekni qimmatbaho sovg‘alar bilan elchi qilib yubordi. 
Humoyun roja Mal Devaga yozgan maktubida Shershohga qarshi ittifoq tuzishni taklif 
qilgan va muvaqqat qarorgohi uchun Jaysimir yoki Bikanir degan qal’alardan birini 
so‘ragan edi. Elchi Rajastxon sahrosidan o‘tib, Joudhpurga borib kelguncha o‘ng kun 
o‘tdi. Bu orada Humoyun o‘z qarorgohini Pothurdan Jaysimir tomonga ko‘chirgan edi. 
Roja Mal Deva Humoyunning taklifini qabul qilgan, unga Bikanir qal’asini bermoqchi 
bo‘lgan, maqsadining jiddiyligini isbot qilish uchun Otakaxonga o‘z odamini qo‘shib, bir 
tuya zo‘rg‘a ko‘taradigan ashrafiy* tangalar va la’l bilan ziynatlangan sovut peshkash 
qilgan edi. 
Humoyun Tar sahrosi orqali Mal Deva va’da qilgan bikanir tomonga yo‘l oldi. 
Bu orada javzo oyi kirgan, hind issiqlari ustiga sahro jaziramasi qo‘shilib, yo‘l yurishni 
qiyinlashtirar edi. Hamida bonu oyog‘i qumga botib qiynaib borayotgan otga goho boshi 
aylanganini sezib, egarni mahkam ushlab olardi. Ko‘ngli nuqul achchiq anorga sus 
ketardi. Humoyun buni undan kechasi chodirda yonma-yon yotganda eshitdi-yu, 
«Boshqorong‘i bo‘lmaganmikin?» deb o‘yladi. 
Intihosiz qumtepalar orasida achchiq anor topish osonmi? Lekin Humoyun Qandahordan 
kelayotgan tuya karvonlariga odam yuborib yigirma dona shirin-turush anor toptirdi. 
Hamida uch-to‘rt kun shu anorlarning sharbatidan ichgach, bosh aylanishlari qoldi. 
Ilgarigi chavandozliklari qaytib kelib, otda bemalol yuradigan bo‘ldi. 
Hindiston o‘zi issiq mamlakat, Tar sahrosi esa shu mamlakatning eng issiq joyi 
hisoblanadi. 
Javzo oyida Agra tomonlarda yomg‘ir fasli boshlangan bo‘lsa ham, Tar sahrosida osmon 
ochiq, hammayoq kuyib yotibdi. Qumtepalarning terskay to-monida saksovul va 
yantoqdan tashqari hindlar jahonu deb ataydigan yulg‘unsimon o‘simlik, pxoch nomli 
butalar to‘p-to‘p bo‘lib, yerga qapishib o‘sadi. Ular Bikanirga yetmaslaridan eng issiq 
saraton oyi ham kirdi. 
Humoyun homilasi bor Hamida bonudan xavotirlanar, podshoga soyabon tutib yurishi 
kerak bo‘lgan Behbud cho‘pondorni ham begimga soyabon tutish uchun ajratgan edi. 
Nadim ko‘kaning xotini Mohim bibi, Shamsiddin qo‘rchining xotini Jajji bibi va yana 
qancha ayollar ham homilador edilar. Humoyun sahroda tanqis bo‘lgan suvni ham, 
yeguliklarni ham birinchi navbatda bo‘lajak onalarga berishni buyurgan, yo‘lda ularga 
hamma kerakli xizmatlarni qilib, asrab-avaylab borish Xo‘ja Muazzam boshliq yuzta eng 
so-diq odamlarga topshirilgan edi. Lekin ular ham nafasni qaytaradigan qum 
bo‘ronlarida, odamni jizg‘inak qilib kuydiradigan sahro oftobi ostida bechora ayollarga 
qanday yordam berishlarini bilmas edilar. Birdan bir umidlari — tezroq roja Mal Deva 
va’da qilgan Bikanirga yetib borish va uning soya-salqin daraxtzorlarida jon saqlash edi. 
Toqatlari toq bo‘lib «ertaga Bikanirga yetgaymiz» deb borayotgan paytlarida Joudhpur 
shahri tomondan tuya mingan salobatli bir mo‘ysafid chiqib keldi va Humoyunga zarur 
gapi borligini aytdi. Turdibek uni Humoyunning qarshisiga olib kelgan edi, mo‘ysafid 
tuyasini cho‘kkalatib yerga tushdi-da, otliq turgan Humoyunga ta’zim qilib yaqin keldi. 
Past tovush bilan: 
— Hazratim, xoli qoling, zarur gapim bor, — dedi.— Men shayx Asadullomen, 
muxlisingiz, mulla Surx meni huzuringizga yubordi. Hayotingiz xavf ostida! Tezroq chora 
ko‘rmoq kerak! 
Humoyun atrofidagilarga «ketaveringlar» ishorasini qildida, qumtepa ortida Asadullo 
bilan yolg‘iz qoldi. Shunda mo‘ysafid qo‘ynidan bitta xat olib unga berdi: 
Mulla Surx kitobdordan. 
«Hazratim, Sizdan ko‘rgan yaxshiliklarim haqqi roja Mal Devaning asl niyatini oshkor 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
76
qilmoqchimen. Men hozir uning saroyida xizmatdamen. Shershohdan Mal Devaga maxfiy 
maktub kelganidan aniq xabarim bor. Roja Mal Deva Shershoh bilan yovlashishni 
istamaydir, bir ish qilib, uning ko‘nglini olish va o‘z hokimiyatini saqlab qolish 
harakatida. Shershoh Mal Devaga odam yuborib: «Agar Humoyunni tutib bersangiz, 
ko‘nglingizdagi ishni qilay, Alvarni ham, Nairni ham ixtiyoringizga beray», deb shart 
qo‘ygan. Mal Deva bu shartni qabul qilgan. Siz bilan ittifoq tuzgani makr-u hiyla, xolos. 
Zinhor Mal Devaning viloyatiga qadam bosmang. Agar u sizga yo‘l ko‘rsatuvchilar 
yuborgan bo‘lsa, taftish qilib ko‘ring. Sizni tutib keltirish uchun maxfiy odamlar 
tayinlaganidan xabardormen. 
Sizga e’tiqodim zo‘rligidan bu maktubni yozdim, ammo nechog‘lik xatarli ishga jazm 
qilganim o‘zingizga ma’lumdir, shu bois bu maktubni shayx Asadulloga qaytaring, toki 
yondirib tashlasin. 
Muxlisingiz mulla Surx» 
 
Humoyun xurosonlik tojiklardan bo‘lgan mulla Surxni yaxshi bilardi. Onasi Mohim 
begimga uning qarindoshligi bor edi. Naqd o‘limdan qutqargan sadoqatli mulla Surxga 
dil-dildan minnatdorchilik sezdi. Lekin endi qayoqqa borsin?! 
Shayx Asadullo ta’zim bilan xatni qaytarib oldida, qo‘ynidan chaqmoq, pilta chiqardi. 
Issiq qumtepa oldida pilta tez yondi. Humoyun yonib kul bo‘layotgan maktub bilan birga 
roja Mal Devaga bo‘lgan ishonchidan va soya-salqin joylarga yetish umididan ham 
ajraldi. 
— Bizga qilgan yaxshiligingiz xudodan qaytsin, janob Asadullo, endi shu xizmatni oxiriga 
yetkazing. roja Mal Deva bizga rohbin* qilib yuborgan josuslarni tutishga yordam bering. 
— Ammo ular meni ko‘rmasligi kerak. 
— Bo‘lmasa nomlarini ayting. 
— Biri Jobir. Ikkinchisi rojputlardan. Oti esimda yo‘q. 
Shayx Asadullo cho‘k tushib turgan tuyasiga mindi-yu, uni o‘rnidan turg‘azdi: 
— Xayr, hazratim, xudo hofiz! — deganicha kelgan tomoniga qaytib ketdi. 
Humoyun otini qistab haydab Turdibekka yetib oldi, uni chetga chaqirib, voqeani sekin 
aytib berdi. Turdibekning rang-quti o‘chdi-yu: 
— Mal Deva yuborgan rohbinlarni hoziroq tuttirgaymen! — dedi va oldinga qarab ot 
choptirib ketdi. 
Ayollar va ularni qo‘riqlab yurgan navkarlar orqaroqda edi. Turdibek ikkita rohbinni 
to‘rtta navkarga tuttirib Humoyunning oldiga olib kelgun-cha Hamida bonu va uning 
yonidagi otliq ayollar ham yaqinlashib qolishdi. Humoyun otda turib rohbinlarni so‘roq 
qilayotganda Jobir degani o‘zining josusligi fosh bo‘lganini, o‘limga hukm qilinishi 
aniqligini sezdi shekilli, ikki qo‘lidan beparvoroq ushlab turgan navkarlarni itarib 
tashladi-da, ulardan birining qilichini shart sug‘urdi. Ikkinchi josus ham to‘polondan 
foydalanib, qo‘riqchilardan birining xanjarini qinidan tortib olishga ulgurdi. Buni hech kim 
kutmagan edi. Esankirab qolgan qo‘riqchilar to hushlarini yig‘ishtirguncha qilich tutgan 
josus Humoyunga hamla qildi. Ot cho‘chib o‘zini orqaga tashladi, sermalgan qilich 
egarda o‘ltirgan Humoyunga tegmay, otning boshiga qarsillab urildi. Bu orada Humoyun 
ham qilichini sug‘urdi, ot gandiraklab ketdi, boshidan qon oqsa ham, to‘rt oyog‘ini to‘rt 
tomonga tirab, yana bir lahza yiqilmay turdi. Josus Humoyunga tashlanib, ikkinchi marta 
pastdan yuqoriga qilich ko‘targuncha Humoyun qisqa bir harakat bilan uning bilagiga 
balanddan turib tig‘ urdi. Bir-biriga qarab harakatlangan har ikki qo‘lning zarbasi bir 
joyga tushdi-yu, josusning bilagi panjasiga yaqin joyidan qilichga urildi va shartta kesilib 
qumga tushdi. Qilich bir yoqqa otildi, kesik panja qumda to‘nkarilib yotganda barmoqlar 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
77
chayonning oyoqlariday qimirlay boshladi. Ot yiqilayotganda Humoyun oyoqlarini 
uzangidan chiqarib egardan qumga sakradi. Bu orada ikkinchi josus soqchilardan birini 
xanjar bilan urib yarador qilgan, lekin Turdibek uning o‘ziga qilich urib, boshini tanasidan 
uzib tashlagan edi. Panjasi qirqilgan birinchi josus og‘riqdan hushini yo‘qotgan paytda 
navkarlar unga ustma-ust qilich urib, tanasini burda-burda qilishdi. 
Bu qonli voqeaning guvohi bo‘lgan ayollardan biri qo‘rqib chinqirdi. Hamida bonu 
Humoyunning bir o‘limdan qolganini, uning qo‘lidagi qilichi qonga bo‘yalganini ko‘rdi-yu, 
ko‘zlarida dahshat qotib qolganday ancha vaqt karaxt bo‘lib turdi. 
Humoyunga boshqa ot keltirdilar, u egarga mindida, Turdibekka buyurdi: 
— Odamlarni orqaga qaytaring! Mal Deva mulkiga endi hech kim qadam bosmasin! 
Kuni bo‘yi issiq sahroda yo‘l yurib holdan toygan odamlar endi manzilga yetay deganda 
yana orqaga qaytishga majbur bo‘ldilar. Namozshom paytida orqada kelayotgan 
qorovullardan biri otini yo‘rttirib Humoyunga yetib oldi: 
— Hazratim, besh-olti yuz otliq askar bizni ta’qib qilib kelmoqda! 
— Mal Devaning ilg‘ori bo‘lsami? — Tahlika ichida so‘radi Turdibek. 
— Bu sahroda boshqa kim bizni ta’qib etishi mumkin? — dedi Humoyun. — Xo‘ja 
Muazzam, Shamsiddinbek, sizlar ayollar-u bolalar bilan oldinga o‘tinglar. Turdibek, 
Nadimbek, Ravshanbek, sizlar besh yuz navkar bilan yog‘iy ko‘ringan tomonda 
himoyada bo‘ling. Men o‘rtada har ikki tomondan boxabar bo‘lib borurmen. Yo‘lda 
davom etgaymiz. 
— Qayga borurmiz, hazratim? Qorong‘ida yo‘l ko‘rinmasa! Rohbinimiz bo‘lmasa! 
— Osmonda yulduzlar bork-u. Ana, Oltin Qoziq. Biz janubga yo‘l olg‘aymiz. umarqutga! 
Orqada besh yuz navkar devorday saf bo‘lib himoyada kelmoqda edi. Qorong‘ida ularni 
ta’qib etayotganlarga Humoyun askarlari juda ko‘p ko‘rindi shekilli, hujum qilishga jur’at 
etishmadi. Tun yarimlaganda ta’qib etuvchilarning qorasi ko‘rinmay ham qoldi. Saharga 
yaqin to‘xtab, bir necha soat dam oldilar-da, Umarqut yo‘lini izlay boshladilar. 
Umarqut rojasi Virsal Prasad Humoyunni uch oy oldin o‘z mulkiga taklif qilgan. Lekin 
yo‘li uzoqligi uchun Humoyun u yoqlarga bormagan edi. Mana endi issiqlar avjiga 
chiqqan saraton oyida Tar sahrosini boshdan oyoq kesib o‘tib, Umarqutga borishga 
majbur. Sahroda tuyalar va xachirlar chidamliroq, ammo otlar va piyoda borayotgan 
odamlarning anchasi jizg‘anak qum-tepalar orasida yiqilib halok bo‘ldi. Yo‘llarda 
uchragan ba’zi quduqlarning suvi qurib qolgan, boshqa suvli quduqlarga yetib 
borgunlaricha ikki-uch kunlab yo‘l yurishar edi. 
Humoyun o‘zi tashna qolganda ham Hamida va uning yonida borayotgan uchta 
homilador ayol uchun oxirgi meshda maxsus suv saqlatdi. Og‘iroyoq ayollar otda 
qiynalib ketganda ularni yovvoshroq tuyalar ustiga o‘rnatilgan soyabonli kajavalarga 
o‘tqazib olib borishdi. Odamlar juda holdan ketgan paytlarda suvli quduqlar, serdaraxt 
vohalar uchrab qolar. Humoyun chodir tikdirib, hammaga ikki-uch kun dam berdirar edi. 
Uning eng ko‘p xavotiri — Hamida bonuning bemavrid tug‘ib qo‘yishidan edi. Hisoblari 
bo‘yicha bola mezon oyida tug‘ilishi kerak. Orada asad, sumbula bor. Lekin ikki oy 
sahroda tortilgan azoblar bolani ne ko‘ylarga solganikin? Sog‘lom tug‘ilsa durust-a! 
Umarqutga uch kunlik yo‘l qolganda Humoyun Turdibekni roja virsal Prasadga elchi qilib 
yubordi. Hali bu odam ham Mal Devaga o‘xshab aynib qolmagan bo‘lsin! 
 
____________ 
* M u r ch a l — qal’a tashqarisidagi ko‘tarma, tepalik. 
* T u z  h a q i n i  s a q l a sh — ilgari Humoyun xizmatida bo‘lgani va uning xonadonidan tuz ichgani nazarda tutiladi. 
* A sh r a f i y — oltin pul. 
* R o h b i n — yo‘l ko‘rsatuvchi, yo‘lni yaxshi biladigan odam.
 
 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
78
U M A R Q U T,  Q A N D A H O R 
AKBAR VA YETTI ONA 
 
Maydalab yog‘ayotgan iliq yomg‘ir sahro issiqlarida qaqrab ketgan tanlarga rohat 
berardi. Agra va Gujarat tomonlarda haftalab tinmaydigan yomg‘irlarning bir cheti yashil 
vohaga joylashgan Umarqutga ham yetib kelmoqda edi. G‘arbdagi Arab dengizi uncha 
uzoq emas, janubdagi Aravalli tog‘laridan oqib keladigan soylar Umarqut atroflarida tiniq 
ko‘llar paydo qilgan. Ularda o‘sgan oltinrang nilufarlarni jimir-jimir to‘lqinlar mayin 
tebratib turibdi. Shaharning xurmozorlari, zaytunzorlari, kadxil deb ataladigan non 
daraxatlari yomg‘ir suviga qonib yashnab ket-gan. 
Umarqut rojasi Virsal Prasadga Humoyunday ittifoqdosh juda kerak edi. Sind hokimi 
shoh Husayn arg‘un Prasadning keksa otasini o‘ldirgan, Jun daryosi bo‘yidagi yerlaridan 
anchasini tortib olgan edi. Humoyunni ham Bhakkardan quvgan shoh Husayn hozir 
ularning umumiy dushmaniga aylangan edi. Shuning uchun Virsal Prasad Humoyunni iliq 
qarshi oldi, Umarqut qal’asi ichidagi katta bir bog‘ni ikki qavatlik jimjimador ko‘shki bilan 
Humoyun va Hamida bonuning ixtiyoriga berdi. 
Bog‘da anbuli degan hind xurmosi, baland sersoya mahvalar, mevasi shaftoli bilan 
norinjning ta’mini eslatadigan mango daraxti, hidi odamga g‘alati tetiklik beradigan 
josun va kanir gullari orasta qilib o‘stirilgan edi. 
Bog‘ egasi Virsal Prasad qirq yoshlarga kirgan, qop-qora mo‘ylovini uzun qilib, 
yonoqlariga burab o‘stirgan, yelkasi keng, bo‘ydor kishi edi. Ovozi ham yo‘g‘on, kuchli, 
faqat taajjubki, shunday polvontaxlit erkak bo‘yniga yirik-yirik marvarid donalaridan 
uzun marjon taqib olgan, qulog‘ida ham olmos sirg‘a yiltirar edi. Bu yerlarda hukmdor 
erkaklarning qimmatbaho taqinchoqlar taqishi joiz ekanini humoyun bilardi. U Rana 
Virsalga oltin, dur va la’l bilan ziynatlangan xanjarni kamari bilan taqdim qildi. 
Sovg‘adan mamnun bo‘lgan Virsal: 
— Bu yerda siz hech narsadan xavotir olmang, — dedi. — Sherxon uch yuz mil narida. 
Orada Ajmir, Mevor, Jaudxir bor. Ammo roja Mal Deva ahmoqlik qilibdiki, Sherxonga yon 
bosib, sizni unga tutib bermoqchi bo‘libdi. Sherxon hali uning o‘zini tuttirib boshini 
kesdirgay. 
— Sherxon Rayzin* qal’asini ham olgan emishmi, maharoja?* 
— Ololmas edi. Qal’a hokimi Puran Mal to‘rt oygacha Sherxonga darvozani ochdirmagan. 
Agar Puran Malni aldashmasa, Rayzin hali taslim bo‘lmas edi. Axir Gvalior qal’asini 
Sherxon ikki yil deganda zo‘rg‘a oldi-ku! 
— Puran Malni kim aldabdir? 
— Sherxon siz bilan yolg‘on sulh tuzgani kabi Puran Malga ham elchi yuborib, 
yarashishni taklif qilibdir. «Rayzin qal’asini topshirsang, senga Ganga bo‘yidagi 
Banorasni bergaymen, moli joning omon bo‘lur», deb avrab, axiyri ishontiribdir. Bechora 
Puran Mal qal’ani unga topshirib, xaylxonasi bilan tashqariga chiqqanda Sherxonning 
odamlari va’dani buzib hujum qilibdir. Puran Malning o‘zini o‘ldiribdi, ayollarini asir qilib, 
mol-mulkini talab ketibdir. 
— Dunyo g‘alati ekan-da! — dedi Humoyun og‘ir tin olib. — Yomonlik qaytgay, 
deyishadi. Lekin ba’zi odamlar yomonlik qilganlari sari ishlari taraqqiy topgay. Sherxon 
ham yomonlik yoqadigan toifadan ekanmi? Roxtas qal’asini ham Krishna Royning 
yaxshiligiga yomonlik qilib egallagan edi. Hiyla-yu nayrang ishlatgan sari qudrati oshib 
bormoqda. 
— E, hazrati oliylari, makr-u hiylaga asoslangan qudrat uzoq umr ko‘rmagay. 
— Kim bilsin, maharoja? Sherxonning islohotlaridan raiyat mamnun emish. Uning aqliga, 
tadbirkorligiga tan berganlar ko‘p. Kanaujdagi jangda Sherxonning harbiy jihatdan ustun 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling